75. (Ey Muhammad), siz (o‘sha Kunda) farishtalar arsh atrofini o‘rab olgan hollarida Parvardigorlariga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklab-tasbeh aytayotganlarini ko‘rursiz. (Zero) ularning (ya’ni barcha bandalarning) o‘rtalaridan haq (hukm) bilan hukm qilindi. Va «Hamdu sano barcha olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir», deyildi. G'OFIR SURASIQur’oni Karimdagi suralar tartibida paydar-pay joylashib, «Ho, Mim» harflari bilan boshlanadigan yetti suraning avvalgisi bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan. U sakson besh oyatdir.
Suraning avvalida ushbu Qur’onni nozil qilgan zot — Alloh taoloning ulug‘ sifatlaridan bir nechasi sanab o‘tiladi. Ulardan biri «G’ofir — Mag‘firat qilguvchi» sifati bo‘lib, sura mana shu ulug‘ sifat bilan nomlangandir.
Bu surada ham so‘z boshqa Makka suralarida bo‘lgani kabi Islomiy aqida atrofida borib, haq bilan botil, iymon bilan tug‘yon o‘rtasidagi Odam Ato davridan buyon davom etib kelayotgan kurash ilohiy qalam bilan chizib beriladi.
Bu surada farishtalar tunu kun duoyu tasbehlarida Yaratgandan mo‘minlarning gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rab duo-iltijo qilishlari haqida xabar beriladi, Shuningdek bu surada ham Muso payg‘ambar bilan Fir’avn o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojarolar bayon qilinib, boshqa suralarda zikr qilinmagan bir lavha ancha batafsil tasvirlanadiki, u ham bo‘lsa Fir’avn xonadonidan bo‘lgan va o‘zining Alloh taologa iymon keltirganini sir tutib yurgan bir mo‘min kishining qissasidir. Shuning uchun bu surani «Mo‘min» surasi deb ham ataydilar.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Ho, Mim.
2-3. (Ushbu Qur’on) qudratli va bilguvchi, gunohni mag‘firat qilguvchi, tavba-tazarru’ni qabul qilguvchi, azobi qattiq va in’om-ehson egasi bo‘lmish Alloh tomonidan nozil qilingan Kitobdir. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Faqat Uning O’ziga qaytilur.
4. Allohning oyatlari haqida faqat kofir bo‘lgan kimsalargina talashib-tortishurlar. Bas sizni ularning shaharlarida kezishlari aldab qo‘ymasin!I z o h.
Ushbu oyatda payg‘ambar alayhis-salom va barcha mo‘minlarga xitob qilinib, Allohning oyatlariga iymon keltirmagan kimsalarning Tangri taoloning azobiga duchor bo‘lmay sog‘-salomat shaharma-shahar kezib yurishlari va savdo-sotiqlari ham rivoj topayotganini ko‘rib, aldanib qolmasliklari lozimligi uqtirilmoqda. Hamda unday kimsalar garchi bu foniy dunyoda ayshu-ishrat bilan o‘tsalar-da, oxiratda mangu azobga giriftor bo‘lishlari shubhasiz ekanligiga ishora qilinmoqda. 5. Ulardan (ya’ni Makka kofirlaridan) ilgari Nuh qavmi va u (qavmdan) keyingi (Od, Samud qabilalari kabi turli) firqalar xam (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilganlar. (O’sha millatlardan) har bir millat o‘zlarining payg‘ambarlarini tutishga-o‘ldirishga qasd qilgan va botil (hujjatlar) bilan talashib-tortishib, uning yordamida Haqni yengmoqchi bo‘lgan edilar. Shunda men ularni (O’z azobim bilan) ushladim. Bas Mening azobim qanday bo‘ldi?!
6. (Ey Muhammad, sizning qavmingiz orasidagi) kofir bo‘lgan kimsalarning ustiga ham Parvardigoringizning so‘zi — azobi mana shunday haq bo‘lgandir, albatta ular do‘zax egalaridir.
7. Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar, hamda iymon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O’zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin.