Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466557 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 61 B


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:21:06



76. Ular sizni bu yerdan (Makkadan) chiqarib yuborish uchun (turli makr-hiylalar bilan) qo‘zg‘atib yuborishlariga oz qoldi. U holda, ularning o‘zlari ham sizdan keyin ozgina (muddat) tura oladilar, xolos (so‘ngra, albatta halok qilinurlar).

77. (O’z payg‘ambarlarini quvib chiqargan qavmning halok qilinishi) sizdan ilgari yuborgan payg‘ambarlarimizdan qolgan yo‘l-qonundir. Siz hargiz Bizning qonunimiz o‘zgarganini ko‘rmaysiz.

78. Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘usigacha namozni to‘kis ado qiling va tonggi o‘qishni (bomdod namozini) ham (to‘kis ado qiling). Zero tonggi o‘qish (kecha va kunduz farishtalari) hozir bo‘ladigan namozdir.


I z o h. Barcha mufassirlar ushbu oyatni har kuni besh vaqt namoz farz ekanligiga hujjat deb qabul qilganlar.Chunki quyosh og‘ishi bilan «peshin» namozi o‘qiladi. Kishining soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lgach esa «asr» vaqti kiradi. Kun botishi bilan «shom» bo‘lsa, kecha qorong‘usi tushishi bilan «xufton» vaqti kirgan bo‘ladi. Tun tugab, tong boshlangach, (hali quyosh chiqmasdan turib) «bomdod» o‘qish farz bo‘ladi.

79. Kechaning (bir qismida) uyg‘onib o‘zingiz uchun nafl (ibodat) bo‘lgan namozni o‘qing! Shoyadki, Parvardigoringiz sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (ya’ni, gunohkor ummatlaringizni shafoat qilib oqlaydigan) maqomda tiriltirur.

80. Va ayting: «Parvardigorim, meni (qabrimga) haqqi-rost (ya’ni, gunoxlardan pok bo‘lgan holimda) dohil qilgin va (Qiyomat kuni tiriltirganingda ham) haqqi-rost (o‘ng tomonim bilan) chiqargin, hamda men uchun o‘z dargohingdan bir madadkor quvvat ato qilgin».

81. Yana ayting: «Haqiqat (ya’ni, Islom) keldi va botil (ya’ni, kufr) o‘chib-yo‘qoldi. Chunki botil yo‘qolguvchi narsadir».

82. Biz mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan Qur’on oyatlarini nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim-kofir kimsalarga faqat ziyonni ziyoda qilur.

83. Qachon Biz insonga (tinchlik, salomatlik, to‘kinlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, chetga burilib ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur.

84. Ayting: Har kim o‘z holicha amal qilur. Parvardigoringiz to‘g‘ri yo‘ldagi zotlarni juda yaxshi bilur (va har kimga qilgan ish-amaliga muvofiq jazo-mukofot berur).

85. (Ey Muhammad), sizdan ruh-jon haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh yolg‘iz Parvardigorim biladigan ishlardandir». Sizlarga juda oz ilm berilgandir.


I z o h. Ushbu oyatda Tangri taoloning hatto O’z payg‘ambarlariga ham ma’lum qilmagan ishlari borligi bayon etilib, barcha insoniyat bilishi mumkin bo‘lgan bilim-ma’rifat juda oz narsa ekani ta’kidlanadi.

86. Qasamki, agar xohlasak, so‘zsiz, sizga vahiy qilgan narsa — Qur’onni (sizdan) ketkazurmiz, so‘ngra o‘zingiz uchun (ya’ni, Bizdan Qur’onni qaytarib olish uchun) Bizga qarshi biron vakil-homiy topa olmassiz.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:21:24



87. Illo, Parvardigoringizning marhamati bilangina (Qur’on ne’mati qo‘lingizda, dilingizda boqiydir). Darhaqiqat, U zotning sizga bo‘lgan fazlu marhamati kattadir.

88. Ayting: «Qasamki, agar bor insu jin mana shu Qur’onni o‘xshashini keltirish yo‘lida birlashib, bir-birlariga yordamchi bo‘lsalar-da, uning o‘xshashini keltira olmaslar».

89. Aniqki, Biz bu Qur’onda odamlar uchun barcha misol-ibratlardan bayon qildik. Lekin odamlarning ko‘plari faqat kufrnigina ixtiyor etdilar.

90. Va dedilar: «Toki bizlar uchun mana shu yerni yorib, bir chashma chiqarib bermasang, biz senga hargiz iymon keltirmaymiz.

91. Yo sening xurmozor, uzumzor bog‘ing bo‘lib, uning o‘rtasidan yorib daryolar paydo qilmasang,

92. Yoki, o‘zing da’vo qilganingdek, osmonni ustimizga parcha-parcha qilib tushirmaguningcha yoki Alloh va farishtalarini oldimizga keltirmaguningcha,

93. Yoki sening oltindan bir uying bo‘lmagunicha, yoxud o‘zing (ko‘z oldimizda) osmonga ko‘tarilmaguningcha (hargiz senga iymon keltirmaymiz). Toki, bizlarga o‘qiydigan biron kitob tushirmas ekansan, bu (osmonga) ko‘tarilishingga ham hargiz ishonmaymiz». Ayting: «Ey Pok Parvardigorim, men faqat elchi-payg‘ambar bo‘lgan bir odam edim-ku!»

94. Odamlarga hidoyat kelgan paytida, faqat: «Alloh farishtalarni emas, balki) odamzodni payg‘ambar qilib yuboribdimi?!» degan so‘zlarigina ularni iymon keltirishlaridan to‘sdi.

95. Ayting: «Agar bu — Yerda (odamlar emas, balki) farishtalar maskan tutib yurganlarida edi, albatta Biz, (ya’ni, Alloh) ularga osmondan farishta payg‘ambarni tushirgan bo‘lur edik».

96. Ayting: «Men bilan sizlarning o‘rtamizda Allohning O’zi yetarli guvohdir. Albatta, U bandalaridan ogoh va (ularni) ko‘rib turguvchi bo‘lgan zotdir».

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:21:41



97. Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o‘sha hidoyat topguchidir. U zot kimni yo‘ldan ozdirsa, bas, ular uchun Undan o‘zga do‘st madadkorlarni topa olmassiz, ularni Qiyomat kunida yuztuban hollarida ko‘r, soqov, kar qilib tiriltirurmiz. Ularning borar joylari jahannamdir. Har qachon (jahannam o‘ti) susaysa, Biz ularga olovni lovullatib yuborurmiz.

98. Bu Bizning oyatlarimizga kofir bo‘lganlari hamda: «Suyak va (chirik) murdalarga aylangan vaqtimizda yangitdan yaralib qayta tirilurmizmi?!» deganlari sababli, ularga berilgan jazodir.

99. Axir ular (kofirlar) osmonlar va Yerni yaratgan zot — Alloh — ularning (ya’ni, insonlarning) mislini ham yaratishga qodir ekanini bilmadilarmi?! (Alloh) ular uchun (ya’ni, o‘lishlari va qayta tirilishlari uchun) aniq bir muddatni belgilab qo‘ygandir. Lekin zolim kimsalar faqat kufrgagina rozi bo‘lurlar.

100. (Ey Muhammad, u mushriklarga) ayting: «Agar sizlar Parvardigorimning rahmat-rizq xazinalariga ega bo‘lsangizlar, o‘shanda ham (uni) ishlatishdan (tugatib qo‘yishdan) qo‘rqib, mumsiklik-baxillik qilgan bo‘lur edingizlar». (Chunki) inson zoti xasis bo‘lur.

101. Aniqki, Biz Musoga to‘qqiz ochiq oyat-mo‘‘jiza ato etdik. So‘ng u (Fir’avn va uning odamlarining oldiga) kelgan paytida, (unga): «Bani Isroilni (o‘z yurtlari Shomga qo‘yib yuborilishini, Fir’avndan) so‘ragin», (deb amr etdik). Shunda Fir’avn unga: «Ey Muso, hech shubha yo‘qki, men seni sehr-joduga chalingan, deb o‘ylamoqdaman», dedi.

102. (Muso) dedi: «(Ey Fir’avn), sen anavi ochiq-ravshan (mo‘‘jizalarni) faqat osmonlar va Yerning Parvardigorigina nozil qilganini aniq bilursan. Hech shubha yo‘qki, ey Fir’avn, men seni halok qilinguvchi, deb o‘ylamoqdaman».

103. Shunda, (Fir’avn Muso va uning qavmini) quvib chiqarmoqchi bo‘lganida, Biz uni (Fir’avnni) va u bilan birga bo‘lgan kimsalarning barchalarini (dengizga) g‘arq qildik.

104. (Fir’avndan) so‘ng, Bani Isroilga: «Mana shu yerni (Misrni) maskan tutinglar. Endi qachon va’da qilingan oxirat kelganida sizlarning barchangizni (qayta tiriltirib) keltirurmiz», dedik.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:21:59



105. Biz (Qur’onni) haqqi-rost nozil qildik va u haq (hukm-farmonlarimiz) bilan nozil bo‘ldi. (Ey Muhammad), Biz sizni faqat (mo‘minlarga) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) ogohlantirguvchi qilib yubordik.

106. Siz Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishingiz uchun Biz uni bo‘laklarga bo‘ldik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik.

107. Ayting: «Ey mushriklar), sizlar (xoxlasangiz), Unga ishoninglar, (xohlasangiz) ishonmanglar. Zotan, (Qur’on nozil bo‘lishidan) ilgari ilm (ya’ni, Tavrot) berilgan kishilar (Qur’on) tilovat qilingan vaqtida sajda qilgan hollarida yuzlari bilan yiqilurlar.


I z o h . Ushbu oyat sajda oyati bo‘lib, uni o‘qigan kishi Alloh uchun bir marta sajda qilishi vojib bo‘ladi.

108. Va ular: «Ey Pok Parvardigor! Albatta Parvardigorimizning («Men so‘nggi payg‘ambarimni yuborurman va unga Qur’on nozil qilurman», degan) va’dasi ado qilinguvchi va’dadir», deydilar.

109. Ular, yig‘lagan hollarida, yuzlari bilan yiqilurlar va (Qur’on) ularning xokisorliklarini ziyoda qilur.

110. (Ey Muhammad), ayting: «Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon Mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joizdir). Zero, U zotning go‘zal ismlari bordir». (Ey Muhammad), siz namozingizni juda jahriy (baland ovozda, oshkora) ham qilib yubormang (toki, mushriklar eshitib, Qur’onni haqorat qilmasinlar) va o‘ta maxfiy ham qilib yubormang (toki, sahobalaringiz tinglab-foydalansinlar). Shularning (ya’ni, jahriylik bilan maxfiylik) o‘rtasidagi yo‘lni tuting!

111. «Hamdu sano bola-chaqa qilmagan, podshohlik-ilohlikda sherigi yo‘q, xor-zorlikdan (qutqarguvchi) do‘sti-yordamchisi bo‘lmagan (ya’ni, hech kimga xor-muhtoj bo‘lmaydigan) zot - Alloh uchundir», deb ayting va U zotni mudom ulug‘lang!



KAHF SURASI

Bu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, bir yuz o‘n oyatdan iboratdir. Surada kishilarning Tangri taologa bo‘lgan iymon-e’tiqodlarini mustahkamlash uchun eng go‘zal, ibratli qissalardan uchtasi so‘ylab beriladi.

Ulardan birinchisi «Ashobul-Kahf» qissasi bo‘lib, unda zolim hokim istibdodidan dinu iymonlarini saqlab qolish uchun o‘z jonlarini fido qilgan yigitlarning bir kahfga - g‘orga panoh tortib kirishib, u joyda uch yuz yil qolib ketishgani haqida hikoya qilinadi. Suraning «Kahf»— «G’or» deb nomlanishiga sabab ham shudir.

Ikkinchi qissa Muso va Xizir payg‘ambarlar qissalaridirki, unda Muso alayhis-salomning ilm yo‘lidagi xokisorliklari, Xizir alayhis-salomning boshqa payg‘ambarlarga berilmagan g‘oyibdan ogohlik ne’matiga muyassar bo‘lganliklari to‘g‘risidagi lavhalar ilohiy qalam bilan bayon etiladi. Uchinchi qissada Alloh taolo marhamati bilan butun dunyoni o‘z hukmida tutish sharafiga noil bo‘lgan adolat va taqvoda benazir buyuk shoh Zul-qarnayn, u kishining fath-yurishlari xususida so‘z yuritiladi.

Yana bu suradan molu davlat g‘ururlanishga arzimaydigan narsalar ekani, umuman bu hayoti dunyo o‘tkinchi — bebaqoligi haqida aytilgan bir qancha ibratli misollar ham joy olgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2-3. (Barcha) hamdu sano Alloh uchundir. U zot (kofirlarni) O’z huzuridan keladigan qattiq azobdan qo‘rqitish va yaxshi amallar qiladigan mo‘minlarga o‘zlari abadiy qoladigan go‘zal mukofot — jannat xushxabarini berish uchun — bandasi (Muhammad alayhis-salom)ga biron egriligi bo‘lmagan raso Kitob — Qur’onni nozil qilgandir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:22:18



4-5. Shuningdek, U zot o‘zlarining ham, ota-bobolarining ham biron bilim-ma’rifati bo‘lmaga holda, «Allohning bolasi bor», degan kimsalarni (qattiq azobdan) ogohlantirish uchun (ushbu Kitobni) nozil qilgandir. Ularning og‘izlaridan chiqqan so‘z og‘ir so‘zdir. Ular faqat yolg‘on so‘zlaydilar.

6. (Ey Muhammad), agar ular ushbu so‘zga — Qur’onga iymon keltirmasalar, ehtimol siz ularning ortidan, afsus-nadomat bilan o‘zingizni halok qilursiz (bundoq qilmoq sizga noravodir).

7. Albatta, Biz (bandalarimizdan) qaysilari chiroyliroq amallarni qilishlarini sinamoq uchun Yer ustidagi bor narsani unga ziynat — bezak qilib qo‘ydik (ya’ni, o‘sha bezaklarga aldanib, mag‘rurlanib qolmagan kishilargina Bizning sinovimizdan o‘turlar).

8. Hech shak-shubhasiz, uning (Yerning) ustidagi (bezaklar)ni sip-silliq, qup-quruq qilib (yo‘q qilib) qo‘yguvchi ham Bizdirmiz.

9. Balki siz Kahf (g‘or) va Bitik (ularning qissalari bitilgan tosh) egalari (haqidagi rivoyatdan voqif bo‘lgach, bu) Bizning (oxirat, Qiyomat haqqi-rost ekanligi to‘g‘risidagi) oyatlarimizning eng ajoyibi, deb o‘ylagandirsiz?


I z o h . Mufassirlar yozishlaricha, «Ashobul-Kahf» - «G’or egalari»ning qissasi bundoq bo‘lgan ekan: Iyso alayhis-salom zamonlaridan keyin Rum davlatlaridan birida Daqyonus nomli zolim shox chiqib, odamlarni butlarga ibodat qilishga majbur qilar, amriga bo‘yinsunmagan kishilarni esa o‘ldirar ekan. Kunlardan birida, unga fuqarolaridan bir necha yigit uning farmonidan bosh tortishib, butlarga sig‘inishmayotganini yetkazibdilar. Podshoh ularni saroyiga chaqirib, bu xabarning rost-yolg‘onligini so‘raganida, ular: «Bizlar yolg‘iz Allohdan o‘zga biron kimsa yoki narsaga sig‘inmaymiz», deb javob qiladilar. Shunda shoh ularga: «Senlar yosh, chiroyli, baquvvat yigitlar ekansanlar, o‘z jonlaringga jabr qilmanglar. Men senlarni o‘ldirib yuborishga ko‘zim qiymayapti. Yaxshisi, ertalabgacha o‘ylab ko‘rib, ertaga menga javobini aytinglar», deb ularga ruxsat beradi. Yigitlar o‘zaro maslahatlashib, «Allohdan o‘zgaga bo‘yinsungandan ko‘ra shu badbaxt diyorni tark qilganimiz afzal», deyishib, tun qorong‘usida shaharni tark qilishadi. Yo‘lda yaylovdan o‘tib borayotganlarida ularga o‘sha yerlik bir cho‘ponning iti ham ergashadi. Tongga yaqin bir toqqa yetib borishib katta g‘orga kirib yashirinadilar. Ertalab bu voqeadan xabardor bo‘lgan shoh 33 askarlari bilan ularning ortidan tushib, usha g‘or og‘ziga yaqinlashgach, askarlar unga kirgani qo‘rqadilar. Shunda Daqyonus ularga g‘ordagi yigitlar ochlik va tashnalikdan qirilib ketishlari uchun g‘or og‘zini berkitib tashlashni buyuradi. Lekin Tangri taolo O’zining sadoqatli bandalarini halok bo‘lishdan saqlaydi — ularni uzoq uyquga cho‘mdiradi. Uyg‘onganlarida oradan uch yuz yil o‘tgan edi. Bundan bexabar yigitlar bir yo yarim kun uxladik, deb o‘ylaydilar va oralaridan bittalarini yashirincha shaharga yegulik xarid qilib kelish uchun jo‘natadilar. U yigit bozorga kelib taom sotib olib, yonidagi tangani uzatganida, sotuvchi hayron bo‘lib: «Bu Daqyonusdan qolgan tanga-ku, biron yerdan xazina topib oldingmi?» deb so‘raydi, Yigit ham hayron bo‘lib «Hech qanday xazina topib olganim yo‘q, bu mening qavmim ishlatadigan oddiy tanga», deb javob qilib, Daqyonusga nima bo‘lganini so‘raydi. Bu orada to‘planib ketgan odamlar uning allaqachon o‘lib ketganini aytishib, yigitni podshoh oldiga olib boradilar. Bu shoh mo‘min, solih kishi edi. Yigitdan o‘zi va o‘rtoqlarining boshidan kechgan voqealarni eshitgach, askarlari va shahar ahli bilan o‘sha g‘or og‘ziga boradilar. Ichkaridagi yigitlar Daqyonus olib ketgani keldi, deb o‘ylashib, o‘lim oldidan so‘nggi bor ibodat qilib olishga tutinadilar. Podshoh va uning odamlari g‘orga kirishib, ularni ibodat ustida ko‘radilar va namozlarini tugatganlaridan so‘ng podshoh yigitlarning har biri bilan quchoqlashib ko‘rishib, ularning boshlaridan kechgan sarguzasht Alloh taolo bandalarini Qiyomat kunida hisob-kitob qilish uchun qayta tiriltirishi haq ekaniga bir oyat — alomat ekanligini aytadi. Yuqorida mazkur bo‘lgan va quyida keladigan oyatlarda mana shu «Ashobul-Kahf» xususida so‘z ketadi.

10. Eslang, o‘shanda ular g‘orga panoh istab borishib: «Parvardigoro, bizlarga o‘z huzuringdan rahmat — marhamat ato etgin va bizlarning ishimizni O’zing o‘nglagin», dedilar.

11. Bas, Biz o‘sha g‘orda bir necha yil ularning quloqlariga urib (ya’ni, ularni uxlatib) qo‘ydik.

12. So‘ngra (ularning ichidagi qancha uxlaganlari haqida tortishadigan) ikki guruhdan qaysi biri turgan muddatlarini (to‘g‘ri) hisoblaganini bilish uchun ularni uyg‘otdik.

13. (Ey Muhammad), Biz sizga ularning hol-xabarlarini ro‘y-rost so‘ylamoqdamiz. Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga iymon keltirgan va Biz iymonlarini ziyoda qilgan yigitlardir.

14. Biz ularning dillarini (iymonlarini) quvvatlantirdik - o‘shanda ular (zolim shoh qarshisida) turib dedilar: «Bizning Parvardigorimiz osmonlar va yerning Parvardigoridir. Bizlar Undan o‘zga biron «iloh»ga hargiz iltijo qilmaymiz. Aks holda, nohaq so‘zni aytgan bo‘lurmiz.

15. Ana u qavmimiz esa Undan o‘zgalarni «iloh» qilib oldilar. Ular o‘zlari uchun (o‘sha butlarning iloh eqani haqida) biron hujjat keltirsalar edi. Bas, Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?!»

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:22:57



16. (Yigitlar) Modomiki ulardan (mushriklardan) va Allohdan o‘zga ular sig‘inayotgan narsalardan yuz o‘girgan ekansizlar, endi g‘orga panoh topib boringiz. Parvardigoringiz sizlarga O’z rahmat marhamatini keng — serob qilur va sizlarning ishlaringizni o‘nglar».

17. Quyosh chiqishda ularning g‘orlaridan o‘ng tarafdan o‘tib ketganini, botishda esa ulardan so‘l tomonga yiroqlashib ketganini (chiqishda ham, botishda ham ularni qizdirib, uyqu-oromlarini buzmaganini), ular esa (g‘or)ning to‘rida ekanliklarini ko‘rursan. Bu ham Allohning oyat-mo‘‘jizalaridan (biridir). Kimni Alloh hidoyat qilsa, bas, o‘shagina hidoyat topguvchidir. Kimni yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun to‘g‘ri yo‘lga yo‘llaguvchi biron do‘st topa olmassan.

18. Uyquda ekanlar, (ko‘zlari ochiq bo‘lgani uchun) sen ularni uyg‘oq, deb o‘ylarsan. Biz ularni (badanlaridan yerga tegib turgan tomoni chirib ketmasligi uchun) o‘ng tomon, so‘l tomonga aylantirib tururmiz. Ularning itlari esa oldi oyoqlarini ostonaga yozib yotur. Agar ularning ustidan chiqib kolsang (va ko‘zlari ochiq holda u yondan-bu yonga ag‘darilib yotganlarini ko‘rsang) ularning (ahvolidan) dahshatga tushib yuz o‘girib qochgan bo‘lur eding.

19. O’zaro savol-javob qilishlari uchun ularni (yigitlarni, qanday uxlatib qo‘ygan bo‘lsak) ana shunday uyg‘otdik. Ulardan biri dedi: «Qancha (muddat uxlagan) holda turdinglar?» Ular(ning ayrimlari): «Bir kun yo yarim kun», dedilar. (Qolganlari esa): «Qancha (uxlab) turganlaringizni yolg‘iz Parvardigoringiz bilur. Endi bir kishini mana shu pulingiz bilan shaharga jo‘natinglar, u eng sara, pokiza taomlarni tanlab, sizlarga undan rizq, nasiba olib kelsin. U ehtiyot bo‘lsin va sizlarni birontaga sezdirib qo‘ymasin.

20. Chunki ular (ya’ni, shahar ahli) sizlardan ogoh bo‘lib qolsalar, sizlarni toshbo‘ron qilurlar yoki yana o‘zlarining dinlariga qaytarurlar va, u holda, hech qachon qutula olmassizlar», deyishdi.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:27:42



21. Shunday qilib, Allohning (qayta tiriltirish haqidagi) va’dasi haq ekanini va Qiyomat soatining (kelishi) shak-shubhasiz ekanini bilishlari uchun (odamlarni g‘ordagi yigitlarning ahvolidan) ogoh qildik. O’shanda (ya’ni, g‘ordagi yigitlar uyqularidan uyg‘onib, odamlar bu mo‘‘jizaning guvohi bo‘lganlaridan keyin, ular ajallari yetib vafot qilishgach) o‘zaro ularning ishlari haqida talashib-tortisha boshladilar. Bas, (ayrim kishilar): «Ularning ustiga uylar bino qilinglar. Parvardigor ularning (qaysi joyda, qanday holda yotganlarini) juda yaxshi bilur», dedilar. Ularning ustida hukmron bo‘lgan (podshoh va saroy a’yonlari esa); «Albatta, siz ular (ya’ni, Ashobul-Kahf) qabrining ustida bir masjid qurib olurmiz», deyishdi.

22. Hali ular (ya’ni, payg‘ambar alayhis-salomga zamondosh bo‘lgan yahudiy va nasorolarning ayrimlari o‘sha Ashobul-Kahfni): «Uchtadir, to‘rtinchilari itlaridir», desalar, ayrimlari: «Ular beshta bo‘lib, oltinchilari itlaridir», deb g‘aybga tosh oturlar (aniq bilmagan narsalari haqida gap soturlar). Yana: «Ular yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir», ham deydilar. (Ey Muhammad), «Ularning sanoqlarini eng yaxshi biladigan zot Parvardigorimdir. Ularni juda oz kishi bilur», deng. Bas, ular (ya’ni zamondosh ahli kitoblar bilan Ashobul-Kahf) xususida (o‘zingizga nozil bo‘lgan vahiy vositasida) ochiq mujodala — munozara qiling va (Ashobul-Kahf) haqida ularning birontasidan fatvo - savol so‘ramang!

23-24. Va biron narsa haqida «Men albatta ertaga qilguvchiman», deya ko‘rmang, magar «Insha Alloh — Alloh xohlasa» (deng. Bu so‘zlarni aytishni) unutib qoldirgan vaqtingizda (yodingizga tushishi bilan): Parvardigoringizni zikr qiling (ya’ni «Insha Alloh», deng) va: «Shoyad Parvardigorim meni bundan ham (ya’ni, Ashobul-Kahf voqeasi haqida xabar berishdan ham) yaqinroq (mening haq payg‘ambar ekanligimga yaxshiroq dalolat qiladigan) To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilsa», deng!


I z o h . Mufassirlar rivoyat qilishlaricha, bu ikki oyat nozil qilinishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgandir, yahudiylar qurayshlik arablarga: «Borib Muhammaddan so‘ranglar-chi, agar haqiqatan ham payg‘ambar bo‘lsa, sizlarga ruh - jon haqida, Ashobul-Kahf va Zul-qarnayn to‘g‘risida xabar bersin», degan ekanlar. Ular kelib payg‘ambar alayhis-salomdan shu haqda, so‘raganlarida, u zot: «Ertaga kelinglar, albatta sizlarga javob qilurman», debdilaru, «Insha Alloh» so‘zini qo‘shmabdilar. Shunda bir qancha vaqt vahiy kelishi to‘xtab, so‘ngra payg‘ambar alayhis-salomga bir tanbeh bo‘lib yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lgandir.

25. Ular kahf — g‘orlarida uch yuz yil turdilar va yana to‘qqiz yilni ziyoda ham qildilar.

I z o h . Ushbu oyat Ashobul-Kahfni o‘z g‘orlarida shamsiy hisob bilan uch yuz yil turganlari haqida xabar bermoqda. Keyingi to‘qqiz yil qo‘shilishi esa qamariy hisobdan kelib chiqqan. Shamsiy hisobdagi yuz yil qamariy hisobda bir yuz uch yilga to‘g‘ri keladi.

26. (Ey Muhammad), ayting: «Ularning qancha turganlarini Alloh juda yaxshi bilguvchidir. Osmonlar va Yerning sirlari yolg‘iz Unikidir. U zot naqadar ko‘rguvchi, eshitguvchidir! (Odamlar) uchun Undan o‘zga biron do‘st-madadkor yo‘qdir. U O’z hukmida hech kimni sherik qilmas».

27. (Ey Muhammad), siz faqat o‘zingizga vahiy qilingan Parvardigoringizning Kitobi Qur’onnigina tilovat qiling! Uning (Allohning) so‘zlarini o‘zgartiruvchi yo‘qdir. Hargiz Undan o‘zga biron panoh topa olmassiz.


I z o h . Bu oyat Quraysh kofirlari payg‘ambar alayhis-salomga: «Bundan boshqa Qur’on keltirsang yoki uning oyatlarini o‘zgartirsang, bizlar ham senga iymon keltirar edik», deganlarida nozil bo‘lgandir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:28:09



28. Siz o‘zingizni ertayu, kech Parvardigorlarining yuzini — roziligini istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (o‘zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr qilishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang!

I z o h. Makka zodagonlari payg‘ambar alayhis-salomga: "œYoningdan Suhayb, Ammor, Solmon kabi qullarni quvsang, bizlar ham senga ergashar edik», deganlarida, u kofir kimsalarga itoat qilmaslikni buyurib, Tangri taolo o‘z payg‘ambariga yuqoridagi oyatni tushirdi.

29. Ayting: «(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin». Aniqki, Biz zolim — kofirlar uchun alangalari do‘zaxilarni o‘rab-chirmab oladigan do‘zaxni tayyorlab ko‘ygandirmiz. Agar ular (tashnalik shiddatiga chidamay) suv so‘rasalar, eritilgan (dog‘langan) yog‘ kabi yuzlarni kuydirguvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u!

30. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar esa, shak-shubhasiz - Biz (ular kabi) chiroyli amallar qilgan kishilarning ajr-mukofotini zoe qilmasmiz.

31. Ular uchun ostlaridan daryolar oqib turadigan abadiy jannatlar bor bo‘lib, ular u joyda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar bilan bezanurlar va ipak-shoyilardan bo‘lgan, yashnab turuvchi liboslar kiyib, so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go‘zal joy u!

32. (Ey Muhammad, kofirlarga) ikki kishi (haqidagi) masalni keltiring. Ulardan biri uchun ikki uzumzor bog‘ qilib, u ikkisini xurmozor bilan o‘ragan va o‘rtalarini ekinzor qilgan edik.

33. Har ikki bog‘ hosillarini bekamu ko‘st berar, Biz ularning o‘rtasidan bir anhor o‘tkazgan edik.

34. Yana uning (o‘sha kishining) mol-davlati ham bor edi. Bas, u birodariga maqtanib: «Mening mol-dunyoim senikidan ko‘proq va odamlarim kuchliroq, quvvatliroq», dedi.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:28:38



35. Va (kofirlik bilan) o‘ziga zulm qilgan holda, bog‘iga kirar ekan, aytdi: «Bu (bog‘ — mening molu davlatim) hech qachon yo‘q bo‘lmaydi.

36. Va Qiyomat ham qoyim bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Qasamki, agar Parvardigorimga qaytarilsam, (ya’ni, Qiyomat qoyim bo‘lib, qayta tirilsam) albatta bundan ham yaxshiroq oqibat - baxtni topurman».

37. Birodari unga xitob qilib, dedi: «Sen o‘zingni (asli-nasling bo‘lmish Odamni) tuproqdan so‘ng nutfa — bir tomchi suvdan yaratib, so‘ngra uni) inson qilib rostlagan zot - Allohga kofir bo‘ldingmi?!

38. Men esa: «U — Alloh Parvardigorimdir», (deyman) va Parvardigorimga hech kimni sherik qilmayman.

39. Sen bog‘ingga kirgan paytingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», desang edi! Agar sen meni mol-davlat va bola-chaqa jihatidan o‘zingdan kamroq deb bilsang.

40. Shoyadki, Parvardigorim menga sening bog‘ingdan yaxshiroq (bir bog‘) ato etar (sening bog‘ingga esa) osmondan chaqmoqlar yuborur, bas, u sip-silliq yerga aylanib qolur.

41. Yoki uning suvi (erga singib ketib, sen u)ni istab ham topa olmay qolursan»

42. (Darhaqiqat), uning meva-bog‘i halok qilindi. O’zi esa huvillab qolgan ishkomlarini (ko‘rib) va ularga sarflagan narsalarini (o‘ylab), chapak chalganicha (afsus-nadomat chekkanicha): «Qani edi, men ham Parvardigorimga hech kimni sherik qilmaganimda!» deb qolaverdi.

43. Shuningdek, uning uchun Allohdan o‘zga na bir yordam beradigan jamoat bo‘ldi va na o‘zi (o‘ziga) yordam bera olguvchi bo‘ldi.

44. U joyda (Qiyomat kunida) ham saltanat Haq taolonikidir. U eng yaxshi savob - mukofot ato etguvchi va eng xayrli oqibatni berguvchi zotdir.

45. (Ey Muhammad, odamlarga) hayoti dunyo misolini keltiring, (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz osmondan yog‘dirib (avval — kishi hayotining bahorida) u sababli zamin nabototi (bir-biriga) aralashib-chirmashib ketur, so‘ngra (hayot kuzi kelgach) shamollar uchirib ketadigan xas-xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:29:10



46. Mol-mulk, bola-chaqa shu hayoti dunyo ziynatidir. Parvardigoringiz nazdida esa (abadiy) qolguvchi yaxshi amallar savobliroq va orzuliroq (orzu qilishga arzirliroqdir).

47. Biz tog‘larni (bulutlar yanglig‘) yurgizadigan va siz (barchangiz) Yerni ochiq-yalang‘och (tog‘-toshlarsiz, bog‘-rog‘larsiz) ko‘radigan Kunni (ya’ni, Qiyomatni eslangiz)! (U Kunda) Biz ulardan birontasini qo‘ymay yig‘dik.

48. Ular saf tortgan hollarida Parvardigoringizga ro‘baro‘ qilindilar (va Biz ularga aytdik): «Mana, sizlarni avval-boshda qanday yaratgan bo‘lsak, shunday holda (ya’ni, mol-dunyo, bola-chaqalaringizni tark qilib, yalang‘och holingizda) huzurimizga keldingiz. Balki Bizni, sizlarga va’da qilingan Kunni (ya’ni, Qiyomatni paydo) qila olmas, deb o‘ylagandirsizlar?!»

49. (So‘ng har bir kishining) nomai a’moli o‘rtaga qo‘yilur. Bas, gunohkorlarning unda (bitilgan) narsalardan dahshatga tushib: «Bizlarga halokat bo‘lg‘ay, bu qandoq kitobki, na kichik va na katta (gunohni) qoldirmay, barchasini hisoblab-bitib qo‘yibdi», deyishlarini ko‘rursiz. Ular qilib o‘tgan barcha amallarini hoziru nozir holda topurlar. Parvardigoringiz hech kimga zulm qilmas.

50. Eslang, (ey Muhammad), farishtalarga Odamga ta’zim qiling, deyishimiz bilan sajdaga egildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo‘yinsunishdan bosh tortdi. Endi sizlar (ey Odam bolalari)» Meni qo‘yib, uni (ya’ni, iblisni) va zurriyotlarini do‘st tururmisiz?! Ular sizlarga dushman-ku! U (iblis) zolim kimsalar uchun (Allohning o‘rniga ibodat qilinadigan) naqadar yomon «badal o‘rinbosardir».

51. Men ularni (iblis va uning zurriyotini) osmonlar va Yerni yaratishga va na o‘zlarini yaratishga guvoh qilgan emasman (ya’ni, ular yeru osmonlar qanday yaralganini ham, o‘zlari qanday yaralganliklarini ham mutlaqo bilmaydilar, bularning barchasini yolg‘iz O’zim yaratganman), shuningdek, bu yo‘ldan ozdirguvchilarni (O’zimga) yordamchi ham qilib olganim yo‘q (bas, sizlar nechun ularga ibodat qilursizlar)?!

52. U Kunda (Qiyomat qoyim bo‘lganida, Alloh): «Sizlar Mening sheriklarim deb o‘ylagan butlaringizni) chaqiringiz», der. Bas, (mushriklar) ularni chorlaganlarida, (ular) javob qila olmaydilar. (Chunki) Biz ularning o‘rtalarida halokat chohini (do‘zaxni) paydo qilib ko‘ygandirmiz.

53. Gunohkor kimsalar do‘zaxni ko‘rib, o‘zlarining unga tushuvchi ekanliklarini o‘yladilar, ammo undan qocharga joy topmadilar.

Qayd etilgan