Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466245 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:18:16



80. (Ey Muhammad), xoh ular uchun mag‘firat so‘rang, xoh mag‘firat so‘ramang — agar yetmish martalab ular uchun mag‘firat so‘rasangiz ham, Alloh ularni aslo mag‘firat qilmas. Bunga sabab ularning Alloh va Uning payg‘ambariga kofir bo‘lganlaridir. Alloh esa itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.

81. (Jihodga chiqishdan) qolgan munofiqlar Allohning payg‘ambariga xilof qilib qolganlaridan xursand bo‘ldilar va molu jonlari bilan Alloh yo‘lida jihod qilishni istamadilar hamda (bir-birlariga): «Bu issiqda urushga chiqmanglar», dedilar. Ayting (ey Muhammad): «Agar ular anglay olsalar, jahannam otashi yanada issiqroqir».

82. Bas, o‘zlarining kasb qilgan narsalari (ya’ni, kofirlikni tanlaganlari) jazosiga (bu dunyoda) ozgina kulsinlar, (so‘ngra oxiratda) ko‘p — abadiy yig‘lasinlar!

83. Endi agar Alloh sizni (Tabuk jangidan) qaytarib, ulardan biron toifaga (ro‘baro‘ qilsa) bas, ular sizdan (bundan   buyon   bo‘ladigan   g‘azotlarga) chiqish   uchun   izn   so‘rasalar, aytingki: «Men bilan xargiz chiqmaysizlar va men bilan birga biror dushmanga  qarshi jang xam  qilmaysizlar.  Chunki sizlar avval-boshda chiqmay o‘tirishga rozi bo‘ldingiz, bas, yana qolguvchi kimsalar bilan birga  o‘tiraveringlar». 

84.  Ulardan birontasi o‘lsa, zinhor uning (janoza) namozini o‘qimang va qabri ustiga ham borib turmang!  Chunki ular Alloh va uning payg‘ambariga kofir bo‘ldilar va itoatsiz hollarida o‘ldilar.

85. Sizni ularning molu dunyolari va bola-chaqalari qiziqtirmasin! Chunki Alloh   o‘sha   narsalar   sababli   bu   dunyoda   ularni   azob-uqubatga solishni va kofir bo‘lgan hollarida, jonlari chiqishini istaydi, xolos.   

86.    Qachon:    «Allohga    iymon    keltiringiz    va    Uning payg‘ambari bilan birga jihod qilingiz», degan biron sura nozil qilinsa,  ulardan boy-badavlat bo‘lgan kimsalar sizdan  (qolish uchun) izn so‘raydilar va «Bizni qo‘ygin, anavi qolguvchi (ma’zur, uzrli kishilar) bilan birga bo‘laylik», deydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:19:03

O'N BIRINCHI JUZ’
*************************



87. Ular xotin-xalaj   bilan   qolishga   rozi   bo‘ldilar.   Dillari   muhrlab qo‘yildi. Bas, endi ular (jihodga chiqishda bo‘ladigan yaxshilikni) anglamaydilar.

88. Lekin payg‘ambar va u bilan birga bo‘lgan, iymon keltirgan zotlar molu jonlari bilan kurashdilar. Barcha yaxshiliklar ana o‘shalar uchundir. Najot topguvchilar ham ularning o‘zidir.

89. Alloh ular uchun ostidan daryolar oqib turadigan,   ular  abadiy   qoladigan  jannatlarni   tayyorlab  qo‘ygandir. Mana shu buyuk baxtdir.

90. A’robiylardan  (ya’ni tog‘lik arablardan) ham o‘zlari uchun izn berilishini so‘rab uzr aytguvchilar keldi va (iymon keltirdik, deb) Alloh va Uning payg‘ambarini aldagan kimsalar urushdan qoldilar. Albatta, ularning orasidagi kofir kimsalarga alamli azob yetajak!

91. Ojiz-notavonlarga, xastalarga  va  (jihod uchun)  bergani hech narsa topa olmayotgan kishilarga — agar ular Alloh va Uning payg‘ambari uchun xolis bo‘lsalar,     biron     xaraj —  gunoh     yo‘qdir.     Chiroyli    amal qiluvchi — muhsinlarni ayblashga hech handay yo‘l yo‘q. Alloh mag‘firatli, mehribondir.

92. Yana sizga (jangga minib borish uchun) ot-ulov so‘rab kelgan vaqtlarida,  ularga: «Sizlarni mindirib yuboradigan ulov yo‘q-ku», deganingizda (jihod uchun) ishlatiladigan   biron   narsa   topa   olmaganlari   uchun   g‘amgin   bo‘lishib, ko‘zlaridan yosh to‘kib, qaytib ketgan kishilarny ham ayblashga hech qanday yo‘l yo‘qdir.


I z o h. Darhaqiqat, ansoriylardan (ya’ni madinalik sahobalardan) olti-etti kishi kelib payg‘ambar alayhis-salomdan jihodga borish uchun ot-ulov so‘rashganida, u kishi ularga beradigan ot-ulov yo‘qligini aytib uzr so‘raganlar. Shunda ular jihodga chiqishga ojizlik qilganlariga xafa bo‘lishib, yig‘lab qaytib ketganlar. Yuqoridagi oyat ularning uzrli kishilar ekani,    binobarin,    jihodga    chiqa    olmaganlari    uchun    gunohkor bo‘lmasliklarini bayon qildi.

93. Faqat o‘zlari boy-badavlat bo‘lgan hollarida sizdan izn so‘raydigan kimsalarnigina ayblashga yo‘l bordir. Ular xotin-xalaj bilan qolishga rozi bo‘ldilar. Alloh ularning dillarini muhrlab qo‘ydi. Bas, endi (ular jihodga chiqishda bo‘ladigan yaxshilikni) bilmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:21:06



94. Ularning oldiga qaytgan vaqtingizda (g‘azotga bora olmaganliklari   uchun)    sizlardan   uzr   so‘raydilar.   Ayting:    «Uzr so‘ramanglar, sizlarga hargiz ishonmaymiz. Alloh bizni sizlarning holi-xabaringizdan ogoh qildi. Shubhasiz, amallaringizni Alloh    va    uning payg‘ambari    ko‘rib    turadi.    So‘ngra    g‘aybu shahodatni (ya’ni yashirin va oshkor ishlarning hammasini) bilguvchi zotga qaytarilursizlar. Bas, U sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur».

95. Ularning oldiga qaytib borgan vaqtlaringizda ulardan yuz o‘girishlaringiz (ya’ni, ayblamasliklaringiz uchun sizlarga ularning rostdan ham uzrli ekanliklariga)   Alloh   nomi   bilan   qasam   ichadilar.   Bas,   ulardan   yuz o‘giringlar! Chunki ular nopokdirlar va qilib o‘tgan narsalarini (ya’ni,   munofiqliklari)   jazosiga   joylari   jahannamdir.   

96. Ulardan rozi bo‘lishlaringiz uchun sizlarga qasam ichadilar. Agar sizlar ulardan rozi bo‘lsangizlar ham, Alloh bu itoatsiz qavmdan hech rozi bo‘lmaydi.

97. A’robiylar kufru nifoqda qattiqroq va Alloh O’z payg‘ambariga nozil qilgan narsalarning chegaralarini bilmaslikka loyiqroqdirlar. Alloh bilim va Hikmat sohibidir.

98. A’robiylar orasida shunday kimsalar ham borki, qilgan sadaqasini  (o‘zi uchun)  ziyon deb biladi va sizlarga  (mo‘minlarga) balolar  kelishiga   ko‘z  tutib  turadi. (Barcha)   yomon   balo(lar) o‘zlariga bo‘lsin! Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

99. A’robiylar orasida Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan va qiladigan infoq-ehsonini Alloh dargohida qurbat (yaqinlik)  hosil qilish va payg‘ambar duosiga  (musharraf bo‘lish) deb biladigan zotlar ham bor. Ogoh bo‘lsinlarkim, o‘sha infoq-ehsonlari o‘zlari uchun qurbatdir. Alloh ularni O’z rahmatiga dohil qilajak. Albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:21:16



100. Muhojir va ansorlarning birinchi peshqadamlari va ularga chiroyli amallar bilan ergashgan zotlar — Alloh ulardan rozi bo‘ldi va ular ham Undan rozi bo‘ldilar. Yana (Alloh) ular uchun ostidan daryolar oqib turadigan, ular abadiy qoladigan jannatlarni tayyorlab qo‘ydi. Mana shu buyuk baxtdir.

101. Atrofingizdagi a’robiylar va Madina aholisi orasida nifoqda doimiy bo‘lgan shunday munofiqlar borki, ularni siz bilmaysiz. Biz bilurmiz. Ularni qayta-qayta (ya’ni, hayotlik paytlarida qatl qilish, asir olish bilan, o‘lganlaridan keyin qabr azobi bilan) azoblaymiz. So‘ngra (qiyomat hayotlik paytlarida qatl qilish, asir olish bilan, o‘lganlaridan keyin qabr azobi bilan) azoblaymiz. So‘ngra (qiyomat kunida) ulug‘ azobga qaytarilurlar.

102. Yana boshqa bir kishilar borki, gunohlarini e’tirof qilurlar. Ular yaxshi amalni boshqa — yomoniga aralashtirib yuborganlar. Alloh ularning tavbalarini qabul qilsa ajabmas. Albatta, Alloh mag‘firatli, mehribondir.

103. (Ey Muhammad), siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab tozalaydigan sadaqa sifatida oling va ularning haqlariga duo qiling. Albatta, sizning duoingiz ular uchun orom-osoyishtalik bo‘lur. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

104. Ular (gunohkorlar) Allohning O’zi bandalari tomonidan bo‘lgan tavbani qabul etishini, sadaqalarni ham (O’z dargohida) qabul qilishini va haqiqiy tavbalarni qabul etguvchi va mehribon zot Allohning O’zi ekanini bilmadilarmi?!

105. Ayting: «(Xohlagan) amalni qilinglar. Bas, Alloh, Uning payg‘ambari va mo‘minlar qilgan amallaringizni ko‘rib turar va yaqinda g‘aybu shahodatni (ya’ni, yashirin va oshkor narsalarning barchasini) bilguvchi zotga qaytarilursizlar. Bas, U zot sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur».

106. Yana boshqa bir (guruh, g‘azotga chiqmagan)lar borki, Ular Allohning amriga qoldirilurlar — U zot O’zi ularni yo azobga giriftor qilar, yoki tavbalarini qabul qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir.


I z o h. Ular uch nafar kishi bo‘lib, munofiq bo‘lganliklari uchun emas, balki dangasaliklari, tanparvarliklari sababli g‘azotga chiqmaganlar va boshqa munofiqlar kabi yolg‘on uzrlar ham aytmaganlar. Shundan keyin ularning tavbalarini qabul bo‘lishi yo qabul bo‘lmasligi Allohning amriga mavquf bo‘lib qolgan va boshqa musulmonlar ma’lum muddatgacha ular bilan aloqalarini uzganlarki, bu haqda keyin keladigan oyatlarda yana zikr qilinadi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:21:29



107. Yana shunday kimsalar ham borki, ular (mo‘minlarga) ziyon yetkazish, kufrni kuchaytirib va mo‘minlar o‘rtasiga tafriqa solish hamda ilgari Alloh va Uning payg‘ambariga qarshi urushgan (bir) kimsaga ko‘z tutish uchun (fitna yuzasidan) masjid qurib oldilar. Yana: «Biz faqat yaxshiliknigina istagan edik», deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik berurki, ular shak-shubhasiz yolg‘onchidirlar.

I z o h. Munofiqlardan o‘n ikki kishi Abu Omir degan bir kofir kimsaning buyrug‘i bilan mo‘minlar orasini buzish niyatida masjid quradilar va musulmonlarga qarshi urushish uchun boshqa davlatlardan lashkar olib kelishga ketgan Abu Omirning yo‘liga ko‘z tutadilar. Ularning bu maqsadlari musulmonlarga ma’lum bo‘lib qolganidan keyin esa o‘z qilmishlaridan tonib, qasam ichadilar. Quyidagi oyatda Alloh payg‘ambariga bunday amr qiladi:

108. (Ey Muhammad), hech qachon u masjidda namozga turmang! Birinchi kundan taqvo asosiga qurilgan masjid borki, siz o‘shanda turishingiz loyiqroq. Unda poklikni sevadigan kishilar bordir. Alloh esa o‘zlarini mudom pok tutguvchi zotlarni sevar.

109. Bas, bu binolarini Allohdan qo‘rqish va Uning rizoligi asosiga qurgan kishi yaxshiroqmi yoki binolariga yemirilayotgan jar yoqasini asos qilib olib, shu sababli o‘zi ham jahannam o‘tiga qulagan kimsami?! Alloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas.

110. Qurgan binolarining (buzib tashlanishi) ularning ko‘ngillarida shak-shubha bo‘lib qolur. Magar yuraklari yorilib — jonlari chiqib ketsagina (shak-shubha ham yo‘q bo‘lur). Alloh bilim va hikmat sohibidir.


I z o h . Payg‘ambar alayhis-salomning farmonlari bilan ular qurgan masjid buzib tashlanadi. Shundan keyin uni qurgan munofiqlar to o‘lgunlaricha musulmonlarga nisbatan g‘araz bilan o‘tadilar.

111. Albatta, Alloh mo‘minlarning jonlarini va mollarini ulardan jannat barobariga sotib oldi — ular Alloh yo‘lida jang qilishib (kofirlarni) o‘ldiradilar va (o‘zlari ham Alloh uchun shahid bo‘lib) o‘ldiriladilar, (Bunday mo‘minlarga jannat berilishiga) Alloh Tavrot, Injil va Qur’onda O’zining haq va’dasini bergandir. Allohdan ham ahdiga vafodorroq kim bor? Bas, (ey mo‘minlar), qilgan bu savdolaringizdan shod bo‘lingiz. Mana shu haqikiy buyuk baxtdir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:21:45



112. (Ular — tavba qilguvchilar Allohning O’zigagina) ibodat qilguvchilar, shukr qilguvchilar, ro‘za tutguvchilar, ruku’-sajda qilguvchilar, yaxshilikka buyurguvchilar, yomonlikdan to‘xtatguvchilar va Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalarga doimiy rioya qilguvchi (mo‘minlar)dir. (Ey Muhammad), bu mo‘minlarga jannat xushxabarini yetkazing!

113. Na payg‘ambar va na bu mo‘minlar — agar mushriklar qarindoshlari bo‘lsa ham — ularning do‘zax egalari ekanliklari aniq ma’lum bo‘lganidan keyin, u mushriklar uchun mag‘firat so‘rashlari joiz emasdir.

114. Ibrohimning o‘z otasi uchun mag‘firat so‘rashi faqat unga bergan va’dasi sababli edi. Endi qachonki unga otasi Allohning dushmani ekanligi aniq ma’lum bo‘lgach, undan butunlay tondi. Albatta, Ibrohim ko‘ngilchan va haliymdir.

115. Alloh biron qavmni hidoyat qilganidan keyin to ularga saqlanishlari lozim bo‘lgan narsalarni aniq bayon qilib bermagunicha, ularni yo‘ldan ozdirguvchi bo‘lmadi (ya’ni, hamma narsani bilib turib o‘zlarini saqlamagan kimsalarnigina yo‘ldan ozdirdi). Albatta, Alloh hamma narsani bilguvchidir. 

116. Albatta, osmonlar va yerning podshohligi Allohning o‘ziga tegishlidir. U hayot va o‘lim berur. Sizlar uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir yordamchi bordir.

117. Haqiqatan Alloh payg‘ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul qildi. Ulardan bir guruhning dillari (g‘azotdagi mashaqqat va tashnalik sababli) toyilayozganidan keyin og‘ir soatda unga (ya’ni, payg‘ambarga) ergashgan edilar. So‘ng ularning tavbalarini (Alloh) qabul qildi. Albatta, U zot mo‘minlarga marhamatli, mehribondir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:22:04



118. Yana o‘sha uch kishining (tavbalarini ham qabul qildiki), to ularga keng yer torlik kilib qolguncha va dillari siqilib, Allohning (g‘azabidan) faqat O’ziga tavba qilish bilangina qutulish mumkin ekanini bilgunlaricha (tavbalari) qoldirilgan edi (ya’ni tavba qilishga muvaffaq bo‘lmagan edilar). So‘ngra (Alloh) tavba qilishlari uchun ularga tavba yo‘lini ochdi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir.

119. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz!

120. Madina aholisi va ularning atroflaridagi a’robiylar uchun (jihodga chiqmay) Allohning payg‘ambaridan qolishlari va Undan yuz o‘girib o‘zlari bilan ovora bo‘lishlari joiz emas edi. Zero, Alloh yo‘lida ularga biron tashnalik, mashaqqat, ochlik yetsa va kofirlarni g‘azablantiradigan biron qadam bossalar, dushmanga biron ziyon yetkazsalar, albatta ular uchun bu ishlari sababli, yaxshi amal yozilur. Zotan, Alloh yaxshilik qilguvchilarning amallarini zoe qilmas.

121. Ular kichikmi, kattami biron infoq-ehson qilsalar va (g‘azot yo‘lida) biron vodiydan o‘tsalar, albatta qilgan eng chiroyli amallariga yarasha Alloh mukofotlashi uchun (bularning hammasi) ular foydasiga yozilur.

122. Barcha mo‘minlar (jangga) chiqishlari loyiq emas. Axir ulardan har bir guruhdan bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o‘rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning oldilariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!


I z o h. Bu oyat payg‘ambar alayhis-salom va sahobalar Tabuk jangidan qaytganlaridan so‘ng payg‘ambar bir guruh askarlarni dushman tomoniga yubormoqchi bo‘lib chorlaganlarida, urushdan qoluvchi kimsalar azoblanishi haqidagi yuqoridagi oyatlardan qo‘rqib qolgan barcha sahobalar "œjangga chiqamiz", deb kelganlarida nozil bo‘lgandir. Bu oyatda bunday kichik yurishlarga hamma musulmonlar ketib qolishi to‘g‘ri emasligi, balki ulardan bir guruhining borishi kifoya qilishi, qolganlari esa payg‘ambar alayhis-salom huzurlarida qolishib, u kishidan diniy ta’limotlarni o‘rganib, jangga ketganlar qaytishgach, ularga o‘zlari o‘rgangan narsalarini ta’lim berishlari lozim ekanligi ifodalanadi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:22:41



123. Ey mo‘minlar, yonlaringizdagi kofirlarga qarshi jang qilinglar va ular sizlardagi kuch-quvvatni ko‘rsinlar! Bilinglarki, albatta Alloh taqvodorlar bilan birgadir.

124. Qachon biron sura nozil qilinsa, ulardan (ya’ni, munofiqlardan) bo‘lgan kimsalar (masxara qilishib): «Qani, bu sura qaysi birlaringizning iymonlaringizni ziyoda qildi?» deyishadi. Bas, u (sura) iymon keltirgan zotlarning iymonlarini albatta ziyoda qilur va ular shod-xurram bo‘lurlar.

125. Ammo dillarida maraz bo‘lgan kimsalarni esa dinsizliklariga yana dinsizlik qo‘shur va ular kofir hollarida o‘lurlar.

126. Ko‘rmaydilarmiki, ular har yili bir-ikki marta baloga — fitnalarga yo‘liqmoqdalar. Shundan keyin ham na tavba qiladilar va na pand-nasihat oladilar.

127. Qachonki biron sura nozil qilinsa, (u munofiqlar) «Sizlarni bironta (musulmon) ko‘rib qolmadimi?» deb bir-birlariga qarab oladilar-da, so‘ngra (uylariga) jo‘nab qoladilar. Ular (haqni) anglamaydigan qavm bo‘lganlari sababli, Alloh dillarini (Qur’onni fahmlashdan) burib qo‘ygandir.

128. (Ey insonlar), axir sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan, sizlarning kulfat-mashaqqat chekishingizdan qiynaluvchi, sizlarning (to‘g‘ri yo‘l — haq dinga kelishingizga) haris — tashna bo‘lgan va barcha mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan bir payg‘ambar keldi-ku!

129. Ana endi ham yuz o‘girsalar, u holda ayting: «Menga Allohning O’zi yetarlidir! Hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir! (Men Uning) O’ziga suyandim. U zot ulug‘ arsh sohibidir».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:22:54



YUNUS SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura bir yuz to‘qqiz oyatdan iborat. Unda islomiy aqidaning asl mohiyati: Allohga iymon keltirish, Uning kitoblariga, payg‘ambarlariga, qayta tirilishga va qiyomat kunidagi jazo-mukofotga ishonish haqida so‘z boradi. U ilohiy kitoblarga, xususan Qur’oni Karimga iymon keltirishga qizg‘in da’vat qilishi bilan boshqa suralardan ajralib turadi.

Bu sura boshlab payg‘ambarlik va payg‘ambarlar haqida so‘zlab, Alloh avvalu oxir hamma bandalariga O’z payg‘ambarini yuborganini, binobarin, oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhis-salomning kelishlaridan ajablanishga o‘rin yo‘qligini uqtiradi. Keyin xudo va bandaning haqiqati bayon qilinib, yaratgan bilan yaralgan orasidagi aloqa qanday bo‘lishi lozimligi aytiladi va odamlarga haqiqiy Parvardigorlari qanday zot ekanligi tanitilib, faqat Ungagina ibodat qilishlari durust va zarur ekanligi ta’kidlanadi. Yana bu surada mushriklarning Qur’onga bo‘lgan munosabatlari haqida hikoya qilinib, bu Kitob haqiqiy ilohiy mo‘‘jiza ekani aytiladi, Va "œuni Muhammad o‘zi to‘qib yozgan", deb unga o‘xshash birgina sura yozib bersinlar, asossiz ekanligi oshkor etiladi.

Surada Nuh, Muso, Yunus kabi payg‘ambarlarning qissalari zikr qilinadiki, suraning nomi ham ulardan biri — Yunus payg‘ambar ismlari bilan atalgandir. Sura nihoyasida esa payg‘ambar alayhis-salomga faqat Allohning ko‘rsatma-vahiylariga amal qilish va Alloh yo‘lida chekiladigan ozor-mashaqqatlarga sabru toqat qilish amr etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman):

1. Alif, Lom, Ro. Bu hikmatli Kitob oyatlaridir.

 2. Bu odamlar uchun o‘zlaridan bo‘lgan bir kishiga (ya’ni, Muhammad alayhis-salomga, kofir) kimsalarni (Allohning azobidan) ogohlantiring, iymon keltirgan zotlarga esa ular uchun Parvardigorlari huzurida azaliy rost martaba borligi haqida xushxabar yetkazing, deb vahiy yuborganimiz qiziq tuyuldimi?! Kofirlar: «Darhaqiqat, bu (ya’ni, Muhammad) zo‘r sehrgardir», dedilar.

3. Albatta, Parvardigoringiz osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra O’z arshini egallagan Allohdir. U (har bir) ishning tadbirini qilur. (Qiyomat kunida) biron oqlovchi bo‘lmas, magar Uning iznu irodasidan so‘nggina (oqlay olur). Ana o‘sha Alloh Parvardigoringizdir, bas, Unga ibodat qilingiz! Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!

4. (Qiyomat kunida) barchangiz Unga qaytishingiz bordir. (Bu) Allohning haqqirost va’dasidir. Albatta avval-boshda barcha narsani Uning O’zi yaratur. So‘ngra iymon keltirib, yaxshi amallar qilib o‘tgan zotlarni adolat bilan mukofotlash uchun (qiyomat kuni) yana qayta yaratur. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar uchun esa qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir bo‘lganlari sababli alamli azob bo‘lur.

5. U (Alloh) quyoshni ziyo sochguvchi, oyni yorug‘lik qilgan va sizlar yillarning sanog‘ini hamda (vaqtlarning) hisobini bilishlaringiz uchun uni (ya’ni, oyni bir qancha) manzil-burjlarga bo‘lib qo‘ygan zotdir. Hech shak-shubhasiz, Alloh bu (borliqni) haq (qonun va maqsad) bilan yaratdi. U zot biladigan qavm uchun O’z oyatlarini mufassal bayon qilur.

6. Albatta, kecha va kunduzning almashib turishida hamda Alloh osmonlar va yerda yaratib qo‘ygan narsalarda Allohdan qo‘rqadigan qavm uchun oyat-alomatlar bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:23:05



7-8. Albatta, Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan, hayoti dunyoning o‘zigagina rozi bo‘lib, faqat o‘sha bilan xotirlari jam bo‘lgan kimsalar hamda Bizning oyatlarimizdan g‘ofil qolgan kimsalar — ana o‘shalarning joylari, kasb qilib o‘tgan gunoxlari sababli - do‘zaxdir.

9. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlarni esa iymon-e’tiqodlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur — noz-ne’mat bog‘larida ostlaridan daryolar oqib turur.

10. U joydagi duolari: «Ey tangrimiz, O’zingni poklaymiz», deyish, u joydagi o‘zaro salomlari (bir-birlariga) tinchlik tilashdir. Oxirgi tilaklari esa butun olamlar Parvardigori — Allohga hamdu sano aytishdir.

11. Agar Alloh bu odamlarga (ya’ni, mushriklarga) yaxshilikni tez keltirgani kabi yomonlikni ham naqd qilsa edi, albatta ularning ajallari yetgan bo‘lur edi. Bas, (Biz ularga yomonlikni naqd qilmaymiz, balki) Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan kimsalarni, o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurgan hollarida tashlab qo‘yurmiz.


I z o h . Ushbu oyat makkalik mushriklar payg‘ambar alayhis-salomning da’vatlariga quloq solmay: «Yo Alloh, agar Muhammadning dini haq din bo‘lsa, boshimizga osmondan tosh yog‘dirgil», deb o‘zlari uchun yomonlik tilab duoi bad qilganlarida nozil bo‘lgan. Bu oyatda ikki ma’noni uqish mumkin: birinchisi, mushrik kimsalarning naqadar nodon ekanliklari. Chunki ular dono va tadbirkor bo‘lganlarida: «Agar shu din haq din bo‘lsa, bizlarni ham shu dinga yo‘llagin», deb iltijo qilgan bo‘lur edilar. Ikkinchisi, ayrim zolim va tajovuzkor kimsalarning bemalol harom-harish yo‘llarda aysh-ishrat qilib yurishlari ularning tutgan yo‘llari to‘g‘ri ekanligini bildirmaydi, biya’aks, Allohning g‘azabiga duchor bo‘lganlari uchun haq yo‘lni topa olmay tug‘yon va isyonlarida adashib-uloqib yurganlarini bildiradi.

12. Qachon inson zotiga biron ziyon-musibat yetsa, yotgan holida ham, o‘tirib ham, turib ham Bizga duo-iltijo qilur. Endi qachonki undan musibatini ketkizsak, go‘yo (hech qachon) o‘ziga yetgan balo-musibatdan Bizga iltijo qilmagandek (yuz o‘girib) ketur. Haddan oshuvchi kimsalarga o‘z qilmishlari mana shunday chiroyli qilib qo‘yildi.

13. Ma’lumki, sizlardan avvalgi asrlardagi millatlarni o‘zlariga zulm qilganlari va payg‘ambarlari ochiq-ravshan hujjat-mo‘‘jizalar keltirgan paytlarida, iymon keltirmaganlari uchun xalok qilganmiz. Jinoyatchi qavmni mana shunday jazolagaymiz.

14. So‘ngra qanday amallar qilishingizni ko‘rish uchun sizlarni ularning ortidan yerga xalifa (o‘rinbosar) qilib qo‘ydik.

Qayd etilgan