Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 865863 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:08:05



3. (Mushriklar) esa U zotni qo‘yib, biron narsa yarata olmaydigan, (balki) o‘zlari yaralguvchi bo‘lgan, (o‘zgalar u yoqda tursin, hatto) o‘zlariga ham biron ziyon yo foyda ega bo‘lmaydigan va na (birovlarga) o‘lim berishga, na hayot berishga va na qayta tiriltirishga ega bo‘lmaydigan «xudolar»ni ushladilar (ya’ni o‘shalarga sig‘indilar).

4. Kofir bo‘lgan kimsalar: «Bu (Qur’on) faqat (Muhammad) o‘zi to‘qib olgan bir yolg‘ondir. Unga bu (yolg‘onni to‘qishda) boshqa bir qavm (ahli kitoblar) yordam qilgan» deb kufr keltirdilar va bo‘hton qildilar.

5. Yana ular: «(Bu) avvalgilardan qolgan afsonalardir (Muhammad) ularni ko‘chirib olgan. Bas (bu afsonalar birovlar tomonidan) unga ertayu kech o‘qib berilur», dedilar.

6. (Ey Muhammad, siz ularga) ayting: «Uni osmonlar va yerdagi barcha sir-asrorni biladigan zot nozil qilgandir. Albatta u mag‘firatli mehribon bo‘lgan zotdir».

7-8. Yana ular (masxara qilishib): «Nega bu payg‘ambar (oddiy odamlardek) taom yer va bozorlarda yurar?! Unga (payg‘ambarligini tasdiqlaydigan) biron farishta tushirilib, u bilan birga qo‘rqitguvchi bo‘lsa edi. Yoki unga (osmondan) xazina tashlansa (va u bozorlarda savdo-sotiq bilan tirikchilik o‘tkazmay, o‘sha xazinadan sarf qilib yursa) edi, yoxud uning uchun bir bog‘u-bo‘ston bo‘lib, u (faqat o‘sha bog‘dan) yeb-ichsa edi», dedilar. Bu zolim kimsalar (mo‘minlarga): «Sizlar faqat bir sehrlangan — aqldan ozgan kishiga ergashmoqdasiz», dedilar.

9. (Ey Muhammad), qarang, ular siz uchun qanday misollar keltirdilar-a?! Bas, ular (haq) yo‘ldan ozdilar. Endi ular yo‘l topishga qodir emaslar.

10. Agar xoxlasa, siz uchun (shu dunyodayoq) o‘shandan (ya’ni ular aytgan bog‘u-xazinadan) yaxshiroq narsani — ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarni qilib bera oladigan va siz uchun qasr-saroylarni qilib bera oladigan zot — Alloh barakotli - buyukdir.

11. Yo‘q, ular (Qur’on oyatlariga boqmaydilar, chunki ular qiyomat) soatini yolg‘on deganlar. Biz esa u soatni yolg‘on degan kimsalar uchun do‘zax o‘tini tayyorlab qo‘ygandirmiz.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:08:35



12. (Do‘zax) ularni uzoq joydan ko‘rgan vaqtidayoq uning xayqiriq va bo‘kirigini eshiturlar.

13. Qachon ular kishanlangan hollarida (do‘zaxdan) tor bir joyga tashlanganlarida o‘sha joyda (o‘zlariga) o‘lim tilab qolurlar.

14. (Shunda ularga): «Sizlar bugun bir o‘limni emas, ko‘p o‘limlarni tilanglar (chunki sizlar butun umrlaringizni kufru isyonda o‘tkazganlaringiz uchun ko‘pdan-ko‘p o‘lim-halokatlarga duchor bo‘lursiz», deyilur).

15. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Shu (do‘zax) yaxshiroqmi yoki taqvodor zotlarga va’da qilingan mangu jannatmi?!» U (ya’ni jannat taqvodorlar) uchun mukofot va oqibat - borar joy bo‘ldi.

16. Ular uchun o‘sha joyda mangu qolguvchi bo‘lgan hollarida barcha xohlagan narsalari muhayyo bo‘lur. Bu Parvardigoringiz zimmasidagi so‘ralguvchi va’da bo‘ldi.

17. (Alloh) ularni (ya’ni mushriklarni) ham, ular Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan butlarin ham to‘plab (u butlarga): «Mening anavi bandalarimni sizlar yo‘ldan ozdirdingizlarmi yoki ularning o‘zlari yo‘ldan ozdilarmi?» - deydigan Kunda,

18. Ular derlar: «Ey pok Parvardigor, bizlar uchun Sendan o‘zga biron do‘st tutish joiz bo‘lgan emasdir (bas qanday qilib o‘zgalarni bizga bandalik qilib sig‘inishga majburlab yo‘ldan ozdiraylik)?! Lekin Sen ularni va ota-bobolarini (uzoq umr va mo‘l-ko‘l rizqu-ro‘z bilan shunday) foydalantirdingki, hatto ular (Sening O’zingni) eslashni ham unutdilar va halok bo‘lguvchi qavm bo‘lib qoldilar».

19. (Ey mushriklar) mana, ular («xudo»lar deb sig‘ingan butlar) sizlarni aytayotgan so‘zlaringizda aniq yolg‘onchi qildilar. Endi (azobdan) qutulishga ham, (o‘zlaringga) biron yordam qilishga ham qodir emassizlar. Sizlardan kim zolim - mushrik bo‘lsa, Biz  unga katta azobni totdirurmiz.

20. (Ey Muhammad), Biz sizdan ilgari yuborgan barcha payg‘ambarlar ham, shak-shubhasiz, taom yer va bozorlarda yurar edilar. Biz sizlarning ba’zilaringizni ba’zilaringiz uchun fitna-sinov qilib qo‘ydik (ya’ni sizning oddiy odamlar kabi faqirona kun kechirishingiz boshqalar uchun bir sinovdir. Chunki agar Biz sizni boy-badavlat qilib kuyganimizda, ular sizga mol-dunyongiz uchun itoat qilgan bulur edilar). Sizlar (Bizning bu sinovimizga) sabr qila olurmisizlar? Parvardigoringiz ko‘rib turguvchi bo‘lgan zotdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:09:10

O’N TO’QQIZINCHI JUZ’
*************************



21. Bizga ro‘baro‘ bo‘lishni umid qilmaydigan kimsalar: «Bizlarga (payg‘ambarlik uchun odam emas, balki) farishtalar tushirilsa edi yoki bizlar Parvardigorimizni (o‘z ko‘zimiz bilan) ko‘rsak (va U bizlarga Muhammadning haqiqiy payg‘ambar ekanligini bildirsa) edi», dedilar. Darhaqiqat, ular o‘zlariga bino qo‘ydilar va juda katta ketdilar.

22. Ular farishtalarni ko‘radigan kunni (ya’ni qiyomat kunini eslang.) U kunda jinoyatchi kimsalar uchun biron xushxabar bo‘lmas. Va (farishtalar ularga) derlar: «(Har qanday xushxabar sizlar uchun) butunlay haromdir».

23. (Zotan) Biz ular qilgan har bir (yaxshi) amalga kelib, uni sochilgan to‘zon (kabi) qilib qo‘ygandirmiz.


I z o h. Islomiy aqidaga ko‘ra, yolg‘iz Allohga iymon keltirmasdan turib qilingan yoki yagona Allohni ko‘zlamasdan xujako‘rsinga qilingan har qanday yaxshi amal ham xuddi havoda uchib yurgan chang-to‘zon kabi foydasizdir. Shu boisdan but-sanamlar yo‘lida qilingan yoki yaxshi nom chiqarish uchun riyokorlik bilan qilingan «savob ish»larning egalari uchun qiyomat kunida biron ajru-mukofot bo‘lmas.

24. Jannat egalari esa u kunda eng yaxshi maskan va eng go‘zal zirohatgohlarda bo‘lurlar.

25. Bulutli osmon yorilib, (barcha) farishtalar (er yuziga) tushirilgan (qiyomat) kunini (eslang)!

26. O’sha kunda xaq-sobit podshoxlik (yolg‘iz) Rahmon uchun bo‘lur (Chunki boshqa barcha muvaqqat podshoxliklar yo‘q bo‘lib bitur! U (kun) kofirlarga ko‘p qiyin kun bo‘lur.

27. U kunda bu zolim qo‘llarini (barmoqlarini tishlab nadomatlar qilib) der: «E, qaniydi men ham payg‘ambar bilan bir yo‘lni tutganimda edi,

28. O’lim bo‘lsin menga, qaniydi men falonchini do‘st tutmaganimda edi,

29. Aniqki, menga eslatma — Qur’on kelganidan so‘ng, o‘sha (falonchi) meni yo‘ldan ozdirdi». (U kunda) shayton (hayoti dunyoda o‘ziga ergashgan barcha) insonni yordamsiz qo‘yguvchidir.


I z o h. Bu oyatlardagi «zolim» Aqaba ibn Abu Mu’ayt, falonchi esa Ubay ibn Xalafdir. Aqaba payg‘ambar alayhis-salomning da’vatlarini qabul qilib, Islomga kirganidan so‘ng o‘sha do‘sti Ubay uni yo‘ldan ozdirib, vasvasaga solishi oqibatida murtad bo‘lib, dindan chiqadi. Mazkur oyatlarda Alloh taolo ana shunday shaytonlarning vasvasalariga uchib, o‘z dinlaridan voz kechadigan zolimlarning qiyomat kunidagi ahvolini tasvirlaydi va shaytonlar unga oxiratda biron yordam bermasligini ta’kidlaydi.

30. Payg‘ambar aytdi: «Ey Parvardigorim, darhaqiqat mening qavmim (Quraysh qabilasi) ushbu Qur’onni tark qilib (undan yuz o‘girdilar)»

31. Biz (sizdan ilgari o‘tgan) har bir payg‘ambar uchun (ham) jinoyatchi kimsalardan mana shunday dushman(lar) qilganmiz. Parvardigoringizning O’zi yetarli yetakchi va yordamchidir.

32. Kofir bo‘lgan kimsalar: « (Nega) bu Qur’on unga (payg‘ambar alayhis-salomga) bitta to‘plam bo‘lgan holida nozil qilinmadi?» dedilar. (Ey Muhammad), Biz u — Qur’on bilan sizning dilingizni ustivor qilish uchun mana shunday (parcha-parcha holda nozil qildik) va uni bo‘lib-bo‘lib bayon qildik.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:09:44



33. Ular sizga (Qur’onni ayblash uchun yuqoridagi kabi) biron misol-savol keltirsalar, albatta Biz sizga haq (javobni) va eng go‘zal sharhni keltirib qo‘ydik.

34. Yuztuban hollarida jahannam tomonga sudraladigan kimsalar — ana o‘shalar eng ahvoli yomon va butunlay yo‘ldan ozgan kimsalardir.

35-36. Qasamki, Biz Musoga Kitob — Tavrot ato etdik va birodari Horunni u bilan birga bo‘lguvchi vaziri qilib, dedik: «Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan qavm (Fir’avn va uning qavmi) oldiga boringlar!» Bas (ikkovlari borib, Allohning diniga da’vat qilgan vaqtlarida, ular o‘z kufrlaridan qaytishmagach) Biz ularni (dengizga g‘arq qilish bilan) qirib tashladik.

37. Nuh qavmini (eslang)! Qachonki, ular payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilishgach, Biz ularni g‘arq qildik va ularni odamlar uchun oyat-ibrat qilib qo‘ydik. Yana Biz zolim-kofir kimsalar uchun (oxiratda ham) alamli azob tayyorlab qo‘ygandirmiz.

38. Od, Samud (qabilalarini) va quduq egalarini (ya’ni Shuayb payg‘ambarni yolg‘onchi qilganlari sababli quduqqa qulab halok bo‘lgan kimsalarni) hamda shu oradagi ko‘pdan-ko‘p asrlarni (eslang)!

39. Barchalariga misollar — dalillar keltirdik va (Bizning pand-nasihatlarimiz kor qilmagach) barchalarini butunlay yo‘q qilib yubordik. Aniqki, ular (ya’ni Makka mushriklari o‘zlarining safar-sayohatlarida) eng yomon yomg‘ir (ya’ni tosh) yog‘dirilgan shahardan o‘tgandirlar. (Axir ular uni ko‘rib ibrat olmadilarmi)?! Yo‘q, ular qayta tirilishdan umidsiz bo‘lgan kimsalardir.

41-42. (Ey Muhammad) qachon ular sizni ko‘rsalar, faqat: «Alloh mana shuni payg‘ambar qilib yubordimi?! Agar sabr qilib (mahkam turmaganimizda) haqiqatan u bizlarni xudolarimizdan ozdirayozdi-ya», deb sizni masxara qilurlar. Yaqinda — azobni ko‘rgan vaqtlarida kim yo‘ldan ozganroq ekanini bilib olurlar.

43. Xabar bering-chi, kim havoi nafslarini iloh kilib olgan bo‘lsa, siz uning ustida vakil-qo‘riqchi bo‘lurmisiz?! (Yo‘q, sizning vazifangiz havoi nafsiga qullik qiladigan kimsalarni bu qilmishlaridan saqlash — qo‘riqlash emas, balki faqat Biz sizga yuborgan vahiyni bandalarimizga yetkazmoqdir).

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:10:05



44. Yoki siz ularning ko‘plariga (haq so‘zni) tinglay oladilar yo anglay oladilar deb o‘ylaysizmi?! (Undoq emas, zero) ular hech narsa emaslar, magar chorva hayvonlari kabidirlar. Yo‘q, ular yanada yo‘ldan ozganroq kimsalardir!

45. Parvardigoringizning (qudratini) — soyani qanday yoyib qo‘yganini ko‘rmadingizmi?! Agar xohlasa uni sokin — jilmas qilib qo‘ygan bo‘lur edi. So‘ngra quyoshni unga (ya’ni soyaning borligiga) dalil qildik.

46. So‘ngra uni asta-sekin O’zimizga tortib oldik.


I z o h. Yuqoridagi ikki oyatni mufassirlar quyidagicha tafsir qiladilar. Subhi sodiqdan to quyosh chiqqunicha ufqda yoyilgan qorong‘ulik bilan yorug‘lik o‘rtasidagi holat — Alloh yer yuzi uzra yeyib qo‘ygan bir soyadir. U zot agar xohlasa uni ketmaydigan qilib qo‘yar edi, lekin Tangri taolo chiqayotgan quyoshni soya borligiga dalil qildi — zero Nur bo‘lmasa soyaning borligi bilinmas — va U soya — pardani yer yuzidan asta tortib oldi.

47. (Alloh) sizlar uchun kechani libos, uyquni orom qilib qo‘ygan, kunduzni esa (sizlar uchun) qayta tirilish qilgan zotdir.

48-49. U o‘z rahmatining (ya’ni yomg‘irning) oldidan xushxabar qilib shamollarni yuborgan zotdir. Biz o‘lik shahar-maskanlarni tiriltirish va O’zimiz yaratgan ko‘plab chorva hayvonlari hamda insonlarni sug‘orish uchun osmondan pok suv yog‘dirdik.

50. Va u (suvni) eslatma olishlari uchun (odamlar) orasida taqsimlab qo‘ydik, (ammo) odamlarning ko‘plari faqat kufroni ne’mat qilishnigina istadilar.

51. Agar Biz xoxlasak, har qishloq-shaharga bir (oxirat azobidan) qo‘rqitguvchi - payg‘ambar yuborgan bo‘lur edik. (Lekin Biz barcha qishloq-shahardan oxirat azobidan ogoh qilish burchini sizning zimmangizga yukladik).

52.Bas siz kofir kimsalarga bo‘yinsunmang va (Qur’on) yordamida ularga qarshi qattiq kurashing!

53. (Alloh) ikki dengiz — daryoni bunisi chuchuk — shirin, unisi sho‘r — achchiq qilib oqizib qo‘ygan va ularning o‘rtasida to‘siq-to‘g‘on va ko‘rinmas parda qilib qo‘ygan zotdir.

54. U suvdan — nutfadan insonni yaratib, so‘ng uni nasl-nasab (egasi) va quda-anda qilib qo‘ygan zotdir. Darhaqiqat Parvardigoringiz (har ishga) qodirdir.

55. (Kofirlar) Allohni qo‘yib, o‘zlariga foyda ham, ziyon ham yetkaza olmaydigan narsalarga ibodat qiladilar. Kofir o‘z Parvardigoriga qarshi (shaytonga) yordamchi bo‘lgan kimsadir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:10:35



56. (Ey Muhammad,) Biz sizni faqat (mo‘minlarga jannat) xushxabarini yetkazguvchi, (kofirlarni esa oxirat azobidan) qo‘rqitguvchi qilib yubordik.

57. Ayting: «Men sizlardan buning uchun hech qanday haq so‘ramayman, faqat Parvardigor tomonga yo‘l tutishni xoxlagan kishilar (o‘sha yo‘lni tutishlarini so‘rayman»).

58. Va o‘lmaydigan tirik Zotga tavakkul qiling, xamda U zotga hamdu sano aytish bilan poklang! U O’z bandalarining gunoxlaridan yetarli ogohdir.

59. U osmonlar va yerni hamda ularning orasidagi barcha narsalarni olti kunda yaratib, so‘ngra O’z arshiga o‘rnashgan zotdir. U Rahmondir. Bas, U zot haqidagi ogoh — bilimdon (kishilar) dan so‘rang!

60. Qachon (mushriklarga): «Rahmonga sajda qilinglar», deyilsa, ular: «Nima u Rahmon? Sen buyurgan narsaga sajda qilaveramizmi?» — deyishar va (bu so‘z) ularni yanada yiroqlashtirar.


I z o h. Ushbu oyat navbatdagi sajda oyatidir.

61. Osmonda burjlarni barpo qilgan va unda chiroq — quyosh va oyni paydo qilgan zot barakotli — buyukdir.

62. U eslatma-ibrat olmoqchi bo‘lgan, yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (bir-birining) o‘rnini bosuvchi qilib qo‘ygan zotdir.

63. Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavozu’ bilan yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham «Omon bo‘linglar», deb javob qiladigan kishilardir,

64. Ular kechalarni Parvardigorga sajda qilib va (joynamoz ustida) tik turib — bedor o‘tkazadigan kishilardir.

65. Ular: «Parvardigoro, O’zing bizlardan jahannam azobini daf’ qilgin. Darhaqiqat uning azobi ketmas — mangu (azobdir).

66. Darhaqiqat u eng yomon qarorgoh va eng yomon joydir», deydigan kishilardir.

67. Ular infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (balki ehsonlari) ana o‘sha (xasislik bilan isrofning) o‘rtasida — mo‘‘tadil bo‘lur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:11:27



68. Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunoxlardan birontasini) qilsa uqubatga duchor bo‘lur.

69. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur.

70. Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur. Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.

71. Kim tavba qilib, yaxshi (amallar) qilsa, bas albatta u Allohning (rizo-mag‘firatiga) qaytgan bo‘lur.

72. Ular (ya’ni Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va lag‘v (behuda so‘z yo amal) oldidan o‘tgan vaqtlarida, olijanoblik bilan (ya’ni undan yuz o‘girgan hollarida) o‘turlar.

73. Ularga Parvardigorlarining oyatlari eslatilgan vaqtida u (oyatlarga) gung va ko‘r hollarida tashlanmaydilar, (balki ularni anglab-bilib amal qilurlar).

74. Ular: «Parvardigoro, O’zing bizlarga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan shod-xurramlik hadya etgin va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin», deydigan kishilardir.

75. Ana o‘shalar sabr-qanoat qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalar bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar.

76. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar. U eng go‘zal qarorgoh, eng go‘zal manzildir.

77. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Agar duo-iltijo qilmas ekansizlar, Parvardigorim sizlarga parvo qilmas. Bas, sizlar (U zot yuborgan payg‘ambarni) yolg‘onchi qildingiz. Endi albatta (azob-uqubat) sizlarga lozim bo‘lur».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:13:09



SHUARO SURASI

Ikki yuz yigirma yetti oyatdan iborat «Shuaro» surasi ham Makka suralaridandir.

U Qur’onning Alloh tomonidan nozil qilingan (ochiq oyatlardan) iborat eslatma ekanini ta’kidlash bilan boshlanib, payg‘ambar alayhis-salomga mushriklarning iymonsizliklaridan qayg‘urmaslik kerakligini uqtiradi va ular yaqinda — Qiyomat kunida Allohning azobiga duchor bo‘lishlari haqida xabar beradi.

Bu surada ham avval o‘tgan ayrim payg‘ambarlar haqida hikoya qilinib, ularning barchalari bir narsaga — yakkayu yagona Allohga iymon keltirib, U zotning O’zigagina itoat etishga da’vat qilganlari aytiladi va ularni yolg‘onchi qilgan kimsalarning topgan oqibat-halokatlari tasvirlanadi.

Sura nihoyasida so‘z yana Qur’onga qaytib, uning jinlar keltirgan cho‘pchak yo shoirlar bitgan she’r emas, balki Alloh tomonidan Jabroil farishta vositasida ochiq arab tilida nozil qilingan ilohiy Kitob ekanligi ta’kidlanadi.

Bu suradan Tangri taoloning shoirlar haqidagi oyatlari ham o‘rin olgani sababli u «Shuaro» surasi deb atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. To, Sin, Mim.

2. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.

3. (Ey Muhammad), ehtimol siz (Makka mushriklari) mo‘min bo‘lmaganlari uchun o‘zingizni halok qilguvchidirsiz. (Undoq qilmang, chunki)

4. Agar Biz (ularning mo‘min bo‘lishlarini) xoxlasak, ularga osmondan oyat-mo‘‘jiza nozil qilib, shu bilan bo‘yinlari egilib qolardi. (Lekin Biz buni istamaymiz, zero iymon-ishonch nochor-noilojlikdan emas, balki qalb qanoati bilan ixtiyoriy bo‘lishi lozimdir).

5. Ularga Rahmon tomonidan biron yangi eslatma kelsa, albatta, ular undan yuz o‘giruvchi bo‘ldilar.

6. Bas, aniqki ular (payg‘ambarni) yolg‘onchi qildilar. Endi yaqinda ularga o‘zlari masxara qilgan narsaning axboroti (oqibati) kelur.

7. Axir ular yerni — unda, Biz barcha turli foydali (o‘simlik) navlaridan qanchasini undirib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?!

8. Albatta bunda oyat — ibrat bordir. (Lekin Makka mushriklarining) ko‘plari iymon keltirguvchi bo‘lmadilar.

9. Shak-shubhasiz Parvardigoringizning O’zi (kofirlar ustidan) g‘olib, (mo‘minlarga) mehribondir.

10-11. (Ey Muhammad), eslang, Parvardigoringiz Musoga nido qilib: «U zolim qavmga — Fir’avn qavmiga borgin, ular (Mendan) qo‘rqmaydilarmi?!» (degan edi),

12. Muso aytdi: «Parvardigorim, (albatta amringga itoat eturman — u zolim qavm oldiga borurman, faqat) ular meni yolg‘onchi qilishlaridan qo‘rqurman;

13. Va (ular meni yolg‘onchi qilishlaridan) dilim siqilur, tilim burro emasdir, bas (Misrda Fir’avn zulmi ostida yashab turgan birodarim) Horunga ham (payg‘ambarlik) yuborsang, (u menga yordamchi bo‘lsa).

14. Yana ularning nazdida men gunohkorman (ya’ni ular meni bir misrlik — qibtiy yigitni qasddan o‘ldirishlikda ayblaydilar), bas meni, (Sening farmoningni ularga yetkazmasimdan) o‘ldirib qo‘yishlaridan qo‘rqurman».

15. (Alloh) dedi: «Yo‘q (ular seni o‘ldira olmaslar). Bas (birodaring Horun bilan) Bizning oyat-mo‘‘jizalarimizni olib boringlar! Albatta Biz sizlar bilan birga (savol-javoblaringizni) eshitib turguvchidirmiz.

16. Endi Fir’avnga borib aytinglar: «Haqiqatan biz barcha olamlar Parvardigorining elchilaridirmiz.

17. (Qo‘l ostingdagi) Bani Isroil (qavmi)ni bizga qo‘shib (o‘z yurtlari — Falastinga) jo‘natgin».

18. (Ular kelib Fir’avnga shu so‘zlarni aytishgach, u Musoga qarab) dedi: «Biz seni bolalik chog‘ingda o‘z ichimizda (ya’ni saroyimizda) tarbiyalamaganmidik, umringning bir necha yilida oramizda turgan eding-ku!

19. Keyin nonko‘rlardan bo‘lib qilgan qilmishingni — qilgan eding-ku (ya’ni bir Qibtiyni o‘ldirib qo‘yib qochib ketgan eding-ku)!»

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:15:11



20. (Muso) aytdi: «O’shanda men u ishni bilmagan holda qilgan edim.

21. So‘ng sizlardan qo‘rqib qochib ketdim. Keyin Parvardigorim, menga hikmat — ilm hadya etdi va meni payg‘ambarlardan qildi.

22. O’sha sen menga minnat qilayotgan ne’mat (aslida) sen Bani Isroilni qul qilib olishingdir».


I z o h. Bu oyatni shunday tushunmoq lozim: «Ey Fir’avn, sen meni bolaligimdan tarbiyalab o‘stirganingni menga minnat qilmoqdasan. Aslida nima sababdan men sening saroyingga kelib qoldim? Sen Bani Isroil qavmini qul qilib, ularning barcha o‘g‘il bolalarini o‘ldirayotganing uchun onam meni aniq o‘limdan qutulib qolarmikan, deb sandiqqa solib, daryoga oqizganida sening xotining meni daryodan tutib olgan edi-ku! Agar sen bani Isroil qavmiga bunday zulmu sitamlar qilmaganingda, meni ham o‘z ota-onam tarbiyalagan bo‘lar edi-ku! Ana o‘sha qilmishingni ne’mat deb atashga uyalmaysanmi?!» Bu oyat o‘zga yurtlarni bosib, O’ziga qaram qilib olgan, so‘ngra «Biz senlarni tarbiyalab odam qilganmiz» deb da’vo qiladigan barcha mustamlakachilarga berilgan javobdir.

23. Fir’avn dedi: «Barcha olamlarning Parvardigori (deganing) nimasi yana?»

24. (Muso) aytdi: «U agar ishonadigan bo‘lsanglar, osmonlar va yerning hamda ularning orasidagi barcha narsalarning Parvardigori — hojasidir».

25. (Fir’avn) atrofidagi (a’yonlar)iga: «Quloq solmaysizlarmi?», deb (masxara qildi).

26. (Muso) aytdi: «U sizlarning ham, o‘tgan ota-bobolaringizning ham Parvardigoridir».

27. (Fir’avn) dedi: «Sizlarga elchi qilib yuborilgan bu payg‘ambaringiz shak-shubhasiz jinnidir».

28. (Muso) aytdi: «Agar aql yurgizuvchi bo‘lsangizlar, U mashriq va mag‘ribni hamda ularning o‘rtasidagi bor narsalarning Parvardigoridir».

29. (Fir’avn) dedi: «Qasamki, agar sen mendan o‘zgani iloh qilib oladigan bo‘lsang, albatta men seni zindonband kimsalardan qilib qo‘yurman!»

30. (Muso) aytdi: «Agar men senga (o‘zimning haq payg‘ambar ekanligimni dalolat qiladigan) ochiq narsa — mo‘‘jiza keltirsam ham-a?»

31. (Fir’avn) dedi: «Bas, agar rostgo‘ylardan bo‘lsang, o‘sha (mo‘‘jizangni) keltir-chi?!»

32. Shunda (Muso) asoini tashlagan edi, banogoh u rostakam ajdarga aylandi.

33. Keyin qo‘lini (cho‘ntagidan) chiqargan edi, banogoh u qarab turganlarga (kundan ham) oq bo‘lib ko‘rindi, (holbuki Muso o‘zi qoramag‘iz odam edi).

34. (Fir’avn) atrofidagi odamlarga: «Shubhasiz, bu (Muso) o‘tkir sehrgardir.

35. U o‘z sehri bilan sizlarni o‘z yerlaringizdan chiqarmoqchi, nima deysizlar?» dedi.

36-37. Ular aytishdi: «Uni va akasi (Horun)ni qo‘yib turgin-da, hamma shaharlarga (sehrgarlarni yig‘ib keladigan kishilarni jo‘natgin), ular senga jami o‘tkir sehrgarlarni keltirsinlar».

38. Bas sehrgarlar ma’lum kunda belgilangan joyga to‘plandilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:16:01



39-40. Va odamlarga: «Sizlar ham to‘planib bo‘ldinglarmi? Ehtimol bizlar agar sehrgarlar g‘olib bo‘lib chiqsalar, o‘shalarga ergashurmiz», deyildi.

41. Endi qachonki, sehrgarlar kelishgach, Fir’avnga: «Agar biz g‘olib bo‘lsak, albatta bizlar uchun (katta) mukofot bo‘lurmi?» — deyishdi.

42. U: «Ha, u holda albatta sizlar mening yaqinlarimdan bo‘lursizlar», dedi.

43. Muso ularga: «Tashlaydigan narsalaringizni tashlanglar», dedi.

44. Bas ular arqon va asolarni (erga) tashladilar va: «Fir’avnning qudratiga qasamki, albatta bizlargina g‘olib bo‘lguvchidirmiz», dedilar.

45. So‘ng Muso asoini tashlagan edi, banogoh u (aso) ularning «uydirma»larini yuta boshladi.

46-47. Bas u sehrgarlar sajda qilgan hollarida yerga tashlanib: «Barcha olamlarning Parvardigoriga — Muso va Horunning Parvardigoriga iymon keltirdik», dedilar.

49. (Fir’avn) aytdi: «Men izn bermay turib unga iymon keltirdingizmi?! Albatta u (Muso) sizlarga sehr o‘rgatgan kattangizdir. Endi yaqinda bilursizlar — albatta men oyoq-qo‘llaringizni qarama-qarshisiga (o‘ng qo‘l, chap oyoq yoki aksincha) kesurman va sizlarning barchangizni dorga osurman».

50. Ular dedilar: «Zarari yo‘q. Zero bizlar Parvardigorimizga qaytguvchidirmiz.

51. Albatta bizlar (Musoga) birinchi iymon keltirgan kishilar bo‘lganimiz sababli Parvardigorimiz bizlarning xato-gunohlarimizni mag‘firat etishini umid qilurmiz».

52. Biz Musoga: «Bandalarim (ya’ni Bani Isroil kavmi) bilan tunda yo‘lga chiqqin! Albatta sizlarning izingizga tushilur (ya’ni Fir’avn va uning qo‘shini ortingizdan quvib yetur» deb vahiy yubordik.

53. Bas (Muso va uning qavmi yo‘lga tushganlaridan xabar topgach), Fir’avn barcha shaharlarga (askar) yig‘uvchilarni jo‘natdi (va dedi):

54. «Aniqki ular bir hovuch yalangoyoqlardir.

55. Darhaqiqat ular (qo‘l ostimizdan chiqib ketishlari bilan) bizlarni g‘azablantirdilar.

56. Shubhasiz bizlar ehtiyot choralarini ko‘rib turguvchi qavmdirmiz».

57-58-59. Bas mana shunday qilib Biz ularni (ya’ni Fir’avn va unga ergashganlarni) bog‘lar va buloqlardan, xazinalar va ulug‘-go‘zal maskandan ayirdik va ularni(ng barchasiga) Bani Isroilni voris qildik.

60. Bas (Fir’avn) tong paytida ularni quvib yetdi.

Qayd etilgan