ANFOL SURASIBu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, yetmish besh oyatdan iboratdir. Unda so‘z, asosan, g‘azot — jang haqida borib, harbiy qonun-qoidalar, urush va tinchlik xolatlari hamda asir va o‘lja olish xususidagi Shariati islomiyyada bo‘lgan hukmlar bayon qilinadi. Bu suraning «Anfol» — «O’ljalar» deb nomlanishining sababi ham shudir.
U islom tarixidagi ilk jang — Badr jangidagi voqealarni batafsil hikoya qilgani uchun ayrim sahobalar uni «Badr» surasi, deb ham ataganlar. Islomiy g‘azotlar solnomasidan Badr jangi hijriy ikkinchi yilning Ramazon oyida Madinaning janubi-g‘arbida joylashgan Badr qishlog‘ida bo‘lib o‘tgani ma’lum. Bu jangda musulmonlar adadlari oz bo‘lishiga qaramasdan, askarlar sonida ham, harbiy qurol-anjomlarda ham o‘zlaridan bir necha barobar ortiq bo‘lgan mushriklar ustidan g‘alaba qozonib, dushmanning yetmish askarini halok qiladilar va yetmish kishini asir oladilar, katta o‘ljalarga ega bo‘ladilar. Jang tugaganidan so‘ng o‘ljalar taqsimotida ayrim musulmonlar o‘rtasida ixtilof chiqqanda, ularga pand-nasihat qilish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish bilan sura boshlanadi. Sura nihoyasida esa mo‘minlar vatan va millatlari bir-biridan qanchalar yiroq va xilma-xil bo‘lishidan qat’iy nazar bir ummat ekanliklari, binobarin, kofir kimsalarning fitnalariga aldanmay, o‘zaro do‘st-birodar bo‘lib yashab o‘tishlari lozimligi uqtiriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. (Ey Muhammad), Sizdan o‘ljalar haqida so‘raydilar. Ayting: «O’ljalar Alloh va payg‘ambarnikidir. Bas, Allohdan qo‘rqingiz va o‘z oralaringizni o‘nglangiz! Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Alloh va Uning payg‘ambariga bo‘ysuningiz!I z o h.
Badr jangidan so‘ng qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni taqsimlashda yosh askarlar bilan keksalari o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘ladi. Yoshlar: «G’alaba bizning kuchimiz bilan bo‘ldi, binobarin, o‘ljalar ham o‘zimizniki bo‘lishi kerak», deyishsa, keksalar: «Biz sizlarga jang yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib turganmiz, demak, bu o‘ljalarda bizning ham ulushimiz bor», deyishdi. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi va payg‘ambar alayhis-salom tushgan o‘ljani yoshu qariga barobar qilib ulashib berdilar.2. Faqat Alloh (nomi) zikr qilinganida qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganda iymonlari ziyoda bo‘ladigan va Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilar (haqiqiy) mo‘mindirlar.
3. Ular namozni to‘kis ado etadilar va Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar.
4. Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlar bo‘lib, ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni, jannatda, yuksak) darajalar, mag‘firat va ulug‘ rizq bordir.
5. (Bu o‘lja taqsimotida chiqqan mojaro) xuddi mo‘minlardan bir guruhi (urushni) aniq yomon ko‘rib turgan hollarida, Parvardigoringiz haq hukm bilan sizni uyingizdan (janggohga) chiqarganga o‘xshaydi.
6. (O’shanda) ular go‘yo ko‘rib turgan hollarida o‘limga haydab ketilayotgandek, Siz bilan aniq-ravshan bo‘lgan haqiqat (ya’ni, urushga chiqish) to‘g‘risida bahslashgan edilar.I z o h .
Madinada Islom davlati barpo bo‘lgach, musulmonlar bilan Makka mushriklari o‘rtasidagi nizo yanada avj oldi. Mushriklar Makkadagi uy-joylarini tashlab, muhojir bo‘lib ketgan musulmonlarning o‘z diyorlarida qolgan mol-mulklarini talon-toroj qilishar, musulmonlar esa o‘z navbatida Makkadan tijorat uchun chiqqan karvonlarga xujum qilishar edi. Kunlarning birida payg‘ambar alayhis-salomga Makka mushriklari katta karvon bilan Shomdan qaytayotganlari ma’lum bo‘ladi va o‘zlari bilan bir guruh sahobalarini olib, karvonni qo‘lga kiritish uchun yo‘l oladilar. Bundan xabar topgan makkaliklar katta lashkar bilan musulmonlarga qarshi jang qilish uchun Madina tarafga qo‘shin tortib kela boshlaydilar. Shunda Tangri taolo tomonidan payg‘ambar alayxis-salomga karvonni qo‘yib, mushriklar lashkari bilan jang qilish amr qilinadi. Bu xabarni eshitgan ayrim musulmonlar: «Tayyor karvon o‘lja bo‘lib turganida, bunday katta qo‘shinga qarshi urushamizmi, o‘zimiz ozchilik bo‘lsak, buning ustiga tayyorgarligimiz ham yo‘q-ku!» — deyishib, payg‘ambar bilan bahslasha boshlaydilar, Lekin ko‘pchilik sahobalar Allohning amriga bo‘yinsunishib, kofirlarga qarshi jang qilishga tayyor ekanliklarini bildiradilar. Mazkur oyatlar o‘sha tarixiy ibratli voqea haqida hikoya qiladi. Quyidagi oyatlarda ham bu hikoya davom etadi.7. O’shanda (ey mo‘minlar), Alloh ikki toifadan (ya’ni, karvon va qo‘shindan) birini sizlar uchun (o‘lja) qilishga va’da bergan edi. Sizlar qurol-yarog‘siz toifa (ya’ni, karvon) o‘zingiz uchun bo‘lishini istagan edingiz. Alloh esa O’z so‘zlari bilan xaqiqatni muqarrar etishni va kofirlarning dumini qirqishni iroda qilgan edi.
8. U, garchi jinoyatchi — osiylar yomon ko‘rsalar-da, haqni haq, botilni botil qilish uchun (shunday iroda qilgan edi).