Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 841324 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:11:12



26. Fir’avn dedi: «Meni qo‘yinglar, Musoni o‘ldiray. (Qani) u Parvardigoriga duo-iltijo qilsin-chi, unga najot berarmikan. Darhaqiqat men (Muso) sizlarning diningizni o‘zgartirib yuborishdan yoki yer yuzida buzg‘unchilik avj oldirishdan qo‘rqmoqdaman».

27. Muso aytdi: «Albatta men, Parvardigorim va Parvardigoringiz (bo‘lmish Alloh)dan hisob-kitob kuniga iymon keltirmaydigan barcha mutakabbir (kimsalarning yomonligi)dan panoh berishini so‘raganman.

28. (Shunda) Fir’avn xonadonidan bo‘lgan, o‘zining iymonini yashirib yuradigan bir mo‘min kishi dedi: «Bir kishini, «Mening Parvardigorim Allohdir», degani uchun o‘ldirurmisizlar?! Holbuki, u sizlarga Parvardigoringiz tomonidan aniq hujjatlar keltirgandir. Agar u yolg‘onchi bo‘lsa, yolg‘oni o‘z bo‘yniga. (Ammo) agar rostgo‘y bo‘lsa (u holda) sizlarga u (kofirlar uchun) va’da qilayotgan (azoblardan) ayrimlari yetib qoladi-ku! Albatta Alloh haddan oshguvchi, yolg‘onchi kimsalarni hidoyat qilmas.

29. Ey qavmim, bugun-ku mulku davlat sizlarniki, mana shu yerda g‘olibsizlar. Endi agar bizlarga Allohning azobi kelar bo‘lsa, kim bizlarga (undan najot topishimiz uchun) yordam berur?!» Fir’avn aytdi: «Men sizlarga faqat o‘zim ra’y qilayotgan narsani (ya’ni Musoni o‘ldirishning maslahatinigina ko‘rsaturman va men sizlarni faqat to‘g‘ri yo‘lga yetaklarman».

30-31. Iymon keltirgan kishi dedi: «Ey qavmim, haqiqatan men sizlarning ustingizga ham xuddi Nuh qavmi, Od, Samud (qabilalari) va ulardan keyingi (kufr yo‘lini tutgan) kimsalarning ishi — o‘sha firqalarning kuni tushib qolishidan qo‘rqurman. Holbuki, Alloh o‘z bandalariga zulm qilishni istamas (ya’ni Alloh o‘sha firqalarni halok qilish bilan ularga zulm qilgani yo‘q, balki ular o‘zlarining kufru tug‘yonlari sababli halokatga mustahiq bo‘ldilar).

32. Ey qavmim, haqiqatan men sizlar haqingizda (kishilar bir-birlariga) nido qilib qoladigan Kundan (ya’ni Qiyomat Kunida do‘zax azobiga duchor bo‘lib, dod-voy qilib qolishlaringizdan) qo‘rqurman.

33. U Kunda sizlar (jahannam dahshatlaridan) yuz o‘girib qochursizlar, (ammo) sizlar uchun Alloh(ning azobidan) saqlaguvchi — to‘sguvchi bo‘lmas. Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:11:39



34. Darvoqe’, ilgari Yusuf sizlarga (o‘zining payg‘ambar ekanligini isbotlaydigan) aniq hujjatlar keltirganida ham, u sizlarga keltirgan narsalardan shubha-gumon qilib turib olgan edinglar. To qachon u halok bo‘lganida: «(Endi Yusufdan) so‘ng Alloh hargiz payg‘ambar yubormas» dedinglar. Haddan oshuvchi, shak keltiruvchi bo‘lgan kimsalarni Alloh mana shunday yo‘ldan ozdirib qo‘yar.

35. Allohning oyatlari haqida o‘zlariga kelgan biron hujjat-dalilsiz talashib-tortishadigan kimsalar Alloh nazdida xam, iymon keltirgan zotlar nazdida xam katta nafratga duchor bo‘lurlar. Alloh har bir mutakabbir va zo‘ravonning qalbini mana shunday muhrlab qo‘yar.

36-37 Fir’avn (mo‘min kishidan yuqorida zikr qilingan so‘zlarni eshitgan odamlar Haq yo‘liga yurib ketishlaridan ko‘rqib, ularni chalg‘itish uchun) aytdi: «Ey Homon, men uchun bir (baland) kasr qurgin, shoyadki, men (u qasrning ustiga chiqib) yo‘llarga osmonlarning yo‘llariga yetib, Musoning ilohini ko‘rsam, darhaqiqat men uni yolg‘onchi deb gumon qilmoqdaman», Fir’avnga o‘zining yomon amali mana shunday chiroyli ko‘rindi va u (To‘g‘ri) yo‘ldan to‘sildi. Fir’avnning barcha makru-hiylasi albatta nochor-befoydadir.

38. Iymon keltirgan kishi dedi: «Ey qavmim, sizlar menga ergashinglar, men sizlarni To‘g‘ri yo‘lga yetaklayman.

39. Ey qavmim, bu hayoti dunyo faqat bir (arzimas) mato’dir. Albatta oxiratgina (mangu) qarorgoh bo‘lgan diyordir.

40. Kim biron yomonlik qilsa, unga (oxiratda o‘sha yomonligi) barobarida jazo berilishi aniqdir. Va erkakmi, ayolmi kim mo‘min bo‘lgan holida biron yaxshilik qilsa, ana o‘shalar jannatga doxil bo‘lurlar (va) u joyda ularga behisob rizq berilur.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:11:55



41. Ey qavmim, nega men sizlarni najotga — jannatga chorlasam, sizlar meni do‘zaxga chaqirmoqdasizlar-a?

42. Sizlar meni Allohga kofir bo‘lishga va (o‘zim) (iloh ekanligini) bilmaydigan narsalarni U zotga sherik qilishga chaqirmoqdasizlar. Men sizlarni qudratli, benihoya mag‘firatli zotga chorlamoqdaman.

43. Shak-shubha yo‘qki, albatta sizlar meni (ibodat qilishga) chaqirayotgan butlaringiz (jonsiz narsalar bo‘lgani sababli) na dunyoda va na oxiratda (biron kimsani o‘zlariga ibodat qilish uchun) da’vat qila olmas. Va albatta (barchalarimizning Allohga qaytishimiz bordir. Darhaqiqat haddan oshuvchi kimsalargina do‘zax egalaridir.

44. Hali (boshlaringizga azob tushganida albatta hozir) men sizlarga aytayotgan so‘zlarni eslaysizlar. Men o‘z ishimni Allohga topshirurman. Zero, Alloh bandalarini ko‘rib turguvchidir».

45. Bas, Alloh u (iymon keltirgan kishi)ni ularning yomon makr-hiylalaridan saqladi va Fir’avn xonadonini yomon azob o‘rab oldi.

46. (U azob bir) olovdorki, ular ertayu-kech o‘shanga ko‘ndalang qilinib (kuydirilurlar). (Qiyomat) soati qoyim bo‘ladigan Kunda esa (do‘zax farishtalariga): «Fir’avn xonadonini eng qattiq azobga kiritinglar», (deyilur).

47. O’shanda ular do‘zaxda o‘zaro tortishib, bechora (ergashuvchi)lar mutakabbir kimsalarga (ya’ni o‘zlarining sobiq yo‘lboshchilarga): «Bizlar sizlarga ergashgan edik, endi sizlar bizlardan do‘zax (azobi)dan biron bo‘lagini daf’ qila olurmisizlar?», der ekanlar;

48. Mutakabbir kimsalar aytdilar: «Bizlarning barchamiz shak-shubhasiz (do‘zaxdadirmiz). Darhaqiqat Alloh bandalari o‘rtasida O’z hukmini chiqardi».

49. (Shunda) do‘zaxdagi kimsalar jahannam qo‘riqchilariga: «Parvardigoringlarga duo qilinglar, bizlardan biron kunlik azobni yengillatsin», deb yolvorganlarida;

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:12:11



50. Ular aytdilar: «Axir sizlarga payg‘ambarlaringiz aniq hujjatlar keltirmaganmidilar?!» «Ha, (keltirgan edilar, lekin bizlar ularni yolg‘onchi qilgan edik)», dedi ular. (Shunda farishtalar ularga) aytdilar: «U holda o‘zlaringiz duo-iltijo qilaveringlar. Kofirlarning duo-iltijolari albatta zalolatdadir (ya’ni befoydadir)».

51. Albatta Biz payg‘ambarlarimizga va iymon keltirgan zotlarga hayoti dunyoda ham, guvohlar (hozir bo‘lib) turadigan Kunda (qiyomatda) ham yordam berurmiz.

52. U Kunda zolim-kofir kimsalarga uzr-bahonalari foyda bermas va ularga la’nat bo‘lur, ularga eng yomon joy — do‘zax bo‘lur.

53-54. Aniqki, Biz Musoga hidoyat ato etgan va Bani Isroilni aql egalari uchun hidoyat va eslatma-ibrat bo‘lgan Kitob-Tavrotga voris qilgan edik.

55. Bas (ey Muhammad, sizga mushriklar tomonidan yetayotgan ozor-aziyyatlarga) sabr qiling — zero, Allohning (O’z payg‘ambarlari va mo‘minlarga yordam berish haqidagi) va’dasi haqdir va gunohingizga mag‘firat so‘rang hamda tunu kun Parvardigoringizga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklang!

56. Albatta Allohning oyatlari haqida o‘zlariga kelgan biron hujjat — dalilsiz talashib-tortishadigan kimsalar, aniqki ularning dillarida bir kibr (ya’ni o‘zlarini sizdan katta olish) bordirki, ular o‘shanga (ya’ni o‘zlari orzu qilgan kattalikka) yetuvchi emasdirlar. Bas siz Allohdan panoh so‘rang. Albatta Uning O’zigina eshitguvchi, ko‘rib turguvchidir.

57. Shak-shubhasiz, osmonlar va yerni yaratish insonlarni yaratishdan kattaroq (ish)dir. Lekin ko‘p odamlar bilmaydilar.


I z o h. Kofirlarga: «Osmonlar va yerni kim yaratgan?» deyilsa, «Alloh» deydilar-u, ammo «Alloh taolo qiyomat kunida barcha insonni qayta tiriltiradi», deyilsa ishonmaydilar. Mazkur oyati karima ana o‘shalarga berilgan tanbehdir.

58. Ko‘r kimsa bilan ko‘rguvchi zot, iymon keltirib, yaxshiliklar qilgan zotlar bilan yomonlik qilguvchi kimsa barobar bo‘lmas. Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:12:28



59. Albatta (Qiyomat) soati kelguvchidir. U haqida shak-shubha yo‘qdir. Lekin ko‘p odamlar (uning kelishiga) iymon keltirmaslar.

60. Parvardigorlaringiz: «Menga duo-iltijo qilinglar, Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman», dedi. Albatta Menga ibodat qilishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar.

61. Alloh sizlar orom olishingiz uchun kechani va (kasbu kor, sayru sayohat qilishingiz uchun) ochiq-yorug‘ kunduzni yaratib qo‘ygan zotdir. Albatta Alloh odamlarga fazlu marhamat sohibidir. Lekin odamlarning ko‘plari shukr qilmaydilar.

62. Mana shu Alloh Parvardigorlaringizdir, U barcha narsaning yaratguvchisidir. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Bas qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!

63. Allohning oyat-mo‘‘jizalarini inkor qilguvchi bo‘lgan kimsalar mana shunday burilib keturlar.

64. Alloh sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo‘ygan va sizlarga surat-shakl berib suratlaringizni go‘zal qilgan hamda sizlarni halol-pok narsalardan rizqlantirgan zotdir. Mana shu Alloh Parvardigoringizdir. Bas, barcha odamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh barakotli — buyukdir.

65. U tirik zotdir. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Bas (ey mo‘minlar), sizlar (Allohga) U zot uchun dinni xolis qilgan holingizda duo-iltijo qilingiz! Hamdu sano barcha olamlarning Parvardigori Alloh uchundir.

66. (Ey Muhammad), ayting: «Shak-shubhasiz, men o‘zimga Parvardigorim tomonidan aniq hujjatlar kelgan paytida, sizlar Allohni qo‘yib, duo-iltijo qilayotgan butlarga ibodat qilishdan qaytarildim va barcha olamlarning Parvardigoriga bo‘yinsunishga buyurildim».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:12:49



67. U sizlarni(ng otangiz Odamni) tuproqdan, so‘ngra (uning barcha avlodlarini) nutfadan, so‘ngra laxta qondan yaratgan zotdir. So‘ngra U sizlarning (onalaringiz qornidan) chaqaloq holingizda, (yorug‘ dunyoga) chiqarur, so‘ngra (U zot) sizlarni voyaga yetishlaringizga, so‘ngra qarib-qartayishingizga (qo‘yib berur). Sizlarning orangizda (voyaga yetishdan, yoki keksalik yoshidan) ilgari vafot topadigan kishilar ham bo‘lur. (U zot) sizlarni belgilangan ajalga yetishlaringizga (qo‘yib berur). Shoyadki, aql yurgizsangizlar.

68. U tiriltiradigan va o‘ldiradigan zotdir. Bas qachon biron ishni hukm qilsa, Unga faqat «Bo‘l», der xolos. Bas u (ish) bo‘lur.

69. Allohning oyatlari haqida talashib-tortishadigan kimsalarni ko‘rmadingizmi? Qayoqqa burilib ketmoqdalar-a?!

70. Kitob — Biz payg‘ambarlarimiz bilan yuborgan narsalarni yolg‘on degan kimsalar yaqinda (qiyomat Kunida dinsizliklarining oqibatini) bilajaklar.

71-72. O’shanda (ya’ni do‘zaxga tashlanganlarida) ular bo‘yinlarida kishan va zanjirlar bilan qaynoq suv tomonga sudralurlar, so‘ngra olovda yondirilurlar.

73-74. So‘ngra ularga: «Sizlar Allohni qo‘yib shirk keltirib o‘tgan butlaringiz qani?» deyilganida, ular: «U (butlar) bizning ko‘zimiz)dan g‘oyib bo‘lib qolishdi. Yo‘q-yo‘q, bizlar ilgari hayoti dunyoda) hech narsaga duo-iltijo qilgan emasmiz» dedilar. Alloh kofirlarni mana shunday yo‘ldan ozdirur.

75. Mana shu (jahannam azobiga yo‘liqishlaringiz)ga sabab sizlar yerda (o‘zlaringiz qilgan ayshu ishrat va gunoh-ma’siyatlar bilan)nohaq shodu-hurram bo‘lganlaringiz va kibru havo qilganlaringiz va kibru-havo qilganlaringiz.

76. Jahannam darvozalaridan u joyda mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz! Bas mutakabbir kimsalarning joyi naqadar yomon bo‘ldi!

77. Bas, (Ey Muhammad, sizga mushriklar tomonidan yetayotgan ozor-aziyyatlarga) sabr qiling — zero Allohning (O’z payg‘ambari va mo‘minlarga yordam berish va kofirlarni azoblash haqidagi) va’dasi haqdir! Endi agar Biz sizga o‘sha (kofirlar)ga va’da qilayotganimiz (azob)dan ayrimlarini ko‘rsatsak (ya’ni siz hayotlik paytingizda ularni ayrim azob-uqubatlarga duchor qilsak, ko‘rarsiz yoki sizni (ularga azob tushirshimizdan ilgari) vafot topdirsak, u holda ham yolg‘iz O’zimizga qaytarilurlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:13:03



78. Aniqki, Biz sizdan ilgari (ko‘p) payg‘ambar yuborgandirmiz. Ulardan Biz sizga hikoya qilib bergan kishilar ham bor, yana ulardan Biz sizga hikoya qilmagan kishilar ham bordir. Biron payg‘ambar uchun — Allohning iznu-irodasidan tashqari biron oyat-mo‘‘jiza keltirish joiz bo‘lgan emas (ya’ni har bir payg‘ambar faqat Alloh unga amr qilgan mo‘‘jizalarnigina keltirgandir). Bas qachon Allohning (kofirlarga azob tushishi to‘g‘risidagi) amri kelgach, (payg‘ambarlar va ularni yolg‘onchi qilgan kofirlar o‘rtasida) haq (hukm) bilan hukm qilinur va o‘shanda buzg‘unchi kimsalar ziyonkor bo‘lurlar.

79. Alloh sizlar uchun chorva hayvonlarini (toki) sizlar o‘sha (hayvon)lardan (ayrimlarini) minishlaringiz uchun (paydo) qildi. O’sha (hayvon)lardan yeysizlar ham.

80. Sizlar uchun ulardan (ko‘p) foydalar bordir. (U hayvonlar) sizlar ularning ustida dillaringizdagi hojatlaringizga yetishlariigiz uchun ham (yaratilgandirlar). Sizlarni (quruqlikda) o‘sha (hayvonlar) ustida va daryo-dengizlarda esa (kemalarda) (ko‘zlagan manzillaringizga) eltib qo‘yilur.

81. (Alloh) sizlarga O’z oyat-alomatlarini ko‘rsatur. Bas sizlar Allohning qaysi oyatlarini inkor qilursizlar?!

82. Axir ular yer yuzida sayru-sayohat qilishib, o‘zlaridan avvalgi (o‘z payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilib iymonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini (ular qanday qismatga yo‘liqishganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi?! Ular (Makka mushriklaridan) ko‘ra ko‘proq hamda quch-kuvvat va yerdagi osori atiqalari jihatidan zo‘rroq edilar. (Ammo) ularga topgan (molu-dunyolari ham, kuch-quvvatlari ham) asqotgani yo‘q.

83. Chunki ularga payg‘ambarlari (Allohga iymon keltirish va U zotga bo‘yinsunish zarur ekanligi haqida) aniq hujjatlar keltirgan vaqtlarida ular o‘zlarining oldilaridagi (faqat dunyoviy bo‘lgan) bilimlari bilan shodlanib-maqtandilar (va payg‘ambarlari ogohlantirgan azobni masxara qilib kuldilar). Va ularni o‘zlari masxara qilguvchi bo‘lgan (azob) o‘rab oldi.

84. Endi qachonki ular Bizning azobimizni ko‘rishgach «Yakka-yu yagona Allohga iymon keltirdik va (ilgari Allohga) sherik qilib olganimiz butlarga kofir bo‘ldik», dedilar.

85. (Lekin) Bizning azobimizni ko‘rgan vaqtdagi iymonlari ularga foyda berguvchi bo‘lmadi - (Bu) Allohning (barcha) bandalari haqidagi o‘tgan yo‘li — qonunidir (ya’ni azob tushgan vaqtida keltirilgan iymonning foydasi bo‘lmas). Va o‘shanda kofirlar ziyonkor bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:13:23



FUSSILAT SURASI

Bu sura ellik to‘rt oyatdan tashkil topgan bo‘lib, Makkada nozil qilingan.

Sura Qur’oni Karim ta’rifi bilan boshlanib, xushxabar eltguvchi va ogohlantirguvchi bo‘lgan bu Kitobning oyatlari ongli — aqlli kishilar uchun mufassal bayon qilib berilganligini uqtiradi. Shuning uchun ham bu sura «Fussilat — Mufassal bayon qilingan sura» deb atalgandir.

So‘ngra yeru osmonlarning Alloh taolo tomonidan yaratilib, intizomga solingani va O’sha zot tomonidan idora qilib turilishi batafsil bayon qilinadi.

Bu surada Tangri taolo qiyomat Kunida har bir insonning ko‘z-qulog‘idan terisigacha til-zabon berib, dunyodan kufru-isyon bilan o‘tgan kimsalarning a’zoyi badanlari ham o‘zlariga qarshi guvohlik berishi haqida ogohlantiriladi va insonning «Qilayotgan amallarimni Alloh bilmaydi», degan gumonda bo‘lishi uning oxiratini kuydirishi aniq ekanligi ta’kidlanadi.

Shuningdek, bu surada yolg‘iz Alloh taoloni Parvardigorim deb, so‘ngra U zot ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lda ustivor bo‘lgan zotlar uchun oxirat diyorida tayyorlab qo‘yilgan mukofot-ziyofatlar haqida ham xabar beriladi.

Sura butun borliqda ham, bir insonning vujudida ham Yaratganning qudrati va hikmatiga dalolat qiladigan oyat-alomatlar mavjud ekanligi va Tangri taolo bor mavjudotni O’z ilmu qudrati bilan ixota qilib olgan Zot ekanligi haqidagi oyatlar bilan nihoyasiga yetadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. (Ushbu Qur’on) mehribon va rahmli (Alloh) tomonidan nozil qilingandir.

3-4. U biladigan qavm uchun (mo‘minlarga) xushxabar berguvchi va (kofirlarni azobdan) ogohlantirguvchi — arabiy Qur’on holida (nozil qilinib), oyatlari mufassal bayon qilingan Kitobdir. Bas (kofirlarning) ko‘plari (uning oyatlari haqida tafakkur qilishdan) yuz o‘girdilar, demak ular «eshitmaslar»,

5. Ular dedilar: «Dillarimiz sen bizlarni da’vat qilayotgan narsadan pardalangan, quloqlarimizda esa og‘irlik-karlik bordir va sen bilan bizlarning o‘rtamizda bir to‘siq bordir. Bas sen ham o‘z amalingni qilaver, bizlar ham albatta o‘z amallarimizni qilguvchidirmiz».

6-7. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Hech shak-shubha yo‘qki, men ham xuddi sizlar kabi bir odamdirman. Menga Tangringiz yolg‘iz Allohning O’zi ekani vahiy qilinmoqda. Bas sizlar Uning O’ziga to‘g‘ri (toat-ibodatda) bo‘lingiz va Undan mag‘firat so‘rangiz! Zakotni (haqdorlarga) ato etmaydigan, o‘zlari oxiratga kofir bo‘lgan mushriklarga esa halokat bo‘lgay!»

8. Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas ajr-mukofot bordir.

9. Ayting: «Haqiqatan ham sizlar Yerni ikki kunda yaratgan Zotga kofir bo‘lurmisizlar va o‘zgalarni Unga tenglashtirurmisizlar?! Bu (Alloh) barcha olamlarning Parvardigori-ku?!

10. U zot (Yerning) ustida tog‘larni (paydo) qildi va uni barakotli qildi hamda o‘sha (er)da uning yemishlarini (ya’ni yer ahlining rizqu ro‘zlarini) to‘la to‘rt kunda belgilab — taqsimladi. (Bu tafsilot) so‘raguvchilar uchundir.

11. So‘ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib, unga va yerga: «(Mening amri-farmonimga) ixtiyoran yoki majburan kelinglar!» degan edi, ular: «O’z ixtiyorimiz bilan keldik, (amringga bo‘yinsundir)», dedilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:13:41



12. Bas ikki kunda yetti osmonni barpo qildi va har bir osmonga (unga buyurilgan) ishi-vazifasini vahiy qildi (bildirdi). Biz quyi osmonni chiroqlar-yulduzlar bilan bezadik va (uni ofat-balolardan) saqladik. Bu qudratli va bilguvchi zotning taqdiri — o‘lchovidir.

I z o h . Mazkur oyatlar Qur’onda bir necha o‘rinlarda kelgan Alloh taolo osmonlar va yerni olti kunda yaratgani haqidagi oyatlarning tafsilotidir. Ya’ni Tangri taolo yerni ikki kunda yaratib, to‘rt kun deganda uning rizqu ro‘zini ham taqsimlab-bo‘lib bergani va olti kun deganda esa yetti osmonni ham yaratib bo‘lgani bayon qilib berildi.

13. Bas agar ular (ya’ni Makka mushriklari mana shu tafsilotdan keyin ham yolg‘iz Allohga iymon keltirishdan) yuz o‘girsalar, u holda ayting: «Men sizlarni xuddi Od va Samud (qabilalarini urgan) chaqmoqqa o‘xshagan bir chaqmoq-halokatdan ogohlantirdim.

14. O’shanda payg‘ambarlari ularning oldilaridan ham, orqalaridan ham kelishib: «Yolg‘iz Allohgagina ibodat qilinglar», (deganlarida), ular: «Agar Parvardigorimiz (payg‘ambar yuborishni) xohlaganida, albatta farishtalarni nozil qilgan bo‘lur edi. Bas, (modomiki sizlar farishta emas, balki odamzot ekansizlar) bizlar sizlar elchi qilib yuborilgan dinga kofirdirmiz», dedilar.

15. Endi Od (qabilasiga)ga kelsak, ular yer yuzida nohaq kibr-havo qildilar va «Kuch-quvvatda bizlardan zo‘rroq kim bor?» dedilar. Axir ular o‘zlarini yaratgan zot — Alloh kuch-quvvatda ulardan zo‘rroq ekanini bilmadilarmi?! — Va ular Bizning oyatlarimizni inkor qilguvchi bo‘ldilar.

16. Bas, ularga mana shu hayoti dunyoda rasvo-xor qilguvchi azobni totdirib qo‘yish uchun naxsli-shum kunlarda ustilariga bir dahshatli bo‘ron yubordik. Oxirat azobi esa shak-shubhasiz yanada rasvoroq - xor qilguvchiroqdir va ularga (o‘zlari sig‘inib o‘tgan butlari tomonidan hech qanday) yordam berilmas.

17. Endi Samud (qabilasi)ga kelsak, bas Biz ularni (To‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilgan edik, ular hidoyatni qo‘yib, ko‘rlikni, zalolatni ixtiyor qildilar. Bas o‘zlari qilguvchi bo‘lgan narsalari (ya’ni kufrni ixtiyor etganlari) sababli ularni xor qilguvchi azob chaqmog‘i urdi.

18. Va Biz iymon keltirgan va taqvodor bo‘lgan zotlarga (ya’ni Samud qabilasini hidoyat yo‘liga da’vat qilgan Solih payg‘ambar va u kishiga iymon keltirgan zotlarga chaqmoq balosidan) najot berdik.

19. Allohning dushmanlari do‘zaxga (haydalish uchun) to‘planib, tizilib turadigan Kunni (eslang).

20. Endi qachonki ular (do‘zaxga) kelishgach, (hayoti, dunyoda qilib o‘tgan kufru isyonlari haqida so‘raladi, lekin ular o‘z qilmishlaridan tonishga urinadilar. Shunda) ularning quloqlari, ko‘zlari va terilari ular qilib o‘tgan narsalari haqida o‘zlariga qarshi guvohlik beradi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:14:00



21. Ular terilariga: «Nima uchun bizga qarshi guvohlik berdinglar?»— deyishganida, (terilari): «Bizlarni barcha narsani so‘zlatgan zot Alloh so‘zlatdi. Sizlarni dastlab U yaratgan va sizlar yana Uning O’zigagina qaytarilursizlar», dedilar.

22. Sizlar (hayoti dunyoda gunoh ishlarni qilganlaringda sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, odamlardan yashirinar edinglar-u, ammo) quloqlaringiz, ko‘zlaringiz va terilaringiz o‘zlaringizga qarshi guvohlik berishidan (saqlanish uchun ulardan) yashiringuvchi emas edinglar, (chunki sizlar qiyomat Kunida a’zoyi badanlaringizga ham zabon berilishini bilmasdinglar). Lekin sizlar Alloh qilayotgan amallaringizdan ko‘pini (ya’ni odamlardan yashirincha qilgan gunohlaringizni) bilmaydi, deb o‘yladinglar.

23. Va Parvardigorlaringiz haqida o‘ylagan mana shu gumonlaringiz sizlarni halok qildi (ya’ni do‘zaxga tushishlaringizga sabab bo‘ldi). Bas sizlar ziyonkor kimsalarga aylanib qoldinglar.

24. Endi agar ular (azobga) chidasalar, ana o‘sha do‘zax joylaridir (ya’ni azob uqubatni tortaveradilar), agar ortga qaytishni talab qilsalar, endi ular qaytarilguvchi emaslar.

25. Biz ular uchun (ularni To‘g‘ri yo‘ldan ozdiradigan) «do‘stlar» tayyorlab qo‘ydik, bas o‘sha («do‘stlar») ularga oldilaridagi (gunohlarini) ham, orqalaridagi (gunohlarini) ham chiroyli ko‘rsatdilar va ularga ham o‘zlaridan avval o‘tgan — halok bo‘lgan insu-jindan iborat ummatlar qatorida So‘z — azob haq bo‘ldi. Darhaqiqat ular ziyonkor bo‘ldilar.

26. Kofir bo‘lgan kimsalar (bir-birlariga «Muhammad tilovat qilayotgan vaqtda) sizlar bu Qur’onga quloq solmanglar va (uni o‘zgalarga ham eshittirmaslik uchun og‘izlaringizga kelgan gapni) javrayveringlar, (shunda) shoyad g‘olib bo‘lsangizlar», dedilar.

27. Bas, albatta Biz ana o‘sha kofir bo‘lgan kimsalarga qattiq azobni totdirurmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan kufru isyonlari (sababli) eng yomon jazo bilan jazolarmiz.

28. Bu (qattiq azob) Alloh dushmanlarining jazosi bo‘lgan do‘zaxdir. Ular uchun, Bizning oyatlarimizni inkor qiluvchi bo‘lganlari sababli o‘sha joyda mangu qolish (azoblanish) bordir.

29. Kofir bo‘lgan kimsalar (do‘zax o‘tida azoblanar ekanlar), dedilar: «Parvardigoro, bizlarni (sening To‘g‘ri yo‘lingdan) ozdirgan insu jindan bo‘lgan kimsalarni bizlarga ko‘rsatgin, ularni oyoqlarimiz ostiga olib (ezaylik), toki ular (do‘zaxning qa’ridagi) eng tuban — xor kimsalardan bo‘lsinlar».

Qayd etilgan