Muallif Mavzu: Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 609529 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 2 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #225 : 11 Avgust 2006, 08:39:59 »


29. «Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim) uchun mol-dunyo so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Va men (sizning so‘zingizga kirib) iymon keltirgan kishilarni (huzurimdan) quvmayman ham. Chunki ular Parvardigorga ro‘baro‘ bo‘lguvchidirlar (bas, agar kambag‘al bo‘lganlari uchun ularni huzurimdan haydasam, albatta, qiyomat kunida Parvardigorga ustimdan shikoyat qilurlar). Lekin men sizlarning nodon qavm ekanligingizni ko‘rmoqdaman».

I z o h . Nuh payg‘ambar qavmi orasidagi boyon-zodagonlar unga: «Agar atrofingdagi yalangoyoqlarni haydasang, biz senga iymon keltirgan bo‘lardik», deganlarida, payg‘ambar ularga javoban: «Men ularni haydamayman, lekin sizlar bu talabingiz bilan kishining ulug‘ yoki pastkashligini, uning boy yoki kambag‘alligi bilan o‘lchaydigan nodon qavm ekanligingizni bildirdingiz», deydi.

30. «Ey qavmim, agar men ularni haydasam, kim menga Allohdan (ya’ni, Allohning azobidan) yordam-najot berur? O’ylab ko‘rmaysizlarmi?!»

31. «Men sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», demayman. G’aybni (ko‘zdan pinhon narsa va hodisalarni) ham bilmayman. «Men farishtaman», ham demayman. Shuningdek, sizlar o‘zingizcha haqorat qilayotgan kishilar haqida: «Alloh ularga hech qanday yaxshilik bermaydi», deb aytmayman. Ularning dillaridagi narsani (ixlos-iymonni) Alloh juda yaxshi bilur. Aks holda (ya’ni, agar ular to‘g‘risida yuqoridagi so‘zlarni aytadigan bo‘lsam), men albatta zolimlardan bo‘lib qolurman».

32. Ular (kofirlar) dedilar: «Ey Nuh, mana biz bilan ko‘p-bahsu mujodala qilding. Endi agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni (ya’ni, azobni) keltir-chi».

33. (Nuh) dedi: «Uni sizlarga yolg‘iz Allohning o‘zi xohlagan paytida keltirur va sizlar (o‘shanda) hech qayoqqa qochib qutula olmassiz».

34. «Agar Alloh sizlarni yo‘ldan ozdirishni istasa, men nasihat qilishga uringanim bilan nasihatim sizlarga foyda bermaydi. Parvardigoringiz Uning O’zidir va faqat Uning O’ziga qaytarilursizlar».

35. Yoki ular (ya’ni Quraysh kofirlari): «Uni (ya’ni, Qur’onni Muhammadning) o‘zi to‘qib chiqargan», deydilarmi? Ayting (ey Muhammad): «Agar uni men to‘qib chiqargan bo‘lsam, gunohim o‘z bo‘ynimda. Ammo men sizlarning qilayotgan jinoyatingiz — kofirligingizdan pokman».


I z o h. Ushbu oyatning Nuh payg‘ambar haqidagi qissa o‘rtasida kelishiga sabab — Quraysh kofirlari bilan Nuh qavmidagi kofirlarning bir toifa ekanligidan ogohlantirishdir.

36-37. Nuhga vahiy qilindiki: «Qavmingdan faqat avvalda iymon keltirgan kishilardan boshqa hech kim iymon keltirmaydi. Bas, ularning (ya’ni, hanuz iymon keltirmagan kimsalarning) qilmishlaridan qayg‘urmagin va Bizning hifzi-himoyamizda va Bizning vahiy ta’limimiz bilan bir kema yasagin hamda zolim kimsalar haqida (ya’ni, ularga najot berishimni so‘rab) Menga xitob-iltijo qilmagin. Ular shak-shubhasiz, g‘arq qilinguvchidirlar».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #226 : 11 Avgust 2006, 08:40:26 »


38. U kemani yasar ekan, qachon oldidan o‘z qavmidan bo‘lgan (kofir) kimsalar o‘tsalar, uni masxara qilib kuldilar. U dedi: «Agar (bugun) sizlar bizdan kulsangizlar, bas, xuddi sizlar kulganingiz kabi biz ham sizlar (ning ustingiz)dan kulurmiz».

39. «Bas, yaqinda kimga sharmanda qilguvchi azob kelishini va kimning ustiga mangu azob tushishini bilib olajaksiz».

40. To Bizning farmonimiz kelib, yerdan favvoralar otilgan vaqtda, (Nuhga) dedik: «U kemaga har (jonivordan) bir juftdan va axli oilangni chiqargin. Lekin qaysi kimsalar xususida Bizning so‘zimiz (ya’ni, g‘arq bo‘lish haqidagi hukmimiz) o‘tgan bo‘lsa, (ularni ters qilgin. Bular barcha kofirlar va Nuh payg‘ambarning xotini Voila bilan o‘g‘li Kan’on edi). Yana iymon keltirgan kishilarning barchasini (kemaga chiqargin)!» Unga iymon keltirgan kishilar esa juda oz edilar.

41. U dedi: «Kemaga mininglar! Uning yurishi ham, turishi ham Alloh nomi bilan bo‘lur. Albatta, Parvardigorim mag‘firatli, mehribondir».

42. Kema ularni tog‘lardek to‘lqinlar orasida olib ketar ekan, Nuh bir chetda qolgan o‘g‘liga nido qildi: «Ey o‘g‘ilcham, biz bilan birga (kemaga) mingin, u kofirlar bilan birga qolmagin!»

43. U (o‘g‘li) dedi: «Men o‘zimni suvdan saqlaydigan biron tog‘ning ustiga chiqib ketajakman», (Nuh) aytdi: «Bugun Allohning amridan saqlaguvchi yo‘qdir, magar O’zi rahm qilgan kishilarnigina (saqlar)». (Shu payt) o‘rtalarini to‘lqin to‘sib qo‘ydi-da, (o‘g‘il) g‘arq qilinuvchilardan bo‘lib qoldi.

44. (So‘ngra): «Ey yer, suvingni yutgil, ey samo, o‘zingni tutgin (ya’ni, «yog‘ishni bas qil»), deyildi. Suv quridi, farmon bajarildi va (kema) Judiy tog‘i uzra to‘xtadi hamda: «Zolim qavmga xalokat bo‘lg‘ay», deyildi.

45. Nuh Parvardigoriga nido qilib, dedi: «Parvardigorim, albatta, o‘g‘lim mening ahli oilamdandir va shubhasiz, Sening (ahli oilamga najot berish xususidagi) va’dang haq va’dadir. Sen eng adolatli hukm qilguvchisan».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #227 : 11 Avgust 2006, 08:41:23 »


46. (Alloh) aytdi: «Ey Nuh, u sening axlingdan emas! Albatta u(ning qilgan amali kufr yo‘lini tutgani) yomon amaldir. Bas, o‘zing yaxshi bilmagan narsa haqida aslo Mendan so‘ramagin! Albatta, Men senga johil-nodonlardan bo‘lmaslikni buyuraman».

47. U (Nuh) dedi: «Parvardigorim, men Sendan o‘zim bilmagan narsani so‘rashdan panoh tilayman! Endi agar meni mag‘firat qilib, O’z rahmatingga olmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurman».

48. (Shunda) aytildi: «Ey Nuh, Bizning tinch, salomat saqlashimiz bilan va o‘zingga hamda sen bilan birga bo‘lgan kishilarning zurriyotlariga bo‘ladigan barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin. (Ya’ni, sen va senga iymon keltirgan kishilarga Biz tomondan tinchlik-omonlik va fayzu barakotlar yetar.) Yana boshqa (ya’ni, kofir) jamoalar ham kelurki, Biz ularni ham ozgina foydalantirurmiz, so‘ngra esa ularni Biz tomondan bo‘lgan alamli azob tutar».

49. (Ey Muhammad), bular Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Ilgari bularni na siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas (haq dinga da’vat qilishda kofirlarning yetkazayotgan ozorlariga) sabr qiling. Albatta, oqibat — natija Allohdan qo‘rquvchi kishilarnikidir.

50. Od qabilasiga o‘z birodarlari Hudni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Sizlar (xilma-xil butlarni) faqat o‘zlaringiz to‘qib olursizlar, xolos (ular xech qanday iloh emasdirlar)».

51. «Ey qavmim, men sizlardan bu (da’vatim uchun ajr-mukofot so‘ramayman. Mening ajr-mukofotim faqat meni yaratgan zot zimmasidadir. Axir aql yurgizmaysizlarmi?!»

52. «Ey qavmim, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz, so‘ng Unga tavba-tazarru qilingiz, shunda U zot ustingizga osmondan yomg‘ir quydirar va kuch-quvvatlaringizga yana kuch-quvvat qo‘shar. Jinoyatkor-gunohkor bo‘lgan holingizda yuz o‘girib ketmangiz!»


I z o h. Rivoyatlarga qaraganda, Od qavmi yerlariga uch yil yomg‘ir yog‘may qurg‘oqchilik bo‘lib, ularning qirilib ketishlariga oz qolgan edi. Faqat jismonan kuchli qavm bo‘lganlari sababligina zo‘r-bazo‘r kun kechirar ekanlar, Buning ustiga, ular bepushtlik dardiga duchor bo‘lgan edilar. Yuqoridagi oyat ularga: «Agar Parvardigorga tavba-tazarru qilsangizlar, osmondan to‘xtab qolgan yomg‘irni quydirib, yerlaringizni sersuv, unumdor qilur hamda kuch-quvvatlaringizni yanada ziyoda etib, avlodlaringizga yangi-yangi avlodlar qo‘shur», deb uqtiradi.

53. Ular dedilar: «Ey Hud, sen bizga (o‘zingning payg‘ambar ekanligingai tasdiqlaydigan) biron hujjat keltirmading. Bizlar sening quruq gaping bilan o‘z xudolarimizni tark qilguvchi emasmiz. Va bizlar senga iymon keltirguvchilar emasmiz».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #228 : 11 Avgust 2006, 08:42:08 »


54-55. «Bizlar faqat: «Seni xudolarimizdan biri, bir balo (ya’ni, majnun) qilib qo‘ygan», deymiz, xolos». U (Hud) aytdi: «Albatta, men Allohni guvoh keltiraman, yana o‘zlaringiz ham guvoh bo‘linglarki, men sizlarning Allohni qo‘yib, (Unga soxta-yolg‘on xudolarni) sherik qilishingizdan bezorman. Ana endi barchangiz bir bo‘lib, hech ta’xir qilmay-kechiktirmay menga qarshi bilgan hiylangizni qilaveringlar».

56. «Men faqat mening ham, sizlarning ham Parvardigorimiz bo‘lgan Allohga suyandim. O’rmalagan narsa borki, barchasi U zotning qo‘l ostidadir. Parvardigorim, shak-shubhasiz, To‘g‘ri yo‘ldadir».

57. «Endi agar (mening da’vatimdan) yuz o‘girsangizlar, bas, men sizlarga elchi qilib yuborilgan dinni yetkazdim. Parvardigorim (sizlarni halok qilib), o‘rningizga boshqa qavmni keltirur va sizlar (o‘z kufringiz bilan) U zotga biron ziyon yetkaza olmassiz. Albatta, Parvardigorim hamma narsani kuzatib turguvchidir».

58. Qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, azobimiz) kelganida, Hud va u bilan birga iymon keltirgan kishilarni O’z rahmat-marhamatimiz bilan qutqardik va ularga qattiq azobdan najot berdik.

59. Parvardigorlarining oyatlarini inkor qilgan, Uning payg‘ambarlariga isyon kilgan va barcha qaysar, zolimlar amru-farmonlariga bo‘yinsungan ana o‘shalardir.

60. Ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la’nat aytilur. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Od qabilasi Parvardigorlariga kofir bo‘lgan edilar. Ogoh bo‘lingizkim, Hudning qavmi bo‘lgan Od halokatga uchradi.

61. Samud qabilasiga o‘z birodarlari Solihni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. U sizlarni yerdan paydo qilib, unga joylashtirdi. Bas, Undan mag‘firat so‘ranglar va Unga tavba-tazarru qilinglar. Albatta, Parvardigorim yaqin va (duolarni) ijobat qilguvchidir».

62. Ular dedilar: «Ey Solih, sen ilgari bizning oramizdagi umidli kishi eding-ku. Endi bizlarni ota-bobolarimiz ibodat qilib kelayotgan butlarga ibodat qilishimizdan qaytarurmisan?! Albatta, bizlar sening da’vat qilayotgan diningdan shak-shubhadamiz».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #229 : 11 Avgust 2006, 08:42:36 »


63. U aytdi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va menga O’zining rahmati — payg‘ambarlikni ato etgan bo‘lsa-yu, (shundan keyin) men U zotga isyon qilsam, u holda Allohdan (ya’ni, uning azobidan) meni kim qutqarur?! Bas, sizlar (meni isyonga chorlashingiz bilan) ziyondan o‘zga narsa keltirmaysizlar!»

64. «Ey qavmim, mana bu Alloh (yuborgan) tuya sizlar uchun oyat-mo‘‘jiza bo‘lib keldi. Bas, uni Allohning yerida yeb-ichib yurgan holida qo‘yib yuboringlar va unga biron yomonlik yetkazmanglar, aks holda sizlarni yaqin azob ushlar».


I z o h. Solih payg‘ambarning qavmlari u zotdan haq payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlaydigan biron mo‘‘jiza ko‘rsatishni talab qilganlarida, payg‘ambar ularning ko‘z o‘nglarida bir xarsang toshni tirik tuyaga aylantirib qo‘yadilar va uni so‘ymay-o‘ldirmay o‘z holiga tashlab qo‘yishlarini buyuradilar. Aks holda, boshlariga balo kelishi haqida ogohlantiradilar.

65. Ular esa tuyani so‘yib yubordilar. Shunda (Solih) aytdi: «Uy-joylaringizda uch kun (tiriklik ne’matidan) bahramand bo‘lingiz. Mana shu chin va’dadir».

66. Endi qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, biz yuborgan balo) kelganida, Solih va U bilan birga iymon keltirgan kishilarga O’z rahmatimiz bilan (u azobdan) va o‘sha kundagi sharmandaliqdan najot berdik. Albatta, Parvardigoringiz haqiqiy kuch-qudrat egasidir.

67-68. Zolim kimsalarni esa dahshatli qichqiriq tutib, go‘yo u yerda hech qachon yashamagandek, turgan joylarida to‘kildilar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Samud (qabilasi) Parvardigorlariga kofir bo‘lgan edilar. Ogoh bo‘lingizkim, Samud (qabilasi) halokatga uchradi.

69. Darhaqiqat Bizning elchilarimiz — farishtalar Ibroximga (Ishoq ismli farzand ko‘rishi haqida) xushxabar bilan kelib, salom berdilar. U ham: «Salom», dedi-da, qarab turmay bir buzoqni qovurib keltirdi.

70. Endi qachonki u ovqatga qo‘l cho‘zmaganlarini ko‘rgach, ulardan shubhalandi va ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: «Qo‘rqmagin. Bizlar (farishtalarmiz taom yemaymiz), Lut qavmiga (ularni halok qilish uchun) yuborilganmiz», dedilar.

71. (Parda ortida Ibrohimning) xotini turgan edi. U (farishtalarning Lut qavmini halok qilish uchun kelganliklarini eshitib) kuldi — xursand bo‘ldi. Shunda Biz (farishtalarimiz vositasida) u ayolga Ishoq (ismli o‘g‘il ko‘rishi) haqida va Ishoqdan keyin Ya’qub (ismli nabira ko‘rishi) haqida xabar berdik.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #230 : 11 Avgust 2006, 08:43:08 »


72. U dedi: «Voy o‘lmasam, o‘zim kampir, erim qari chol bo‘lsa ham tug‘averamanmi? Bu juda qiziq ish-ku!»

73. Ular aytdilar: «Allohning amridan ajablanyapsanmi? Ey xonadon egalari, sizlarga Allohning rahmati va barokoti bo‘lgay. Albatta, U hamdu sano egasi va buyuk zotdir».

74-75. Endi qachonki Ibrohimdan qo‘rquv ketib, unga xushxabar yetgach, Biz (ya’ni, farishtalarimiz) bilan Lut qavmi (ularni halok qilishga shoshmaslik) haqida bahslasha boshladi. Zotan, Ibrohim haliym, ko‘ngilchan va ibodatli kishidir.


I z o h . Mufassirlarning yozishicha, Ibrohim alayhis-salom farishtalardan Lut qavmining halok qilinishi haqida eshitganida, ularga: «Agar u joyda kofirlar orasida ellikta musulmon ham bo‘lsa, baribir halok qilaverasizlarmi?» — degan ekan. Ular: «Yo‘q»,— deb javob qilishgach, «Agar qirqta musulmon bo‘lsa-chi?» — deb so‘raydi, Ular: «Yo‘q, halok qilmaymiz»,— deyishadi. Nihoyat, Ibrohim: «Agar u joyda bitta musulmon bo‘lsa-chi?» — deganida, ular yana: «Yo‘q, u kofirlar orasida bitta musulmon bo‘lsa ham, ularni halok etmaymiz», deb javob berishgach, Ibrohim: «Axir u yerda Lut bor-ku?» — deydi. Shunda farishtalar Lut va unga iymon keltirgan kishilarga Alloh taolo najot berishini aytadilar.

76. (Farishtalar aytdilar): «Ey Ibrohim, bu bahsni qo‘y. Chunki Parvardigoringning farmoni kelib bo‘lgan. Albatta, ularga qaytarib bo‘lmas azob kelguvchidir».

77. Qachonki elchilarimiz Lutning oddiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ularning kelishlaridan yuragi siqilib, dedi: «Bu kun og‘ir kundir».


I z o h . Farishtalar kelishidan Lutning siqilishiga sabab, ular yosh va xushro‘y yigitlar suratida kelishgan edi. Lut qavmidagi kofir kimsalar esa bachchabozlik dardiga mubtalo edilar. Shuning uchun Lut payg‘ambar ular bu yigitlarning kelganini payqab qolishib, bema’nilik qilishlaridan xavotirlanib, yuqoridagi so‘zlarni aytdi.

78. (Darhaqihat, Lut payg‘ambarning huzuriga yigitlar kelganini eshitishgach) qavmi uning oldiga chopib kelishdi, ilgaridan yomon ishlar — bachchabozlik qilar edilar. U aytdi: «Ey, qavmim, anavi qizlarim (ya’ni, shahrimizdagi qizlar) sizlar uchun pokroq-ku (ya’ni, o‘shalarga uylanaversangizlar bo‘lmaydimi)?! Bas, Allohdan qo‘rqinglar va mehmonlarim oldida meni sharmanda qilmanglar. Orangizda biron to‘g‘ri yo‘lga yurguvchi kishi yo‘qmi?!»

79. Ular dedilar: «Sen qizlaringga muhtoj emasligimizni aniq bilasan. Shuningdek, biz nimani istashimizni ham juda yaxshi bilasan».

80. (Lut) dedi: «Qani edi, sizlarga kuchim yetsa yoki kuchli bir suyanchig‘im bo‘lsa».

81. (Shunda farishtalar) aytdilar: «Ey Lut, biz Parvardigoringning elchilarimiz. Ular senga hargiz tega olmaslar. Bas, sen kechaning (qolgan) qismida ahli oilangni olib chiqib ketgin va sizlarning ichingizdan xotiningdan boshqa hech kim atrofga alanglamasin! Zotan, unga (xotiningga) ham ularga yetgan balo yetguvchidir. Ularga va’da qilingan vaqt subhdir. Subh yaqin emasmi?!»


I z o h. Lut va hamrohlariga chiqib ketayotganlarida atrofga alanglamaslik buyurilishining sababi ular qolganlarning boshiga kelgan balo-ofatni ko‘rib qiynalmasliklari uchundir. Lutning xotini esa o‘sha kofirlar guruhidan edi. Shu boisdan, eri bilan qishloqdan chiqib ketar ekan, atrofga alanglab, qolayotgan do‘stlarining boshlariga tushayotgan baloni ko‘rgancha, «Ey qavmim-a!» deyishi bilan bir tosh kelib tegib, o‘sha ketayotgan joyida til tortmay o‘ladi. Lut alayhis-salom o‘z qavmining kufridan shu qadar g‘azablangan ediki, ularning darhol halok bo‘lishlarini istagan va subhgacha hayot bo‘lishlarini ham uzoq deb bilgan edi. Shu sababdan farishtalar unga: «Subh yaqin emasmi?» deb xitob qiladilar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #231 : 11 Avgust 2006, 08:44:09 »


82-83. Endi qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni azobimiz) kelganida, u joylarni ostin-ustun qilib yubordik va ularning (kofirlarning) ustiga Parvardigoringiz dargohida belgilab qo‘yilgan sopol toshlarni paydar-pay yog‘dirdik. (Ey Muhammad), u joylar bu zolimlardan (ya’ni Makka mushriklaridan) yiroq emasdir, (ya’ni, o‘sha kofirlarning oqibati nima bo‘lganini ko‘rib ibrat olsalar bo‘lmaydimi?!)

I z o h . «Parvardigoringiz dargohida belgilab qo‘yilgan sopol toshlar»ning ma’nosi har bir toshga u kimga borib tegishi yozib qo‘yilganidir.

84. Madyan qavmiga o‘z birodarlari Shu’aybni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Va o‘lchov va tarozidan urib kolmanglar. Men sizlarning yaxshilikda (ya’ni to‘kin-sochinlikda) ekanligingizni ko‘rib turibman. Va men (agar iymon keltirmasangizlar) sizlarning ustingizga o‘rab oluvchi Kun — qiyomatning azobi tushishidan qo‘rqaman».

85. «Ey qavmim, o‘lchov va tarozini adolat bilan to‘la tortingiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yerda buzg‘unchilik bilan sanqib yurmangiz!»

86. «Agar mo‘min bo‘lsangizlar (harom-harish yo‘llar bilan boy-badavlat bo‘lgandan ko‘ra) Alloh qoldirgan (halol) narsa sizlar uchun yaxshiroqdir. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman».

87. Ular (masxara qilib) dedilar: «Ey Shu’ayb, bizlar ota-bobolarimiz ibodat qilib kelayotgan butlarni tark qilishimiz kerakligini yoki o‘z mol-mulkimizni o‘zimiz xohlagandek tasarruf qilmasligimiz kerakligini senga o‘qiyotgan namozing buyurmoqdami? Haqiqatan, sen juda ko‘ngilchan va haliym va rashid (to‘g‘ri yo‘lni topib olgan) kishisan-da!»

88. U aytdi: «Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo‘lsam va U zot meni O’z tomonidan go‘zal rizq bilan rizqlantirgan bo‘lsa (shu halol rizqni haromga aralashtirishim kerak-mi?!) Men sizlarga xilof qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani (ya’ni, halol-haromga aralashtirishni) o‘zim qilishni istamayman. Men faqat imkonim boricha isloh qilishni istayman, xolos. Va (bunga) yolg‘iz Allohning yordami bilangina muvaffaq bo‘lurman. O’ziga suyandim va O’ziga iltijo qilurman».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #232 : 11 Avgust 2006, 08:44:44 »


89. «Ey qavmim, tag‘in menga bo‘yinsunmasligingiz sizlarga ham Nuh qavmiga yo Hud qavmiga yoki Solih qavmiga yetgan balolar yetishiga sabab bo‘lmasin. Lut qavmi ham sizlardan yiroq emasdir».

90. «Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz, so‘ng Unga tavba-tazarru qilingiz! Albatta, Parvardigorim (tavba qilguvchilarga) marhamat qilguvchi va (ularni) do‘st tutguvchidir».

91. Ular dedilar: «Ey Shu’ayb, sen aytayotgan narsalarning ko‘pini anglab yetmayotirmiz va oramizda ojiz bir kimsa ekaningni ko‘rib turibmiz. Agar qavmu qarindoshlaring bo‘lmaganida, albatta seni toshbo‘ron qilgan bo‘lur edik. Sen bizlar uchun aziz - mo‘‘tabar kishi emassan».

92. U aytdi: «Ey qavmim, mening qavmu qarindoshlarim sizlar uchun Allohdan ham azizroqmiki, U zotga orqa o‘girib oldingiz? (Ya’ni sizlar mening qavmu qarindoshimni emas, balki Allohni hurmat qilishingiz lozim emasmi?) Shubhasiz, Parvardigorim qilayotgan amallaringizni bilib - ihota qilib turguvchidir».

93. «Ey qavmim, o‘zingiz bilgan ishni qilavering, men ham (o‘z ishimni) qilguvchiman. Yaqinda kimga sharmanda qiladigan azob kelishini va kim yolg‘onchi ekanini bilib olursiz. Ko‘z tutaveringlar, men ham sizlar bilan birga ko‘z tutguvchiman».

94-95. Qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni azobimiz) kelganida, Shu’aybga va u bilan birga iymon keltirgan kishilarga o‘z rahmatimiz bilan najot berdik. Zolim kimsalarni esa dahshatli qichqiriq tushib, go‘yo hech qachon (dunyoda) yashamagandek, o‘z diyorlarida to‘kilib qoldilir. Ogoh bo‘lingizkim, xuddi Samud qabilasi halokatga uchragani kabi Madyan qavmi ham halokatga uchradi.

96-97. Darhaqiqat, Musoni o‘z oyat-mo‘‘jizalarimiz bilan Fir’avn va uning odamlariga (payg‘ambar qilib) yuborganimizda, ular Fir’avnning amriga bo‘yinsundilar. Holbuki, Fir’avnning amri to‘g‘ri emasdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #233 : 11 Avgust 2006, 08:44:55 »


98. U (Fir’avn) qiyomat kunida o‘z qavmini boshlab borib do‘zaxga tushirur. U tushiladigan eng yomon joydir!

99. Ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la’nat aytilur, u (jazo) beriladigan eng yomon «yordam»dir.

100. (Ey Muhammad), mana shu Biz sizga so‘ylab berayotgan shaharlarning xabarlaridandir. Ulardan hali-hanuz obod-sog‘ turganlari ham bor, o‘rilib bitgan halok bo‘lib (yo‘qolib ketganlari) ham bordir.

101. Ularga Biz zulm qilmadik, balki o‘zlariga o‘zlari zulm qildilar, bas, qachonki, Parvardigoringizning farmoni (ya’ni azobi) kelganida, Allohni qo‘yib, iltijo qiladigan butlari ularni hech narsadan behojat qilmadi va ularga ziyondan o‘zga biron narsa keltirmadi.

102. Parvardigoringiz (axli-egalari) zolim bo‘lgan shaharlarni ushlaganida, mana shunday ushlar. Uning ushlashi-azobi alamli va qattiqdir.

103. Albatta bu qissalarda oxirat azobidan qo‘rqqan kishilar uchun oyat-ibratlar bordir. U Kun barcha odamlar to‘planadigan va hozir bo‘linadigan Kundir.

104. Biz uni faqat sanoqli muddatgacha ta’xir qilib, kechiktirib turamiz, xolos.

105. U Kun kelganida, biron jon gapirmas, magar Uning (Allohning) izni bilangina gapirur. Bas, u (Kunga hozir bo‘lganlar) orasida baxtsizi ham bo‘lur, baxtlisi ham.

106. Bas, endi badbaxt kimsalar do‘zaxda bo‘lib, u joyda ohu faryod qilar.

107. Ular unda osmonlar va yer turguncha qolurlar, magar Parvardigoringiz xohlasa (yana O’zi xohlagan hukmini qilur). Zotan, Parvardigoringiz faqat O’zi istagan ishni qilguvchi zotdir!


I z o h . Islomiy aqidaga ko‘ra, Alloh taolo ikki olam podshohi bo‘lgani uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham barcha ishlar faqat Uning istak-xohishiga mavqufdir. Binobarin, mo‘minlar «biz jannatimiz» deb o‘zlaridan ketmasliklari, gunohkorlar esa «bizning do‘zaxga tushishimiz aniq», deb noumidlikka berilmay, o‘zlarini o‘nglab haq yo‘lga intilishlari lozimdir.

108. Endi baxtiyor zotlar esa jannatda bo‘lib, u joyda osmonlar va yer turguncha tururlar, magar Parvardigoringiz xohlasa (yana O’zi xohlagan hukmini qilur). Bu (ya’ni jannatga tushish baxtiga erishish Parvardigoringizning) tuganmas in’omidir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #234 : 11 Avgust 2006, 08:45:07 »


109. Bas, siz, (ey Muhammad), ana ular (ya’ni mushriklar) ibodat qilayotgan narsadan shak-shubhada bo‘lmang (ya’ni ularning nohaq yo‘lda ekanliklari aniqdir). Ular ham xuddi ota-bobolari kabi ibodat qilmoqdalar (butga sig‘inmoqdalar), xolos (ularni ham ota-bobolarini halok qilganimiz kabi halok qilurmiz). Albatta, Biz ularning nasibalarini (ya’ni jazolarin) to‘la qilib berurmiz.

110. Darhaqiqat, Biz Musoga Kitob (ya’ni Tavrot) berganimizda, u haqda ixtilof qilingan edi (ya’ni, ayrim kishilar unga iymon keltirgan bo‘lsalar, ayrimlar uni inkor qildilar). Agar Parvardigoringiz tomonidan (barcha hisob-kitob qiyomat kunida bo‘ladi, degan) So‘z o‘tmaganida, ularning o‘rtasida (shu dunyodayoq kim haq, kim nohaq ekanligi haqida) hukm chiqarilgan bo‘lur edi. Albatta, ular (ya’ni Makka mushriklari) u haqda (ya’ni Qur’on xususida) shak-shubha ostidadirlar.

111. Qasamki, albatta barcha xaloyiqqa qilgan amallarining jazosini Parvardigoringiz komil qilib berur. Albatta, U zot ularning qilayotgan amallaridan xabardor — ogohdir.

112. Bas (ey Muhammad), siz va siz bilan birga tavba qilgan zotlar o‘zingizga buyurilgani yanglig‘ To‘g‘ri yo‘lda bo‘lingiz! Tug‘yonga tushmangiz! Albatta, U zot qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.


I z o h . Rivoyat qilinishicha, Qur’on oyatlaridan biron oyat Muhammad alayhis-salomga yuqoridagi oyatchalik qiyin - og‘ir ko‘rinmagan ekan. Zero, u kishi payg‘ambar bo‘lganlari uchun ham To‘g‘ri yo‘lda Alloh buyurganicha yashab o‘tish naqadar qiyin ekanligini hammadan yaxshiroq anglar edilar. Shuning uchun ham u zot mana shu oyat nozil bo‘lganida «Shayyabatniy Hud» — ya’ni, «Hud meni qaritdi», degan ekanlar.

113. Zulm yo‘lini tutgan kimsalarga berilib ketmanglar (ergashmanglar). Aks holda sizlarga do‘zax o‘ti yetar. Sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st yo‘qdir. Keyin (ya’ni zolimlarga ergashsangiz) sizlarga yordam berilmas.

114. Kunduzning har ikki tarafida va kechadan bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qiling! Albatta, yaxshi amallar yomonlik-gunohlarni ketkazur. Bu quloq tutguvchilar uchun eslatmadir.

115. (Ey Muhammad, mashaqqat va ozorlarga) sabr qiling! Zotan, Alloh chiroyli amal qilguvchilarning ajr-mukofotlarini zoe etmas.

116. Bas, sizlardan avvalgi asrlarda o‘tganlar orasida ham yerda buzg‘unchilikdan qaytaradigan boqiy (din) egalari bo‘lganlarida edi. Ularning ichlarida faqat Biz najot bergan kamdan-kam kishilargina (shunday zotlar edilar). Zolim kimsalar esa o‘z maishatlariga berilib ketdilar va jinoyatchi bo‘lib qoldilar.

117. Parvardigoringiz u shaharlarning O’zlarini tuzatib (haq yo‘lga yurgan) aholisini zulm bilan halok qilgan emasdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #235 : 11 Avgust 2006, 08:45:37 »


118-119. Agar Parvardigoringiz xohlaganida, barcha odamlarni bir millat (ya’ni bir dinga ergashuvchi) qilgan bo‘lur edi. (Lekin U Zot bunday qilishni istamadi. Shuning uchun) ular (odamlar) mudom ixtilof qilurlar, magar Parvardigoringiz rahm qilgan kishilargina (haq yo‘lda ittifoq bo‘lib yasharlar). Ularni shuning uchun (ya’ni birovlari haq yo‘lda xidoyat topishlari, boshqalari nohaq yo‘llarda talashib-tortishib yurishlari uchun) yaratgandir. Parvardigoringizning “Men jahannamni (kofir) jin va kofir odamlarning barchasi bilan to‘ldirurmen”, degan So‘zi to‘la haq bo‘ldi.

120. (Ey Muhammad), sizga payg‘ambarlarning xabarlaridan dilingizni mustahkam qiladigan qissalarni so‘ylab berurmiz va bu qissalarda sizga haqiqat va pand-nasihat hamda barcha mo‘minlar uchun eslatmalar keldi.

121-122. Iymon keltirmaydigan kimsalarga ayting: «O’zlaringiz bilgan amallaringizni qilaveringiz, biz ham o‘z amalimizni qilguvchimiz. Hamda (qilayotgan ishlaringizning oqibatini) kutaveringiz, biz ham kutuvchilarmiz.

123. Osmonlar va yer faqat Allohnikidir va barcha ishlar Uning O’ziga qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va O’ziga suyaning! Parvardigoringiz qilayotgan amallaringizdan g‘ofil — bexabar emasdir.



YUSUF SURASI

Bir yuz yigirma uch oyatdan iborat bu sura Makkada nozil bo‘lgan va payg‘ambarlar hayotidan hikoya qiluvchi suralardan biridir. Unda asosan Allohning payg‘ambarlaridan Yusuf ibn Ya’qubning hayoti zikr qilinib, u zotning boshiga tushgan balolar, og‘a-inilari va begonalardan ko‘rgan kulfatlari — chohga tashlanganlari, tuhmatga yo‘liqqanlari, zindonband bo‘lganlari... haqida va bunday og‘ir ko‘rgiliklarga sabr-toqat qilishlari natijasida oxir-oqibat zindon azobidan xalos qilinib, butun Misr zaminining mulku xazinasiga ega bo‘lganlari xususida so‘z boradi.

Bu sura Hud surasidan keyin — Muhammad alayhis-salom hayotlarining eng qora kunlarida — yaqinlari Hadicha va Abu Tolibdan ajragan, mushriklar tomonidan ozor-aziyatlar chekib qiynalib yurgan kezlarida nozil bo‘lgandir. Go‘yo Alloh taolo O’zining suyukli payg‘ambariga va qolaversa, u zotning barcha ummatlariga agar boshlariga tushgan baloyu kulfatlarga va diyonatsiz kimsalarning zulmu zo‘ravonliklariga sabr-qanoat qilib o‘zlarining Haq yo‘lidagi kurashlaridan tolmay, Allohning dinidan qolmay sobitqadam bo‘lsalar, Parvardigori olam ularni zulmatlardan va toru tanglikdan xalos qilib, nurli, baxt-saodatli kunlarga yetkazajagini uqtirayotgandek. Bu suraning nazmu uslubida o‘zgacha latofat, ayricha joziba mavjudki, islom olamidagi eng buyuk qalam ahllari undan mutaassir bo‘lib, she’ru dostonlar bitganlar, ulamolar esa, bu sura xususida jild-jild kitoblar tasnif etganlar. Shunday asarlardan birida «Yusuf surasi jannat ahllari jannatda ham rohat bilan tilovat qilib yuradigan suralardandir», deyilgan bo‘lsa, yana birida: «Har Qanday g‘am-tashvishga botgan mahzun kishi Yusuf surasini eshitishi bilan orom-osoyish topur», deyiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Ro. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.

2. Darhaqiqat, Biz uni (bu oyatlarni) aqllaringizni yurgizishingiz uchun arabiy Qur’on holida nozil qildik.

3. (Ey Muhammad), Biz sizga ushbu Qur’on (surasi)ni vahiy qilish bilan qissalarning eng go‘zalini so‘ylab berurmiz. Holbuki (Qur’on nozil bo‘lishi)dan ilgari, siz (bu qissadan) bexabar kishilardan (biri) edingiz!

4. Eslang, Yusuf otasiga degan edi: «Ey ota, men tushimda o‘n bir yulduzni, yana quyosh va oyni ko‘ribman. Hammalari menga sajda qilishayotgan emish».


I z o h. Bu tushni ko‘rganda Yusuf o‘n ikki yoshda edi. Tushdagi quyosh bilan oy uning ota-onasi, o‘n bir yulduz esa og‘a-inilari edi. Darvoqe, uning ota bir, ona boshqa o‘n og‘asi va ota ham ona ham bir Binyamin ismli bir og‘asi bo‘lgan. Yusufning bu ko‘rgan tushi o‘ngga aylanishiga hali qirq sana bor edi.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #236 : 11 Avgust 2006, 08:46:18 »


5. U (otasi) dedi: «Ey o‘g‘ilcham, bu tushingni og‘a-inilaringga hargiz ayta ko‘rma, toki ular senga qarshi biron hiyla qilmasinlar.Chunki shayton inson uchun ochiq dushmandir».

6. Shuningdek, (ya’ni, senga shunday ulug‘ tush ko‘rishni nasib etgan kabi) Parvardigoring seni (payg‘ambarlik uchun) tanlar va senga barcha tushlarning ta’birini bildirur hamda xuddi ilgari ajdodlaring Ibrohim va Ishoqqa komil qilib bergani kabi, senga va Ya’qubning (boshqa) farzandlariga ham, O’zining (payg‘ambarlik) ne’matini komil qilib berur. Albatta, Parvardigoring ilm va hikmat sohibidir.

7. Darhaqiqat, Yusuf va uning og‘a-inilari (haqidagi qissa)da so‘raguvchilar uchun oyat-ibratlar bordir.

8. O’shanda ular (Yusufning o‘gay og‘alari) aytgan edilar: «Garchi biz ko‘pchilik bo‘lsak-da, shak-shubhasiz, Yusuf va uning birodari (Binyamin) otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Darhaqiqat otamiz ochiq zalolatdadir.

9. Yusufni o‘ldiringlar, yoki biron yerga olib borib tashlanglar, (shundagina) otalaringiz faqat sizlarga boqar. Keyin esa (tavba-tazarru qilib) yaxshi qavm bo‘lib olursizlar».

10. (Shunda) ulardan bir so‘zlaguvchi dedi: «Yusufni o‘ldirmanglar, balki agar (undan qutulish uchun) biron ish qilmoqchi bo‘lsangizlar, uni quduq qa’riga tashlab yuboringlar, yo‘lovchi karvonlar olib ketsin».

11. (Ular shunday qarorga kelganlaridan so‘ng, Ya’qub alayhis-salomning oldiga kelib) dedilar: «Ey ota, ne sababdan Yusufni bizga ishonmaysan? Axir biz uni, shak-shubhasiz, xolis yaxshi ko‘ruvchilarmiz-ku.

12. Uni ertaga biz bilan aylanishga yuborgin, o‘ynab-yozilib kelsin. Albatta, biz uni qo‘riqlab-muhofaza qilguvchilardirmiz».

13. (Ya’qub) dedi: «Uni olib ketishlaringiz meni mahzun qilur. Men, sizlar g‘aflatda qolib, uni bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqurman».


I z o h. Naql qilishlaricha, Ya’qub payg‘ambar Yusufga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, undan biron lahza bo‘lsin, ajralishga toqat qila olmas edilar. Yuqoridagi oyatda mazkur bo‘lgan so‘zlari bilan u zot, bir tomondan, o‘g‘illariga uzr aytgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan o‘zlari sezmagan holda, ularning shum niyatlariga bahona topib berdilarki, bu haqda keyingi oyatlarda zikr qilinadi.

14. Ular dedilar: «Kasamki, agar biz butun bir jamoat bo‘lgan xolimizda (g‘aflatda qolib) uni bo‘ri yeb ketsa, demak, biz, shak-shubhasiz, ziyon ko‘rguvchi — halok bo‘lguvchilardirmiz».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #237 : 11 Avgust 2006, 08:47:51 »


15. Bas, kachonki uni olib ketishib, so‘ngra quduq qa’riga tashlashga qasd qilgan vaqtlarida, Biz unga (Yusufga): «Sen albatta (vaqti kelib) og‘a-inilaringga bu qilmishlari haqida xabar berursan. Ular (o‘shanda, sen Yusuf ekaningni) sezmaydilar ham», deb vahiy qildik.

16-17. Ular kechqurun otalari oldiga yig‘lagan hollarida kelishib: «Ey ota, bizlar Yusufni narsalarimiz oldida qoldirib quvlashib ketgan edik, uni bo‘ri yeb ketibdi. Endi rost gapirsak ham sen bizlarga aslo ishonmaysan», dedilar.

18. Va uning (Yusufning) ko‘ylagini yolg‘on qonga (ya’ni bir qo‘yni so‘yishib o‘shaning qoniga) bo‘yab keltirdilar. (Shunda Ya’qub) aytdi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi-nafslaring biron (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabr qilmoqdir. Sizlar so‘zlayotgan bu narsa (ayriliq-musibat) ustida madad so‘raladigan zot yolg‘iz Allohdir».


I z o h. Yuqoridagi oyatda iymonning asosiy ruknlaridan biri bo‘lmish «chiroyli sabr qilmoq» iborasi mazkur bo‘ldi. Odamzod shunday yaratilganki, boshiga kelgan balo-musibatdan yig‘lab-siqtab besabrlik qiladi. Lekin har qanday odam ham asta-sekin kelgan ko‘rgulikka ko‘nikib, endi sabr qilish lozimligini anglab yetadi. Allohga va barcha yaxshi-yomon ishlar yolg‘iz Uning amri bilan bo‘lishiga sidqidildan iymon keltirgan kishilar esa musibat tushgan birinchi lahzadanoq dod-voysiz «chiroyli sabr» qila olar ekanlar. Bu xususida o‘zining yeru ko‘kka ishonmaydigan farzand-dilbandidan ajralib qolgani haqidagi xabarni eshitgan zahoti «chiroyli sabr» qilishga rozi bo‘lgan Ya’qub alayhis-salom to qiyomat iymon-e’tiqod egalari uchun ibratdir. Sabr nima ekanligi haqida payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom esa shunday marhamat qilganlar: «Baloning birinchi zarbasi paytidagi sabrgina chin sabrdir».

19. (Yusuf quduqqa tashlanganining uchinchi kuni, u ochlikdan azoblanib yotganida) bir karvon kelib, o‘zlarining suv izlovchilarini (suv keltirgani) yuborganlarida, u chelakni (quduqqa) tashlagan edi, (suvning o‘rniga chelakka osilib Yusuf chiqdi. Shunda u): «Suyunchi beringlar, bu bola-ku!» deb yubordi. So‘ng uni sotiladigan narsalari qatori yashirib qo‘ydilar. Alloh ularning qilayotgan amallarini bilib turguvchidir.

20. (Keyin, karvon Misrga yetib kelgach), uni arzon bahoda — bir necha tangaga sotib (Chunki) ular (Yusufga) qiziqmagan edilar.


I z o h. Karvonning Yusufni arzon bahoda sotib yuborganiga yana bir sabab, uning egasi chiqib qolishidan qo‘rqishgani edi. Ammo Yusuf bir balodan — chohdan qutulib, ikkinchi baloga – tutqunlik, qullikka tutildi.

21. Uni Misrdan sotib olgan (Misr shahrining hokimi — Qitfiyr degan) kishi xotini (Zulayho)ga: «Uni yaxshilab joylashtirgan. Shoyad bizga biron foydasi tegib qolsa yoki o‘zimizga bola qilib olarmiz». dedi. Mana shunday qilib (ya’ni o‘limdan, chohdan qutqarib va Misr hokimining ko‘nglini moyil qilish bilan) Yusufni — unga barcha tushlarning ta’birini bildirish uchun,— o‘sha yerga (Misr hokimining uyiga) joylashtirib qo‘ydik. Alloh O’z ishida g‘olibdir (ya’ni, Uni O’zi xoxlagan ishni qilishdan hech kim man’ qila olmaydi), lekin odamlarning ko‘plari (buni) bilmaydilar.

22. Qachonki (Yusuf) voyaga yetgach, unga hikmat va bilim berdik. Biz chiroyli amal qilguvchi zotlarni mana shunday mukofotlaymiz.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #238 : 11 Avgust 2006, 08:49:49 »


23. U (Yusuf) uyida bo‘lgan ayol (ya’ni, Zulayho, uning husnu malohatiga oshiqi beqaror bo‘lib) uni yo‘ldan urmoqchi bo‘ldi. Eshiklarni mahkam berkitib «kelaqolgin», deganida, (Yusuf) aytdi: «Alloh saqlasin. Axir u (ya’ni, ering) menga yaxshi joylar bergan hojam-ku! Albatta, zolim kimsalar (ya’ni, zinokorlar) aslo najot topmaslar».

24. Haqiqatan, (Zulayho) unga (ya’ni, Yusufning visoliga) intildi. Agar Parvardigorining ochiq hujjat-alomatini ko‘rmaganida, (Yusuf) ham unga (Zulayhoga) moyil bo‘lar edi. Undan (Yusufdan) yomonlik va buzuqlikni chetlatish uchun mana shunday qildik (ya’ni uni O’z hifzu himoyatimizda asradik). Zero, u pokiza bandalarimizdandir.

25. (Ikkalasi ham) eshik tomonga chopishdi va (Zulayho Yusufga yetib olib) uning ko‘ylagini orqa tomondan yirtib yubordi. Eshik oldida esa (Zulayhoning) hojasi — eriga yo‘liqib qolishdi. (Shunda Zulayho eriga qarab): «Sening oilangga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan kimsaning jazosi yo zindon, yoki alamli azobdir», dedi.

26. (Yusuf) aytdi: «Uning o‘zi meni yo‘ldan urmoqchi bo‘ldi». (Shu payt Zulayhoning) urug‘laridan biri guvohlik berib (dedi): «Agar uning ko‘ylagi old tomondan yirtilgan bo‘lsa, u holda (Zulayhoning) gapi rostdir va (Yusuf) yolg‘onchilardandir.

27. Agar ko‘ylagi orqa tomondan yirtilgan bo‘lsa, u holda (Zulayho) ning gapi yolg‘ondir va (Yusuf) rostgo‘ylardan bo‘lur».


I z o h. Rivoyat qilishlaricha, mazkur guvohlik beruvchi Zulayhoning amakivachchasi bo‘lib, beshikdagi chaqaloq edi. Ne tongki, Tangri taolo O’zining ma’sum payg‘ambari Yusufni ma’sum bir go‘dak tili bilan oqlaydi.

28. Endi qachonki (Zulayhoning eri Yusufning) ko‘ylagi orqa tomonidan yirtilganini ko‘rgach: «(Ey ayollar-a), albatta bu (ish) sizlarning makr-hiylalaringizdandir. Darhaqiqat, sizlarning makrlaringiz juda zo‘rdir».

29. «Yusuf, sen bu (ishni) unutgin, sen esa (ey Zulayho), qilgan gunohingga istig‘for ayt – tavba qil. Chunki sen adashgan kimsalardan bo‘lding», dedi.


I z o h. Yuqoridagi oyatda kofir jamiyatdagi hokim tabaqaning qanchalik nopok usti yaltiroq, mag‘zu-mohiyati esa chirik bo‘lishi ikki og‘iz so‘zda ilohiy qalam bilan chizib berilgan: «Yusuf, sen bu ishni unutgin». Er oilasidagi bevafolik, nopoklikdan xabardor bo‘lgach, uni faqat bir narsa tashvishga solib: «Odamlar bilmasin, sen buni unut, hech kimga ayta ko‘rma», dedi. Ma’naviyat inqirozini bundan yaqqolroq ifodalab bo‘lmas. Lekin odamlar bu mojarodan xabardor bo‘ladilar va...

30. Shahardagi ayollar: «Hokimning xotini o‘z xizmatkorini yo‘ldan urmoqchi bo‘libdi. Rosa yuragidan uribdi-da! Albatta bizlar uni ochiq zalolatda deb bilamiz», dedilar.
« So'nggi tahrir: 13 Iyun 2011, 09:27:44 muallifi AbdulAziz »
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #239 : 11 Avgust 2006, 08:50:37 »


31. Endi qachonki (Zulayho) ularning ig‘volarini eshitgach, ularga odam yubordi va (kelganlaridan keyin) suyanib o‘tiradigan joy tayyorladi hamda (anvoyi meva-chevalar bilan dasturxonni to‘ldirib) ulardan har biriga bittadan pichoq berib qo‘ydi. Keyin (Yusufga) «ularning oldiga chiqqin», dedi. Bas, qachonki uni ko‘rishgach (ular beixtiyor uni) olqishladilar va (o‘zlari sezmagan hollarida, qo‘llaridagi pichoqlari bilan) o‘z qo‘llarini kesa boshladilar. Hamda: «Ey pok Alloh, bu bashar (farzandi) emas, bu asil farishtaning o‘zi-ku», deb yubordilar.

32. (Shunda Zulayho): dedi: «Mana shu yigit haqida sizlar meni malomat qilgan edingiz. Darhaqiqat, uni yo‘ldan urmoqni bo‘lganimda, u pokdomonlik qildi – bo‘yinsunmadi. Qasamki, agar mening amrimni bajarmas ekan, albatta zindonga tashlanur va xor-zor qilinur». 
33. (Yusuf) dedi: «Parvardigorim, men uchun bular meni chorlayotgan narsadan ko‘ra zindon yaxshiroqdir. Agar O’zing mendan ularning makrlarini nari qilmasang, ularga ko‘ngil berib nodon kimsalardan bo‘lib qolurman».

34. Bas, Parvardigori (Yusufning duosini) ijobat qilib, ularning makrlarini undan nari qildi. U zot, shak-shubhasiz, eshitguvchi, bilguvchidir.

35. So‘ngra, ularga (ya’ni Misr hokimi va uning odamlariga Yusuf pok ekanligi haqidagi) oyat-alomatlarni ko‘rganlaridan keyin, uni bir vaqtgacha (ya’ni gap-so‘zlar tinguncha) zindonband qilib turish ma’qul ko‘rindi.

36. Zindonga u bilan birga yana ikki yigit tushgan edi. Ulardan biri (ya’ni, ilgari hokimning soqiysi bo‘lgan yigit): «Men tushimda sharob tayyorlayotgan emishman», dedi. Boshqasi esa (ya’ni, ilgari hokimning novvoyi bo‘lgan yigit): «Men boshim ustida non ko‘tarib turganmishman, qushlar undan yeyayotgan emishlar. Sen bizga shuning ta’birini aytib bersang. Biz sening chiroyli amallar qilguvchi kishi ekanligingni ko‘rib turibmiz», dedi.

37. (Yusuf) aytdi: «Men sizlarga rizq bo‘ladigan (har qanday) taom oldingizga kelishidan ilgari uning qanday taom ekanini ta’vilini aytib bera olaman. Bu Parvardigorim menga bildirgan narsalardandir. Chunki men Allohga iymon keltirmaydigan va oxiratni mutlaqo inkor qiluvchi qavmning millati – dinini tark etgan kishiman».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

 

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

Muallif Muhammad AminBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 621
Ko'rilgan: 466027
So'nggi javob 07 Iyun 2009, 02:24:43
muallifi AbdulAziz
Qur'oni karim tafsir va tarjimalari

Muallif AbdulAzizBo'lim Islom

Javoblar: 6
Ko'rilgan: 28629
So'nggi javob 30 Oktyabr 2009, 18:41:42
muallifi yoqimtoyqiz
Qur'oni karim oyatlari rasmlarda

Muallif MuhammadBo'lim Islomiy media

Javoblar: 36
Ko'rilgan: 28429
So'nggi javob 02 Yanvar 2009, 17:29:09
muallifi zuhrahon
Qur'oni Karim mo'jizalari

Muallif RobiyaBo'lim Islomiy media

Javoblar: 17
Ko'rilgan: 17255
So'nggi javob 13 Aprel 2008, 00:32:30
muallifi lolo
Qur'oni karim nomlari

Muallif Muhammad AminBo'lim Islom

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 4527
So'nggi javob 13 Noyabr 2007, 11:13:48
muallifi Muhammad Amin