TO'QQIZINCHI JUZ’
*************************
88—89. (Shunda) uning qavmidan bo‘lgan mutakabbir kimsalar: «Ey Shuayb, yo seni va sen bilan birga iymon keltirgan kishilarni qishlog‘imizdan haydab chiqaramiz, yoki sizlar bizning dinimizga qaytasizlar», deyishdi. U aytdi: «Agar (diningizni) yomon ko‘rsak ham-a? Agar Alloh bizga o‘sha diningizdan najot berganidan keyin yana unga qaytsak, Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan bo‘lamiz-ku? (Ya’ni aslida bo‘lmagan narsalarni Allohga sherik qilgan bo‘lamiz-ku?) Biz uchun u dinga qaytish joiz emas, magar Parvardigorimiz — Alloh (bizni yo‘ldan ozdirishni) xoxlasagina (qaytishimiz mumkin). Parvardigorimizning ilmi hamma narsani qamrab olgandir. Allohning O’ziga tavakkul qildik (suyandik). Parvardigoro, biz bilan qavmimiz o‘rtasida haq hukm qilgaysan. O’zing hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan».
90. (Shunda uning) qavmidan kofir bo‘lgan kimsalar: «Qasamki, agar Shuaybga ergashsanglar, albatta ziyon ko‘rguvchi bo‘lursizlar», deyishdi.
91. Bas, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida to‘kildilar (xalok bo‘ldilar).
92 Shuaybni yolg‘onchi qilgan kimsalar go‘yo u yerda yashamagandek bo‘lib qoldilar. Shuaybni yolg‘onchi qilgan kimsalarning o‘zlari ziyon ko‘rguvchi bo‘ldilar.
93. Keyin (Shuayb) ulardan yuz o‘girib, (o‘zicha) dedi: «Ey qavmim, mana, men Parvardigorimning dinini sizlarga yetkazdim va nasihatlar qildim. Endi shuncha va’z-nasihatlardan keyin ham kofir (bo‘lgan) qavmga qanday qayg‘ururman?
94. Biz biron qishloqqa (joyga) payg‘ambar yuborsak (va u yerdagi odamlar biz yuborgan payg‘ambarga iymon keltirishmasa) albatta uning ahlini tavba-tazarru qilishlari uchun qashshoqlik va musibatlar bilan ushlaganmiz.
95. So‘ngra o‘sha yomonlik o‘rniga yaxshilikni (boy-badavlatlik va xotirjamlikni) almashtirib qo‘ydik. Hatto ko‘payishib ketganlarida va: «Bunday qiyinchilik va kengchiliklar ota-bobolarimizga ham yetgay (ya’ni bizning dinsizligimizning bu ishlarga hech qanday aloqasi yo‘q, balki dunyoning tartibi o‘zi shunaqa — bir tanglik kelsa, bir mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi)», deyishgach, ularni o‘zlari sezmagan hollarida to‘satdan (biron balo-halokat bilan) ushladik.