MARYAM SURASITo‘qson sakkiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan. Bu surada ham bir qancha payg‘ambarlar qissalari zikr qilinadi. Boshlab Zakariyo va uning keksalik chog‘ida ko‘rgan farzandi Yahyo haqida so‘zlanib, so‘ngra eng ajib va g‘arib qissa — Maryam va uning beota dunyoga kelgan va beshikda yotgan chog‘idayoq tilga kirib o‘zining kimligini aytgan farzandi Iysoning qissasi hikoya qilinadi va Yaratgan nazdida bu oson ish ekanligi ta’kidlanadi. Suraning Maryam deb nomlanishiga ham sabab shudir.
Yana bu surada Alloh taoloning payg‘ambarlaridan Ibrohim, Ishoq, Ya’qub, Muso, Horun, Ismoil, Idris va Nuhlarning nomlari ham zikr qilinib, ularning barchalari bir zanjirning halqalari ekanliklari, ya’ni Yagona Allohning diniga da’vat etganliklari yana bir bor eslatib o‘tiladi.
Shuningdek, bu surada qiyomatning ayrim manzaralari, u kunning dahshatlari — jahannamga tashlanishlarini kutib, tiz cho‘kib turgan kofirlarning ahvoli ilohiy qalam bilan chizib beriladi. Lekin U zotning yolg‘iz Allohga bandalik qiladigan kishilarga bu dunyoda ham, u dunyoda ham rahm-shafqatli ekanligi ta’kidlanib, suraning bir necha o‘rinlarida Alloh kalimasining o‘rniga Rahmon-Mehribon so‘zi qo‘llanadi.
Sura nihoyasida Alloh taoloning farzand va sherikdan pok — tengi yo‘q zot ekani yana bir karra uqtirib o‘tiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Kof, Ho, Yo, Ayn, Sod. I z o h.
Bu sura ham yuqorida o‘tgan va quyida keladigan ayrim suralar kabi «xurufi muqatta’ot», ya’ni ma’nodan uzilgan yolg‘iz-yolg‘iz harflar bilan boshlandi. 2. (Ey Muhammad, ushbu) Parvardigoringiz O’z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir.
3-4. Eslang, Parvardigoriga xufyona duo-iltijo qilib, degan edi: «Parvardigorim, darhaqiqat mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim — sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo‘lgan emasman.
5-6. Men ortimda qoladigan qarindosh-urug‘larim (mening dinimni zoe qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen (menga) o‘z dargohingdan menga va (bobom) Ya’qub xonadoniga merosxo‘r bo‘ladigan bir do‘st (ya’ni farzand) hadya etgin va uni (O’z nazdingda) rozi bo‘linadigan (solih) kishilardan qilgin».
7. (Alloh aytdi): «Ey Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biron (kimsani) otdosh qilgan emasmiz».
8. (Zakariyo) dedi: «Parvardigorim, xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan, o‘zim esa keksalikning (umrimning) nihoyasiga yetib qolgan bo‘lsam, mendan qanday farzand (bunyod) bo‘lsin?»
9. (Alloh) aytdi: «Shunday, Parvardigoring ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men ilgari hech narsa bo‘lmagan paytingda seni (ham) yaratgan edim-ku (ya’ni yo‘qdan bor qilgan edim-ku)!»
10. «Parvardigorim, men uchun (kampirim homilali bo‘lganiga) biron belgi-alomat qilsang», dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: «Senga belgi shuki, soppa-sog‘ bo‘lgan holingda uch kungacha odamlarga gapira olmaysan».
11. Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech (Allohni) poklab — ibodat etishni ishora qildi. I z o h.
Darhaqiqat, Zakariyo alayhis-salom uch kungacha tasbeh o‘girish va Tavrot tilovat qilishdan boshqa narsaga tillari aylanmay qoladi va ibodatxonaga kelgan kishilarga ham faqat imo-ishora bilan pand-nasihat qiladilar. So‘ng vaqti-soati yetib, Yahyo alayhis-salom dunyoga kelgach, Alloh taolo unga go‘daklik chog‘idayoq vahiy yuboradi. Quyidagi oyatlarda shu haqda hikoya qilinadi.