Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 809314 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 61 B


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:15:10



111. Har bir jon faqat o‘zini o‘ylab — himoya qilib qoladigan va har bir jon qilgan amalining (mukofotini) to‘la oladigan hamda ularga zulm qilinmaydigan Kunni (eslang).

112. Alloh bir shaharni (ya’ni Makkani) misol keltirur: u tinch, sokin (shahar) edi, har tomondan rizqu ro‘zi bekamu-ko‘st kelib urar edi. Bas, (qachonki) u (ya’ni, uning aholisi) Allohning ne’matiga noshukrlik qilgach, Alloh u (shahar aholisiga) bu «xunarlari» (kufru isyonlari) sababli ocharchilik va notinchlik balosini totdirib qo‘ydi.

113. Darhaqiqat, ularga o‘zlaridan bo‘lgan bir payg‘ambar kelganida uni yolg‘onchi qilishgach, ularni zolim bo‘lgan hollarida (Allohning) azobi ushladi.

114. Bas, (ey mo‘minlar), Alloh sizlarga rizq qilib bergan halol-pok narsalardan yenglar va agar Allohga ibodat etguvchi bo‘lsangizlar, U zotning ne’matlariga shukr qilinglar!

115. U (Alloh) sizlarga faqatgina o‘laksani, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim va haddan oshuvchi bo‘lmagan holida nochor vaziyatda qolsa (va shu holda mazkur narsalardan o‘lmagudek miqdorda yesa, gunohkor bo‘lmaydi). Bas, albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, rahmlidir.

116. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qish uchun (ya’ni, Alloh buyurmagan hukmlarni Allohniki deyish uchun) tillaringizga kelgan yolgonni gapirib: «Bu halol, bu harom», deyavermanglar! Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar hech najot topmaslar.

117. (Unday kimsalar uchun bu hayoti dunyoda) ozgina foyda bo‘lur. (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir.

118. (Ey Muhammad), yahudiy bo‘lgan kimsalarga ilgari (An’om surasida) sizga so‘zlab bergan narsalarni harom qildik. Biz ularga zulm qilmadik, balki ular o‘zlariga (o‘zlari) zulm qilguvchi bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:15:28



119. So‘ngra (biling-ki), albatta Parvardigoringiz, bilmagan holda yomonlik — gunoh qilib qo‘yib, keyin tavba qilgan va o‘zlarini tuzatgan kishilar uchun, shak-shubhasiz, o‘sha (tavba-tazarrularidan) so‘ng Parvardigoringiz (ularni) mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

120. Albatta, Ibrohim Allohga itoat qilguvchi, haq yo‘ldan toyilmagan bir peshvo-imom edi. U mushriklardan emas edi.

121. U (Allohning) ne’matlariga shukr qilguvchi edi. (Shu sababdan Alloh) uni (payg‘ambarlikka) tanlab, To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi.

122. Biz unga bu dunyoda chiroyli (obro‘-e’tibor) ato etdik (zero, barcha dinlarning ahllari Ibrohim alayhis-salomning nomlarini hurmat bilan tilga oladilar). Albatta, u oxiratda ham solih — yaqinlarimizdandir.

123. So‘ngra (Biz, ey Muhammad), sizga haq yo‘ldan toyilmagan Ibrohimning diniga ergashing, u mushriklardan emas edi, deb vahiy yubordik.

124. «Shanba» (u kunni ulug‘lash) faqatgina u kun haqida ixtilof qilgan kimsalarning (ya’ni, yahudiylarning) ustiga (farz) qilingandir. Albatta, Parvardigoringiz qiyomat kunida ularning o‘rtasida o‘zlari ixtilof qilib o‘tgan narsalar to‘g‘risida hukm qilur.

I z o h . Yahudiylar: «Muhammad Ibrohimning diniga qarshi chiqdi, Ibrohim shanba kunini ulug‘lar edi, Muhammad esa juma ulug‘ kun deydi», dedilar. Shunda shanba kunini ulug‘lash Ibrohim alayhis-salomning dinlarida bo‘lmaganini ta’kidlab, ushbu oyat nozil bo‘ldi.

125. (Ey Muhammad), Parvardigoringizning yo‘li — diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da’vat qiling! Ular (siz bilan talashib-tortishadigan kimsalar) bilan eng go‘zal yo‘lda mujodala — munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning O’zi Uning yo‘lidan ozgan kimsalarni juda yaxshi bilur va U zot hidoyat topguvchi kishilarni ham juda yaxshi bilur.

126 (Ey mo‘minlar), agar sizlar (o‘zingizga yetgan biron ziyon-zahmat uchun) intiqom olmoqchi bo‘lsangizlar, u holda faqat sizlarga yetkazilgan ziyon barobarida intiqom olingiz. (Ammo) agar (intiqom olmay) sabr-toqat qilsangizlar, albatta sabr qilguvchi kishilar uchun (bu intiqom olmoqdan) yaxshiroqdir.

127. (Ey Muhammad, bu da’vat yo‘lida sizga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr-toqat qiling. Yolg‘iz Alloh yordami bilangina sabr qilishga qodir bo‘lursiz. Ularning (ya’ni, mushriklarning dinga kirmaganliklari) ustida mahzun bo‘lmang. Ularning makru hiylalaridan siqilmang ham!

128. Zotan, Alloh taqvodor bo‘lgan va chiroyli amallar qilguvchi zotlar bilan birgadir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:16:00

O’N BESHINCHI JUZ’
*************************



ISRO SURASI

 Bir yuz o‘n bir oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Makkada nozil kilingan. Bu surada ham boshqa Makka suralarida bo‘lgani kabi e’tiqod, Alloh taoloning yakka-yolg‘izligi, qayta tirilish aniq ma’lumligi borasida so‘z ketsa-da, undagi eng asosiy jihat payg‘ambar Muhammad alayhis-salomning shaxsiyatlari va u zotga Alloh tomonidan ato etilgan mo‘‘jizalar ta’rif-tavsifidir. Bu sura Alloh taolo O’zining so‘nggi payg‘ambariga ko‘rsatgan «sayr» mo‘‘jizasi haqida xabar berish bilan boshlanadi. Shu boisdan, suraning nomi «Al-isro» — «Tungi sayr» deb atalgandir.

Bu surada Bani Isroil qavmi xususida ham so‘z yuritilib, ularning tug‘yon va isyonlari hamda oxirat-oqibat topajak musibatlari haqida xabar beriladi. Shuning uchun ayrim ulamolar uni "œBani Isroil" surasi deb ataydilar.

Bu sura mo‘minlarga yolg‘iz Alloh taologagina ibodat qilishdan keyingi eng zarur amal ota-onaga yaxshilik qilish, ularning huzurida ta’zim-tavozu’ bilan turish, buyurgan ishlarini quloq qoqmay bajarish ekanini uqtiradi. Yana bu surada borliqdagi jonli-jonsiz barcha mavjudot o‘z vujudlari, o‘zaro bog‘lanishlari va bir tartib-intizomga so‘zsiz bo‘yinsunishlari bilan ularni yaratgan ham, boshqarib turgan ham yolg‘iz Alloh taolo ekanligiga dalolat qilib turishi ta’kidlanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Alloh) bir kecha, O’z bandasi (Muhammad)ni — unga oyat-mo‘‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjid-al-haromdan (Quddusdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo‘ygan Masjid-al-Aqsoga sayr qildirgan (barcha aybu nuqsondan) pok Zotdir. Darhaqiqat, U eshitguvchi, ko‘rguvchi zotdir.

I z o h . Bu — me’roj, ya’ni Alloh huzuriga ko‘tarilish qissasi bo‘lib, u payg‘ambar alayhis-salom Madinaga hijrat qilishidan bir yil ilgari voqe’ bo‘lgandir. Rasululloh aytadilar:

«Bir kecha Masjid-al-haromda ekanman, banogoh huzurimga Jabroil Buroq ismli otni yetaklab keldi va meni o‘sha otga mindirib samoga olib chiqib ketdi. Bir zumda Quddus shahriga yetib keldik. Bu yerdagi Masjid-al-Aqsoda ikki rakaat nafl namozini o‘qigach, yana Buroqqa minib Jabroil bilan osmonga yo‘l oldik. Yettinchi osmonga yetgach, Tangri taolo menga va mening ummatimga kunda besh vaqt namoz o‘qishni farz qilib, dedi: «Bu bir kecha-kunduzda o‘qiladigan besh vaqt namozning har biriga o‘n namoz savobini ato eturman! Demak, besh vaqt namoz o‘qigan kishiga ellik vaqt namoz savobi yozilur. Shuningdek, bandalarimdan kim bir yaxshilik qilishga azm etib, uni ado eta olmasa bir savob, ado eta olsa, o‘n savob ato qilurman. Endi kimki, biron yomon ishni — gunohni qasd qilsa-yu, uni amalga oshirmasa, u kishiga gunoh yozilmas, agar o‘sha yomon niyatini amalga oshirsa, bir gunoh yozilur». Parvardigorimdan ushbu vazifalarni olib, zaminga tushdim va bir nafasda o‘zimni Makkada ko‘rdim».

Rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhis-salom me’rojga chiqib ketayotib hujralarining eshigini yopganlarida qimirlab qolgan eshik halqasi osmondan qaytib tushganlarida ham silkinib turgan ekan.


2. Biz Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik va u (Kitobni) Bani Isroil (qavmi) uchun hidoyat qilib (dedik): «Sizlar Mendan o‘zgani vakil (ya’ni, barcha ishlar ishonib topshiriladigan zot) qilib olmanglar!»

3. «(Ey) Biz (g‘arq bo‘lishdan qutqarib) Nuh bilan birga (kemada) ko‘tarib najot bergan kishilarning zurriyotlari, (sizlar ham Nuhning yo‘lini tutinglar), zero, u doimo shukr qilguvchi banda edi».

4. Shuningdek, Biz Bani Isroilga u Kitobda: «Sizlar albatta (Shom) zaminida ikki marta buzg‘unchilik qilursizlar va katta tug‘yonga tushursizlar», deb xabar berdik.

5. Bas, qachon u (buzg‘unchilik)lardan avvalgisining vaqti kelganida, Biz sizlarning ustingizga (qilmishlaringiz barobarida) jazolash uchun (kuch-quvvat egalari bo‘lgan) bandalarimizni yubordik. Ular (sizlarni halok qilish, asir olish uchun) hovli-joylar oralab kezdilar. (Bu va’da) ado qilinguvchi va’da bo‘ldi.


I z o h . Mufassirlar aytishlaricha, Bani Isroil qavmi haromni halol deb, nohaq qon to‘kib buzg‘unchilik yo‘liga kirganlarida, Tangri taolo ularning ustiga Bobil hukmdorini g‘olib qilib qo‘yadi. U o‘z lashkari bilan kelib, Bani Isroildan yetmish ming nafarini qilichdan o‘tkazadi. Uy-joylarini vayronaga aylantiradi. Bu Tangri taolo va’da qilgan jazo edi.

6. So‘ngra (tavba-tazarru qilib o‘zlaringizni o‘nglaganingizdan keyin) Biz sizlarni qaytadan ularning (Bobil hukmdorining) ustiga g‘olib qildik va sizlarga mol-dunyo, bola-chaqa bilan madad berib son-sanoqlaringizni ko‘paytirdik.

7. Agar (shundan keyin) chiroyli amallar qilsangizlar - o‘zlaringizga yaxshilik qilgan bylursizlar. Agar yomon, gunoh amallar qilsangizlar ham o‘zlaringiz uchundir. Bas, qachon keyingi (buzg‘unchilikning) vaqti-soati kelganida, (ular yana) yuzlaringizni qaro qilishlari, avvalgi safar kirganlari kabi Masjid (al-Aqso)ga kirib, (uni toptashlari) uchun hamda o‘zlari egallab olgan (barcha) yerlarni vayron etishlari uchun (yana dushmanlaringizni sizlarning ustingizga yuborurmiz).


I z o h. Darhaqiqat, Bani Isroil qavmi yana yo‘ldan ozib, o‘zlariga yuborilgan payg‘ambarlarni qatl etishgach, Alloh taolo ularning ustiga Fors majusiylarini olib qolib, ular Bani Isroil qavmining boshiga balo yog‘dirgan, yurtlarini vayronaga aylantirgan ekan.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:16:21



8. (Agar tavba-tazarru qilsangizlar), shoyad Parvardigorlaringiz sizlarga rahm qilsa. Agar (yana buzg‘unchilikka) qaytsangizlar, biz ham (sizlarni halok etishga) qayturmiz. Biz kofirlar uchun jahannamni zindon qilib qo‘yganmiz.

9. Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiladigan mo‘minlarga katta ajr-mukofot borligini(ng) xush xabar(ini) berur.

10. Shuningdek, oxiratga ishonmaydigan kimsalar uchun alamli azob tayyorlab qo‘yganimizni(ng ham «xush-xabari»ni berur).

11. Inson (Alloh taolodan) yaxshilik so‘rab duoi xayr qilgani kabi (goho siqilgan paytlarida) yomonlik tilab duoibad ham qilur. Inson (mana shunday) shoshqaloqdir.

12. Biz kecha va kunduzni (o‘zimizning qudrati ilohiyamizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi — alomat qilib qo‘ydik. (Hech narsa) ko‘rinmas qorong‘ilikni kechaning alomati qildik. Kunduz alomatini esa, Parvardigoringizdan fazlu marhamat (ya’ni, rizqu ro‘z) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisob-kitobni bilishlaringiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Va biz barcha narsani (ro‘zi azaldayoq) batafsil bayon qilib qo‘yganmiz (ya’ni, dunyodagi sodir bo‘ladigan biron ish yoki voqea-hodisa tasodifiy bo‘lmay, balki har birining voqe bo‘lish joyi, vaqti va sabablari batafsil bayon qilib qo‘yilgandir).

13. Biz har bir insonning amalini bo‘yniga ilib qo‘ygandirmiz (ya’ni, uning qilgan har bir amali ikki dunyoda unga ajralmas hamroh bo‘lur). Biz Qiyomat kuni unga ochiq holda ro‘baro‘ bo‘ladigan bir kitobni (ya’ni, nomai a’molini) chiqarib ko‘rsaturmiz.

14. (Va unga deyilur); «Nomai a’molini o‘qi! Bugun o‘z nafsing o‘zingga qarshi yetarli hisobchidir».

15. Kim hidoyat yo‘liga yursa, bas, o‘zi uchun yurar. Kim (hidoyat) yo‘lidan ozsa, u ham o‘z ziyoniga ozur. Hech bir ko‘targuvchi (ya’ni, gunohkor jon) o‘zga jonning yukini (ya’ni, gunohini) ko‘tarmas. Biz to biron payg‘ambar yubormaguncha (u orqali O’zimizning amru farmonlarimizni yuborib, unga itoat qilishdan bosh tortmagunlaricha, biron kimsani) azoblaguvchi emasmiz.

16. Biz qachon biron shaharni halok qilishni istasak, uning boyonlarini (O’zimiz yuborgan payg‘ambarlarga itoat etishga) buyurib, ular itoatsizlik qilishgach, u shahar (aholisi) ustiga So‘z (azob tushishi) vojib — muqarrar bo‘lur. Bas, biz uni vayronaga aylantirurmiz.

17. Nuh (qavmidan) keyin ham qancha asrlarni (avlodlarni) halok qildik. (Ey Muhammad), Parvardigoringizning O’zi bandalarining gunohlaridan yetarli xabardor, ogohdir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:16:43



18. Kim naqd (dunyo)ni ko‘zlovchi bo‘lsa, Biz (shu dunyoda ulardan) O’zimiz istagan kimsalar uchun O’zimiz xohlagan narsani naqd qilib berurmiz. So‘ngra (ya’ni, oxiratda) uning uchun o‘zi mazammat va quvg‘inga duchor bo‘lgan holda kiradigan jahannamni joy qilib berurmiz.

19. Kim oxiratni istasa va mo‘min bo‘lgan holida (oxiratga loyiq) sa’y-harakat qilsa, bas, unday zotlarning sa’ylari (Alloh nazdida) maqbul bo‘lur.

20. (Ey Muhammad, bu dunyoda odamlarning) barchalariga — mana bu (mo‘min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Parvardigoringizning ne’matidan ato eturmiz. Parvardigoringizning ne’mati (hech kimdan) man’ qilinmas.

21. (Bu dunyoda) ularning birovlaridan birovlarini (rizqu martabada) qanday ustun qilganimizni ko‘ring! Shak-shubha yo‘qki, oxirat darajalari necha barobar ulug‘ va afzalroqdir.

22. Siz yana Alloh bilan birga o‘zga biron iloh ham bor deb mazammatlanguvchi va mahrum bo‘lib o‘tirmang!

23. Parvardigoringiz, yolg‘iz Uning O’ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birovi yoki har ikkisi sening qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab «uf» tortma va ularning (so‘zlarini) qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi so‘z ayt!

24. Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut — xokisor bo‘l va: «Parvardigorim, meni (ular) go‘daklik chog‘imdan tarbiyalab-o‘stirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin», deb (haqlariga duo qil)!


I z o h . Ushbu ikki oyatda ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabat xususida so‘z boradi. Avvalo, Islom barcha mo‘min-musulmon farzandlar uchun ota-onaga yaxshilikni yolg‘iz Alloh taologa ibodatdan keyingi ikkinchi vazifa qilib qo‘yadi. Bu ta’limotga binoan, ota-ona mo‘minmi, kofirmi, yaxshimi-yomonmi, baribir farzand ularga nisbatan hurmat saqlashi, so‘zlarini qaytarmasligi va haqlariga yaxshi duolar qilishi vojibdir. Lekin mana shu oyati karimada zikr qilingan duoda juda ham zarur bir nukta borki, biz, undan g‘ofil bo‘lmasligimiz lozim. Ota-onalik huquqini qozonish uchun bola tug‘ishning o‘zi kifoya qilmay, balki ularga ta’lim-tarbiya berish ham muhim shartlardan ekan.

25. (Ey insonlar), Parvardigoringiz dillaringizdagi sirlaringizni juda yaxshi bilguvchidir. Agar sizlar yaxshi bo‘lsangizlar (ya’ni, ota-onalaringizning huquqlarini tanib, ularga mehribon bo‘lsangizlar. Albatta Alloh bilmasdan qilgan gunohlaringizni mag‘firat qilur). Zero, u tavba qilguvchilarni mag‘firat etuvchi bo‘lgan zotdir.

26. (Ey Muhammad), qavmi-qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayru ehson qilish bilan) haqlarini ato eting va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymang!

27. Chunki isrof qilguvchilar shaytonlarning do‘stlari bo‘lgan kimsalardir. Shayton esa Parvardigoriga butunlay kofir bo‘lgandir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:19:33



28. Agar siz Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan marhamatdan umidvor holingizda (hozir qo‘lingizda bo‘lmagani sababli xayr-ehson qilish imkonini topmay), ulardan (ya’ni, qavm-qarindosh, miskin va yo‘lovchilardan) yuz o‘giradigan bo‘lsangiz, u holda ularga yumshoq so‘z ayting!

29. (Baxillik bilan) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. Isrofgarchilik qilish bilan uni butunlay yozib ham yubormang. Aks holda, malomat va nadomatda qolursiz.

30. Shubhasiz, Parvardigoringiz O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Albatta, u bandalaridan ogoh va (ularni) ko‘rib turguvchi bo‘lgan zotdir.

31. (Ey insonlar), bolalaringizni yo‘qchiliqdan qo‘rqib o‘ldirmangizlar — ularga ham, sizlarga ham Biz o‘zimiz rizq berurmiz. Ularni o‘ldirmoq, shak-shubhasiz, katta xatodir.

32. Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki (bu) buzuqlikdir - eng yomon yo‘ldir.

33. Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni (ya’ni, qatl etilishga mustahiq bo‘lmagan jonni nohaq o‘ldirmangiz, magar haq shar’iy qonun) bilangina o‘ldirishlaringiz mumkindir. Kimki mazlum bo‘lgan holida (ya’ni, nohaq) o‘ldirilsa, biz uning egasi — vorisi uchun (qasos olishga) saltanat-huquq bergandirmiz. Bas, u (qotilni) o‘ldirishda haddan oshmasin (ya’ni, qotilning o‘rniga boshqa birovni o‘ldirmasin, yo bir kishining muqobiliga ikki kishini o‘ldirmasin, yoki qotilni o‘ldirishda uning quloq-burnini kesmasin)! Zero, u (Alloh tomonidan qotilning ustiga) g‘olib qilingan zotdir.

34. Yetimning moliga to u balog‘at yoshiga yetgunicha yaqinlashganlar, magar eng chiroyli yo‘sinda (unga biron ziyon yetkazmasdan yaqinlashinglar — tasarruf qilinglar). Ahdga vafo qilinglar. Zero, ahd-paymon (Qiyomat kuni) mas’ul bo‘linadigan ishdir.

35. (O’rtalaringizdagi oldi-berdi, savdo-sotiqdan biron narsani) o‘lchagan vaqtlaringizda o‘lchovni to‘la-to‘kis qilinglar va to‘g‘ri tarozidan tortinglar! Mana shu eng yaxshi va chiroyli yechim hukmdir.

36. (Ey inson), o‘zing aniq bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil — bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (ya’ni, eshitgan, ko‘rgan ishongan har bir narsasi uchun kishi Qiyomat kunida javob beradi).

37. Yer yuzida kibr-havo bilan yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) hargiz yerni teshib (uning tubiga) ketolmaysan va bo‘yi bastda tog‘larga yetolmaysan. (Bas, bu kadar ojiz ekansan, nechun kibru havo qilursan?!)

38. Bularning (ya’ni, yuqoridagi oyatlarda man’ etilgan narsalarning) barchasi Parvardigoringiz nazdida makruh bo‘lgan gunohlardir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:19:57



39. (Ey Muhammad), bu oyatlar Parvardigoringiz sizga vahiy qilgan hikmatlardan ayrimlaridir. Siz Alloh bilan birga yana boshqa biron iloh bor deb, malomatlangan va (Alloh rahmatidan) quvilgan holda jahannamga tashlanmang.

40. (Ey mushriklar), Parvardigoringiz sizlarga o‘g‘illarni tanlab berib, O’ziga farishtalarni qiz qilib oldimi?! Darhaqiqat, sizlar og‘ir so‘zni — katta gunohni so‘zlamoqdasiz!


I z o h . Ushbu oyat mushrik arablarning: «Farishtalar Tangrining qizlaridir», degan so‘zlarini inkor qilib nozil bo‘lgandir.

41. Albatta, Biz bu Qur’onda ular eslatma (ibrat) olishlari uchun (turli masal va hikmatlarni) bayon qildik. (Lekin bu eslatmalar) ularni yanada (haqdan) yiroqlashtirur. (Ey Muhammad), ayting: «Agar ular aytganlaridek Alloh bilan birga (boshqa) ilohlar ham bo‘lsa edi, u holda o‘sha (ilohlar) arsh sohibiga (ya’ni, Allohga) qarshi yo‘l izlagan bo‘lur edilar».

43. (Alloh) ular aytgan narsadan pok va nihoyat darajada yuksaqdir.

44. Yetti osmon, yer va ulardagi bor jonzot (Allohni) poklar. Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamdu sano aytish bilan U zotni poklar. Lekin sizlar (ey insonlar), ularning tasbeh aytishlarini — poklashlarini anglamassizlar. Darhaqiqat, U haliym va mag‘firatli bo‘lgan zotdir.

45. (Ey Muhammad), qachon siz Qur’on qiroat qilganingizda, Biz siz bilan oxiratga ishonmaydigan kimsalar o‘rtasida ko‘rinmas parda qilib (tortib) qo‘yurmiz (bas, ular Qur’on ma’nolarini anglay olmaslar).

46. Shuningdek, (Qur’onni) anglay olmasinlar uchun ularning dillarida to‘siqlar va quloqlarida og‘irlik - karlik paydo qilurmiz. Qachon siz Qur’onda yolg‘iz Parvardigoringizni zikr qilsangiz, (mushriklar) orqalariga burilib qochurlar.

47. Biz ularning sizga (ya’ni, sizning qiroatingizga) quloq tutayotgan paytlarida nima sababdan quloq tutayotganlarini va o‘zaro shivirlashib, zolim kimsalar (mo‘minlarga): «Aniqki sizlar sehrlangan, aqldan ozgan kishiga ergashmoqdasizlar» deyayotganlarini juda yaxshi bilurmiz.

48. (Ey Muhammad), ular siz haqingizda (sehrlangan, majnun, shoir deb) qanday misollar keltirganlarini, bas, yo‘ldan ozib (haq) yo‘lni topa olmayotganlarini ko‘ring!

49. Ular: «Suyak va (chirik) murdalarga aylanib ketgach, yana yangitdan yaralib tirilurmizmi?!» dedilar.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:20:14



50-51. Ayting: «Sizlar xoh tosh yo temir bo‘linglar yoki ko‘ngillaringizda (hayotligini tasavvur qilishi) juda qiyin bo‘lgan boshqa biron maxluq bo‘linglar, (harholda Alloh sizlarni tiriltirur)». Hali ular: «Bizlarni kim qayta tiriltira olur?»— deydilar. «Sizlarni ilk bor yaratgan zot», deb ayting! Hali ular: «U (kun) qachon bo‘lur?» deb (so‘raydilar). «Shoyadki yaqin bo‘lsa», deb ayting!

52. U zot sizlarni chorlaydigan kunda Unga hamdu sano bilan javob berursizlar va o‘zlaringizning (dunyoda) juda oz (muddat) turganlaringizni o‘ylab qolursizlar.

53. Bandalarimga ayting-ki, ular (o‘zaro so‘zlashganlarida) eng go‘zal so‘zlardan so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur. Darhaqiqat, shayton insonga ochiq dushmandir.

54. (Ey insonlar), Parvardigoringiz sizlarni juda yaxshi bilur. Xohlasa sizlarga rahm-shafqat qilur, xohlasa sizlarga azob berur. (Ey Muhammad), Biz sizni (odamlar) ustiga qo‘riqchi qilib yuborgan emasmiz (ya’ni, sizning vazifangiz faqat Bizning amru farmonlarimizni ularga yetkazmoqdir).

55. Parvardigoringiz osmonlar va yerdagi bor jonzotni juda yaxshi bilur. Haqiqatan, Biz ayrim payg‘ambarlarni ayrimlaridan ustun qildik. Biz Dovudga Zaburni ato etdik.


I z o h . Bu oyat ba’zi mushriklar Muhammad alayhis-salomning payg‘ambar ekanliklariga iymon keltirmay, «Oramizda qanchadan-qancha oliynasab zodagonlar turganida mana shu yetim, yalangoyoq Muhammad payg‘ambar bo‘ladimi?» deyishganida nozil qilingandir. Tangri taolo unda nafaqat makkaliklarni, balki yeru osmonlardagi barcha jonivorlarni ham juda yaxshi bilishini, binobarin, kimni payg‘ambar qilib tanlash ham O’z ixtiyorida ekanligini bayon qiladi va O’zi yuborgan payg‘ambarlariga turli mo‘‘jizalar berish bilan ayrimlarini ayrimlaridan afzal qilib qo‘ygani haqida xabar beradi.

56. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «(Allohdan) o‘zga (iloh) deb gumon qilgan kimsalaringizni chorlanglar! Ular sizlardan biron ziyonni arita olmaslar va (uni sizlardan boshqalarga) burib ham yubora olmaslar.

57. Ular (iloh deb) iltijo qiladigan o‘sha kimsalarning o‘zlari ham Parvardigorga qay birlari yaqinroq bo‘lish uchun yo‘l izlarlar. U zotning rahmat-marhamatidan umidvor bo‘lurlar, azobidan qo‘rqurlar. Parvardigoringizning azobi qo‘rqinchlidir.


I z o h. Ba’zi bir toifalar farishtalarni, nasroniylar Iyso payg‘ambarni, yahudiylar esa Uzayr payg‘ambarni iloh deyishib, u zotlarga sig‘inadilar. Ushbu ikki oyat o‘shalar xususida bo‘lib, ularga sig‘inayotgan zotlar Allohning ojiz bandalari ekani bayon qilingandir.

58. (Yer yuzidagi) bor qishloq-shaharning (barchasini) Biz qiyomat kuni (kelishi)dan ilgari halok qilguvchidirmiz yoki qattiq azob bilan azoblaguvchidirmiz. Ushbu hukm Kitobda taqdiri azalda bitilgandir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:20:32



59. (Ey Muhammad, mushriklar sizdan talab qilgan) oyat-mo‘‘jizalarni yuborishdan Bizni faqat avvalgi ummatlar u (mo‘‘jizalarni) yolg‘on deganlarigina qaytardi. Samud qabilasiga ochiq (mo‘‘jiza bo‘lgan) tuyani ato etganimizda uni inkor etdilar (va oqibatda qirilib ketdilar). Biz mo‘‘jizalarni faqat (bandalarimizni halokatdan) qo‘rqitish uchungina yuborurmiz.

60. Eslang, (ey Muhammad), Biz sizga Parvardigoringiz (barcha) odamlarni o‘rab-ihota qilib olgandir, degan edik. Biz sizga (Me’roj kechasida ko‘rsatgan) «Tush»ni va Qur’onda la’natlangan (Zaqqum) daraxtini u odamlar uchun bir fitna-imtihon qildik, xolos. Biz (mushriklarni turli mo‘‘jizalar bilan) qo‘rqiturmiz, ammo bu ularni battar tug‘yonga solur.


I z o h. Payg‘ambar alayhis-salom me’rojdan qaytganlaridan so‘ng, ertalab bu kecha o‘zlarining Alloh taolo huzuriga chiqqanlari va jannatni ham, do‘zaxni ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlarini aytib, o‘sha do‘zaxning qoq o‘rtasida Allohning la’natiga uchrab jahannamga tushgan kimsalar uchun «ovqat» bo‘ladigan «Zaqqum» daraxti borligi haqida xabar berganlarida, Quraysh kofirlari: «Sen juda ajoyib tush ko‘ribsan-ku, axir o‘t-olov u daraxtni kuydirib yubormaydimi?» deb u zotni masxara qilib kulishdi. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘lib, unda Alloh taolo O’z payg‘ambariga O’zining barcha bandalar ahvolidan ogoh zot ekanini yana bir bor eslatib, Me’roj va unda ko‘rilgan narsalar, xususan «Zaqqum» daraxti kishilarning haqiqiy mo‘min yoki kofir ekanligini sinash uchun bo‘lgan bir imtihon-sinov ekanligini ta’kidlaydi va bunday qo‘rqituv sinovlar mo‘minlarning iymonini ziyoda qilsa, kofirlarni battar tug‘yonga solishi haqida xabar beradi.

61. Eslang, Biz farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat iblis (kibru havo bilan): «Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilurmanmi?» dedi.

62. U (yana shunday) dedi: «Menga xabar bergin-chi, mana shu kimsani mendan ulug‘-ustun qildingmi? Qasamki, agar Sen meni Qiyomat kunigacha (tirik) qoldirsang, albatta, men uning zurriyotini qirib yuborurman, ya’ni, haq yo‘ldan ozdirib, halokat yo‘llariga burib yuborurman, magar ozginalarigina (haq yo‘lda) qolurlar».

63. (Alloh) aytdi: «Bor, (senga Qiyomatgacha umr berdim) Bas ulardan kim senga ergashsa, U holda, shak-shubhasiz, jahannam sizlarga yetarli jazo bo‘lur!

64. Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing bilan qo‘zg‘at, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, topgan mol-davlat va bola-chaqalarida ularga sherik bo‘l (ya’ni, ularni haromdan mol-dunyo va bola-chaqa orttirishga unda), ularga (yolg‘on) va’dalar qil». Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov-yolg‘on narsalarnigina va’da qilur.

65. «Mening (iymon-e’tiqodli) bandalarim ustiga esa sen uchun hech qanday saltanat-hukmronlik bo‘lmas. Parvardigoringning O’zi yetarli qo‘riqlovchidir».

66. (Ey insonlar), Parvardigoringiz Uning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) izlanglar, deb sizlar uchun dengizda kemalarni yurgizib qo‘ygan zotdir. Darhaqiqat, U sizlarga mehribondir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:20:50



67. Qachon dengizda sizlarga biron musibat yetsa, sizlar iltijo qiladigan butlar g‘oyib bo‘lur, faqat Uning O’zigina qolur. Endi qachonqi, U zot sizlarga najot berib quruqlikka chiqarib qo‘ygach, sizlar Undan yuz o‘girursiz. Darhaqiqat, inson kufroni ne’mat qilguvchidir.

68. Yo (Alloh), sizlarni quruqlik tomonida ham (erga) yuttirib yuborishidan, yoxud ustingizdan tosh yog‘dirishidan, so‘ngra o‘zlaringiz uchun biron vakil — saqlovchi topolmay qolish (g‘ami)dan xotirjammisiz?!

69. Yoki U zot sizlarni yana qaytadan (dengizga) qaytarib, ustingizga qattiq shamol yuborishidan, bas, kofir bo‘lganlaringiz sababli g‘arq qilishidan, so‘ngra o‘zlaringiz uchun Bizdan o‘ch olib berguvchi birovni topa olmay qolish g‘amidan xotirjammisiz?!

70. Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik va ularni barru-bahrda — quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) chiqarib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va ularni O’zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo‘ydik.

71. Biz har bir odamni o‘z nomai a’moli bilan chorlaydigan (Qiyomat) kunini eslangiz! Bas, kimgaki o‘z kitobi — nomai a’moli o‘ng qo‘lidan berilsa, ana o‘sha kishilar o‘zlariga qilchalik zulm qilinmagan holida, nomai a’mollarini o‘qurlar (ya’ni, unda bu dunyoda qilib o‘tgan barcha yaxshi amallarining savobi bitilgan bo‘lur).

72. Kimki, bu dunyoda ko‘r-gumroh ekan, bas, u oxiratda ham ko‘r va butunlay yo‘ldan ozguvchidir.

73. (Ey Muhammad, mushriklar) sizni Bizning sha’nimizga, (vahiydan) o‘zga narsalarni to‘qib chiqarishingiz uchun — Biz sizga vahiy qilgan oyatlardan aldab-burib yuborishlariga oz qoldi. U holda, (ya’ni, ularning yo‘riqlariga yursangiz), sizni do‘st qilib olgan bo‘lur edilar.

74. Agar Biz sizni (haq yo‘lda) qilmaganimizda, siz ularga bir qadar moyil bo‘lishingizga oz qoldi.

75. U holda albatta Biz sizga dunyo (azobini) ham, oxirat (azobini) ham ikki hissa qilib totdirgan bo‘lur edik, so‘ngra o‘zingiz uchun Bizga qarshi biron madadkor topa olmagan bo‘lur edingiz.


I z o h . Mushriklar payg‘ambar alayhis-salomga ergashishlari uchun u kishi ham o‘zlarining ba’zi shartlarini qabul etishlarini talab qiladilar. Shunda tangri taolo o‘z payg‘ambarini mushriklar fitnasidan ogoh etib yuqoridagi oyatlarni nozil qiladi. Ulug‘ sahobalardan Ibn Abbos roziyallohu anhu aytishlaricha, bu oyatlarda garchi payg‘ambar alayhis-salomga xitob qilingan bo‘lsa-da, bular u kishining ummatlari uchun ham tanbex bo‘lib, Alloh taolo ularni kofirlar ko‘rsatgan yo‘llarga ergashmaslikka buyuradi, aks holda dunyoyu oxiratda baxtsiz bo‘lib qolishlari to‘g‘risida ogohlantiradi.

Qayd etilgan