105. Biz (Qur’onni) haqqi-rost nozil qildik va u haq (hukm-farmonlarimiz) bilan nozil bo‘ldi. (Ey Muhammad), Biz sizni faqat (mo‘minlarga) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) ogohlantirguvchi qilib yubordik.
106. Siz Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishingiz uchun Biz uni bo‘laklarga bo‘ldik va bo‘lib-bo‘lib nozil qildik.
107. Ayting: «Ey mushriklar), sizlar (xoxlasangiz), Unga ishoninglar, (xohlasangiz) ishonmanglar. Zotan, (Qur’on nozil bo‘lishidan) ilgari ilm (ya’ni, Tavrot) berilgan kishilar (Qur’on) tilovat qilingan vaqtida sajda qilgan hollarida yuzlari bilan yiqilurlar. I z o h .
Ushbu oyat sajda oyati bo‘lib, uni o‘qigan kishi Alloh uchun bir marta sajda qilishi vojib bo‘ladi. 108. Va ular: «Ey Pok Parvardigor! Albatta Parvardigorimizning («Men so‘nggi payg‘ambarimni yuborurman va unga Qur’on nozil qilurman», degan) va’dasi ado qilinguvchi va’dadir», deydilar.
109. Ular, yig‘lagan hollarida, yuzlari bilan yiqilurlar va (Qur’on) ularning xokisorliklarini ziyoda qilur.
110. (Ey Muhammad), ayting: «Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon Mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlar-da (joizdir). Zero, U zotning go‘zal ismlari bordir». (Ey Muhammad), siz namozingizni juda jahriy (baland ovozda, oshkora) ham qilib yubormang (toki, mushriklar eshitib, Qur’onni haqorat qilmasinlar) va o‘ta maxfiy ham qilib yubormang (toki, sahobalaringiz tinglab-foydalansinlar). Shularning (ya’ni, jahriylik bilan maxfiylik) o‘rtasidagi yo‘lni tuting!
111. «Hamdu sano bola-chaqa qilmagan, podshohlik-ilohlikda sherigi yo‘q, xor-zorlikdan (qutqarguvchi) do‘sti-yordamchisi bo‘lmagan (ya’ni, hech kimga xor-muhtoj bo‘lmaydigan) zot - Alloh uchundir», deb ayting va U zotni mudom ulug‘lang!KAHF SURASIBu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, bir yuz o‘n oyatdan iboratdir. Surada kishilarning Tangri taologa bo‘lgan iymon-e’tiqodlarini mustahkamlash uchun eng go‘zal, ibratli qissalardan uchtasi so‘ylab beriladi.
Ulardan birinchisi «Ashobul-Kahf» qissasi bo‘lib, unda zolim hokim istibdodidan dinu iymonlarini saqlab qolish uchun o‘z jonlarini fido qilgan yigitlarning bir kahfga - g‘orga panoh tortib kirishib, u joyda uch yuz yil qolib ketishgani haqida hikoya qilinadi. Suraning «Kahf»— «G’or» deb nomlanishiga sabab ham shudir.
Ikkinchi qissa Muso va Xizir payg‘ambarlar qissalaridirki, unda Muso alayhis-salomning ilm yo‘lidagi xokisorliklari, Xizir alayhis-salomning boshqa payg‘ambarlarga berilmagan g‘oyibdan ogohlik ne’matiga muyassar bo‘lganliklari to‘g‘risidagi lavhalar ilohiy qalam bilan bayon etiladi. Uchinchi qissada Alloh taolo marhamati bilan butun dunyoni o‘z hukmida tutish sharafiga noil bo‘lgan adolat va taqvoda benazir buyuk shoh Zul-qarnayn, u kishining fath-yurishlari xususida so‘z yuritiladi.
Yana bu suradan molu davlat g‘ururlanishga arzimaydigan narsalar ekani, umuman bu hayoti dunyo o‘tkinchi — bebaqoligi haqida aytilgan bir qancha ibratli misollar ham joy olgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1-2-3. (Barcha) hamdu sano Alloh uchundir. U zot (kofirlarni) O’z huzuridan keladigan qattiq azobdan qo‘rqitish va yaxshi amallar qiladigan mo‘minlarga o‘zlari abadiy qoladigan go‘zal mukofot — jannat xushxabarini berish uchun — bandasi (Muhammad alayhis-salom)ga biron egriligi bo‘lmagan raso Kitob — Qur’onni nozil qilgandir.