Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 842402 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:30:49



36. Endi qachonki Muso ularga Bizning aniq-ravshan oyat-mo‘‘jizalarimizni keltirgach, ular: «Bu hech narsa emas, magar uydirma-sehrdir. Bizlar bu narsani o‘tgan ota-bobolarimiz (zamoni)da bo‘lganini ham eshitgan emasmiz», dedilar.

37. Muso aytdi: «Parvardigorim kim O’zining huzuridan hidoyat keltirganini ham, oxirat diyoridagi oqibat kimning foydasiga bo‘lishini ham juda yaxshi bilguvchidir. Albatta zolim kimsalar najot topmas».

38. Fir’avn: «Ey odamlar, men sizlar uchun o‘zimdan boshqa biron iloh borligini bilgan emasman. Bas, sen, ey Homon, loyni pishirib, (g‘isht quyib) men uchun bir baland qasr bino qil, shoyadki men (uning ustiga chiqib) Musoning xudosini ko‘rsam. Albatta men uni yolg‘onchi kimsalardan deb o‘ylamoqdadirman», dedi.

39. U (Fir’avn) ham, uning lashkarlari xam (iymon keltirmasliklari bilan) yer yuzida nohaq kibru-havo qildilar va o‘zlarini Bizga qaytarilmaydilar, deb gumon qildilar.

40. Bas Biz uni va lashkarlarini ushladik-da, dengizga tashladik. Endi siz u zolim kimsalarning oqibati qanday bo‘lganini ko‘ring.

41. Va ularni, (dinsiz kimsalarni) do‘zaxga chorlab turadigan peshvolar qilib qo‘ydik. Qiyomat kunida ham ularga yordam berilmas.

42. Biz bu dunyoda ham ularga la’natni ergashtirdik. Qiyomat kunida ham ular (Bizning rahmatimizdan) yiroq qilinguvchi kimsalardandirlar.

43. Aniqki Biz avvalgi asr-avlodlarni (kofirliklari sababli) halok kilganimizdan keyin Musoga odamlar uchun nur, xidoyat va rahmat bo‘lgan Kitob ato etdik. Shoyad ular eslatma-ibrat olsalar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:31:05



44. (Ey Muhammad), Biz Musoga ishni (ya’ni payg‘ambarlikni) hukm qilgan paytda siz (Tur tog‘ining) g‘arb tomonida (Biz Muso bilan va’dalashgan joyda turgan) emas edingiz va guvohlardan ham bo‘lgan emas edingiz.

45. Lekin Biz (Muso zamonidan so‘ng, ko‘p) asrlarni paydo qildik, bas ularga umr-zamon cho‘zilib ketdi (va ular Musoga yuborilgan hukmlarni unutib yubordilar. Shunda Biz hukmu farmonlarimizni odamlarga haqqi-rost yetkazishingiz uchun sizni payg‘ambar qilib yubordik). Siz Madyan ahli orasida turguvchi ham, ularga Bizning oyatlarimizni tilovat qilguvchi ham bo‘lgan emasdingiz. Lekin Biz (sizni) payg‘ambar qilib yuborguvchi bo‘ldik, (bas siz Bizning vahiylarimiz vositasida Muso to‘g‘risida ham, Madyan shahrining ahli haqida ham xabardor bo‘ldingiz).

46. Biz (Musoga) nido qilgan paytda siz Turning yonida bo‘lgan emas edingiz. Lekin (siz) Parvardigoringiz tomonidan rahmat bo‘lib, sizdan ilgari biron ogoxlantirguvchi kelmagan bir qavmni ogohlantirish uchun (payg‘ambar qilindingiz). Shoyad ular eslatma-ibrat olsalar.

47. Agar ularga o‘z qilmishlari sababli biron musibat-balo yetganida: «Parvardigoro, bizlarga payg‘ambar yuborganingda edi, Sening oyatlaringga ergashar va iymon keltirguvchilardan bo‘lur edik», deyishmasa edi (Biz sizni ularga payg‘ambar qilib yubormas edik).

48. Endi qachonki ularga Bizning huzurimizdan haq (payg‘ambar) kelgach esa, ular: «Unga (ya’ni Muhammadga) ham Musoga berilgan mo‘‘jizalar berilganida edi (bizlar unga ergashgan bo‘lardik)», dedilar. Axir ular ilgari Musoga berilgan mo‘‘jizalarga ham kofir bo‘lmaganmidilar?! Ular: «(Tavrot va Qur’on) bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan ikki sehrdir», dedilar, va: «Bizlar (bu ikki kitobdan) har biriga kofirdirmiz», dedilar.

49. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «U holda agar rostgo‘y bo‘lsanglar, sizlar Alloh huzuridan u ikki (Kitobdan) ko‘ra to‘g‘riroq bo‘lgan biron kitob keltiringlar, men unga ergashurman».

50. Endi agar ular sizga javob bera olmasalar, bas, bilingki ular faqat havoyi nafslarigagina ergashurlar. Alloh tomonidan hidoyatlanmagan holda o‘z havoi nafsiga ergashgan kimsadan ham yo‘ldan ozganroq kim bor?! Albatta Alloh bunday zolim qavmni xidoyat qilmas.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:31:20



51. Aniqki, Biz eslatma-ibrat olishlari uchun ularga So‘zni — Qur’onni ulab (ya’ni paydar-pay nozil qildik).

52. Biz (Qur’ondan) ilgari Kitob (ya’ni Tavrot, Injil) ato etgan zotlar (ya’ni yahudiy va nasroniylar orasidagi mo‘minlar) unga (ya’ni Qur’onga) iymon keltirurlar.

53. Qachonki ularga (Qur’on) tilovat qilinsa ular: «Bizlar unga iymon keltirdik. Albatta, u Parvardigorimiz tomonidan bo‘lgan Haqiqatdir. Shak-shubhasiz, bizlar (Qur’on nozil bo‘lishidan) ilgari ham musulmonlar (ya’ni Allohni yagona bilib bo‘yinsunuvchilar) edik», derlar.

54. Ana o‘sha zotlarga (dinu-iymon yo‘lida) sabr-toqat qilganlari sababli ajr-mukofotlari qayta-qayta ato etilur. Ular yaxshilik (ya’ni sabr-toqat) bilan yomonlikni (ya’ni kofirlarning ozorlarini) daf’ qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar.

55. Qachon behuda (so‘z yo ishni) eshitsalar undan yuz o‘girurlar va: «Bizlarning amallarimiz o‘zimiz uchun, sizlarning amallaringiz ham o‘zlaringiz uchundir. Omon bo‘linglar. Bizlar nodon kimsalar bilan (hamsuhbat) bo‘lishni istamaymiz», derlar.

56. (Ey Muhammad), aniqki, siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmassiz, lekin Alloh O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topguvchi zotlarni yaxshiroq bilguvchidir.


I z o h. Ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salomning amakilari Abu Tolib haqida nozil bo‘lgandir. Ma’lumki, Abu Tolib Muhammad alayhis-salomni bolalik chog‘laridan boshlab o‘z otalig‘iga olib to umrining oxirigacha ham u zotga homiylik qilgan bo‘lsa-da, o‘zi Islomga kirmagan edi. Abu Tolib payg‘ambarimizni o‘z o‘g‘lidek yaxshi ko‘rar va u zotni mudom boshqa mushriklarning xurujlaridan himoya qilib kelar edi. Shuning uchun ham unga o‘lim soati yaqinlashganida, payg‘ambar alayhis-salom uni kofir holda o‘lib ketishini istamay: «Ey amaki, «La iloha illalloh» deng, men qiyomat kunida sizni mo‘min holda vafot qilgan deb guvohlik beray», deganlarida, u: «Men sening yo‘ling haq ekanligini bilaman, ammo odamlar: «Abu Tolib o‘limdan qo‘rqib iymon keltirdi», deyishlarini xohlamayman», deb javob bergan ekan. Shunda, o‘zining suyukli amakisi dunyodan beiymon ko‘z yumayotganidan behad g‘am-g‘ussaga to‘lgan payg‘ambariga Haq taolo yuqoridagi oyatni nozil qilgan.

57. Ular (ya’ni Quraysh kofirlari): «(Ey Muhammad), agar bizlar sen bilan birga to‘g‘ri yo‘lga ergashsak, o‘z yerimizdan ajralurmiz», dedilar. Axir Biz ularga tinch-osoyishta Haramni makon qilib bermadikmi?! Barcha narsaning meva-hosillari Bizning dargohimizdan rizqu ro‘z bo‘lgan holda o‘sha joyga yig‘iladi-ku! Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaslar.

58. Biz qancha maishati haddan oshgan qishloq-shaharni halok qildik. Bas o‘shalarning maskanlari ulardan keyin kamdan-kam maskan qilindi. (Ularning barchalari halok bo‘ldilar) va (ularni mulku-diyorlariga) Biz O’zimiz voris bo‘lib qoldik.

59. Parvardigoringiz to barcha qishloq-shaharlarning markazlariga Bizning oyatlarimizni ularga tilovat qiladigan bir payg‘ambarni yubormagunicha, (u qishloq-shaharlarni) halok qiluguvchi bo‘lmadi. Biz qishloq-shaharlarni faqat ularning aholisi zolim — kofir bo‘lgan holdagina halok qilguvchi bo‘ldik.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:31:37



60. Sizlarga berilgan narsalar faqat hayoti dunyoning mato va ziynatlaridir. Alloh huzuridagi (ajru-mukofot) esa yaxshiroq va boqiyroqdir. Axir aql yurgizmaysizlarmi?!

61. Axir Biz go‘zal va’da (jannat) va’da qilgan, bas unga erishgan kishi, Biz hayoti dunyo matosidan ozgina foydalantirib, so‘ngra qiyomat kunida (mangu azobga) duchor qilinguvchilardan bo‘lgan kimsa kabi bo‘lurmi?!

62-63. (Eslang, Alloh qiyomat kunida) ularga nido qilib: «Sizlar (bor deb) gumon qilguvchi bo‘lgan «sheriklarim» qaerda qolishdi?» deganida, ustlariga So‘z — azob tushishi haq-muqarrar bo‘lgan kimsalar (ya’ni odamlarni Haq yo‘lidan ozdirgan dohiylar): «Parvardigoro, ana u bizlar yo‘ldan ozdirgan kimsalarni ham xuddi o‘zimiz yo‘ldan ozgan kabi yo‘ldan ozdirgandirmiz (ya’ni bizlar ham, barchamiz o‘z ixtiyorimiz bilan ozgandirmiz). Bizlar Senga (ya’ni ularning yo‘ldan ozishlariga aybdor emasmiz) oqdirmiz. Ular bizlarga ibodat qilguvchi bo‘lmaganlar, (balki o‘z havoi nafslariga ibodat qilganlar)», derlar.

64. Ularga: «Butlaringizga iltijo qilinglar, (mana endi sizlarga yordam bersinlar)», deyilib, ularga iltijo qilinganlarida (butlar) javob qilmaslar va ular azobni ko‘rurlar. Agar ular hidoyat topsalar edi (bunday azobni ko‘rmagan bo‘lur edilar).

65. (Alloh) ularga nido qilib: «Payg‘ambarlarimga nima javob qilgan edinglar?» deydigan kunda,

66. O’sha kunda ularga xabarlar (ya’ni o‘zlarini oqlaydigan bahonayu sabablar) ko‘rinmay qolur, bas (dahshat va qo‘rquvga tushib) bir-birlaridan ham so‘rasha olmaslar.

67. Endi kim tavba qilib, iymon keltirib, yaxshi amal qilib o‘tgan bo‘lsa, shoyadki ana o‘sha (kishi) najot topguvchilardan bo‘lur.

68. Parvardigoringiz O’zi xohlagan narsani yaratur va (O’zi xoxlagan ishni) ixtiyor qilur. Ular uchun ixtiyor yo‘qdir. Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir.

69. Parvardigoringiz ularning dillari yashirgan narsalarni -sirlarni ham, oshkor qilgan narsalarini — so‘zlarini ham bilur.

70. U (yolg‘iz) Allohdir. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Avvalu-oxirda (ya’ni dunyoyu-oxiratda) hamdu-sano (yolg‘iz) Uning uchundir. Hukm Uning (hukmidir). Va (barchalaringiz) yolgiz Unga qaytarilursizlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:31:53



71. (Ey Muhammad), ayting: «Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi bir iloh sizlarga biron yorug‘lik keltira olur?! Axir anglamaysizlarmi?»

72. Ayting: «Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi bir iloh sizlarga orom oladigan kechani keltira olur?! Axir ko‘rmaysizlarmi?!

73. (Alloh) sizlar uchun kecha va kunduzni unga (ya’ni kechada) orom olishlaringiz, (kunduzi esa) Uning fazl-rizqidan istashlaringiz va shukr qilishlaringiz uchun paydo qilib qo‘ygani Uning rahmat — Marhamatidandir.

74. (Eslang, Alloh qiyomat kunida) ularga nido qilib: «Sizlar (bor deb) gumon qilguchi bo‘lgan «sheriklarim» qaerda qolishdi?!» der.

75. Biz (u kunda) har bir ummatdan bir guvohni (ya’ni payg‘ambarni) chiqarib, (ularga «Alloh yolg‘iz emas», deb keltirgan shirklaringiz haq bo‘lsa qani) hujjat-dalillaringizni keltiringlar-chi», dedik. Bas ular (xudolik) haqqi-huquqi (yolg‘iz Allohniki ekanini) bildilar va o‘zlari to‘qib olgan «xudolari esa ulardan g‘oyib bo‘ldi.

76-77. Albatta Qorun o‘zi Muso qavmidan edi. Bas u (qavmdoshlariga) kibru-havo qildi. Biz unga xazina-dafinalardan kalitlari(ni ko‘tarib yurishning o‘zi) kuch-quvvat egalari bo‘lgan bir jamoatga ham og‘irliq qiladigan narsalarni ato etgan edik. O’shanda qavmdoshlari unga: «Xovliqmagin, Chunki Alloh hovliqma kimsalarni suymas. Va Alloh senga ato etgan mol-davlat bilan (avvalo) oxirat (obodligini) istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (Allohning bandalariga) infoq-ehson qil. Yerda (zulmu-zo‘ravonlik bilan) buzg‘unchilik kilishga urinma. Chunki Alloh buzg‘unchi kimsalarni suymas», deganlarida.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:32:09



78. U: «Menga (bor molu-davlatim) faqat o‘zimdagi bilim sababligina ato etilgandir, (bas, hech kim uni mendan tortib ololmas»), dedi. Axir u o‘zidan avvalgi asrlar-avlodlardan, undan ko‘ra quvvatliroq va jamg‘armasi ham ko‘proq (qanchadan-qancha) kimsalarni Alloh halok qilganini bilmasmi?! U jinoyatchi kimsalardan gunohlari haqida so‘ralmas ham, (balki ular hech qanday so‘roq-savolsiz do‘zaxga tashlanurlar)!

79. So‘ng, (Qorun) qavmi oldiga yasan-tusan qilib chiqqan edi, hayoti dunyoni istaydigan kimsalar: «Ex, qani edi bizlar uchun ham Qorunga ato etilgan molu-davlat bo‘lsa edi. Darhaqiqat u ulug‘ nasiba egasidir», dedilar.

80. Ilm-ma’firat ato etilgan kishilar esa: «O’lim bo‘lsin sizlarga! Iymon keltirgan va yaxshi amal qilgan kishi uchun Alloh beradigan ajr-savob yaxshiroq-ku! U (savobga) faqat sabr-qanoatli kishilargina erishurlar», dedilar.

81. Bas, Biz (Qorunni) ham, uning hovli-joyini ham (erga) yutdirdik. So‘ng uning uchun Allohdan yordam beradigan o‘zga biron jamoat bo‘lmadi va uning o‘zi xam g‘oliblardan bo‘lmadi.

82. Va kuni kecha uning martabasini orzu qilgan kimsalar: «Voajab, Alloh bandalaridan O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib (O’zi xohlagan bandalarining rizqini) tang qilib berar ekan-da. Agar Alloh bizlarga marhamat qilmaganida, bizlarni ham (erga) yutdirgan bo‘lur edi. Voajab, kofir bo‘lgan kimsalar najot topmas ekan-da», deb qoldilar.

83. Biz o‘sha oxirat diyorini yer yuzida zulmu-zo‘ravonlik va buzg‘unchilik qilishni istmaydigan kishilar uchun qilurmiz. Oqibat taqvo qilguvchi kishilarnikidir.

84. Kim yaxshilik bilan kelsa, bas uning uchun (qilgan yaxshiligidan) yaxshiroq (mukofot bo‘lur). Kim yomonlik bilan kelsa, bas, yomonliklar qilgan kimsalar faqat o‘zlari qilgan yomonliklari bilangina jazolanadilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:32:25



85. (Ey Muhammad), albatta sizga (ushbu) Qur’onni (ya’ni uni tilovat qilishni unga amal qilishni va uni ummatlaringizga (etkazishni) farz qilgan zot, shak-shubhasiz sizni bir qaytadigan joyga (Makkaga) qaytarguvchidir. (Mushriklarga) ayting: «Parvardigorim, hidoyat keltirgan kishilarni ham, ochiq-ravshan zalolatdagi kimsalarni ham juda yaxshi bilguvchidir».

I z o h. Mufassirlar yozishlaricha ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salom Makkadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida, yo‘lda Juhfa degan joyga qo‘nib, o‘zlari tashlab chiqib keayotgan vatanlari Makkani qo‘msagan vaqtlarida nozil bo‘lgan ekan.

86. Siz o‘zingizga Kitob — Qur’on tushirilishidan umidvor ham bo‘lgan emasdingiz. Faqat Parvardigoringiz tomonidan rahmat-marhamat bo‘lib (sizga Quron nozil qilindi). Bas siz hargiz kofir kimsalarga yordamchi bo‘lmang!

87. Va sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan so‘ng hargiz (u oyatlarga amal qilishingizdan) to‘smasinlar! Siz (odamlarni ham yolg‘iz) Parvardigoringizga (ibodat qilishga) chorlang va mushrik kimsalardan bo‘lmang!

88. Alloh bilan birga boshqa biron «iloh»ga iltijo qilmang! Hech qanday iloh yo‘q magar Uning O’zigina bordir. Barcha narsa halok bo‘lguvchidir, magar Uning O’zigina (mangudir). Hukm Uning (hukmidir), Va (barchalaringiz) yolg‘iz Unga qaytarilursizlar.

 

ANKABUT SURASI

Oltmish to‘qqiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura ham Makkada nozil qilingandir. Sura iymon egalari sidqidildan mo‘min bo‘lganmilar yoki til uchida iymon keltirganmilar, sinash uchun turli imtihonlarga ro‘baro‘ qilinishlari aniq ekanligi haqida xabar berish bilan boshlanib, yaralganlarning fitnalariga aldanib iymon-e’tiqodidan kechgan kimsalar albatta Yaratganning azobiga giriftor bo‘lishlarini uqtiradi.

Shuningdek, bu surada dinu iymonga da’vat qilguvchi kishilar zimmasida juda sharafli va ayni paytda o‘ta mushkul vazifa borligi aytilib, bir necha payg‘ambarlar faoliyati misolida Haq yo‘lidagi da’vatning mo‘‘jizasi tasvirlab beriladi. Yana bu surada Alloh taolo O’zining mo‘‘jizasi bo‘lmish Qur’oni Karimni bandalariga yetkazish uchun o‘qishni ham, yozishni ham bilmaydigan Muhammad alayhis-salomni payg‘ambarlikka tanlagani to‘g‘risida xabar berib, aks holda buzg‘unchi kimsalar: «Qur’onni Muhammadning o‘zi yozgan», deb odamlarni shubhaga solishlari aniq ekanligini uqtiradi. Sura sabr-toqat bilan Haq yo‘lida kurashgan zotlarga Allohning o‘zi yor bo‘lishi haqida oyat bilan tugallanadi.

Bu suradan o‘zlari qo‘llari bilan yasab olgan butlariga sig‘inib, ulardan najot kutadigan mushriklar xuddi o‘zi to‘qigan to‘ridan panoh istaydigan o‘rgimchakka o‘xshashligi to‘g‘risidagi oyat ham o‘rin olgani uchun «Ankabut — O’rgimchak» surasi deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Odamlar: «Iymon keltirdik», deyishlari bilangina, imtihon qilinmagan hollarida, qo‘yib qo‘yilishlarini o‘yladilarmi?!

3. Holbuki Biz ulardan avvalgi (iymon keltirgan barcha) kishilarni imtihon qilgan edik-ku!! Bas (shu imtihon vositasida) albatta Alloh («Iymon keltirdik» deb) rost so‘zlagan kishilarni ham, yolg‘onchi kimsalarni ham aniq bilur.

4. Yoki yomon amallar qiladigan kimsalar Bizdan (jazoyimizdan) qochib qutulishni o‘yladilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar-a?!

5. Kim Allohga ro‘baro‘ bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, bas, albatta, Alloh (belgilagan mukofot va jazo) fursati shak-shubhasiz kelguvchidir. U eshitguvchi, bilguvchidir.

6. Kim jihod qilsa, faqat o‘z (foydasi) uchun jihod qilur (ya’ni kim Alloh yo‘lida sa’y harakat qilsa, bundan Alloh emas, balki o‘sha kishining o‘zi uchun manfaat bo‘lur). Zero Alloh barcha odamlardan behojatdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:32:44



7. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarning yomonliklarini (ya’ni avval qilgan gunohlarini) shak-shubhasiz o‘chirurmiz va albatta ularni qilib o‘tgan eng chiroyli amallari bilan mukofotlarmiz.

8. Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik (ya’ni ota-ona hoh yaxshi, hoh yomon bo‘lsin, xoh musulmon, xoh kofir bo‘lsin, ularga yaxshilik qilish farzandning burchidir, ammo) agar ular sen o‘zing bilmagan narsalarni (ya’ni soxta «xudo»larni) Menga sherik qilishing uchun zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas (ana o‘sha kunda) Men sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berurman.

9. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni shak-shubhasiz solih bandalar qatoriga (ya’ni jannatga) doxil qilurmiz (kiriturmiz).

10. Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, o‘zlari: «Allohga iymon keltirdik», deydi-da, so‘ng Alloh yo‘lida (kofirlar tomonidan biron aziyat bilan) ozorlansa, odamlarning (bu) fitna-ozorlarini Allohning azobi kabi qilib olur (ya’ni o‘tkinchi hokimlarning fitna-fasodlaridan Allohning azobidan qo‘rqqandek qo‘rqib o‘z iymon-e’tiqodidan kechur). Qasamki, agar Parvardigoringiz tomonidan (siz - mo‘minlarga) g‘alaba kelsa shak-shubhasiz ular: «Albatta bizlar sizlar bilan birga edik», derlar. Axir Alloh barcha odamlarning dillaridagi narsalarni juda yaxshi bilguvchi emasmi?!

11. Albatta Alloh iymon keltirgan zotlarni ham, munofiq kimsalarni ham aniq bilur.

12. Kofir bo‘lgan kimsalar iymon keltirgan zotlarga: «Sizlar bizlarning yo‘limizga ergashinglar, gunohlaringizni bizlar ko‘tarurmiz», dedilar. Holbuki ular (mo‘minlarning) gunohlaridan biron narsani ko‘tara olguvchi emasdirlar. Albatta ular yolg‘onchidirlar,


I z o h. Ushbu oyat Quraysh kattalari iymon keltirgan kishilarga: «Qayta tirilish, qiyomatdagi hisob-kitob degan narsalar yo‘q narsalardir. Kishi dunyoga bir marta keladi, bundan boshqa dunyo yo‘qdir. Sizlar bizning yo‘limizga yuraveringlar, agar u dunyo haqidagi gaplar rost chiqib, qiyomat qoyim bo‘lsa barcha gunohlaringizni biz bo‘ynimizga olurmiz va sizlar azobga duchor bo‘lmassizlar», deyishganida nozil qilingan bo‘lib, ular mo‘minlarning biron gunohini bo‘yinlariga olishga qodir emasliklari haqida ogohlantiradi. Quyidagi oyatda odamlarni Haq yo‘lidan ozdirgan bunday kimsalar o‘zlarining gunohlariga qo‘shib tobe’larining gunohlariga ham javobgar bo‘lishlari haqida xabar beriladi. Sahihul-Buxoriyda rivoyat qilingan bir hadisi sharif xam bu oyati karimaga hammazmundir: «Kim odamlarni zalolatga da’vat qilsa, uning zimmasida o‘ziga ergashgan kimsalarning gunohlari ham bo‘lur, ammo ularning o‘z ustlaridagi gunohlari ham zarracha kamaymas».

13. Albatta ular o‘zlarining yuk-gunohlarini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham ko‘tarurlar va albatta qiyomat kunida o‘zlari to‘qib olgan (yolg‘onlari) to‘g‘risida so‘ralurlar.

14. Aniqki, Biz Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi (ammo ular iymon keltirmadilar), bas ularni zolim-kofir bo‘lgan hollarida to‘fon (balosi) tutdi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:33:00



15. So‘ng Biz (Nuh)ga va kema(dagi) hamrohlariga najot berdik va (u to‘fon balosini) barcha olamlarga oyat-ibrat qilib qo‘ydik.

16. Ibrohimni (eslang) - u o‘z qavmiga degan edi: «Allohga ibodat qilinglar va Undan qo‘rqinglar! Agar bilguvchi bo‘lsangizlar mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.

17. Sizlar Allohni qo‘yib faqat butlarga ibodat qilmoqdasizlar va (ularni «xudolar» deb) yolg‘on to‘qimoqdasizlar. Aniqki sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizqu-ro‘z berishga qodir emaslar. Bas (shunday ekan) sizlar rizqni (yolg‘iz) Alloh dargohidan istanglar va Ungagina ibodat qilinglar, Ungagina shukr qilinglar, (zotan) sizlar Ungagina qaytarilursizlar.

18. Agar sizlar (meni) yolg‘onchi qilsangizlar, bas, sizlardan avvalgi ummatlar ham (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilgandirlar. Payg‘ambar zimmasida esa faqat (Alloh farmonini bandalarga) ochiq-ravshan yetkazishgina bordir».

19. Axir ular dastavval Alloh qanday qilib (yo‘qdan) yaratishini ko‘rmadilarmi?! So‘ngra (qiyomat kunida esa) U o‘sha (avval yo‘qdan bor qilgan narsasi)ni qaytarur. Albatta bu Allohga osondir.

20. (Ey Muhammad), ayting: «Yerda aylanib (Alloh) dastavval qanday qilib yaratganini (va so‘ng O’zi yo‘qdan bor qilgan narsalarni yo‘q qilganini) ko‘ringlar. So‘ngra Alloh (ularni) ikkinchi (marta) paydo qilur. Albatta Alloh barcha narsaga qodirdir.

21. U O’zi xohlagan kimsalarni azoblar va O’zi xohlagan kishilarga rahm qilur. (Yolg‘iz) Ungagina qaytarilursizlar.

22. Sizlar (Allohning jazosidan) na yerga va na osmonga qochib qutulguvchi emasdirsizlar. Va sizlar uchun Allohdan o‘zga biron yordamchi yo‘qdir.

23. Allohning oyatlarini va Unga ro‘baro‘ bo‘lishni inkor qilgan kimsalar ular Mening marhamatimdan noumid (mahrum) bo‘lgan kimsalardir va ular uchun alamli azob bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:33:16



24. Bas (Ibrohimning da’vatiga) qavmining javobi faqat: «Uni o‘ldiringlar yoki yoqib yuboringlar», deyishlari bo‘ldi. So‘ng Alloh unga olovdan najot berdi. Albatta bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

25. Ibrohim aytdi: «Sizlar faqat hayoti dunyodagi o‘zaro oshna-og‘aynigarchiligingizni ko‘zlab, Allohni qo‘yib, butlarni ushladinglar. Hali qiyomat kunida ayrimlaringiz (ya’ni peshvolaringiz) ayrimlaringizdan (ergashuvchilardan) tonur, ayrimlaringiz ayrimlaringizni la’natlar. Sizlarning borar joyingiz do‘zaxdir. (U joyda) sizlar uchun yordamchilar yo‘qdir».

26. Bas Lut unga iymon keltirdi.


I z o h . Lut o‘zi Ibrohimning og‘asining o‘g‘li bo‘lib, Ibrohim kofirlar tomonidan olovga tashlanganida yonmaganini ko‘rgach, uning haq payg‘ambar ekanini bilib, birinchi bo‘lib iymon keltiradi...

(Ibrohim) aytdi: «Albatta men Parvardigorim (buyurgan tomon)ga hijrat qilguvchidirman. Albatta Uning O’zigina qudrat va hikmat egasidir».

27. Biz (Ibrohimga o‘g‘li) Ishoq va (nabirasi) Ya’qubni hadya etdik hamda payg‘ambarlikni ham (barcha samoviy kitoblar)ni ham uning zurriyotiga (xos) qildik va unga shu dunyoda ham ajri-mukofotini berdik, albatta u oxiratda ham solih zotlardandir.

28-29. Lut o‘z qavmiga: «Albatta sizlar shunday buzuqlik qilmoqdasizlarki, sizlardan ilgari butun olamlardan biron kimsa bunday qilmagan edi. Haqiqatan sizlar (xotinlaringizni qo‘yib) erkaklarga borurmisizlar; yo‘lto‘sar-qaroqchilik qilurmisizlar: majlislaringizda yomon ishlar qilurmisizlar?» deganini eslang. Bas (Lut) qavmining javobi faqat «Agar sen rostgo‘y kishilardan bo‘lsang, bizlarga Allohning azobini keltir-chi», deyishlari bo‘ldi.

30. (Shunda) u aytdi: «Parvardigorim, bu buzg‘unchi qavm ustiga O’zing meni g‘olib qil».

Qayd etilgan