Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 823167 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 ... 61 B


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:36:58



36. Biz ulardan (Quraysh kofirlaridan) ilgari ulardan kuchli-quvvatliroq bo‘lgan qancha asr-avlodni halok kildik. Bas, o‘shalar (Biz boshlariga tushirgan balodan qochib), biron najot bormikan, deb shaharlarda izg‘ib yurdilar, (lekin halokatdan qochib qutula olmadilar).

37. Albatta bunda (ogoh) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lgan xolda (ya’ni sidqidildan) quloq tutgan kishi uchun eslatma-ibratlar bordir.

38. Aniqki, Biz osmonlar va yerni hamda ularning o‘rtasidagi bor narsani olti kunda yaratdik va Bizni hech qanday charchoq ushlagani yo‘q.

39. Bas, (Ey Muhammad), ular (kofirlar) aytayotgan so‘zlarga sabr-toqat qiling va quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Parvardigoringizga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklang — namoz o‘qing!

40. Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (ya’ni namozlar) ortidan U zotni poklang!

41. Va jarchi (Isrofil farishta) yaqin bir makondan turib jar soladigan Kunda (uning nidosiga) quloq tuting!

42. U Kunda ular (barcha xaloyiq) u dahshatli qichqiriqni haqqi-rost eshiturlar. Bu (qabrlardan tirilib) chiqish Kunidir!

43. Albatta Biz O’zimiz (barcha jonzotga) hayot berurmiz va o‘lim berurmiz. Yolg‘iz Bizga qaytish bordir!

44. U Kunda ularning ustidagi yer yorilib, (ular) shoshgan hollarida (qabrlaridan chiqib kelurlar). Bu (ya’ni Qiyomat kunida barcha xaloyiqni hisob-kitob uchun to‘plash) yolg‘iz Bizgagina oson bo‘lgan to‘plashdir.

45. Biz ular (kofirlar) aytayotgan so‘zlarni juda yaxshi bilurmiz. (Ey Muhammad), siz ularning ustida (dinu-iymonga) zo‘rlaguvchi emassiz. Bas, ushbu Qur’on bilan Mening (kofirlarni azob-uqubatga giriftor qilish haqidagi) va’damdan qo‘rqadigan kishilarga pand-nasihat qiling.

 

ZORIYOT SURASI

Bu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, oltmish oyatdan tashkil topgandir.

Sura avvalida Alloh taolo O’zi yaratgan to‘rt narsa nomi bilan qasamyod qilib oxirat diyori va undagi jazo-mukofot haq ekanligini ta’kidlaydi va insonlarga notanish bo‘lgan u sirli olamning sir-sinoatini — kofirlarni yutishga hozir bo‘lib kutib turgan jahannamni va mo‘minlarga muntazir ko‘z tutib turgan jannatini ilohiy qalam bilan ta’riflab, O’z bandalarini ogohlantiradi.

Bu surada ham o‘z qavmining iymon keltirmayotganidan ozurdadil bo‘lgan payg‘ambar alayhis-salomga taskin-tasalli va barcha insonlarga eslatma-ibrat bo‘lsin uchun u kishining salaflari bo‘lmish o‘tgan payg‘ambarlar va ularni yolg‘onchi qilganlari sababli turli azob-uqubatlarga duchor bo‘lgan qavm-qabilalar haqidagi ibratli qissalar zikr qilingandir.

Sura insu jinning yaratilishidan ko‘zda tutilgan birdan-bir maqsad ularning Yaratganni tanib, yolg‘iz O’sha zotgagina sig‘inib-ibodat qilib o‘tishlari ekanligini ta’kidlash bilan xotima topadi.

Bu sura o‘zining ilk oti «Va-z-Zoriyot» nomi bilan atalgan bo‘lib, bu kalima «Surib ketguvchi shamollarga qasam» degan ma’noni anglatadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2-3-4-5. (Bulutlarni) surib ketguvchi (shamol)larga, yuk (yomg‘ir) tashiguvchi (bulut)larga, (suv yuzida) yengil suzib borguvchi (kema)larga va (Allohning amri bilan (barcha) ish (lar)ni taqsimlaguvchi (farishta)larga qasamki, sizlarga va’da qilinayotgan narsa (qayta tirilish) shak-shubhasiz haqqi-rostdir!

6. Va albatta (Qiyomat kunida hisob-kitob qilinganidan keyin) jazo-mukofot voqe’ bo‘lguvchidir.

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:37:21



7-8. (Samodagi yulduzlar harakat qiladigan) yo‘llar egasi bo‘lgan osmonga qasamki, albatta sizlar (ushbu payg‘ambar xususida) xilma-xil so‘z ustidadirsizlar.

I z o h. Ya’ni, xuddi samodagi sayyoralarning harakat qiladigan yo‘llari xilma-xil bo‘lgani kabi sizlar ham, ey mushriklar, payg‘ambar alayhis-salom haqida turli-tuman so‘zlar aytursizlar: ayrimlaringiz u zotni «sehrgar», desangizlar, boshqalaringiz «shoir», deysizlar.

9. Undan (ya’ni Qur’ondan, payg‘ambardan Allohning ilmi azaliysida hidoyat yo‘lidan) burilgan (va saodatdan mahrum qilingan) kimsa burilib (yuz o‘girib) ketur.

10-11. (Haq payg‘ambarni «yolg‘onchi, sehrgar, shoir» deguvchi) o‘sha yolg‘onchilarga — (jaholat) girdobida adashib yurguvchi bo‘lgan kimsalarga o‘lim — la’nat bo‘lgay!

12. Ular jazo (qiyomat) Kuni qachon bo‘lishini so‘rarlar.

13. (U Kun) ular do‘zaxda tekshiriladigan — yondiriladigan Kunda bo‘lur.

14. (O’shanda ularga aytilur): «Azoblaringizni totinglar! Sizlar (hayoti dunyodalik paytingizda) shoshtirguvchi bo‘lgan narsa mana shudir!»

15-16. Albatta taqvodor zotlar (u Kunda) Parvardigor o‘zlariga ato etgan narsalarni (ajr-mukofotlarni) qabul qilgan hollarida jannatlar va buloqlar ustida bo‘lurlar. Zero ular bundan ilgari (ya’ni hayoti dunyodalik chog‘larida) chiroyli amallar qilguvchi edilar.

17. Ular kechadan ozgina (fursatgina) ko‘z yumar edilar.

18. Va saharlarda ular (qilgan sahvu-xatolari uchun Parvardigordan mag‘firat so‘rar edilar.

19. Ularning mol-mulklarida so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum-muhtoj kishilar uchun (ajratilgak) haq-ulush bo‘lar edi.

20-21. (Ey insonlar), yerda (undagi tog‘u toshlar va vodiy-daralarda, dengizlar va daryolarda, hayvonot va nabotot olamida) hamda o‘zlaringizda (ushbu hayotga kelib-ketishingizdan tortib, vujudlaringizdagi har bir a’zoingizda, balki har bir hujayrangizning naqadar nozik tartib-intizom bilan yaratilib, o‘z o‘rniga joylashtirilganida va o‘z zimmasidagi Yaratgan buyurgan vazifani quloq qoqmasdan ado etib borishida) ishonguvchi zotlar uchun (Allohning qudratiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlar bordir. Axir ko‘rmaysizlarmi?!

22. Osmonda esa sizlarning rizqu-ro‘zlaringiz (ya’ni yerda mo‘l hosil bo‘lishiga sabab bo‘lguvchi yomg‘ir) va sizlarga va’da qilinayotgan narsa (ya’ni jannat) bordir.

23. Bas, osmon va yerning Parvardigoriga qasamki, albatta u (ya’ni sizlarga va’da qilinayotgan barcha narsa) xuddi sizlarning so‘zlashingiz kabi (ya’ni so‘zlagan so‘zlaringiz o‘zlaringiz uchun qandoq haq bo‘lsa, ana shunday) haqqi-rostdir!

24. (Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi?

25. O’shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib, «Salom», deyishgan edi, u ham: «Salom, (Bular) notanish qavm-ku?», dedi.

26-27. So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi.

28. (Lekin mehmonlar ovqatga qo‘l cho‘zishmagach), ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: «Qo‘rqmagin. (Bizlar farishtalarmiz, shuning uchun taom yemaymiz)», dedilar va (Ibrohimga) bir dono o‘g‘il xushxabarini berdilar.

29. Shunda (ularning so‘zini eshitib turgan Ibrohimning) xotini qichqirgancha keldi-da, (bu xushxabardan ajablanganidan) o‘zining yuziga urib: «(Axir men) tug‘mas kampir(man)ku!» dedi.

30. Ular aytdilar: «Parvardigoring mana shunday dedi. Albatta Uning O’zigina hikmat va bilim Sohibidir».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:38:22

YIGIRMA YETTINCHI JUZ’
*************************



31. (Ibrohim) dedi: «Ey elchilar, ne yumush bilan keldingiz?»

32-33-34. Ular aytdilar. «Bizlar bir jinoyatchi qavmga (ya’ni, Lut qavmiga) ularning ustidan, Parvardigorning huzurida haddan oshuvchi kimsalar uchun belgilab qo‘yilgan loydan-sopoldan bo‘lgan (ya’ni, har bir halok qilinguvchi kofirning nomi yozilgan) toshni yog‘dirish uchun yuborilgandirmiz.

35. Bas, Biz u joydagi mo‘minlardan bo‘lgan kishilarni chiqarib yubordik.

36. (Lekin) u joyda bir xonadondan (ya’ni, Lut payg‘ambar xonadonidan) o‘zga musulmonlarni topmadik.

37. Biz (u qishloqdagi barcha kofirlarni halok qilganimizdan so‘ng) alamli azobdan qo‘rqadigan zotlar (ibrat olishlari) uchun u joyda oyat-alomat qoldirdik.


I z o h. Ushbu oyati karimada Allohning qudratiga dalolat qiladigan oyat-alomatlardan faqat oxiratdagi alamli azobdan qo‘rqadigan kishilargina pand-nasihat olishlari ta’kidlab o‘tildi. Endi, Ibrohim alayhis-salomga yuborilgan farishtalar va ularning Lut qavmidan kofir bo‘lgan kimsalarni halok qilganlari haqidagi ibratli qissa hikoya qilingach, navbatdagi oyatlarda kofir bo‘lganlari sababli halokatga duchor qilingan boshqa bir qancha qavmlar to‘g‘risida qisqacha xabarlar beriladi.

38. Muso (qissasi)da ham (ibrat bordir). Eslang, Biz uni ochiq hujjat bilan Fir’avn oldiga yuborgan edik.

39. U o‘z arkoni (davlati)ga suyanib (Musoga iymon keltirishdan) yuz o‘girdi va «(Muso yo) sehrgar, yoki majnun», dedi.

40. Bas, Biz uni ham, qo‘shinlarini ham ushlab, ularni dengizga otdik — g‘arq qilib yubordik. U (Fir’avn o‘zining kibru havosi va kufru isyoni sababli har qanday) malomatga loyiqdir.

41. Od (qabilasining qissasi) da ham (ibrat bordir). Eslang, Biz ularning ustiga tug‘mas (ya’ni hech qanday foyda yetkazmaydigan) bo‘ronni yuborgan edik.

42. U (bo‘ron) nimaning ustidan o‘tsa, albatta uni (halok etib) xuddi chirib-bitgan suyaklar kabi qilib qo‘yar edi.

43. Samud (qabilasining qissasi)da ham (ibrat bordir). Eslang, ularga (Alloh tomonidan mo‘jiza qilib yuborilgan tuyani so‘yib yuborgan paytlarida) "œbir vaqtgacha (ya’ni uch kungacha tiriklik ne’matidan) bahramand bo‘lingiz", deyilgan edi.

44. Bas, ular Parvardigorning amri(ga igoat etish)dan kibr-havo qilishgach, qarab turgan hollarida ularni chaqmoq urdi.

45. Bas, ular (u chaqmoqdan qochib qutulish uchun o‘rinlaridan) turishga ham qodir bo‘lmadilar va (biron kimsa tomonidan) yordam olguvchi ham bo‘lmadilar!

46. (Mazkur qavmlardan) ilgari Nuh qavmini ham (halok qilgandirmiz). Chunki ular fosiq-itoatsiz qavm edilar.

47. Osmonni Biz qudrat bilan barpo qildik. Darhaqiqat Biz qudratlidirmiz.

48. Yerni esa yoyiq-keng qilib qo‘ydik. Bas, (Biz) naqadar yaxshi yoyguvchidirmiz.

49. Sizlar eslatma-ibrat olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik.

50. (Ey Muhammad), ularga ayting: «Bas, Allohga (iymon keltirish uchun) chopinglar-shoshinglar! Albatta men sizlar uchun U zot(ning azobi)dan ochiq ogohlantirguvchidirman.

51. Va sizlar Alloh bilan birga yana boshqa biron iloh bor, demanglar! Albatta men sizlar uchun U zot(ning azobi)dan ochiq ogohlantirguvchidirman».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:38:41



52. Xuddi shuningdek, (ya’ni sizni sehrgar, majnun, shoir deganlari kabi) ulardan (ya’ni, Makka mushriklaridan) avvalgi (kofir bo‘lgan) kimsalarga biron payg‘ambar kelganida, ular ham albatta (o‘sha payg‘ambarni yo) sehrgar, yoki majnun der edilar.

53. Ular o‘sha (so‘z)ni bir-birlariga vasiyat qilib qoldirganmilar? Yo‘q, (zotan ular bir-birlaridan yiroq zamonlarda va makonlarda yashab o‘tganlari sababli o‘zaro vasiyat qilish imkoniga ega emaslar, lekin faqat bir narsa ularning barchalaritsi yuqoridagi kabi so‘zlarni aytishga majbur etar) — ular tug‘yonga tushgan qavmdirlar!

54. Bas, (ey Muhammad), siz ulardan yuz o‘giring! Endi (zimmangizdagi payg‘ambarlikni to‘la yetkazganingizdan so‘ng kofirlardan yuz o‘girsangiz) siz malomat qilinguvchi emassiz.

55. Va (Qur’on bilan) pand-nasihat qiling! Zero u pand-nasihatlar mo‘minlarga naf’ yetkazur.

56. Men jin va insni faqat O’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim.

57. Men ulardan biron rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini istamasman.

58. Zero Allohning O’zigina (barcha xaloyiqqa) rizqu ro‘z berguvchi, kuch-quvvat sohibi va qudratlidir.

59. Bas, zolim-kofir bo‘lgan kimsalar uchun shak-shubhasiz xuddi (ilgari o‘tgan kofir) do‘stlarining nasibalari kabi (azobdan iborat) nasiba bordir. Bas, ular Meni(ng azobimni) shoshtirmay qo‘ya qolsinlar!

60. Bas, kofir bo‘lgan kimsalar uchun ularga va’da qilinayotgan (azobga giriftor qilinadigan) Kunlarida halokat bo‘lgay!

 

TUR SURASI

Bu sura Makkada nozil bo‘lgan. U qirq to‘qqiz oyatdir.

Sura avvalida Tangri taolo besh narsaga qasamyod qilib, Qiyomat kunidagi kofirlar ustiga tushadigan azob haq ekanligini uqtiradi.

So‘ngra Alloh taolodan qo‘rquvchi taqvo egalari uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat va unda kelajak mangu saodatli hayot haqida so‘z boradi.

Shuningdek, bu surada Qur’oni Karimga iymon keltirmagan va Muhammad alayhis-salomni yolg‘onchi qilgan kimsalarning barcha da’volari puch va asossiz ekanligi rad etib bo‘lmaydigan dalillar vositasida ochib beriladi.

Sura nihoyasida payg‘ambar alayhis-salomni Alloh taoloning hukmi ilohiysiga sabr qilishga buyurilib, ertayu-kech Allohni poklab tasbeh aytishga da’vat etiladi.

Sura o‘zining ilk oyati nomi bilan «Va-t-Tur» — «Tur tog‘iga qasam», deb atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Tur (tog‘i)ga,

2-3. Ochiq sahifaga yozilgan Kitobga (Qur’onga),

4. Baytul-Ma’murga (Obod Uyga),

5. Baland ko‘tarilgan tomga (osmonga),

6. Va to‘lib-toshgan dengizga qasamki,

7. Parvardigoringizning azobi shak-shubhasiz voqe’ bo‘lguvchidir!

8. Uning uchun biron daf’ qilguvchi — to‘siq yo‘qdir.


I z o h. Yuqorida zikr qilingan «Baytul-Ma’mur — Obod Uy»dan murod Alloh taoloning amri bilan Odam alayhis-salom bino qilgan Baytulloh bo‘lib, Nuh payg‘ambar zamonlarida ro‘y bergan to‘fon balosida Alloh taoloning amri bilan farishtalar u uyni yettinchi osmonga olib chiqib ketgan ekanlar. Uning «Obod Uy» deb atalishiga sabab u uyni har kuni yetmish ming farishta tavof qilishidir.

9. U Kunda osmon titrab-chayqalur;

10. Va tog‘lar ham (o‘rnashgan joylaridan jilib), yo‘lga tushur!

11-12. Ana o‘sha Kunda (payg‘ambarlarni) yolg‘onchi qilguvchi, o‘zlari sho‘ng‘igan noto‘g‘ri yo‘llarida adashib yuradigan kimsalarga halokat bo‘lur!

13. U Kunda ular jahannam o‘tiga haydalurlar!

14. (Va ularga deyilur): «Sizlar yolg‘on deb yurgan do‘zax mana shudir!»

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:39:00



15. Qani, bu (azob) ham sehrmi, yoki sizlar (hayoti dunyoda Haqni ko‘ra olmaganlaringiz kabi bu azobni ham) ko‘rmayapsizlarmi?!

16. (Do‘zaxga) kiringiz! Endi (uning azobiga) xoh sabr qilinglar, xoh sabr qilmanglar, sizlarga barobardir! (Ya’ni u azob sizlardan yengillatilmas). Sizlar faqat o‘zlaringiz qilib o‘tgan qilmishlaringizning jazosini tortursizlar!»

17-18. Taqvodor zotlar esa ularga Parvardigorlari ato etgan narsalar bilan shod-xurram bo‘lgan hollarida shak-shubhasiz jannatlar va ne’matlar ichra barqarordirlar. Parvardigorlari ularni do‘zax azobidan saqlagandir.

19-20. (Ularga): «Sizlar qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli qator tizilgan so‘rilar ustida yastangan hollaringizda ko‘ngildagidek yeb-ichinglar», (deyilur) va Biz ularga shahlo ko‘zlarni jufti halol qilib berdik.

21. O’zlari iymon keltirib, zurriyotlari ham ularga iymon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini qo‘shdik va ularga qilgan amallaridan biron narsani ham kamitmadik. Har bir kishi o‘zi kasb qilgan ishi bilan garovga olinguvchidir — ushlanguvchidir.


I z o h . Ushbu oyatni shunday tushunmoq lozim: Agar ajdodlar hayoti dunyodan iymon va ezgu amallar bilan o‘tib, Alloh taolo nazdida yuksak darajotlarga erishsalar va ularning farzandlari ham ularga iymon bilan ergashsalar-u, ammo ota-bobolari muyassar bo‘lgan baland maqomlarga ko‘tarila olmasalar-da, Tangri taolo ularni ham ota-bobolariga qo‘shib, barchalariga O’zi va’da qilgan jannatdan joy ato etadi, ammo farzandlari sababli ajdodlarning ajr-mukofotlarini zarracha kamitmaydi. Chunki har bir jon o‘zi qilgan ishiga javobgardir.

Endi quyidagi oyatlarda yana o‘sha ahli jannatga ato etiladigan baxt-saodat va noz-ne’matlar zikr qilinadi.


22. Yana Biz ularni ko‘ngillari istaydigan meva-cheva va go‘sht bilan quvvatlantirdik.

23. Ular u joyda (shunday sharob) kosalarini talashib — qo‘lma-qo‘l qilib ichurlarki, u (sharob)da (ya’ni uni ichganlari sababli) na behuda-sergaplik va na gunoh bo‘lar.

24. Ularning ustida go‘yo (sadaf ichida) yashiringan gavhardek (pokiza va xushsurat) g‘ulomlari aylanib (xizmatga hozir bo‘lib) turur.

25-26. Ular bir-birlariga boqishib, basti-javob qilishib, deydilar: «Haqiqatan bizlar ilgari (hayoti dunyoda) ahli-oilamiz orasida (bo‘lgan chog‘imizda oxiratda Allohnin azobiga duchor bo‘lishdan) qo‘rqar edik.

27. Mana, Alloh bizlarga marhamat ko‘rguzdi va bizlarni samumdan (ya’ni badanlarni ilma-teshik qilib yuboradigan do‘zaxiy shamoldan) saqladi.

28. Darhaqiqat bizlar ilgari (hayoti-dunyoda) U zotga duo-iltijo qilar edik. Albatta Uning O’zigina marhamatli, mehribondir».

29. Bas, (ey Muhammad) siz insonlarga Qur’on oyatlari bilan) pand-nasihat qilavering! Chunki siz Parvardigoringizning ne’mat-marhamati bilan kohin-folbin ham, majnun ham emasdirsiz.

30. Balki ular (mushriklar): «(Muhammad), bir shoirdir. Bizlar unga zamon hodisot-balolari (etishi)ni kuturmiz», derlar?!

31. Ayting: «Kutaveringlar! Men ham sizlar bilan birga kutguvchilardandirman. (Qani, baloga kim yo‘liqar ekan)».

Qayd etilgan


Muhammad  01 Sentyabr 2006, 07:39:27



32. Balki ularning «aqllari» mana shunday («dono» so‘zlarni aytishga) buyurar?! Yoki ular tug‘yonga tushgan qavmlar(ki, bunday so‘zlarni aytishlariga sabab o‘sha tug‘yonmi)?!

33. Balki ular: (Muhammad Qur’onni) «o‘zi ichidan to‘qib olgan», derlar?! Yo‘q, ular iymon keltirmaslar!

34. U holda agar rostgo‘y bo‘lsalar o‘zlari ham o‘sha (Qur’on)ga o‘xshash biron so‘z — kitob keltirsinlar-chi?!

35. Balki ular hech narsadan (ya’ni, Yaratguvchisiz) yaralib qolgandirlar?! Yoki ular o‘zlari yaratguvchimikanlar-a?!

36. Balki osmonlar va yerni ham ular yaratgandirlar?! Yo‘q, ular ishonmaslar!

37. Balki ularning huzurlarida Parvardigoringizning xazinalari bordir?! Yoki ular (butun borliqni) boshqarib turguvchimikanlar-a?!

38. Balki ularning (osmonga ko‘tarilib, farishtalarning so‘zlarini) eshitib oladigan narvonlari bordir?! U holda ularning eshitib olguvchilari (o‘zlarining haqiqatan Allohning amridan xabardor bo‘lganiga) biron ochiq hujjat keltirsin-chi?!

39. (Ey mushriklar), balki qizlar U zotniki-yu, o‘g‘illar sizlarnikidir?!


I z o h. Ya’ni sizlar «Farishtalar Allohning qizlari», deb da’vo qilasizlar. Qay bir hujjat bilan bunday demoqdasizlar?! Sizlar «dono»liklaringizdan o‘zlaringiz yomon, ko‘radigan va orlanadigan qizlarni Allohniki deb, o‘g‘il bolalarni o‘zlaringizniki qilib olmoqchimisizlar?! Agar shu «dono»liklaringiz bo‘lsa, sizlarning Qur’onni ham, payg‘ambarni ham, o‘lgandan keyin qayta tirilishni ham inkor qilishlaringiz hech tong emasdir!

40. (Ey Muhammad), balki siz ulardan (o‘z da’vatingiz uchun) ajr-haq so‘rayotgandirsizki, ular (o‘sha) to‘lov(ni to‘lash)dan qiynalib qolgandirlar (va shu sababli iymon keltirmayotgandirlar)?

41. Balki ularning huzurlarida g‘ayb (ilmi — Alloh taoloning O’z bandalaridan yashirgan sirlari) bo‘lib, ular (o‘sha sirlarni) yozib olayotgandirlar (va shu sababli siz keltirgan xabarlarga ishonmayotgandirlar?!) Aslo undoq emasdir! U holda nega ular sizga iymon keltirmaslar?!

42. Balki ular (sizni halok qilish uchun) biron hiyla-nayrang qilmoqchidirlar?! U holda o‘sha kofir bo‘lgan kimsalarning o‘zlari hiyla-nayrangga giriftor bo‘lurlar!

43. Balki ular uchun Allohdan o‘zga biron «iloh» bordir?! Alloh ularning shirklaridan pokdir!

44. Agar ular (ustlariga ularni halok qilish uchun) osmondan bir bo‘lak-parcha tushayotganini ko‘rsalar (o‘shanda ham iymon  keltirmaslar, balki «Bu to‘plangan bulutdir», derlar.

45. Bas, (ey Muhammad) siz ularni toki o‘zlari halok qilinadigan kunlariga ro‘baro‘ bo‘lgunlaricha tark qiling!

46. U Kunda ularning hiyla-nayranglari biron foyda bermas va ularga yordam ham berilmas!

47. Albatta zolim-kofir bo‘lgan kimsalar uchun bundan (Qiyomat kunidan) ilgari mana shu dunyoda) ham azob-uqubat(lar) bordir, lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaslar!

48. (Ey Muhammad) siz Parvardigoringizning hukmiga (ya’ni mushriklarni darhol azobga duchor qilmaganiga va sizni turli mashaqqatli sinovlar bilan imtihon qilishiga) sabr qiling. Zotan siz shak-shubhasiz Bizning ko‘z o‘ngimizda (ya’ni hifzi-himoyamizda)dirsiz. Va (tongda uyqudan) turgan paytingizda Parvardigoringizga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha ayb-nuqsondan) poklang!

49. Shuningdek kechadan (bo‘lgan soatlarda) va yulduzlar yuz o‘girib ketgach (ya’ni sahar paytlarida) ham U zotga tasbeh ayting!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:25:48



NAJM SURASI

Oltmish ikki oyatdan tashkil topgan bu sura Makkada nozil qilingan.

U butun payg‘ambarlar tarixida yagona bo‘lgan mislsiz mo‘jiza — Muhammad alayhis-salomning Me’rojga chiqishlarini va u dargohdagi aqlu shuurni lol qilguvchi manzarani tasvirlash bilan boshlanadi.

So‘ngra mushriklar o‘z qo‘llari bilan yasashib, keyin o‘zlaricha turli nomlar bilan atab olishib sig‘inadigan but va sanamlari hech kimga hech qanday foyda ham ziyon ham yetkaza olmaydigan imkonsiz maxluqlar ekanligi uqtiriladi.

Bu surada yana har bir inson oxiratda faqat o‘zi qilib o‘tgan amallari bilan jazolanishi, o‘zgalar uning gunohlarini o‘z yelkalariga ololmaganlari kabi, unga o‘zlarining savdolaridan ham bera olmasliklari ayricha ta’kidlanadi.

Sura etagida esa o‘tmishda kufru isyon bilan o‘tgan qavmlarning qanday halokatlarga duchor bo‘lganliklari eslatilib, barcha insonlarni yolg‘iz Allohgagina ibodat qilishga da’vat etiladi.

Sura o‘zining ilk oti nomi bilan «Van-Najm» — «Yulduzga qasam» deb atalgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. Botib ketayotgan yulduzga qasamki, sizlarning sohibingiz (ya’ni Muhammad alayhis-salom) zalolatga ham ketgani yo‘q, yo‘ldan ham ozgani yo‘q!

3. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi-xohishi bilan so‘zlamas.

4. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan payg‘ambarga) vahiy qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir.

5-6-7. Unga (bu vahiyni) bir kuchga to‘lgan, sohibi qudrat (ya’ni Jabroil alayhis-salom) ta’lim bermishdir. Bas, u (avval) yuksak ufqda (ko‘rinib), tik turdi.

8. So‘ngra yaqinlashib, pastladi.

9. Bas, (Muhammad alayhis-salomga) ikki kamon oralig‘ida yo (undan-da) yaqinroq bo‘lib.

10. (Alloh) o‘z bandasi (Muhammad alayhis-salom) ga tushirgan vahiyni keltiradi.

11. (Payg‘ambarning) ko‘ngli ko‘rgan narsasini inkor etmadi. (Ya’ni Jabroil farishtaning suratini ko‘rib, payg‘ambarning ko‘ngli ham qanoatlandi va uning Alloh taolo tomonidai farishta ekanligiga iymon keltirdi).

12. Endi sizlar, (ey mushriklar payg‘ambar) ko‘rib turgan narsasi ustida u bilan tortishurmisizlar?!

13-14. Qasamki, (Muhammad alayhis-salom Jabroil farishtani o‘zining asliy suratida) ikkinchi bor (jannat) chetidagi Nilufar oldida ko‘rdi.


I z o h . Bu ko‘rish Payg‘ambar alayhis-salom Jabroil farishta bilan birga Me’rojga ko‘tarilganlarida ro‘y bergan edi. Endi quyidagi oyatlarda rasulullohning o‘sha me’rojda ko‘rgan — guvoh bo‘lgan manzaralari tasvirlanadi.

15. Jannati ma’vo ham o‘sha (Nilufar)ning oldidadir.

16. O’shanda Nilufarni o‘ragan narsa (ya’ni Alloh taoloning fayzi ilohiysi) o‘rab olgan edi.

17-18. (Payg‘ambarning) ko‘zi (o‘ngu so‘lga) og‘gani ham yo‘q, o‘z haddidan oshgani ham yo‘q. Darhaqiqat u (o‘sha soatda) Parvardigorining buyuk oyatlarini (ya’ni U zotning qudrati ilohiysiga dalolat qiladigan juda ko‘p alomatlarni), ko‘rdi.

19-20. (Ey mushriklar, o‘zlaringizcha sig‘inayotgan sanamlaringiz) — «Lot», «Uzzo», va yana uchinchilari bo‘lmish tuban «Manot» haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?!

21. (Sizlar o‘sha but-sanamlarni va farishtalarni «Allohning qizlari», deysizlar, demak) erkak (jinsi) sizlarniki-yu, ayol (jinsi) U zotnikimi?!

22. U holda bu adolatsiz taqsim-ku?!

23. U (nom)lar faqat sizlar o‘zlaringiz va ota-bobolaringiz qo‘yib olgan nomlardir. Alloh ular(ga ibodat qilish) haqida biron hujjat tushirgan emas. U (mushrik)larga (payg‘ambar alayhis-salom vositalarida) Parvardigor tomonidan hidoyat (Qur’on) kelib turgan holda ular faqat gumonga va havoyi nafslarigagina ergashadilar-a!

24. Yoki inson uchun o‘zi orzu qilgan narsa bo‘laverarmi?! (Hargiz bo‘lmas!)


I z o h. Mushriklar o‘zlari yasab keyin «Lot, Uzzo va Manot» deb nom qo‘yib olgan butlari haqida «Bular Allohning qizlaridir. Mana shular Qiyomat Kunida bizlarni shafoat qilishadi», deb xomxayol qilib yurar edilar. Yuqoridagi oyat ularning bu xomxayollari hech qachon amalga oshmasligini ta’kidladi.

25. Zero oxirat ham, dunyo ham yolg‘iz Allohnikidir!

26. Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar bo‘lib, o‘shalarning shafoatlari ham biron foyda bermas, magar Alloh O’zi xohlagan rozi bo‘lgan kishilar uchun (shafoatga) izn berganidan keyingina (u shafoatning foydasi tegur).

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:26:19



27. Darvoqe’, oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar farishtalarni ayollar nomi bilan ataydilar.

28. Holbuki ular uchun bu xaqda (ya’ni, farishtalarning qaysi jinsdan ekanligi haqida) biron bilim-hujjat yo‘qdir. Ular faqat gumon-taxminga ergashurlar xolos. Aniqki, gumon haqiqatdan biron narsaning o‘rniga o‘tmas!

29. Bas, (ey Muhammad), siz Bizning eslatmamizdan orqa o‘girib ketgan va faqat hayoti dunyonigina istagan kimsalardan yuz o‘giring!

30. Ularning «ilm»dan yetgan joylari mana shu (hayoti dunyo matolarinigina istash)dir. Albatta Parvardigoringizning O’zi Uning yo‘lidan ozgan kimsalarni juda yaxshi bilguvchidir va U hidoyat topgan zotlarni ham juda yaxshi bilguvchidir.

31. Osmonlardagi va yerdagi bor narsalar yolg‘iz Allohnikidir. U zotning O’zi yomonlik-gunoh qilib o‘tgan kimsalarni qilgan amallari bilan jazolagay va chiroyli amal qilgan zotlarni go‘zal (savob-jannat) bilan mukofotlagay!

32. Ular (ya’ni jannatga sazovor bo‘lganlar) kichik xatolardan boshqa katta gunohlardan va buzuqliklardan yiroq bo‘ladigan zotlardir. Albatta Parvardigoringiz mag‘firati keng zotdir. U sizlarni (ya’ni otalaringiz Odamni) O’zi yerdan — tuproqdan paydo qilgan paytidanoq va sizlar onalaringizning qornida homila bo‘lgan paytingizdanoq juda yaxshi bilguvchidir. Bas, sizlar o‘zlaringizni poklamay qo‘ya qolinglar! U taqvodor bo‘lgan kishilarni ham juda yaxshi bilguvchidir.

33-34. (Ey Muhammad, iymondan) yuz o‘girib ketgan va ozgina (mol) berib, (keyin shart qilingan molni berishni) to‘xtatgan kimsani ko‘rdingizmi?


I z o h. Bu oyatlarning nozil bo‘lishiga bir voqea sabab bo‘lgan. Valid ibn Mug‘iyra degan bir kishi payg‘ambar alayhis-salom huzurlarida o‘tirib, u zotning pand-nasihatlarini eshitgach, ta’sirlanib, Islom diniga kirmoqchi bo‘ladi. Shunda mushriklardan biri unga «Sen ota-bobolaringni yo‘ldan ozgan kimsalar deb ularning dinini tark qilib, Muhammadning diniga kirmoqchimisan?», deb qutqu soladi. Ikkilanib qolgan Valid: «Axir men Islomga kirmasam, Allohning azobiga giriftor bo‘laman-ku?» deganida, haligi mushrik unga: «Agar sen menga falon miqdorda mol-pul bersang, sening barcha gunohlaringni oxiratda o‘z bo‘ynimga olaman», deydi, Uning vasvasasiga uchgan Valid dindan yuz o‘giradi va o‘zaro shartlashgan mollaridan bir qismini haligi mushrikka beradi, ammo qolganini baxillik qilib bermay qo‘yadi. Shunda yuqoridagi oyati karimalar nozil bo‘ladi va shu mavzu’ quyidagi oyatlarda ham davom etadi.

35. Uning huzurida g‘ayb ilmi bormidiki, u (kelajakda boshqa birov o‘zining gunohini zimmasiga olishini) bilib olsa?!

36-37. Yoki unga Musoning va (ahdiga) vafodor zot bo‘lgan Ibrohimning sahifalaridagi so‘zlar xabari berilmaganmidi?!

38. Hech bir ko‘targuvchi (ya’ni gunohkor jon) o‘zga jonning yukini (ya’ni gunohini) ko‘tarmas!

39. Inson uchun faqat o‘zi qilgan harakatigina bo‘lur (ya’ni o‘zgalarning qilgan yaxshi amallaridan unga biron foyda yetmas).

40. Uning qilgan sa’y-harakati esa yaqinda (Qiyomat kunida) ko‘rinur.

41. So‘ngra u (o‘sha sa’y-harakati uchun) to‘la-to‘kis jazo-mukofot olur.

42. Albatta oxirgi chegara yolg‘iz Parvardigoringiz oldiga (bormoqlik)dir.

43. Albatta kuldirgan ham, yig‘latgan ham Uning O’zidir.

44. Albatta o‘ldirgan ham, tiriltirgan ham Uning O’zidir.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:27:45



45-46. Va albatta U zot otilib chiqadigan nutfadan erkak-ayol juftlarni yaratgandir.

47. Albatta (barcha xaloyiqni o‘lganidan so‘ng) ikkinchi bor paydo qilish ham yolg‘iz Uning zimmasidadir.

48. Albatta boy qilgan ham, badavlat qilgan ham Uning O’zidir.

49. Albatta She’ro (yulduzi)ning Parvardigori ham Uning O’zidir.


I z o h . Mushriklarning bir toifasi yozning issiq kechalarida ko‘rinadigan She’ro (Sirius) nomli yulduzga sig‘inar edilar. Mazkur oyati karima Alloh taolo ular sig‘inayotgan She’roning ham Parvardigori ekanligini uqtiradi.

50-51. Albatta U zot avvalgi Od va Samud (qabilalari)ni ham halok qildi, bas (ulardan biron kishini tirik) qoldirmadi.

52. Yana U zot ilgari Nuh qavmini ham (halok qilgandir). Chunki ularning o‘zlari juda zolim va tug‘yonga tushgan kimsalar edilar.

53-54. Yana U zot zeru-zabar bo‘lgan qishloqni (ya’ni Lut payg‘ambar qavmini) ham qulatib, uni o‘ragan narsa (ya’ni osmonda yog‘ilgan toshlar) bilan o‘rab ko‘mib tashladi.

55. Bas, (ey inson) Parvardigoringning qaysi ne’matlari haqida shak-shubha qilursan?!

56. Bu (ya’ni Muhammad alayhis-salom ham) avvalgi ogohlantirguvchilar (payg‘ambarlar jumlasi)dan bir ogohlantirguvchidir.

57-58. Yaqin bo‘lguvchi (qiyomat) yaqin qoldi. Uning uchun Allohdan o‘zga biron ochguvchi (qachon bo‘lishini bildirguvchi) yo‘qdir.

59. (Ey mushriklar), hali sizlar mana shu So‘zdan (Qur’ondan) ajablanursizlarmi?!

60-61. (Undagi oyatlarning benazir va bemisl o‘git-nasihatlaridan ta’sirlanib) yig‘lamasdan, g‘ofil bo‘lgan hollaringizda kulursizlarmi?!

62. Bas, sizlar yolg‘iz Allohga sajda va ibodat qilinglar!


I z o h. Ushbu oyati karima navbatdagi sajda oyati bo‘lib, uni o‘qigan va tinglagan har bir kishi uchun bir bor sajda lozim bo‘lur.
 

QAMAR SURASI

Bu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, ellik besh oyatdir.

 U payg‘ambar alayhis-salomga ato etilgan mo‘jizalardan biri — Oyning bo‘linishi haqidagi oyati karima bilan boshlanadi. Suraning «Qamar — Oy» deb nomlanishining boisi ham shudir.

 So‘ngra barcha odamlar «go‘yo yoyilgan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqib keladigan» Qiyomat kuni va u Kunda ro‘y beradigan dahshatli hodisalar tasvirlanadi.

 Bu surada ham o‘tmishdagi o‘zlariga yuborilgan payg‘ambarlarni yolg‘onchi qilgan qavmlarning mana shu dunyodayoq halokatga duchor etilganliklari uqtirilib, ularning oxiratda ko‘rajak azob-uqubatlari yanada dahshatliroq ekanligi to‘g‘risida ham xabar beriladi.

 Sura taqvo egalari uchun Alloh taolo huzurida tayyorlab qo‘yilgan go‘zal oqibat — jannatning tavsifi bilan xotima topadi.

 Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham bo‘lindi.

 2. Agar ular (Quraysh kofirlari Muhammad alayhis-salomning haq payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiladigan) biron oyat-mo‘jiza ko‘rsalar (ham u payg‘ambarga iymon keltirish o‘rniga) yuz o‘girurlar va «(Bu) har doimgi sehr-ku!» derlar.


I z o h . Juda ko‘p sahobalar tomonidan rivoyat qilinishicha, Makka kofirlari payg‘ambar alayhis-salomga: «Agar sen chin payg‘ambar bo‘lsang, bizlarga anavi oyni ikkiga bo‘lib ber-chi», dedilar va agar u zot shu ishni qila olsalar, iymon keltirishlarini aytishdi. O’shanda oy to‘lgan kecha edi. Shundan so‘ng rasululloh Parvardigoriga iltijo qilib, fazlu marhamatini darig‘ tutmasligini yolvorib so‘ragan edilar, banogoh to‘lin oy qoq o‘rtasidan bo‘linib, yarmi Safo tog‘i ustida, yarmi esa uning ro‘baro‘sidagi Qayqaon tog‘i ustida paydo bo‘ldi. Bu mo‘jizani ko‘rib turgan mushriklar... «Muhammad bizlarni sehrlab qo‘ydi. Mayli, u hamma odamlarni sehrlay olmaydi-ku, bu yerda xozir bo‘lmagan kishilardan so‘raymiz», dedilar. Mana shu paytda Makkaga kirib kelgan karvon ahlidan so‘rashgan edi, ular ham yo‘lda kelishayotganida oyning ikkiga bo‘linganini ko‘rganlarini aytdilar. Lekin Abu Jahl (Johil — nodonlarning otasi) laqabli bir mushrik boshliq kofirlar «Bu har doimgi sehrlardan biri» degan gapdan nariga o‘tmadilar. Shunda yuqoridagi oyatlar nozil bo‘ldi.

3. Ular (payg‘ambarni) yolg‘onchi qildilar va havoyi nafslariga ergashdilar. — Har bir ish (o‘z) joyini topguvidir (ya’ni garchi kofirlar yuz o‘girsalar-da, bu haq din yer yuzida qaror topur).

 4-5. — Holbuki ularga (ilgari o‘tgan kofirlarning) xabarlaridan iborat bir narsa-etuk hikmat keldiki, unda (kufru zalolatdan) tiyilish (lozim ekanligini uqtirguvchi ibratlar) bor edi. (Lekin ular o‘zlarining kufrlaridan tiyilmadilar). Bas, (ularga hech qanday) ogohlantirish foyda bermas!

 6-7. (Ey Muhammad), endi siz ulardan yuz o‘giring! Chorlaguvchi (Isrofil farishta) notanish bo‘lgan bir narsaga (ya’ni Qiyomatdagi kofirlar uchun dahshatli hisob-kitobga) chorlaydigan Kunda ular (kofirlar) ko‘zlari (qo‘rquvdan) quyiga boqqan hollarida go‘yo yoyilgan chigirtkalar kabi, qabrlaridan chiqib kelurlar!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:30:09



 8. Chorlaguvchi tomoniga shoshganlaricha ketar ekanlar, u kofirlar «Bu og‘ir kundir», derlar.

 9. Ulardan (Makka kofirlaridan) ilgari Nuhning qavmi ham (uni) yolg‘onchi qilgan edi. — Ular Bizning bandamiz (Nuh)ni yolg‘onchi qilishib: «(U) bir majnun», dedilar va u (o‘z payg‘ambarlik vazifasini ado etishdan) to‘sib qo‘yildi.

 10. Shunda u Parvardigoriga: «Men (u kofir qavmimdan) mag‘lubdirman. O’zing yordam qilgin», deb duo-iltijo qilgan edi.

 11. Biz osmon darvozalarini (tinimsiz) quyilguvchi suv — sel bilan ochib yubordik.

 12. Va barcha yerdan chashmalar chiqarib yubordik. Bas, (osmon va yerning) suvi taqdir qilib qo‘yilgan bir ish (ya’ni kofirlarni g‘arq qilib yuborish) ustida uchrashdilar!

 13. Uni (Nuhni) esa taxtayu-mixlar egasida (ya’ni taxtalar va mixlardan yasalgan bir kemada) ko‘tardik.

 14. U (kema) Bizning ko‘z o‘ngimizda (hifzu-himoyamizda) suzar. (Bu o‘z qavmi tomonidan payg‘ambarligi) inkor qilingan kishi (ya’ni Nuh payg‘ambar) uchun mukofotdir.

 15. Darhaqiqat, Biz u (To‘fon balosi)ni bir oyat-ibrat qilib qoldirdik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?!

 16. Bas, Mening (payg‘ambarlarimni yolg‘onchi qilgan kimsalarga ko‘rsatgan) azobim va ogoxlantirish qandoq bo‘ldi?!

 17. Qasamki, Biz Qur’onni zikr-eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?

 18. Od (qabilasi ham o‘zlariga yuborilgan Hud payg‘ambarni) yolg‘onchi qildi. Bas, Mening azobim ogoxlantirishim qandoq bo‘ldi?!

 19-20. Darvoqe’, Biz ularning ustiga bir davomli nahs kunida (ya’ni nahs-shumligi xech ketmaydigan kunda) bir dahshatli bo‘ronni yubordikki, u odamlarni go‘yoki ular sug‘urib olingan xurmo (daraxti)ning tanalaridek yulib-uchirib ketur.

 21. Bas, Mening azobim va ogohlantirishim qandoq bo‘ldi?!

 22. Qasamki, Biz Qur’onni zikr-eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?!

 23. Samud (qabilasi ham Solih payg‘ambar keltirgan) ogohlantirishlarni yolg‘on dedi.

 24. Bas, ular aytdilar: «Bizlar o‘zimizning oramizdagi bir odamga (payg‘ambar deb) ergashurmizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumroxlik va ahmoqlik-nodonlikda bo‘lurmiz-ku!

 25. Bizlarning oramizdan ana o‘shanga eslatma — vahiy tashlanibdimi?! Yo‘q, u haddan oshgan yolg‘onchidir».

 26. Ular ertaga (oxiratda) kim haddan oshgan yolg‘onchi ekanligini bilib olajaklar.

 27. Albatta Biz ularni imtihon qilish uchun bir tuya yuborguvchidirmiz. Bas, (ey Solih), sen (ularning qilmishlarini) kuzatib va (ozor-aziyyatlariga) sabr qilib turavergin!

Qayd etilgan