Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466721 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:15:34



30. Albatta: «Parvardigorimiz Allohdir», deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilishda) to‘g‘ri — ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida) farishtalar tushib, (derlar): «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar. Sizlarga va’da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaninglar!

31. Bizlar hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz. Sizlar uchun (jannatda) ko‘ngillaringiz tilagan narsalaringiz bordir va sizlar uchun u joyda istagan narsalaringiz bordir.

32. (Bu) mag‘firatli va mehribon zot tomonidan bo‘lgan ziyofatdir».

33. (Odamlarni) Alloh(ning dini)ga da’vat qilgan va o‘zi ham yaxshi amal qilib, «Shak-shubhasiz men musulmonlardandirman», degan kishidan ham chiroyliroq so‘zlaguvchi kim bor?

34. Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (har qanday yomonlikni) eng go‘zal so‘zlar bilan daf’ qiling! (Shunda) banogoh siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq-sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur.

35. Unga (yomonlikni yaxshilik bilan daf’ qilish xislatiga) faqat sabr-toqatli zotlargina erishurlar, unga faqat ulug‘ nasiba egasigina erishur.

36. Agar sizni shayton tomonidan biron vasvasa yo‘ldan ozdirib (mazkur xislat egasi bo‘lishdan qaytarmoqchi bo‘lsa) u holda Allohdan panoh so‘rang. Zero U eshitguvchi, bilguvchi zotdir.


I z o h. Mazkur oyatlarda Alloh taolo har bir mo‘min musulmon uchuch zarur bo‘lgan go‘zal fazilatlarni bayon qildi. Quyidagi oyatlarda endi O’zining qudrat va yetuk hikmatiga dalolat qiladigan oyat-alomatlarni keltirib, yolg‘iz O’zigina ma’budlikka loyiq zot ekanligini uqtiradi.

37. Kecha va kunduz, quyosh va oy Uning (tanholigi va qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridandir. Agar sizlar (Allohga) ibodat qilguvchi bo‘lsanglar, quyoshga ham, oyga ham sajda qilmanglar, (balki) ularni(ng barchasini) yaratgan zotga — Allohga sajda qilinglar!

I z o h. Ushbu oyat navbatdagi sajda oyatidir. Bunday oyat o‘qilganda, o‘kuvchiga ham, tinglovchiga ham bir marta Allohga sajda qilish vojib bo‘ladi.

38. Endi agar (kofirlar Allohga sajda qilishdan) kibr-havo qilsalar, bas (bilingki), Parvardigoringizning huzuridagi zotlar (farishtalar) kecha-yu kunduzi hech zerikmasdan-malollanmasdan U zotga tasbeh ayturlar — sajda qilurlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:16:03



39. Uning (tanholigi va qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridan (biri) siz yerni qup-quruq holda ko‘rishingizdir. Bas qachon Biz uning ustiga suv-yomg‘ir yog‘dirsak, u harakatga kelar va unib-o‘sar. Albatta o‘sha yerni tiriltirgan zot o‘liklarni ham tiriltira olguvchidir. Zero U barcha ishga qodirdir.

40. Albatta Bizning oyatlarimizga egrilik qiladigan (ya’ni ularni buzmoqchi bo‘lgan) kimsalar Bizga maxfiy-noma’lum bo‘lib qolmaslar. Axir do‘zaxga tashlanadigan kimsa yaxshiroqmi, yoki Qiyomat Kuniga (Allohning azobidan) xotirjam holda keladigan kishimi?! O’zlaringiz xohlagan amalni qilaveringlar! Albatta U qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.

41. Albatta o‘zlariga Eslatma — Qur’on kelgan vaqtda unga kofir bo‘lgan kimsalar (qattiq azobga yo‘liqurlar). Shak-shubhasiz u aziz — qudratli Kitobdir.

42. Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil-nohaqlik kelmas (ya’ni Qur’oni Karimning hech qaysi tomonidan biron kitob yo hujjat kelib, uni botil qila olmas, chunki u) hikmat va hamdu-sano egasi tomonidan nozil qilingandir.

43. (Ey Muhammad), sizga ham (kofirlar tomonidan) faqat sizdan avvalgi payg‘ambarlarga (kofirlar tomonidan) aytilgan so‘zlargina aytilur (ya’ni agar mushriklar sizga ozor-aziyatlar yetkazayotgan bo‘lsalar, siz bunga sabr qiling, chunki avvalgi payg‘ambarlarga ham kofirlar tomonidan xuddi shunga o‘xshagan ozor-aziyatlar yetgandir). Shak-shubhasiz, Parvardigoringiz ham mag‘firat sohibidir, ham alamli azob sohibidir.

44. Agar Biz (Qur’onni) ajamiy (ya’ni arab tilida bo‘lmagan) Qur’on qilganimizda, albatta ular: «Uning oyatlari (bizlarning tilimizda) bayon qilinmabdi-da. (Muhammadning o‘zi) arab-ku, (nega unga) ajamiy (Qur’on tushibdi?)» degan bo‘lur edilar. Ayting: «(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dillaridagi shak-shubhani ketkazuvchi) shifodir. Iymon keltirmaydigan kimsalarni esa quloqlarida og‘irlik-karlik bordir va (Qur’on) ularga ko‘rlik (ya’ni qop-qorong‘i zulmat) bo‘lur. Ular (go‘yo) uzoq bir joydan chaqirilayotgan kishilar kabidirlar, ya’ni garchi Qur’on oyatlarini eshitsalar-da, uning ma’no-hikmatlarini anglay olmaslar).


I z o h . Ushbu oyati karima «Qur’on agar ajamlarning tilida bo‘lganida, bizlar ham unga iymon keltirgan bo‘lardik», deb bahona qilgan ayrim mushriklarga javoban nozil bo‘lgandir.

45. Darhaqiqat, Biz Musoga Kitob — Tavrot ato etganimizda, u (Tavrot) haqida ham (xuddi Qur’on haqida ixtilof qilinganidek) ixtilof qilingandir. Agar Parvardigoringiz tomonidan (barcha hisob-kitob qiyomat Kuni bo‘lishi xususidagi) So‘z o‘tmaganida, ularning o‘rtasida hukm qilingan bo‘lur edi (ya’ni ularga iymonsizliklari uchun darhol jazo berilgan bo‘lur edi). Haqiqatan ham ular (Qur’on) haqida shubha-gumondadirlar.

46. Kim biron yaxshi amal qilsa, o‘zi uchundir. Kim yomonlik qilsa, o‘z ziyoniga qilur. Parvardigoringiz bandalariga zulm qilguvchi emasdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:16:45

YIGIRMA BESHINCHI JUZ’
*************************



47. (Qiyomat) soati (qachon bo‘lishi) haqidagi bilim Uning O’zigagina qaytarilur (ya’ni qiyomat qachon bo‘lishi haqida so‘ralgan kishi «Uni yolg‘iz Alloh biladi», deyishi lozimdir). Barcha mevalarning o‘z gulkosalaridan chiqishi ham, har bir ayolning (urg‘ochi jinsning) homila olib, ko‘z yorishi ham albatta Uning ilmi bilan bo‘lur. U zot mushriklarga) «Mening «sheriklarim» qani?!»— deb nido qiladigan Kunda ular: «Bizlar Senga bildirurmizki, oramizda (Sening «sheriklaring» borligiga) bironta ham guvoh yo‘qdir», dedilar.

48. Va o‘zlari ilgari (hayoti dunyoda) duo-iltijo qilib o‘tgan butlari ulardan g‘oyib bo‘ldi. Ular o‘zlari uchun (Allohning azobidan) qochadigan biron joy yo‘q ekanligiga ishondilar.

49. Inson (o‘zi uchun) yaxshilik (mulku-davlat, baxt-saodat) tilashdan hech zerikmas. Agar unga yomonlik (kambag‘allik, baxtsizlik) yetib qolsa, noumidlikka, tushkunlikka tushguvchidir.

50. Qasamki, agar unga biron balo-kulfat yetganidan so‘ng Biz O’z tomonimizdan bo‘lgan biron marhamatni totdirsak, albatta u «Bu yolg‘iz o‘zimning (donoligim va sa’y-harakatim bilan bo‘ldi). Men (qiyomat) soati qoyim bo‘lishiga ishonmayman. Qasamki, agar (mabodo qiyomat qoyim bo‘lib), men Parvardigorimga qaytarilsam hech shak-shubhasiz Uning dargohida ham men uchun go‘zal (oqibat)— jannat bo‘lur», der. Bas (ana o‘sha o‘zlari iymon keltirmagan va yaxshi amal qilmagan hollarida jannatdan xomtama’ bo‘lib yurgan kimsalar bilsinlarki), albatta Biz kofir bo‘lgan kimsalarga o‘zlari qilgan amallarining xabarini berurmiz va albatta ularga qattiq azobni totdirurmiz.

51. Qachon Biz insonga (ne’mat-davlat) in’om qilsak, u (Bizga shukr qilishdan) yuz o‘girar va o‘z tomoniga ketar (ya’ni Bizni unutar). Qachon unga yomonlik (kambag‘allik-kulfat) yetib qolsa esa u uzundan-uzoq duo-iltijo egasidir

52. (Ey Muhammad, mushriklarga) ayting: «Xabar beringiz-chi agar (Qur’on) haqiqatan ham Alloh huzuridan (nozil qilingan bo‘lsa-yu, so‘ngra sizlar u (Qur’on)ga kofir bo‘lsangizlar, (u holda) kim (sizlar kabi) mangu ixtilofda bo‘lgan kimsalardan ham yo‘ldan ozganroq bo‘lur?!»

53. Toki ularga (ushbu Qur’on rostdan ham Alloh tomonidan nozil qilingan) Haq (Kitob) ekanliga aniq ma’lum bo‘lgunicha, albatta, Biz ularga atrof-ofoqdagi va o‘z vujudlaridagi (Bizning borligimiz va qudratimizga dalolat qiladigan) oyat-alomatlarimizni ko‘rsatajakmiz. Axir (ularga) Parvardigoringizning barcha narsaga guvoh ekani (ya’ni Alloh taolo ushbu Qur’onda koinotdagi barcha narsani qamrab olib, O’z hukmini bayon qilayotgani sizning haq payg‘ambar ekanligingizni isbotlash uchun) yetarli emasmi?!

54. (Ey insonlar) ogoh bo‘lingizkim, albatta ular Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishdan shak-shubhadadirlar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta U zot barcha narsani ihota qilguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:17:16



SHO'RO SURASI

Bu sura ellik uch oyatdan iborat bo‘lib, Makkada nozil qilingan.

U Qur’oni Karimning Alloh taolo tomonidan tushirilgan vahiy ekanligini ta’kidlash bilan boshlanib, so‘ngra avvalu-oxir barcha payg‘ambarlar keltirgan shariatlar mohiyati jihatidan bir bo‘lib, yolg‘iz Alloh taologagina sig‘inib-ibodat qilishga buyurgani haqida xabar beradi.

Bu surada ham boshqa Makka suralaridagi kabi mo‘minlar qo‘rquv va umid bilan kutayotgan, kofirlar esa inkor etayotgan Qiyomat kunining kelishi aniq va yaqin ekani ta’kidlanadi va barcha insonlarni o‘sha Kun kelib qolishidan ilgari, Parvardigorga iymon keltirib, yolg‘iz Uning amr-farmoniga itoat etishga buyuriladi.

Sura nihoyasida ushbu Qur’on mo‘minlarni Haq yo‘liga hidoyat qiladigan bir ilohiy Nur ekanligi uqtiriladi.

Bu surada ahli iymonning go‘zal fazilatlaridan bo‘lmish — har bir ishda maslahat — kengash bilan ish tutish xislatiga da’vat etadigan oyatlar ham mavjud bo‘lgani uchun u «Sho‘ro-Maslahat» surasi deb nomlangan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. Ayn, Sin, Qof.

3. (Ey Muhammad), Qudratli va Hikmatli Alloh sizga va sizdan avvalgi (payg‘ambarlar)ga mana shunday vahiy qilur.

4. Osmonlar va yerdagi bor narsalar Unikidir. U yuksak va ulug‘dir.

5. (Mushrik jamoalarning shirk keltirishlari sababli) ustlaridagi osmonlar yorilib ketishga yaqin bo‘lur. Farishtalar esa Parvardigorga hamdu sano aytish bilan (U zotni aybu nuqsondan va «sheriklar»dan) poklarlar va yerdagi (mo‘min-musulmon) kishilar uchun (Allohdan) mag‘firat so‘rarlar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Allohning O’zigina mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

6. (Allohni) qo‘yib (boshqa) «Do‘stlar»ni ushlagan (ya’ni o‘shalarga sig‘inayotgan) kimsalar ustida Alloh kuzatib turguvchidir. (Ey Muhammad), siz ularning ustida vakil-qo‘riqchi emassiz.

7. (Barcha) qishloq-shaharlar onasi — poytaxti (Makka ahlini) va uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogoxllntirishingiz uchun va (oxirat azobidan) shak shubha bo‘lmagan to‘planish Kunidan ogohlantirishingiz uchun Biz sizga mana shunday arabiy Qur’onni vahiy qildik. (U kunda) bir guruh jannatda bo‘lsa, bir guruh do‘zaxdadir.

8. Agar Alloh xoxlaganida, albatta ularni (ya’ni barcha insonlarni) bir millat (bir dinda — Islomda) qilgan bo‘lur edi. Lekin U O’zi xoxlagan kishilarni O’z rahmatiga (jannatiga) doxil qilur. Zolim-kofirlar uchun esa biron do‘st va yordamchi yo‘qdir.

9. Yoki, ular (Allohni) qo‘yib (boshqa) «do‘stlar»ni ushlab oldilarmi (ya’ni, o‘shalarga sig‘inmoqdalarmi)?! (Yo‘q), faqat Allohning O’zigina Do‘stdir. U o‘liklarga hayot berur va U barcha narsaga qodirdir.

10. (Ey Muhammad, mo‘minlarga ayting): «Sizlar (bu hayoti dunyoda kofirlar bilan) ixtilof qilgan har bir narsaning hukmi (Qiyomat kunida) Allohga (qaytarilur va U zot kim haq, kim nohaq ekanligini ajratib berur). Mana shu Alloh Parvardigorimdir. O’ziga suyandim va O’ziga iltijo qilurman».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:17:31



11. (Alloh) osmonlar va yerning ilk yaratguvchisidir. U sizlar uchun o‘zlaringizdan bo‘lgan juftlarni yaratdi va chorva hayvonlaridan ham juft-juft (yaratdi). U sizlarni o‘sha (juftlik vositasida) ko‘paytirur. Biron narsa U zotga o‘xshash emasdir. U eshitguvchi va ko‘rib turguvchidir.

12. Osmonlar va yer (xazinalarining) ochqichlari Unikidir. U O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (O’zi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Darhaqiqat U barcha narsani bilguvchidir.

13. (Ey mo‘minlar, Alloh) sizlar uchun ham dindan Nuhga buyurgan narsani va Biz sizga (ya’ni Muhammadga) vahiy qilgan narsani, (shuningdek) Biz Ibrohim, Muso va Iysoga buyurgan narsani — shariat - (qonun) qildi,— «Dinni barpo qilinglar va unda firqa-firqa bo‘lib bo‘linmanglar!»


I z o h: Ushbu oyati karimada Alloh taolo barcha payg‘ambarlarga bir narsani, ya’ni yolg‘iz Allohning dinini barpo qilishni va bu dinda turli firqalarga bo‘linib ketmaslikni buyurgani bayon etilmoqda.

(Ey Muhammad), mushriklarga siz da’vat qilayotgan narsa (ya’ni, yolg‘iz Allohga ibodat qilish) zo‘r keldi — og‘irlik qildi. Alloh u (dinga) hidoyat topish uchun O’zi xohlagan kishilarni saylar va Unga (yolg‘iz Allohga) iltijo qiladigan kishilarni hidoyat qilur.

14. Ular (ya’ni avvalgi payg‘ambarlarning qavmlari) ham bo‘linmaganlar, magar o‘zlariga (turli firqalarga bo‘linmaslik zarurligi haqida) bilim-hujjat kelganidan so‘ng o‘zaro hasad-adovat qilishib (firqa-firqa bo‘lib ketganlar. Agar Parvardigoringiz tomonidan (ularning jazolarini) belgilangan muddatgacha (ya’ni qiyomatgacha ta’xir qilish xususidagi) So‘z o‘tmaganida, albatta ularning o‘rtasida hukm qilingan bo‘lur edi - (ya’ni ular mana shu dunyodayoq jazolarini tortgan bo‘lur edilar)! Albatta ulardan keyin Kitobga (Tavrot, Injilga) voris qilingan kimsalar (ya’ni Muhammad alayhis-salomga zamondosh bo‘lgan yahudiy va nasroniylar) ham undan (o‘z Kitoblaridan) shak-shubhadadirlar.

15. Bas, (ey Muhammad), mana shuning uchun (ya’ni avvalgi qavmlar firqa-firqa bo‘lib ketganlari sababli yo‘ldan ozganlari uchun — siz o‘z ummatlaringizni birlik-ittifoqqa) da’vat qiling va o‘zingizga buyurilgani yanglig‘ To‘g‘ri yo‘lda bo‘ling hamda ularning (mushriklarning) havoyi nafslariga ergashmang! Ayting: «Men Alloh nozil qilgan har bir Kitobga iymon keltirdim va sizlarning o‘rtangizda (mendan so‘rab kelgan muammolaringizni hal etishda) adolat qilishga amr etildim. Alloh Parvardigorimiz va Parvardigoringizdir. Bizlarning amallarimiz o‘zimiz uchun, sizlarning amallaringiz o‘zlaringiz uchundir. Bizlar bilan sizlarning o‘rtangizda biron janjal yo‘qdir. Alloh (Qiyomat kunida) barchamizni jamlar va yolg‘iz Unga qaytish bordir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:17:47



16. Alloh (dini) haqida uni qabul qilinganidan so‘ng (odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun) talashib-tortishadigan kimsalarning hujjatlari (ya’ni talashib-tortishishlari) Parvardigor nazdida botil-behudadir. Ularga (bu dunyoda) g‘azab, (oxiratda esa) qattiq azob bordir. 
17. Alloh Haqqi-rost bo‘lgan Kitobni va tarozi-adolatni nozil qilgan zotdir. Qaerdan bilursiz, ehtimol (Qiyomat) soati yaqindir. (Bas, g‘aflatda qolmay Alloh nozil qilgan Haq Kitob va adolatni mahkam ushlash lozimdir).

18. (Qiyomatga) iymon keltirmaydigan kimsalar uni shoshtirurlar. Iymon keltirgan zotlar esa undan qo‘rquvchidirlar. Ular (Qiyomatning) haq eqanligini bilurlar. Ogoh bo‘lingizkim, (Qiyomat) soati xususida talashib-tortishadigan kimsalar (Haq yo‘ldan) yiroq zalolatdadirlar.

19. Alloh bandalariga mehribondir, U O’zi xohlagan kishilarga (keng-mo‘l) rizq berur. U kuchli, qudratlidir.

20. Kim (o‘z amali bilan) oxirat ekinini (ya’ni savobini) istar ekan, Biz unga ekinini(ng hosilini) mo‘l-ziyoda qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan (dunyo matolaridan) berurmiz va uning uchun oxiratda biron nasiba bo‘lmas!


I z o h. Bu oyati karimada har qanday yaxshi amal faqat oxiratdagi mukofotni ko‘zlab qilinsagina, Alloh taolo uning ajru savobini komil qilib berishi, ammo agar mol-dunyo va shon-shuhratga yetish g‘arazida riyokorlik bilan qilingan amallar uchun esa oxiratda hech qanday savob yo‘qligi uqtirilmoqda.

21. Balki ular (Makka mushriklari) uchun (kufr va shirk kabi) Alloh buyurmagan narsalarni — «din»ni ularga shariat qilib bergan sheriklari — butlari bordir?! Agar (yaxshi-yomon amallar Qiyomat Kunida) ajralishi xususidagi So‘z bo‘lmaganida, albatta ularning o‘rtalarida (shu dunyodayoq) hukm qilingan bo‘lur edi. Zolim kimsalar uchun shak-shubhasiz alamli azob bordir.

22. (Qiyomat kunida) u zolimlarni o‘zlari (hayoti dunyoda) kasb qilgan narsadan (ya’ni, kufru isyonlariga beriladigan jazolardan) qo‘rqib turgan hollarida ko‘rursiz. U (jazo esa qo‘rqsalar-qo‘rqmasalar) ularga tushguvchidir! Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar esa jannatlarning bog‘larida bo‘lishib, ular uchun Parvardigorlari huzurida xohlagan narsalari bordir! Mana shu katta fazlu marhamatning o‘zidir!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:18:05



23. Alloh iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan bandalariga beradigan xush-xabari ana shudir! (Ey Muhammad, Makka mushriklariga), ayting: «Men sizlardan bu (da’vatim) uchun ajr-mukofot so‘ramayman, faqat qarindoshchilikdagi do‘stlik-yaqinliknigina (ya’ni, men sizlar bilan nasl-nasab jihatidan qarindosh bo‘lganim haqqi-hurmati bu da’vatimga to‘sqinchilik qilmasliklaringiznigina so‘rayman)». Kim biron chiroyli amal qilsa, Biz uning uchun o‘sha (chiroyli amali)da yana husni ziyoda qilurmiz (ya’ni ziyoda savob ato eturmiz). Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi, yaxshilikni bilguvchidir.

24. Yoki ular: «(Muhammad Qur’on Alloh tomonidan nozil bo‘lgan, deb) Alloh sha’niga yolg‘on to‘qidi» deydilarmi?! (Undoq emas), chunki agar (siz yolg‘on to‘qiydigan bo‘lsangiz) Alloh xohlasa dilingizni muhrlab qo‘yur. Alloh O’z so‘zlari bilan botil-nohaq (gaplar)ni yo‘q qilur va Haqni haq qilur — ro‘yobga chiqarur. Albatta U dillarni egallagan (sirlar)ni bilguvchidir.

25. U bandalaridan tavba-tazarru’ qabul qiladigan, yomonliklarni afv etadigan va qiladigan ishlaringizni biladigan zotdir.

26. U iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarning (duolarini) ijobat qilur va ularga (so‘ragan narsalarini ato etib, yana) O’z fazlu karamidan ziyoda qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir.

27. Agar Alloh (barcha) bandalarining rizqlarini keng-mo‘l qilsa, albatta ular yer yuzida zulm-tajovuzkorlik qilgan bo‘lur edilar. Lekin U zot (bandalarining rizqu-ro‘zlarini) O’zi xohlaganicha o‘lchov bilan tushirur. Albatta U bandalaridan ogoh va ko‘rib turguvchidir.

28. U (odamlar yog‘in-sochindan) umidsizlikka tushganlaridan keyin yomg‘ir yog‘diradigan va O’z rahmat-barokotini keng yoyadigan zotdir. U hamdu-sano egasi bo‘lgan Do‘stdir.

29. Osmonlar va yerning yaratilishi hamda (Alloh) ularda tarqatib-yoyib yuborgan jonivorlar Uning (qudrati ilohiyasiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridandir. U O’zi xohlagan vaqtida ularni jamlab-yig‘ib olishga qodirdir.

30. (Ey insonlar)» sizlarga ne bir musibat yetsa, bas o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa — gunoh sababli (etur). Yana U ko‘p (gunohlarning jazosini bermasdan) afv qilib yuborur.

31. Sizlar yerda (hech qayoqqa) qochib qutulguvchi emassizlar. Va sizlar uchun Allohdan o‘zga biron do‘st va yerdamchi yo‘qdir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:18:26



32. Dengiz-daryolardagi tog‘lar yanglig‘ suzib yurgan (kema)lar ham Uning (qudrati ilohiyasiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridandir.

33. Agar (Alloh) xohlasa shamolni to‘xtatib qo‘yur, bas ular (dengiz) ustida (hech qayoqqa suzolmay) turib qolurlar — Albatta bunda har bir (baloga) sabr qilguvchi, (Allohning ne’matlariga) shukr qilguvchi uchun oyat-ibratlar bordir.

34. Yoki (agar Alloh xohlasa qattiq bo‘ron yuborib, kemadagi odamlarning) qilgan gunohlari sababli u (kema)larni halok (g‘arq) qilur va ko‘plarni (halokatdan qutqarib) afv etur.

35. (Toki) Bizning oyatlarimiz xususida talashib-tortishadigan kimsalar o‘zlari uchun (Allohning azobidan) biron qochib qutuladigan joy yo‘q ekanligini bilib olsinlar!

36. Bas (ey insonlar), sizlarga ato etilgan bor narsa(lar) hayoti dunyo matosidir va iymon keltirgan xamda yolg‘iz Parvardigorlariga suyanadigan zotlar uchun Alloh huzuridagi narsalar (ya’ni oxirat ne’matlari — dunyo matolaridan) yaxshiroq va boqiyroqdir.

37. Ular katta gunohlardan va buzuqliklardan chetlanadigan, g‘azablangan vaqtlarida esa kechirib yuboradigan zotlardir.


I z o h. Ushbu va quyidagi oyatlarda Alloh taolo oxirat ne’matlariga sazovor bo‘ladigan mo‘minlarning sifat-fazilatlarini bayon qiladi. Muhtaram o‘quvchi e’tibor bergan bo‘lsa, yuqoridagi oyatda umuman gunohlardan emas, balki katta gunohlar va buzuqliklardan yiroq bo‘lish haqida aytildi. Ular Allohga shirk keltirish, nohaq odam o‘ldirish, ota-onaga oq bo‘lish, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, sudxo‘rlik va zinokorlik kabilar bo‘lib, mo‘min odam unday illatlardan pok bo‘lishi vojibdir. Ammo kishi bilib-bilmay qilib qo‘yadigan kichik sahvu xatolar ham bordirki, bu haqda payg‘ambar alayhis-salom shunday marhamat qilganlar: «Har bir odam bolasi xatokordir. U xatokorlarning yaxshirog‘i — qilib qo‘ygan sahvu xatolariga tavba-tazarru’ qiladigai kishilardir».

Endi «g‘azablangan vaqtlarida kechirib yuboradilar» jumlasini shunday tushunmoq lozim. Islom dini nazarida g‘azablanmaslikning o‘zi hech qanday fazilat emas, chunki masalan dinga tosh otilgan vaqtda g‘azablanmagan musulmon musulmon emas, balki munofiq bo‘ladi. Fazilat o‘sha g‘azab tuyg‘usiga qul bo‘lib qolmasdan aql va insof bilan ish yuritmoqdir.


38. Ular Parvardigorlariga ijobat-itoat etgan va namozni to‘kis ado qilgan zotlardir. Ularning ishlari (mudom) o‘zaro sho‘ro-maslahat (bilan) bo‘lur va Biz ularni rizqlantirgan narsalardan infoq-ehson qilurlar.

39. Ular o‘zlariga zulm yetganda, (unga qarshi kurashib) g‘olib bo‘ladigan zotlardir.


I z o h. Agar boshqa dinlarda «O’ng yuzingga ursalar, chap yuzingni ham tutib ber» qabilida zolimlarga mute’lik targ‘ib qilinsa, Islom dini nazarida haqiqiy mo‘min zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashib g‘olib, bo‘ladigan kishidir. Zotan zolimning zulmidan qo‘rqib, haqsizlik va adolatsizlikka qarshi tura olmagan odamning iymoni komil iymon emasdir! Zero...

40. (Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta U zulm qilguvchilarni sevmas.

41. Albatta kim mazlum bo‘lganidan so‘ng (o‘ziga zulm qilgan kimsadan) g‘olib bo‘lsa (intiqom olsa) bas, ular(ni olgan intiqomlari uchun ayblash)ga yo‘l yo‘qdir.

42. Faqat odamlarga zulm qiladigan va yerda nohaq hadlaridan oshadigan kimsalar(ni ayblash va zulmu zo‘ravonliklari uchun jazolash)gagina yo‘l bordir. Ana o‘shalar uchun alamli azob bordir.

43. Albatta kim (o‘ziga yetgan ozor-aziyatlarga) sabr qilsa va (intiqom olmay Alloh uchun) kechirib yuborsa, shak-shubhasiz bu ish ishlarning maqsadga muvofig‘idir,

44. Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun o‘shandan keyin biron (To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatguvchi) do‘st yo‘qdir. Unday zolimlarning (qiyomat Kunida) azobni ko‘rgan vaqtlarida: «(Yana dunyoga) qaytishga biron yo‘l bormikan?» deyayotganlarini ko‘rursiz.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:18:46



45. Ularning xorlikdan egilgan va (do‘zaxga) ko‘z qirlari bilan qaragan hollarida unga ko‘ndalang qilinayotganlarini ko‘rursiz. Iymon keltirgan zotlar: «Albatta ziyon ko‘rguvchilar (garchi dunyo ne’matlaridan foydalanib o‘tgan bo‘lsalar-da) va qiyomat kunida o‘zlariga, ahli-oilalariga ziyon qilgan kimsalardir», dedilar. Ogoh bo‘lingizkim, u zolimlar mangu azobdadirlar.

46. Ular uchun Allohdan o‘zga yordam beradigan hech qanday «do‘stlar» bo‘lmas. Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun biron (To‘g‘ri) yo‘l yo‘qdir.

47. (Ey insonlar), Alloh tomonidan hech qaytarib bo‘lmaydigan bir Kun (Qiyomat) kelib qolishidan ilgari Parvardigoringizga ijobat-itoat etingiz! U kunda sizlar uchun biron qochadigan joy ham bo‘lmas va sizlar uchun (qilib o‘tgan gunohlaringizni) inkor qilish (imkoni) ham bo‘lmas.

48. (Ey Muhammad), agar (mushriklar) endi ham (yolg‘iz Allohga iymon keltirishdan) yuz o‘girsalar, bas, Biz sizni ularning ustiga qo‘riqchi qilib yuborganimiz yo‘q! Sizning zimmangizda faqat (Biz sizga nozil qilgan vahiyni) yetkazish bor xolos. Darhaqiqat Biz insonga O’z tomonimizdan rahmat-ne’matni totdirgan vaqtimizda, u o‘sha (ne’mat) bilan shodlanur, (ammo) agar ularga qo‘llari qilgan (gunohlari) sababli biron yomonlik yetsa, bas albatta inson (zoti) kufroni ne’mat qilguvchidir — ko‘rnamakdir!

49. Osmonlar va yer Allohning mulkidir. U O’zi xohlagan narsani yaratur, U O’zi xohlagan kishiga qizlarni xadya etur va O’zi xohlagan kishiga o‘g‘illarni hadya etur.

50. Yoki ularni egizak o‘g‘illar va qizlar qilur va O’zi xohlagan kishini — tug‘mas (bepusht) qilib qo‘yur. Albatta U (barcha narsani) bilguvchi va (O’zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir.

51. Biron odam uchun Alloh unga so‘zlashi joiz emas, magar vahiy-ilhom orqali, yo biron parda-to‘siq ortidan yoki biron elchi-farishta yuborib, o‘sha (farishta Allohning) izni-ixtiyori bilan o‘zi xohlagan narsani vahiy qilishi orqali (so‘zlar). Albatta U yuksak va hikmat egasidir.


I z o h . Mazkur oyatdan payg‘ambarlar Alloh taolo bilan uch vosita orqali bog‘langanlari ma’lum bo‘ldi, birinchisi: g‘oyibdan kelgan vahiy - ilhom yoki o‘ngidan keladigan tush orqali. Chunki payg‘ambar alayhis-salom: «Payg‘ambarlarnipg tushlari vahiydir», deganlar, Bunga misol Ibrohim xalilullohga tushlaridan o‘z o‘g‘illari Ismoil zabixullohning Alloh yo‘lida qurbonliq qilishga buyurilishidir. Ikkinchisi: biron parda-to‘siq ortidan Alloh taolo O’z payg‘ambariga so‘zlashidir. Bunga misol Tur tog‘ida Tangri taolo Muso payg‘ambarga bevosita so‘zlaganidir. Uchinchisi: Alloh taolo O’z payg‘ambarlariga farishtalar orqali vahiy yuborishi bo‘lib, Jabroil alayhis-salom Tangri taoloning vahiylarini payg‘ambarlarga eltguvchi farishtadir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:19:02



52. (Ey Muhammad), shunday qilib (xuddi avvalgi payg‘ambarlarga vahiy qilganimizdek) Biz O’z amrimiz bilan sizga Ruhni — Qur’onni vahiy qildik.

I z o h. Bu o‘rinda Alloh taolo tomonidan Qur’oni Karim "œRuh" deb atalishiga sabab jasad jon bilan tirik bo‘lgani kabi dinning ruhi — joni Qur’ondir.

Siz (payg‘ambar bo‘lishingizdan) ilgari na Kitobni — Qur’onni va na iymonni (ya’ni uning haqiqat-mohiyatini) bilguvchi edingiz. Lekin Biz uni (Qur’onni) bir nur qildikki, u bilan bandalarimizdan O’zimiz xohlagan kishilarni hidoyat Qilurmiz. Albatta siz (o‘zingizga tushgan vahiy yordamida) To‘g‘ri yo‘lga yetaklaysiz.

53. U (yo‘l) osmonlardagi va yerdagi bor narsa O’ziniki bo‘lgan zot — Allohning yo‘lidir! Ogoh bo‘lingizkim, barcha ishlar yolg‘iz Allohga qaytur!

 

ZUHRUF SURASI

Makkada nozil qilingan bu sura sakson to‘qqiz oyatdan tashkil topgan.

U Qur’oni Karim ta’rifi bilan boshlanib, so‘ngra Alloh taolo O’z bandalariga ato etgan behisob ne’matlardan ayrimlari sanab o‘tiladi.

Bu surada barcha narsani Alloh yaratganiga o‘zlari iqror bo‘lib turib, yana Tangri taologa o‘zgalarni «sherik» qiladigan va xususan «Uning bolasi bor» deydigan mushriklarning da’volari aniq-ravshan hujjatlar bilan keskin rad etiladi.

Bu surada ham Muhammad alayhis-salomning salaflaridan hazrati Ibrohim va Muso payg‘ambarlarning da’vatlari va chekkan aziyatlaridan ayrim lavhalar tasvirlanadi.

Suraning «Zuxruf — Zeb-ziynat» deb nomlanishiga sabab, unda bu dunyo oltin-kumush va zeb-ziynatlari Alloh taolo nazdida qanday martabada ekanligi batafsil bayon qilinadi.

Sura payg‘ambar alayhis-salomni mushriklardan yuz o‘girishga buyurib, ularning yaqinda qilmishlariga yarasha jazo olishlari aniq ekani haqida xabar berish bilan nihoyasiga yetadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2-3. Ochiq-ravshan Kitobga — Qur’onga qasamki, albatta Biz uni sizlar aql yurgizishingiz (ma’no-mazmunini fahmlashingiz) uchun arabiy Qur’on qildik.

4. Darhaqiqat u Bizning dargohimizdagi Asl Kitobda (Lavhul — Mahfuzda) yuksak (martabali) va hikmatli (Kitobdir).

5. Bas (kufru isyonda) haddan oshuvchi qavm bo‘lganlaringiz uchun Biz sizlardan bu Eslatmani burib (sizlarni o‘z hollaringizga tashlab) qo‘yurmizmi?!

6. Biz avvalgilarga ham qancha payg‘ambar yuborganmiz.

7. Ular ham o‘zlariga kelgan har bir payg‘ambarni masxara qilib kulgan edilar.

8. Bas, Biz ulardan (Makka kofirlaridan) kuchli-quvvatliroqlarni ham halok qilganmiz. (Ushbu Qur’onda) avvalgilarnsh masal-qissalari o‘tdi-ku!

9. (Ey Muhammad), qasamki, agar siz ulardan: «Osmonlar va yerni kim yaratgan?» deb so‘rasangiz, albatta: «Ularni qudratli va dono (Alloh) yaratgan», derlar. (Ammo o‘zlari hech narsa yarata olmaydigan but va sanamlarni U zotga sherik qilib, ularga sig‘inurlar).

10. O’sha zot sizlar uchun yerni beshik-qarorgoh qilib qo‘ydi va (safarlaringizda ko‘zlagan manzillaringizga) yo‘l topishlaringiz uchun unda (erda turli) yo‘llarni (paydo) qildi.

Qayd etilgan