62. Albatta mo‘minlar faqat Allohga va Uning payg‘ambariga iymon keltirgan zotlardir. Ular (payg‘ambar) bilan biron muhim ish ustida bo‘lgan vaqtlarida, to undan izn so‘ramagunlaricha ketmaslar. Faqat sizdan izn so‘raydigan zotlar — ana o‘shalargina — Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltiradigan zotlardir. Endi qachon ular sizdan ba’zi bir ishlari uchun izn so‘rasalar, bas, ulardan o‘zingiz xohlagan kishilarga izn bering va Allohdan ularni mag‘firat qilishini so‘rang. Albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir.
63. (Ey mo‘minlar), payg‘ambarni chaqirishni o‘rtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmangizlar (ya’ni u zotni hurmat-ehtirom bilan «Ey Allohning payg‘ambari», deb chaqiringlar). Sizlardan berkingan hollarda (payg‘ambar huzuridan) sug‘urilib chiqib ketadigan kimsalarni Alloh yaxshi bilur. (Payg‘ambarning) amriga xilof ish qiladigan kimsalar o‘zlariga biron fitna-kulfat yetib qolishdan yoki alamli azob yetib qolishidan hazir bo‘lsinlar!
64. Ogoh bo‘lingizkim, osmonlar va yerdagi bor narsalar shak-shubhasiz Allohnikidir. U zot sizlar ustida turgan narsani (ya’ni mo‘min yo munofiqligingizni) ham, (barcha bandalar) O’ziga qaytariladigan (qiyomat) kunini ham yaxshi bilur, bas ularga (o‘sha kunda) qilib o‘tgan amallarining xabarini berur. Alloh barcha narsani bilguvchidir.FURQON SURASIMakkada nozil qilingan bu sura yetmish yetti oyatdan iboratdir.
Sura ushbu Furqonni — haq bilan botilni ajratib berguvchi Kitobni Muhammad alayhis-salomga Buyuk Tangri nozil qilganini ta’kidlash bilan boshlanadi.
So‘ngra: «Nega payg‘ambar farishta emas, balki oddiy odamlarga o‘xshab taom yeb, bozorlarda yuradigan insondan bo‘lar ekan», deydigan sarkash mushriklarning da’volari qat’iy hujjatlar bilan rad etiladi.
Yana bu surada dohiy «do‘st»larning vasvasalariga uchib, o‘z iymon-e’tiqod va dinu-diyonatlaridan voz kechgan kimsalar oxiratda bu qilmishlaridan afsus-nadomat chekib, barmoqlarini tishlab qolishlari haqida ogohlantirib o‘tiladi.
Sura nihoyasida esa Rahmon bandalari — haqiqiy mo‘min-musulmonlarning sifatlari va ularni jannat ne’matlariga erishishlariga sabab bo‘ladigan xulq-atvorlari tasvirlanadi.
Qur’oni Karimda, Alloh taolo tomonidan nozil qilingan barcha ilohiy kitoblar Furqon — haq bilan nohaqni ajratib berguvchi Kitob, deb atalaveradi. Bu suraga nom bo‘lgan Furqondan murod esa Qur’ondir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Barcha olamlarni (oxirat azobidan) qo‘rqitguvchi bo‘lsin deb O’z bandasi (Muhammad)ga Furqon — Qur’on nozil qilgan zot — Alloh barakotli - Buyukdir.
2. U — osmonlar va yerning podshohligi O’ziniki bo‘lgan, bola-chaqa qilmagan, podshohlikda biron sherigi bo‘lmagan va barcha narsani yaratib (aniq) o‘lchov bilan o‘lchab qo‘ygan zotdir.