Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466553 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:05:12



156-157. Bizlar uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik yozgin. O’zingga tavba qildik». (Alloh) aytdi: «Azobimni o‘zim xohlagan kimsaga yetkazurman. Rahmatim — mehribonligim esa hamma narsadan kengdir. Men uni (rahmatimni) taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga iymon keltirguvchi bo‘lgan kishilarga yozurman. Ular shunday kishilardirki, ummiy (savodsiz) payg‘ambarga — nomini o‘z oldilaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holda topishadigan — elchimizga ergashadilar. U payg‘ambar ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni ular uchun halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ulardan yuklarini va ustlaridagi kishanlarini olib tashlaydi (ya’ni islom dinidan avvalgi dinlarda bo‘lgan og‘ir, mashaqqatli ibodatlarni olib tashlab, ularning o‘rniga oson va yengillarini keltiradi). Bas, unga iymon keltirgan, uni ulug‘lab, unga yordam qilgan hamda uning (kelishi) bilan nozil qilingan nurga (ya’ni Qur’onga) ergashgan zotlar — ana o‘shalargina najot topguvchilardir.

158. Ayting (ey Muhammad): «Ey odamlar, albatta men sizlarning barchangizga Alloh (yuborgan) elchiman. U shunday zotki, samovot va yer Uning mulkidir. Hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. Hayot va o‘lim beradigan ham Uning O’zidir. Bas, Allohga va Uning elchisiga — Alloh va Uning so‘zlariga ishonadigan ummiy payg‘ambarga iymon keltiringiz va unga ergashingiz— shoyad hidoyat topursiz».

159, Muso qavmidan shunday jamoat ham borki, haq (so‘z) bilan (odamlarni) to‘g‘ri yo‘lga boshlarlar va haq (hukmlar) bilan adolat kilurlar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:05:25



160. Ularni (ya’ni Muso qavmini) jamoa-jamoa qilib o‘n ikki urug‘ — avlodga bo‘lib yubordik va Musoga qavmi undan suv so‘ragan paytida: «Asoing bilan toshni urgin!» deb vahiy yubordik. Bas, undan (toshdan) o‘n ikki chashma otilib chiqdi — hamma odamlar o‘z suvlarini bildilar. Ularga (sahroda) bulutni soyabon qildik va ustlaridan shirinlik va bedanalar yog‘dirib: «Sizlarni bahramand qilgan pok narsalarimizdan yenglar», dedik. Ular (bergan ne’matlarimizga noshukr bo‘lishlari bilan) Bizga jabr qilmadilar, balki o‘zlariga jabr qilguvchi bo‘ldilar.

161. Ularga: «Mana shu shaharni (Bayt-ul-Muqaddasni) maskan tutingiz va undan xoxlagan joyingizda taomlaningiz hamda «kechirgin» deb shaharga darvozadan sajda qilgan holingizda kiringiz! (Shunda) gunoxlaringizni mag‘firat qilurmiz, chiroyli amal qilguvchilarga esa (marhamatimizni) ziyoda qilurmiz», degan paytimizni eslang!

162. Bas, ulardan zolim bo‘lgan kimsalar o‘zlariga aytilgan («kechirgin») so‘zini butunlay boshqa bir so‘zga almashtirdilar. (Shundan keyin) ularga zolim bo‘lganlari sababli osmondan azob yubordik.

163. (Ey Muhammad), ulardan (yahudiylardan) dengiz oldidagi qishloq haqida — shanba kuni haddan oshganlari haqida (ya’ni man’ qilinganiga qaramasdan shanba kuni baliq ovlaganlari haqida) so‘rang. O’shanda, shanbalik qilgan (ya’ni baliq ovlamagan) kunlarida baliqlar (suv yuzida) ochiq kelar edi, shanbalik qilmagan kunlarida (ya’ni shanbadan boshqa kunlarda) esa kelmas edi. Ularni itoatsiz bo‘lganlari sababli mana shunday imtihon qilurmiz.
 

I z o h . Mufassirlardan Qurtubiyning yozishlaricha, bu voqea Dovud alayhis-salom zamonlarida bo‘lgan ekan. O’shanda shanba kunlari baliqlar son-sanoqsiz bo‘lib suv yuzida oqib kelar, ertasiga esa daryoda bironta baliq qolmas ekan. Bu fursatdan foydalangan iblis ayrim yaxudiylarni vasvasaga solib, ular daryo chetlarida tez xovuzlar kavlashib, shanba kunlari baliqlarni qamab olishadigan, ertasiga esa o‘sha hovuzlardan tutib ketadigan bo‘lgan edilar. Bu qilmishlari oqibatida ular Tangrining imtihonidan o‘ta olmagan ekanlar. Yuqoridagi oyatda e’tiqodsizlarni Tangri o‘tib bo‘lmaydigan balo-imtihonlarga giriftor qilishiga ham ishora bordir.

O’shanda yahudiylar uch toifaga bo‘linib qolgan ekanlar: bir toifa yuqorida aytilgan shanba kunlari baliq ovlayveradigan itoatsizlar, ikkinchi toifa o‘zlarini bu jinoyatdan saqlab, o‘zgalarni ham undan qaytaradiganlar, uchinchi toifa esa o‘zlari u kunda baliq tutmay, o‘zgalarni ham undan qaytarmaydiganlar edi. Quyidagi oyatda mana shu uchinchi va ikkinchi toifa o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javob zikr etiladi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:05:40



164. O’shanda ulardan bir jamoat: "œNe sababdan Allohning O’zi halok etadigan yoki qattiq azoblaydigan qavmga pand-nasihat qilursizlar?» deganlarida, ular (ya’ni ikkinchi toifadagi odamlar) aytdilar: «Parvardigoringizga (qiyomat kunida) uzrimizni aytish uchun va shoyad (ular) Allohdan qo‘rqsalar, deb (nasihat qilmoqdamiz)».

165. Bas, qachon ular (ya’ni itoatsiz kishilar) o‘zlariga eslatma qilib berilgan narsani unutishgach, bu gunoh ishdan qaytargan zotlarga najot berdik va zolim kimsalarni itoatsiz bo‘lganlari sababli qattiq azob bilan ushladik.

166. Endi qachonki o‘zlari qaytarilgan ishdan (qaytmasdan) kibru havo qilganlaridan keyin ularga: «Badbaxt maymunlarga aylaningiz», dedik.

167. O’shanda Parvardigoringiz albatta ularning ustiga qiyomat kunigacha yomon azob bilan azoblaydigan zotlarni yuborishini bildirgan edi. Shubhasiz, Parvardigoringiz (kofirlar uchun) azobi qattiq, (mo‘minlarni zsa) mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

168. Ularni (yahudiylarni) butun yer yuziga jamoa-jamoa qilib bo‘lib yubordik. Ularning oralarida yaxshilari (iymonga kelganlari) ham, unday emaslari (iymonsizlari) ham bordir. Ularni (kufr va isyondan) qaytishlari uchun ko‘p yaxshilik (ne’matlar) va yomonliklar (balolar) bilan sinab ko‘rdik.

169. Ulardan so‘ng Kitobga (Tavrotga) merosxo‘r bo‘lgan bir avlod keldiki, ular bu tuban (dunyo) narsalarini (halol, haromligiga qaramay) oladilar va «Albatta bizlar mag‘firat qilinurmiz», deydilar. Holbuki, agar yana o‘shanga o‘xshagan narsa kelib qolsa, uni ham olaveradilar. Axir ulardan Kitobda (Tavrotda) Alloh sha’niga faqat haqni aytishlari borasida ahd-paymon olinmaganmidi? Undagi oyatlarni o‘qib o‘rgangan edilar-ku! Allohdan qo‘rqadigan zotlar uchun (bu dunyo matolaridan) oxirat diyori yaxshiroq-ku! Aql yurgazmaysizlarmi?!

170. (Ularning oralarida) Kitobni mahkam ushlagan va namozni to‘kis ado qilgan zotlar ham borki, albatta Biz o‘zlarini tuzatguvchi kishilarning ajr-mukofotlarini zoe qilmagaymiz.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:05:56



171. (Ey, Muhammad), Tur tog‘ini ko‘chirib olib, ularning ustlarida go‘yo bir soyabondek ko‘tarib turib, ular uni ustlariga qulab tushadi, deb gumon qilgan hollarida: «Biz sizlarga ato etgan narsani (Tavrotni) mahkam ushlangiz va taqvodor bo‘lishingiz uchun undagi oyatlarni yodda tutingiz!» degan paytimizni eslang.

172. Parvardigoringiz Odam bolalarining bellaridan (ya’ni pushti kamarlaridan to qiyomat kunigacha dunyoga keladigan barcha) zurriyotlarini olib: «Men Parvardigoringiz emasmanmi?», deb, o‘zlariga qarshi guvoh qilganida, ular: «Haqiqatan Sen Parvardigorimizsan, bizlar bunga shohidmiz», deganlarini eslang! (Sizlardan bunday guvoxlik — ahd-paymon olishimiz) qiyomat kunida: «Bizlar bundan bexabar edik», demasliklaringiz uchundir.

173. Yoki: «Axir ilgari ota-bobolarimiz mushrik bo‘lgan esalar, bizlar ulardan keyin kelgan (va ularning o‘rgatgan yo‘llariga ergashgan) avlod bo‘lsak, o‘sha nohaq yo‘lda o‘tgan kimsalarning qilmishlari sababli bizlarni halok qilurmisan», demasliklaringiz uchundir.


I z o h . Xalq orasida mashhur bo‘lgan «almisoq, almisoqdan qolgan» degan iboralarning asl mazmuni yuqoridagi ikki oyatda mazkur bo‘ldi. Qur’on bizga uqtirishicha, Tangri taolo o‘z qudrati bilan Odam alayhis-salomning belidan undan tarqaydigan barcha zurriyotlarini chiqarib, ularga O’zining mo‘‘jizalarini ko‘rsatgach: «Aytinglar-chi, Men Sizlarning rabbingiz emasmanmi», deganida, ular: «Parvardigoro, O’zing barchamizning rabbimizsan, bizlar bunga guvoh bo‘ldik», deb Tangriga ahdu paymon, ya’ni misoq bergan ekanlar. Shuning uchun islom ulamolari: «Kimda-kim kofir bo‘lsa yoki dinidan qaytsa, o‘zining Tangriga bergan misoqidan qaytgan bo‘ladi», deydilar. Muhammad alayhis-salomning: «Har bir tug‘ilgan bola toza holda — islomda tug‘iladi. Keyin ota-onasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qilib buzuq tarbiya berishadi», degan hadislarining mazmuni ham yuqoridagi oyatlarga hamohangdir.

174. Shoyad (kufrlaridan) qaytsalar deb oyatlarni mana shunday mufassal qilurmiz.

175. (Ey Muhammad), ularga (yahudiylarga) bir kimsaning xabarini tilovat qiling — u qimsaga oyatlarimizni bildirgan edik. Bas, u o‘sha oyatlarimizdan chetlangach (ya’ni ularga amal qilmagach), uni shayton ergashtirib ketib, yo‘ldan ozguvchilardan bo‘lib qoldi.

176. Agar xoxlasak uni o‘sha oyatlar sababli (yuqori darajalarga) ko‘targan bo‘lur edik. Lekin u yerga (ya’ni molu dunyoga) berildi va havoyi-nafsiga ergashdi. Bas, uning misoli xuddi bir itga o‘xshaydiki, uni haydasang ham tilini osiltirib turaveradi yoki (o‘z holiga) qo‘ysang ham tilini osiltirib turaveradi. Bu Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarning misolidir. Ular tafakkur qilsinlar uchun bu qissalarni so‘ylang.   


I z o h . Ushbu ikki oyat garchi Muso payg‘ambar davridagi mol-dunyoga berilgan bir yahudiy «olim» haqida nozil bo‘lgan esa-da, bu oyatlarning hukmi bilgan ilmiga amal qilmay dinfurushlik bilan kun o‘tkazadigan «ulamolar»ning barchasiga taalluqlidir. Zotan, ilm kishining diyonat va e’tiqodini ziyoda qilish o‘rniga ahli davlat, ahli dunyolarga qul qilib qo‘ysa, u ilm emas, balki jaholat — ilmsizlikdir.

177. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarning misoli naqadar yomon bo‘ldi va ular o‘zlariga zulm qilguvchi bo‘ldilar.

178. Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o‘sha hidoyat topguvchidir. U zot kimni yo‘ldan ozdirsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchidirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:06:14



179. Biz jin va insdan ko‘plarini jahannam uchun yaratganimiz muhaqqaqdir. Ularning dillari boru anglay olmaydilar, ko‘zlari boru ko‘ra olmaydilar, quloqlari boru eshitmaydilar. Ular chorvalar kabidirlar, yo‘q, ular (beaql, befahmlikda) chorvalardan ham battardirlar. Ana o‘shalar g‘aflatda qolgan kimsalardir.

180. Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, Uni o‘sha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar). Uning ismlarida haqdan og‘ib (noo‘rin joylarda ularni qo‘llaydigan mushrik) kimsalarni tark qilinglar. Ular yaqinda qilib o‘tgan amallariga yarasha jazolanurlar.

181. Biz yaratgan zotlar orasida (odamlarni) haq (din) bilan hidoyat qiladigan va haq (hukm) bilan adolat qiladigan bir jamoat ham bordir.

182. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarni esa o‘zlari bilmay qoladigan tarafdan sekin-asta halokatga olib borurmiz.

183. (Hozircha) ularga muhlat berib qo‘yurman. Albatta, Mening «makrim» qattiqdir.

184. Ular hamroxlarida (ya’ni Muhammad alayhis-salomda) hech qanday junun yo‘qligini o‘ylamaydilarmi?! U faqat (Allohning azobidan) oshkora ogohlantirguvchi zotdir.

185. Samovot va Yer mamlakatlari haqida, Alloh yaratgan narsalar to‘g‘risida va ajallari yaqinlashib qolgan bo‘lishi mumkinligi xususida o‘ylamaydilarmi?! Undan (Qur’ondan) so‘ng (ya’ni unga ishonmaganlaridan keyin) yana qanday gapga ishonadilar-a?!

186. Kimni Alloh adashtirib qo‘ysa, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas. (Alloh) undaylarni o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurgan hollarida tark qilur.

187. (Ey Muhammad), sizdan Soat (ya’ni qiyomat) qachon voqe bo‘ladi, deb so‘raydilar. Ayting: «Uning bilimi faqatgina Parvardigorim dargohidadir. Vaqti-soati kelganida ham faqat O’zi oshkor qilur. U (ya’ni qiyomat) samovot va yer uchun juda og‘ir (dahshatli) bir ishdir. U sizlarga faqat to‘satdan — kutilmaganda kelur». Go‘yo siz u haqda yaxshi biladigandek so‘raydilar. Ayting: «Uning bilimi faqatgina Alloh dargohidadir. Lekin juda ko‘p odamlar uni bilmaydilar».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:06:29



188. Ayting: «Men o‘zim uchun ham na foyda va na ziyon yetkazishga ega bo‘la olaman. Magar Allohning xohlagani bo‘lur. Agar g‘aybni bilganimda edi, yaxshi amallarni ko‘paytirgan bo‘lur edim va menga biron ziyon yetmagan bo‘lur edi. Men faqat iymon keltiradigan qavm uchun (do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi va (jannat ne’matlari haqida) xushxabar berguvchiman, xolos».

189. U (Alloh) shunday zotki, sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi va u orom-osoyish topsin deb uning o‘zidan juftini vujudga keltirdi. Unga qo‘shilganidan keyin u (Havvo) yengil yuk (homila) bilan yukli bo‘lib, o‘sha (yuk) bilan yurdi. Bas, qachonki, og‘irlashganida, (ular) Parvardigorlari bo‘lmish, Allohga duo qildilar: «Qasamki, agar bizga solih farzand ato qilsang, albatta shukr qilguvchilardan bo‘lurmiz».

190. Endi (Alloh) ularga solih (farzand) ato etganidan keyin Unga (Uning) O’zi ato etgan narsada (ya’ni bolaga nom qo‘yishda), shirk keltira boshladilar. Bas, Alloh ularning shirk keltirgan narsalaridan yuksakdir. 


I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Havvo farzand ko‘rganida iblis kelib uni yo‘ldan ozdirib, bolasiga Abdulxars, ya’ni Xarsning — yerning bandasi, deb nom qo‘yadi. Allohdan o‘zgaga bandalik qilish joiz bo‘lmagani uchun Qur’on Havvoning bu qilmishini shirk deb ataydi.

191. Hech narsani yarata olmaydigan, balki o‘zi yaratiluvchi bo‘lgan narsalarni (Allohga) sherik qiladilarmi?!

192. Ular uchun biron yordam qilishga qodir bo‘lmaydigan, hatto o‘ziga o‘zi yordam qila olmaydigan (narsalarni Allohga sherik qiladilarmi?!)

193. Agar ularni (ya’ni butlarni) hidoyatga chaqirsangiz, sizlarga ergashmaydilar (ya’ni ular jonsizdirlar). Sizlar uchun ularni chaqirishingiz yoki sukut qilib turishingiz barobardir (ya’ni baribir ular javob bera olmaydilar).

194. Shubhasiz, Allohdan o‘zga sizlar iltijo qilayotgan narsalar xuddi (sizning) o‘zlaringiz kabi bandadirlar. Bas, agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, sizlar ularni chaqiringlar, ular sizlarga javob qilsinlar-chi?!

195. Ularning oyoqlari bormiki, yursalar, yo qo‘llari bormiki tutsalar, yoki ko‘zlari bormiki ko‘rsalar, yoxud quloqlari bormiki tinglasalar?! Ayting (Ey Muhammad): «Usha butlaringizni chaqiringlar-da, so‘ngra menga bir lahza muxlat bermay bor hiyla-nayrangingizni qilaveringlar». (Qanday hunar ko‘rsatmang, natijasi hechdir.)

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:06:47



196. Zotan, mening egam shu Kitobni nozil qilgan Allohdir. U solih bandalarga yor bo‘lur.

197. Undan o‘zga sizlar iltijo qilayotgan narsalar sizlarga yordam qilishga qodir emaslar va ular o‘zlariga ham yordam qila olmaslar.

198. Agar ularni hidoyatga chorlasangiz, eshitmaydilar. Ular o‘zlari ko‘rmagan hollarida sizga (boqib) turganlarini ko‘rursiz.

199. (Ey Muhammad), marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring!

200. Agar sizni shaytonning vasvasasi yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, Allohdan panoh so‘rang! Albatta, U eshituvchi, bilguvchidir.

201. Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar.

202. Ularning (shaytonlarning) do‘stlari esa yo‘ldan ozdirishda ularga (shaytonlarga) yordam beradilar, so‘ng (bu ig‘volarini) to‘xtatmaydilar.

203. Qachon ularga biron oyat keltirmasangiz, «O’zing to‘qiy qolmaysanmi?» deyishadi. Ayting: "œMen faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman. Bu (Qur’on) iymon keltiradigan kavm uchun Parvardigoringiz tarafidan ko‘rsatma, hidoyat va rahmatdir».

204. Qachonki Qur’on qiroat qilinsa, unga quloq tutingiz va jim turingiz — shoyad (Alloh tarafidan) rahmatga sazovor bo‘lsangizlar.

205. Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qo‘rqib, dildan ertayu-kech yod qiling va g‘ofil kimsalardan bo‘lmang!

206. Albatta Parvardigoringizning huzuridagi zotlar (ya’ni farishtalar) Unga ibodat qilishdan or qilmaydilar. Uni poklaydilar va Ungagina sajda qiladilar".


I z o h . Qur’onda bir necha suralarda sajda oyatlari mavjud bo‘lib, mazkur suraning so‘nggi oyati ham o‘sha sajda oyatlarining avvalgisidir. Bunday oyat o‘qilganda o‘quvchiga ham, tinglovchiga ham bir marta Allohga sajda qilish vojib bo‘ladi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:07:08



ANFOL SURASI

Bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, yetmish besh oyatdan iboratdir. Unda so‘z, asosan, g‘azot — jang haqida borib, harbiy qonun-qoidalar, urush va tinchlik xolatlari hamda asir va o‘lja olish xususidagi Shariati islomiyyada bo‘lgan hukmlar bayon qilinadi. Bu suraning «Anfol» — «O’ljalar» deb nomlanishining sababi ham shudir.

U islom tarixidagi ilk jang — Badr jangidagi voqealarni batafsil hikoya qilgani uchun ayrim sahobalar uni «Badr» surasi, deb ham ataganlar. Islomiy g‘azotlar solnomasidan Badr jangi hijriy ikkinchi yilning Ramazon oyida Madinaning janubi-g‘arbida joylashgan Badr qishlog‘ida bo‘lib o‘tgani ma’lum. Bu jangda musulmonlar adadlari oz bo‘lishiga qaramasdan, askarlar sonida ham, harbiy qurol-anjomlarda ham o‘zlaridan bir necha barobar ortiq bo‘lgan mushriklar ustidan g‘alaba qozonib, dushmanning yetmish askarini halok qiladilar va yetmish kishini asir oladilar, katta o‘ljalarga ega bo‘ladilar. Jang tugaganidan so‘ng o‘ljalar taqsimotida ayrim musulmonlar o‘rtasida ixtilof chiqqanda, ularga pand-nasihat qilish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish bilan sura boshlanadi. Sura nihoyasida esa mo‘minlar vatan va millatlari bir-biridan qanchalar yiroq va xilma-xil bo‘lishidan qat’iy nazar bir ummat ekanliklari, binobarin, kofir kimsalarning fitnalariga aldanmay, o‘zaro do‘st-birodar bo‘lib yashab o‘tishlari lozimligi uqtiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), Sizdan o‘ljalar haqida so‘raydilar. Ayting: «O’ljalar Alloh va payg‘ambarnikidir. Bas, Allohdan qo‘rqingiz va o‘z oralaringizni o‘nglangiz! Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Alloh va Uning payg‘ambariga bo‘ysuningiz!

I z o h. Badr jangidan so‘ng qo‘lga kiritilgan o‘ljalarni taqsimlashda yosh askarlar bilan keksalari o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘ladi. Yoshlar: «G’alaba bizning kuchimiz bilan bo‘ldi, binobarin, o‘ljalar ham o‘zimizniki bo‘lishi kerak», deyishsa, keksalar: «Biz sizlarga jang yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib turganmiz, demak, bu o‘ljalarda bizning ham ulushimiz bor», deyishdi. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ldi va payg‘ambar alayhis-salom tushgan o‘ljani yoshu qariga barobar qilib ulashib berdilar.

2. Faqat Alloh (nomi) zikr qilinganida qalblariga qo‘rqinch tushadigan, Uning oyatlari tilovat qilinganda iymonlari ziyoda bo‘ladigan va Parvardigorlarigagina suyanadigan kishilar (haqiqiy) mo‘mindirlar.

3. Ular namozni to‘kis ado etadilar va Biz ularni bahramand qilgan narsalardan infoq-ehson qiladilar.

4. Ana o‘shalar haqiqiy mo‘minlar bo‘lib, ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni, jannatda, yuksak) darajalar, mag‘firat va ulug‘ rizq bordir.

5. (Bu o‘lja taqsimotida chiqqan mojaro) xuddi mo‘minlardan bir guruhi (urushni) aniq yomon ko‘rib turgan hollarida, Parvardigoringiz haq hukm bilan sizni uyingizdan (janggohga) chiqarganga o‘xshaydi.

6. (O’shanda) ular go‘yo ko‘rib turgan hollarida o‘limga haydab ketilayotgandek, Siz bilan aniq-ravshan bo‘lgan haqiqat (ya’ni, urushga chiqish) to‘g‘risida bahslashgan edilar.


I z o h . Madinada Islom davlati barpo bo‘lgach, musulmonlar bilan Makka mushriklari o‘rtasidagi nizo yanada avj oldi. Mushriklar Makkadagi uy-joylarini tashlab, muhojir bo‘lib ketgan musulmonlarning o‘z diyorlarida qolgan mol-mulklarini talon-toroj qilishar, musulmonlar esa o‘z navbatida Makkadan tijorat uchun chiqqan karvonlarga xujum qilishar edi. Kunlarning birida payg‘ambar alayhis-salomga Makka mushriklari katta karvon bilan Shomdan qaytayotganlari ma’lum bo‘ladi va o‘zlari bilan bir guruh sahobalarini olib, karvonni qo‘lga kiritish uchun yo‘l oladilar. Bundan xabar topgan makkaliklar katta lashkar bilan musulmonlarga qarshi jang qilish uchun Madina tarafga qo‘shin tortib kela boshlaydilar. Shunda Tangri taolo tomonidan payg‘ambar alayxis-salomga karvonni qo‘yib, mushriklar lashkari bilan jang qilish amr qilinadi. Bu xabarni eshitgan ayrim musulmonlar: «Tayyor karvon o‘lja bo‘lib turganida, bunday katta qo‘shinga qarshi urushamizmi, o‘zimiz ozchilik bo‘lsak, buning ustiga tayyorgarligimiz ham yo‘q-ku!» — deyishib, payg‘ambar bilan bahslasha boshlaydilar, Lekin ko‘pchilik sahobalar Allohning amriga bo‘yinsunishib, kofirlarga qarshi jang qilishga tayyor ekanliklarini bildiradilar. Mazkur oyatlar o‘sha tarixiy ibratli voqea haqida hikoya qiladi. Quyidagi oyatlarda ham bu hikoya davom etadi.

7. O’shanda (ey mo‘minlar), Alloh ikki toifadan (ya’ni, karvon va qo‘shindan) birini sizlar uchun (o‘lja) qilishga va’da bergan edi. Sizlar qurol-yarog‘siz toifa (ya’ni, karvon) o‘zingiz uchun bo‘lishini istagan edingiz. Alloh esa O’z so‘zlari bilan xaqiqatni muqarrar etishni va kofirlarning dumini qirqishni iroda qilgan edi.

8. U, garchi jinoyatchi — osiylar yomon ko‘rsalar-da, haqni haq, botilni botil qilish uchun (shunday iroda qilgan edi).

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:08:21



9. O’shanda Parvardigoringizdan madad tilaganingizda, U sizlarga ijobat qilib: «Men sizlarga ketma-ket keladigan minglab farishtalar bilan madad berurman», dedi,

10. Alloh faqat xushxabar bo‘lsin, deb va ko‘ngillaringiz xotirjam bo‘lishi uchun shunday qildi. G’alaba faqat Allohning dargohidan bo‘lur. Haqiqatan, Alloh g‘olib va xikmatlidir,

11. O’shanda xotirjam bo‘lishingiz uchun sizlarni O’z tarafidan uyquga cho‘mdirgan va poklab, sizlardan shayton vasvasasini ketkazish uchun dillaringizni bir va qadamlaringizni mahkam hilish uchun ustingizga samodan suv — yomg‘ir yog‘dirgan edi.

12. (Ey Muhammad), o‘shanda Parvardigoringiz farishtalarga: «Albatta, Men sizlar bilan birgaman, bas, sizlar iymon keltirgan zotlarning (g‘alaba qozonishlariga bo‘lgan ishonchlarini) mahkamlanglar! Men kofir bo‘lgan kimsalarning dillariga qo‘rquv solajakman. Bas, ularning bo‘yinlarini uzinglar, butun-hamma barmoqlarini chopinglar», deb vahiy qilgan edi.

13. Bunga sabab, ularning Alloh va Uning payg‘ambariga qarshi turganlaridir. Kimki, Alloh va Uning payg‘ambariga qarshi tursa, bas, albatta Allohning jazosi qattiqdir.

14. (Ey kofirlar), mana shu sizlarning (jazoingizdir) bas, tortaveringlar. Kofirlar uchun yana do‘zax azobi ham bordir.

15. Ey mo‘minlar, kofirlarning hujumiga duch kelganingizda, ularga orqa o‘girmanglar (ya’ni qochmanglar).

16. Kimki o‘sha (urush) kunida jang yo‘sinini o‘zgartirish yoki boshqa bir guruh (musulmonlarga) qo‘shilishdan tashqari holatda, ularga (kofirlarga) orqa o‘girib qochsa, bas, u Alloh tarafidan g‘azab bilan ketibdi va uning joyi jahannamdir. Naqadar yomon oqibat-a!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:08:32



17. Bas, (ey musulmonlar), ularni sizlar o‘ldirmadingiz, balki Alloh o‘ldirdi. (Ey Muhammad, ularning yuziga qo‘lingizdagi bir siqim tuproqni) otgan paytingizda, siz otmadingiz, balki Alloh otdi, va (bu g‘alabani Alloh) O’z tomonidan mo‘minlarga chiroyli in’om bo‘lsin, deb qildi. Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

I z o h . Rivoyat qilishlaricha, payg‘ambar alayhis-salom Badr jangida qo‘llariga bir siqim tuproq olib: «Yuzlari qaro bo‘lgay!» — deb dushman tarafga otganlarida, ko‘ziga g‘ubor kirmagan biror mushrik qolmagan ekan.

18. (Ey mo‘minlar), mana shu (sizlarning mukofotingizdir). Albatta, Alloh kofirlarning hiylasini zaif qilguvchi zotdir.

19. (Ey ahli Makka), agar g‘alabani istagan bo‘lsangizlar, mana, sizlarning (ziyoningizga) g‘alaba keldi, Agar (payg‘ambarga qarshi urushishdan) to‘xtasangizlar, bas, bu o‘zingiz uchun yaxshidir. Agar (yana urushga) qaytsangizlar, Biz ham qaytamiz va guruhingiz qancha ko‘p bo‘lmasin, sizlarni hech narsadan behojat qila olmaydi. Albatta, Alloh mo‘minlar bilan birgadir.

20. Ey mo‘minlar, Allohga va Uning payg‘ambariga itoat qilingiz va (Qur’onni) eshitib turib, undan yuz o‘girib ketmangiz!

21. Va o‘zlari eshitmagan (ya’ni, anglab, iymon keltirmagan) hollarida, «eshitdik», degan kimsalar kabi bo‘lmangiz!

22. Albatta, kar va soqov bo‘lib olgan aqlsiz kimsalar Allohning nazdida eng yomon hayvonlardir.

23. Agar Alloh ularda biron yaxshilikni bilganida edi, albatta ularning quloqlarini ochib qo‘ygan bo‘lur edi, va agar (Alloh ularning) quloqlarini ochib qo‘yganida ham ular yuz o‘girgan hollarida ketgan bo‘lur edilar.

24. Ey mo‘minlar, Alloh va Uning payg‘ambari sizlarni abadiy hayot beradigan narsaga (ya’ni, dinga) da’vat qilar ekan, uni qabul qilinglar va bilinglarki, shubhasiz, Alloh har bir kishi bilan uning qalbi o‘rtasini egallab turur va shubhasiz, Uning huzuriga to‘planursizlar.

25. Hamda sizlardan faqat zolim kimsalarning o‘zigagina yetmay (balki barchaga yetadigan) balodan saqlaningiz! Va bilingizki, albatta Allohning azobi qattiqdir.

Qayd etilgan