Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 820677 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 06:59:58



11. Ayting: «Darhaqiqat men Allohga U zot uchun dinimni xolis qilgan holda ibodat qilishga buyurilganman.

12. Va men musulmonlarning — bo‘yinsunguvchilarning avvali — peshqadami bo‘lishga buyurilganman».

13. Ayting: «Albatta men agar Parvardigorimga osiy bo‘lsam, ulug‘ Kunning azobidan qo‘rqurman».

14. Ayting: «Men yolg‘iz Allohga U zot uchun dinimni xolis qilgan holda ibodat qilurman».

15. Endi sizlar esa (ey mushriklar), U zotni qo‘yib, o‘zlaringiz xoxlagan butlaringizga ibodat qilaveringlar, (yaqinda bu shirklaringizning oqibati qanday bo‘lishini juda yaxshi bilib olursizlar!»). («Ey Muhammad, agar ota-bobolaringning dinidan chiqsang, ziyonkor bo‘lursan», deydigan mushriklarga) ayting: «Albatta ziyonkorlar qiyomat kuni o‘zlariga ham, ahli oilalariga ham ziyon qilguvchi (ya’ni, o‘zi ham mushrik bo‘lib, axli-oilasini ham To‘g‘ri yo‘ldan ozdirgani sababli qiyomat kunida o‘zi va axli oilasi do‘zax azobiga giriftor bo‘lguvchi) kimsalardir. Ogoh bo‘lingizkim, ana shugina ochiq ziyonkorlikdir».

16. Ular uchun ustlaridan ham olovdan bo‘lgan "œsoyabonlar", ostlaridan xam (olovdan bo‘lgan) «soyabonlar» bo‘lur. Bu (bo‘lajak azob-uqubat) bilan Alloh O’z bandalarini qo‘rqitur. Ey bandalarim, Mendan qo‘rqingiz!

17-18. Shaytondan — unga ibodat qilishdan yiroq bo‘lgan va Allohga (ya’ni, yolg‘iz Allohga ibodat qilishga) qaytgan zotlar uchun (jannat) xushxabari bo‘lsin! Bas (ey Muhammad), Mening bandalarimga — so‘zga quloq tutib, uning eng go‘zaliga (ya’ni najotga eltguvchi rost So‘zga) ergashadigan zotlarga xushxabar bering! Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Va ana o‘shalargina aql egalaridir.

19. Axir bir kimsaga azob So‘zi (ya’ni azobga duchor bo‘lish) haq bo‘lsa (siz uni hidoyat qilishga qodir bo‘lurmisiz)?! Axir siz do‘zaxdagi kimsani qutqara olurmisiz?!

20. Lekin Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar uchun (jannatda) ustma-ust qurilgan xonalar bo‘lib, ularning ostidan daryolar oqib turar. (Bu) Allohning va’dasidir! Alloh va’dasiga xilof qilmas.

21. Alloh osmondan suv (yomg‘ir-qor) yog‘dirib, uni yerdagi buloqlar-chashmalar qilib oqizib qo‘yganini ko‘rmadingizmi? So‘ngra u (suv)ning yordamida rango-rang ekin-tikin chiqarur, so‘ngra u qurir, bas siz uni sarg‘aygan holda ko‘rursiz, so‘ngra (Alloh) uni xas-xashakka aylantirur. Albatta bunda aql egalari uchun eslatma-ibrat bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:00:16



22. Axir Alloh ko‘ksini Islom uchun keng qilib qo‘ygan, bas o‘zi Parvardigori tomonidan bir nur — hidoyat ustida bo‘lgan kishi (kufr zulmatlarida adashib-uloqib yurgan kimsa bilan barobar bo‘lurmi)?! Bas dillari Allohni eslashdan qotib qolgan (ya’ni Allohni eslashni tark qilgan) kimsalarga halokat bo‘lgay! Ular ochiq zalolatdadirlar!

23. Alloh eng go‘zal So‘zni (oyatlari fasohat va balog‘atda) bir-biriga o‘xshagan, (ichidagi hukmlari) takror-takror kelguvchi bir Kitob-Qur’on qilib nozil qildiki, (undagi Allohning azobi haqidagi oyatlarni tilovat qilganlarida) Parvardigorlaridan qo‘rqadigan zotlarning terilari titrab ketar, so‘ngra terilari — badanlari ham, dillari ham Allohning zikriga yumshar — moyil bo‘lur. Mana shu (Kitob) Allohning hidoyatidirki, unga O’zi xoxlagan kishilarni hidoyat qilur. Va kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas.

24. Axir qiyomat Kunida yomon azobdan o‘z yuzi bilan saqlanadigan kimsa (u Kundagi har qanday azobdan tinch-xotirjam kishi bilan barobar bo‘lurmi)?! (U kunda) zolim-kofirlarga «O’zlaringiz kasb qilib o‘tgan narsani (ya’ni dinsizlik mevasini) totib ko‘ringlar!» deyildi.


I z o h. «Qiyomat kunidagi yomon azobdan o‘z yuzi bilan saqlanadigan kimsa» deyilganida qo‘llari kishanband bo‘lgani sababli qo‘llar bilan yuzlarini do‘zax o‘tidan to‘sishga qodir bo‘lmaydigan va oqibat-natijada u olovda avval yuzlari kuyadiga kimsalar tushuniladi.

25. Ulardan avvalgilar ham (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilganlarida, ularga azob o‘zlari sezmaydigan tomondan kelgan edi.

26. Bas Alloh ularga mana shu hayoti dunyoda rasvolikni tortdirdi. Shak-shubhasiz, oxirat azobi yanada kattaroqdir. Agar ular (Allohning azobini) bilsalar edi (o‘z Payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilmagan bo‘lur edilar).

27. Aniqki, Biz ushbu Qur’onda odamlar uchun turli misollar keltirdik. Shoyad eslatma-ibrat olsalar.

28. (Biz uni) biron egrilik egasi bo‘lmagan arabiy Qur’on holida (nozil qildik). Shoyad (Allohdan) qo‘rqsalar.

29. Alloh (shunday) bir misol keltirdi: bir kishi — qul borki, uning ustida talashguvchi sheriklar (ya’ni xojalar) bor. Yana bir kishi — qul borki, u bus-butun holida bir kishi — xojanikidir. Ikkisining misoli barobar bo‘lurmi?! (Yo‘q, barobar bo‘lmas. Xuddi shuningdek, bir necha «xudo»larga sig‘inadigan mushrik bilan yolg‘iz Allohgagina bandalik qiladigan mo‘min ham barobar bo‘lmas). Hamdu-sano (yolg‘iz) Alloh uchundir. Yo‘q, ularning ko‘plari bilmaslar, (bas, ana shu sababdan turli «xudo»larga sig‘inurlar).

30. (Ey Muhammad), hech shak-shubhasiz, siz ham o‘lguvchidirsiz, ular xam o‘lguvchidirlar.

31. So‘ngra albatta, sizlar qiyomat Kunida Parvardigorlaringiz huzurida (bir-birlaringiz bilan) talashib-tortishursizlar (va siz o‘z zimmangizdagi payg‘ambarlikni to‘la-to‘kis yetkazganingizga hujjat keltirursiz, ular esa sizni yolg‘onchi qilib, kufru zalolatda o‘tganlariga turli bahonalarni ro‘kach qilurlar, ammo Allohning adolatli hukmidan qochib qutula olmaslar)!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:02:22

YIGIRMA TO’RTINCHI JUZ’
*************************



32. Axir Alloh sha’niga (Uning sherigi va bola-chaqasi bor», deb yolg‘on so‘zlagan va Rost-Qur’onni o‘ziga kelib-etgan paytidayoq (o‘ylamay-netmay) yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq biron kimsa bormi?! Yo jahannamda kofirlar uchun joy yo‘qmi?!

33. Rost Qur’onni keltirgan zot (ya’ni, Muhammad alayhis-salom) va uni tasdiq etgan (mo‘minlar) — ana o‘shalar taqvodor zotlardir.

34. Ular uchun Parvardigorlari huzurida (ya’ni jannatda) o‘zlari xohlagan narsalari bordir. Bu chiroyli amal qilguvchi kishilarning mukofotidir.

35. Zero Alloh ularning qilgan yomon amallarini o‘chirib, qilib o‘tgan eng chiroyli amallarining ajri bilan mukofotlar.

36. Alloh O’z bandasiga (ya’ni Muhammad alayhis-salomga, u kishini barcha balo-qazodan asrash uchun) yetarli emasmi?! (Ey Muhammad), ular sizni (Allohdan) o‘zga butlari bilan qo‘rqiturlar.


I z o h. Quraysh kofirlari payg‘ambar alayxis-salomni «Sen bizning xudolarimizni ayblayotganing sababli ular seni halok qilmasalar edi», deb qo‘rqitmoqchi bo‘lganlarida ushbu oyat nozil bo‘lib, Alloh O’z bandasini har qanday yomonlikdan asrashga qodir ekanini uqtiradi va jonsiz but-sanamlarga sig‘inadiganlarni yo‘ldan ozgan kimsalar deb ataydi.

Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas.

37. Kimni Alloh hidoyat qilsa, bas uning uchun biron yo‘ldan ozdirguvchi bo‘lmas. Alloh qudratli va (O’z dushmanlaridan) intiqom olguvchi emasmi?!

38. Qasamki, agar siz ulardan «Osmonlar va yerni kim yaratgan», deb so‘rasangiz, ular albatta «Alloh» derlar. Ayting: «Endi xabar beringlar-chi, sizlar Allohni qo‘yib duo-iltijo qilayotgan butlaringiz — agar Alloh menga biron ziyon yetkazishni istasa, o‘sha (butlar) U zotning ziyonini arita olguvchimilar? Yoki (Alloh) menga biron marhamat qilishni iroda qilsa, o‘sha (butlar) U zotning marhamatini ushlab qolguvchimilar?!» Ayting: «Menga Allohning O’zi yetarlidir. Tavakkul qilguvchi — suyanguvchi zotlar yolg‘iz Unga tavakkul qilurlar».

39-40. Ayting: «Ey qavmim, joyingizdan jilmay (ya’ni kufringizdan qaytmay) amalingizni qilavering. Men ham (Parvardigorim buyurgan) amalni qilguvchiman. Bas yaqinda kimga rasvo qiladigan azob kelishini va mangu azob tushishini bilajaksizlar!»

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:02:40



41. Albatta, Biz sizga bu Kitobni barcha odamlar (bilib, amal qilishlari) uchun haqqi-rost nozil qildik. Bas kim hidoyat yo‘liga yursa, o‘z foydasiga yurgan bo‘lur. Kim (bu hidoyat yo‘lidan) ozsa, faqat o‘zining ziyoniga adashgan bo‘lur. Siz ularning ustida vakil — qo‘riqchi emassiz.

42. Jonlarni o‘lim vaqtlarida, (hali-hanuz) o‘lmaganlarini esa uxlayotgan paytlarida Alloh olur. Bas O’zi o‘limga hukm qilgan jonlarni (badanlarga qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ya’ni ajallari yetgunicha) qo‘yib yuborur. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

43. (Yo‘q, mushriklar tafakkur qilmadilar), balki ular Allohdan o‘zga «oqlovchilar»ni (ya’ni o‘zlarining gumonlaricha ularni Alloh huzurida shafoat qiladigan «oqlovchilar»ni — butlarni) ushladilar. (Ey Muhammad), ayting: «(O’sha jonsiz butlar sizlarni oqlaydimi?!) Agar ular biron narsaga ega bo‘la olmaydigan va (biron narsani) anglamaydigan bo‘lsalar ham-a!».

44. Ayting: «Barcha shafoat-oqlov yolg‘iz Allohnikidir. Osmonlar va yerning podshohligi ham Unikidir. So‘ngra (barchalaringiz) yolg‘iz Ungagina qaytarilursizlar».

45. Qachon yolg‘iz Alloh zikr qilinsa, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalarning dillari siqilib ketar. Qachon U zotdan o‘zga butlar zikr qilinganida esa banogoh ular shodlanib keturlar.

46. Ayting: «Allohim,—(ey) osmonlar va yerni ilk yaratguvchi zot (ey) g‘aybu shahodatni (ya’ni yashirin va oshkor narsalarni) bilguvchi zot, yolg‘iz O’zinggina bandalaring o‘rtasida ular ixtilof qilib o‘tgan narsalar haqida hukm qilursan».

47. Agar zolim-kofir kimsalar uchun yerdagi bor narsa va u bilan birga yana o‘shaning mislicha narsa bo‘lsa, albatta ular qiyomat Kunidagi azobning yomonligidan, o‘sha (qo‘llaridagi bor narsalarini) to‘lov qilib berib yuborgan bo‘lur edilar. (Chunki u Kunda) ularga Alloh tomonidan ular o‘ylab ham ko‘rmagan narsalar — azoblar ko‘rindi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:02:57



48. Ularga o‘zlari kasb qilgan yomonliklari oshkor bo‘ldi va ularni o‘zlari (dunyodalik chog‘larida) masxara qilib o‘tgan azob o‘rab oldi.

49. Bas qachon insonni biron ziyon ushlasa, U bizga duo-iltijo qilur. So‘ngra qachon Biz O’z tomonimizdan unga biron ne’mat ato etsak, u «Hech shak-shubhasiz bu (ne’mat) menga o‘zimning bilimdonligim sababli berildi», der. (Yo‘q, u ne’mat o‘sha insonning sa’y-harakati va donoligi uchun berilgan emas), balki u (o‘sha bandaning shukr yo ko‘rnamaklik qilishini bilish uchun) bir sinov — imtihondir. Lekin ularning ko‘plari bilmaslar.

50. U (so‘z)ni ulardan avvalgilar ham aytgan edilar. Bas, ularga o‘zlari kasb qilib topgan narsalari asqotgani yo‘q.

51. Bas, ularga qilgan yomonliklari yetdi. Ana ulardan (Makka mushriklaridan) bo‘lgan zolim kimsalarga ham yaqinda qilgan yomonliklari yetar. Ular ham qochib qutulguvchi emasdirlar.

52. Axir ular Alloh O’zi xoxlagan kishining rizqini keng qilishini va (O’zi xohlagan kishining rizqini) tang qilishini bilmadilarmi?! Albatta bunda iymon keltiradigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

53. (Ey Muhammad), Mening o‘z jonlariga jinoyat qilgan (turli gunoh-ma’siyatlar qilish bilan) bandalarimga ayting: «Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta Alloh (O’zi xohlagan bandalarining) barcha gunoxlarini mag‘firat qilur. Albatta Uning O’zigina mag‘firatli, mehribondir.

54. Sizlarga azob kelib, so‘ngra yordam berilmay qolishidan ilgari (ya’ni Allohning biron balo-qazosiga duchor bo‘lmay turib), Parvardigorlaringizga qaytinglar — Unga bo‘yinsuninglar!

55. Sizlarga, o‘zlaringiz sezmagan holingizda to‘satdan azob kelib qolishidan ilgari Parvardigorlaringiz tomonidan sizlarga nozil qilingan eng go‘zal narsa — Qur’onga ergashinglar!

56-57. Biron jon: «Alloh haqqida (ya’ni U zotga toat-ibodat qilishda) sustkashlik qilganimga nadomat bo‘lgay! Rostdan ham men (Uning dinini va Qur’onini masxara qilguvchilardan bo‘lgan edim», deb qolmasligi uchun; «Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta taqvodorlardan bo‘lur edim», deb qolmasligi uchun;

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:09:48



58. Yoki azobni ko‘rgan chog‘ida: «Qani endi men uchun yana bir karra (yashashning imkoni) bo‘lsa-yu, men ham chiroyli amal qilguvchilardan bo‘lsam», deb qolmasligi uchun (Qur’onsa ergashinglar!)

59. (Aks holda unga Alloh tomonidan aytilur): «Yo‘q, (Men senga hidoyat yo‘lini ko‘rsatgan edim, aniqki senga Mening oyatlarim kelganida, sen ularni yolg‘on degan eding va kibr-havo qilib, kofirlardan bo‘lgan eding».

60. Qiyomat Kunida Alloh sha’niga yolg‘on so‘zlagan kimsalarni yuzlari qora holda ko‘rursiz. Yo jahannamda mutakabbir kimsalar uchun joy yo‘qmi?!

61. Alloh, taqvo qilgan zotlarni (jannatga) erishganlari sababli (jahannam azobidan) qutqarur va ularga biron yomonlik ham yetmas va ular g‘amgin ham bo‘lmaslar.

62. Alloh barcha narsaning Yaratguvchisidir. U barcha narsaning ustida vakil-homiydir.

63. Osmonlar va yerning ochqichlari Uning (qo‘l ostidadir). Alloh oyatlariga kofir bo‘lgan kimsalar — ana o‘shalargina — ziyon ko‘rguvchilardir.

64. (Ey Muhammad, u mushriklarga) ayting: «Hali sizlar meni Allohdan o‘zgaga ibodat qilishga buyururmisizlar, ey nodonlar!».

65. Darhaqiqat sizga ham, sizdan avvalgi (payg‘ambarlarga ham shunday) vahiy qilingandir: «Qasamki: agar mushrik bo‘lsang, albatta qilgan amaling behuda ketur va albatta ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib kolursan!

66. Yo‘q, sen yolg‘iz Allohgagina ibodat qilgin va shukr qilguvchilardan bo‘lgin!»

67. Ular Allohni to‘g‘ri taniy olmadilar! Butun yer qiyomat kunida Uning qabzasi — changali(dadir). Osmonlar esa Uning qudrat qo‘liga yig‘ilgandir U zot ularning shirklaridan pok va yuksakdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:10:09



68. Sur chalindi-yu, osmonlar va yerdagi bor jonzot o‘ldi, magar Alloh xohlagan zotlargina (tirik qoldilar). So‘ngra u ikkinchi bor chalindi-da, banogoh ular (ya’ni barcha xaloyiq qayta tirildi, qabrlaridan) turib, (Allohning amriga) ko‘z tutarlar.

69. Yer (ya’ni mahshargoh) Parvardigorining nuri bilan yorishdi; kitob — nomai a’mol (hisob-kitob qilish uchun hozirlab) qo‘yildi; payg‘ambarlar va guvohlar keltirildi va ularning (ya’ni barcha bandalarning) o‘rtalarida (birontalariga) zulm qilinmagan holda haq (hukm) bilan hukm qilindi.

70. Va har bir jonga qilgan amali(ning mukofot yoki jazosi) komil qilib berildi, (Alloh) ularning qilar ishlarini juda yaxshi bilur;

71. Va kofir bulgan kimsa to‘da-to‘da qilinib jahannamga haydaldi. To qachon ular (jahannamga) kelib yetganlarida, uning darvozalari ochildi va uning qo‘riqchilari (kofirlariga): «Sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar — Parvardigorlaringizning oyatlarini sizlarga tilovat qilgan hollarida va sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar», deganlarida ular: «Ha, (kelganlar), lekin azob So‘zi kofirlar ustiga haq bo‘lgandir, (bas, bizlar ham ularni yolg‘onchi qilganimiz sababli mana shu azobga giriftor bo‘ldik)», dedilar.

72. (Shunda ularga) aytildi: «Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o‘sha joyda mangu qolursizlar!» Bas kibr-havo qilguvchi kimsalarning joylari naqadar yomondir!

73. Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga «haydaladilar». To qachon ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari; «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz», deganlarida (ular behad shodlanurlar).

74. Va «Bizlarga va’dasini rost qilgan va bizlarni bu (jannat) yeriga voris qilgan hamda jannatdan o‘zimiz xohlagan tarafda o‘rin olishimizga (muvaffaq qilgan) Allohga hamdu sano bo‘lsin», derlar. Bas (chiroyli) amal qilguvchi zotlarning ajr-mukofoti naqadar yaxshidir!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:10:26



75. (Ey Muhammad), siz (o‘sha Kunda) farishtalar arsh atrofini o‘rab olgan hollarida Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklab-tasbeh aytayotganlarini ko‘rursiz. (Zero) ularning (ya’ni barcha bandalarning) o‘rtalaridan haq (hukm) bilan hukm qilindi. Va «Hamdu sano barcha olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir», deyildi.   
 

G'OFIR SURASI

Qur’oni Karimdagi suralar tartibida paydar-pay joylashib, «Ho, Mim» harflari bilan boshlanadigan yetti suraning avvalgisi bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan. U sakson besh oyatdir.

Suraning avvalida ushbu Qur’onni nozil qilgan zot — Alloh taoloning ulug‘ sifatlaridan bir nechasi sanab o‘tiladi. Ulardan biri «G’ofir — Mag‘firat qilguvchi» sifati bo‘lib, sura mana shu ulug‘ sifat bilan nomlangandir.

Bu surada ham so‘z boshqa Makka suralarida bo‘lgani kabi Islomiy aqida atrofida borib, haq bilan botil, iymon bilan tug‘yon o‘rtasidagi Odam Ato davridan buyon davom etib kelayotgan kurash ilohiy qalam bilan chizib beriladi.

Bu surada farishtalar tunu kun duoyu tasbehlarida Yaratgandan mo‘minlarning gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rab duo-iltijo qilishlari haqida xabar beriladi, Shuningdek bu surada ham Muso payg‘ambar bilan Fir’avn o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojarolar bayon qilinib, boshqa suralarda zikr qilinmagan bir lavha ancha batafsil tasvirlanadiki, u ham bo‘lsa Fir’avn xonadonidan bo‘lgan va o‘zining Alloh taologa iymon keltirganini sir tutib yurgan bir mo‘min kishining qissasidir. Shuning uchun bu surani «Mo‘min» surasi deb ham ataydilar.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2-3. (Ushbu Qur’on) qudratli va bilguvchi, gunohni mag‘firat qilguvchi, tavba-tazarru’ni qabul qilguvchi, azobi qattiq va in’om-ehson egasi bo‘lmish Alloh tomonidan nozil qilingan Kitobdir. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Faqat Uning O’ziga qaytilur.

4. Allohning oyatlari haqida faqat kofir bo‘lgan kimsalargina talashib-tortishurlar. Bas sizni ularning shaharlarida kezishlari aldab qo‘ymasin!


I z o h. Ushbu oyatda payg‘ambar alayhis-salom va barcha mo‘minlarga xitob qilinib, Allohning oyatlariga iymon keltirmagan kimsalarning Tangri taoloning azobiga duchor bo‘lmay sog‘-salomat shaharma-shahar kezib yurishlari va savdo-sotiqlari ham rivoj topayotganini ko‘rib, aldanib qolmasliklari lozimligi uqtirilmoqda. Hamda unday kimsalar garchi bu foniy dunyoda ayshu-ishrat bilan o‘tsalar-da, oxiratda mangu azobga giriftor bo‘lishlari shubhasiz ekanligiga ishora qilinmoqda.

5. Ulardan (ya’ni Makka kofirlaridan) ilgari Nuh qavmi va u (qavmdan) keyingi (Od, Samud qabilalari kabi turli) firqalar xam (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilganlar. (O’sha millatlardan) har bir millat o‘zlarining payg‘ambarlarini tutishga-o‘ldirishga qasd qilgan va botil (hujjatlar) bilan talashib-tortishib, uning yordamida Haqni yengmoqchi bo‘lgan edilar. Shunda men ularni (O’z azobim bilan) ushladim. Bas Mening azobim qanday bo‘ldi?!

6. (Ey Muhammad, sizning qavmingiz orasidagi) kofir bo‘lgan kimsalarning ustiga ham Parvardigoringizning so‘zi — azobi mana shunday haq bo‘lgandir, albatta ular do‘zax egalaridir.

7. Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar, hamda iymon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O’zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:10:41



8. Parvardigoro, ularni ham, ularning ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih-mo‘min bo‘lgan kishilarni ham O’zing ularga va’da qilgan mangu jannatlarga dohil qilgin. Albatta Sening O’zinggina qudrat va hikmat sohibidirsan.

9. O’zing ularni barcha yomonliklardan asragin. Kimni o‘sha Kundagi (qiyomatdagi) yomonliklardan asrasang, bas haqiqatan unga rahm-shafqat qilibsan. Mana shu buyuk baxtdir».

10. Shubha yo‘qki, kofir bo‘lgan kimsalarga (qiyomat Kunida, do‘zaxga tashlanib, shunday azobga duchor qilgan nafslarini la’natlab turgan vaqtlarida): «Sizlar (hayoti dunyoda) iymonga chorlanib (iymon keltirish o‘rniga) kofir bo‘lgan chog‘laringizdagi Allohning g‘azabi-yomon ko‘rishi sizlarning (bu Kundagi) o‘z nafslaringizni yomon ko‘rishingizdan qattaroqdir», deb nido qilinur.

11. Ular dedilar: «Parvardigoro, Sen bizlarni ikki bor o‘ldirding va ikki bor tiriltirding (ya’ni avval ona qornida o‘lik-jonsiz holda yaratib, so‘ngra O’zing bizlarga jon-hayot ato etding. Keyin, ajalimiz yetganda, O’zing jonimizni olib-o‘ldirib, qiyomat Kunida yana tiriltirding). Bas bizlar (hayot dunyoda qilib o‘tgan barcha) gunohlarimizni e’tirof etdik. Endi (bu do‘zax azobidan) chiqishning biron yo‘li bormi?»

12. (Yo‘q, sizlar mana shu azobda mangu qolursizlar). Bunga sabab, qachon (sizlarni) yolg‘iz Allohgagina (ibodat qilishga) da’vat qilinganida, kofir bo‘lib-bo‘yinsunmay, agar U zotga shirk keltirilsa (ya’ni turli but-sanamlarga sig‘inishga chorlaganda), iymon keltirishlaringizdir. Bas barcha hukm yuksak va ulug‘ Allohnikidir.

13. U zot sizlarga O’z oyatlarini (ya’ni O’zining borligi va birligiga dalolat qiladigan alomatlarni) ko‘rgizur va sizlarga osmondan rizqu-ro‘z yog‘dirur. (Lekin bu oyat-alomatlardan) faqat (Allohga) inobat-iltijo qiladigan kishigina eslatma-ibrat olur.

14. Bas (ey mo‘minlar), garchi kofirlar yomon ko‘rsalar-da, Allohga — U zot uchun dinni xolis qilgan holingizda duo-iltijo qilingiz!

15. U yuksak martabalidir, arsh sohibidir, U O’z amri bilan bandalaridan O’zi xoxlagan kishilarga — toki u (insonlarni) muloqot Kunidan (ya’ni qiyomatdan) ogohlantirish uchun — vahiy tushirar.

16. Ular (qabrlaridan) chiqadigan Kunda Allohga ular(ning qilib o‘tgan amallari)dan biron narsa maxfiy bo‘lib qolmas. Bu Kunda podshohlik kimnikidir? Yakkayu yagona g‘olib zot Allohnikidir!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:10:56



17. Bu Kunda har bir jon o‘zi qilgan ish-amali bilan jazolanur. Bu Kunda (hech kimga) zulm qilinmas. Albatta Alloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir.

18. (Ey Muhammad), siz ularni yaqin Kundan (ya’ni qiyomatdan) ogohlantiring! O’shanda ular yuraklari halqumlariga tiqilib, (o‘zlari) g‘am-hasratga to‘lib tururlar. Zolim kofir kimsalar uchun (u Kunda) na bir do‘st va na itoat qilinadigan (ya’ni shafoati qabul qilinadigan) oqlovchi bo‘lmas.

19. (Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni qarash harom qilingan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni ham bilur.

20. Alloh haq (hukm) bilan hukm kilur. Ular (Allohni), qo‘yib duo iltijo qilayotgan butlari esa biron narsaga hukm chiqara olmaslar. Albatta Allohning O’zigina eshitguvchi va ko‘rib turguvchi zotdir.

21. Axir ular yer yuzida sayru-sayohat qilishib, o‘zlaridan avval o‘tgan, (o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilib, iymonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini (ular qanday qismatga yo‘liqishganini) ko‘rsalar bo‘lmaydimi?! Ular (Makka mushriklaridan) ko‘ra kuch-quvvat va yerdagi osori atiqalari jihatidan zo‘rroq edilar. Bas Alloh Ularni gunohlari sababli ushladi — halok qildi va ular uchun Allohdan o‘zga biron saqlovchi bo‘lmadi.

22. Bunga sabab — ularga payg‘ambarlari aniq hujjatlar keltirganlarida, ular kofir bo‘ldilar. Bas Alloh ularni ushladi — halok qildi. Zero, U quvvat egasi va azobi qattiqdir.

23-24. Aniqki, Biz Musoni O’z oyat-mo‘‘jizalarimiz va ochiq hujjat bilan Fir’avn, Homon va Qorunga yuborganimizda, ular «(Bu Muso) yolg‘onchi sehrgardir», dedilar.

25. Endi qachonki (Muso) ularga Bizning huzurimizdan Haq (payg‘ambarlik) bilan kelganida, ular «u bilan birga mo‘min bo‘lganlarning o‘g‘illarini o‘ldirib, ayollarini tirik qoldiringiz!» dedilar. (Lekin) kofirlarning makr-hiylalari albatta zalolatdir (ya’ni zoe bo‘lguvchidir).


I z o h: Fir’avn Bani Isroil qavmidan bo‘lgan o‘g‘il bolalarni qatli om qilgani haqida boshqa suralarda jumladan «Toha» surasidagi 37-40 oyatlar va ularga berilgan izohda) batafsil aytilgan edi. Endi yuqoridagi oyatda Fir’avn Muso alayxis-salomga iymon keltirgan kishilarni yana qatli om qilishga buyurgani, lekin uning bu makru hiylasi ham befoyda ketgani haqida xabar berildi. Shunda u Muso payg‘ambarning hayotlariga suiqasd qilmoqchi bo‘lgani va bu urinishi ham behuda ketgani to‘g‘risida quyidagi oyatlarda bayon qilinadi.

Qayd etilgan