Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 797972 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 61 B


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:56:14



38. «Va men ajdodlarim Ibrohim, Ishoq va Ya’qublarning millati — diniga ergashganman. Biz (ya’ni payg‘ambarlar) uchun Allohga biron narsani sherik qilish joiz emasdir. Bu (ya’ni yolg‘iz Allohgagina bandalik qilish ne’mati) Allohning biz — payg‘ambarlarga va barcha odamlarga qilgan fazl-marhamatlaridandir. Lekin odamlarning ko‘plari shukr qilmaydilar.

39. Ey hamzindon do‘stlarim, tarqoq turli-tuman «xudolar» yaxshiroqmi yoki yagona va g‘olib Allohmi?

40. Sizlar esa, U zotni qo‘yib, o‘zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlar-butlargagina ibodat qilasizlar. Axir Alloh ularga (ibodat qilish haqida) biron hujjat tushirmagan-ku? Hukm-hokimlik faqat Allohnikidir. U zot sizlarni faqat O’zigagina ibodat qilishga buyurgandir. Eng to‘g‘ri din mana shudir. Lekin odamlarning ko‘plari buni bilmaydilar.

41. Ey hamzindon do‘stlarim, endi sizlarning birinchingizni aytsak, bas, u (bu zindondan xalos bo‘lib) yana hojasiga soqiylik qilur. Ammo ikkinchingiz esa dorga osilib, (o‘laksaxo‘r) qushlar uning boshidan cho‘qirlar. Sizlar ta’bir so‘rayotgan ish bitdi (ya’ni endi bu ta’birim hech hachon o‘zgarmaydi)».

42. (Yusuf) u ikkovining ichidan qutulib ketadi, deb o‘ylagan kishiga (ya’ni soqiyga): «Hojangning oldida men haqimda zikr qilgin (zora, u meni bu zulmdan ozod qilsa)», dedi. (Lekin) shayton hojasiga zikr qilishni uning yodidan chiqarib, (Yusuf) bir necha yil zindonda qolib ketdi.

43. (Kunlarning birida Misr mamlakatining) shohi (Rayyon binni-l-Valid): «Men tushimda yettita oriq sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga boshqa qurigan (etti boshoq) ni ko‘rdim. A’yonlarim, agar tushlarning tabirini ayta oluvchi bo‘lsangizlar, bu tushimning ta’birini (menga) aytinglar-chi», dedi.

Qayd etilgan


Muhammad  11 Avgust 2006, 08:56:37



44. Ular dedilar: «Bu aloq-chaloq tushlar ekan. Biz bunday tushlarning ta’birini bilguvchi emasmiz».

45. (Shunda) haligi ikki (mahbus)ning zindondan qutulib chiqqani, shuncha muddat o‘tgach, endi (Yusufning so‘zlari) yodiga tushib, dedi: «Uning ta’birini sizlarga men aytib berurman, faqat meni (zindonda yotgan Yusufning oldiga) yuboringlar».

46. (Unga ruxsat berilgach, zindonga Yusufning oldiga kirib aytdi): «Yusuf, ey rostgo‘y zot, bizga yettita oriq sigir yettita semiz sigirni yeyayotgani hamda yettita yashil boshoq bilan birga turgan boshqa qurigan (etti boshoq) haqidagi (tush) ta’birini aytib bergin. Shoyad men odamlar oldiga qaytib borgach (buni ularga aytib bersam), ular ham bilib olishsa».

47. (Yusuf) dedi: «Sizlar paydar-pay yetti yil (don) ekinglar. Keyin o‘rib olgan hosilingizni (buzilmasin uchun) o‘z boshog‘ida qoldiringlar, magar yeydigan ozgina ozuqalaringiznigina (yanchib olinglar).

48. So‘ngra o‘sha (serhosil yetti yil) dan keyin yetti yil qahatchilik bo‘lib, ular uchun tayyorlab-asrab qo‘ygan bor hosilingizni yeb ketar. Magar ozgina (urug‘lik uchun) asrab qo‘ygan donlaringizgina qolur.

49. So‘ngra, o‘sha (qahatchilik yillari) dan keyin bir yil kelurki, unda odamlar yog‘ingarchilik ostida qolurlar va (turli mevalardan) sharoblar tayyorlab olurlar».

50. (Soqiy podshohning huzuriga qaytib, uning ko‘rgan tushini Yusuf qanday ta’bir qilganini aytgach), podshoh dedi: .«Uni mening oldimga keltiringiz!» Qachonki (Yusufning oldiga), shoh elchisi kelgach, u: «Hojangning yoniga qaytib borib, (avval) undan o‘z qo‘llarini kesgan ayollar nima bo‘lganini so‘ra. Albatta, Parvardigorim ularning makrlarini bilguvchidir», dedi.


I z o h. Bu oyatlar zamirida Yusufning naqadar pokiza qalbli inson ekanligini ko‘rsatib turgan uch nukta bordir. Birinchidan, podshoh tushining ta’biri haqida so‘ralganda: «Agar meni bu zindondan ozod qilsa, aytaman», demay, batafsil ta’bir qilib berishi; ikkinchidan, podshoh uni ozod qilishga amr qilganida ham, u zindonni darhol tark etmasdan, o‘zining begunohligini isbotlab berishlarini talab qilishi; uchinchidan, o‘zining begunohligini isbotlashda ham o‘zi tuz ichgan yerning hurmatini saqlab, «Borib meni shunday azobga duchor qilgan Zulayho nima bo‘lganini bilib kelgin», demay, «Qo‘llarini kesgan ayollar nima bo‘lganini so‘rab kel», deyishidir. Bu nuktalarda aql egalari uchun ibrat bordir.

51. (Shunda podshoh u ayollarni to‘plab) dedi: «Yusufni yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan vaqtingizda nima bo‘lgan edi (ya’ni, u ham sizlarga mayl ko‘rsatganmidi)?» (Ayollar) aytdilar: «Alloh saqlasin! Bizlar undan biron yomonlikni sezmaganmiz». (Misr shahri) hokimining xotini (Zulayho) dedi: «Mana endi haqiqat tantana qildi. Uni men yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan edim. U, shak-shubhasiz, rostgo‘y zotlardandir».

52. (Elchi qaytib kelib, Yusufga bo‘lib o‘tgan gaplarni aytib bergach, u dedi): «Buni (ya’ni o‘zimning begunohligimni isbotlash talabini) men (shahar hokimi) yo‘qligida Unga xiyonat qilmaganimni va Alloh hech qachon xoinlarning ishini o‘nglamasligini (mamlakat shohi) bilishi uchun (qildim)».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:18:40

O’N UCHINCHI JUZ’
*************************



53. «Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa - albatta barcha yomonliklarga buyurguvchidir. Darhaqiqat, Parvardigorim mag‘firatli, mehribondir».

54. Podshoh aytdi: «Uni huzurimga keltiringiz, o‘zimning xos kishilarimdan qilib olay». Bas, qachonki (Yusuf u bilan so‘zlashgach, «Sen bu kun bizning dargohimizda martabali, ishonchli kishidirsan», dedi.

55. (Yusuf) dedi: «Meni shu yerning xazinalari ustiga qo‘ygin. Chunki men (ularni) to‘la-to‘kis saqlaydigan va (to‘g‘ri tasarruf qilishni) biladigan kishiman»

56. Shunday qilib, Yusufni (Misr) yeridan o‘zi xoxlagan joyda manzil-maskan tutib yashaydigan maqomga erishtirdik. Biz fazlu marhamatimizni O’zimiz xohlagan kishilarga yetkazurmiz va chiroyli amal qilguvchi zotlarning ajr-mukofotini zoe qilmasmiz.

57. Albatta, iymon keltirgan va taqvo egalari bo‘lgan zotlar uchun oxiratda ajr-mukofot yanada yaxshiroq bo‘lur.


I z o h. Mamlakat shohi Rayyon binni-l-Valid Yusufning aqlu zakovati, uning halol, bilimdon ekanligini ko‘rib, Misr shahrining hokimi Qitfirning o‘rniga hokim qilib tayinladi va Qitfir vafot qilganidan keyin, uning bevasi Zulayhoga uni uylantirib qo‘ydi. Shunday qilib Yusuf Misr zaminining hukmdoriga aylanib qoldi. Nikoh kechasida Yusuf Zulayhoning yoniga kirar ekan: «Sen bir vaqtlar istagan harom xohishdan mana bu halol shar’iy nikoh yaxshiroq emasmi?» dedi. Ma’lum bo‘lishicha, Zulayho hali-hanuz bokira ekan. Alloh taolo ularga ikki farzand ato etdi.

Shundan keyin Yusuf Misr taxtida adolat bilan hukm yurgiza boshladi. Ilgari o‘zi shohga bashorat qilgan mo‘l-ko‘lchilik yillarida juda ko‘p don hosili yig‘ib-o‘rib olinib, omborlarga g‘amlab qo‘yildi. Keyingi yetti yil esa xuddi Yusuf ta’bir qilganidek, qahatchilik yillari bo‘ldi. Bu yillarda butun atrof-javonibdagi yurtlarda qattiq ocharchilik bo‘lib, ko‘p joylardan Misrga oziq-ovqat izlab odamlar kela boshladilar. Misr mamlakatida oziq-ovqat serob ekanligi haqidagi xabarlar Kan’on zaminiga ham yetib borgach, Ya’qub alayhis-salom o‘g‘illarini o‘sha tarafga yubordi. Quyidagi oyatda so‘z shu haqda boradi.


58. Yusufning og‘a-inilari (Misrga) kelishib, uning huzuri) kirganlarida, ularni tanidi. Ular esa (Yusuf)ni tanimagan edilar.

I z o h. Rivoyatlarga qaraganda, og‘a-inilari kirib kelganlarida Yusuf o‘zining taniganini ularga bildirmay: «Sizlar kimsizlar, qaerdan keldingiz?» deb so‘ragan ekan. Shunda U «Bizlar Shom mamlakatining Kan’on degan yurtidanmiz. O’zimiz chorvadorlardanmiz. Oziq-ovqat axtarib keldik», deb javob qiladilar. Yusuf: «Ehtimol, bizning yurtimizga josuslik uchun kelgandirsizlar», deydi. Ular aytadilar: «Alloh saqlasin! Bizlar o‘zining eng suyukli bolasidan ayrilib g‘am-anduhda kolgan bir payg‘ambarning o‘g‘illarimiz. Bizlar hammamiz o‘n ikki o‘g‘ilmiz. Bu yerga kelgan o‘ntamiz bir ota-onadanmiz. Yo‘qolgan inimiz bilan uning birodari esa bizning ota bir, ona boshqa inilarimiz bo‘ladi. O’sha inimiz biz bilan o‘ynab sahroga chiqqanida yo‘qolib qolgan edi, shu sababdan uning birodarini otamiz bizlarga ishonmay o‘zi bilan olib qoldi». Bu so‘zlarni eshitgach, Yusuf xodimlariga ularning barcha ehtiyojlarini qondirishni amr etadi.

59. Qachonki ularning hojatlarini ravon qilgach, (Yusuf) dedi: «O’sha ota bir bo‘lgan inilaringizni mening huzurimga keltiringiz. Axir men sizlarga eng yaxshi mezbon bo‘lib, (don-dunlarni) to‘la qilib o‘lchab berayotganimni ko‘rmayapsizlarmi?

60. Endi agar uni mening huzurimga olib kelmasangizlar (ya’ni meni aldasangizlar), u holda mening dargohimda — sizlar uchun bir qadoq ham narsa yo‘qdir, mening oldimga yaqin kelmay qo‘ya qolinglar».

61. Ular: «Otasidan u(ni biz bilan qo‘shib yuborishi) haqida o‘tinib so‘raymiz. Albatta, bizlar (shunday) qilguvchimiz», dedilar.

62. (Yusuf o‘zining tarozibon) yigitlariga buyurdi: «Ularning (donga almashtirish uchun) keltirgan narsalarini yuklarining ichiga (qaytarib) solib qo‘yinglar. Shoyad uylariga qaytgan vaqtlarida, u narsalarini tanib qolib yana qaytib kelsalar, ajab emas».

63. Endi qachonki ular otalarining oldiga qaytib kelishgach, dedilar: «Ey ota, (bundan keyin) bizlarga oziq-ovqat berilmaydigan bo‘ldi. Faqat biz bilan birga inimizni ham yuborsanggina oziq-ovqat ola bilamiz. Bizlar albatta uni muhofaza qilguvchimiz».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:18:57



64. (Ya’qub) dedi: «Men uni sizlarga ishonmayman. Magar ilgari uning birodarini ishonganimdek ishonaman (ya’ni o‘shanda ham menga bergan va’dalaringizga xiyonat qilgan edingiz. Demak, men sizlarga uning inisini ham ishonib topshirolmayman. Lekin men yolg‘iz Allohning saqlashiga ishonaman, xolos). Zotan, Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U zot mehribonlarning mehribonrog‘idir».

65. Qachonki ular (olib kelgan) yuklarini ochib ko‘rishgach, (oziq-ovqatga almashtirib kelish uchun olib borgan) narsalarini o‘zlariga qaytarilganini ko‘rib dedilar: «Ey ota, mana narsalarimiz o‘zimizga qaytarilibdi. Yana nimani istaymiz?» (Endi sen bizlarga inimizni ham qo‘shib yuborsang), yana oilamizga oziq-ovqat keltirurmiz, inimizni muhofaza qilib (borib kelurmiz) va (inimiz uchun ham) bir tuya yukni ortiqroq olurmiz. Bu (misrlik saxiy hokim nazdida) ozgina narsadir».

66. Ya’qub aytdi: «Agar (qaroqchilar yo boshqa to‘siqlarga duch kelib) mag‘lub bo‘lib, halokatga uchramasangizlar, albatta uni (Binyaminii) mening oldimga keltirishingiz haqida Allohdan vasiqa keltirmasangizlar, (ya’ni Alloh nomiga qasam ichmasangizlar) uni hargiz sizlar bilan birga yubormasman. Endi qachonki unga o‘z ahd-paymonlarini berishgach (Ya’qub): «Bu aytayotgan gaplarimizga Alloh vakil-guvohdir», dedi.

67. (So‘ng ularni safarga kuzatar ekan), aytdi: «Ey o‘g‘illarim (Misrga) bir darvozadan kirmanglar, balki boshqa-boshqa darvozalardan kiringlar! Men sizlardan Allohning biron hukmini qaytara olmayman. Hukm yolg‘iz Allohning izmidadir. Men faqat U zotning o‘ziga tavakkul qilganman-suyanganman. Barcha tavakkul qilguvchilar Uning O’zigagina tavakkul qilsinlar-suyansinlar».

68. Ular otalari buyurgan taraflardan (Misrga) kirishlari ulardan Allohning biron hukmini qaytaruvchi emasdir. (Bu) faqat Ya’qubning dilidagi (farzandlariga nisbatan mehr-shafqatdan paydo bo‘lgan) bir ehtiyoj ediki, u o‘zining shu ehtiyojini qondirgan edi, xolos. Zotan, u Biz (vahiy orqali) bergan ta’limimiz sababli chuqur bilim egasidir. Lekin odamlarning ko‘pi (buni) bilmaydilar.

69. Qachonki ular Yusufning huzuriga kirganlarida, u inisini o‘ziga tortib: «Men sening og‘angman. Endi ular (ya’ni og‘a-inilarimiz) qilguvchi bo‘lgan narsa (ya’ni ularning hasad-adovatlari)dan g‘amgin bo‘lmagin», dedi.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:19:23



70. Bas, qachonki ularning hojatlarini ravon qilgach, inisining yuki orasiga (bildirmay) bir qadahni solib qo‘ydi. So‘ngra esa jarchi: «Ey karvon egalari, sizlar o‘g‘ridirsizlar», deb jar soldi.

71. Ular (jarchilar) o‘zlarining oldiga kelishgach: «Nima yo‘qotdingizlar?» dedilar.

72. (Jarchilardan biri) aytdi: «Podshohning qadahini yo‘qotdik. Uni topib keltirgan kishiga bir tuya yuk (mukofotdir). Men shunga vakilman».

73. Ular dedilar: «Allohga qasamki, bizlar o‘g‘ri emasmiz. Axir bizlar bu yerga buzg‘unchilik qilish uchun kelmaganimizni bilasizlar-ku! Bizlar o‘g‘ri emasmiz».

74. «Agar yolg‘on aytgan bo‘lsangizlar, (o‘g‘rining) jazosi nima bo‘lur?» so‘rashdi (jarchilar).

75. Ular dedilar: «Uning jazosi, kimning yuki orasidan topilsa, o‘sha kimsa jazolanur — qul qilinur. Bizlar (o‘g‘rilik qilish bilan o‘zgalarga) zulm qilgan kimsalarni mana shunday jazolaymiz».

76. Bas, (Yusufning xizmatkori axtarishni) uning birodari (Binyamin)ning idishidan ilgari ularning (ya’ni boshqa og‘a-inilarining) idishlaridan boshladi. So‘ngra uni (Yusufning) birodari idishidan «topib» oldi. Biz Yusufga mana shunday hiyla-tadbirni bildirdik. (Chunki Misr) podshohining dinida u birodarini (o‘g‘rilik qilgani uchun qul qilib) olib qola olmas edi. Magar Allohning xohishi bilan (mazkur hiyla-tadbir vositasidagina olib qoldi). Biz o‘zimiz xoxlagan kishilarni yuksak darajalarga ko‘tarurmiz. Har bir ilm sohibining ustida (undan ustunroq) bilimdon bordir.

77. Ular: «Agar bu (Binyamin) o‘g‘rilik qilgan bo‘lsa (ehtimol, chunki) ilgari uning birodari (Yusuf) ham o‘g‘rilik qilgan edi», dedilar. Bas, Yusuf bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi. Va: (o‘zicha) «Sizlar eng yomon-tuban martabadadirsizlar (ya’ni bir vaqtlar o‘g‘ilni otadan o‘g‘irlab ketgansizlar). Alloh sizlarning to‘qib chiqarayotgan gaplaringizni juda yaxshi bilguvchidir», dedi.

78. So‘ng ular dedilar: «Ey ulug‘ zot, uning bir keksa otasi bor. Sen uning (Binyaminning) o‘rniga bizlardan birimizni olib qolgin. Zotan bizlar sening chiroyli amallarni qilguvchi zotlardan ekanligingni ko‘rmoqdamiz».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:19:41



79. (Yusuf) aytdi: «Narsamizni idishidan topib olgan kimsadan o‘zgani olib qolishdan Alloh saqlasin. Aks holda shak-shubhasiz, zolim kimsalardan bo‘lib qolurmiz».

80. Endi qachonki undan umidlari uzilgach, (og‘a-inilar) bir chetga chiqib xufyona maslahatlashdilar. Ularning kattalari aytdi: «Otalaringiz sizlarning ustingizda Allohdan vasiqa (ya’ni, ahd-paymoningizni) olib qolganini unutdingizmi?! Ilgari Yusuf to‘g‘risida ham shunday sustkashlik qilgan edinglar. Bas, to otam menga izn bermagunicha yoki Alloh mening foydamga hukm qilmagunicha (ya’ni, inimiz ozod bo‘lmagunicha) mana shu yerdan hargiz jilmayman. U zot (Alloh) hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idir».

81. «Sizlar otalaringiz oldiga qaytib, aytinglar: «Ey ota, darhaqiqat, o‘g‘ling o‘g‘rilik qildi. Bizlar faqat ko‘rgan-bilgan narsamizga guvohlik bermoqdamiz. (Oldin senga uni asrashni va’da qilganimizda) g‘aybni (ya’ni, kelajakda nima ishlar bo‘lishini) bilmagan edik.

82. Biz bo‘lib qaytgan shahardan va biz birga ketgan karvondan so‘rab-surishtirgin. Albatta, bizlar rost so‘zlaguvchilarmiz».

83. (Ular Ya’qub alayhis-salomning oldilariga kelib shu so‘zlarni aytishgach), u dedi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi-nafsingiz biron (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabr qilmoqdir. Shoyadki, Alloh ularning (ya’ni Yusuf, Binyamin va katta o‘g‘limning) barchalarini bag‘rimga qaytarsa. Albatta, U zot bilim va hikmat sohibidir».

84. Keyin ulardan yuz o‘girib, dedi: «Ey bechora Yusuf-a!» G’am-alam yutaverib u zotning ko‘zlari oqardi (ojiz bo‘lib qoldi).

85. (Shunda o‘g‘illari): «Alloh nomiga qasamki, sen to ramaqijon bo‘lib qolguningcha yo bir yo‘la halok bo‘lguningcha Yusufni eslayveradigan bo‘lding», dedilar.

86. U aytdi: «Men g‘amu tashvishlarimdan yolg‘iz Allohgagina shikoyat qilib yig‘lamoqdaman va men Allohning (mehribon, rahmli ekanligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:20:05



87. «Ey o‘g‘illarim, boringlar, Yusuf va uning birodarini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur».

88. (Ular otalaridan bu so‘zlarni eshitgach, oziq-ovqatga almashtirish uchun bor bisotlarini olishib, yana Misr tomonga ravona bo‘lishdi). Endi qachonki (Misrga yetib kelib Yusufning) huzuriga kirishgach, dedilar: «Ey ulug‘ zot, bizni va ahli oilalarimizni ocharchilik ushladi. Bizlar bu safar huzuringga o‘tmas mollarni olib keldik. Bizlarga yetarli o‘lchovda (oziq-ovqat) bergin va bizlarga xayr-sadaqa qilgin. Alloh, shak-shubhasiz, (sendek) sadaqa berguvchi zotlarga mukofotlar ato etur».

89. (Yusuf og‘a-inilarini bunday zabun holatda ko‘rgach toqat qila olmasdan) dedi: «Yosh-nodon bo‘lgan paytingizda Yusuf va uning birodariga nima ishlar qilganlaringizni eslaysizlar-mi?»

90. Ular: «Sen Yusufmisan?» deb so‘radilar. «Ha, men Yusufman, bu esa birodarimdir. Alloh bizga marhamat ko‘rguzdi (ya’ni shuncha yillik ayriliq azobidan keyin bizni yana birlashtirdi). Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo‘rqib, sabru qanoat qilsa, albatta Alloh bunday chiroyli amallarni qilguvchi kishilarning ajru mukofotini zoe qilmas», dedi u.

91. Ular dedilar: «Allohga qasamki, Alloh seni bizlardan afzal qilmishdir. Bizlar esa, shak-shubhasiz, adashguvchilardan bo‘ldik».

92. U dedi: «Bu kun sizlar ayblanmaysiz. Alloh sizlarni mag‘firat qilgay. U zot rahm qilguvchilarning rahmlirog‘idir».

93. «Sizlar mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlasangiz, uning ko‘zlari ochilur. So‘ng barcha ahli oilalaringiz bilan birga mening oldimga kelinglar».

94. Karvon (Misrdan) chiqishi bilanoq otalari (Ya’qub alayhis-salom o‘z uylarida turib, huzuridagi kishilarga): «Men Yusufning bo‘yini tuymoqdaman. Agar meni aqldan ozgan demasangizlar (Yusuf tirik, degan bo‘lur edim)», dedi.

95. (Ular) aytdilar: «Allohga qasamki, sen (hali ham) o‘sha eski xatoingda turibsan».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:21:03



96. Endi qachonki xushxabarchi kelib, uni (ya’ni Yusufning ko‘ylagini Ya’qubning) yuziga tashlagach, uning ko‘zlari ochildi. «Sizlarga men Allohning (mehribon, rahmli ekanligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman, demaganmidim», dedi u.

97. Ular dedilar: «Ey ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘ragin. Albatta, bizlar xato qilguvchilardan bo‘ldik».

98. U aytdi: «Albatta, Parvardigorimdan sizlarni mag‘firat qilmog‘ini so‘rayman. Zotan yolg‘iz U zotgina mag‘firat qilguvchi, mehribondir».


I z o h. Ya’qub alayhis-salom Yusufning hayotligi haqidagi xushxabardan behad shod bo‘lib va Alloh taologa beadad shukrlar aytib, darhol o‘zining barcha ahli oila, qarindosh-urug‘lari bilan Misr tomon yo‘l oldilar. Yusuf ham Misr shahrining chetiga chodirlar tikib, ota-onasining yo‘llariga intizor bo‘lib turdi.

99. Endi qachonki (manzilga yetib kelishib) Yusufning huzuriga (chodiriga) kirganlarida, u o‘zini ota-onasining quchog‘iga otdi va «InshoAlloh, Misrga tinch-omon kiringlar», dedi.

100. (Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so‘ng) u ota-onasini o‘zining taxtiga chiqardi va ular (ya’ni ota-ona va og‘a-inilari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: «Ey otajon, mana shu qirq yil ilgari ko‘rgan tushimning ta’biridir. Parvardigorim uni rost qildi. Darhaqiqat, U zot menga (buyuk) in’om qildi — meni zindondan chiqardi, shayton men bilan og‘a-inilarim orasini buzib ig‘vo qilganidan keyin, mana sizlarni cho‘lu sahrodan (Misrga eson-omon holingizda) keltirdi. Albatta, Parvardigorim O’zi xohlagan narsani sezdirmay amalga oshirguvchi zotdir. Albatta, Uning O’zigina bilim va hikmat sohibidir».

101. «Parvardigorim, menga podshohlikni ato etding, yana barcha tushlarning ta’vil-ta’birlaridan ta’lim berding. Ey osmonlar va yerni yaratgan zot, dunyoyu oxiratda O’zing hojamdirsan. (Umrim bitib, sen O’zing belgilab qo‘ygan ajalim yetganida) musulmon holimda jonimni olgin va meni ham solih bandalaring qatoriga qo‘shgin».

102. (Ey Muhammad), bu Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. (Chunki siz Yusufning og‘a-inilari) makr-hiyla bilan o‘zlarining rejalarini tuzib ittifoq qilishayotgan paytlarida ularning yonlarida hozir emasdingiz.

103. Garchi siz (barcha odamlarning iymon keltirishlarini) juda istasangiz-da, odamlarning ko‘plari mo‘min bo‘lmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:30:18



104. Siz ulardan bu (da’vatingiz) uchun biron ajr-haq so‘ramaysiz. Bu (Qur’on) faqatgina barcha olamlar uchun bir eslatmadir, xolos.

105. Osmonlar va yerda (Allohning borligi va birligiga dalolat qilguvchi) qanchadan-qancha oyat-alomatlar bordir. (Lekin) ular bu oyatlardan yuz o‘girgan hollarida o‘tib ketaveradilar.

106. Ularning ko‘plari Allohga faqat mushrik bo‘lgan hollaridagina iymon keltiradilar.


I z o h. Darhaqiqat, ba’zilar o‘zlari Allohga iymon keltirsalar-da, hayotlarida o‘sha yagona Alloh yaratgan quyosh, oy, olov kabi narsalarga sig‘inib yoki o‘zlarini «xudo» fahmlaydigan zolim hokimlarga bo‘yinsunib, ularning insoniyatni halokatga olib boruvchi «oydin yo‘llari»ga ergashib yashab o‘tadilar. Bu oyatlarda bunday kimsalarning mushrik ekanliklari uqtiriladi va ularga nogahoniy balo kelishidan yoki qiyomat qoyim bo‘lishidan ilgari o‘zlarini o‘nglab yagona Allohga qaytishlari tavsiya etiladi.

107. Yoki ular Allohning azobidan biron balo-ofat kelib qolishidan yo to‘satdan ular sezmagan hollarida qiyomat qoyim bo‘lishidan xotirjammilar?!

108. Ayting: «Mening yo‘lim shudir. Men Allohga da’vat qilaman. Men va menga ergashgan kishilar aniq hujjatga - ishonchga egamiz. (Har qanday sherikdan) Allohni poklayman. (Zero) men mushriklardan emasman».

109. (Ey Muhammad), Biz sizdan ilgari ham faqat shahar ahllaridan bo‘lgan (farishtalarni emas) kishilarni payg‘ambar qilib, ularga vahiy yuborganmiz. Axir (odamlar) yer yuzida sayru-sayohat etishib, o‘zlaridan avvalgi (iymonsiz) kimsalarning oqibatlari kanday bo‘lganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi? (Allohdan) qo‘rqqan zotlar uchun, oxirat diyori (bu foniy dunyodan) yaxshiroqdir. Aql yurgizmaysizlarmi?!

110. Har qachon payg‘ambarlarimiz noumid bo‘lib: «Bizlar yolg‘onchi qilindik — payg‘ambar ekanligimizga ishonmadilar», deb o‘ylay boshlaganlarida, ularga Bizning madadimiz — g‘alabamiz kelib, Biz hohlagan kishilarga najot berilar edi. (Ammo) jinoatchi bo‘lgan qavmdan bizning azobimiz qaytarilmas!

111. Darhakiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bordir. (Ushbu Qur’on) to‘qib chiqariladigan so‘z emas, balki o‘zidan avvalgi narsalarni (ya’ni samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga iymon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (bo‘lgan bir Kitobdir).

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:31:07



RA'D SURASI

Bu sura qirq uch oyatdan iborat bo‘lib, Madinada nozil bo‘lgan. Bu sura boshlab, Alloh taoloning borligi va birligiga iymon keltirish masalasini o‘rtaga tashlab, so‘ng qayta tirilish va hayoti dunyoda qilib o‘tilgan har bir yomon-yaxshi amal uchun qiyomat kunida jazo-mukofot bo‘lishi haqida xabar qiladigan oyatlar bilan davom etadi. Unda haqiqat bilan botil to‘g‘risida ikki ibratli masal keltiriladi.

Birinchisi, jilg‘alarni to‘ldirib oqib kelayotgan yomg‘ir suvi haqiqatga, suv ustidagi ko‘pik esa botilga tashbeh qilinsa, ikkinchisida, har qanday yerosti ma’danlari ham eritilganida ulardan sof qimmatbaho ma’dan bilan birga ularga aralashib qolgan oddiy toshlar ham chiqishi aytilib, sof ma’dan haqiqatga, chiqindilar esa botilga o‘xshatiladi. Mana shunga o‘xshash ibratli misollarni o‘ziga jo qilgan bu surada yana momaqaldiroq haqida zikr qilinib, hatto u ham Alloh taologa tasbeh aytib, u zotni poklab turishi bayon qilinadiki, bu suraning «Ra’d-momaqaldiroq» deb nomlanishining sababi shudir.

Bizning nazarimizda, bu ulug‘ sura to‘lasicha ham bir dahshatli momaqaldiroqqa o‘xshaydi. U momaqaldiroq mo‘minlarni yomg‘irga — Allohning rahmatiga umidvor qilsa, kofirlarni chaqmoq urishidan — Allohning azobiga duchor bo‘lishdan qo‘rquvga soladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim, Ro. Ushbu (oyatlar) Kitob (Qur’on) oyatlaridir. (Ey Muhammad), sizga nozil qilingan bu narsa (ya’ni Qur’on ayni) haqiqatdir, lekin odamlarning ko‘plari iymon keltirmaydilar.

2. Alloh osmonlarni sizlar ko‘rgudek ustunlarsiz ko‘tarib qo‘ygan, so‘ngra o‘z arshini egallab, quyosh va oyni O’z amriga bo‘ysundirgan zotdir. Ularning har biri muayyan muddatgacha (ya’ni qiyomat qoyim bo‘lgunicha) sayr qilaverar. (Alloh) barcha ishning tadbirini qilur va sizlar (qiyomat kunida unga) Parvardigoringizga ro‘baro‘ bo‘lishga iymon keltirishingiz uchun O’z oyatlarini mufassal bayon qilur.

3. U Yerni yoyiq qilib yaratib, unda tog‘lar va daryolar paydo qilgan zotdir. U Yerdagi har mevani ikkitadan — juft-juft (ya’ni erkak-urg‘ochi) qilib yaratdi. U kechani kunduz ustiga yoyar (ya’ni, kecha-kunduz ham bir-birlarining juftlaridir). Albatta, bu (misollar)da tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.


I z o h. Darhaqiqat, tafakkur qilib ko‘rilsa, bu olamda hamma narsa juft-juft qilib yaratilgani ma’lum bo‘ladi: quyoshning jufti oy, yerning jufti osmon, kunning jufti tun, dunyoning jufti oxirat... Agar mana shu mantiq haq bo‘lsa, oxirat borligi ham barhaqdir. Yolg‘izlik faqat Alloh taologa yarashur.

4. Bu yerda bir-biriga qo‘shni bo‘lgan bo‘lak-bo‘lak (ya’ni biri unumdor bo‘lsa, biri sho‘r) yerlar, uzumzor bog‘lar, ekinzorlar va shoxlab ketgan-shoxlamagan xurmolar bo‘lib, (ularning hammasi ham) bir suv bilan sug‘orilur. (Lekin) Biz ularning ayrimlaridan ayrimlarini ta’mliroq-eyishliroq qilib qo‘yurmiz, Albatta, bunda ham aql yurgizadigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

5. (Ey Muhammad), agar (biron narsadan) ajablansangiz, u holda ularning (kofirlarning): «Tuproq bo‘lib ketgach, bizlar yana yangitdan yaratilamizmi?» degan gaplari ajablanarlidir. Ular Parvardigorlariga kofir bo‘lgan kimsalardir. (Qiyomat kunida) ularning bo‘yinlarida kishanlar bo‘lur. Ular do‘zax egalari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolurlar.

Qayd etilgan