Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466527 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:33:37



31. Qachonki Bizning elchilarimiz (ya’ni farishtalar) Ibrohimga (farzand ko‘rishi haqidagi) xushxabarni keltirishgach, aytdilar: «Albatta bizlar mana shu qishloq ahlini halok qilguvchidirmiz. Chunki uning ahli zolim — kofir bo‘ldilar».

32. (Ibrohim); «Axir u joyda Lut bor-ku?» — dedi. Ular aytdilar: «Bizlar U joyda kim borligini yaxshiroh bilguvchidirmiz. Albatta bizlar (Lutni) va uning axli-oilasini qutqarurmiz. Magar uning xotini (najot topmas, chunki u) qolib halok bo‘lguvchilardan edi.

33. Qachonki elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ularning kelishlaridan yuragi siqildi. Ular dedilar: «Qo‘rqma va g‘amgin bo‘lma. Albatta bizlar senga va ahli oilangga najot berguvchilardirmiz. Magar xotining (najot topmas chunki u) qolib halok bo‘lguvchilardan edi».

34. Shak-shubhasiz Biz fosiq-itoatsiz bo‘lganlari uchun bu qishloq axli ustiga osmondan azob-tosh yog‘diruvchidirmiz.

35. Aniqki Biz aql yurgizadigan qavm uchun (ibrat bo‘lsin, deb) u (qishloq)dan oyat-nishona qoldirgandirmiz.

36. Madyan (qavmi)ga o‘z birodarlari Shu’aybni (payg‘ambar qildik). Bas u aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz va oxirat kunidan umidvor bo‘lingiz hamda Yer (yuzi)da buzg‘unchilik qilib sanqib yurmangiz!»

37. Ular (Shu’aybni) yolg‘onchi qilishgach, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida (tutdek) to‘kildilar.

38. Od va Samud (qabilalarini ham xalok qildik). (Bu) sizlarga ularning maskanlaridan (ya’ni u maskanlardan qolgan xarobalardan) ko‘rinib turibdi. Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib, ularni (haq) yo‘ldan to‘sdi. Holbuki ular aqlu-hushli kishilar edi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:33:55



39. Qorun, Fir’avn va Homonni ham (xalok qildik). Darhaqiqat Muso ularga (payg‘ambar ekanligini dalolat qiladigan) aniq hujjatlar keltirganida ular yer (yuzi)da kibr-havo qildilar va (Bizning azobimizdan) qochib qutulguvchi bo‘lmadilar.

40. Biz (ulardan) har birini o‘z gunohi bilan ushladik. Bas ularning orasida Biz ustiga tosh yog‘dirgan kimsalar ham bordir, ular orasida qichqiriq tutib (halok bo‘lgan) kimsalar ham bordir, ular orasida Biz yerga yutdirgan kimsalar ham bordir va ular orasida Biz (suvga) g‘arq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qilguvchi bo‘lmadi, lekin ular o‘z jonlariga jabr qilguvchi bo‘ldilar.

41. Allohdan o‘zga «do‘stlar»ni ushlagan kimsalarning misoli xuddi (o‘zi uchun) uy qurib olib, (o‘sha uyidan panoh istagan) o‘rgimchakka o‘xshaydi. Albatta uylarning eng nimjoni o‘rgimchak uyasidir. Agar ular bilsalar edi, (o‘rgimchak uyasi kabi ojiz butlardan panoh istamagan bo‘lur edilar).

42. Shak-shubhasiz, Alloh ular O’zini qo‘yib, iltijo qilishayotgan butlarini bilur. U qudrat va hikmat egasidir.

43. Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olsinlar) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat ilm egalarigina anglay olurlar.

44. Alloh osmonlar va yerni haq (qonun) bilan yaratgandir. Albatta bunda iymon keltirgan kishilar uchun oyat-ibrat bordir.

45. (Ey Muhammad), siz o‘zingizga vahiy qilingan Kitob — Qur’ondan bo‘lgan (oyatlar)ni tilovat qiling va namozni to‘kis ado qiling! Albatta namoz buzuqlik va yomonlikdan to‘sur. Aniqki Allohni zikr qilmoq (barcha narsadan) ulug‘roqdir. Alloh qilayotan ishlaringizni bilib turur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:34:20

YIGIRMA BIRINCHI JUZ’
*************************



46. (Ey mo‘minlar), sizlar axli kitob bilan faqat eng chiroyli yo‘sinda mujodala-munozara qilinglar, magar ularning orasidagi zulmu-zo‘ravonlik qilgan kimsalar bilangina (keskin muomala qilishingiz mumkindir). Va aytinglar: «Bizlar o‘zimizga nozil qilingan (Qur’on)ga ham sizlarga nozil qilingan (Tavrot va Injil)ga ham iymon keltirganmiz. Bizlarning ilohimiz ham, sizlarning ilohingiz ham Bir (iloh)dir va bizlar Ungagina bo‘yinsunguvchimiz».

47. (Ey Muhammad, Biz sizdan avvalgi payg‘ambarlarga kitoblar nozil qilganmiz). Shuningdek, sizga ham Kitob-Qur’on nozil kildik. Bas Biz Kitob (ya’ni Tavrot va Injil) ato etgan zotlar unga (ya’ni Qur’onga) iymon keltirurlar. Ana u (Makka ahli orasida ham) unga iymon keltiradigan kishilar bordir. Bizning oyatlarimizni faqat kofirlargina inkor qilur.

48. Siz (o‘zingizga Qur’on nozil qilinishidan) ilgari biron kitobni tilovat qilguvchi bo‘lgan emas edingiz va o‘z qo‘lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg‘unchi kimsalar albatta shubhaga tushgan bo‘lur edilar.

49. Yo‘q u (ya’ni Qur’on) ilm ato etilgan zotlarning ko‘ngillaridagi aniq-ravshan oyatlardir. Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qilur.

50. Ular (kofirlar): «Unga (ya’ni Muhammadga) ham Parvardigori tomonidan oyat-mo‘‘jizalar tushganida edi», dedilar. Ayting: «Oyat-mo‘‘jizalar yolg‘iz Allohning huzuridadir. Men esa faqat (osiylarni Allohning azobidan) ochiq ogoxlantirguvchiman xolos».

51. Axir ularga tilovat qilinayotgan shu Kitobni Biz sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta bu (Kitob)da iymon keltiradigan qavm uchun rahmat va eslatma bordir.

52. Ayting: «Alloh men bilan sizlarning o‘rtangizda yetarli guvohdir. U zot osmonlar va yerdagi bor narsani bilur. Botil narsaga (ya’ni butlarga) iymon keltirib, Allohga kofir bo‘lgan kimsalar - ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchilarning o‘zidirlar».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:34:38



53. Ular sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Agar belgilangan muddat (ya’ni qiyomat kuni) bo‘lmasa edi, albatta ularga (darhol) azob kelgan bo‘lur edi. Shak-shubhasiz (azob) ularga o‘zlari sezmagan hollarida to‘satdan kelur.

54. Ular sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Albatta jahannam kofirlarni o‘rab olguvchidir.

55. U kunda azob ularning ustilaridan ham, oyoqlarining ostidan ham o‘rab olur va (Alloh) aytur: «Qilib o‘tgan amallaringizning jazosini totinglar!»

56. Ey iymon keltirgan bandalarim, shak-shubha yo‘qki, Mening yerim keng, kattadir. Bas sizlar Mengagina ibodat qilingiz!


I z o h . Ushbu oyati karima Makkadagi mushriklarning zulmu-fitnalari sababli toat-ibodatlarini bemalol qila olmay qolgan musulmonlar haqida nozil qilingandir. Tangri taolo oyat orqali ularga O’zining zamini keng ekanligi, binobarin agar bu yerda ularning iymon-e’tiqodlariga daxl qilinsa, o‘zga yerlarga hijrat qilib, o‘sha joylarda yolg‘iz O’ziga ibodat qilishlari lozimligini uqtiradi. Xuddi shu xususdagi payg‘ambar alayhis-salomning bir hadisi muboraklari ham barcha mo‘min-musulmonlar uchun ibratli eslatmadir: "Kim o‘z dini(ni saqlab qolish) uchun bir yerdan boshqa yerga ketar ekan, albatta u jannatga haqdor bo‘libdir".

57. Har bir jon o‘lim (sharbati)ni totguvchidir. So‘ngra O’zimizga qaytarilursizlar.

58. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni albatta jannatda ostidan daryolar oqib turadigan joylarga joylashtirurmiz. Ular o‘sha joylarda mangu qolurlar. (Yaxshi) amallarni qilguvchi zotlarning ajri-mukofoti naqadar yaxshidir!

59. Ular (kofirlar tomonidan bo‘ladigan zulmu kulfatlarga) sabr-toqat qilgan va yolg‘iz Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan — suyanadigan zotlardir.

60. O’z rizqu ro‘zini ko‘tara (ya’ni topa) olmaydigan qanchadan-qancha jonzotlar bordir. Alloh ularga ham, sizlarga ham rizqu ro‘z berur. U eshitguvchi, bilguvchidir.

61. Qasamki, agar siz ulardan: «Osmonlar va yerni yaratgan, quyosh va oyni (O’z izmiga) qaratgan zot kim?» — deb so‘rasangiz, albatta ular: «Alloh», deb (javob qilurlar). Bas (shundoq ekan, o‘sha Allohga ibodat qilishning o‘rniga) qayoqqa burilib ketmoqdalar-a?!

62. Alloh bandalaridan O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xoxlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Albatta Alloh barcha narsani bilguvchidir.

63. Qasamki, agar siz ulardan: «Osmondan suv yomg‘ir yog‘dirib yerni «o‘lganidan» so‘ng «tiriltirgan» zot kim?» — deb so‘rasangiz, albatta ular: «Alloh», deb (javob qilurlar). Siz (ularga): «E’tirof etganlaringiz uchun Allohga hamdu sano bo‘lsin», deb ayting. Yo‘q, ularning ko‘plari aql yurgizmaydilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:35:01



64. Bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgidir. Agar ular bilsalar oxirat diyorigina (mangu) hayot (diyoridir).

65. Qachon ular kemaga minsalar (g‘arq bo‘lishdan ko‘rqib) Allohga chin ixlos bilan duo-iltijo qilurlar. Endi qachonki (Alloh) ularga najot berib quruqlikka (chiqargach), banogoh ular (Allohga) shirk keltirurlar!

66. Biz ularga ato etgan ne’matlarga kofir bo‘laversinlar va (shu bir nafaslik hayotlarida) «foydalanib» qolsinlar. Hali yaqinda (bu qilmishlarining oqibatini) bilib qolajaklar!

67. Ular o‘zlarining atroflaridan odamlar talon-torojga duchor bo‘layotgani holda Biz Haramni (ya’ni Makkani) tinch-osoyishta qilib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?! Nahotki ular botil-butlarga iymon keltirib, Allohning ne’mati (Islomga)ga kofir bo‘lsalar?!

68. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki Haq — Qur’on kelgan chog‘ida uni yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Jahannamda kofir kimsalar uchun joy topilmasmi?!

69. Bizning (yo‘limiz)da jihod qilgan — kurashgan zotlarni albatta O’z yo‘llarimizga hidoyat qilurmiz. Aniqki, Alloh chiroyli amal qilguvchi zotlar bilan birgadir.



RUM SURASI

Bu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, oltmish oyatdan iboratdir.

Sura ikki katta davlat — Rum va Fors davlatlari o‘rtasida bo‘lgan urushda forslarning qo‘li ustun kelgani haqida xabar berish bilan boshlanib, yaqin yillar ichida rumliklar g‘alaba qilishi to‘g‘risida bashorat qiladi. Oradan yetti yil o‘tgach, bu Ilohiy bashorat haq ekanligi ma’lum bo‘ladi - Rum davlati forslar ustidan g‘alaba qozonadi. Suraning «Rum» deb atalishining boisi shudir.

Bu surada ham boshqa Makka suralaridagi kabi mo‘minlarni yolg‘iz Allohga ibodat qilishga chorlanadi va uzoq-yaqin o‘tmishdagi Allohni inkor etib, Uning payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilgan kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lgani haqida xabarlar beriladi.

Yana bu surada Alloh taoloning qudrati ilohiyyasiga dalolat qiladigan bir qancha ibratli misollar sanab o‘tilib, so‘ngra sura payg‘ambar alayhis-salomni va u zotning ummatlarini o‘z iymon-e’tiqodlarida sabr-toqat bilan ustivor bo‘lishga buyurish bilan nihoyalanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2-3-4-5. Juda yaqin joyda Rum mag‘lub bo‘ldi. (Lekin) ular (ya’ni rumliklar) bu mag‘lubiyatlaridan so‘ng bir necha yil ichida albatta g‘alaba qilajaklar. Avvalu-oxir barcha ish Allohning (izmida)dir. O’sha kunda mo‘minlar Alloh (rumliklarni) g‘olib qilgani sababli shodlanurlar. (Alloh) O’zi xoxlagan kishini g‘olib qilur. U qudrat va rahm-shafqat egasidir.


I z o h . Rum mamlakati arablarga yaqin bo‘lib, rumliklar nasroniy diniga mansub, forslar esa majusiy edilar. Shuning uchun ham forslar g‘olib bo‘lgani haqidagi xabar Makkaga yetib kelganida, Makka mushriklari quvonishib mo‘min-musulmonlarga «Senlar Qur’onga ishonganlariig kabi rumliklar Injilga ishonishadi, forslar esa xuddi bizlarga o‘xshab hech qanday ilohiy kitobga iymon keltirishmagan. Mana bugun forslar rumliklarni yengishganidek, yaqinda bizlar ham senlarni yengamiz», der edilar. Shunda yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lib, mo‘minlarga taskini dil baxsh etdi va darhaqiqat u oyatlarning bergan bashorati rost bo‘lib chiqdi. Barcha islom ulamolarining nazdida, ushbu oyatlar g‘ayb-kelajak haqidagi bu haq xabarni berganligi Muhammad alayhis-salom Allohning payg‘ambari ekanliklariga, Qur’on esa Allohning kalomi ekanligiga yana bir dalildir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:37:25



6. (Bu) Allohning va’dasidir. Alloh O’z va’dasiga xilof qilmas. Lekin ko‘p odamlar bilmaslar.

7. Ular oxiratdan g‘ofil-bexabar bo‘lgan hollarida faqat hayoti dunyoning zohirinigina bilurlar.

8. Axir ular o‘zlaricha Alloh osmonlar va yerni hamda ular orasidagi bor narsani faqat haq (qonun) va belgilangan muddat bilan yaratganini (demak o‘sha muddat bitgach, dunyo tugab, oxirat boshlanishini) tafakkur qilib ko‘rmadilarmi?! Darhaqiqat bu odamlardan ko‘pchilik qayta tirilib, Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishni inkor qilguvchidirlar.

9. Axir ular yer yuzida sayru sayohat etishib, o‘zlaridan avvalgi payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilib iymonsiz (ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi?! O’sha (halok bo‘lgan kimsalar) bulardan (ya’ni Makka kofirlaridan) ko‘ra kuchli-quvvatliroq bo‘lgan va (o‘z) yerlarini bular obod qilganidan ko‘ra ko‘proq haydab (ya’ni ekinzorlarga aylantirib), obod qilgan edilar-ku! Ularga ham o‘z payg‘ambarlari aniq-ravshan hujjatlar keltirganlarida, (u payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilishgach, halok bo‘ldilar). Bas Alloh ularga zulm qilguvchi bo‘lmadi, lekin ular (Haq yo‘liga yurishdan bosh tortishlari bilan) o‘zlariga zulm qilguvchi bo‘ldilar.

10. So‘ngra (oxiratda esa) Allohning oyatlarini yolg‘on deyish va ularning ustidan kulish bilan (o‘zlariga) yomonlik qilgan kimsalarning oqibati yanada yomonroq bo‘ldi.

11. Alloh avval boshda O’zi yaratib, so‘ngra (qiyomat kunida) O’zi yana qayta yaratur. So‘ngra (hisob-kitob qilinishi uchun) Unga qaytarilursizlar.

12. (Qiyomat) soati qoyim bo‘ladigan kunda jinoyatchi kimsalar butunlay nomurod bo‘lurlar.

13. (U kunda) ular uchun butlari tomonidan oqlovchilar bo‘lmas (ya’ni ular hayoti dunyoda Allohga sherik qilib olishgan kimsalar ulardan tonar) va ular ham butlaridan tonguvchi bo‘lurlar.

14. (Qiyomat) soati qoyim bo‘ladigan kunda — ana o‘sha kunda (mo‘minlar bilan kofirlar) bir-birlaridan ajralurlar.

15. Endi iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar (jannat) bog‘ida shodlanurlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:37:45



16. Ammo kufr yo‘lini tutgan va Bizning oyatlarimizni hamda oxirat muloqotini yolg‘on degan kimsalar — ana o‘shalar (mangu) azobga duchor qilinurlar.

17-18. Bas tunga kirish paytlaringizda ham, tongga kirish paytlaringizda ham, oqshomda ham, peshin paytiga kirishingizda ham Allohni poklangiz (ya’ni U zotga hamdu sano aytingiz. Zero) osmonlar va yerdagi bor hamdu-sano Unikidir (ya’ni koinotdagi barcha mavjudot Unga hamdu-sano aytur).

19. Alloh o‘likdan tirikni chiqarur, tirikdan o‘likni chiqarur va yerni o‘lganidan keyin (bahorda qayta) tiriltirur. Sizlar ham (kiyomat kunida qabrlaringizdan) mana shunday chiqarilursizlar.

20 (Allohning kudrati ilohiyyasiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridan (biri) — U zot sizlarni (ya’ni otangiz Odamni) tuproqdan yaratgani, so‘ngra sizlar basharga aylanib (er yuziga) taralishlaringizdir.

21. Uning oyatlaridan (yana biri) U zot sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

22. Uning oyatlaridan (yana biri) — U zot osmonlar va yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xil qilib qo‘ygandir. Albatta bunda barcha olamlar uchun oyat-ibratlar bordir.

23. Uning oyatlaridan (yana biri) — kechasi va kunduzi uxlashlaringiz hamda (kunduzlari) Uning fazlu marhamatidan (rizqu-ro‘z) istashlaringizdir. Albatta bunda anglaydigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:38:02



24. Uning oyatlaridan (yana biri) — U zot sizlarga (momaqaldiroqdan) qo‘rqqan va (yomg‘ir yog‘ishidan) umidvor bo‘lgan holingizda chaqmoqni ko‘rgizur va osmondan suv-yomg‘ir yog‘dirib, uning yordamida yerni, o‘lganidan so‘ng tiriltirur. Albatta bunda aql yurgizadigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

25. Uning oyatlaridan (yana biri) — osmon va yer U zotning amri bilan (fazoda muallaq) turishidir. So‘ngra (qiyomat qoyim bo‘lganida) U sizlarni (yotgan) yerlaringizdan bir bor chaqirishi bilan barchangiz birdan (hisob-kitob) uchun) chiqarsizlar.

26. Osmonlar va yerdagi bor jonzotlar, U zotga tegishlidirki, hammasi Unga bo‘yinsunur.

27. U avval boshda O’zi yaratib, so‘ngra (qiyomat kunida) O’zi yana qayta yaratadigan zotdir. (Qayta yaratish — tiriltirish) U zotga juda osondir. Osmonlar va yerdagi eng yuksak xislat (ya’ni Yakkayu-Yagonalik) Unikidir. U qudrat va hikmat egasidir.

28. (Alloh) sizlarga o‘zlaringizdan bir misol keltirur: sizlar uchun qo‘llaringizdagi qullaringizdan Biz sizlarga rizq qilib bergan molu-mulkka sherik bo‘lib olguvchilar bormi, bas sizlar (mol-mulkingizni tasarruf qilishda u qullaringiz bilan) barobar bo‘lib, ulardan ham o‘zlaringizdan qo‘rqqanday qo‘rqurmisizlar? Aql yurgizadigan qavm uchun oyatlarni mana shunday bayon qilurmiz.


I z o h. Bu oyatni quyidagicha tushunish kerak: agar qo‘l ostingizdagi qullaringiz sizlarning molu davlatlaringizga sheriklik da’vo qilsalar va sizlarga itoat qilishdan bosh tortishib, molu dunyolaringizni sizlar bilan bab-barobar tasarruf qila boshlasalar, sizlar esa xuddi o‘zlaringizga o‘xshagan ozod odamlardan qo‘rqqaningdizdek qo‘rqib tursangiz rozi bo‘larmidingiz? Albatta rozi bo‘lmas edinglar, bas shunday ekan, nega endi barcha olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh taologa O’zining qullarini sherik qilib olursizlar?! Yo‘q, hech qachon Yaratganga yaralganlar teng bo‘la olmas!

29. Yo‘q, zolim kimsalar biron bilim-hujjatsiz havoi nafslariga egrashib (Allohga shirk keltirdilar). Bas, Alloh yo‘ldan ozdirgan kimsani kim hidoyat qila olur?! (Hech kim hidoyat qila olmas) va ular uchun (oxiratda) yordam berguvchilar ham bo‘lmas.

30. Bas (ey Muhammad), o‘zingizni doimo to‘g‘ri bo‘lgan dinda (Islomda) tuting! Alloh insonlarni yaratgan tabiiy xilqatni saqlangiz! Allohning yaratishi o‘zgartirilmas. Eng to‘g‘ri din mana shudir. Lekin ko‘p odamlar bilmaslar.


I z o h. Ushbu oyatda ta’kidlanishicha Islom tabiiy xilqat dinidir. Hadisi sharifda aytilishicha, «Har bir bola tabiiy xilqatda — Islomda dunyoga kelur. So‘ng uni ota-onasi yo yahudiy qilurlar, yo nasroniy qilurlar va yo majusiy qilurlar». Demak, inson har ikki dunyoda ham ruhan, ham jismonan baxtli-saodatli bo‘lishi uchun o‘zining yaralgan tabiiy xilqatidan — Islomidan ajralmasligi lozim ekan.

31. (Allohga) qaytguvchi bo‘lgan hollaringizda (Uning dinini mahkam tutinglar) va U zotdan qo‘rqinglar hamda namozni to‘kis ado qilinglar! Mushriklardan bo‘lmanglar!

32. Ular (ya’ni mushriklar) dinlarini bo‘lib, firqa-firqa bo‘lib olgandirlar. Har bir firqa o‘z oldilaridagi narsa bilan xursanddirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:38:21



33. Qachon (dinsiz) odamlarga biron ziyon yetsa, Parvardigorlariga qaytib, Unga iltijo qilurlar, so‘ngra qachon (Alloh) ularga O’z tomonidan biron marhamat totdirib qo‘ysa, banogoh ulardan bir guruhi Parvardigorlariga shirk keltira boshlar.

34. Ular Biz ato etgan ne’matlarga noshukurlik qilaversinlar! Bas (ey mushriklar), foydalanib qolinglar! Hali yaqinda (bu qilmishlaringizning oqibatini) bilib olursizlar!

35. Yoki Biz ularga (osmondan) ularning (Allohga) shirk keltirishlarini (to‘g‘ri deb) so‘zlaydigan biron hujjat nozil qildikmi?! (Yo‘q, ular faqat nodonlik bilan o‘z havoi nafslariga ergashib, Allohga turli narsalarni sherik deb bilmoqdalar).

36. Qachon Biz odamlarga biron marhamat totdirsak, ular bundan quvonib keturlar. Agar ularga o‘zlari qilgan gunohlari sababli biron yomonlik yetsa, banogoh ular noumidlikka tushurlar.

37. Axir ular Alloh O’zi xohlagan kishining rizqini keng qilishini va (O’zi xohlagan kishining rizqini) tang qilishini bilmadilarmi?! Albatta bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

38. Bas qarindosh-urug‘ga, miskin va musofirga (xayru-ehson qilish bilan haqlarini ato eting! Alloh yuzini istaydigan kishilar uchun mana shu eng yaxshi (ishdir). Ana o‘shalar najot topguvchidirlar.

39. Sizlar odamlarning mollari ichida ziyoda bo‘lib (qaytishi) uchun bergan sudxo‘rlik-foydaxo‘rlikdan iborat bo‘lgan pul-mollaringiz (ya’ni sovg‘a-salomlaringiz) Alloh nazdida ziyoda (savob) olishingizga sabab bo‘lmas. Allohning yuzini — roziligini istab ato etgan zakotdan iborat bo‘lgan narsalaringiz, bas ana o‘sha (zakot berguvchi kishilar ajru-savoblarini) bir necha barobar qilib olguvchilardir.

40. Alloh sizlarni yaratgan, so‘ngra rizqu-ro‘zingizni bergan, so‘ngra joningizni oladigan, so‘ngra sizlarga (qayta) hayot beradigan zotdir. Sizlar (sig‘inayotgan) butlaringiz orasida mana shularning birontasini qila oladigan kimsa bormi?! (Alloh) ularning shirklaridan pok va yuksakdir.

41. Odamlarning o‘zlari qilgan qilmishlari sababli quruqlikda ham, dengizda ham (turli) ofat-balolar yuz berdi. (Bu balo va ofatlar odamlar qilayotgan gunoh-ma’siyatlaridan) qaytishlari uchun, ularga qilgan ayrim gunoxlarining (jazosini) totdirib qo‘yish uchundir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:38:38



42. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Yer yuzida sayru sayohat qilib, ilgari o‘tganlarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘ringlar! Ularning ko‘plari mushrik edilar».

43. Bas, siz Alloh tomonidan, qaytarilmaydigan kun (ya’ni qiyomat) kelmay turib o‘zingizni doimo rost dinda tuting! O’sha kunda (mo‘minlar bilan kofirlar) bo‘linurlar.

44. Kimda-kim kofir bo‘lsa, kufri o‘zining bo‘ynidadir. Kim yaxshi amal qilsa, bas ular o‘zlari uchun (jannatdan) joy tayyorlarlar.

45. Zero (Alloh) iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni O’z fazlu-karamidan mukofotlar. Darhaqiqat U zot kofirlarni suymas.

46. (Allohning qudrati ilohiyyasiga dalolat qiladigan) oyatlaridan (biri) (yomg‘ir haqida) xushxabar eltguvchi bo‘lgan shamollarni yuborishidir. (Alloh) sizlarga O’z rahmati-yomg‘iridan totdirish uchun va (dengizdagi) kemalar Uning amri bilan joriy bo‘lishi hamda sizlar (u kemalarda) Uning fazlu-marhamatidan (rizqu-ro‘z) istashlaringiz uchun va shukr qilishlaringiz uchun (shamollarni yuborur). 

47. Aniqki, Biz sizdan ilgari ham payg‘ambarlarni o‘z qavmlariga yuborganmiz. Bas ular (qavmlariga) aniq-ravshan hujjatlar keltirganlar. So‘ng Biz jinoyat qilgan kimsalardan intiqom olganmiz va iymon keltirgan zotlarni g‘olib qilish Bizning zimmamizdagi haq bo‘lgan.

48. Alloh shunday zotdirki, shamollarni yuborur, bas ular bulutni haydar, so‘ng (Alloh bulutni) O’zi xoxlagandek yoyur va (agar xoxlasa) uni bo‘lak-bo‘lak qilur, bas siz ularning orasidan yomg‘ir chiqayotganini ko‘rursiz. Qachon (Alloh) uni O’zi xoxlagan bandalariga yetkazsa banogoh ular shod-xurram bo‘lurlar.

49. Holbuki ular ustlariga (yomg‘ir) yog‘dirilishidan oldin mutlaqo noumid edilar.

50. Bas, siz Allohning rahmati yomg‘irning izlariga qarang: U qanday qilib yerni o‘lganidan keyin tiriltirdi-ya! Hech shak-shubhasiz mana shu (Alloh) o‘liklarni ham tiriltirguvchidir. U barcha narsaga qodirdir.

Qayd etilgan