Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1465461 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 61 B


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:34:24



65. U osmonlar, yer va ularning orasidagi bor narsalarning hojasidir. Bas, siz Unga ibodat qiling va bu ibodatda sabr-toqatli bo‘ling! Uning uchun biron «teng»ni bilurmisiz?! (Yo‘q! Bilmassiz!)»

I z o h. Ushbu ikki oyat Jabroil alayhis-salomning so‘zlaridir. Paygambar alayhis-salomga bir muddat vahiy kelishi to‘xtab qolganidan so‘ng Jabroil kelganida payg‘ambar alayhis-salom: «Nega kelmay qoldingiz?» — deb so‘raganlarida, u Allohning amri bilan yuqoridagi so‘zlarni aytgan ekan.

66. (Kofir) inson: «O’lganimdan so‘ng yana tirik holda qabrimdan chiqarilurmanmi?!» der.

67. Axir o‘sha inson Biz uni ilgari o‘zi hech narsa bo‘lmagan paytida yaratganimizni (ya’ni yo‘qdan bor qilganimizni) eslamasmi?!

68. Bas (ey Muhammad), Parvardigoringizga qasamki, albatta, Biz ularni (yo‘ldan ozdirgan) shaytonlari bilan birga to‘plarmiz, so‘ngra (barchalarini) jahannam atrofida tiz cho‘kkan hollarida hozir qilurmiz.

69. Keyin har bir guruhdan qaysi kimsa Rahmonga qattiqroq osiy bo‘lgan bo‘lsa (o‘shani) sug‘urib olurmiz (va jahannamga oturmiz).


I z o h. Ulamolar uqtirishlaricha, «Rahmonga qattiqroq osiy bo‘lgan» kimsalar xalqni Haq yo‘lidan ozdirib, boshi berk ko‘chalarga boshlagan dohiylardir.

70. Hech shak-shubha yo‘qqi, Biz o‘zimiz unga (jahannamga) kirishga loyiqroq bo‘lgan kimsalarni yaxshiroq bilguvchidirmiz.

71. Sizlardan har biringiz unga tushguvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir.

72. So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz.

73. Qachon ularga (ya’ni insonlarga) ochiq-ravshan bo‘lgan oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo‘lgan kimsalar iymon keltirgan zotlarga: «Qaysi guruh yaxshiroq martaba va go‘zalroq majlisda?» deydilar. (Ya’ni boy-badavlat mushriklar faqir va miskin mo‘minlarning ustidan kuladilar).

74. Holbuki Biz ulardan ilgari qancha mato’ va suratlari chiroyli bo‘lgan avlodlarni halok qilgandirmiz!

75. (Ey Muhammad), ayting: «Kim zalolatda bo‘lsa, bas Rahmon unga muddat — umr bersin. Toki o‘zlariga (ya’ni yo‘ldan ozganlarga) va’da qilgan) azobini yoki qiyomat qoyim bo‘lishini ko‘rgan vaqtlarida, albatta kimning martabasi yomonroq va lashkari ojizroq ekanini bilurlar.

76. Alloh haq yo‘ldagi kishilarga yana hidoyatni ziyoda qilur. Parvardigoringiz nazdida abadiy qolguvchi yaxshi amallar savob jihatidan ham, oqibat jihatidan ham ortiqroqdir».

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:34:42



77. (Ey Muhammad), Bizning oyatlarimizga kofir bo‘lgan va: «Qasamki, albatta (oxiratda ham) menga mol-mulk va bola-chaqa ato etilur», degan kimsani ko‘rdingizmi?

78. U g‘oyibdan xabardor bo‘ldimikin yoki Rahmon dargohidan axdu paymon oldimikin?!

79. Yo‘q! Albatta Biz uning aytayotgan so‘zini yozib qo‘yurmiz hamda uning uchun azobni ziyoda qilurmiz.

80. U aytayotgan (mol-dunyoga) Biz merosxo‘r bo‘lurmiz va u huzurimizga yolg‘iz holda kelur.

81. Ular (ya’ni Makka mushriklari) Allohni qo‘yib, o‘zlariga kuch-qudrat bo‘lishi uchun «xudolar» tutdilar — butlarga sig‘indilar.

82. Yo‘q! (Qiyomat kunida butlari ularni shafoat qilmaydi, balki) ular qilgan ibodatlarni inkor qilurlar va ularga zid — dushman bo‘lurlar.

83. (Ey Muhammad), Biz kofirlarga ularni (gunoh-ma’siyatlarga) qo‘zg‘atadigan shaytonlarni yuborganimizni ko‘rmadingizmi?

84. Bas, siz ular ustida shoshqaloqlik qilmang (ya’ni nega azobga giriftor bo‘la qolmayaptilar, deb hayron bo‘lmang)! Hech shak-shubhasiz Biz ularning (qolgan oy, kunlarini ham, qilayotgan gunoxlarini ham) aniq hisob-kitob qilib tururmiz.

85. Biz taqvodor zotlarni otliq hollarida Rahmon dargohiga to‘playdigan,

86. Va jinoyatchi-kofirlarni jahannamga tushishlari uchun haydaydigan kunni (eslang)!

87. (U kunda) faqat Rahmon nazdida ahdu-paymon olgan, (Allohni bir bilib zimmalaridagi farzlarni ado etgan) kishilargina shafoat qilishga ega bo‘lurlar.

88. (Mushriklar): «Rahmonning bolasi bor», dedilar.

89. (Ey mushriklar), sizlar shunday og‘ir gap aytdingizki,

90-91. Uning (og‘irligidan) — Rahmonning bolasi bor, degan (gapning og‘irligidan) osmonlar yorilib, yer bo‘linib, tog‘lar parchalanib qulab ketishga yaqin bo‘lur.


I z o h. Ushbu oyatlarni diqqat va insof bilan o‘qigan kishi darhaqiqat ularni osmonu zaminni ham, tog‘u toshlarni ham yaratgan egasi nozil qilganiga iymon keltiradi. Chunki yerlik odamning xayoliga yer yorilishidan o‘zga narsa kelishi amri mahol.

92. Rahmon uchun bola tutish loyiq emasdir (ya’ni U zot bolaga muhtoj emas).

93. Osmonlar va yerdagi bor jonzot (qiyomat kunida) Rahmon (huzuriga) bo‘yinsungan holda kelur.

94. U zot ularni sanab-aniqlab qo‘ygandir.

95. Ularning barchasi qiyomat kunida yolg‘iz holda U zotning huzuriga kelguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:35:02



TOHA SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura bir yuz o‘ttiz besh oyatdir.

Bu sura Muhammad alayhis-salomga xitob qilish bilan boshlanib, u zotga bor mavjudotning Hojasi tomonidan ingan Quroni Karimning Allohdan qo‘rqadigan kishilar uchun bir pand-nasihat ekani va Yaratganning eng maxfiy narsalardan ham ogoh bo‘lgan zot ekanligi bayon qilinadi. Bu surada Alloh taolo O’zining so‘nggi payg‘ambariga undan avval o‘tgan salaflari uchun ham Haq yo‘liga da’vat qilish oson bo‘lmaganini eslatib, suraning asosini tashkil etadigan Muso va Horun payg‘ambarlarning qissasini batafsil bayon qiladi. Unda Muso alayhis-salomning qay holatda payg‘ambar bo‘lganlari va u zotga Tangri taolo tomonidan qanday mo‘‘jizalar ato etilgani; Muso bilan zolim Fir’avn o‘rtasidagi mujodala; Muso bilan sehrgarlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muboraza-musobaqa; nihoyat Fir’avn va uning lashkarlari qanday halok bo‘lganlari va boshqa voqea-hodisalar haqida hikoya qilinadi.

Yana bu surada barcha jonzot hisob-kitob uchun jamlanadigan qiyomat kunida ovozlar ham Rahmonga ta’zim qilishlari va faqat pichirlashlargina quloqqa chalinishi kabi qiyomat manzaralari ham tasvirlab o‘tiladi hamda Haq yo‘lidan toymagan kishilar o‘zlariga va’da qilingan jannatlarga kiritilib, kofirlar esa jahannamga tashlanishlari haqida xabar beriladi. Sura payg‘ambar alayhis-salomga ayrim ilohiy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish bilan nihoyalanadi.

Bu suraning nima sababdan «Toha» deb nomlangani xususida turli rivoyatlar mavjuddir. Ularning aksarisida «Toha» — payg‘ambar alayhis-salomning ismlaridan biridir, deyiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi (bilan boshlayman).

1. To, Ha.

2. (Ey Muhammad), Biz sizga bu Qur’onni qiynalib jafo chekishingiz uchun emas,

3. Balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilarga pand-nasihat bo‘lsin uchun nozil qildik.

4. (U) yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zot tomonidan nozil qilingandir.

5. (U zot) O’z arshini egallagan Rahmondir.

6. Osmonlardagi, yerdagi va ularning orasidagi hamda tuproq ostidagi bor narsa Uningdir.

7. Agar siz oshkora gapirsangiz ham, (va yoki) xufyona gapirsangiz ham, U zotga barobardir. Zero U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur.

8. Allohdan o‘zga (hech qanday) Tangri yo‘q. Faqat Uning O’zi bordir. Uning uchun eng go‘zal ismlar bordir.

9. (Ey Muhammad), sizga Muso haqida xabar keldimi?

10. Eslang, u (uzoqdan) bir olovni ko‘rib ahli oilasiga: «(Shu yerda) turinglar, men bir olov ko‘rib qoldim, shoyadki sizlarga undan biron cho‘g‘ olib kelsam yoki shu o‘t oldidan biron yo‘l (ko‘rsatuvchi) topsam», dedi.

11. Bas, qachonki u (olovning yaqiniga) kelgach: «Ey Muso», degan nido eshitildi.


I z o h. Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhis-salom o‘z oilasi bilan Madyan shahridan Misrga qaytib kelayotganida bir qorong‘u-qorli kechada yo‘ldan adashib qoladi. O’t yoqay desa, chaqmoq toshi yonmaydi. Shu payt uning ko‘ziga uzoqdan bir olov ko‘rinib, cho‘g‘ olish va u yerdagilardan yo‘l so‘rab kelish uchun o‘sha tarafga borganida, u ko‘ringan yorug‘lik olov emas, Allohning nuri ekanligi ma’lum bo‘ladi.

12. «(Ey Muso), Men sening Parvardigoringdirman. Endi kavushlaringni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:35:23



14. Darhaqiqat Men Allohdirman. (Hech qanday) iloh yo‘q, faqat Men bordirman. Bas, sen Mengagina ibodat qil va Meni zikr qilish uchun namozni to‘kis ado qil!

15. Toki har bir jon qiladigan sa’y-harakati sababli jazolanishi uchun (qiyomat) soati albatta kelguvchidir. (Lekin) Men (qiyomat qachon qoyim bo‘lishini) yashirishni istayman.

16. Bas, seni (qiyomatga) ishonmaydigan va havoi nafsiga ergashgan kimsalar undan to‘smasinlarki, u holda halok bo‘lursan.

17. Ana u - qo‘lingdagi nimadir, ey Muso?!»

18. (Muso) dedi: «U asoim, unga tayanurman va u bilan qo‘ylarimga (barg) qoqib berurman. Yana unda boshqa ishlarim ham bor».

19. (Alloh) aytdi: «Uni (erga) tashlagin, ey Muso!»

20. Bas, (Muso) uni tashlagan edi, banogoh u yuradigan — jonli ilon bo‘lib qoldi.

21. (Alloh) dedi: «Uni ushla! Qo‘rqmagin, Biz uni avvalgi holiga qaytarurmiz.

22. Qo‘lingni qanoting — qo‘ltig‘ingga tiqqin, u hech qanday ziyon-zahmatsiz oppoq — nurli bo‘lib chiqur. (Bu) ikkinchi mo‘‘jiza (bo‘lur).

23. Biz senga buyuk mo‘‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik).

24. (Endi) sen Fir’avnning oddiga borgin! Darhaqiqat u haddidan oshdi (ya’ni odamlarga zulm qilib hatto «xudoman» deb da’vo qildi)».

25. (Muso) dedi: «Parvardigorim, qalbimni keng qilgin;

26. Ishimni oson qilgin;

27, Tilimdan tug‘unni-duduqlikni yechib yuborgin;

28. (Toki) ular (qavmim) so‘zimni anglasinlar.

29-30. Menga o‘z ahlim-urug‘imdan bo‘lgan Horun og‘amni vazir qilgin.

31 U bilan belimni mahkam qilgin.

32. Va uni ishimda (ya’ni payg‘ambarlik ishida) sherik qilgin.

33. Toki biz Seni ko‘proq poklab-ibodat qilaylik;

34. Va Seni ko‘proq zikr qilib — eslaylik.

35 Albatta Sen bizni ko‘ruvchi bo‘lgan zotsan».

36. (Alloh) aytdi: «So‘ragan narsalaring senga ato etildi, ey Muso!

37. Biz senga (go‘daklik chog‘ingda ham) yana bir karra in’om-marhamat qilgan edik.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:35:42



38. O’shanda sening onangga (shunday) vahiy-ilhom yuborgandik;

39. «Uni (ya’ni Musoni) sandiqqa solib, daryoga tashlagin. Bas, uni daryo (to‘lqini) sohilga otsin. (Shunda) uni Mening ham, uning ham dushmani — Fir’avn ushlab olur». (Ey Muso, barchaga suyukli bo‘lishing) va Mening hifzu himoyamda unib-o‘sishing uchun Men sening ustingga O’z tomonimdan bir muhabbat tashladim (ya’ni seni ko‘rgan kishi suyub qoladigan yoqimtoy bola qildim).

40. O’shanda opang (seni daryodan ushlab olgan kishilar ortidan) yurib: «Sizlarni bu (bola)ga kafil bo‘lib (emizadigan ayolning) oldiga olib boraymi», deganlarini (eslagin)! So‘ng Biz seni ko‘zlari quvonsin, g‘amgin bo‘lmasin, deb onangga qaytargan edik. (Yigitlik chog‘ingda) bir jonni o‘ldirib qo‘yganingda, Biz seni bu g‘amdan ham qutqargan edik. (Keyin) Biz seni ko‘p sinovlar bilan sinab ko‘rdik. Sen Madyan ahli orasida ham (necha) yillar turding; so‘ngra (payg‘ambar bo‘lishing uchun aniq belgilab qo‘yilgan) taqdir bo‘lib (bu yerga) kelding, ey Muso!

41. Va Men seni O’zimga (payg‘ambarlik uchun) tanladim.


I z o h. Yuqoridagi (37-40) oyatlarning tafsirida mufassirlar shunday rivoyatni keltiradilar. Munajjimlar Fir’avnga: «Sening mulku davlating Bani Isroil qavmidan tug‘iladigan bir bola qo‘lida xarob bo‘ladi», deyishgach, u o‘sha qavmdan dunyoga kelgan har bir o‘g‘il bolani qatl qilishga buyruq beradi, Muso alayhis-salom ana o‘sha Bani Isroil uchun halokatli bo‘lgan qora yillarda tavallud topadilar. Shunda chaqalog‘iniig halok bo‘lishidan g‘amga botib qolgan onaga g‘oyibdan farmon kelib bolasini bir sandiqqa avaylab soladi-da, uni Nil daryosiga qo‘yib yuboradi. Ittifoqo O’sha paytda daryo sohilida o‘tirgan Fir’avn oqib kelayotgan sandiqni ko‘rib qoladi va xodimlariga uni olib chiqishni buyuradi. Xizmatkorlar sandiqni olib kelishgach, ochib qarasalar, uning ichida oydek bir chaqaloq uxlab yotibdi. Shunda Fir’avn xotinining mehri tushib qolib, undan bolani o‘g‘il qilib olishga izn so‘raydi. U ruxsat bergach, bolani saroyga olib borib, shahardan bola emizadigan ayollarni surishtirib topadilar. Lekin Muso biron ayolni emmaydi. Shu payt bir qiz kelib Fir’avnning xotiniga: "œMen sizlarga shu bolani emizadigan bir ayolni olib kelaman", deydi. U Musoning opasi bo‘lib, uni bolasi daryoda ketganidan so‘ng g‘am-anduhga botgan ona Muso haqida biron darak topib kelish uchun shaharga yuborgan edi. U qiz saroyda Musoni ko‘rib tanigach, o‘zining kim ekanligini yashirib yuqoridagi so‘zlarni aytadi va borib darhol onasini yetaklab keladi. Bu ayol tutgan ko‘krakni chaqaloq darhol ema boshlaganini ko‘rgan Fir’avnning xotini benihoya xursand bo‘lib, u ayoldan saroyda qolishni iltimos qiladi. Lekin u uyi va bola-chaqasini tashlab kela olmasligini aytib, agar rozi bo‘lsalar bu bolani o‘z uyida emizib katta qilib berishga va’da bergach, noiloj qolgan malika bu taklifga rozi bo‘ladi va onaga ko‘p xayru-saxovat ko‘rsatib bolani unga qo‘shib, berib yuboradi. Shunday qilib, Tangri taoloning marhamati bilan bola tuqqan onasiga qaytariladi. Agar e’tibor berilsa, bu qissada yana bir ibratli jihat bordir. Fir’avn o‘zini halok qiladigan bolani — Muso alayhis-salomni o‘z qo‘li bilan suvga g‘arq bo‘lishidan qutqarib qoladi. Shu ma’noda arablarda bir naql yoyilgandir: «Likulli Fir’avn Muso — Har Fir’avnga bir Muso», ya’ni har qanday zolim hokimning peshonasiga Alloh taolo uni yo‘q qiladigan bir adolatparvar — Haqsevar kishini yozib qo‘ygandir».

42. (Ey Muso), sen o‘zing va og‘ang (Horun) Mening mo‘‘jizalarimni (odamlarga) olib boringlar va Meni zikr qilib — yodingizda tutishda sustkashlik qilmanglar!

43. Sizlar Fir’avnning oldiga boringlar, chunki («Men xudoman», deb u) haddidan oshdi.

44. Bas, unga yumshoq so‘z so‘zlanglar! Shoyad pand-nasihat olsa yoki (Mening qahrimdan) qo‘rqsa.

45. Ular dedilar: «Parvardigoro, darhaqiqat biz (agar uni Senga iymon keltirishga da’vat etsak) u shoshqaloqlik (bilan bizni azobga giriftor) qilishidan yoki battar tug‘yonga tushishidan xavfdamiz.

46. (Alloh) aytdi: «Qo‘rqmanglar. Shak-shubhasiz Men sizlar bilan birgaman — eshitib, ko‘rib tururman.

47. Bas, sizlar uning oldiga borib: «Biz Parvardigoringning elchilaridirmiz. Sen Bani Isroil (qavmini) biz bilan birga qo‘yib yuborgin, ularni azoblamagin. Biz senga Parvardigoring tomonidan oyat-mo‘‘jiza keltirdik. Hidoyatga ergashgan kishilarga tinchlik-omonlik bo‘lur.

48. Bizga vahiy qilindiki, (Allohning payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilgan va (ularga iymon keltirishdan) yuz o‘girgan kimsalarga azob bulur», denglar».

49. (Ular Fir’avn oldiga kelib yuqoridagi so‘zlarni aytishgach) u dedi: «Sizlarning Parvardigoringiz kim, ey Muso?»

50. (Muso) aytdi: «Parvardigorimiz barcha narsaga o‘z xilqatini — shaklini ato etib, so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ygan zotdir».

51. (Fir’avn) dedi: «U holda avvalgi avlodlarning holi nedir? (Ya’ni Parvardigoring ularni ham azoblaganmi?)»

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:36:09



52. (Muso) aytdi: «Ular haqidagi bilim Parvardigorim huzuridagi Kitobda — Lavhul-Mahfuzdadir. Parvardigorim adashmas va unutmas».

53. U zot yerni sizlar uchun beshik — qarorgoh qilib qo‘ydi va unda yo‘llar paydo qildi hamda osmondan suv (yomg‘ir-qor) yog‘dirdi. Bas, Biz u (suv) yordamida turli nabotot navlarini undirib chikardik.

54. Sizlar (ulardan) yenglar, chorvalaringni boqinglar. Albatta bunda aql egalari uchun oyat-ibratlar bordir.

55. Biz sizlarni (erdan) yaratdik, yana unga kaytarurmiz va (qiyomat kunida) sizlarni yana bir bor undan chiqarurmiz.

56. Darhaqiqat Biz unga (ya’ni Fir’avnga) bor oyat-mo‘‘jizalarimizni ko‘rsatdik. Bas, u (ularni) yolg‘on deb, yuz o‘girdi.

57. U dedi: «Sen o‘z sehring bilan bizlarni yerimizdan chiqarish uchun keldingmi, ey Muso!

58. U holda bizlar ham senga xuddi o‘shanday sehr keltirurmiz. Bas, sen o‘zing bilan bizlarning o‘rtamizda bir va’dagoh tanlaginki, u sen ham, bizlar ham qarshilik qilmaydigan o‘rta bir joy bo‘lsin».

59. (Muso) aytdi: «Va’da bayram kuni (to‘planadigan joy)dir. Odamlar choshgohda to‘planurlar».

60. Bas Fir’avn borib, o‘zining makr-nayrangini (ya’ni sehrgarlarini) yig‘di. So‘ngra (va’da qilingan joyga) keldi.

61. Muso ularga (ya’ni sehrgarlarga) dedi: «Holinglarga voy! Sizlar Alloh sha’niga yolg‘on to‘qimanglar (ya’ni ochiq mo‘‘jizani sehr demanglar), u holda (Alloh) sizlarni azob bilan halok qilur! Yolg‘on to‘qigan kimsalar noumid bo‘lishlari aniqdir».

62. Bas, ular (qiladigan) ishlarini talashib-tortishib asta shivirlasha boshladilar.

63. (So‘ng bir-birlariga) aytdilar: «Albatta bu ikkovi (ya’ni Muso va Horun) o‘z sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqni va yuksak yo‘lingizni (ya’ni diningizni) yo‘qotmoqni istaydigan sehrgarlardir.

64. Bas, makr-hiylangizni yig‘ingiz, so‘ng bir saf bo‘lib kelingiz. Bugun ustun bo‘lgan kishilar najot topurlar».

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:36:37



65. (Maslahatlari bitgach), dedilar: «Ey Muso, sen (qo‘lingdagi asoingni avval) tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi bo‘laylikmi?»

66. (Muso) aytdi: «Yo‘q, sizlar tashlanglar». (Ular qo‘llaridagi aso va iplarini tashlagan edilar) banogoh iplari va asolari sehr qilganlari sababli (Musoga) yurib ketayotgandek tuyuldi.

67. Bas, Muso ichida bir qo‘rquvni his qilgan edi.

68. Biz aytdik: «Qo‘rqmagin. Albatta sen o‘zing g‘olib bo‘lguvchisan.

69. Qo‘lingdagi narsani (ya’ni asoingni) tashlagin, ular yasagan narsalarni yutib yuborur. Ularning yasagan narsalari faqat bir sehrgarning makri-hiylasi xolos. Sehrgar esa qaerda bo‘lmasin zafar topmas».

70. (Muso asoini tashlagach, sehrgarlarning bor yasagan narsalarini yutib yubordi). Bas sehrgarlar sajda qilgan hollarida (erga) tashlanib: «Horun va Musoning Parvardigoriga iymon keltirdik», dedilar.

71. (Fir’avn) aytdi: «Unga men izn bermay turib iymon keltirdingizmi? Shak-shubhasiz u sizlarga sehr o‘rgatgan kattangizdir. Bas, endi albatta oyoq-qo‘llaringizni qarama-qarshisiga (ya’ni o‘ng qo‘l, oyog‘ingizni yoki aksincha) kesurman va sizlarni xurmo shoxlariga osurman, (ana o‘shanda) qaysimizning (ya’ni, meningmi yo Musoning xudosi) azobi qattiqroq va uzunroq ekanini bilib olursizlar».

72. Ular dedilar: «Bizlar hargiz o‘zimizga kelgan aniq hujjat-mo‘‘jizani va bizlarni yaratgan Zotni qo‘yib, seni tanlamaymiz. Bas, qiladigan hukmingni qilaver. Sen faqat mana shu dunyodagina hukm qilursan.

73. Bizlar esa xatolarimizni va sen bizlarni majbur qilgan sehrgarlikdan iborat (gunohimizni) mag‘rifat qilishi uchun Parvardigorimizga iymon keltirdik. Alloh(ning savobi) yaxshiroq va (azobi) uzunroqdir».

74. Hech shubha yo‘qki, kimda-kim Parvardigorining (huzuriga) jinoyatchi-kofir bo‘lgan holda kelsa, u holda albatta uning uchun jahannam bor bo‘lib, u (kofir) u joyda na o‘la olur va na yashay olur.

75. Kim u zotga yaxshi amallar qilgan mo‘min holida kelsa, bas, ana o‘sha (kishilar) uchun yuksak darajalar —

76. Ostidan daryolar oqadigan, ular abadiy qoladigan jannatlar bo‘lur. Bu (shirku-kufrdan) pok bo‘lgan kishilarning mukofotidir! 

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:37:13



77. Darhahiqat Biz Musoga: «Sen bandalarimni (ya’ni Bani Isroilni) tunda olib ketib, ular uchun (suvi) qurigan dengizni yo‘l qil - (ortlaringdan Fir’avn) yetib olishidan xavf qilma va (dengizga g‘arq bo‘lishdan ham) qo‘rqma», deb vahiy yuborganmiz.

78. Bas, Fir’avn ularning ortidan o‘z lashkarlari bilan quvgan edi, ularni dengiz o‘ragancha-o‘rab, barchalari (unga g‘arq bo‘ldilar).

79. Fir’avn qavmini To‘g‘ri yo‘lga boshlamadi, (balki) To‘g‘ri yo‘ldan ozdirdi.

80-81. Ey Bani Isroil, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (ya’ni Musoga) Tavrot nozil qilish uchun Tur (tog‘ining) o‘ng tomonini va’dalashdik va sizlarga shirinlik, bedanalar yog‘dirib, (dedik): "œSizlarni bahramand qilgan pok rizqlarimizdan yenglar va ularga (shukr qilmaslik bilan) haddan oshmanglarki, u holda ustingizga Mening g‘azabim tushar. Mening g‘azabim kimning ustiga tushar ekan, u muhaqqaq halok bo‘lur.

82. Va men tavba qilgan, hamda iymon keltirib yaxshi amallar qilgan, so‘ngra To‘g‘ri yo‘lga yurgan kishilarni mag‘firat qilguvchidirman".

83. (Bani Isroil qavmidan yetmish nafarini o‘zi bilan birga olib, Tur tog‘i tomonga ketayotgan Muso yo‘lda ulardan ilgarilab ketadi. Shunda Alloh dedi): «Qavmingdan munchalar ilgarilab ketding, ey Muso!»

84. U aytdi: «Ular ana — izimdan kelurlar. Men esa Sen rozi bo‘lishing uchun shoshdim, Parvardigorim!»

85. (Alloh) dedi: «Haqiqatan Biz sening ortingdan qavmingni fitnaga soldik — imtihon qildik. — Somiriy ularni yo‘ldan ozdirdi».

86. Bas, Muso qavmiga g‘azablangan va g‘amga botgan holda qaytib kelib, dedi: «Ey qavmim, Parvardigoringiz sizlarga (Tavrot nozil etish haqida) chiroyli va’da qilmaganmidi?! Sizlarga (o‘tgan) vaqt uzun (ko‘rinib) ketdimi yoki ustingizga Parvardigoringiz tomonidan g‘azab tushishini istab menga bergan va’dani buzdinglarmi?!


I z o h . Muso Tur tog‘iga ketarkan, Bani Isroil qavmi unga Allohdan o‘zga hech kimga sig‘inmaslikka so‘z bergan edilar. Keyin esa, Somiriy yasagan buzoqqa sig‘inish bilan va’dalarini buzadilar.

87. Ular aytdilar: «Bizlar senga bergan va’dani o‘z inon-ixtiyorimiz bilan buzganimiz yo‘q. Lekin bizlar (Misrdan chiqib kelayotganimizda Fir’avn) qavmining zeb-ziynatlaridan iborat narsalarni ko‘tarib chiqqan edik, bas (Somiriyning amri bilan) ularni (olovga) tashladik. So‘ng Somiriy ham (o‘zi ko‘tarib chiqqan narsalarni olovga) tashladi.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:38:01



88. So‘ng (Somiriy o‘sha zeb-ziynatlarni olovda eritib, xuddi tirik buzoq kabi) ovozi bor haykal-buzoq (yasab) chiqarib berdi, so‘ng (Somiriy va uning sheriklari); «Sizlarning ham, Musoning ham ilohi shu edi, (Muso) unutib, (uni boshqa yerdan izlagani ketibdi»), dedilar.

89. Axir uning o‘zlariga biron so‘z qaytara olmayotganini va biron ziyon ham, foyda ham yetkazishga qodir emasligini ko‘rmaydilarmi?!

90. Holbuki (buzoqqa sig‘inishlaridan) ilgari Horun ularga: «Ey qavmim, sizlar bu bilan faqat imtihon qilindinglar xolos, (bas, u buzoqqa sig‘inmanglar!) Shak-shubha yo‘qki, sizlarning Parvardigoringiz yolg‘iz Rahmon — Marhamatli Allohdir. Bas, menga ergashinglar va amrimga itoat qilinglar!» — deganida.

91. Ular: «To bizlarga Muso qaytmagunicha, unga (shu butga) ibodat qilib — sig‘inishdan hargiz ajralmaymiz», degan edilar.

92-93. (Muso qaytib kelgach) dedi: « Ey Horun, sen ularning yo‘ldan ozganlarini ko‘rgan paytingda mening ortimdan borishingdan (va menga bu haqda xabar berishingdan) seni nima to‘sdi?! Mening amrimga itoatsizlik qildingmi?!»

94. «Ey onamning o‘g‘li, sen mening soch-soqolimdan tortmagin. Men (agar buzoqqa sig‘inayotganlarni qo‘yib, yo‘ldan ozmagan kishilar bilan sening ortingdan borsam) «Mening so‘zimni kutmay, Bani Isroilni bo‘lib yuboribsan», deyishingdan qo‘rqdim».

95. (So‘ngra Muso Somiriyga qarab): «Bu nima qilganing, ey Somiriy?» dedi.

96. U aytdi: «Men ular (ya’ni Bani Isroil) ko‘rmagan narsani ko‘rdim. (Ya’ni Jabroil sening oldingga kelganida hayot otiga minib kelgan edi. Uning tuyog‘i tekkan tuproq qanday jonsiz narsaga tegsa, darhol unga jon kirardi, men shuni ko‘rib qolgan edim), bas, elchi — Jabroilning bosgan izidan bir siqim olib, uni (buzoqning haykaliga) sochgan edim (undan tirik buzoq kabi ovoz chiqdi. Buni ko‘rgan Bani Isroil qavmidan bo‘lgan odamlar o‘sha buzoqqa sig‘ina boshladilar). Menga nafsim ana shunday qilishni chiroyli ko‘rsatdi».

97. (Muso) dedi: «Bas, yo‘qol! Endi sen hayotda «Menga tegmanglar», deyishgina bordir (ya’ni umringning oxirigacha yakka moxov bo‘lib qolursan. Oxiratda esa) sen uchun hargiz xilof qilinmaydigan bir va’da — azob bordir. Sen ustidan jilmay ibodat qilgan «ilohingning» (holini) ko‘rib qo‘y! Biz albatta uni yondirib, so‘ngra (kulini) dengizga sochib yuborurmiz».

98. (Ey insonlar), ilohingiz yakkayu yolg‘iz Allohdir! Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zi bordir. U barcha narsani O’z ilmi bilan qamrab olgandir.

Qayd etilgan


Muhammad  31 Avgust 2006, 07:38:26



99. (Ey Muhammad), Biz sizga o‘tib ketgan (avlodlarning) xabarlarini mana shunday so‘ylab berurmiz. Darhaqiqat Biz sizga O’z dargohimizdan eslatma — Qur’on ato etdik.

100. Kim undan yuz o‘girsa, bas albatta u qiyomat kunida (gunohning eng og‘ir) yukini ko‘tarib turar.

101. Ular u yuk ostida abadiy qolurlar. U (yuk) qiyomat kunida ular uchun juda og‘ir yuk bo‘lur.

102. U sur chalinadigan kundir. U kunda Biz jinoyatchi-kofir kimsalarni ko‘zlari ko‘k (ya’ni nursiz, yuzlari qaro) bo‘lgan hollarida yig‘urmiz.

103. Ular o‘zaro shivirlashib: «(Dunyoda) o‘n kungina turdinglar», (deydilar).

104. Biz ularning aytadigan so‘zlarini juda yaxshi bilurmiz. O’sh ularning eng to‘g‘ri yo‘l tutgan — donolari: «Bir kungina turdinglar», deydi(lar).

105. (Ey Muhammad), ular sizdan tog‘lar (qiyomat kunida qanday holda bo‘lishi) haqida so‘raydilar. Bas, ayting: «Parvardigorim ularni (qum kabi) sochib yuborur.

106. So‘ng (erni) tep-tekis qilib qo‘yurki,

107. Unda na chuqurni va na do‘nglikni ko‘rursiz».

108. U kunda (odamlar mahshargohga) chorlovchi (farishtaga) egilmay-burilmay ergashurlar — itoat qilurlar. Ovozlar ham Rahmonga ta’zim qilur, bas faqat pichirlashnigina eshitursiz.

109. U kunda oqlov foyda bermas, magar Rahmon izn bergan va so‘zidan U zot rozi bo‘lgan kishigagina (foyda berur).

110. U zot ularning oldilaridagi (ya’ni oxiratdagi) va ortlaridagi (ya’ni dunyodagi) bor narsani bilur. Ular esa U zotni bila olmaslar.

111. Yuzlar xam Tirik va abadiy Turguvchi (U) zotga ta’zim qilur. Kim zulmni (shirkni) ko‘tarib kelgan bo‘lsa noumid bo‘lishi aniqdir.

112. Kim mo‘min bo‘lgan holda yaxshi amallar qilsa, bas u zulmdan ham (ya’ni unga zulm qilinib, o‘zi qilmagan gunohlarga mas’ul bo‘lishdan ham), kamayishdan ham (ya’ni qilgan yaxshi amallarining savob-mukofoti to‘la berilmay qolishidan ham) xavf qilmas.

113. Shuningdek, Biz uni arabiy Qur’on qilib tushirdik va unda ko‘rqinchli va’dalarni (takror-takror) bayon qildik. Shoyad ular (shirk va kufrdan) saqlansalar yo (bu va’dalar) ular uchun eslatma-ibratlar paydo qilsa.

Qayd etilgan