Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 821752 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:34:49



98. Qani endi (biz halok qilgan qishloqlar ichida) biron qishloq (ahli o‘z payg‘ambarlari aytgan azobni sezgan vaqtlarida) iymon keltirsalar edi, albatta iymonlari foyda qilgan (ya’ni, halok bo‘lmagan) bo‘lar edi. Faqat Yunus qavmigina (shunday qildi). Iymon keltirishgach, ulardan hayoti dunyodagi rasvolik azobini ketkazdik va ularni ma’lum bir vaqtgacha (ya’ni o‘z ajallari bilan vafot etgunlaricha) foydalantirdik.

I z o h . Yunus payg‘ambar o‘z qavmini iymon keltirib, Allohning diniga kirishga da’vat qilganlarida iymon keltirishmagach, ularni boshlariga tushajak azob bilan qo‘rqitib, o‘zlari ular orasidan chiqib ketadilar. Payg‘ambarlari ketganidan keyin Allohning azobi yaqinlashib qolganini sezgan qavm tavba-tazarru qila boshlaydi. Shunda Alloh taolo sidqidildan qilgan tavbalarini qabul qilib, ularni azobdan xalos etadi.

99. Agar Parvardigoringiz xohlasa edi, butun Yer yuzidagi barcha kishilar iymon keltirgan bo‘lur edilar. Axir siz odamlarni mo‘min bo‘lishga majbur qilurmisiz? (Ya’ni bunday qilish durust emasdir. Chunki kishi o‘z ixtiyori bilan keltirgan iymongina haqiqiy maqbul iymondir).

100. Allohning iznu irodasisiz hech bir jon mo‘min bo‘la olmas. U (Alloh) aql yurgizmaydigan kimsalarni azobga duchor qilur.

101. (Ey Muhammad, Makka mushriklariga) ayting: «Osmonlar va yerdagi narsalarni (ya’ni, hamma narsaning yagona yaratuvchisi bor ekanligiga dalolat qiluvchi belgilarni) kuzatinglar. (Chunki) iymon keltirmaydigan qavm uchun (xech qanday) oyat-mo‘‘jizalar va qo‘rqituvlar foyda bermas.

102. Ular faqat o‘zlaridan ilgari o‘tgan (kofir) kimsalarning kuniga o‘xshash (bir kunni, ya’ni qiyomatni, Allohning azobi)ni kutmoqdalar, xolos. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Kutaveringlar. Men ham sizlar bilan birga kutguvchilardanman».

103. So‘ngra (ya’ni qiyomat kelib, azob nozil bo‘lgach), payg‘ambarlarimiz va iymon keltirgan zotlarga najot berurmiz. Shunday qilib, (oxir-oqibatda) iymon keltirgan zotlarga najot berish Bizning zimmamizdagi burch bo‘ldi.

104. Ayting: «Ey insonlar, agar sizlar mening dinimdan shak-shubhada bo‘lsangiz, bas (bilingizki), men sizlar Allohni qo‘yib sig‘inadigan butlaringizga ibodat qilmayman, balki sizlarning joningizni oladigan zot — Allohga ibodat qilurman. Va men mo‘minlardan bo‘lishga ma’murman (amr etilganman).

105-106. Va (menga buyurilganki), o‘zingizni doimo to‘g‘ri bo‘lgan dinda (islomda) tuting, hargiz mushriklardan bo‘lmang va Allohni kuyib, sizga foydya ham, ziyon ham yetkaza olmaydigan narsaga iltijo qilmang! Bas, agar shunday qilsangiz u holda albatta zolimlardandirsiz!

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:35:09



107. Agar Alloh sizga biron ziyon yetkazsa, uni faqat O’zigina ketkaza olur. Agar sizga biron yaxshilik (etkazishni) iroda qilsa, Uning fazlu marhamatini qaytara olguvchi yo‘qdir. U O’zi xohlagan bandalariga yaxshilik yetkazur. U mag‘firatli, mehribondir.

108. Ayting: «Ey insonlar, sizlarga Parvardigoringizdan Haq Qur’on keldi. Bas, kim hidoyat yo‘liga yursa, faqat o‘z foydasiga yurgan bo‘lur. Kim (u hidoyat yo‘lidan) ozsa, faqat o‘zining ziyoniga adashgan bo‘lur. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman».

109. (Ey Muhammad), o‘zingizga vahiy qilib yuborilayotgan narsaga (ya’ni amru farmonlarga) ergashing va to Alloh O’z hukmini tushirgunicha, (da’vat yo‘lidagi mashaqqatlarga va kofirlar tomonidan yetadigan ozorlarga) sabr qiling. U zot hukm qilguvchilarning eng yaxshisidir.



HUD SURASI

Bir yuz yigirma uch oyatdan tashkil topgan bu sura Makkada nozil bo‘lgan. Bu surada ham yolg‘iz Allohga, u zot yuborgan payg‘ambarlarga va ular keltirgan dinlarning haq ekaniga iymon keltirish, qiyomat kunida qayta tirilib, bu dunyoda qilib o‘tgan barcha yaxshi-yomon amallariga yarasha mukofot-jazo olishga ishonish islomiy aqidaning mohiyat-haqiqati ekani borasida so‘zlanadi. Bu surada Nuh, Hud, Solih, Lut, Shu’ayb, Muso va boshqa payg‘ambarlarning qissalari ancha mufassal hikoya qilinadiki, bundan murod birinchidan, barcha mo‘minlarga ilgari o‘tgan payg‘ambarlar va ularni yolg‘onchi qilishlari sababli halokatga uchragan qavmlar haqida ma’lumot berish bo‘lsa, ikkinchidan, yaqinda ikki aziz kishisidan — amakisi — Abu Tolib hamda jufti haloli Hadichadan ajralib qolgan va mudom Makka mushriklari tomonidan ozor-aziyatlarga ro‘baro‘ bo‘layotgan Muhammad alayhissalomga o‘tmishdoshlarining hayotlari va ularning Haqqa da’vat qilish yo‘lida chekkan mashaqqatlarini bayon qilish bilan taskin-tasalli berishdir.

Bu sura Qur’oni Karimning aybu nuqsonlardan pok va nazmu mag‘ziga hech qachon, hech kim tomonidan xalal yetmaydigan ilohiy Kitob ekanini ta’riflash bilan boshlanib, Alloh taoloning bandalariga payg‘ambarlar yuborishdan ko‘zlagan hikmatini bayon etish bilan tugallanadi. Bu sura Alloh taolo tomonidan Od Qavmiga yuborilgan Hud payg‘ambar nomi bilan atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. Alif, Lom, Ro. (Ushbu Kitob) sizlar faqat Allohgagina ibodat qilishingiz uchun, hikmat sohibi va (hamma narsadan) xabardor zot — Alloh tomonidan oyatlari buzilmaydigan mustahkam va mufassal qilingan bir Kitobdir. Men esa sizlarga U zot tarafidan yuborilgan (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi va (mo‘minlarga jannat) xushxabarini eltguvchidirman.

3. (Alloh sizlarga amr qilurki), Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar, so‘ngra Uning O’ziga tavba qilinglar, shunda (U) sizlarni ma’lum muddatgacha (ajallaringiz yetgunicha) chiroyli mato (rizq) bilan bahramand qilur va har bir yaxshilik sohibiga yaxshilik (ya’ni ajr-muxofot) berur. Agar yuz o‘girsangizlar, u holda Men sizlarga Ulug‘ kun (ya’ni, qiyomat kuni) azobi yetishidan qo‘rqaman.

4. Allohning O’ziga qaytishlaringiz bor. U esa hamma narsaga qodirdir.

5. Ogoh bo‘lingizkim, albatta ular (kofirlar) Undan sir tutish uchun dillaridagi (adovatlari)ni yashiradilar. Ogoh bo‘lsinlarkim, ular kiyimlariga o‘ranib olgan chog‘larida ham (Alloh) ularning yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Darhaqiqat, U zot dillarni egallagan sirlarni bilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:36:24

O’N IKKINCHI JUZ’
*************************



6. O’rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir. U zot ularning turar joylarini xam, borar joylarini ham bilur. Hamma narsa ochiq-ravshan Kitobda bordir.

I z o h . Bu oyatdagi ochiq-ravshan Kitobdan murod Lavhul-Mahfuzdir. Lavhul-Mahfuz koinotdagi o‘tgan, hozir mavjud va kelajakda bo‘ladigan barcha voqea, hodisa va narsalar bitilgan o‘chmas Lavh, ya’ni Alloh taoloning bilimidir.

7. U (Alloh) sizlarning qaysilaringiz yaxshiroq ish — amal qilib yashashingizni sinash uchun olti kunda osmonlar va yerni yaratgan zotdir. Ilgari U zotning arshi suv ustida (ya’ni, u arsh ostida suvdan bo‘lak hech narsa yaratilmagan edi).

I z o h . Ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘lishicha, Alloh taolo, osmonu zaminni yakshanbadan jumagacha — olti kunda yaratgandir. Istagan narsasini birgina: «Bo‘l», degan farmoni bilan yo‘qdan bor qilguvchi zotning yeru ko‘kni yaratishda bu qadar shoshmaganining boisi — koinotdagi eng kichik zarradan tortib eng katta mavjudotgacha hamma narsa shunchalar chevarlik bilan yaratilib o‘z o‘rniga qo‘yilganki, bu tartib-intizomga chetdan biron kuch sun’iy yo‘l bilan daxl qilsa — aralashsa, butun olam muvozanatiga futur yetadi. Bu oyati karima bilan Tangri bizlarni har qanday muhim ishlarni qilishda xususan o‘zgalarning hayot-mamotlariga aloqador ishlarni amalga oshirishda shoshmasdan, mulohazakorlik bilan qadam qo‘yishga da’vat etadi.

(Ey Muhammad), qasamki, agar siz: «Shak-shubhasiz, o‘lganingizdan keyin qayta tirilursizlar», desangiz, albatta kofir bo‘lgan kimsalar: «Bu ochiq sehr-jodudan o‘zga narsa emas, deydilar.

8. Qasamki, agar ularni azoblashni ma’lum muddatgacha kechiktirsak, albatta ular: «Uni (azobni) nima to‘smoqda?» — deb istehzo qiladilar. Ogoh bo‘lsinlarkim, u (azob) kelar kunida ulardan qaytib ketuvchi bo‘lmas va kulib-istehzo qilib yurgan narsalari ularni o‘rab olur.

9. Qasamki, agar Biz inson zotiga raxmat-marhamatimizni totdirib, so‘ngra O’zimiz uni tortib olsak, u albatta noumid va noshukrlik qilishi shubhasizdir.

10. Qasamki, agar unga biron ziyon-zahmat yetganidan keyin Biz noz-ne’matlarni totdirib qo‘ysak, albatta u: «Barcha yomonliklar mendan nari ketdi», (endi hech qachon qaytib kelmaydi) deydi. Darhaqiqat, u mag‘rur va maqtanchoqdir.

11. Magar (baloli kunlarda) sabr qilib, (safoli kunlarda) yaxshi amallar qiladigan zotlar borki, ana o‘shalar uchun mag‘firat va katta ajr-mukofot bo‘lur.

12. (Ey Muhammad), ehtimol, siz (mushriklar): «Unga osmondan xazina — boylik tushirilsa yoki u bilan birga (uning payg‘ambar ekanligini tasdiqlaydigan) biron farishta kelsa bo‘lmasmidi?» deganlari sababli o‘zingizga vahiy qilinayotgan oyatlarning ayrimlarini (ularga yetkazishni) tark qilarsiz va shu sababli, dilingiz siqilar? (Yo‘q, siz o‘zingizga nozil qilingan oyatlarni to‘la-to‘kis holida kishilarga yetkazavering, chunki) faqatgina siz (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchisiz, xolos, Alloh, hamma narsaning ustida vakil — boshqarib turguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:37:04



13. Yoki: «Uni (ya’ni, Qur’onni Muhammad) to‘qib chiqargan», deydilarmi? Ayting: «U holda, agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, Allohdan o‘zga kuchingiz yetgan barcha butlarni (yordamga) chorlab shunga o‘xshash o‘ntagina «to‘qilgan» sura keltiringiz!»

14. Bas, agar ular (ya’ni, Allohni qo‘yib, sig‘inadigan butlaringiz) sizlarga javob qilmasalar, u holda, bilingizki, albatta (bu Quron) Allohning ilmi azaliysi bilan nozil qilingandir va Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Endi musulmon bo‘larsizlar?!

15. Kim (faqat) shu hayoti dunyoni va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo‘lsa, ularga qilgan amallarini(ng ajr-mukofotini) shu dunyoda komil qilib berurmiz va ular bu dunyoda ziyon ko‘rmaydilar.

16. Unday kimsalar uchun oxiratda do‘zax o‘tidan o‘zga hech qanday nasiba yo‘qdir. Ularning bu dunyoda qilgan barcha yaxshiliklari behuda ketur va qilib o‘tgan amallari befoydadir.

17. Ana endi Parvardigori tomonidan aniq hujjatga (ya’ni, Qur’onga) ega bo‘lgan kishi (faqat hayoti dunyo manfaatlarini ko‘zlovchi kimsalar bilan barobarmi?!) Holbuki, Alloh tomonidan bo‘lgan shohid (ya’ni, Jabroil farishta) uning (Muhammad alayhis-salomning) hamrohidir va undan (ya’ni, aniq hujjat bo‘lgan Qur’ondan) ilgari (Bani Isroil uchun kelgan) peshvo va (Allohning) marhamati bo‘lgan Musoning Kitobi (Tavrot) bordir. Ana o‘sha zotlar (ya’ni, aniq hujjat egalari) unga (Qur’onga) iymon keltirurlar. Barcha guruhlar orasidan kim u Qur’onga kofir bo‘lsa, unga va’da qilingan joy — do‘zaxdir. Bas (ey Muhammad, siz u haqda shak-shubhaga tushmang! Albatta, u Parvardigoringiz tomonidan kelgan Haqiqatdir. Lekin odamlarning ko‘plari iymon keltirmaydilar.

18. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Unday kimsalar (qiyomat kunida) Parvardigorlariga ro‘baro‘ qilinurlar va barcha guvoh: "œMana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar" deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur.

19. U zolim kimsalar (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sib, uni (Allohning yo‘lini) buzmoqchi bo‘ladilar. Ular oxiratni butunlay inkor etadilar.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:38:15



20. Unday kimsalar yer yuzida (hech qaerga) qochib qutulolmas va ular uchun Allohdan o‘zga do‘stlar-yordamchilar ham bo‘lmas. Ularga azob bir necha barobar qilinur. (Garchi ularga Haqni eshitib, ko‘rishlari uchun quloq, ko‘z berilgan bo‘lsa-da), eshitguvchi ham, ko‘rguvchi ham bo‘lmadilar.

21. Ular o‘zlariga ziyon qilgan kimsalardir. O’zlari to‘qib olgan butlari esa (biron foyda bermay) ulardan g‘oyib bo‘ldi.

 22. Shak-shubha yo‘qki, ular oxiratda yanada kattaroq ziyon ko‘rguvchilardir.

23. Albatta, iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan va Parvardigorlariga itoat qilib bo‘yinsungan zotlar — ana o‘shalar, jannat egalari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolurlar.

24. Bu ikki guruhning (ya’ni, kofirlar bilan mo‘minlar guruhining) misoli, xuddi ko‘ru kar bilan ko‘rguvchi va eshitguvchining misolidir. Shu ikkalasi bir-biriga barobar bo‘lurmi?! Ibrat olmaysizlarmi?!

25-26. Darhaqiqat, Biz Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. (U dedi): «Albatta, men sizlar faqat Allohgagina ibodat qilishingiz uchun (kelgan) xolis ogoxlantirguvchiman. (Agar yolg‘iz Allohdan o‘zga birovga sig‘insangizlar), sizlarning ustingizga alamli azob kuni (tushishi)dan qo‘rqaman».

27. Shunda uning qavmi orasidagi kofir bo‘lgan kimsalar: «Bizlar seni xuddi o‘zimizga o‘xshagan odam, deb bilamiz va senga faqat ichimizdagi pastkash (yalangoyoq) kimsalar o‘ylamasdan ergashganini ko‘rmoqdamiz. Bizningcha, sizlarning bizdan biron ortiqchalik joyingiz yo‘q, balki biz sizlarni yolg‘onchi deb o‘ylamoqdamiz», dedilar.

28. U dedi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va U zot menga O’z dargohidan rahmat — payg‘ambarlikni ato etgan bo‘lsa-yu, ammo bu sizlarga maxfiy bo‘lsa, biz sizlarni o‘zingiz istamagan holda (iymon keltirishga) majbur qilamizmi?!» (Yo‘q, unday qilmaymiz, chunki faqat o‘z ixtiyorlaringiz bilan keltirgan iymonlaringizgina maqbuldir).

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:39:59



29. «Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim) uchun mol-dunyo so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Va men (sizning so‘zingizga kirib) iymon keltirgan kishilarni (huzurimdan) quvmayman ham. Chunki ular Parvardigorga ro‘baro‘ bo‘lguvchidirlar (bas, agar kambag‘al bo‘lganlari uchun ularni huzurimdan haydasam, albatta, qiyomat kunida Parvardigorga ustimdan shikoyat qilurlar). Lekin men sizlarning nodon qavm ekanligingizni ko‘rmoqdaman».

I z o h . Nuh payg‘ambar qavmi orasidagi boyon-zodagonlar unga: «Agar atrofingdagi yalangoyoqlarni haydasang, biz senga iymon keltirgan bo‘lardik», deganlarida, payg‘ambar ularga javoban: «Men ularni haydamayman, lekin sizlar bu talabingiz bilan kishining ulug‘ yoki pastkashligini, uning boy yoki kambag‘alligi bilan o‘lchaydigan nodon qavm ekanligingizni bildirdingiz», deydi.

30. «Ey qavmim, agar men ularni haydasam, kim menga Allohdan (ya’ni, Allohning azobidan) yordam-najot berur? O’ylab ko‘rmaysizlarmi?!»

31. «Men sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», demayman. G’aybni (ko‘zdan pinhon narsa va hodisalarni) ham bilmayman. «Men farishtaman», ham demayman. Shuningdek, sizlar o‘zingizcha haqorat qilayotgan kishilar haqida: «Alloh ularga hech qanday yaxshilik bermaydi», deb aytmayman. Ularning dillaridagi narsani (ixlos-iymonni) Alloh juda yaxshi bilur. Aks holda (ya’ni, agar ular to‘g‘risida yuqoridagi so‘zlarni aytadigan bo‘lsam), men albatta zolimlardan bo‘lib qolurman».

32. Ular (kofirlar) dedilar: «Ey Nuh, mana biz bilan ko‘p-bahsu mujodala qilding. Endi agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni (ya’ni, azobni) keltir-chi».

33. (Nuh) dedi: «Uni sizlarga yolg‘iz Allohning o‘zi xohlagan paytida keltirur va sizlar (o‘shanda) hech qayoqqa qochib qutula olmassiz».

34. «Agar Alloh sizlarni yo‘ldan ozdirishni istasa, men nasihat qilishga uringanim bilan nasihatim sizlarga foyda bermaydi. Parvardigoringiz Uning O’zidir va faqat Uning O’ziga qaytarilursizlar».

35. Yoki ular (ya’ni Quraysh kofirlari): «Uni (ya’ni, Qur’onni Muhammadning) o‘zi to‘qib chiqargan», deydilarmi? Ayting (ey Muhammad): «Agar uni men to‘qib chiqargan bo‘lsam, gunohim o‘z bo‘ynimda. Ammo men sizlarning qilayotgan jinoyatingiz — kofirligingizdan pokman».


I z o h. Ushbu oyatning Nuh payg‘ambar haqidagi qissa o‘rtasida kelishiga sabab — Quraysh kofirlari bilan Nuh qavmidagi kofirlarning bir toifa ekanligidan ogohlantirishdir.

36-37. Nuhga vahiy qilindiki: «Qavmingdan faqat avvalda iymon keltirgan kishilardan boshqa hech kim iymon keltirmaydi. Bas, ularning (ya’ni, hanuz iymon keltirmagan kimsalarning) qilmishlaridan qayg‘urmagin va Bizning hifzi-himoyamizda va Bizning vahiy ta’limimiz bilan bir kema yasagin hamda zolim kimsalar haqida (ya’ni, ularga najot berishimni so‘rab) Menga xitob-iltijo qilmagin. Ular shak-shubhasiz, g‘arq qilinguvchidirlar».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:40:26



38. U kemani yasar ekan, qachon oldidan o‘z qavmidan bo‘lgan (kofir) kimsalar o‘tsalar, uni masxara qilib kuldilar. U dedi: «Agar (bugun) sizlar bizdan kulsangizlar, bas, xuddi sizlar kulganingiz kabi biz ham sizlar (ning ustingiz)dan kulurmiz».

39. «Bas, yaqinda kimga sharmanda qilguvchi azob kelishini va kimning ustiga mangu azob tushishini bilib olajaksiz».

40. To Bizning farmonimiz kelib, yerdan favvoralar otilgan vaqtda, (Nuhga) dedik: «U kemaga har (jonivordan) bir juftdan va axli oilangni chiqargin. Lekin qaysi kimsalar xususida Bizning so‘zimiz (ya’ni, g‘arq bo‘lish haqidagi hukmimiz) o‘tgan bo‘lsa, (ularni ters qilgin. Bular barcha kofirlar va Nuh payg‘ambarning xotini Voila bilan o‘g‘li Kan’on edi). Yana iymon keltirgan kishilarning barchasini (kemaga chiqargin)!» Unga iymon keltirgan kishilar esa juda oz edilar.

41. U dedi: «Kemaga mininglar! Uning yurishi ham, turishi ham Alloh nomi bilan bo‘lur. Albatta, Parvardigorim mag‘firatli, mehribondir».

42. Kema ularni tog‘lardek to‘lqinlar orasida olib ketar ekan, Nuh bir chetda qolgan o‘g‘liga nido qildi: «Ey o‘g‘ilcham, biz bilan birga (kemaga) mingin, u kofirlar bilan birga qolmagin!»

43. U (o‘g‘li) dedi: «Men o‘zimni suvdan saqlaydigan biron tog‘ning ustiga chiqib ketajakman», (Nuh) aytdi: «Bugun Allohning amridan saqlaguvchi yo‘qdir, magar O’zi rahm qilgan kishilarnigina (saqlar)». (Shu payt) o‘rtalarini to‘lqin to‘sib qo‘ydi-da, (o‘g‘il) g‘arq qilinuvchilardan bo‘lib qoldi.

44. (So‘ngra): «Ey yer, suvingni yutgil, ey samo, o‘zingni tutgin (ya’ni, «yog‘ishni bas qil»), deyildi. Suv quridi, farmon bajarildi va (kema) Judiy tog‘i uzra to‘xtadi hamda: «Zolim qavmga xalokat bo‘lg‘ay», deyildi.

45. Nuh Parvardigoriga nido qilib, dedi: «Parvardigorim, albatta, o‘g‘lim mening ahli oilamdandir va shubhasiz, Sening (ahli oilamga najot berish xususidagi) va’dang haq va’dadir. Sen eng adolatli hukm qilguvchisan».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:41:23



46. (Alloh) aytdi: «Ey Nuh, u sening axlingdan emas! Albatta u(ning qilgan amali kufr yo‘lini tutgani) yomon amaldir. Bas, o‘zing yaxshi bilmagan narsa haqida aslo Mendan so‘ramagin! Albatta, Men senga johil-nodonlardan bo‘lmaslikni buyuraman».

47. U (Nuh) dedi: «Parvardigorim, men Sendan o‘zim bilmagan narsani so‘rashdan panoh tilayman! Endi agar meni mag‘firat qilib, O’z rahmatingga olmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurman».

48. (Shunda) aytildi: «Ey Nuh, Bizning tinch, salomat saqlashimiz bilan va o‘zingga hamda sen bilan birga bo‘lgan kishilarning zurriyotlariga bo‘ladigan barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin. (Ya’ni, sen va senga iymon keltirgan kishilarga Biz tomondan tinchlik-omonlik va fayzu barakotlar yetar.) Yana boshqa (ya’ni, kofir) jamoalar ham kelurki, Biz ularni ham ozgina foydalantirurmiz, so‘ngra esa ularni Biz tomondan bo‘lgan alamli azob tutar».

49. (Ey Muhammad), bular Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Ilgari bularni na siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas (haq dinga da’vat qilishda kofirlarning yetkazayotgan ozorlariga) sabr qiling. Albatta, oqibat — natija Allohdan qo‘rquvchi kishilarnikidir.

50. Od qabilasiga o‘z birodarlari Hudni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Sizlar (xilma-xil butlarni) faqat o‘zlaringiz to‘qib olursizlar, xolos (ular xech qanday iloh emasdirlar)».

51. «Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim uchun ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat meni yaratgan zot zimmasidadir. Axir aql yurgizmaysizlarmi?!»

52. «Ey qavmim, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz, so‘ng Unga tavba-tazarru qilingiz, shunda U zot ustingizga osmondan yomg‘ir quydirar va kuch-quvvatlaringizga yana kuch-quvvat qo‘shar. Jinoyatkor-gunohkor bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmangiz!»


I z o h. Rivoyatlarga qaraganda, Od qavmi yerlariga uch yil yomg‘ir yog‘may qurg‘oqchilik bo‘lib, ularning qirilib ketishlariga oz qolgan edi. Faqat jismonan kuchli qavm bo‘lganlari sababligina zo‘r-bazo‘r kun kechirar ekanlar, Buning ustiga, ular bepushtlik dardiga duchor bo‘lgan edilar. Yuqoridagi oyat ularga: «Agar Parvardigorga tavba-tazarru qilsangizlar, osmondan to‘xtab qolgan yomg‘irni quydirib, yerlaringizni sersuv, unumdor qilur hamda kuch-quvvatlaringizni yanada ziyoda etib, avlodlaringizga yangi-yangi avlodlar qo‘shur», deb uqtiradi.

53. Ular dedilar: «Ey Hud, sen bizga (o‘zingning payg‘ambar ekanligingai tasdiqlaydigan) biron hujjat keltirmading. Bizlar sening quruq gaping bilan o‘z xudolarimizni tark qilguvchi emasmiz. Va bizlar senga iymon keltirguvchilar emasmiz».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:42:08



54-55. «Bizlar faqat: «Seni xudolarimizdan biri, bir balo (ya’ni, majnun) qilib qo‘ygan», deymiz, xolos». U (Hud) aytdi: «Albatta, men Allohni guvoh keltiraman, yana o‘zlaringiz ham guvoh bo‘linglarki, men sizlarning Allohni qo‘yib, (Unga soxta-yolg‘on xudolarni) sherik qilishingizdan bezorman. Ana endi barchangiz bir bo‘lib, hech ta’xir qilmay-kechiktirmay menga qarshi bilgan hiylangizni qilaveringlar».

56. «Men faqat mening ham, sizlarning ham Parvardigorimiz bo‘lgan Allohga suyandim. O’rmalagan narsa borki, barchasi U zotning qo‘l ostidadir. Parvardigorim, shak-shubhasiz, To‘g‘ri yo‘ldadir».

57. «Endi agar (mening da’vatimdan) yuz o‘girsangizlar, bas, men sizlarga elchi qilib yuborilgan dinni yetkazdim. Parvardigorim (sizlarni halok qilib), o‘rningizga boshqa qavmni keltirur va sizlar (o‘z kufringiz bilan) U zotga biron ziyon yetkaza olmassiz. Albatta, Parvardigorim hamma narsani kuzatib turguvchidir».

58. Qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, azobimiz) kelganida, Hud va u bilan birga iymon keltirgan kishilarni O’z rahmat-marhamatimiz bilan qutqardik va ularga qattiq azobdan najot berdik.

59. Parvardigorlarining oyatlarini inkor qilgan, Uning payg‘ambarlariga isyon kilgan va barcha qaysar, zolimlar amru-farmonlariga bo‘yinsungan ana o‘shalardir.

60. Ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la’nat aytilur. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Od qabilasi Parvardigorlariga kofir bo‘lgan edilar. Ogoh bo‘lingizkim, Hudning qavmi bo‘lgan Od halokatga uchradi.

61. Samud qabilasiga o‘z birodarlari Solihni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. U sizlarni yerdan paydo qilib, unga joylashtirdi. Bas, Undan mag‘firat so‘ranglar va Unga tavba-tazarru qilinglar. Albatta, Parvardigorim yaqin va (duolarni) ijobat qilguvchidir».

62. Ular dedilar: «Ey Solih, sen ilgari bizning oramizdagi umidli kishi eding-ku. Endi bizlarni ota-bobolarimiz ibodat qilib kelayotgan butlarga ibodat qilishimizdan qaytarurmisan?! Albatta, bizlar sening da’vat qilayotgan diningdan shak-shubhadamiz».

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:42:36



63. U aytdi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va menga O’zining rahmati — payg‘ambarlikni ato etgan bo‘lsa-yu, (shundan keyin) men U zotga isyon qilsam, u holda Allohdan (ya’ni, uning azobidan) meni kim qutqarur?! Bas, sizlar (meni isyonga chorlashingiz bilan) ziyondan o‘zga narsa keltirmaysizlar!»

64. «Ey qavmim, mana bu Alloh (yuborgan) tuya sizlar uchun oyat-mo‘‘jiza bo‘lib keldi. Bas, uni Allohning yerida yeb-ichib yurgan holida qo‘yib yuboringlar va unga biron yomonlik yetkazmanglar, aks holda sizlarni yaqin azob ushlar».


I z o h. Solih payg‘ambarning qavmlari u zotdan haq payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlaydigan biron mo‘‘jiza ko‘rsatishni talab qilganlarida, payg‘ambar ularning ko‘z o‘nglarida bir xarsang toshni tirik tuyaga aylantirib qo‘yadilar va uni so‘ymay-o‘ldirmay o‘z holiga tashlab qo‘yishlarini buyuradilar. Aks holda, boshlariga balo kelishi haqida ogohlantiradilar.

65. Ular esa tuyani so‘yib yubordilar. Shunda (Solih) aytdi: «Uy-joylaringizda uch kun (tiriklik ne’matidan) bahramand bo‘lingiz. Mana shu chin va’dadir».

66. Endi qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, biz yuborgan balo) kelganida, Solih va U bilan birga iymon keltirgan kishilarga O’z rahmatimiz bilan (u azobdan) va o‘sha kundagi sharmandaliqdan najot berdik. Albatta, Parvardigoringiz haqiqiy kuch-qudrat egasidir.

67-68. Zolim kimsalarni esa dahshatli qichqiriq tutib, go‘yo u yerda hech qachon yashamagandek, turgan joylarida to‘kildilar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Samud (qabilasi) Parvardigorlariga kofir bo‘lgan edilar. Ogoh bo‘lingizkim, Samud (qabilasi) halokatga uchradi.

69. Darhaqiqat Bizning elchilarimiz — farishtalar Ibroximga (Ishoq ismli farzand ko‘rishi haqida) xushxabar bilan kelib, salom berdilar. U ham: «Salom», dedi-da, qarab turmay bir buzoqni qovurib keltirdi.

70. Endi qachonki u ovqatga qo‘l cho‘zmaganlarini ko‘rgach, ulardan shubhalandi va ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: «Qo‘rqmagin. Bizlar (farishtalarmiz taom yemaymiz), Lut qavmiga (ularni halok qilish uchun) yuborilganmiz», dedilar.

71. (Parda ortida Ibrohimning) xotini turgan edi. U (farishtalarning Lut qavmini halok qilish uchun kelganliklarini eshitib) kuldi — xursand bo‘ldi. Shunda Biz (farishtalarimiz vositasida) u ayolga Ishoq (ismli o‘g‘il ko‘rishi) haqida va Ishoqdan keyin Ya’qub (ismli nabira ko‘rishi) haqida xabar berdik.

Qayd etilgan