SOFFAT SURASIMakkada nozil bo‘lgan bu sura bir yuz sakson ikki oyatdir.
Iymon-e’tiqod va undan yetadigan foydalar, kufru-isyon va uning ziyonlari haqida so‘zlovchi bu sura Alloh taoloning amru-farmoniga mudom muntazir bo‘lib turadigan zotlar haqida zikr qilinishi bilan boshlanadi.
So‘ngra jinlar to‘g‘risida so‘z yuritilib, ayrim nodon kimsalarning «Jinlarning Allohga yaqinligi bor», degan afsonalari keskin rad etiladi.
Bu surada oxirat hayoti — jannat ahli musharraf bo‘lgan baxt-saodat, do‘zaxilar duchor etilgan azob-uqubat haqidagi juda jonli lavhalar mazkurdir.
Shuningdek, bu surada ham Tangri taoloning bir necha payg‘ambarlarining qissalari bayon qilinadi va ularning barchalari «chiroyli amal qilguvchi» bandalar bo‘lganliklari uqtiriladi. Xususan Ibrohim alayhis-salom Alloh taolo tomonidan o‘z o‘g‘illari Ismoilni qurbon qilishga buyurilishlari va ularning har ikkisi Yaratganning amriga quloq qoqmay itoat etgach chog‘larida Tangri taolo jannatdan bir qo‘chqor tushirib, Ismoil alayhis-salomning o‘rnilariga o‘shani so‘yishga buyurgani xususidagi xabar bilan iymon va imtihon haqida ibratli misol keltiriladi.
Qur’oni Karimdagi bir necha suralarni Alloh O’zi yaratgan ayrim mahluqoti nomiga qasam bilan boshlaydi. Bu sura ham Yaratganning barcha buyruqlarini darhol ijro etish uchun saf tortib turadigan haqiqiy iymon-e’tiqod egalari nomiga qasam ichish bilan boshlangani sababli u «Va-s-Soffat — Saf tortib turguvchilarga qasam», deb atalgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1-2-3-4. (Alloh yo‘lida) saf tortib turadigan, (Allohning bandalarini gunoh yo‘llaridan) mudom to‘sadigan, (Allohning kalomini) doimo tilovat qiladigan (insonlar va farishtalardan iborat barcha) zotlarga qasamki, shak-shubhasiz sizlarning ilohingiz yagonadir.
5. (U zot) osmonlar, yer va ularning o‘rtasidagi bor narsalarning Parvardigoridir. (U zot) bor kunchiqar joylarning (va bor kunbotar joylarning) Parvardigoridir.
6. Darhaqiqat Biz eng yaqin osmonni yulduzlar bilan ziynatladik.
7. Va (uni) har bir itoatsiz shaytondan — jindan saqladik.
8-9. U (jin)lar eng yuksak mavjudotlarni (ya’ni farishtalarning so‘zlarini) hargiz eshita olmaslar va (ularni) haydash uchun ularga har tomondan (yulduzlar) otilur. Ular uchun (oxiratda) doimiy azob bordir.
10. Magar biron marta (biron so‘zni) ilib olgan kimsa (ya’ni jin) bo‘lsa, uni ham uchar yulduz quvib yetar (va halok etar)
11. Bas (ey Muhammad, Makka kofirlaridan) so‘rang-chi, ular(ni) yaratish qiyinroqmikan yoki Biz yaratgan zotlarnimi?! (ya’ni, farishtalar va yeru osmondagi barcha mavjudotni yaratish odamzotni yaratishdan og‘irroq emasmi?!) Zotan Biz (insonlarning asli-avvali bo‘lmish Odam alayhis-salomni) yopishqoq bir loydan yaratgandirmiz.
12. Balki siz (ularning qayta tirilishini inkor qilayotganlaridan) taajjubdadirsiz, (ammo) ular (sizning oxirat hayoti haqidagi so‘zlaringizni) masxara qilurlar.
13. Ularga (Qur’on bilan) pand-nasihat qilinsa, pand-nasihatni olmaslar.
14. (Sizning haq payg‘ambar ekanligingizga dalolat qiladigan) biron oyat-mo‘‘jizani ko‘rsalar, (darhol iymon keltirish o‘rniga) yanada ziyodaroq masxara qilurlar.
15. Va derlar: «Bu faqat ochiq-ravshan sehrdir.
16. Bizlar o‘lib tuproq va suyaklarga aylanib ketgan chog‘imizda rostdan ham yana qayta tirilguvchi ekanmizmi?!
17. Avval o‘tib ketgan ota-bobolarimiz ham-a?! »
18. (Ey Muhammad, siz ularga) ayting: «Ha! Sizlar xor-zor bo‘lgan holingizda (albatta qayta tirilursizlar)».
19. U (ya’ni qayta tirilish) faqatgina farishta Isrofilning suri bilan chalingan bir qichqiriqdir xolos, bas banogoh ular (qayta tirilib, «kunlarini») ko‘rurlar.
20. Va «Ey, o‘lim bo‘lsin bizlarga! Bu jazo-qiyomat kuni-ku!» deb qolurlar.
21. Mana shu sizlar yolg‘on deb o‘tgan (haq bilan botil) ajratiladigan Kundir.
22-23. (Ey farishtalar, sizlar) zolim-kofir bo‘lgan kimsalar va ularning hamtovoqlarini hamda ular Allohni qo‘yib ibodat qilib o‘tgan narsalarini to‘plab, do‘zax yo‘liga boshlanglar.
24. (Ammo to Mening farmonim bo‘lmaguncha) ularni to‘xtatib (do‘zaxga tashlamay) turinglar! Chunki ular (avval hayoti dunyoda qilib o‘tgan kufru isyonlari to‘g‘risida) so‘ralguvchidirlar.