Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466722 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:19:25



11. O’sha zot osmondan (aniq) o‘lchov bilan suv-yomg‘ir yog‘dirdi. Bas, Biz u (suv) bilan «o‘lik» shahar-qishloqlarni) tiriltirdik (ya’ni quruq yerdan turli-tuman giyohlarni chiqardik). Sizlar ham (Qiyomat kunida qabrlaringizdan) mana shunday chiqarilursizlar.

12. O’sha zot barcha juftlarni (ya’ni bor maxluqotni) yaratdi va sizlar uchun kemalar va chorva hayvonlaridan — sizlar minadigan narsalar (paydo) qildi.

13-14. Toki sizlar ularning ustiga o‘rnashgaysizlar, so‘ngra, unga o‘rnashib olgach, Parvardigoringizning ne’matini eslab: «Bizlarga bu (kema yoki ot-ulov)ni bo‘ysundirib qo‘ygan zot (ya’ni Alloh barcha aybu-nuqsondan) pokdir. Bizlar o‘zimiz bunga qodir emas edik. Shak-shubhasiz bizlar (barchamiz) «Parvardigorimizga qaytguvchidirmiz», degaysizlar.


I z o h. Yuqoridagi oyatlarda Alloh taolo bandalariga ato etgan ne’matlari qatorida ular shukr qilib, ibrat olishlari uchun o‘zlaridan necha barobar katta va kuchli kema va tuya kabi, insonlar minib va boshqarib yuradigan narsalarni ham yaratib qo‘yganini va shunday qudratli, bahaydat narsalarni insonga bo‘yinsundirib qo‘yganini bayon qildi. Endi quyidagi oyatlarda «farishtalar — Allohning qizlari» degan botil aqida egalari bo‘lgan mushriklar haqida hikoya qilinib, ularning bu puch da’volari ilohiy mantiq bilan rad etiladi.

15. Ular (mushriklar, Alloh) uchun O’z bandalaridan (ayrimlarini, ya’ni farishtalarni) juz’-bo‘lak qildilar! (Allohning bandalari bo‘lgan farishtalarni «U zotning qizlari, ya’ni Uning bir juz’i dedilar. Chunki farzand otaning juz’idir). Darhaqiqat inson ochiq-oydin ko‘rnamak-noshukurdir!

16. Balki, (Alloh) O’zi yaratadigan narsalardan qizlarni olib qolib, sizlarga o‘g‘illarni tanlab bergandir?!

17. Qachon ularning birontasiga, o‘zi Rahmon uchun misol qilgan narsa (ya’ni qiz ko‘rgani) haqida xushxabar berilsa, g‘azabga to‘lgan holda yuzi qorayib ketar.

18. «Hali zeb-ziynat ichida o‘stiriladigan, (hech qanday) janjal-munozarada (o‘z maqsadini) ochiq-ravshan bayon qilib bera olmaydigan (ojiz notavon qiz bolami)?!»

19. (Holbuki) o‘zlari Rahmonning bandalari bo‘lmish farishtalarni «Qizlar» dedilar! Yo ular (Alloh farishtalarni) yaratishiga guvoh bo‘lganmidilar?! Ularning bu «guvoh»liklari albatta (nomai a’mollariga) yozilur va ular (qiyomat kunida) so‘roqqa tutilurlar!

20. Ular: «Agar Rahmon xohlaganida, bizlar ularga (ya’ni farishtalarga «ular Allohning qizlari», degan e’tiqod bilan) ibodat qilmagan bo‘lur edik», dedilar. Ular uchun bu haqda hech qanday bilim-asos yo‘qdir. Ular faqat yolg‘on so‘zlamoqdalar!

21. Yoki Biz ularga (Qur’ondan) ilgari biron kitob ato etganmiz-u, ular o‘shani ushlaguvchimilar?! (Yo‘q, aslo undoq bo‘lgan emas)!

22. Balki ular (shunday) dedilar: Albatta bizlar ota-bobolarimizni bir millat — din ustida topganmiz va albatta bizlar ularning izlaridan borib hidoyat topguvchidirmiz».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:19:40



23. (Ey Muhammad), shuningdek Biz sizdan ilgari biron qishloq-shaharga biron ogoxlantirguvchi-payg‘ambar yubormadik, magar (yuborganimizda) u joyning boyonlari: «Albatta bizlar ularning izlaridan ergashguvchidirmiz», deganlar.

24. (Shunda payg‘ambarlari ularga) «Agar men sizlarga sizlar ota-bobolaringizni (e’tiqod qilgan hollarida) topgan dindan to‘g‘riroq dinni keltirgan bo‘lsam ham-a?» deganida, ular: «Albatta bizlar sizlar elchi qilib yuborilgan dinga kofirdirmiz», dedilar.

25. Bas Biz ulardan intiqom oldik. Endi u (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilguvchilarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘ring!

26. Eslang, Ibrohim otasiga va qavmiga degan edi: «Albatta men sizlar ibodat kilayotgan butlardan pokdirman.

27. Magar meni yaratgan zotgagina (ibodat qilurman). Bas, albatta U meni (Haq dinga) hidoyat qilajak».

28. U (Ibrohim) o‘shani (ya’ni o‘zining yolg‘iz Allohga ibodat qilishi haqidagi so‘zni o‘zidan keyin keladigan zurriyot-avlodlari ham unga) qaytishlari uchun o‘z ortida qolguvchi so‘z qildi.

29. Men esa (Ibrohim avlodlaridan bo‘lgan, ammo u qoldirgan So‘zga itoat etmagan) ana u (Makka aholisi)ni ham, ularning ota-bobolarini ham to ularga Haq-Qur’on va ochiq-ravshan payg‘ambar (Muhammad alayhis-salom) kelgunicha (uzun umr va farovon hayot bilan) foydalantirdim.

30. (Ammo) qachonki ularga Haq-Qur’on kelgach, ular: «Bu sehrdir, albatta bizlar unga kofirdirmiz», dedilar.

31. Yana ular: «Bu Qur’on ikki qishloq(ning biri)dan bo‘lgan ulug‘ odamga nozil qilinganida edi», dedilar.


I z o h. Ikki qishloqdan murod Makka va Toif shaharlaridir. Mushriklar nazarida Makkaning ulug‘i o‘sha joylik boyonlardan Valid ibn Mug‘iyra bo‘lsa, Toifning ulug‘i Urva ibn Mas’ud as-Saqafiy nomli bir boy edi. U mushriklar ham barcha zamonlardagi dunyoga qul bo‘lgan kimsalar kabi ulug‘likni mol-davlat va saltanat bilan o‘lchar edilar. Shuning uchun ular: «Agar bu Qur’on haq kitob bo‘lganida Muhammadga o‘xshagan bir yetim va kambag‘alga emas, balki Valid va Urva kabi ulug‘ zotlarga tushgan bo‘lar edi», dedilar.

32. (Ey Muhammad), Parvardigoringizning rahmati (bo‘lmish payg‘ambarlik)ni o‘shalar taqsimlaydilarmi?! (Yo‘q, aslo undoq emas!) Ularning hayoti dunyodagi maishat-tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz O’zimiz taqsimlaganmiz va ba’zilari ba’zilarini qo‘l ostiga olib (ishlatish) uchun ayrimlarini ayrimlaridan baland daraja-martabalarga ko‘tarib qo‘yganmiz. Parvardigoringizning rahmati-payg‘ambarlik esa ular to‘playdigan narsa (mol-dunyo)laridan yaxshiroqdir. (Bas, Biz bu ulug‘ ne’matni faqat O’zimiz tanlagan kishilargagina ato eturmiz).

33. Agar (iymonsiz kimsalarning boy-badavlat, to‘kin-sochinlikda yashayotganlarini ko‘rishib, barcha) odamlar bir millat (ya’ni kofir) bo‘lib olishlari bo‘lmaganida edi, albatta Biz Rahmonga (ya’ni Bizga) kofir bo‘ladigan kimsalar uchun uylarining shiftlarini ham, unga chiqadigan narvonlarni ham kumushdan qilib qo‘ygan bo‘lur edik.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:20:03



34. Yana ularning uylarining eshiklarini ham, o‘zlari ustida suyanib-yastanib o‘tiradigan so‘rilarni ham (kumushdan qilib qo‘ygan bo‘lur edik).

35. Yana (barcha) zeb-ziynat, naqsh-nigorlarni ham (o‘sha kofirlar uchun qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Zero bularning) barchasi faqat hayoti dunyo matolaridir. Oxirat esa Parvardigoringiz nazdida taqvodor zotlar uchundir.


I z o h. Ushbu oyatlardan Alloh taolo nazdida bu dunyo o‘zining bor zebu-ziynat va hoyu-havasi bilan naqadar haqir bir narsa ekani ma’lum bo‘ldi. Payg‘ambar alayhis-salomdan rivoyat qilingan bir hadisi sharif mazkur oyatlarning munosib tafsiri bo‘lsa kerak: «Agar Alloh taoloning huzurida dunyo uchun pashshaning qanoticha vazn-qimmat bo‘lganida, Alloh kofirga undan bir qultumini ham ravo ko‘rmagan bo‘lur edi». Qur’oni Karim bu oyatlar vositasida bizlarni tarki dunyochilikka targ‘ib qilmaydi, balki bu dunyo unga qul bo‘lishga arziydigan matoh emasligini uqtiradi.

36. Kim Rahmon eslatmasidan (ya’ni Qur’on pand-nasihatlaridan) ko‘r bo‘lib olsa — yuz o‘girsa, Biz unga shaytonni yaqin qilib qo‘yurmiz, bas u o‘sha (kofirga doimiy) hamroh bo‘lur.

37. Shak-shubhasiz (shaytonlar, kofirlarni To‘g‘ri) yo‘ldan to‘surlar, (ammo kofirlar) o‘zlarini hidoyat topguvchilar, deb hisoblaydilar.

38. To qachon Bizning huzurimizga kelgach, (o‘zini To‘g‘ri yo‘ldan ozdirgan shaytonga qarab): «Orzu edi, men bilan sening o‘rtang Sharqu G’arbning o‘rtasidagi masofa (kabi yiroq) bo‘lsa. Bas (sen), naqadar yomon hamrohdirsan», der.

39. (Ey kofirlar va ularni To‘g‘ri yo‘ldan ozdirgan peshvolari, hayoti dunyoda kufr yo‘lini tanlash bilan o‘zlaringizga) zulm qilganlaringiz sababli bu Kun sizlarga azobda sherik ekanliklaringiz hargiz foyda bermas (ya’ni azobni qattiqligidan har biringiz o‘zingiz bilan ovora bo‘lib, sheriklaringizga hamdardlik bildirib, azoblarini yengillata olmassizlar)!

40. Bas, (Ey Muhammad), siz karlarga eshittira olurmisiz, yo ko‘rlar va ochik zalolatda bo‘lgan kimsalarni hidoyat qila olurmisiz?

41. Bas, agar Biz (kofirlarni mag‘lub etishdan ilgari) sizni ketkazsak (ya’ni vafot qildirsak ham) albatta biz ulardan (oxiratda) intiqom olguvchidirmiz.

42. Yoki, albatta Biz ularga va’da qilgan narsani (ya’ni boshlariga tushajak azobni hayotlik chog‘ingizdayok) sizga ko‘rsaturmiz. Zero Biz ularga (azob berishga) qodirdirmiz.

43. Bas, siz o‘zingizga vahiy qilingan narsani Qur’onni mahkam ushlang! Albatta, siz To‘g‘ri yo‘ldadirsiz.

44. Albatta u (Qur’on) siz uchun ham, qavmingiz-ummatingiz uchun ham bir sharafdir va yaqinda (Qiyomat kunida bu ne’mati ilohiyya xususida) so‘ralursizlar.

45. (Ey Muhammad), Biz sizdan ilgari yuborgan payg‘ambarlardan so‘rab (ya’ni ular keltirgan diniy ta’limotlarni o‘rganib) boqing-chi, Biz Rahmondan (ya’ni O’zimizdan) o‘zga ibodat qilinadigan «iloh»lar qilganmikanmiz?! (Yo‘q, barcha payg‘ambarlar yolg‘iz Allohga ibodat qilishga da’vat etgandirlar)!

46. Aniqki, Biz Musoni O’z oyat-mo‘jizalarimiz bilan Fir’avn va uning odamlariga yubordik. Bas, u: «Albatta men barcha olamlar Parvardigorining payg‘ambaridirman», dedi.

47. Endi qachonki u Bizning oyat-mo‘jizalarimizni ularga keltirgach, banogoh ular u (mo‘jizalar ustidan) kula boshladilar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:20:22



48. Biz ularga (to‘fon, chigirtka balolari kabi azob oyatlaridan) biron oyat ko‘rsatsak, albatta u (o‘zidan avvalgi) sherigidan ulug‘roq-dahshatliroq oyat bo‘lur edi. Shoyad (kufrdan iymonga) qaytsalar, deb Biz ularni (turli) azob bilan ushladik.

49. Ular (Bizning oyatlarimizni ko‘rishgach, Musoga): «Ey sehrgar, senga bergan (duoyingni mustajob qilishi xususidagi) va’dasi haqqi-hurmati Parvardigoringga bizlar uchun duo qil. (Agar U sening duoying sababli bizlardan bu azoblarni aritsa) albatta bizlar hidoyat topguvchidirmiz (ya’ni o‘sha Allohga iymon keltirguvchidirmiz)», dedilar.

50. Endi qachonki Biz (Musoning duosi sharofati bilan) ulardan azobni aritsak, banogoh ular (o‘z ahdlarini) buza boshladilar.

51. Va Fir’avn o‘z qavmiga jar solib, dedi: «Ey qavmim, Misr podshoxligi va mana bu ostimdan oqib turgan daryolar mening (mulkim) emasmi?! Axir ko‘rmayapsizlarmi?!

52. Balki men mana bu xor bo‘lgan va (o‘z maqsadini) ochiq bayon qila olmaydigan kimsadan (ya’ni Musodan) yaxshiroqdirman?!

53. Bas unga (Musoga osmondan xuddi podshoxlarning bo‘yniga gulchambar tashlanganidek) oltindan bo‘lgan bilaguzuklar tashlanganida edi yoki u bilan birga farishtalar hamroh bo‘lib kelganida edi (uning payg‘ambarligiga ishonsanglar bo‘lar edi. Undoq bo‘lmagach nega unga iymon keltirasizlar)?!»

54. Bas, u o‘z qavmini tezlatgan edi, ular unga itoat etdilar. Darhaqiqat ular fosiq qavm edilar.

55. Endi qachonki ular Bizni darg‘azab qilishgach, Biz ulardan intiqom oldik — ularning barchalarini (dengizga) g‘arq qilib yubordik.

56. Bas, ularni keyingilar uchun o‘tmish-ibrat va misol qilib qo‘ydik.

57. (Ey Muxammad), kachonki (Iyso) binni Maryam misol keltirilsa, banogoh qavmingiz (bu misoldan shodlanib) qichqira boshlaydilar.

58. Ular: «Bizlarning ilohlarimiz yaxshiroqmi yoki umi (ya’ni Iysomi?!) dedilar. Ular (bu misolni) sizga faqat talashib-tortishish uchungina keltirdilar. Axir ular xusumatchi-urushqok qavmdirlar!


I z o h . Bu oyatlar mushriklar Iyso binni Maryamni misol qilib, Muhammad alayhis-salomni mulzam etmoqchi bo‘lishgani xususidadir. Payg‘ambar alayhis-salom qurayshliklarga «(Ey mushriklar), sizlar ham, Allohni qo‘yib sig‘inayotgan butlaringiz ham jahannam o‘tinlaridir», oyatini (Anbiyo surasi, 98-oyat) tilovat qilganlarida, mushriklar g‘azabga minishib: «Ey Muhammad, bu faqat bizlarga tegishlimi yoki barcha millatlargami?» dsb so‘rashadi, Hazrat ularga «Bu oyat barcha zamonlardagi mushriklar va ular sig‘inadigan narsalarga tegishlidir», deb javob bergach, ulardan biri turib: «Axir sen Iysoni Allohning payg‘ambari deb eding-ku! Holbuki nasroniylar uni xudo deb sig‘inadilar. Bas, agar Iyso nasroniylar uni xudo qilib olganlari sababli do‘zaxga tushadigan bo‘lsa, bizlar ham o‘z xudolarimiz bilan do‘zaxga tushishga rozimiz. Endi bizlarga aytgin-chi, bizlarning xudolarimiz yaxshiroqmi yoki Iysomi?!» dedi. Shunda yuqoridagi oyatlar nozil bo‘lib, Iyso payg‘ambar vafot topib ketgandan keyin nasroniylar u zotni xudo qilib olishganlari uchun u kishi aybdor emasliklari, bu mushriklar esa faqat talashib-tortishish uchungina bunday bexuda misollarni keltirishlari bayon etiladi, Quyidagi oyatlarda Iyso binni Maryam kim bo‘lganliklari xususida yana bir bor uqtiriladi.

59. U faqatgina Biz (payg‘ambarlik) in’om etgan bir bandadir. Biz uni (otasiz dunyoga keltirish bilan) Bani Isroil uchun (Bizning qudratimizni namoyish qiladigan) bir misol-ibrat qildik.

60. Agar xohlaganimizda, albatta sizlarning o‘rningizga yerda xalifa bo‘ladigan farishtalarni (paydo) qilgan bo‘lar edik.


I z o h . Bu oyatda Alloh taolo uchun nafaqat Iysoni otasiz yaratish, balki yer yuzidagi barcha odamlarni yo‘q qilib, ularning O’rniga farishtalarni qo‘yib qo‘yish ham juda oson ish ekanligi ta’kidlanadi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:20:51



61. Albatta (Iyso Qiyomat) soati haqidagi bilim-alomatdir. Bas, sizlar u (soat) haqida hargiz shak-shubha qilmangiz!

I z o h . Sahobai kiromlardan Ibn Abbos va Qatodaning aytishlaricha (Alloh ulardan rozi bo‘lsin), qiyomat qoyim bo‘lishi oldida Alloh taolo Iyso alayhis-salomni dunyoga tushirib, u kishi butun yer yuzida Islom hukmini yurgizar ekanlar. Shuning uchun ushbu oyati karimada Iyso — qiyomat alomatidir deyildi. Oyatning davomida endi payg‘ambar alayhis-salomga buyuriladi:

(Ey Muhammad, Makka ahliga ayting): «Menga ergashinglar! Mana shu To‘g‘ri yo‘ldir».

62. Sizlarni hargiz shayton (Allohning dinidan) to‘smasin. Albatta u sizlar uchun ochiq dushmandir.

63. Qachonki Iyso aniq-ravshan hujjat-mo‘jizalarni keltirgach, dedi: «Mana men sizlarga Hikmat — Injil bilan, sizlarga o‘zlaringiz ixtilof qilayotgan ayrim narsalarni bayon qilib berish uchun keldim. Bas Allohdan qo‘rqingiz va menga itoat etingiz!

64. Albatta Allohning O’zi Parvardigorim va Parvardigoringizdir, bas (yolg‘iz), Unga ibodat qilingiz! Mana shu To‘g‘ri yo‘ldir».

65. So‘ng (Nasroniylarning ichidan chiqqan) firqalar (Iyso xususida, ayrimlari uni «xudo», deb, ayrimlari «Xudoning o‘g‘li, deb) o‘zaro ixtilof qildilar. Bas, u zolim kimsalarga alamli Kun — qiyomatning azobi — halokat bo‘lgay!

66. Ular faqat o‘zlari ham sezmagan hollarida (Qiyomat) soati to‘satdan kelib qolishini kutadilar xolos.

67. U Kunda do‘stlar bir-birlariga dushmandir, magar (Alloh yo‘lida do‘stlashgan) taqvodor zotlargina (mangu do‘stdirlar).

68-69. (U Kunda ularga aytilur): «Ey, Bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon bo‘lib o‘tgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar yo‘qdir va sizlar aslo g‘amgin bo‘lmaysizlar.

70. Sizlar jufti halollaringiz bilan birga shod-xurram bo‘lgan hollaringizda jannatga kiringiz!»

71. Ularga oltindan bo‘lgan laganlar(da taomlar) va qadaxlar(da sharoblar) aylantirilur. U joyda ko‘ngillar tilaydigan va ko‘zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar.

72. Qilib o‘tgan amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir.

73. Sizlar uchun u joyda ko‘plab meva-chevalar bo‘lib, sizlar ulardan yersizlar.


I z o h. Mazkur oyatlarda besh kunlik dunyoda taqvo bilan yashab o‘tgan mo‘min-musulmonlarga meros qilib beriladigan jannatdagi noz-ne’matlar beadad va mangu boqiy, bog‘-mevalari esa xazon bilmas ekanligi bayon etildi. Endi dinsiz osiylarning oqibatlari qanday bo‘lishi haqida xabar beriladi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:23:09



74. Albatta jinoyatchi kimsalar (ya’ni kofirlar) jahannam azobida mangu qolguvchidirlar.

75. Ulardan (azob biron lahza ham) yengillatilmas va ular (o‘sha azobda qolib) butunlay nomurod bo‘lguvchidirlar!

76. Ularga Biz zulm qilmadik, lekin ular (o‘zlariga) zulm qilguvchi bo‘ldilar.

77. Ular (do‘zax xodimi bo‘lgan farishtaga) «Ey Molik, Parvardigoring bizlarga hukmini qilsin (ya’ni tezroq jonimizni olsin, bizlar bu azobdan qutulaylik», deb) nido qilganlarida, u «Albatta sizlar (mana shu azobda mangu) turguvchidirsizlar», dedi.

78. Aniqki Biz sizlarga Haq-Qur’onni keltirganmiz, lekin sizlarning ko‘plaringiz Haqni yomon ko‘rguvchidirsizlar.

79. Balki ular (ya’ni Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomga suiqasd qilish uchun) biron ishga qaror qilgandirlar?! Bas, albatta Biz ham (O’z payg‘ambarimizga ularning makrlaridan najot berib, u suiqasd qilguvchilarning o‘zlarini halok etishga) qaror qilguvchidirmiz.

80. Balki ularning gumonlaricha, Biz ularning sirlarini (bilmasmiz) va shivir-shivirlarini eshitmasmiz?! Undoq emas! Bizning elchilarimiz (farishtalar) ularning oldilarida (har bir qilgan ishlarini) yozib tururlar!

81. (Ey Muhammad, «Allohning bolasi bor», deydigan mushriklarga) ayting: «Agar Rahmonning bolasi bo‘lganida men (u bolaga) ibodat qilguvchilarning birinchisi bo‘lur edim, (lekin U zotning bolasi ham, oilasi ham yo‘qdir)!»

81. Osmonlar va yerning Parvardigori, Arsh Egasi (bo‘lgan Alloh) ular sifatlayotgan va’da qilingan Kunga ro‘baro‘ bo‘lgunlaricha (nohaq yo‘llariga) sho‘ng‘ishib, (o‘z dunyolarida) o‘ynab-kulib yuraversinlar!

84. U (Alloh) osmonda ham iloh, yerda ham iloh bo‘lgan zotdir. U hikmat egasi va bilguvchidir.

85. Osmonlar va yer hamda ularning o‘rtasidagi bor narsalar podshohligi O’ziniki bo‘lgan zot barakotli — buyukdir. (Qiyomat) soati haqidagi bilim ham yolg‘iz Uning huzuridadir. Yolg‘iz Ungagina qaytarilursizlar.

86. (Mushriklar Allohni) qo‘yib duo iltijo qilayotgan butlari (Qiyomat kunida biron kishini) shafoat qilishga ega bo‘la olmas, magar o‘zlari bilgan hollarida Haq guvohlik bergan (ya’ni, «Hech qanday iloh yo‘q, magar yolg‘iz Allohgina bor ekanligiga guvoxlik beraman» degan) kishilargina (Allohning izni irodasi bilan shafoat qilishga qodir bo‘lurlar).

87. (Ey Muhammad), qasamki, agar siz ulardan o‘zlarini kim yaratgani haqida so‘rasangiz, albatta ular: «Alloh», derlar. Bas, (Usha yaratguvchiga ibodat qilish o‘rniga) qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

88. (Alloh taolo Muhammad alayhis-salomning): «Parvardigorim, darhaqiqat ana ular iymon keltirmaydigan qavmdir», degan (so‘zlarini ham bilur).

89. Bas, (ey Muhammad), siz ulardan yuz o‘giring va «Tinchlik-omonlik bo‘lsin», deng! Bas, ular yaqinda (kufru isyonlarining oqibati qanday bo‘lishini) bilib olajaklar!

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:23:26



DUXON SURASI

Bu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, ellik oyatdir.

Sura Qur’oni Karimning muborak Qadr kechasida nozil bo‘lgani haqida xabar berish bilan boshlanadi,

So‘ngra bu aziz Kitobdan shak-shubhada bo‘lgan mushriklar osmondan «tutun»— g‘ubor yog‘iladigan kun bilan ogohlantiriladilarki, suraning «Duxon-Tutun» deb nomlanishi shundandir.

Bu surada Tangri taoloning payg‘ambarlaridan Muso alayhis-salomning Fir’avn qavmiga yuborilishlari va u zotga iymon keltirgan kishilarga qanday najot berilib, inkor etganlar qanday halokatga yo‘liqqanlari batafsil bayon qilinadi.

Sura kofirlar tushadigan do‘zax dahshatlari va mo‘minlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat manzaralarini tasvirlash bilan nihoyasiga yetadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2-3. Ochiq-ravshan Kitobga — Qur’onga qasamki, albatta Biz uni bir muborak-barakotli kechada nozil qildik. Darhaqiqat Biz (insonlarni ushbu Qur’on bilan oxirat azobidan) ogohlantirguvchi bo‘ldik.


I z o h . Ko‘pchilik ulamolarning aytishlaricha bu kecha Ramazon oyidagi Qadr kechasi bo‘lib, Qur’oni Karim o‘sha kechada nozil bo‘la boshlagandir. Uning «muborak-barakotli kecha deyilishiga sabab esa, jaholat zulmatlarida qolib, o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan insoniyat olami o‘sha kechada osmon bilan bog‘lanib, undan o‘zi uchun to qiyomat dasturul-amal bo‘ladigan ilohiy yul-yo‘riqlar ola boshlaganidir. Bu kechaning yana boshqa xislatlari ham borki, u haqda quyidagi oyatlarda bayon qilinadi.

4. U (kecha)da barcha puxta-aniq ish(lar) ayrilur (belgilanur).

I z o h . Ibn Abbos (Alloh undan rozi bo‘lsin) aytadilarki, Alloh taolo bu kechada to kelgusi sananing shu kechasigacha bo‘ladigan, bandalarga taalluqli barcha ishlar haqida hukm qilur.

5. (Bu kechada taqdir qilinadigan barcha ishlar) Bizning huzurimizdan bo‘lgan Ishdir. Darhaqiqat Biz (bashariyatga payg‘ambarlar) yuborguvchi bo‘ldikki,

6. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo‘lgan rahmat-mehribonlikdir. Albatta Uning O’zigina (barcha narsani) eshitguvchi, bilguvchidir.

7. Agar haqiqiy ishonguvchi bo‘lsangizlar, (o‘sha sizlarning Parvardigoringiz) osmonlar va yerning hamda ularning o‘rtasidagi bor narsalarning ham Parvardigoridir.

8. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zi bordir. Hayot va o‘lim beradigan ham Uning O’zidir. Sizlarning Parvardigoringiz ham, avvalgi ota-bobolaringizning Parvardigori ham (Uning O’zidir).

9. Yo‘q, ular (ya’ni mushriklar qayta tirilish xususida) shak-shubhada bo‘lib, (Allohning payg‘ambarlarining ustidan masxara qilib) o‘ynarlar.

10. Bas, (ey Muhammad), siz osmon ochiq (ya’ni barchaga ko‘rinadigan) tutunni keltiradigan Kunga ko‘z tuting!

11. U (tutun barcha) odamlarni o‘rab olur. Bu alamli azobdir.


I z o h . Imom Buxoriy rivoyat qilishlaricha, qurayshliklar o‘z kufru isyonlaridan qaytishmagan, u zot Alloh taolodan Yusuf payg‘ambar zamonlarida bo‘lib o‘tgan qahatchilik kabi balo yuborishni so‘ragan ekanlar. Shunda bir necha yil davomida shunday qurg‘oqchilik va qahatchilik bo‘libdiki, odamlar qo‘llariga tushgan narsani yeya boshlabdilar va qurib-qaqshab ketgan yerdan ko‘tarilgan chang-to‘zon ularning ko‘zlariga tutundek ko‘rina boshlabdi. Ana endi ular Alloh taologa yolvorib duo-iltijo qilishga tutinadilar.

12. «Parvardigor, O’zing bizlardan bu azobni aritgin. Albatta bizlar iymon keltirguvchidirmiz».

13-14. (Lekin) ular uchun qayoqdan ham (boshlariga tushgan bu balo-ofatlardan) eslatma-ibrat olish bo‘lsin?! Holbuki ularga ochiq payg‘ambar (ya’ni Muhammad alayhis-salom) keldi, so‘ngra undan yuz o‘girdilar va: «(Unga Qur’on birovlar tomonidan) o‘rgatib qo‘yilgan, (u) majnun», dedilar-ku?! (Bas, ochiq-ravshan mo‘jiza — Qur’onni keltirgan payg‘ambarga iymon keltirmay, undan yuz o‘girgan kimsalar boshqa biron narsadan pand-nasihat olarmidilar?!)

15. Albatta Biz bu azobni (sizlardan) bir oz (vaqtgacha) aritguvchidirmiz, sizlar ham shak-shubhasiz (o‘z kufru isyonlaringizga) qaytuvchidirsizlar.

16. Biz dahshatli ushlash bilan ushlaydigan kunda (ya’ni Badr jangida yoki Qiyomat kunida Biz ulardan intiqom olurmiz). Zero Biz intiqom olguvchidirmiz.

17. Aniqki, Biz Ulardan ilgari Fir’avn qavmini ham imtihon qilganmiz va Ularga bir ulug‘ payg‘ambar (ya’ni Muso alayhis-salom) kelgandir.

18. (U ularga dedi): «Sizlar menga Allohning bandalarini (ya’ni Bani Isroil qavmini) topshiringlar! Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman».


I z o h. Ma’lumki, Fir’avn va uning qavmi bo‘lgan Qibtiylar Bani Isroil qavmini mustamlaka qilib, ularga ko‘p zulmu zo‘ravonliklar qilar edilar. Muso payg‘ambar Alloh taoloning amri bilan Fir’avn oldiga borib, undan Bani Isroil qavmini ozod qilib yuborishni talab qiladi. Mazkur va quyidagi oyatlarda shu haqda xabar beriladi.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:23:50



19. «Va Allohga kibru havo qilmanglar! Albatta men sizlarga (o‘zimning haq payg‘amar ekanligimga) ochiq-ravshan hujjat (mo‘jizalar) keltirurman».

20. (Shunda Fir’avn va uning qavmi Musoni o‘ldirish bilan tahdid solganlarida u dedi): «Albatta men Parvardigorim va Parvardigoringizdan sizlar meni toshbo‘ron qilishlaringizdan panoh so‘raganman, (demak sizlarning tahdidlaringizdan qo‘rqmayman).

21. Agar menga iymon keltirmasangizlar u holda meni xoli qo‘yinglar!»

22. Bas, u Parvardigoriga «Darhaqiqat ular jinoyatchi qavmdir (ya’ni O’zing ularning jazolarini bergin»,) deb duo qildi.

23. Bas, (Alloh Musoga vahiy yubordiki,) «Bandalarim (ya’ni Bani Isroil qavmi) bilan birga tunda yo‘lga chiqqin! Albatta, sizlarning izingizga tushilur (ya’ni Fir’avn va uning qo‘shini ortingizdan quvib yetur).

24. Va dengizni sokin (ya’ni sizlar o‘tayotganda ikkiga bo‘lingan edi, ana o‘sha holida) qo‘yavergin (va Fir’avn o‘z qo‘shini bilan undan o‘tib olishidan qo‘rqma). Shak-shubhasiz ular g‘arq qilinguvchi qo‘shindir».

25-26. Ular qanchadan-qancha bog‘larni, chashmalarni, ekinzorlarni va ulug‘-go‘zal joylarni qoldirib (o‘zlari g‘arq bo‘lib) ketdilar!

27. Va (qanchadan-qancha) o‘zlari vaqtichog‘lik qilgan ne’matlarni (qoldirib ketdilar)!

28. Mana shunday! Biz u (ne’matlarni boshqa) bir qavmga meros qilib berdik!

29. Bas, ularga osmon ham, yer ham (aza tutib) yig‘lagani yo‘q va ularga (tavba-tazarru’ uchun) muxlat ham berilmadi!

30-31. Darhaqiqat Biz Bani Isroilga xor qilguvchi azobdan — Fir’avndan najot berdik. U haqiqatan mutakabbir, haddan oshuvchilardan edi.

32. Darhaqiqat Biz ularni (Bani Isroil qavmini) bilgan holimizda (o‘z zamonlaridagi barcha) olamlar — odamlardan tanlab oldik — afzal qildik.

33. Va ularga oyat-mo‘jizalardan (dengizning qoq o‘rtasidan bo‘linishi, osmondan rizqu ro‘z yog‘ilishi kabi) narsalarni ato etdikki, ularda (tafakkur qilguvchi uchun) ochiq imtihon-sinov bordir.

34-35-36. Albatta ana ular (ya’ni Quraysh kofirlari: «O’lim) faqat birinchi o‘limimizdir va bizlar qayta tirilguvchi emasmiz. Bas, agar («oxirat hayoti ham bor», degan so‘zlaringizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar (o‘lib ketgan) ota-bobolarimizni (qayta tiriltirib) keltiringlar-chi?» derlar.

37. Ular (kuch-quvvatda) yaxshiroqmi yoki Tubba’ qavmi va ulardan avvalgi kimsalarmi?! Biz ularni halok qildik. Chunki ular jinoyatchi — osiy edilar.


I z o h . Tubba’ — qadim zamonda Madina atrofida yashab o‘tgan bir solih podshoh bo‘lib, uning qavmi juda baquvvat kishilar edi. Ular kuch-quvvatlariga ishonib Tubba’ga itoat etmaganlaridan keyin Alloh taolo ularni halok qilgan edi. Ushbu oyat «Bizlarni yoshimizni yashab bo‘lgunimizcha hech kim halok qila olmaydi va o‘lganimizdan keyin hech kim tiriltira olmaydi», deydigan Quraysh kofirlari haqidadir.

38. Biz osmonlar va yerni hamda ularning orasidagi narsalarni o‘ynab-behuda yaratganimiz yo‘q.

39. Biz ularni faqat Haq (qonun, intizom) bilan yaratganmiz. Lekin ularning ko‘plari bilmaslar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:24:41



40. (Haq bilan botilning) ajralish Kuni (ya’ni Qiyomat kuni) barchalarining (insonlarning) hisob-kitob vaqtidir.

41. U Kunda do‘st do‘stga biron narsada asqotmas va ularga yordam ham berilmas.

42. Magar Alloh rahmat qilgan kishilargagina (yordam berilur). Albatta Uning O’zigina qudratli va mehribondir.

43-44. Albatta (do‘zaxning o‘rtasida o‘sadigan) Zaqqum daraxti gunohkorning taomidir.

45-46. (U taom) misoli qaynoq suvning qaynashi kabi qorinlarda qaynaydigan eritilgan (dog‘langan) yog‘dir!

47-48. (Do‘zax farishtalariga): «Uni (gunohkorni) ushlab do‘zaxning o‘rtasiga sudrab olib boringlar, so‘ngra boshi ustidan qaynoq suvdan — azobdan quyinglar!» (deb amr etilur).

49-50. (Unga masxara qilish uchun: «Mana bul azobni) totib ko‘rgin! Darhaqiqat, sening o‘zinggina «qudratli va ulug‘dirsan». Darvoqe’, bu (azob) sizlar (hayoti dunyodalik paytingizda) shak-shubha qilgan narsangizdir!» (deyilur).

51-52. Albatta taqvodor zotlar (U Kunda) osoyishta joyda, bog‘lar va chashmalar ustida bo‘lurlar.

53. Ular bir-birlariga ro‘baro‘ bo‘lgan hollarida ipak-shoyidan liboslar kiyib (o‘ltirurlar).

54. Mana shunday! Yana Biz ularga ohuko‘z hurlarni jufti halol qilib qo‘ygandirmiz.

55. Ular u joyda tinch-xotirjam bo‘lgan hollarida (xizmatkorlardan) barcha meva-chevani chaqirurlar.

56. Ular (jannatda) birinchi o‘limdan (ya’ni hayoti dunyodan ko‘z yumganlaridan) boshqa o‘limni totmaslar. (Alloh) ularni do‘zax azobidan saqlagandir.

57. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo‘lgan fazlu marhamatdir. Mana shu ulug‘ baxtdir.

58. Bas, (ey Muhammad), darhaqiqat, shoyad ular eslatma-ibrat olsalar, deb Biz (bu Qur’onni) sizning tilingiz bilan oson-engil qilib berdik. (Lekin ular Qur’on pand-nasihatlarini qabul qilmadilar).

59. Bas, endi siz (ularning hollari ne kechishiga) ko‘z tuting! Ular ham albatta (sizning halokatingizga) ko‘z tutguvchidirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:25:36



JOSIYA SURASI

O’ttiz yetti oyatdan iborat bo‘lgan bu sura ham Makka suralaridandir.

Dastlabki oyatlaridanoq osmonlar va yerdagi har bir narsa va voqea-hodisada yagona Yaratguvchining borligiga dalolat qiladigan alomatlar mavjud ekanligini uqtiradigan bu surada ham so‘z asosan iymon-e’tiqod ustida boradi.

Bu surada yana Bani Isroil qavmiga Tangri taolo tomonidan ato etilgan noz-ne’matlar va imtiyoz fazilatlarga ular noshukurlik qilganliklari haqida va umuman havoyi nafslarini «xudo» qilib olgan kimsalar va ularning topajak oqibatlari xususida xabarlar beriladi.

Sura nihoyasida Qiyomat kunida ro‘y beradigan ahvol tasvirlanadi va u Kunda har bir ummat tiz cho‘kkan holda Alloh Robbil-olamiyn tarafidan bo‘ladigan hukmga ko‘z tutib turish bayon etiladi. Suraning «Josiya — Tiz cho‘kuvchilar», deb atalishining sababi shudir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ho, Mim.

2. (Bu Qur’on) qudratli va hikmatli Alloh tomonidan nozil qilingan Kitobdir.

3. Shak-shubhasiz, osmonlar va yerda mo‘minlar uchun (Allohning qudrat va hikmatiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlar bordir.

4. Yana sizlarning (bir tomchi suv-nutfadan) yaralishingizda va (Alloh yer yuziga) tarqatib yuborgan jonivorlardan iborat narsalarda ham aniq ishonadigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

5. Yana kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmondan yog‘dirib, uning yordamida «o‘lgan» yerni tiriltirgan rizq-yomg‘irda hamda shamollarning yo‘naltirilishida aql yurgizadigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.

6. (Ey Muhammad), bular Allohning oyatlari bo‘lib, Biz ularni sizga haqqi-rost tilovat qilib bermoqdamiz. Bas, ular (Makka kofirlari) Alloh va Uning oyatlarini qo‘yib qaysi so‘zga iymon keltirurlar?!

7. Barcha bo‘htonchi-yolg‘onchi gunohkorga halokat bo‘lg‘ayki;

8. U o‘ziga tilovat qilinayotgan Alloh oyatlarini eshitar, so‘ngra go‘yo ularni eshitmagandek, kibru havo qilgan holda (o‘z kufrida) oyoq tirab turar! Bas (ey Muhammal), siz unga alamli azob xushxabarini bering!

9. Qachon Bizning oyatlarimizdan biron narsa bilib olsa, u (oyat)larni masxara qilur! Ana o‘shalar uchun xor qilguvchi azob bordir!

10. Ularning ortida jahannam bor! Kasb qilgan-topgan (mol-dunyo, bola-chaqalari) ham, Allohni qo‘yib ushlagan «do‘stlari» ham ularga biron narsada asqotmas! Ular uchun ulug‘ — katta azob bordir!

11. Ushbu (Qur’on iymon keltirgan zotlar uchun) hidoyatdir. Parvardigorlarining oyatlariga kofir bo‘lgan kimsalar uchun esa ashaddiy azobdan alamli nasiba bordir!

12. Alloh (dengizdagi) kemalar O’zining amri bilan joriy bo‘lishi hamda sizlar (u kemalarda) Uning fazlu marhamatidan (rizqu-ro‘z) istashlaringiz uchun va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga dengizni bo‘yinsundirib qo‘ygan zotdir.

13. U O’z tomonidan (ya’ni O’z xohish-irodasi bilan) sizlarga osmonlardagi va yerdagi barcha narsalarni bo‘yinsundirdi. Albatta bunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat ibratlar bordir.

Qayd etilgan