Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465603 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 61 B


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:41:37



6. Ular sizdan yaxshilik — Allohning rahmatidan avval yomonlik — Allohning azobi kelishini talab qiladilar. Ulardan ilgari ham bunday misollar (Allohning azobiga duchor bo‘lganlar) o‘tgandir. Albatta, Parvardigoringiz odamlar o‘zlariga zulm qilguvchi bo‘lgan hollarida ham mag‘firat egasidir. Albatta, Parvardigoringiz azobi qattiq zotdir.

I z o h. Bu oyat — Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomni masxaralab: «Agar haq payg‘ambar bo‘lsang, Tangringga bir duo qil, bizga azob yuborsin» deganlarida nozil bo‘lgandir. Unda odamlar har qancha zulmu nohaqlikka berilsalar ham, Parvardigor ularni mag‘firat qilib, ya’ni azobga giriftor qilmay turishi mumkinligi, lekin azoblaganida, azobi qattiq bo‘lishi haqida va bu mushriklarga o‘xshaganlar ilgari ham o‘tganligi va qilmishlariga yarasha jazo olganligi to‘g‘risida bayon qilinadi.

7. Kofir bo‘lgan kimsalar: «Unga (Muhammadga) Parvardigori tomonidan biron oyat-mo‘‘jiza nozil qilinsa edi», deydilar. Siz faqat (kofirlarni Allohning azobidan) ogohlantirguvchidirsiz. Har bir qavm uchun (Alloh yo‘liga) yetaklovchi — hidoyat qilguvchi bordir.

8. Faqat Allohgina har bir ayolning ko‘tarib yurgan homilasini (o‘g‘ilmi-qizmi, rasomi-norasomi, chiroylimi-xunukmi ekanini) ham, bachadonlar (muddatidan ilgari) tashlaydigan bolani ham, (to‘qqiz oydan) ortiqroq turib qoladigan bolani ham bilur. U Zot dargohida har bir narsa o‘lchovlidir.

9. U g‘aybu shahodatni (ya’ni maxfiy va oshkora barcha narsani) bilguvchi buyuk va yuksak zotdir.

10. Sizlarning orangizdagi o‘z gapini yashirgan kishi ham, uni oshkora qilgan kishi ham, kecha qorong‘usida yashirinuvchi ham, kunduzi ochiq-oshkora yuruvchi ham (U zot uchun) barobardir.

11. Uning (ya’ni har insonning) oldida ham, ortida xam ta’qib qilguvchi (farishtalar) bo‘lib, ular Allohning amri bilan uni saqlab-muhofaza qilib tururlar. Aniqki, to biron qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas. Qachon Alloh biron qavmga yomonlik — balo yuborishni iroda qilsa, bas, uni qaytarib bo‘lmas. Va ular uchun Undan o‘zga hokim yo‘qdir.


I z o h. Bu oyatda islomiy aqidadagi asosiy ruknlardan biri o‘z aksini topgandir: «To biron qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularning ahvolini o‘zgartirmas». Ya’ni, biron qavmning ahvoli yomon tomonga o‘zgarar ekan, bunga sabab ustlaridagi zolim hokimgina emas, balki ularning o‘zlari haq yo‘lidan ozganlari hamdir. Binobarin, hayotlari yaxshilik tomonga o‘zgarishini istaydigan bo‘lsalar, avvalo o‘zlarini o‘nglab, iymon-e’tiqod yo‘lini tutmoqlari lozimdir. Payg‘ambar alayhis-salomning ushbu hadislari yuqoridagi oyatga hamohangdir: «O’zlaringiz qanday bo‘lsangiz, ustingizga ham shunday hokim kelur».

12. (Ey odamlar, Alloh) sizlarga (momaqaldiroqdan) qo‘rqqan va (yomg‘ir yog‘ishidan) umidvor bo‘lgan holingizda chaqmoqni ko‘rgizadigan va vazmin bulutlarni paydo qiladigan zotdir.

13. Momaqaldiroq ham U zotga (Allohga) hamdu sano bilan tasbeh aytur. Farishtalar ham U zotdan qo‘rqqanlari sababli (tasbeh ayturlar). U zot chaqmoqlar yuborib, ular bilan O’zi xohlagan kimsalarni — u kimsalar Alloh xususida talashib-tortishib turgan hollarida, urar. U (ushlagan vaqtida) qattiq ushlovchi zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:42:02



14. Haqiqiy duo-iltijo faqat Unga qilinur. Undan o‘zga (mushriklar) duo-iltijo qilayotgan butlar u mushriklarning bironta duosini mustajob qilmas. Illo ular bir kimsaga o‘xshaydilarki, u kimsa kaftlarini suvga yozib, u suv og‘ziga yetishini kutib turar. Holbuki, u (suv) uning og‘ziga yetguvchi emasdir. (Ya’ni, xuddi suv jonsiz narsa bo‘lgani tufayli tashna kishining holidan bexabar bo‘lishi, binobarin, uning og‘ziga borib yetmagani kabi u mushriklar duo-iltijo qiladigan butlari ham jonsiz narsa bo‘lganlari sababli ularning duolarini eshitmas - mustajob qilmas.) Bunday kofirlarning duolari mutlaqo befoyda — xatodir.

15. Osmonlar va yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh istasinlar, xoh istamasinlar, ertayu kech faqat Allohgagina sajda qiladilar — bo‘ysunadilar.


I z o h. Islom ta’limotiga ko‘ra, koinotdagi barcha mavjudot Alloh taologa sajda qiladi, ya’ni Alloh uning zimmasiga qo‘ygan vazifani ado etish bilan U zotga itoat qiladi. Zotan Yaratganga itoatsizlik halokat demakdir. Masalan, ko‘kdagi quyosh o‘zining sayrini bir daqiqa to‘xtatsa, dengizlar bug‘lanib-qurib, quruqliklar yonib ketgan bo‘lur edi. Shuningdek, xoh mo‘min xoh kofir bo‘lgan inson badanidagi biron a’zo o‘z vazifasini bajarishdan to‘xtasa, o‘sha insonning butun hayoti izdan chiqadi. Demak, hayot intizomi buzilmasligi uchun yeru osmondagi hamma narsa yolg‘iz Yaratuvchiga bo‘yinsunishi shart ekan. Faqat yuqoridagi oyatda uqtirilishicha, mo‘min o‘z ixtiyori bilan itoat qilsa, kofir majburan bo‘yinsunar ekan. Bu oyat sajda oyatidir.

16. (Ey Muhammad) ayting (qavmingizdan so‘rang: «Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?» «Alloh», deb javob qiling (chunki ular bundan boshqa javob topa olmaydilar. Ulardan): «Bas, O’sha (Allohni qo‘yib, (o‘zgalar emas, hatto o‘zlariga ham foyda-ziyon yetkazishga qodir bo‘lmaydigan butlarni ushlab oldingizmi?» deb so‘rang. Yana aytingki, «Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (haq yo‘lga hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?» Yo ular Alloh yaratgani kabi yarata oladigan butlarni U zotga sherik qilishib olib, so‘ngra ularga yaratilgan narsalarni (Alloh yaratganmi yoki sig‘inayotgan butlari yaratganmi) noma’lum bo‘lib qoldimi? Ayting: «Alloh barcha narsani yaratguvchidir va U tanho g‘olibdir».

17. (Alloh) osmondan, suv (yomg‘ir) yog‘dirganida jilg‘alar to‘lib-toshib oqib, bu sel o‘z ustida ko‘piklarni ham ko‘tarib kelur. (Odamlar) zeb-ziynat yoki asbob-uskuna yasash uchun o‘tda eritadigan narsa-ma’danlardan ham shunga o‘xshash ko‘pik (chiqindi paydo) bo‘lur. Alloh haq bilan botilni mana shunday (misol bilan) bayon qilur. Endi u ko‘pik-chiqindi o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketur. Odamlarga foydali bo‘lgan narsa esa Yer yuzida qolur. Alloh misollarni mana shunday bayon qilur.

18. Parvardigorlariga itoat etgan zotlar uchun go‘zal mukofot — jannat bordir. U zotga itoat qilmagan kimsalar esa agar yerdagi bor molu-davlat (yana) ikki barobar (ko‘payib) ularning o‘zlariniki bo‘lsa, albatta uni (Allohning azobidan qutulish uchun) fido qilgan bo‘lur edilar. Ular uchun eng yomon hisob-kitob ( Ularning joylari jahannamdir. Naqadar yomon joy u!

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:42:52



19. Muhammad), axir sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsa aniq haqiqat ekanini biladigan — iymon keltiradigan kishi (ko‘ngil ko‘zi) ko‘r kimsaga o‘xshaydimi?

20. (Bu oyatlardan) faqat Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va miysoq — va’dalarini buzmaydigan aql egalarigina eslatma olurlar.

21. Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya’ni, qarindosh-urug‘lar bilan aloqani) bog‘laydilar. Parvardigorlaridan qo‘rqadilar, hisob-kitobga duchor bo‘lishdan qo‘rqib, (doim chiroyli amallar qilishga intiladilar).

22-23. Parvardigorlarining Yuzini ko‘zlab (mehnat-mashaqqatlarga) sabr-toqat qilib namozlarini to‘kis ado etgan va Biz rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qilgan hamda yomonlikni yaxshilik bilan qaytaradigan zotlar — ana o‘shalar uchun oxirat diyori bordirki, (u diyor) abadiy turiladigan jannatlar bo‘lib, ular u joylarga, ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan iborat bo‘lgan solih bandalar bilan birga kirurlar. So‘ng ularning huzurlariga har eshikdan farishtalar kirib (derlar):

24. «(Alloh yulida mexnat-mashaqqatlarga) sabr-toqat qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu jannatlarda) sizlarga tinchlik-osoyishtalik bo‘lgay. Bu oxirat diyori naqadar yaxshi!»

25. Allohga bergan ahd-paymonlarini mustahkam bo‘lganidan keyin buzadigan, Alloh bog‘lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yuradigan kimsalar ham borki, ular uchun (Allohning) la’nati bo‘lur va ular uchun eng yomon diyor — jahannam bordir.

26. Alloh, O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur (va O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. (Mushriklar) mana shu hayoti dunyo bilan shod-xurram bo‘ldilar, holbuki bu hayoti dunyo oxirat oldida faqat bir arzimas matodir.

27. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar: «Unga (Muhammadga) Parvardigori tomonidan biron oyat-mo‘‘jiza nozil qilinsa edi», dedilar. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Albatta, Alloh O’zi xohlagan kimsalarni gumroh qilur va (Allohga) ijobat-tavba qilgan kishilarni O’z (diniga) hidoyat qilur».

28. Ular iymon keltirgan qalblari Allohni zikr qilish — eslash bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:43:40



29. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlar uchun xushnudlik va go‘zal oqibat — jannat bordir.

30. (Ey Muhammad) shunday qilib, Biz sizni (ko‘pdan-ko‘p) avlodlardan keyin kelgan bir avlodga - ular Mehribon (Alloh) ni inkor qilib turgan hollarida - Biz sizga vahiy qilgan narsalarni tilovat qilib berishingiz uchun payg‘ambar qilib yubordik. Ayting: «U (Mehribon Alloh) mening Parvardigorimdir. Hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. Uning O’ziga tavakkul qildim - suyandim va Uning O’ziga tavba-tazarru qilurman».

31. Agar bir Qur’on bo‘lib, uning yordami bilan tog‘lar joyidan jildirilsa, yo uning yordami bilan yer yorilib (daryolar paydo qilinsa, yoki uning yordami bilan o‘liklar tilga kiritilsa ham (kofir bo‘lgan kimsalar iymon keltirmaydilar). Yo‘q, barcha ish yolg‘iz Allohning (ilkidadir. Ya’ni, Alloh xohlasa iymon keltiradilar, agar U zot xohlamas ekan, barcha talablari bajo qilinganida ham ular iymon keltirmaydilar).


I z o h. Ushbu oyat mushriklar payg‘ambar alayhis-salomga: «Agar haqiqiy payg‘ambar bo‘lsang, tog‘larni joyidan jildirib ularning o‘rnida daryo va chashmalar paydo qilgin. O’lgan ota-bobolarimizni tiriltirgin, ular tilga kirib, sening payg‘ambarligingga guvohlik bersinlar, shunda bizlar ham senga iymon keltiramiz», deganlarida nozil bo‘lgandir. Oyat davomida keladigan quyidagi jumlalarda: «Biron mo‘‘jiza ko‘rsatilsa, mana shu mushriklar ham iymon keltirarmikanlar», deb umidvor bo‘lgan ayrim sahobalarga tanbeh berib aytiladi.

Iymon keltirgan kishilar agar Alloh xohlasa, shak-shubhasiz (biron mo‘‘jiza nozil qilmasdanoq) barcha odamlarni xidoyat qilishini (bu Alloh uchun hech narsa emasligini) bilmadilarmi? (Lekin Allohning O’zigina biladigan hikmat sababli U zot hidoyat yo‘liga yurish yo yurmaslikni bandalarining ixtiyoriga tashlab qo‘ygandir). To Allohning va’dasi kelgunicha (ya’ni, Makka musulmonlar tarafidan fath qilinguncha ham) kufr yo‘lini tutgan kimsalarga o‘zlarining qilgan qiliqlari sababli mudom turli ofat-balolar yetar yoki ularning diyorlariga yaqin joylarga (kulfat) tushib (ularni bezovta, behalovat qilur). Albatta, Alloh va’dasiga xilof qilmas.

32. (Ey, Muhammad), sizdan avvalgi payg‘ambarlarning ustidan ham kulib-masxara qilinganida, Men o‘sha (payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilib) kufr yo‘lini tutgan kimsalarga (bir oz) muhlat berib, so‘ngra ularni (O’zimning azobim bilan) ushlaganman. So‘ng ularni qanday jazolaganimni (bilursiz).

33. Har bir jonning qilgan amali ustidan (kuzatib) turguvchi zot hech narsani ko‘rmaydigan, eshitmaydigan jonsiz butlarga o‘xshaydimi?» Ular (turli mahluqlarni) Allohga sherik qilib oldilar. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «U butlaringizning nomlarini (va ularning qo‘llaridan keladigan ishlarini) aytinglar-chi? Balki (Allohga) Yer yuzidagi bilmaydigan biron narsasining xabarini berarsizlar?! Yoki faqat yuzaki gap bilan (ya’ni, hech qanday ish-amal qo‘lidan kelmaydigan jonsiz narsalarni quruq so‘zlarga ishonib xudo deb sig‘inib yuribsizlarmi?») Yo‘q. Kufr yo‘lini tutgan kimsalarga o‘zlarining makr-aldovlari chiroyli ko‘rasatildi va ular haqiqat yo‘lidan to‘sildilar. Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas.

34. Ular uchun hayoti dunyoda ham azob bo‘lur. Ammo oxirat azobi og‘irroq-qattiqroqdir. Ularni Alloh (azobi) dan saqlovchi bo‘lmas.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:44:48



35. Taqvo egalari uchun va’da qilingan jannatning misoli (budir): uning ostidan daryolar oqur, mevalari va soyalari boqiydir. Bu taqvo-parhez bilan o‘tgan zotlarning oqibat-kelajagidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir.

36. (Ey Muhammad), Kitob (Tavrot, Injil) ato etgan kishilar Sizga nozil narsa (Qur’on) sababli shodlanadilar.


I z o h. Rivoyat qilishlaricha, yahudiy va nasroniylardan bo‘lgan Abdulloh ibn Salom, Najoshiy kabi ayrim kishilar xazrati Muhammad alayhis-salomga Qur’on nozil bo‘lganidan xabar topishgach, o‘zlarining kitoblari va Tavrot va Injildagi Alloh taolo o‘zining oxirgi payg‘ambarini yuborish haqida bergan va’dasi amalga oshganidan shodlanishib, payg‘ambar alayhis-salomga iymon keltirgan ekanlar.

(Yahudiy va nasroniylardan sizga qarshi bo‘lgan) to‘dalar orasida uning (Qur’onning) bir qismini inkor qiladigan kimsalar ham bordir. (Ularga) ayting: «Albatta, men yolg‘iz Allohga ibodat qilishga va Unga (birovni) sherik qilmaslikka ma’murman (amr etilganman). Men fakat O’sha zotga (ibodat qilishga) da’vat qilurman va yolg‘iz Uning O’ziga qayturman».

37. Shuningdek, (ya’ni, ilgari o‘tgan payg‘ambarlarimizga o‘z tillarida vahiy yuborganimiz kabi) Biz uni (Qur’onni) arabiy hukm holida nozil qildik. Qasamki, agar siz o‘zingizga kelgan bu bilimdan so‘ng ularning hoyu havaslariga ergashsangiz, siz uchun Alloh tomonidan biron do‘st ham, saqlovchi ham bo‘lmas.

38. Darhaqiqat, sizdan ilgari ham (ko‘p) payg‘ambarlar yuborganmiz va ularga juftlar va zurriyotlar berganmiz. Biron payg‘ambar uchun biron oyat-mo‘‘jiza keltirish imkoni bo‘lmagan, magar Allohning izni-irodasi bilangina (keltirganlar). Har bir vaqt uchun (munosib) kitob-hukm bordir.

39. Alloh O’zi xohlagan narsani (ya’ni hukmni) o‘chirur va (O’zi xohlagan hukmni) ustivor qilur. Asl Kitob (ya’ni barcha narsalarning bilimi) Uning dargohidadir.

40. Agar Biz sizga (kofirlarga) va’da qilgan ayrim narsalarni (ya’ni azoblarimizni) ko‘rsatsak ham yoki sizni (ularni azoblashdan ilgari) vafot qildirsak ham, albatta, sizning zimmangizda (baribir haq dinni odamlarga to‘la) yetkazish, Bizning zimmamizda esa hisob-kitob qilish bordir.

41. (Makka mushriklari) Biz ularning yerlariga kelib uni atrofidan kamaytirayotganimizni (ya’ni musulmonlar qadam-baqadam fath qilib kelayotganlarini) ko‘rmadilarmi? Alloh hukm qilur — Uning hukmini tekshiruvchi bo‘lmas. U tez hisob-kitob qilguvchidir.

42. Ulardan ilgari o‘tgan kimsalar ham (o‘zlarining payg‘ambarlariga qarshi turli) makr-hiylalar qilganlar. Ammo barcha makr-hiylalar Allohning (ilkidadir. Demak, O’sha zotdan amr bo‘lmasa, biron makr foyda - zarar yetkaza olmaydi). U zot har bir jonning qilayotgan ishini bilur. Yaqinda kofirlar oxirat diyori kimniki ekanini bilib olajaklar.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:46:05



43. (Ey Muhammad, sizga) kofir bo‘lgan kimsalar: «Payg‘ambar emassan», deydilar. Ayting: «Men bilan sizlarning oramizda Alloh va Kitob — Qur’on ilmidan xabardor bo‘lgan (ya’ni, Allohning kalomini bandalarning so‘zlaridan ajrata oladigan) har bir kishi yetarli guvohdir.


IBROHIM SURASI

Makkada nozil qilingan bu sura ellik ikki oyatdir. Bu surada ham Makka suralarining aksarisida bo‘lgani kabi e’tiqod, vahiy, tavhid — Allohning birligiga iymon keltirish, qayta tirilish va xususan qiyomat kunida bo‘ladigan hisob-kitob va jazo-mukofot to‘g‘rilarida batafsil so‘z yurtiladi.

Sura payg‘ambarlar zimmasiga yuklatilgan vazifa insoniyatni zulmatlardan nurga olib chiqish ekanini bayon etuvchi oyat bilan boshlanadi. Bu bilan birinchidan, hayotda zulmatlar — egri-noto‘g‘ri yo‘llar ko‘p, nur — haqiqat yo‘li esa tanho bo‘lishi bayon qilinsa, ikkinchidan, o‘sha yagona nurga faqat payg‘ambarlar — Allohning elchilariga nozil bo‘lgan vahiy vositasidagina yetish mumkinligi uqtiriladi. Yana bu suradan Muso payg‘ambarning o‘z qavmi bilan bo‘lgan muloqotlaridan biri haqidagi oyatlar ham joy olgandir.

Suraning «Ibrohim» deb atilishiga sabab unda payg‘ambarlar otasi Ibrohim alayhis-salomning Makkaga kelishlari va u yerda Tangri taologa qilgan duo-iltijolari xususida mufassal hikoya qilinganidir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Ro. (Ey Muhammad, bu Qur’on) Biz sizga, odamlarni Parvardigorlarining izni-irodasi bilan zulmatlardan nurga — qudrat va hamdu sano egasi bo‘lgan zotning yo‘liga — olib chiqishingiz uchun nozil qilgan Kitobdir.

2. Alloh osmonlar va yerdagi bor narsa O’ziniki bo‘lgan zotdir. Kofirlar uchun qattiq azob — halokat bo‘lgay.

3. Ular hayoti dunyoni oxiratdan afzal biladigan, (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sadigan va uni (egishni-buzishni istaydigan) kimsalardir. Ular (haq yo‘ldan) yiroq bo‘lgan gumrohlikdadirlar.

4. Biz har bir payg‘ambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun o‘z qavmining tili bilan (so‘zlaydigan qilib) yuborganmiz. So‘ngra Alloh xohlagan kimsani yo‘ldan ozdidur va O’zi xohlagan kishini qilur. U qudratli, hikmatli zotdir.


I z o h . Payg‘ambarlarning vazifasi da’vatdir, Biron kishini yo‘ldan ozdirish yoki Haq yo‘lga hidoyat qilish esa hech qaysi payg‘ambarning qo‘lidan kelmaydi — bu yolg‘iz Alloh taoloning xohishiga bog‘liq ishdir.

5. Darhaqiqat, Biz Musoni (Bani Isroil qavmiga) O’z oyatlarimiz bilan yuborib (unga dedik): «Qavmingni (kufr) zulmatlaridan (iymon) nuriga olib chiqqin va ularga Allohning ne’matlarini eslatgin! Albatta, bu (ne’matlar)da har bir sabr-qanoatli, shukr qilguvchi kishi uchun oyat-ibratlar bordir».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:51:41



6. O’shanda Muso qavmiga aytdi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini — sizlarni og‘ir azoblar bilan qiynayotgan, o‘g‘illaringizni so‘yib, xotinlaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslangiz. Ana o‘sha ishlarda Parvardigoringiz tomonidan buyuk sinov bordir.

7. Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlarni) eslangiz: «Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Endi agar kufroni (ne’mat) qilsangizlar, albatta azobim ham juda qattiqdir».

8. Muso yana dedi: «Agar sizlar o‘zingiz va Yer yuzidagi barcha kishilar kofir bo‘lsalar ham (Allohga biron ziyon yetkaza olmaysizlar). Zero, Alloh (sizlarning shukr qilishingizdan) behojat, hamdu sano egasidir».

9. Sizlarga ilgari o‘tgan kishilarning — Nuh qavmining, Od, Samud (qabilalarining) va ulardan keyin o‘tgan, (sonu sanoqlarini) faqat Allohgina biladigan qavmlarning xabari kelmadimi? Ularga payg‘ambarlari (o‘zlarining haq payg‘ambar ekanliklarini bildiruvchi) hujjatlar keltirganlarida, ular qo‘llari bilan (payg‘ambarlarning) og‘izlarini to‘sib, dedilar.: «Biz sizlar elchi qilib yuborilgan dinga kofir bo‘ldik. Chunki biz sizlar bizni da’vat qilayotgan diningizdan shak-shubhadadirmiz».

10. Payg‘ambarlari aytdilar: «Osmonlar va Yerning yaratuvchisi bo‘lmish Alloh(ning borligi va birligi) hususida shak-shubha bo‘lishi mumkinmi?! U zot sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qilish va o‘zlaringizni ma’lum muddatgacha (halok qilmay) qoldirish uchun (iymonga) da’vat qilmoqda-ku!» Ular dedilar: «Sizlar ham xuddi o‘zimizga o‘xshagan odamlarsiz, faqat bizni ota-bobolarimiz ibodat qilib o‘tgan narsadan (sanamlarga sig‘inishdan) to‘smoqchisizlar, xolos. Bas, (agar chin payg‘ambar bo‘lsangizlar) bizga aniq bir hujjat dalil keltiringlar-chi?!»

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:51:58



11. Payg‘ambarlari ularga aytdilar: «(Ha), biz ham xuddi sizlarga o‘xshagan odamlarmiz, lekin Alloh O’zi xohlagan bandalariga (payg‘ambarlik) in’om qilur. Biz sizlarga biron hujjat keltira olmaymiz, magar Allohning izni-irodasi bilangina (keltirishimiz mumkin). Iymon keltirgan kishilar yolg‘iz Allohgagina tavakkul qilsinlar.

12. (Axir) bizni (to‘g‘ri) yo‘limizga hidoyat qilgan Allohga nechun tavakkul qilmaymiz. Albatta, biz sizlar yetkazgan ozorlarga sabr qilurmiz. Tavakkul qilguvchilar yolg‘iz Allohga tavakkul qilsinlar»


I z o h. Ibn al-Javziy aytishlaricha, Muhammad alayhis-salomga o‘tgan payg‘ambarlarning qissalari bu tarzda so‘ylab berilishiga sabab, birinchidan, u zotga o‘zidan avvalgi salaflarining holi-xabarlarini yetkazish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zlarining boshlariga ham u payg‘ambarlar o‘z ummatlari tarafidan ko‘rgan ko‘rguliklar tushishi mumkinligi va bunday holatda ular kabi sabr-toqat qilish lozimligini uqtirishdir. Tavakkul,— ulamolardan Abu Turobning ta’riflashicha,— o‘zini mudom ibodatga chog‘lash, dilni yolg‘iz Parvardigorga bog‘lash, safoli kunlarda shukr qilish, baloli kunlarda sabr qilishdir.

13-14. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar o‘zlarining payg‘ambarlariga: «Albatta, biz sizlarni yerimizdan haydab chiqarurmiz yoki sizlar bizning dinimizga qaytursizlar», dedilar. Shunda Parvardigorlari ularga (ya’ni payg‘ambarlarga): «Albatta, Biz bu zolimlarni halok qilurmiz va ulardan so‘ng shu yerni sizlar uchun maskan qilurmiz. Bu (va’da) Mening huzurimda (so‘roq-savol berib) turishdan qo‘rquvchi va Mening (kofirlarni do‘zaxga giriftor qilish xususidagi) va’damdan xavf qilguvchi kishilar uchundir», deb vahiy yubordi.

15. (So‘ngra payg‘ambarlar Allohdan) madad tiladilar va barcha jabrkor-sarkash kimsalar baxtsizlikka duchor bo‘ldilar.

16-17. Uning (ya’ni, har bir kofir bo‘lgan kimsaning) oldida jahannam bordir. (Jahannamda) unga yiringli suvdan berilganida, uni yutmoqchi bo‘ladi-yu, (tomog‘idan) o‘tkazolmaydi, unga har tomondan o‘lim keladi-yu, u o‘lolmaydi. Uning ortida (bundan-da) og‘ir azob bordir.

18. Parvardigorlariga kofir bo‘lgan kimsalar qilgan amallarining misoli xuddi bo‘ronli kunda qattiq shamol uchirib ketgan kulga o‘xshaydi — ular qilgan amallaridan biron foydaga ega bo‘la olmaydilar. Bu — yo‘ldan ozishning o‘zidir.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:52:15



19. (Ey inson), Alloh osmonlar va yerni haq (qonun) bilan yaratib qo‘yganini ko‘rmadingmi?! Agar U zot xohlasa sizlarni ketkazib, (o‘rningizga o‘zgalarni) yangitdan yaratur.

20. Bu (ish) Alloh uchun qiyin emasdir.

21. (Qiyomat kunida) barcha (xaloyiq) Allohga ro‘baro‘ bo‘lib, bechora (ergashuvchi)lar mutakabbir kimsalarga (ya’ni, o‘zlarining sobiq yo‘lboshchilariga): «Bizlar sizlarga ergashgan edik, endi sizlar bizlarni Allohning biron azobidan qutqara olurmisizlar?!» deganlarida, ular aytdilar: «Agar Alloh bizni (haq yo‘lga) hidoyat qilganida biz ham sizlarni hidoyat qilgan bo‘lur edik. (Endi esa) dod-voy qilamizmi, sabr-qanoat qilamizmi, biz uchun barobardir — hech qanday najot yo‘qdir».

22. Qachonki, ish tugagach (ya’ni, jannat yahli jannatga sazovor bo‘lib, do‘zaxilar do‘zaxga hukm qilingach), shayton dedi: «Albatta, Alloh sizlarga xaq va’da qilgan edi. Men esa (yolg‘on) va’dalar berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizda hech qanday hukmronlik yo‘q edi, illo men sizlarni (kufr yo‘liga) chaqirishim bilanoq o‘zingiz menga itoat etdingiz. Endi meni emas, o‘zlaringizni malomat qilingiz. Men sizlarga yordam bera olmayman, sizlar ham menga yordam berguvchi emassiz. Albatta, men sizlar ilgari (Allohga) meni sherik qilganingizni inkor qilurman. Albatta, zolimlar (ya’ni kofirlar) uchun alamli azob bordir.

23. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritilib, Parvardigorlarining izni-irodasi bilan u joyda mangu qoldilar. Ularning (jannatdagi) salom-aliklari bir-birlariga tinchlik-omonlik tilashdir.


I z o h . Muhtaram o‘quvchi e’tibor bergan bo‘lsa, yuqoridagi oyatlarda qiyomat kuni bo‘ladigan voqea-hodisalarning hammasi o‘tgan zamon fe’li bilan ifodalandi. Mufassirlarning ta’kidlashlaricha, bu qiyomat qoyim bo‘lishi ayon haqiqat ekanligiga bir ishoradir. Zero, bo‘lishi yo kelishi aniq bo‘lgan ish-voqealar haqida o‘tgan zamon tilida gapirish hamma xalqlarda ham bor bo‘lgan uslubdir. Masalan, o‘lim jazosiga mustahiq bo‘ladigan jinoyatni qilgan kimsaga: «Endi o‘lding», deyiladi va hokazo.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:52:37



24-25. (Ey inson), Alloh yaxshi So‘zga (ya’ni, iymon kalimasiga) qanday misol keltirganini ko‘rgin: u so‘z xuddi bir asil daraxtga o‘xshaydiki, uning ildizi (er ostiga) mahkam o‘rnashgan, shoxlari esa osmonda bo‘lib, Parvardigorining izni-irodasi bilan mudom meva berur. Alloh odamlar eslatma-ibrat olishlari uchun mana shunday misollar keltirur.

26. Yomon so‘zning (ya’ni, kufr so‘zning) misoli esa yerdan (ildizi) uzilib qolgan, bir joyda (o‘rnashib) qo‘nim topmaydigan nopok daraxtga o‘xshar.

27. Alloh iymon keltirgan kishilarni hayoti dunyoda ham, oxiratda ham ustivor So‘z (iymon kalimasi) bilan sobitqadam qilur. Zolimlarni esa Alloh (haq) yo‘ldan ozdirur. Alloh O’zi xohlagan ishni qilur.

28-29. (Ey inson), Allohning ne’matini (ya’ni iymonni) kufrga almashtirib yuborgan va qavmlarini (ya’ni o‘zining ortidan ergashganlarni) halokat chohiga — o‘zi kiradigan jahannamga qulatgan kimsalarni ko‘rmadingmi?! Naqadar yomon joy u!

30. Ular (odamlarni) Alloh yo‘lidan ozdirish uchun U zotga "œteng"larni (o‘ylab) topdilar. (Ey Muhammad), ayting: «Foydalanib qolinglar! Hech shubha yo‘qki, oqibat boradigan joyingiz do‘zaxdir».

31. (Ey Muhammad), iymon keltirgan bandalarimga ayting, namozni to‘kis ado qilsinlar hamda oldi-sotdi va oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan Kun (qiyomat) kelib qolishidan ilgari Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qilsinlar.

32. Alloh osmonlar va yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir-qor) yog‘dirib, uning yordamida sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U O’z amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yinsundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yinsundirdi.

33. U doimo aylanib turuvchi quyosh va oyni ham sizlar uchun bo‘yinsundirdi (ya’ni, sizlar yaxshi yashashingiz uchun tartib-intizomga solib qo‘ydi). Yana kecha va kunduzni sizlar uchun bo‘yinsundirdi.

Qayd etilgan