Muallif Mavzu: Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 610967 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 3 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #420 : 01 Sentyabr 2006, 06:43:36 »


16. (Ey Muhammad), ayting: «Agar sizlar o‘lishdan yo o‘ldirilishdan qochsangizlar, bu qochish sizlarga biron foyda bermas, demak sizlar juda oz (ya’ni ajallaringiz yetguncha) foydalanursizlar, xolos.

17. Ayting: «Agar Alloh sizlarga yomonlikni iroda qilsa, qay bir kimsa sizlarni undan asray olur, yoki U zot sizlarga marhamatni iroda qilsa (kim uni to‘sa olur)?!» Ular o‘zlari uchun Allohdan o‘zga biron do‘st, biron yordamchi topa olmaslar.

18-19. Alloh sizlarning orangizdagi (jihodga) to‘sqinlik qiladigan va o‘z do‘stlariga «Biz tomonga o‘tinglar» deydigan kimsalarni aniq bilur. Ular jangga kamdan-kam, sizlarga (ya’ni sizlarning g‘alaba qozonib, o‘ljalarga ega bo‘lishingizga) baxilliklari kelgan holdagina kelurlar. Bas, qachon (yov tomonidan) xavf kelsa, siz ularni o‘lim o‘rab (shaytonlab) qolgan kimsa kabi ko‘zlari o‘ynab, siz tomonga qarayotganlarini ko‘rursiz. Endi qachon xavf ketsa, ular yaxshilik (ya’ni o‘ljalar) ustida ochko‘zlik qilib sizlarni o‘tkir tillar bilan ranjiturlar. Ular (sidqidildan) iymon keltirmaganlar, bas (shu sababli) Alloh ularning amallarini behuda ketkazdi. Bu Allohga oson bo‘lgan ishdir.

20. Ular (ya’ni munofiqlar qo‘rqoqliklari sababli kofir firqalar Madina atrofidan tarqab ketganlaridan keyin ham) u firqalarni ketmagan deb o‘ylaydilar, va agar u firqalar (yana qaytib) qolsalar (munofiqlar shaharda — sizlarning ichingizda emas, balki sahroda) ko‘chmanchi badaviylar orasida bo‘lib, sizlarning holi-xabarlaringiz haqida so‘rab-bilib turishni do‘st tutadilar. Agar ular sizlarning orangizda bo‘lganlarida ham kamdan-kam jang qilgan bo‘lur edilar.


I z o h. Yuqoridagi (9-20) oyatlarda hijratning beshinchi sanasida bo‘lib o‘tgan va Islom tarixida «Xandaq jangi» degan nom bilan qolgan bir jang tafsiloti bayon qilindi. Mufassirlarning yozishlaricha, voqea bunday bo‘lgan ekan: Makka va Madina atroflaridagi bir necha qabila-firqalar musulmonlarni yo‘q qilib yuborish uchun til biriktirishib, o‘n ikki mingdan ortiq qo‘shin to‘playdilar va Madinaga yurish qiladilar. Bu shum xabardan voqif bo‘lgach, payg‘ambar alayhis-salom uch ming chog‘li askarlari bilan Madinaning chetiga chiqib, sahobalardan Salmoni Forsiyning maslahatlariga ko‘ra zudlik bilan shaharning chor-atrofiga xandaq kavlaydilar va o‘zlari himoyaga hozir bo‘lib turadilar. Shu orada har tarafdan yetib kelgan turli firqalarning yo‘lini shu paytgacha arab urushlarida qo‘llanilmagan usul — xandaq to‘sadi va ular Madinani to‘rt tomonidan qurshab qamal qiladilar, ammo shahar ichiga kirish chorasini topa olmaydilar. Shahar aholisi esa qamal qilib turgan yovning vahshatidan dahshatga tushadi va shunda mo‘min kim-u, munofiq kimligi ajralib qoladi: Mo‘minlar Alloh taoloning nusratiga ko‘z tikib, payg‘ambar alayhis-salom tevaragiga yanada jipslashadilar, munofiqlar esa butunlay noumidlikka tushib, o‘zgalarni ham vasvasaga sola boshlaydilar. Mana shu zaylda bir oyga yaqin muddat kechganidan so‘ng, bir kuni to‘satdan havo sovub, qattiq bo‘ron turadi va qamal qilib turganlar yoqqan o‘t-olovlarni o‘chirib, tikkan chodir-o‘tovlarini o‘chirib ketadi va ular Madinaga kirishdan umidlari uzilib, ortlariga qaytib ketishdan o‘zga chora topa olmay qoladilar. Shunday qilib, Tangri taolo ushbu og‘ir damlarda mo‘minlarning iymonlarini yana bir bor imtihon qiladi va til uchida iymon keltirsalar-da, dillarida maraz-nifoq bo‘lgan kimsalarning kirdikorlarini fosh etadi.

21. (Ey mo‘minlar), sizlar uchun — Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambari (iymon-e’tiqodi va xulqi atvori)da go‘zal ibrat bordir.

22. Mo‘minlar u firqalarni ko‘rgan vaqtlarida: “Bu Alloh va payg‘ambari bizlarga va’da qilgan narsadir (ya’ni imtihondir). Alloh va payg‘ambarining so‘zi rostdir”, dedilar va (ustilariga bostirib kelayotgan firqalarning son-sanoqsizligi) ularning (Allohga bo‘lgan) iymon va itoatlarini yanada ziyoda qildi, xolos.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #421 : 01 Sentyabr 2006, 06:43:53 »


23. Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan (U zotning yo‘lida jihod qilib, shahid bo‘lish haqidagi) ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir. Bas ulardan (ayrim) kishilar o‘z ahdiga vafo qildi, (ya’ni shahid bo‘ldi), ulardan (ayrim) kishilar esa (shahid bo‘lishga) intizordir. Ular (munofiqlarga o‘xshab Allohga bergan ahdu paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q.

24. Alloh (o‘z ahdu paymonlariga) sodiq bo‘lgan kishilarni rostgo‘yliklari sababli mukofotlash uchun, munofiqlarni esa agar O’zi xoxlasa (munofiq hollarida o‘ldirib) azobga giriftor etish, yoki tavbalarini qabul qilib (gunohlarini mag‘firat etish) uchun (mazkur sinovga duchor qildi). Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan zotdir.

25. Alloh kofirlarni (ya’ni firqalarni) xafa hollarida qaytardi. Ular biron yaxshilik foydaga erishmadilar. Alloh mo‘minlarga jang to‘g‘risida kifoya qildi (ya’ni osmondan shamol va farishtalar yuborib, mo‘minlarni jangsiz g‘olib qildi). Alloh kuchli, qudratli bo‘lgan zotdir.

26. U (firqalarga) yordam bergan, ahli kitobdan iborat bo‘lgan kimsalarni (Alloh) o‘z qal’alaridan tushirdi va dillariga qo‘rqinch soldi. (Endi) sizlar (ulardan) bir guruhni o‘ldirursizlar, bir guruhni asir olursizlar.

27. Va sizlarni ularning yerlariga, hovli-joylariga, molu mulklariga va (hali) sizlarning oyoqlaringiz yetmagan yerlarga voris qildi. Alloh har narsaga qodir bo‘lgan zotdir.


I z o h. Bu ikki oyat Banu Qurayza nomli yahudiy qabilasi haqida nozil qilingandir. Bu qabila ilgari payg‘ambar alayhis-salom bilan bir-birlariga qarshi urushmaslik haqida bitim tuzgan edi. Kofir firqalar mo‘minlarga qarshi yurish qilganlarida esa ular o‘rtadagi bitimni xiyonatkorona buzib, firqalarga qo‘shilib oldilar. Shuning uchun u firqalar qaytib ketganlaridan keyin musulmonlar Banu Qurayza qabilasini qurshovga oladilar va ular yashirinib olgan qal’alaridan chiqib taslim bo‘lishga majbur bo‘ladilar. Shunda ulardan bir qanchasi qatl qilinib, qolganlari musulmonlar tomonidan asir olinadi va yer-mulklari musodara qilinadi.

28. Ey payg‘ambar, juftlaringizga ayting: «Agar sizlar hayoti dunyoni va uning zebu-ziynatlarini istaydigan bo‘lsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni (o‘sha narsalardan) bahramand etay va chiroyli kuzatish bilan kuzatay.

29. Agar Allohni, Uning payg‘ambarini va oxirat diyorini istaydigan bo‘lsangizlar, holda shak-shubhasiz, Alloh sizlarning orangizdagi chiroyli amal qilguvchilar uchun ulug‘ mukofot — jannatni tayyorlab qo‘ygandir».

30. Ey payg‘ambar ayollari, sizlardan kim aniq gunohni qilar ekan, uning uchun azob ikki barobar qilinur. Bu Allohga oson bo‘lgan ishdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #422 : 01 Sentyabr 2006, 06:44:40 »
YIGIRMA IKKINCHI JUZ’
*************************



31. Sizlardan kim Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etsa va yaxshi amal qilsa, Biz uning ajru mukofotini ikki hissa qilib berurmiz va uning uchun ulug‘ rizq (ya’ni jannat)ni tayyorlab qo‘ygandirmiz.

32. Ey payg‘ambar ayollari, sizlar agar taqvodor bo‘lsangizlar, ayollardan birontasi kabi emasdirsizlar (ya’ni biron ayol fazlu martabada sizlar kabi bo‘la olmas). Bas, sizlar (parda ortidan biron nomahram erkakka javob qilgan paytlaringizda) mayin-nazokatli so‘z qilmanglarki, u holda ko‘nglida maraz-nifoq bo‘lgan kimsa tama’ qilib qolur. Yaxshi - to‘g‘ri so‘zni so‘zlanglar!

33. O’z uylaringizda barqaror bo‘linglar (ya’ni besabab uylaringizdan tashqariga chiqmanglar, magar biron hojat uchun chiqqanlaringizda esa ilgarigi dinsizlik (davri)dagi yasan-tusan kabi yasan-tusan qilmanglar! Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni (haqdorlarga) ato etinglar hamda (barcha ishlarda) Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etinglar! (Ey payg‘ambar) xonadonining ahli, Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni butunlay poklashni istaydi xolos.

34. Uylaringizda Allohning oyatlari va hikmat (ya’ni payg‘ambar hadislari)dan iborat tilovat qilinadigan narsalarni zikr-tilovat qilinglar! Albatta Alloh mehribon va ogoh bo‘lgan zotdir.

35. Albatta muslim va muslimalar, mo‘min va mo‘minalar, itoatgo‘y erkaklar va itoatgo‘y ayollar, rostgo‘y erkaklar va rostgo‘y ayollar, sabr-qanoat qilguvchi erkaklar va sabr-qanoat qilguvchi ayollar, tavozu’li erkaklar va tavozu’li ayollar, xayru-sadaqa qilguvchi erkaklar va xayru-sadaqa qilguvchi ayollar, ro‘za tutguvchi erkaklar va ro‘za tutguvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlaguvchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlaguvchi ayollar, Allohni ko‘p zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qilguvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofot (ya’ni jannat) tayyorlab qo‘ygandir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #423 : 01 Sentyabr 2006, 06:44:50 »


36. Alloh va Uning payg‘ambari bir ishni hukm qilgan — buyurgan vaqtida biron mo‘min va mo‘mina uchun (Allohni hukmini qo‘shib) o‘z ishlaridan ixtiyor qilish joiz emasdir. Kim Alloh va Uning payg‘ambariga osiy bo‘lsa, bas u ochiq yo‘ldan ozish bilan yo‘ldan ozibdi.

I z o h. Ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salomning ammalari Ummu Aymanning qizi Zaynab binti Jahsh haqida nozil bo‘lgandir. Payg‘ambarimiz Zaynabni o‘zlarining asrab olgan o‘g‘illari Zayd bin Xorisaga xotinlikka so‘rab sovchi bo‘lib borganlarida, u unamasdan: «Yo Rasululloh, axir men Qurayshning eng oliy nasabli ayollaridan bo‘lsam, Zayd esa kuni kecha ozod bo‘lgan qul bo‘lsa, qanday qilib u menga munosib bo‘lsin», deydi. Shunda payg‘ambar alayhis-salomga yuqoridagi oyat nozil bo‘lgach, noiloj qolib, o‘z roziligini beradi va Zaydga nikohlab beriladi. Lekin Zayd bilan Zaynabning turmushlari yaxshi bo‘lmaydi. Chunki Zaynab eriga nopisandlik bilan muomalada bo‘lar va mudom unga o‘zining oliynasab ekanini pesh qilaverar edi. Oxir oqibat Zayd payg‘ambarning oldilariga Zaynab haqida shikoyat qilib kelib, u bilan birga ortiq yashay olmasligini aytadi. Darvoqe, bu orada Alloh taolo tomonidan payg‘ambar alayhis-salomga vahiy kelgan bo‘lib, unda Zayd Zaynab bilan ajrashib ketishlari va payg‘ambar Zaynabga uylanishlari haqida xabar berilgan edi. Lekin payg‘ambar alayhis-salom odamlarning «Muhammad o‘zi asrab olgan o‘g‘lining xotiniga uylandi», deb ta’na qilishlaridan cho‘chib bu vahiyni oshkor qilmay kelar edilar. Shuning uchun ham Zayd kelib xotini bilan ajrashmoqchi ekanini bildirganida, unga sabr qilishni maslahat beradilar. Quyidagi oyatda Alloh taolo O’z payg‘ambariga mana shu ishi uchun tanbeh beradi.

37. (Ey Muhammad), eslang, siz Alloh (Islomga hidoyat qilish bilan) in’om-marhamat qilgan va siz (qullikdan ozod qilib, o‘zingizga o‘g‘il qilib olish bilan) in’om qilgan kishiga (ya’ni Zayd binni Xorisaga): «Juftingni o‘z huzuringda ushlagin (ya’ni taloq qilishga shoshmagin), Allohdan qo‘rqgin», deb Alloh oshkor qilguvchi bo‘lgan narsani ichingizga yashirgan edingiz va Allohdan qo‘rqishingiz haqroq bo‘lgani holda, siz odamlardan (ya’ni ularning ta’na qilishlaridan) qo‘rqqan edingiz. Bas, qachonki Zayd undan (ya’ni Zaynabdan) hojatini ado qilgach (ya’ni uni taloq qilgach), Biz sizni unga uylantirdik. Toki mo‘minlarga asrandi bolalari o‘z xotinlaridan hojatlarini ado qilishgach (ya’ni ularni taloq qilishgach) ularning (xotinlariga uylanishlarida tanglik bo‘lmasligi uchun (shunday) qildik). Va Allohning amri irodasi qilinguvchi bo‘ldi.

38. Alloh payg‘ambarga farz qilgan (ya’ni halol qilgan) narsada unga biron tanglik bo‘lmas. (Bu) ilgari o‘tgan (payg‘ambarlar) haqidagi Allohning yo‘li – qonunidir (ya’ni ular uchun ham Alloh halol qilgan narsalarda hech qanday tanglik bo‘lmagan). Allohning amri irodasi taqdiri azaliy bo‘ldi.

39. Ular (ya’ni o‘tgan payg‘ambarlar) Allohning amru-farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, U zotdan qo‘rqadigan va Allohdan o‘zga birovdan qo‘rqmaydigan zotlardir. Allohning O’zi yetarli hisob qilguvchidir.

40. Muhammad sizlardan biron kishining otasi emasdir, balki u Allohning payg‘ambari va payg‘ambarlarning so‘nggisidir. Alloh barcha narsani bilguvchi bo‘lgan zotdir.

41. Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar.

42. Va ertayu kech U zotni poklab tasbeh aytinglar!

43. U sizlarni (kufr) zulmatlaridan (iymon) nuriga chiqarish uchun sizlarga marhamat ko‘rsatadigan zotdir. Uning farishtalari ham (haqlaringizga duo qilurlar). U mo‘minlarga mehribon bo‘lgan zotdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #424 : 01 Sentyabr 2006, 06:45:08 »


44. (Mo‘minlar Allohga) ro‘baro‘ bo‘ladigan kunda ularga (Alloh tomonidan yo‘llanadigan) salom tinchlik-omonlik tilash bo‘lur. (Alloh) ular uchun ulug‘ mukofot (ya’ni jannat) tayyorlab qo‘ygandir.

45-46. Ey payg‘ambar, darhaqiqat Biz sizni (qiyomat kunida barcha ummatlar ustida) guvohlik berguvchi, (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltguvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) ogohlantirguvchi hamda Allohning izni-irodasi bilan U zotga (ya’ni Uning diniga) da’vat qilguvchi va (Haq yo‘lini ko‘rsatguvchi) nurli chiroq qilib yuborgandirmiz.

47. Mo‘minlarga xushxabar beringki, shak-shubhasiz, ular uchun Alloh tomonidan katta fazlu marhamat (ya’ni jannat) bordir.

48. Siz kofirlar va munofiqlarga bo‘yinsunmang va ularning ozor-aziyatlariga parvo qilmang hamda Allohga tavakkul qiling! Allohning O’zi yetarli vakil-homiydir.

49. Ey mo‘minlar, qachon sizlar mo‘minalarni nikohlaringizga olsangizlar-u, so‘ngra ularga qo‘l tegizishdan (yaqinlashishdan) ilgari ularni taloq qilsangizlar, u holda sizlar uchun ularning zimmasida sanaydigan idda bo‘lmas. Bas sizlar ularni (ozmi-ko‘pmi hadya bilan) bahramand qilib, chiroyli kuzatish bilan kuzatinglar!


I z o h. Ma’lumki, shariati Islomiyya qonuniga ko‘ra er-xotin ajralishganida, xotin boshqa turmush qurish huquqiga faqat uch hayz muddatida idda saqlaganidan keyingina ega bo‘lar edi. Endi agar er-xotin qovushmasdan turib ajraladigan bo‘lsalar, u holda xotinning idda saqlashiga hojat yo‘qdir, chunki idda xotin kishining homilador bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash uchun saqlanar edi. Yana bunday holatda er-xotinning haq-maxrini to‘lashi ham lozim emas, balki o‘zi ko‘nglidan chiqqan biron sovg‘a bilan o‘sha xotinni foydalantirishi kifoya ekan.

50. Ey payg‘ambar, albatta Biz siz uchun haqqi-mahrlarini bergan juftlaringizni, Alloh sizga (jangu jadallarda) o‘lja qilib bergan qo‘l ostingizdagi cho‘rilaringizni, siz bilan birga hijrat qilgan amakingizning qizlarini va ammalaringizning qizlarini, tog‘angizning qizlarini va xolalaringizning qizlarini yana (har qanday) mo‘mina ayolni — agar u o‘zini payg‘ambarga hadya etsayu, payg‘ambar uni (haqqi mahr bermay) o‘z nikohiga olishni istasa (mazkur ayollarning barchasini Biz siz uchun) halol qildik. (O’zini hadya etgan ayolga haqqi mahrini bermasdan uylanish ijozati) mo‘minlar uchun emas, xolis siz uchundir. Biz (mo‘minlarga) juftlari va qo‘l ostilaridagi cho‘rilari xaqida farz qilgan hukmlarimiz esa aniq ma’lumdir. Toki sizga tanglik bo‘lmasligi uchun (Biz sizga mazkur imtiyozlarni berdik). Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan zotdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #425 : 01 Sentyabr 2006, 06:45:24 »


51. Siz (ayollaringizdan) o‘zingiz xoxlagan ayolni koldirib, o‘zingiz xohlagan ayolni o‘zingizga hamxona qilursiz. O’zingiz chetlatgan ayollaringizdan biron ayolni (o‘zingizga yana hamxona qilishni) istasangiz sizga hech qanday gunoh bo‘lmas. Bu (ya’ni ayollaringizga qiladigan muomalangizda sizga ixtiyor berib qo‘yishimiz), ularning ko‘zlari quvonishiga, g‘amgin bo‘lmasliklariga va siz ularga ato etgan narsaga barchalari rozi bo‘lishlariga yaqinroq (yo‘ldir). Alloh sizlarning dillaringizdagi sirlaringizni (ham) bilur. Alloh bilguvchi va halim bo‘lgan zotdir.

52. (Ey Muhammad), siz uchun bundan so‘ng ayollar (ya’ni mana shu ayollaringiz ustiga yana uylanishingiz) halol bo‘lmas va garchi (boshqa) xotinlarning husni jamollari sizni qiziqtirsa ham ularni (o‘z ayollaringizga) almashtirish ham (ya’ni ayollaringizni taloq qilib, ularni nikohingizga olish ham siz uchun halol bo‘lmas). Magar siz ega bo‘lgan cho‘rilar (haloldir). Alloh barcha narsa ustida kuzatib turguvchi bo‘lgan zotdir.

53. Ey mo‘minlar, payg‘ambarning uylariga faqat sizlarni biron taomga chaqirilsagina kiringlar. (O’shanda ham) uning pishishiga ko‘z tutib turguvchi bo‘lmanglar, balki chaqirilgan paytingizda kirib, taomlangach tarqalinglar va biron gapga berilgan holingizda (u yerda qolib ketmanglar)! Chunki bu (ishlaringiz) payg‘ambarga ozor berur, u esa sizlardan (ya’ni sizlarni chiqarib yuborishdan) tortinar. Alloh haqni (aytishdan) tortinmas. Qachon sizlar (payg‘ambar ayollaridan biron narsa so‘rasangizlar) parda ortida turib so‘ranglar! Mana shu sizlarning dillaringizni ham, ularning dillarini ham toza tutguvchiroqdir. Sizlar uchun Allohning payg‘ambariga ozor berish va uning ortidan ayollariga uylanishingiz hech qachon durust emasdir. Chunki bu (ishlaringiz) Alloh nazdida ulug‘ (gunoh) bo‘lgan ishdir.

54. Agar sizlar biron narsani oshkor qilsangizlar yo yashirsangizlar, albatta (Alloh bilur). Zero Alloh barcha narsani bilguvchi bo‘lgan zotdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #426 : 01 Sentyabr 2006, 06:45:45 »


55. (Payg‘ambar ayollari) o‘zlarining otalariga, o‘g‘illariga, og‘a-inilariga, og‘a-inilarining o‘g‘illariga, opa-singillarining o‘g‘illariga, (mo‘mina) ayollarga va qo‘l ostilaridagi cho‘rilarga (ochiq holda ko‘rinishlarida) ularga biron gunoh bo‘lmas. (Ey payg‘ambar ayollari), Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh barcha narsa ustida guvoh bo‘lgan zotdir.

56. Albatta Alloh ham, Uning farishtalari ham payg‘ambarga duoyu salavot ayturlar. Ey mo‘minlar, sizlar ham u zotga salovot va salomlar aytinglar!

57. Albatta Allohga va Uning payg‘ambariga ozor beradigan kimsalarni Alloh dunyoda ham, oxiratda ham la’natlagandir va ular uchun xor qilguvchi azobni tayyorlab qo‘ygandir.

58. Mo‘min va mo‘minalarga biron gunoh qilmasliklaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar.

59. Ey payg‘ambar, juftlaringizga, qizlaringizga va mo‘minlarning ayollariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini o‘rasinlar! Mana shu ularning (cho‘ri emas, balki ozod ayollar ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vositadir). Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan zotdir.

60-61. Qasamki, agar munofiqlar, dillarida maraz bo‘lgan kimsalar va Madinada mish-mish tarqatib yuruvchilar (o‘z qilmishlaridan) to‘xtamasalar, albatta Biz sizni ularga qarshi oyoqlantirurmiz, so‘ngra ular (Madinada) siz bilan birga tura olmay qolurlar, magar la’natga duchor bo‘lgan hollarida ozgina (vaqt tura olurlar xolos), (U paytda) ular qaerda topilsalar ushlanurlar va o‘ldirib tashlanurlar.

62. (Bu) ilgari o‘tgan zotlar haqidagi Allohning yo‘li-qonunidir. Allohning yo‘lini esa hargiz o‘zgartira olmassiz.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #427 : 01 Sentyabr 2006, 06:45:58 »


63. Odamlar sizdan (qiyomat) soati (qachon bo‘lishi) haqida so‘raydilar. «U (soatni) bilish yolg‘iz Allohning huzuridadir», deb ayting. Qaerdan bilursiz, ehtimol u soat yaqin kelib qolgandir.

64. Albatta Alloh kofirlarni la’natladi va ular uchun o‘tni tayyorlab qo‘ydi.

65. Ular na biron do‘st va na biron yordamchi topmagan hollarida u joyda mangu qolurlar.

66. Yuzlari olovda aylantiriladigan – kuydiriladigan kunda, ular: «Koshki edi bizlar ham Allohga itoat etganimizda, payg‘ambarga itoat etganimizda», derlar.

67-68. Yana ular: «Parvardigoro, darhaqiqat bizlar boshliqlarimizga va kattalarimizga bo‘yinsundik, bas ular bizlarni (to‘g‘ri) yo‘ldan ozdirdilar. Parvardigoro, Sen ularga azobni ikki hissa qilib bergin va ularni katta la’nat bilan la’natlagin», dedilar.

69. Ey mo‘minlar, sizlar (o‘z payg‘ambarlaringiz Muhammadga nisbatan Bani Isroil qavmidan bo‘lgan) Muso) ozor bergan kimsalar kabi bo‘lmangizlar! Bas Alloh (Musoni) ular aytgan ayblardan pokladi. U Alloh nazdida obro‘li kishi edi. (Xuddi shuningdek Muhammad ham Alloh nazdida obro‘li kishidir).

70. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar, to‘g‘ri so‘zni so‘zlanglar!

71. (Shunda Alloh) ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat qilur. Kim Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas u ulug‘ baxtga erishibdi.

72. Albatta Biz bu omonatni (ya’ni shariati Islomiyyadagi toat-ibodatlarni) osmonlarga, yerga va tog‘u toshlarga ko‘ndalang qilgan edik, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Inson esa uni o‘z zimmasiga oldi. Darhaqiqat u (o‘ziga) zulm qilguvchi va nodon edi (ya’ni bu omonatning naqadar vazmin yuk ekanligini butun koinot bildi va uni ko‘tarishga qurbi yetmasligini sezdi, ammo inson o‘zi bilmagan holda o‘ta mushkul vazifani o‘z zimmasiga oldi).

73. Alloh munofiq va munofiqalarni, mushrik va mushrikalarni azoblash uchun xamda mo‘min va mo‘minalarning tavba-tazarrularini qabul kilib, (gunohlarini mag‘firat qilish uchun Odam bolalariga bu omonatni yukladi). Alloh mag‘firat qilguvchi va mehribon bo‘lgan zotdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #428 : 01 Sentyabr 2006, 06:46:15 »


SABA' SURASI

Bu sura ellik to‘rt oyatdan iborat bo‘lib, Makkada nozil qilingan.

Sura osmonlar va yerni yaratgan, dunyo va oxiratning yolg‘iz podshohi bo‘lgan Tangri taologa hamdu-sano aytish bilan boshlanib, so‘ngra U zotning yeru-osmondagi barcha sirru-asrordan ogoh ekani, binobarin qiyomat kunida bu dunyoda qilib o‘tilgan har bir zarra yaxshilik va yomonlikning mukofot - jazosini berishi haqida xabar beriladi va bu dunyoda odamlarni Haq yo‘lidan ozdirib botil yo‘llarga boshlagan kimsalar u dunyodagi dahshatli azob oldida ularga ergashgan kishilarning gunohlarini bo‘yinlariga olmasliklari ta’kidlanadi. Bu surada Alloh taolo ato etgan ne’matlarga shukr qilib, U zotga sidqidildan bandalik qilgan Dovud va Sulaymon payg‘ambarlarning qissalari ham yana zikr qilinadi. Shuningdek, Tangri ato etgan noz-ne’matlarga noshukurlik qilganlari oqibatida ulardan mahrum bo‘lgan «Saba’» qabilasi haqida ham hikoya qilinadiki, bu suraning «Saba’» deb atalishining boisi shudir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Barcha) hamdu sano Alloh uchundir. U shunday zotki, osmonlardagi va yerdagi bor narsa Unikidir. Oxiratdagi hamdu sano ham yolg‘iz Uning uchundir. U hikmat egasi va (barcha narsadan) xabardordir.

2. U yerga kiradigan (yomg‘ir-qor suvi, xazinayu-dafina va jasadlar kabi) narsalarni ham, undan chiqadigan (ut-o‘lan, nabotot va buloq suvlari kabi) narsalarni ham, samodan tushadigan (rizqu ro‘z, xayru baraka kabi) narsalarni ham, unga ko‘tariladigan (yaxshi amal va duo-iltijo kabi) narsalarni ham bilur. U mehribon va mag‘firatlidir.

3. Kofir bo‘lgan kimsalar «Bizlarga (qiyomat) soati kelmas», dedilar. (Ey Muhammad, ulvrga) ayting: «Yo‘q! G’aybni bilguvchi Parvardigorimga qasamki, shak-shubhasiz u (ya’ni qiyomat) sizlarga kelur. Osmonlar va yerdagi bir zarra misolichalik, undan ham kichik (yoki) katta biron narsa (Alloh)dan mahfiy bo‘lmas — albatta ochiq Kitobda (ya’ni, Allohning azaliy yozmishi — Lavhul-mahfuzda u) mavjud bo‘lur».

4. Toki (Alloh) iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni mukofotlashi uchun (shak-shubhasiz qiyomat soati kelur). Ana o‘sha zotlar uchun mag‘firat va ulug‘ rizq (ya’ni jannat) bordir.

5. Bizning oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun esa alamli jazodan iborat azob bordir.

6. (Ey Muhammad), ilm ato etilgan zotlar sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan (Qur’onning) haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdu sanoga loyiq zotning yo‘liga hidoyat qilishini bilurlar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #429 : 01 Sentyabr 2006, 06:46:34 »


7-8. Kofir bo‘lgan kimsalar esa: «Sizlarga (qabrlaringizda chirib) titilib bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ketgan vaqtingizda shak-shabhasiz yana yangitdan yaratilursizlar, deb xabar beradigan bir kishini ko‘rsataylikmi? U Alloh sha’niga yolg‘on to‘qib oldimi yoki jinni bo‘lib qoldimi?» — dedilar. Yo‘q, (Muhammad alayhis-salom yolg‘on to‘qib olgani ham, jinni bo‘lib qolgani ham yo‘q, (balki) oxiratga ishonmaydigan kimsalarning o‘zlari azobda va (haq yo‘ldan yiroq) zalolatdadirlar.

9. Axir ular oldilaridagi va ortlaridagi (ya’ni chor-atroflaridagi) narsalarga – osmonu zaminga boqmaydilarmi?! Agar Biz xoxlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki osmonni ustlariga parcha-parcha qilib tushirurmiz. Albatta bunda har bir (Allohga) qaytguvchi banda uchun oyat-ibrat bordir.


I z o h . Ya’ni har bir insof-diyonatli banda bundan ibrat olib, yeru-osmondek buyuk mavjudotni yaratgan va ularni O’z qudrati ilohiyyasiga bo‘yinsundirgan Tangri taolo albatta qabrlardagi jasadlarga ham qayta jon ato etishga qodir ekanini bilib olishi mumkindir.

10. Aniqki Biz Dovudga (ulug‘) bir fazl-martaba ato etdik «Ey tog‘lar va qushlar (Dovud) bilan birga tasbeh aytinglar!» Va uning uchun temirni (xamirdek) yumshoq qilib qo‘ydik.

11. (Va unga dedik): «Sovutlar yasagin va (ularni) to‘qishda aniq-puxta ish qilgin! (Ey Dovud xonadoni), yaxshi amal qilinglar! Zero Men qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidirman».

12. Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o‘tadigan) shamolni (bo‘ysundirdik) va uning uchun mis bulog‘ini oqizib qo‘ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni-irodasi bilan uning qo‘l ostida ishlaydigan kimsalarni (bo‘ysundirib qo‘ygandirmiz). Ulardan kim Bizning amrimizdan toyilsa, Biz unga o‘t-olov azobidan totdirib qo‘yurmiz.

13. Ular (Sulaymonga misdan) u xohlagan narsalarni — ibodatxonalarni, haykallarni, hovuzlar kabi (katta)laganlarni va (o‘choqlarga) o‘rnashgan (vazmin) qozonlarni qilib berurlar. «(Ey) Dovud xonadoni, (Alloh sizlarga ato etgan bu ne’matlarning shukronasi uchun amal-ibodat qilinglar! Bandalarim orasida shukr qilguvchi (zotlar juda) ozdir».

14. Endi qachonki Biz (Sulaymonga) o‘limni hukm qilgach, uning o‘limiga faqat asoini yeyayotgan (yog‘och) kemiruvchi qurtgina dadolat qildi. Bas qachonki u qulab tushgach, jinlarga aniq bo‘ldiki, agar ular g‘aybni bilguvchi bo‘lganlarida bu xor qilguvchi azobda-mehnatda qolmagan bo‘lur edilar.


I z o h . Mazkur oyatlarda ota-o‘g‘il — Dovud va Sulaymon payg‘ambarlarga Alloh taolo ato etgan ne’matlar sanab o‘tildi. Darhaqiqat Tangri taolo Dovud alayhis-salomga shunday xush ovoz bergan ekanki, u kishi Zaburni tilovat qilganlarida osmonda uchib ketayotgan qushlar tek qotar va chor atrofdagi tog‘u-toshlar bilan birga u zotga jo‘rovoz bo‘lib tilovat qilishar ekan. O’sha zamonda temirchilik hunari nihoyat darajada ravnaq topgan bo‘lib, temirchilar o‘zlarining asbob-anjomlari vositasida istagan narsalarini yasay olar ekanlar. Asli kasbi sovutsozlik bo‘lgan Dovud payg‘ambar esa shunday fazilatga ega ekanlarki, qo‘llari tekkan temir xamirdek muloyim bo‘lib qolar va u zot biron asbob-anjomsiz uni o‘zlari xohlagan shaklga kiritar edilar. Bu mo‘‘jizaning guvohi bo‘lgan kishilar Dovudning haq payg‘ambar ekaniga iymon keltirishar edi.

Endi Sulaymon alayhis-salomga esa Alloh taolo insu-jin podshohligini ato etgan edi. Uchar shamollar ham u zotning inon-ixtiyorida bo‘lib, istagan joylariga bir zumda eltib qo‘yar edi. Sulaymon payg‘ambarga berilgan mo‘‘jizalardan yana biri mis bulog‘i bo‘lib, rivoyat qilinishicha undan suv o‘rniga muzdek mis oqib yotar, payg‘ambar izmidagi jinlar esa o‘sha misdan u zotning xohlagan narsalarini yasab berishar ekan. Ushbu so‘nggi oyat ayrim kishilarning jinlar g‘aybni — ya’ni kelajakda ro‘y beradigan voqea-hodisalarni biladilar, degan gumonlarini rad etadi. Chunki ular to o‘tirgan hollarida jon taslim qilgan Sulaymon alayhis-salomning suyanib o‘tirgan asolarini bir yil davomida yog‘och qurti yeb yerga qulab tushmagunlaricha u zotning vafot qilganlarini bilmaganlar va tinim bilmasdan payg‘ambar ularga buyurgan og‘ir mehnatda — baland qasr bino qilishda davom etganlar. Ushbu oyatlarda Alloh taolo ato etgan fazlu-marhamatiga shukr qilib o‘tgan solih payg‘ambarlar haqida hikoya qilingan bo‘lsa, quyidagi oyatlarda Tangri bergan ne’matlarga noshukurlik qilganlari oqibatida ulardan mahrum qilinib, halokatga giriftor bo‘lgan qavm to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #430 : 01 Sentyabr 2006, 06:46:55 »


15. Aniqki Saba’ (qabilasi) uchun o‘z maskanlarida Allohning fazlu-marhamatiga dalolat qiladigan) bir alomat bor edi — o‘ng tomon ham, so‘l tomon ham bog‘-rog‘ bo‘lib, (Biz ularga) «Parvardigoringiz (bergan) rizqu-ro‘zidan bahramand bo‘linglar va U zotga shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahardir, (Parvardigoringiz) mag‘firat kilguvchi Parvardigordir», (degan edik).

16. Bas ular (Bizga shukr qilishdan) yuz o‘girishgach, Biz ularning ustiga to‘g‘on bilan (to‘qib qo‘yilgan) selni (ochib) yubordik va ularning bog‘larini achchiq-taxir mevali, yulg‘unzor va yakkam-dukkam butazor «bog‘lar»ga almashtirib qo‘ydik.

17. Kofir bo‘lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz faqat kofir bo‘lgan kimsagagina (mana shunday) jazo berurmiz.

18. Biz ular bilan O’zimiz barakotli qilgan (Shom) qishloq-shaharlarining orasida ko‘rinib turadigan (ya’ni bir-biriga yaqin) qishloqlarni barpo qilib (qo‘ygan) va, ular orasida yurish (masofasi)ni ham o‘lchab-belgilab (ularga): «Bu (qishloqlarda) kechalari ham, kunduzlari ham tinch-omon yuraveringlar», (degan edik).

19. Ular esa (bu ne’matlarga noshukurlik qilib): «Parvardigoro, safarlarimiz orasidagi (masofani) yiroq qilgin», deyishib, o‘zlariga zulm qildilar, bas Biz ularni (odamlar gapirib yuradigan) cho‘pchak-hikoyaga aylantirib qo‘ydik va bo‘lak-bo‘lak qilib (har tomonga tirqiratib yubordik). Albatta bunda har bir (balolarga sabr-qanoat qilguvchi, ne’matlarga) shukr qilguvchi uchun oyat-ibratlar bordir.

20. Darhaqiqat Iblis ularning ustidagi («Men ularni yo‘ldan ozdira olurman», degan) gumonini ro‘yobga chiqardi, bas (Saba’ qabilasi Iblisga ergashdilar), faqat bir guruh mo‘minlargina (unga bo‘yinsunmadilar).

21. (Iblisning) ular ustidagi hukmronligi – faqat Biz oxiratga iymon keltiradigan kishilarni, undan (ya’ni oxiratdan) shak-shubhada turgan kimsalardan bilib-ajratib olishimiz uchun bo‘lgandir. (Ya’ni oxirat haqida shubha qilguvchi kimsalar Iblisning ig‘vosiga uchib, unga ergashurlar va Allohning ne’matlariga noshukurlik qilurlar. Oxiratga iymon keltirgan zotlarga esa uning vasvasasi kor qilmas.) Parvardigoringiz barcha narsaning ustida kuzatib turguvchidir.

22. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Sizlar Allohdan o‘zga (ilohlar) deb gumon qilgan butlaringizga duo-iltijo qilaveringlar-chi, (ular sizlarga ijobat qila olarmikanlar)! Ular na osmonlarda va na yerda bir zarra vaznicha (narsa)ga ega emasdirlar va ular uchun (osmonlar va yerda Allohga) sheriklik ham yo‘qdir hamda (Alloh) uchun ulardan biron yordamchi ham yo‘qdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #431 : 01 Sentyabr 2006, 06:47:13 »


23. (Alloh) huzurida faqat Uning O’zi izn bergan kishilargagina shafoat-oqlov foyda berur (ya’ni ana o‘sha zotlargina shafoatga erishurlar, yo o‘zgalarni shafoat qila olurlar). To qachon (Parvardigor ular uchun shafoatga izn berishi bilan) dillaridan qo‘rquv ketkazilgach ular (bir-birlariga): «Parvardigoringiz nima dedi (ya’ni shafoatga haqiqatan izn berdimi?)», deb (savol qilishib), «Haqni (aytdi, ya’ni haqiqatan shafoatga izn berdi), U yuksak va buyuk zotdir», deyishib (javob qilurlar).

24. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Kim sizlarga osmonlar va yerdan rizqu ro‘z berur?» Ayting: «Alloh (rizq berur). Shak shubhasiz yo bizlar yoki sizlar (ya’ni ikki toifadan biri) anik hidoyat ustida yoki ochiq zalolatdadir».

25. Ayting: «Sizlar bizlar qilgan gunoh to‘g‘risida mas’ul bo‘lmassizlar va bizlar sizlar qilayotgan amallar to‘g‘risida mas’ul bo‘lmasmiz».

26. Ayting: «Parvardigorimiz (qiyomat kunida) o‘rtamizni jamlar, so‘ngra o‘rtamizda haqiqat — adolat bilan hukm qilur. Uning O’zigina (adolat bilan) hukm qilguvchi va (kim haq, kim nohaq ekanini) bilguvchidir».

27. Ayting: «(Ey mushriklar), sizlar menga (o‘zlaringizcha Allohga) qo‘shib olgan butlaringizni (haqiqatan U zotga) sheriklar ekanini ko‘rsatingiz-chi?! Yo‘q, (bu gumonlaringiz xatodir). Balki (yolg‘iz) Allohning O’zigina qudrat va hikmat egasidir.

28. (Ey Muhammad), Biz sizni shak-shubhasiz, barcha odamlarga: (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltguvchi, (kofirlarni esa do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi bo‘lgan holingizda, payg‘ambar qilib yubordik. Lekin ko‘p odamlar bilmaslar.

29. Ular: «Agar rostgo‘y bo‘lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va’da (qilingan qiyomat) qachon bo‘ladi? derlar.

30. Ayting: «Sizlar uchun shunday bir kunning va’dasi bordirki, sizlar undan biron soat ketga ham, ilgariga ham sura olmassizlar».

31. Kofir bo‘lgan kimsalar: «Bizlar bu Qur’onga ham, undan oldingi (kitoblarga) ham hargiz iymon keltirmaymiz», dedilar. (Ey Muhammad), agar siz o‘sha zolim kimsalarni (qiyomat kunida) Parvardigor huzurida turg‘izub qo‘yilib, bir-birlariga gap qaytarayotganlarini ko‘rsangiz edi. (O’shanda) bechora sanalgan (ya’ni ergashuvchi bo‘lgan) kimsalar, mutakabbir kimsalarga (ya’ni o‘z peshvolariga): «Agar sizlar bo‘lmaganingizda, bizlar shak-shubhasiz, mo‘minlar bo‘lur edik», desalar,
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #432 : 01 Sentyabr 2006, 06:47:30 »


32. Mutakabbir kimsalar bechora sanalgan kimsalarga: «Sizlarga hidoyat kelganidan so‘ng sizlarni (undan) biz to‘sdikmi? Yo‘q, o‘zlaringiz jinoyat qilguvchi bo‘ldingizlar», derlar.

33. Bechora sanalgan kimsalar esa mutakabbir kimsalarga: «Yo‘q, kechayu kunduz qilgan makr-hiyla(laringiz bizlarni mo‘min bo‘lishdan to‘sgan edi). O’shanda sizlar (o‘z makr-hiylalaringiz bilan) bizlarni Allohga kofir bo‘lishga va U zotga (o‘zgalarni) teng sherik qilishga zo‘rlar edingizlar», dedilar. Azobni (o‘z ko‘zlari bilan) ko‘rgan vaqtlarida ular (ya’ni peshvolar ham, ergashganlar ham) ichlarida nadomat qildilar va Biz kofir bo‘lgan kimsalarning bo‘yinlariga kishanlar soldik. Ularga faqat o‘zlari (hayoti dunyoda) qilib o‘tgan qilmishlarining jazosi berilur.

34. Biz qaysi bir qishloq-shaharga biron ogoxlantirguvchi (payg‘ambar) yubormaylik, albatta u joyning boyonlari «Aniqki biz sizlar elchi qilib yuborilgan narsaga kofirdirmiz», dedilar.

35. Yana ular: «(Bizlarning mol-dunyo va bolalarimiz — iymon keltirganlardan ko‘ra) ko‘proq, (binobarin bizlar) azoblanguvchi emasdirmiz», dedilar.

36. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Albatta Parvardigorim O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaslar».

37. Na molu dunyolaringiz va na bolalaringiz sizlarni Bizning dargohimizga yaqin qilguvchi emasdir. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amal qilgan zotlar — ana o‘shalar uchungina qilgan amallari sababli necha barobar mukofot bo‘lur va ular (jannatdagi) yuksak manzillarda tinch-omon bo‘lurlar.

38. Bizning oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yuradigan kimsalar - ular azobga duchor qilinguvchidirlar.

39. Ayting: «Albatta Parvardigorim bandalaridan O’zi xoxlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, bas (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #433 : 01 Sentyabr 2006, 06:47:50 »


40. (Eslang, Alloh) ularning (ya’ni mushriklarning) barchalarini to‘plab, so‘ngra farishtalarga «Ana u (mushriklar) sizlarga ibodat qilguvchi bo‘lganmidilar?» deyilgan kunda.

41. (Farishtalar): «Pok Parvardigor, Sen O’zing bizlarning do‘stimizdirsan, ular emas. Yo‘q, ular jinlarga ibodat-itoat qilar edilar. Ularning ko‘plari (jinlarga) iymon keltirguvchidirlar», derlar.

42. Endi Bu kunda biringiz biringizga na foyda va na ziyon yetkazishga qodir bo‘lmas va Biz, zolim bo‘lgan kimsalarga: «O’zlaringiz yolg‘on degan do‘zax azobini totib ko‘ringiz», dermiz.

43. Qachon ularga Bizning aniq-ravshan bo‘lgan oyatlarimiz tilovat qilinsa: ular: «Bu (ya’ni Muhammad alayhis-salom) faqat sizlarni ota-bobolaringiz ibodat qilib o‘tgan butlardan to‘smoqchi bo‘lgan kimsadir», derlar va «Bu (ya’ni Qur’on) faqat to‘qilgan bir bo‘htondir», derlar. Kofir bo‘lgan kimsalar ularga Haqiqat – Qur’on kelgan vaqtida u haqda «Bu faqat ochiq sehrdir», dedilar.

44. Holbuki (ilgari) Biz ularga o‘qib-o‘rganadigan kitoblar ato etgan emasmiz va ularga sizdan avval biron ogoxlantirguvchi (payg‘ambar) ham yuborgan emasmiz.

45. Ulardan ilgari (o‘tgan) kimsalar ham (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilgan edilar — Holbuki (Makka mushriklari) Biz ularga ato etgan ne’matlarning o‘ndan biriga ham yetganlari yo‘q. Bas o‘shalar Mening payg‘ambarlarimni yolg‘onchi qilishgach, Mening inkorim qanday bo‘lgan edi?!

46. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Men sizlarga faqat birgina narsani – Alloh uchun juft-juft, yolg‘iz-yolg‘iz holingizda turib, so‘ngra (Muhammad va U keltirgan Kitob haqida) tafakkur qilishingizni tavsiya qilurman. Sohibingizda (ya’ni Muhammadda) hech qanday jinnilik yo‘qdir. U faqat qattiq azob oldidan sizlarga (yuborilgan) bir ogohlantirguvchi (payg‘ambardir) xolos».

47. Ayting: «Men sizlardan so‘ragan bor ajru-mukofot o‘zlaringizga bo‘lsin (ya’ni men sizlardan biron ajr-mukofot so‘ramasman). Mening ajr-mukofotim yolg‘iz Allohning zimmasidadir. U barcha narsaga guvohdir».

48. Ayting: «Albatta Parvardigorim Haq – Qur’onni (botil-jaholat ustiga) otur. U g‘ayblarni aniq bilguvchidir».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #434 : 01 Sentyabr 2006, 06:48:09 »


49. Ayting: «Haq – Qur’on keldi (va botil-dinsizlik yo‘q bo‘ldi. Endi (botil) yangi dinsizlikni) boshlay ham olmas, (eski dinsizlikni) qaytara ham olmas.

50. Ayting: «Agar men (Haq yo‘lidan) ozsam, bas faqat o‘z ziyonimga ozurman va agar (Uning yo‘liga) hidoyat topsam, u holda Parvardigorim menga vahiy qilayotgan (Qur’on) sababligina (hidoyat topurman). Shak-shubhasiz U eshitguvchidir, yaqindir».

51. (Ey Muhammad), agar siz (mushrik-kofirlarni) dahshatga tushib, qochgani joy topa olmay qolgan va yaqin bir makondan (do‘zaxga tashlash uchun) tutib ketilgan paytlarida ko‘rsangiz edi!

52. (O’sha kunda) ular: «(Muhammad alayhis-salomga) iymon keltirdik», dedilar. (Ular agar hayoti dunyoda iymon keltirganlarida qabul qilingan bo‘lur edi, ammo endi) yiroq bir makondan (ohirat diyoridan turib iymon va tavba-tazarru’ga) qo‘llari qandoq yetsin?!

53. Holbuki ular ilgari (hayoti dunyoda) unga kofir bo‘lgan edilar! Holbuki ular yiroq bir makondan g‘aybga (oxiratga tosh) otar edilar!

54. (Mana endi) xuddi ulardan ilgari o‘tgan hammaslaklariga qilingani kabi, ular bilan o‘zlari istaydigan narsaning (ya’ni iymon keltirib, do‘zax azobidan qutulib qolishning) o‘rtasi to‘sib qo‘yildi, Zero ular (hayoti dunyodalik paytlarida) shak-shubha ostida edilar.

 

FOTIR SURASI

Ushbu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, qirq besh oyatdan iborat.

Sura Alloh taologa hamdu-sano aytish bilan boshlanib, Uning osmonlar va yerni yo‘qdan bor qilgan zot ekani hamda insonlarni haq yo‘lga hidoyat qilish uchun O’zi bilan ular o‘rtasida farishtalarni elchi-vositachi qilib qo‘ygani haqida xabar beriladi.

Bu surada hayoti dunyodan keyin oxirat hayoti kelishi haq ekanligiga osmonu zaminda kishilar ko‘z o‘ngida kechadigan voqea-hodisalar ham aniq dalolat qilib turishi va shu bilan birga koinotdagi har bir maxluqot o‘zining nechog‘li mukammalligi va o‘ta nozik intizomi bilan nihoyat darajada qudrat va hikmat egasi bo‘lgan bir Yaratguvchi mavjud ekaniga ochiq hujjat bo‘la olishi uqtiriladi.

Sura mushriklarning jonsiz butlarga sig‘inishlarini keskin qoralash bilan nihoyalanadi.

Bu sura Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lmish «Fotir» — «Ilk Yaratguvchi» nomi bilan atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Hamdu-sano osmonlar va yerni ilk yaratguvchi hamda (O’zi bilan bandalari o‘rtasida) farishtalarni ikki, uch, to‘rt qanotli elchilar (vositachilar) qilguvchi Alloh uchundir. U zot (yaratgan) mahluqotida O’zi xohlagan narsani ziyoda qilur. Albatta Alloh barcha narsaga qodirdir.

2. Alloh odamlar uchun ne bir rahmat-marhamatni ochib qo‘ysa, bas uni ushlab-to‘sib qolguvchi bo‘lmas va neni ushlab qolsa, bas U zot (ushlab qolgani)dan so‘ng u (narsani bandalarga) biron yuborguvchi bo‘lmas. U qudrat va hikmat egasidir.

3. Ey insonlar, sizlarga Alloh ato etgan son-sanoqsiz ne’matni eslangiz! Sizlarga osmonu zamindan rizqu-ro‘z beradigan Allohdan o‘zga bironta yaratguvchi bormi?! Hech bir iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

 

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

Muallif Muhammad AminBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 621
Ko'rilgan: 466942
So'nggi javob 07 Iyun 2009, 02:24:43
muallifi AbdulAziz
Qur'oni karim tafsir va tarjimalari

Muallif AbdulAzizBo'lim Islom

Javoblar: 6
Ko'rilgan: 28690
So'nggi javob 30 Oktyabr 2009, 18:41:42
muallifi yoqimtoyqiz
Qur'oni karim oyatlari rasmlarda

Muallif MuhammadBo'lim Islomiy media

Javoblar: 36
Ko'rilgan: 28474
So'nggi javob 02 Yanvar 2009, 17:29:09
muallifi zuhrahon
Qur'oni Karim mo'jizalari

Muallif RobiyaBo'lim Islomiy media

Javoblar: 17
Ko'rilgan: 17295
So'nggi javob 13 Aprel 2008, 00:32:30
muallifi lolo
Qur'oni karim nomlari

Muallif Muhammad AminBo'lim Islom

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 4535
So'nggi javob 13 Noyabr 2007, 11:13:48
muallifi Muhammad Amin