Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 865864 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 61 B


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:52:51



34. Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yetolmaysizlar. Haqiqatan, inson zoti o‘ta zolim va juda noshukrdir.

35. (Ey Muhammad), eslang, Ibrohim aytgan edi: «Parvardigorim, bu shaharni (ya’ni Makkani) tinch shahar qilgin, meni va bolalarimni butlarga bandalik qilishdan yiroq qilgin.

36. Parvardigorim, u butlar ko‘pdan-ko‘p odamlarni yo‘ldan ozdirdilar. Bas, kim menga ergashsa, ana o‘sha mendandir (ya’ni mening dinimdadir). Kim menga isyon qilsa, yana O’zing mag‘firatli, mehribonsan (ya’ni, unday kimsalarni ham haq yo‘lga hidoyat qilishga qodirsan).

37. Parvardigoro, albatta men zurriyotimdan (bir bo‘lagini — o‘g‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim.


I z o h . Rivoyat qilinishicha, Ibrohim alayhis-salomning Hojar ismli xotinlari Ismoil alayhis-salomni tuqqanlarida, Sora (Ibrohim payg‘ambarning boshqa xotinlari) bundan g‘ashlanib, Hojarga rashk qila boshlagan ekan. Shunda Ibrohim alayhis-salom Alloh taolo amri bilan o‘g‘illari Ismoil va uning onasi Hojarni olib, Shomdan Makkaga borib, ularni o‘sha joyga joylashtirib qaytayotib, Tangri taologa iltijo qilib mana shu oyatlarda mazkur bo‘layotgan duolarni o‘qigan ekanlar. Hadisi sharifda zikr qilinishicha, Alloh taolo O’z payg‘ambari Ibrohim alayhis-salomning duolarini ijobat qilib, o‘sha sahrodan «zam-zam» chashmasini chiqarib, u yerda qolganlarga obi hayot ato etgan ekan.

Parvardigoro, (ular) namozni to‘kis ado qilsinlar deb (shunday qildim). Bas, Sen O’zing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qo‘ygil va ularni (barcha) mevalardan bahramand etgil. Shoyad shukr qilsalar.

38. Parvardigoro, albatta Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan, Alloh uchun yeru osmondagi biron narsa maxfiy emasdir.

39. Menga keksalik paytimda Ismoil va Ishoqni hadya qilgan zot — Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Albatta, Parvardigorim barcha duolarni eshitguvchidir.

40. Parvardigorim, meni va zurriyotimdan (bo‘lgan bolalarimni) namozni to‘kis ado etguvchi qilgil. Parvardigoro, duoimni qabul ayla.

41. Parvardigoro, hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qilgil.

42. (Ey Muhammzd), siz hargiz: «Alloh zolim kimsalarning qilayotgan amallaridan g‘ofil», deb o‘ylamang! Faqat Alloh ularni(ng jazolarini) ko‘zlar (dahshatdan) qotib qoladigan (qo‘rqinchli qiyomat) kuniga qoldirmoqda, xolos.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:53:10



43. (U kuni) ular boshlarini (osmonga) ko‘targan hollarida (chorlangan tomongga xisob-kitob uchun) chopurlar. Ko‘zlari o‘zlariga qaytmaydi (ya’ni, qo‘rquvdan qotib qolib, o‘zlarining qanday holda ekanliklarini ham ko‘rmaydilar). Dillari (dahshatdan) bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolur.

44. (Ey Muhammad), odamlarni ogohlantirib qo‘yingki, ularga azob kelar kunda (qiyomatda) zolim-kimsalar: «Parvardigoro, bizlarga ozgina muhlat bergin, (ya’ni, bizlarni dunyoga qaytarib, ozgina hayot bergin, albatta) Sening da’vatingni qabul qilurmiz va payg‘ambarlaringga ergashurmiz», deydilar. (Shunda ularga javob qilinur): «Ilgari (hayot paytlaringizda) hech qachon zavolga yuz tutmasligingiz (ya’ni, hech qachon o‘lmasligingiz va oxirat jazosiga duchor bo‘lmasligingiz) haqida qasam ichmagan edingizlarmi?!

45. (Axir) sizlar o‘zlariga zulm qilgan kimsalarning maskanlariga (ular zavolga yuz tutganlaridan keyin) joylashgan edingizlar. Ularni qanday (halok) qilganimiz ham sizlarga aniq ma’lum edi. Biz sizlar uchun (qanchadan-qancha) misollar keltirgan edik (lekin sizlar bu ko‘rgan bilganlaringizdan ibrat olmadingiz, haq yo‘lga yurmadingiz)».

46. Darhaqiqat, ular (ya’ni Makka mushriklari) o‘zlarining makr-hiylalarini qildilar. (Lekin) agar ularning makrlari sababli tog‘lar yemirilib ketadigan bo‘lsa-da, ularning (bu) makr-hiylalari Alloh huzurida (ma’lumdir).


I z o h. Bu oyatda mushriklarning Muhammad alayhis-salomga qarshi qilgan hiyla-nayranglariga va Alloh taolo ularning barcha urinishlarini behuda ketkazganiga ishora qilinmoqda.

47-48. (Ey Muhammad), siz hargiz Allohni o‘z payg‘ambarlariga bergan («Biz albatta payg‘ambarlarimizni g‘olib qilurmiz», degan) va’dasiga xilof qiluvchi, deb o‘ylamang. Albatta, Alloh g‘olibdir va (u) yer boshqa yerga, osmonlar (o‘zga osmonlarga) aylanib qoladigan hamda (barcha odamlar) yolg‘iz va qudratli Allohga rubaro‘ bo‘ladigan kunda (qiyomatda) intiqom olguvchidir.

49. (Ey Muhammad), u kunda jinoyatchi kimsalarni kishanlar bilan bog‘langan hollarida ko‘rursiz.

50. Ularning kiyimlari qora moydan bo‘lib, yuzlarini olov o‘rab olur.

51. Alloh har bir jonga qilgan ishiga yarasha jazo berish uchun (mana shunday qayta tiriltirur). Albatta, Alloh juda tez hisob-kitob qilguvchidir.

52. (Qur’on) odamlar ogohlantirilishlari va (Alloh) yagona iloh ekanini bilishlari hamda aql egalari eslatma-ibrat olishlari uchun (Alloh tarafidan nozil qilingan) bir bayonot — xabardir.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:53:31

O’N TO’RTINCHI JUZ’
*************************



HIJR SURASI

Bu sura Makka suralaridan bo‘lib, to‘qson to‘qqiz oyatdan tashkil topgandir. Bu suraning mehvari — o‘qi turli asrlardagi payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilib, ularga qarshi chiqqan osiylarning hammasi halokatga uchraganlari atrofida aylanadi. Shu boisdan sura bunday kimsalarga iymonsizliklarining oqibati xatarli ekanligi haqida tanbeh berish bilan boshlanadi.

Bu surada burjlarga bo‘lingan osmon, hayot kechirish unun moslab yaratilgan zamin, ma’dan-xazinalarni o‘z bag‘riga olib o‘rnashgan tog‘lar, yomg‘irli bulutlarga «homilador» bo‘lgan shamollar zikr qilinib, bularning barchasi Haq taolo tarafidan insonga xizmat qilish uchun yaratilgani uqtiriladi. So‘ngra Yaratganning amri bilan asli zuvalasi «qora loy»dan qorilgan insonga butun mavjudot sajda qilganida faqat Iblisgina bu farmonga bo‘yinsunmay kibr-havo qilganini bayon qilish bilan shaytonning insoniyatga nisbatan bo‘lgan adovati to qiyomatgacha davom etishiga ishora qilinadi. Yana bu surada Allohning payg‘ambarlari — Ibrohim, Lut, Shu’ayb va Solih alayhis-salomlarning qissalari so‘ylanadi. Bulardan Solih payg‘ambarning qavmlari — Samud qabilasi Hijr (Madina va Shom o‘rtasidagi vodiy)dan ekanligi zikr qilinib, mazkur suraniig «Hijr» deb nomlanishining boisi shudir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Ro. Ushbu (oyatlar) Kitobning — ravshan Qur’onning oyatlaridir.

2. Hali (qiyomat kuni) kofir bo‘lgan kimsalar musulmon bo‘lishni istab qolurlar.

3. (Ey Muhammad,) ularni qo‘yavering, yeb-ichib, foydalanib qolsinlar, orzu-havaslariga mashg‘ul bo‘laversinlar. Bas, yaqinda (bu qilmishlarining oqibati nima bo‘lishini) bilib olurlar.

4. Biz biron shaharni (ya’ni, uning aholisini) halok qilgan emasmiz, magar uning uchun aniq muddat bo‘lgandir (ya’ni, o‘sha muddati — ajali bitgandan so‘nggina halok qilganmiz.

5. Biron avlod o‘z ajalidan ilgari keta olmaydi. Shuningdek (undan), ortda ham qola olmaydi.

6-7. Ular (ya’ni, Makka kofirlari Muhammad alayhis-salomni masxara qilishib): «Ey (o‘ziga) eslatma — Kur’on nozil kilingan (deb da’vo qilayotgan) kishi, darhaqiqat, sen, majnunsan. Agar («Men Allohning payg‘ambariman», degan da’voingda) rostgo‘ylardan bo‘lsang, bizga (so‘zlaringni tasdiqlaydigan) farishtalarni keltirgin-chi», dedilar.

8. Biz esa farishtalarni faqatgina (kofirlar zimmasiga) haq (bo‘lgan azob) bilan tushirurmiz va bu holda ularga (kofirlarga) qarab turilmas (ya’ni, ular darhol haloq qilinurlar).

9. Albatta bu eslatmani (ya’ni Qur’onni) Biz O’zimiz nozil qildik va shubhasiz, O’zimiz uni saqlaguvchimiz.


I z o h . Ushbu oyati karima asrlar osha Qur’onning ilohiy Kitob ekanini qayta-qayta isbotlab kelmoqda. Uzoq o‘tmishni qo‘yib turaylik, mana shu bizning asrimizning o‘zida bu aziz kitobni yo‘q qilish uchun qanchadan-qancha xurujlar bo‘lmadi. Uni o‘tga yoqdilar, daryolarga oqizdilar, qabrlarga ko‘mdilar. Bugina emas! Yana Qur’onni yod olgan yoki hayotini shu ilohiy kitobga amal qilib o‘tkazmoqni istagan millionlab ulug‘ zotlarni qirib yo‘qotib yubordilar. Keyin-chi? Keyin boshqa millionlar qo‘llarida, tillarida va dillarida biror harfi ham zahalanmagan shu aziz kitob bilan paydo bo‘ldilar! «Shubhasiz O’zimiz uni saqlaguvchimiz», degan ilohiy so‘zlar o‘z tasdig‘ini topdi. Islom ta’limotiga ko‘ra Qur’on ilohiy kitoblarning so‘nggisidir. Binobarin, mana shu oyatda uni to qiyomat yo‘qotmay, buzmay saqlashni Tangri taolo O’z zimmasiga olgandir. Shu bois, boshqa — ilgarigi ummatlarga nozil qilingan ilohiy kitoblarga o‘zgarishlar kiritilib, buzilgani holda (masalan, Injilning yetmishdan ortiq tarjimalari bor, lekin asl nusxasi hech qaerda mavjud emas). Qur’on mana, o‘n to‘rt asrdan buyon payg‘ambar alayhis-salomga qanday nozil qilingan bo‘lsa, (yo‘q qilishga urinishlar, balo-ofatlardan asralib) xuddi o‘shanday saqlanib kelmoqda.

10. (Ey Muhammad), aniqki, Biz sizdan ilgari o‘tgan, avvalgi (turli-tuman) toifalarga ham (payg‘ambarlar) yuborganmiz.

11. Ular ham o‘zlariga kelgan har bir payg‘ambarni masxara qilib kulgan edilar.

12. Shuningdek, uni (ya’ni, payg‘ambarlar ustidan kulish illatini) barcha jinoyatchi — osiylarning dillariga solib qo‘yurmiz.

13. Ular unga (Qur’onga) iymon keltirmaydilar. Holbuki, avvalgilarning sunnatlari — ibratlari o‘tgandir (ya’ni, avvalgi kofirlik bilan o‘tgan kimsalarning oqibatlari nima bo‘lgani ma’lumdir).

14-15. Agar Biz ularga osmondan bir darvoza ochib qo‘ysag-u, undan (osmonga) ko‘tarila boshlasalar ham, albatta ular: «Shak-shubhasiz, bizlarning ko‘zlarimiz bog‘lanib qoldi, balki bizlar sehrlanib qolgan kishilardirmiz», degan bo‘lur edilar.


I z o h . Bu oyatlarda uqtiriliishcha, ko‘ngil ko‘zi ko‘r kimsalar ularga samoning siru sinoatlarini, undagi maloikalarni ko‘rish nasib etganida ham, baribir, Yaratganga iymon keltirish o‘rniga: «Bizlarning ko‘zimizni bog‘lab qo‘yishdi, o‘zimizni sehrlab qo‘yishdi», deyishdan nariga o‘tmas ekanlar.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:54:30



16. Ma’lumki, Biz osmonda burjlar yaratdik va kuzatuvchilar uchun uni (yulduzlar bilan) bezab qo‘ydik.

17. Va uni (osmonni) barcha mal’un-shayton, jinlardan muhofaza qildik.

18. Magar (u jinlardan) birontasi (osmondagi maloikalarning biron so‘zini) o‘g‘rincha eshitib olsa, bas, uni ochiq (uchar) yulduz quvib yetar (ya’ni, halok etar).


I z o h . Diniy ta’limotga ko‘ra, zamin insonlarning makoni, osmon esa maloikalarning oshyonidir. Bu farishtalar «Allohning askarlari» sanalib, Tangri taolo O’zining yerdagi bandalari xususidagi barcha hukm-farmonlarini ado qilishni ana o‘sha farishtalar zimmasiga yuklagandir. Endi olamda uchinchi bir toifa — jinlar toifasi ham borki, ulardan ayrimlari osmondagi farishtalarning o‘zaro gap-so‘zlarini o‘g‘rincha eshitib olishib, yerdagi folbinlarga yetkazmoqchi bo‘ladilar. Mazkur oyatlarda uqtirilishicha, osmondagi uchar yulduzlar ana o‘shanday shayton-jinlarga otilgan o‘qlardir.

19. Yerni esa yoyiq — keng qildik va unda tog‘larni o‘rnatib qo‘ydik hamda unda (har yerning o‘ziga) moslangan turli-tuman narsalarni (o‘simlik, mevalarni) undirib-o‘stirdik.

20. Va unda (ya’ni, yerda) sizlar uchun ham sizlar rizqlantira olmaydigan (balki faqat Biz rizq beradigan sizlarning qo‘l ostingizdagi) kishilar uchun ham tirikchilik — rizqu nasibalarni yaratib qo‘ydik.

21. (Sizlarning rizqu ro‘zingiz bo‘lmish) har bir narsaning asli - manbai Bizning dargohimizdadir. Biz u narsalarni aniq o‘lchov bilan (sizlarga) tushirurmiz.

22. Biz shamollarni (bulutlarga) homilador bo‘lgan hollarida yubordik, osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirib, sizlarni u bilan sug‘ordik. Sizlar uni to‘plab olguvchi emassiz (balki Biz daryo va ko‘llar yaratib, u suvni sizlar uchun to‘plab berurmiz).

23. Albatta, Biz o‘zimiz (barcha jonzotga) hayot berurmiz va o‘lim berurmiz. Biz vorisdirmiz (ya’ni, barcha o‘tgandan keyin yolg‘iz O’zimiz qolurmiz).

24. Aniqki, Biz sizlardan ilgari o‘tgan (barcha) zotlarni bildik. Aniqki, Biz keyin kelguvchi zotlarni xam bildik.

25. (Ey Muhammad), albatta Parvardigoringizning O’zi (qiyomat kuni) ularni (ya’ni, avvalu oxir o‘tgan insonlarni) to‘plar. Albatta, U hikmat va bilim sohibidir.

26. Ma’lumki, Biz insonni (Odamning asli) qora botqoqdan bo‘lib (odam) surati berilgach, quritilgan loydan yaratganmiz.


I z o h. Darvoqe, hozirgi ilm-fan inson badanida yer tarkibida bo‘lgan barcha jismlar mavjud ekanini isbotlagan.

27. Jinni (ya’ni, Iblisni) esa (Odamdan) ilgari otash-olovdan yaratgan edik.

28-29. (Ey Muhammad), eslang, Parvardigoringiz farishtalarga: «Albatta, Men (asli) qora botqoqdan bo‘lib (odam surati berilgach) quritilgan loydan Inson yaratguvchiman. Bas, qachon uni tiklab, ichiga O’z (dargohimdagi) jondan kiritganimda, sizlar unga sajda qilgan holingizda yiqilingiz!» deganida;

30. Barcha-barcha farishtalar unga (ya’ni, Odamga) sajda kildilar.

31. Magar Iblis sajda qiluvchilar bilan birga bo‘lishdan bosh tortdi.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:55:05



32. (Shunda Alloh) dedi: «Ey Iblis, nechun sen sajda qilguvchilar bilan birga emassan?»

33. U aytdi: «Men (asli) qora botqoqdan bo‘lib, (odam surati berilgach) quritilgan loydan Sen yaratgan Odamga sajda qilguvchi emasman).

34. (Alloh) dedi: «Bas, undan (ya’ni, jannatdan) chiq! Endi sen, shak-shubhasiz, (Mening dargohimdan) quvilgan - mal’unsan.

35. Va albatta to jazo (qiyomat) kunigacha senga (barchaning) la’nati bo‘lur».

36. (Iblis iltijo qilib) dedi: «Parvardigorim, u holda menga ular qayta tiriladigan kungacha (o‘lmasdan yashash uchun) muhlat bergin».

37-38. (Alloh) dedi: «Bas, sen ma’lum vaqtda (etib keladigan) Kungacha (qiyomatgacha) muhlat berilganlardansan».

39. (Iblis) aytdi: «Parvardigorim, qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli albatta ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman.

40. Magar ularning orasidagi pokiza bandalaringgina (haq yo‘ldan ozmay qolurlar)».

41-42. (Alloh) dedi: «Mening zimmamdagi To‘g‘ri yo‘l budir: aniqki, Mening bandalarim ustida sen uchun hech qanday saltanat — hukmronlik yo‘qdir, magar senga ergashgan gumroh kimsalarnigina (bu To‘g‘ri yo‘ldan ozdira olursan)».

43. U kimsalarning barchalari uchun va’da qilingan joy, shak-shubhasiz, jahannamdir.

44. Uning yetti darvozasi bo‘lib, har bir darvozadan ularning bir to‘dasi kirur.

45. Taqvodor — parhezkor zotlar esa albatta bog‘lar va chashmalar ustidadirlar.

46. (U zotlarga: «Jannatlar)ga tinchlik bilan sog‘-omon kiringlar», (deyilur).

47. Biz (jannatlardagi) so‘rilarda do‘st-birodar bo‘lib, bir-birlariga ro‘baro‘ o‘tirgan zotlarning dillaridagi har qanday gina-kuduratlarni chiqarib tashladik.

48. U joyda ularga biron charchoq yetmas va ular u joydan chiqarilguvchi ham emaslar!

49-50. (Ey Muhammad), bandalarimga yolg‘iz Mening O’zimgina mag‘firatli, mehribon ekanligimni va Mening azobim eng alamli azob ekanligini xabar qiling!

51. Yana ularga Ibrohimning mehmonlari haqida xabar bering!

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:55:23



52. O’shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib: «Salom», deganlarida, (Ibrohim alik olib, ularga bir semiz buzoqni pishirib keltirdi. Lekin mehmonlar taomga qo‘l cho‘zishmagach), u: «Biz sizlardan qo‘rqmoqdamiz (Kimsizlar o‘zi)?» dedi.

53. Ular dedilar: «Qo‘rqmagin (biz Alloh yuborgan elchi - farishtalarmiz). Biz senga bir bilimdon o‘g‘il (ya’ni, Ishoq) xushxabarini yetkazurmiz».

54. U dedi: «Menga keksalik yetgan paytida (farzand ko‘rishim haqida) xushxabar keltirdingizmi? Endi menga (bu yoshimda) nimaning ham xushxabarini yetkazar edingizlar?»

55. Ular aytdilar: «Biz senga rostdan ham (farzand ko‘rishing) xushxabarini keltirdik. Bas, sen noumid kimsalardan bo‘lmagin!»

56. U dedi: «Parvardigorining fazlu rahmatidan faqat gumroh kimsalargina noumid bo‘lurlar».

57. (So‘ngra, ularga qarab yana) dedi: «Ey elchilar, nima yumush bilan keldingiz?»

58. Ular dedilar: «Bizlar bir jinoyatchi qavmga (ya’ni, Lut qavmiga ularni halok qilish uchun yuborilganmiz.

59. Lekin biz Lutning oilasini to‘la-to‘kis qutqarguvchidirmiz.

60. Faqat uning xotiniga (najot yo‘qdir)». (Chunki) Biz (ya’ni, Alloh) uning (azob-uqubatda) qolguvchilardan bo‘lishini taqdir qilib qo‘yganmiz.

61-62. Endi qachonki Lut oilasiga elchilarimiz kelgach, u (Lut) dedi: «Aniqki, sizlar notanish qavmsiz».

63. Ular dedilar: «Yo‘q, (biz Allohning elchi - farishtalarimiz). Biz senga ular (ya’ni, qavming) shak-shubha qilayotgan narsani (ya’ni, Allohning azobini) keltirdik.

64. Biz senga haq azobni keltirdik. Biz, shak-shubhasiz, rostgo‘ydirmiz.

65. Endi sen kechaning bir qismi (o‘tgach), ahli oilang bilan yo‘lga tush va o‘zing ularning ortida ketgin. Sizlardan biron kishi atrofga alanglamasin va sizlarga buyurilgan tarafga qarab ketaveringlar».

66. Biz unga (ya’ni, Lutga) tong paytida ana u (kofir qavm)ning dumi qirqilishi — halok bo‘lishi haqidagi mana shu farmonni vahiy qildik.

67. (Lutning uyiga chiroyli yigitlar kelgani haqidagi xabarni eshitib) shahar aholisi shod-xurram bo‘lgan hollarida keldilar. (Chunki ular bachchabozlik illatiga mubtalo bo‘lgan edilar).

68. (Shunda Lut) dedi: «Axir bu (yigitlar) mening mehmonlarim-ku. Meni sharmanda qilmanglar.

69. Allohdan qo‘rqinglar! Meni rasvo qilmanglar!»

70. Ular aytdilar: «Biz seni barcha olam (odamlarini himoya qilish)dan qaytarmaganmidik?!»


I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Lut alayhis-salom doimo qishloqlariga kelgan musofirlarni ularga zo‘rlik qilmoqchi bo‘lgan kofirlarning axloqsiz xatti-harakatlaridan himoya qilur ekanlar. Shunda u kofirlar Lutga: «Agar yana begonlarni bizdan himoya qilsang, seni qishlog‘imizdan quvib chiqaramiz», deb do‘q urgan ekanlar.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:55:40



71. U (Lut) dedi: «Agar (shu ishni) qilguvchi bo‘lsangizlar, ana (qishlog‘imizdagi) qizlarim (turishibdi, o‘sha qizlarni nikohlaringizga olaveringlar)».

72-73. (Ey Muhammad), hayotingizga qasamki, ular o‘z mastliklarida tentirab yurgan hollarida, (to‘satdan) tong paytida ularni dahshatli qichqiriq tutdi.

74. Biz u shaharni ostin-ustun qilib yubordik va ularning ustiga sopoldan bo‘lgan tosh yog‘dirdik.

75. Albatta, bu (hodisa)da farosatli kishilar uchun oyat-ibratlar bordir.

76. Darvoqe, u (shahar) doimiy yo‘l ustidadir (ya’ni, uning nima sababdan Tangrining g‘azabiga duchor bo‘lib vayron qilingani haqida tafakkur kilmaydilarmi?!)

77. Albatta, bunda mo‘minlar uchun oyat-ibrat bordir.

78. Shubhasiz, daraxtzor egalari (ya’ni, Shu’ayb payg‘ambarning qavmi zolim (kofir) bo‘lganlari aniqdir.

79. Bas, Biz ulardan intiqom oldik. Darvoqe, ularning (ya’ni, Lut qavmining shahri va Shu’ayb qavmining shahri) ikkisi ham ochiq yo‘l ustidadir. (Ya’ni, ularni ko‘rib ibrat olmaysizlarmi?)

80. Aniqki, Hijr (vodiy) egalari (Samud oilasi) ham payg‘ambarlarni (ya’ni, Solih alayhis-salomni) yolg‘onchi qilgandirlar.

81. Biz ularga O’z oyat-mo‘‘jizalarimizni ato etgan edik, ular bu oyatlardan yuz o‘giruvchi bo‘ldilar.

82-83. (Shundan so‘ng) ular tinch-omonlikda (go‘yo hech qachon o‘lmaydigandek) tog‘laridan uylar yo‘nib yurganlarida, ularni tong chog‘ida dahshatli qichqiriq tutdi.

84. So‘ngra ularga qilgan narsalari (ya’ni, tosh qal’alari) biron foyda bermadi.

85. Biz osmonlar va yerni hamda ularning o‘rtasidagi narsalarni faqat haq qonun-qoida bilan yaratdik. Soat — qiyomat ham, shak-shubhasiz, kelguvchidir. Bas (shunday ekan, ey Muhammad, siz johil — kimsalarning yetkazayotgan ozor-aziyatlariga sabr-toqat qiling va ulardan) chiroyli yuz o‘girish bilan yuz o‘giring!


I z o h. Bu oyatni shunday tushunmoq lozimdir. Bu olamdagi biron narsa tasodifiy emas, balki yeru osmondagi har bir zarra yetuk hikmat va aniq o‘lchov bilan yaratilgandir va hamma mavjudot bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Qilinadigan yaxshi-yomon amallar ham aniq qonun-qoida asosida O’z mukofot va jazosini olur.

Bu dunyo hayoti avvalidan oxirigacha birgina soatdir. Shu soat bitgach, qiyomat boshlanur va o‘sha soatning har bir daqiqa, soniyasida qilingan ish — amallar hisob-kitob qilinur. Bas, shunday bo‘lgach, johillardai yuz o‘girib, bu qisqa umrning har bir soniyasini dunyoda ham, oxiratda ham foyda beradigan amallarni qilishga sarflamoq lozimdir.


86. Albatta, Parvardigoringizning O’zigina yaratguvchi, bilguvchidir.

87. Darhaqiqat, Biz sizga yetti takrorlanuvchini (ya’ni, yetti oyatdan iborat bo‘lgan, har bir rakaat namozda takrorlanadigan «Fotiha» surasini) va Ulug‘ Qur’onni ato etdik.

88. Siz ko‘zlaringizni Biz u (kofirlardan ayrim) toifalarni bahramand qilgan narsalarga (ya’ni, ularning molu davlat, sha’nu shavkatlariga) tikmang! Ularning (iymonsizliklari) ustida g‘amgin ham bo‘lmang! Mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni mudom kamtar-tavozu’li bo‘ling!)

89. Va (iymonsiz kimsalarga ayting: «Albatta men (sizlarga Allohning azobi tushishidan) ochiq-oshkor ogohlantirguvchiman».

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:55:59



90-91. Xuddi Qur’onni bo‘lak-bo‘lak qilib olgan kimsalarga (ya’ni, Qur’onning ayrim oyatlari o‘zlarining istak-xohishlariga to‘g‘ri kelib qolsa, unga iymon keltirib, ayrim oyatlarini esa havoi xohishlariga to‘g‘ri kelmagani uchun inkor etadigan yahudiy va nasroniylarga ilgari Tavrot va Injil kitoblarini) nozil qilganimiz kabi (sizga ham ushbu Qur’onni nozil qildik).

92-93. Parvardigoringiz nomiga qasamki, albatta ularning barchasidan qilib o‘tgan ish amallari haqida so‘raymiz.

94. Bas, siz o‘zingizga buyurilgan ishni (ya’ni, Hak dinga da’vat qilishni) yuzaga chiqaring va mushriklardan yuz o‘giring!

95. Albatta, Biz O’zimiz — sizni masxara qilguvchilarni (halok etish uchun) kifoya qilurmiz.

96. Ular Allohga yana boshqa «iloh»larni (sherik) qilurlar. Bas, yaqinda (qiyomat kunida bu qilmishlarining oqibatini) bilib olurlar.

97. Shak-shubhasiz, Biz ular (sizni masxara qilib) aytayotgan so‘zlardan dilingiz siqilishini bilurmiz.

98. Bas, siz Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U zotni «sherik»lardan) poklang va sajda qilguvchilardan bo‘ling (shunda Alloh dilingizdagi g‘am-alamni ketkazur!)

99. (Shuningdek), to sizga aniq-narsa (ya’ni, o‘lim soati) kelgunicha Parvardigoringizga ibodat qiling!



NAHL SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, bir yuz yigirma sakkiz oyatdir. U qiyomat soati yaqinlashib qolgani haqida xabar berish bilan boshlanadi. So‘ngra Tangri taolo o‘zining yakka-yolg‘iz ekani, yerdagi jonli-jonsiz butlar Unga sherik bo‘lolmasliklari xususida ogohlantiradi va yeru osmonlar, dengizlar, tog‘lar, vodiy va vohalar, osmondan tushib yerni ko‘kartirayotgan yomg‘ir, yerdan unib chiqib, osmonga intilayotgan nabotot, dengizlarda suzib borayotgan kemalar, kechalarda yo‘lovchi musofirlar uchun mayoq bo‘lgan yulduzlar va xususan bir tomchi suvdan yaralib butun borliqdan aziz va mukarram bo‘lgan inson — bularning barchasi bir dono va bilimdon Yaratguvchi Zot borligiga dalolat qilib turishi to‘g‘risida uqtiriladi. So‘ngra Alloh taolo ato etgan behisob ne’matlarning shukrini ado qilish lozimligi, kufroni ne’mat qilgan ko‘rnamak kimsalarning oqibati halokat ekanligini bayon qiluvchi oyatlar keltiriladi. Sura nihoyasida payg‘ambar alayhis-salom va u kishining ummatlariga Allohning diniga ilmu hikmat va chiroyli pand-nasihat qilish bilan da’vat etish hamda bu da’vat yo‘lida chekiladigan jabru jafolarga sabr-toqat qilish amr etiladi. Tangri taoloning ojiz va mo‘‘jiz maxluqi bo‘lmish asalari xususida, uning ibratli hayot tarzi haqida hikoya qiladigan oyatlar o‘rin olgani uchun u «Nahl» — «Asalari» surasi deb atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Allohning farmoni (ya’ni qiyomat) kelib qoldi. Bas, sizlar (ey mushriklar), uni shoshtirmay qo‘ya qolinglar. (Alloh) ularning shirklaridan pok va yuksakdir.

I z o h . Mazkur oyat Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomni masxara qilishib: «Ey Muhammad, sen bizlarni qo‘rqitayotgan qiyomat rost bo‘lsa, kelsin-chi, ko‘raylik», deganlarida nozil bo‘lgan.

2. (Alloh) O’z amri-irodasi bilan O’zi xohlagan bandalariga Farishtalarni (shunday) vahiy bilan tushirur: («Ey payg‘ambarlarim, insonlarni) ogohlantiringlarki, hech qanday iloh yo‘q, faqat Men O’zimgina bordirman. Bas, (barchalaringiz) Mendangina qo‘rqingiz!»

3. U osmonlar va yerni haq (qonun) bilan yaratdi. U (mushriklarning) shirklaridan yuksakdir.

4. U insonni nutfadan — bir tomchi suvdan yaratgan edi. Banogoh (inson) ochiqdan-ochiq raqibga aylanib oldi.


I z o h . Bu oyatda qayta tirilish haq ekanligi ochiq mantiq bilan isbotlanmoqda — ya’ni, bir tomchi suvdan shunday go‘zal xilqatli insonni yaratishga qodir bo‘lgan Alloh taolo uning jonsiz jasadiga qaytadan jon ato etishga qodir emasmi?! Inson esa o‘zining nimadan yaratilganini unutib Yaratganga qarshi xusumat qilib yuribdi.

5. U zot yana sizlar uchun issiq kiyim va (turli) manfaatlar bo‘lsin, deb chorva mollarini ham yaratdiki, sizlarning taom-ozuqalaringiz ulardan bo‘lur.

6. Yana sizlar uchun ular kechqurun o‘tloqdan qaytayotgan va tongda o‘tloqqa ketayotgan paytida bir chiroy - fayz bo‘lur.

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:56:21



7. Shuningdek, ular sizlar jonlaringizni qiynab, zo‘r-bazo‘r (mashaqqat bilan) yetadigan yurtlarga yuklaringizni eltib berur. Albatta, Parvardigoringiz mehribon va rahmlidir.

8. U zot yana sizlar minishingiz uchun ziynat qilib otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur.


I z o h. Bizga zamondosh mufassirlar ushbu oyatdagi: «... sizlar bilmaydigap narsalarni ham yaratur» jumlasini Qur’on nozil bo‘lgan davrda mavjud bo‘lmay, keyin ilm-fan taraqqiy etishi bilan kashf qilingan sayyora — mashina, qator — poezd, tayyora — samolyot va boshqa bizlar ham bilmaydigan, bundan keyin kashf qilinadigan naqliyot — trasport vositalari, deb tafsir qiladilar.

9. To‘g‘ri yo‘lga (hidoyat qilish) yolg‘iz Alloh izmidadir, (Zotan, yo‘llar) orasida egrisi ham bordir. Agar (Alloh) xohlaganida sizlarning barchangizni (To‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilgan bo‘lur edi. (Lekin U zot sizlarga qaysi yo‘l to‘g‘ri va qaysi yo‘llar egri ekanini ko‘rsatib, qay bir yo‘lni tanlash ixtiyorini o‘zlaringizga qo‘yib berdi va aql-idrok bilan To‘g‘ri yo‘lni tanlab olgan baxtli bandalarini O’z xohish-irodasi bilan O’sha Haq yo‘lga hidoyat etishni va’da qildi, egri yo‘llarni tanlagan kimsalar esa har ikki dunyoda baxtsiz bo‘lib, o‘zlariga ziyon qilishlari to‘g‘risida xabar berdi).

10. U osmondan sizlar uchun ichimlik bo‘lgan suvni yog‘dirgan zotdir. Sizlar (hayvonlaringizni) boqadigan dov-daraxtlar (o‘t-o‘lanlar) ham o‘sha suvdan (ichar).

11. U zot sizlar uchun o‘sha (suv) yordamida (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirib-o‘stirur. Albatta, bu narsada (ya’ni, bir xil suv yordamida rangu ro‘yi, ta’mu lazzati boshqa-boshqa bo‘lgan meva-chevalarning unib-o‘sishida) tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibrat bordir.

12. U zot sizlar (bekamu ko‘st hayot kechirishingiz uchun) kecha va kunduzni, quyosh va oyni (bir tartibga solib) bo‘ysundirib qo‘ydi. (Barcha) yulduz — sayyoralar ham Uning amriga bo‘yinsundirilgandir. Albatta, bu narsada aql yurgizadigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

13. Yana U zot sizlar uchun yerda yaratib qo‘ygan rango-rang narsalarni (ya’ni, hayvonot va nabotot olamini, yer osti va yer usti boyliklarini ham sizlarga bo‘yinsundirdi). Albatta, bu narsada ibrat-eslatma oladigan qavm uchun oyat-ibrat bordir.

14. U sizlar yangi go‘sht (ya’ni, baliq go‘shti) yeyishlaringiz va taqadigan taqinchoqlar chiqarib olishlaringiz uchun (sizlarga) dengizni ham bo‘yinsundirib qo‘ygan zotdir, Siz unda (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko‘rursiz. U zotning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istashlaringiz va (bergan ne’matlariga) shukr qilishingiz uchun (sizlarga dengizlarni bo‘yinsundirib qo‘ydi).

Qayd etilgan


Muhammad  30 Avgust 2006, 07:57:29



15. U zot Yer sizlarni tebratmasligi uchun unda tog‘larni barpo qildi, (o‘zlaringiz uchun ichimlik bo‘lishi hamda ekin-tikinlaringizni sug‘orishingiz uchun) daryolarni (oqizib qo‘ydi) va (ko‘zlagan manzillaringizga borishda) adashmasliklaringiz uchun yo‘llarni paydo qildi.

16. Va (u yo‘llarga) belgilar (qilib qo‘ydi. Kechalarda esa kishilar) yulduzlar bilan yo‘l topurlar.

17. (Ey mushriklar), axir (barcha mavjudotni) yaratguvchi zot — Alloh bilan (hech narsa) yarata olmaydigan (butlaringiz) barobarmi?! O’ylamaysizlarmi?!

18. Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yeta olmaysizlar. Albatta, Alloh mag‘firatli, mehribondir.

19. Alloh yashirgan narsalaringizni ham, oshkor qilgan narsalaringizni ham bilur.

20. (Mushriklarning) Allohni qo‘yib, iltijo qilayotgan butlari biron narsani yaratguvchi emasdir, balki o‘zlari yaralguvchidirlar.

21. (Ular) jonsiz o‘liklardir. Va ular (o‘zlariga sig‘inayotgan mushriklarning) qachon qayta tirilishlarini ham seza olmaydilar.

22. Tangringiz yagona tangridir. Bas, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning ko‘ngillari (Allohning yakka-yagona ekanligini) inkor qilur, (ularning) o‘zlari mutakabbir kimsalardir.

23. Shak-shubha yo‘qki, Alloh ularning yashirgan narsalarini ham, oshkor qilgan narsalarini ham bilur. Albatta, U zot mutakabbir kimsalarni sevmas.

24. Qachon ularga: «Parvardigoringiz Muhammad alayhis-salomga) qanday narsa nozil qildi?» — deyilsa, ular (masxara qilishib): «Avval o‘tganlarning afsonalarini», deydilar.

25. Ular (bu yolg‘on so‘zlarni, boshqa odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun va oqibatda) qiyomat kunida, o‘zlarining barcha gunohlariga hamda o‘zlari jaholat bilan yo‘ldan ozdirgan kimsalarning gunohlaridan ham (bir qismiga) javobgar bo‘lish uchun (aytgandirlar). Ogoh bo‘lingiz, ular juda yomon yukni (ya’ni, gunohlarni) orqalib olibdilar.

26. Ulardan avvalgi (kofir) kimsalar ham (o‘z payg‘ambarlariga mana shunga o‘xshash) makr-hiylalar qilgan edilar. Shunda Alloh ular (qurgan makr-hiyla) binolarini tag-tugi bilan yemirib tashladi, bas, ular (to‘qib olgan yolg‘on bino-tuzumlari)ning tomi o‘zlarining ustiga quladi va ularga o‘zlari sezmagan — kutmagan tarafdan azob-halokat keldi.

Qayd etilgan