O’N TO’RTINCHI JUZ’
*************************
HIJR SURASIBu sura Makka suralaridan bo‘lib, to‘qson to‘qqiz oyatdan tashkil topgandir. Bu suraning mehvari — o‘qi turli asrlardagi payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilib, ularga qarshi chiqqan osiylarning hammasi halokatga uchraganlari atrofida aylanadi. Shu boisdan sura bunday kimsalarga iymonsizliklarining oqibati xatarli ekanligi haqida tanbeh berish bilan boshlanadi.
Bu surada burjlarga bo‘lingan osmon, hayot kechirish unun moslab yaratilgan zamin, ma’dan-xazinalarni o‘z bag‘riga olib o‘rnashgan tog‘lar, yomg‘irli bulutlarga «homilador» bo‘lgan shamollar zikr qilinib, bularning barchasi Haq taolo tarafidan insonga xizmat qilish uchun yaratilgani uqtiriladi. So‘ngra Yaratganning amri bilan asli zuvalasi «qora loy»dan qorilgan insonga butun mavjudot sajda qilganida faqat Iblisgina bu farmonga bo‘yinsunmay kibr-havo qilganini bayon qilish bilan shaytonning insoniyatga nisbatan bo‘lgan adovati to qiyomatgacha davom etishiga ishora qilinadi. Yana bu surada Allohning payg‘ambarlari — Ibrohim, Lut, Shu’ayb va Solih alayhis-salomlarning qissalari so‘ylanadi. Bulardan Solih payg‘ambarning qavmlari — Samud qabilasi Hijr (Madina va Shom o‘rtasidagi vodiy)dan ekanligi zikr qilinib, mazkur suraniig «Hijr» deb nomlanishining boisi shudir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Ro. Ushbu (oyatlar) Kitobning — ravshan Qur’onning oyatlaridir.
2. Hali (qiyomat kuni) kofir bo‘lgan kimsalar musulmon bo‘lishni istab qolurlar.
3. (Ey Muhammad,) ularni qo‘yavering, yeb-ichib, foydalanib qolsinlar, orzu-havaslariga mashg‘ul bo‘laversinlar. Bas, yaqinda (bu qilmishlarining oqibati nima bo‘lishini) bilib olurlar.
4. Biz biron shaharni (ya’ni, uning aholisini) halok qilgan emasmiz, magar uning uchun aniq muddat bo‘lgandir (ya’ni, o‘sha muddati — ajali bitgandan so‘nggina halok qilganmiz.
5. Biron avlod o‘z ajalidan ilgari keta olmaydi. Shuningdek (undan), ortda ham qola olmaydi.
6-7. Ular (ya’ni, Makka kofirlari Muhammad alayhis-salomni masxara qilishib): «Ey (o‘ziga) eslatma — Kur’on nozil kilingan (deb da’vo qilayotgan) kishi, darhaqiqat, sen, majnunsan. Agar («Men Allohning payg‘ambariman», degan da’voingda) rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga (so‘zlaringni tasdiqlaydigan) farishtalarni keltirgin-chi», dedilar.
8. Biz esa farishtalarni faqatgina (kofirlar zimmasiga) haq (bo‘lgan azob) bilan tushirurmiz va bu holda ularga (kofirlarga) qarab turilmas (ya’ni, ular darhol haloq qilinurlar).
9. Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O’zimiz nozil qildik va shubhasiz, O’zimiz uni saqlaguvchimiz. I z o h .
Ushbu oyati karima asrlar osha Qur’onning ilohiy Kitob ekanini qayta-qayta isbotlab kelmoqda. Uzoq o‘tmishni qo‘yib turaylik, mana shu bizning asrimizning o‘zida bu aziz kitobni yo‘q qilish uchun qanchadan-qancha xurujlar bo‘lmadi. Uni o‘tga yoqdilar, daryolarga oqizdilar, qabrlarga ko‘mdilar. Bugina emas! Yana Qur’onni yod olgan yoki hayotini shu ilohiy kitobga amal qilib o‘tkazmoqni istagan millionlab ulug‘ zotlarni qirib yo‘qotib yubordilar. Keyin-chi? Keyin boshqa millionlar qo‘llarida, tillarida va dillarida biror harfi ham zahalanmagan shu aziz kitob bilan paydo bo‘ldilar! «Shubhasiz O’zimiz uni saqlaguvchimiz», degan ilohiy so‘zlar o‘z tasdig‘ini topdi. Islom ta’limotiga ko‘ra Qur’on ilohiy kitoblarning so‘nggisidir. Binobarin, mana shu oyatda uni to qiyomat yo‘qotmay, buzmay saqlashni Tangri taolo O’z zimmasiga olgandir. Shu bois, boshqa — ilgarigi ummatlarga nozil qilingan ilohiy kitoblarga o‘zgarishlar kiritilib, buzilgani holda (masalan, Injilning yetmishdan ortiq tarjimalari bor, lekin asl nusxasi hech qaerda mavjud emas). Qur’on mana, o‘n to‘rt asrdan buyon payg‘ambar alayhis-salomga qanday nozil qilingan bo‘lsa, (yo‘q qilishga urinishlar, balo-ofatlardan asralib) xuddi o‘shanday saqlanib kelmoqda. 10. (Ey Muhammad), aniqki, Biz sizdan ilgari o‘tgan, avvalgi (turli-tuman) toifalarga ham (payg‘ambarlar) yuborganmiz.
11. Ular ham o‘zlariga kelgan har bir payg‘ambarni masxara qilib kulgan edilar.
12. Shuningdek, uni (ya’ni, payg‘ambarlar ustidan kulish illatini) barcha jinoyatchi — osiylarning dillariga solib qo‘yurmiz.
13. Ular unga (Qur’onga) iymon keltirmaydilar. Holbuki, avvalgilarning sunnatlari — ibratlari o‘tgandir (ya’ni, avvalgi kofirlik bilan o‘tgan kimsalarning oqibatlari nima bo‘lgani ma’lumdir).
14-15. Agar Biz ularga osmondan bir darvoza ochib qo‘ysag-u, undan (osmonga) ko‘tarila boshlasalar ham, albatta ular: «Shak-shubhasiz, bizlarning ko‘zlarimiz bog‘lanib qoldi, balki bizlar sehrlanib qolgan kishilardirmiz», degan bo‘lur edilar. I z o h .
Bu oyatlarda uqtiriliishcha, ko‘ngil ko‘zi ko‘r kimsalar ularga samoning siru sinoatlarini, undagi maloikalarni ko‘rish nasib etganida ham, baribir, Yaratganga iymon keltirish o‘rniga: «Bizlarning ko‘zimizni bog‘lab qo‘yishdi, o‘zimizni sehrlab qo‘yishdi», deyishdan nariga o‘tmas ekanlar.