AHZOB SURASIYetmish uch oyatdan iborat bu sura Madinada nozil qilingan.
Ma’lumki, odatda Madina suralarida, Makkada nozil bo‘lgan suralardan farqli o‘laroq, so‘z asosan islomiy turmush tarzi va diniy urf-odatlar haqida boradi. Ya’ni mavzu islomiy aqidani anglatishdan islomiy shariatni bayon qilishga ko‘chadi. Ushbu sura ham bundan mustasno emasdir.
U dastlab Muhammad alayhis-salomga Alloh taolodangina qo‘rqishda ustivorlik tilab, yolg‘iz Allohgagina suyanishga va faqat vahiy ilohiygagina ergashishga buyurish bilan boshlanadi, so‘ngra dini Islomdagi (ayrim hukmlarda) boqib olingan bola tuqqan farzand bilan barobar bo‘lmasligi bayon qilinadi va sura davomida bu mavzuga yana qaytiladi.
Yana bu surada payg‘ambar alayhis-salomning ahli-ayollari to‘g‘risida hamda ularning zimmalaridagi ayricha vazifalari va alohida haq-huquklari borasida ham so‘z yuritiladi, shuningdek ular barcha mo‘min-musulmonlar uchun ona maqomida ekanliklari, binobarin mo‘minlar ularga ziyoda ehtirom va o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomala qilishlari lozim ekani uqtiriladi. Sura nihoyasida inson o‘z zimmasiga olgan Alloh taoloning barcha amru farmonlariga itoat etish vazifasi, hatto osmonu zamin va tog‘u toshlar ham ko‘tara olmagan og‘ir va mas’ul vazifa ekanligi ta’kidlanadi,
Bu suradan Madinada yangi barpo bo‘lgan Islom davlatini yo‘q qilib yuborish g‘arazida turli qabila-firqalar birlashib qilgan hujumlari va bu jang vositasida Tangri taolo mo‘minlarning iymon-e’tiqodlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazgani haqidagi oyatlar ham o‘rin olgani sababli u «Ahzob — Firqalar» deb nomlangandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ey Payg‘ambar, Allohdan qo‘rqing va kofir, munofiq kimsalarga bo‘yinsunmang! Albatta Alloh bilguvchi va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.
2. Va (faqat) sizga Parvardigoringiz tomonidan vahiy qilinadigan oyatlarga ergashing! Albatta Alloh sizlar qilayotgan amallardan ogoh bo‘lgan zotdir.
3. Yolg‘iz Allohga tavakkul qiling! Allohning O’zi yetarli vakil — saqlaguvchidir.
4. Alloh biron kishining ichida ikki yurak qilgan emasdir, (shuningdek) sizlar zihor qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni o‘z bolalaringiz qilgan emasdir. Bu (ya’ni xotinlaringizni «ona» deyishlaringiz, asrandilaringizni «bola» deyishlaringiz) sizlarning og‘izlaringizdagi so‘zingizdir. Yolg‘iz Alloh haqiqatni aytur va Uning O’zi (haq) hidoyat qilur. I z o h.
Ushbu oyatda ikki masala xususidagi Tangrining hukmi bayon qilindi: Birinchisi «Zihor» masalasi bo‘lib, bu ibora arablarning istilohida kishi o‘z xotiniga «sen menga onamning badani kabi haromsan», deyishini anglatadi. Odatda, ular, bu so‘zlar aytilgan xotin onaga aylanib qoladi, demak, endi u bilan yashash mumkin emas, deb hisoblar edilar. Qur’on ularning bu gumonlari noto‘g‘ri ekanligini uqtiradi. Fikh — qonunshunoslik kitoblarida yuqoridagi so‘zlarni aytgan kishilar ushbu noloyiq so‘zlari uchun ma’lum tartibda kafforat — jarima to‘lab, nikohlaridagi xotinlari bilan yashayverishlari joiz ekanligi aytiladi.
Ikkinchi masala: Asrandi bola Shariati Islomiyya hukmicha har taraflama pushti kamardan bo‘lgan bola kabi bo‘lmasligi haqidadir. Bu oyat payg‘ambar alayhis-salom o‘g‘il qilib olgan Zayd binni Xorisa haqida nozil qilingan bo‘lib, sura davomida bu mavzuga yana qaytiladi. 5. Ularni o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringlar. Shu Alloh nazdida to‘g‘riroqdir. Endi agar ularning otalarini bilmasangizlar, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do‘stlaringizdir (ya’ni u holda ularni birodarim Falonchi, yoki do‘stim Falonchi, deb chaqiringlar, lekin boqib olgan otasining nomi bilan chaqirmanglar). Qilgan xatolaringiz sababli sizlar uchun gunoh yo‘qdir, lekin ko‘ngillaringiz (bilan) qasd qilgan narsadagina (gunohkor bo‘lursizlar). Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.
6. Payg‘ambar mo‘minlarga o‘zlaridan xam haqdorroqdir, uning ayollari esa ularning onalaridirlar. Allohning kitobida qarindosh-urug‘lar (merosxo‘rlikda) bir-birlariga (qon-qarindosh bo‘lmagan) mo‘minlardan va muhojirlardan ko‘ra haqdorroqdirlar. Magar sizlar (diniy) do‘stlaringizga (ularni o‘zingiz uchun voris qilishlik bilan) yaxshilik qilmog‘ingiz (joizdir). Bu — Kitobda (ya’ni Lavhul-Mahfuzda) bitib qo‘yilgan (hukmdir).