84-85. (Alloh) dedi: «Haqqa (qasam). Faqat Xaqni ayturmanki, albatta Men jahannamni sen va (odamlar) orasidagi barcha senga ergashgan kimsalar bilan to‘ldirurman!»
86. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Men (Qur’onni yetkazganim uchun) sizlardan biron ajr-haq so‘ramayman va men soxtakorlardan (ya’ni yolg‘ondan payg‘ambarlikni da’vo qilguvchi kimsalardan) ham emasman.
87. (Ushbu Qur’on) faqat barcha olamlar uchun (Alloh taolo tomonidan nozil qilingan) bir eslatmadir, xolos.
88. Albatta sizlar uning (ilohiy vahiy ekanligi haqidagi) xabarni (ozgina) vaqtdan so‘ng (Qiyomat kuni) bilib olursizlar». ZUMAR SURASIMakka suralaridan bo‘lgan bu sura yetmish besh oyatdir. Sura Qur’oni Karimning Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Kitob ekanini ta’kidlash bilan boshlanib, so‘ngra payg‘ambar alayhis-salomni va barcha insonlarni yolg‘iz Alloh uchun xolisanlilloh ibodat qilishga buyuriladi.
Bu surada yeru osmon va ularning o‘rtasidagi barcha mavjudotni yo‘qdan bor qilgan Tangri taolo har bir narsaga o‘ziga xos surat va siyrat ato etgani hamda ularning har biriga alohida vazifa yuklab qo‘ygani, demak bu olam korxonasidagi har bir narsa faqat Yaratgan buyurgan va imkon bergan ish-amalni qilib o‘tishi aniq ekanligi uqtirib o‘tiladi. So‘ngra insoniyat uchun Alloh taolodan o‘zga biron kimsa yo narsaga sig‘inish — ibodat qilish durust emasligi xususida so‘zlanib, birgina Xojaga bo‘ysunib, faqat uninggina buyruq-farmonini bajarishga va faqat unigina rozi qilishga harakat qiladigan xizmatkor bilan bir necha xo‘jayin o‘rtasida qolib, ularning qaysilarini ko‘nglini olishni bilmay, balki ularning birortalarini to‘la rozi qilish imkonini topa olmay arosatda qolgan xizmatkor barobar emasligi haqida ibratli misol keltiriladi.
Sura nihoyasida mahshar Kunidagi hisob-kitob tasvirlanib, u Kunda hech kimga zulm qilinmasligi, bil’aks iymon va yaxshi amallar qilish bilan yashab o‘tgan mo‘minlar to‘p-to‘p bo‘lgan holda jannatga, kufru isyon bilan o‘tgan kofirlar esa to‘da-to‘da qilinib, jahannamga haydalishi haqida xabar beriladi. Suraning «Zumar — Guruhlar» deb nomlanishining boisi ham shudir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. (Ushbu Qur’on) qudratli va hikmatli Alloh tomonidan nozil qilingan Kitobdir.
2. (Ey Muhammad), albatta Biz sizga bu Kitobni haqqirost nozil qildik, bas siz Allohga — U zot uchun diningizni xolis kilgan holda ibodat qiling!
3. (Ey insonlar), ogoh bo‘lingizkim, xolis din yolg‘iz Allohnikidir (ya’ni yolg‘iz Allohgina chin ixlos bilan ibodat qilinishga loyiq zotdir). U zotdan o‘zga «do‘stlar»ni («xudo») qilib olgan kimsalar: «Biz (o‘sha «xudo»larimizga) faqat ular bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz», (derlar). Shak-shubha yo‘qki, Alloh (qiyomat kunida) ular ixtilof qilayotgan narsalar xususida ularning o‘rtasida hukm qilur. Shak-shubha yo‘qki, Alloh yolg‘onchi va ko‘rnamak kimsalarni hidoyat qilmas.
4. Agar Alloh bola-chaqa tutishni istasa, so‘zsiz O’zi yaratgan narsalaridan xoxlaganini tanlab olgan bo‘lur edi. U zot (bunday aybdan) pokdir. U yakkayu yagona va g‘olib Allohdir.
5. U osmonlar va yerni haq (qonun) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustiga o‘rar, kunduzni kechaning ustiga o‘rar. U quyoshni ham, oyni ham (O’z amriga) bo‘ysundirib qo‘ygandir. (Ularning) har biri ma’lum muddatgacha joriy bo‘lur. Ogoh bo‘lingizkim, U qudratli va benihoya mag‘firatli zotdir.