Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 867210 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 ... 61 B


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:30:53



28. Va suvning ular (bilan tuya) o‘rtasidagi taqsimlab qo‘yilgani (ya’ni suvdan bir kun ular ichsalar, bir kun tuya ichishligi lozim ekanligi) va har bir ichishga (navbat kelganida) hozir bo‘linishi haqida ularga xabar bergin!

 29. So‘ng ular (Samud qabilasi) o‘zlarining bir sheriklarini (tuyani o‘ldirish uchun) chorlagan edilar, u (kelib qilichini) oldi-da, (tuyani) so‘yib yubordi.

 30. Bas, Mening azobim va ogoxlantirishim qandoq bo‘ldi?!

 31. Darvoqe’ Biz ularning ustiga bir dahshatli qichqiriq yuborgan edik, ular xuddi (qo‘ylari uchun) qo‘ra yasovchining (qo‘rasidan to‘kilgan) xas-xashak kabi bo‘lib qoldilar.

 32. Qasamki, Biz Qur’onni zikr-eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?

 33. Lut qavmi (u keltirgan) ogohlantirishlarni yolg‘on dedi.

 34. Darvoqe’, Biz ularning ustiga (tosh) bo‘ron yubordik. Magar Lut xonadonigagina tong-saharda najot berdik.

 35. (Bu najot) Bizning huzurimizdan bo‘lgan bir ne’matdir. Shukr qilgan kishilarni Biz mana shunday mukofotlaymiz.

 36. Aniqki, (Lut) Bizning (azob bilan) ushlashimizdan ularni (ya’ni o‘z qavmini) ogoxlantirgan edi, (ammo) ular ogohlantirishlardan shubhalanib, yolg‘on dedilar.   

37. Aniqki, ular (Lutning) mehmon(lar)ini yo‘ldan urmoqchi bo‘ldilar. Bas, Biz ularning ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ydik: «Endi Mening azobimni va ogoxlantirishimni totib ko‘ringlar!»

38. Haqiqatan erta tongda ularga barqaror-mangu azob keldi.

39. Endi Mening azobimni va ogoxlantirishimni totib ko‘ringlar!

40. Qasamki, Biz Qur’onni zikr-eslatma olish uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?!

41. Aniqki, Fir’avn xonadoniga ham ogoxlantirishlar keldi.

42. Ular Bizning barcha oyat-mo‘jizalarimizni yolg‘on deganlaridan so‘ng, Biz ularni kuchli-qudratli zotning ushlashi bilan ushladik (ya’ni, barchalarini dengizga g‘arq qilib, yubordik!)

43. (Ey Makka ahli), sizlarning kofirlaringiz ana o‘shalardan yaxshiroqmi-ortiqroqmi, yoki sizlar uchun (samoviy) kitoblarda ora ochiqlik (vasiqasi) bormi (ya’ni sizlar kofir bo‘lib, o‘z payg‘ambarlaringizni yolg‘onchi qilsangizlar ham hech qanday azob-uqubatga yo‘liqmasliklaringiz to‘g‘risida vasiqalaringiz bormi)?!

 44. Balki, ular: «Biz g‘olib jamoatdirmiz», deyishar?!

 45. Yaqinda o‘sha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qolurlar!


 I z o h. Ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salomning chin payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiladigan, kelajakda sodir bo‘ladigan hodisa haqidagi xabarlardan biridir. Darvoqe’ mana shu oyat nozil bo‘lganidan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay «Badr» jangida o‘sha mag‘rur mushriklar yengilib, ortlariga qarab qochib qoldilar.

46. (Bugina emas), balki ularga (mangu azob uchun) va’da qilingan vaqt (Qiyomat) soatidir. U soat yanada balolik, yanada achchiqdir!

47. Albatta jinoyatchi-osiy kimsalar gumrohlik va ahmoqlikdadirlar.

 48. Ular yuztuban hollarida do‘zaxga sudraladigan Kunda (ularga): «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar!» (deyilur).

 49. Albatta Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratdik.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:31:33



50. (Yaratmoqchi bo‘lgan har bir narsamiz uchun) Bizning farmonimiz faqat birgina (ya’ni, «Bo‘l», degan) so‘zdir. (Bas, o‘sha narsa) ko‘z yumib ochguncha (yo‘qdan bor bo‘lur).   

51. Qasamki, Biz sizlarning o‘xshashlaringizni halok qildik. Bas, biron eslatma-ibrat olguvchi bormi?

52. Ular qilgan har bir narsa kitoblarda (nomai-a’mollarida) bordir.

 53. Har bir kichik va katta (amal Lavhul-Mahfuzda) bitilmishdir.

 54-55. Albatta taqvodor zotlar jannatlarda va daryolar (usti)da Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda bo‘lurlar.
 


RAHMON SURASI

Bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, yetmish sakkiz oyatdir.

U o‘zining ilk oyatida Alloh taoloning Rahmon — Mehribonligini uqtirib, U zotning O’z bandalariga ko‘rsatgan eng katta marhamati — ularga butun hayotlari uchun dasturil-amal bo‘lgan Qur’oni Karimni tushirgani ekanligini ta’kidlaydi.

So‘ngra koinotdagi eng katta sayyoralardan tortib, eng mayda zarragacha bo‘lgan barcha mavjudot Tangri taolo tomonidap o‘ta nozik hisob-kitob bilan yaratilgani va ulardan har biri o‘z zimmasiga qo‘yilgan vazifani bajarishda Yaratganga so‘zsiz itoat etishi bayon qilinib, insonlar uchun ham o‘zaro oldi-berdi muomalalarida adlu-insof bilan ish tutsinlar, deb mezon-tarozu barpo qilingani uqtiriladi.

Bu surada mo‘minlarga ato etiladigan jannat ne’matlari va kofirlarga ko‘z tutib turgan do‘zax azobi batafsil bayon etiladi va o‘zga suralarda guvoh bo‘linmagan bir uslub qo‘llanib, Alloh taoloning qudrati ilohiyyasiga dalolat qiladigan har bir jumladan so‘ng, ya’ni sura davomida o‘ttiz bir bor insu-jinga qarab: «Bas, Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!» deb xitob qilinadi.

Sura Tangri taoloning buyuk va barakotli zot ekanligini yana bir bor ta’kidlash bilan xotimalanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. Mehribon (Alloh Muhammad payg‘ambar va uning ummatlariga) Qur’onni ta’lim berdi.

3-4. U zot insonni yaratib, unga (dilidagi maqsadini bayon eta olishi uchun) bayonni (nutqni) ta’lim berdi.

5. Quyosh ham, oy ham (aniq) hisob-o‘lchov bilan (joriy bo‘lur).

6. O’t-o‘lan ham, dov-daraxt ham (yolg‘iz Allohga) sajda qilur — bo‘yinsunur.

7-8. U zot osmonni baland qilib qo‘ydi va sizlar tosh-tarozida tug‘yonga tushmasliklaringiz (ya’ni o‘zgalarga zulm qilmasliklaringiz) uchun mezon-tarozini o‘rnatdi.

9. (Ey insonlar, o‘zaro oldi-berdi muomalalaringizda) to‘g‘ri, adolat bilan tortinglar va tarozidan urib qolmanglar!

10. Yerni U zot (jamiyki) jonzotlar uchun (ya’ni ular joylashib, foydalanishlari uchun) past-tekis qilib qo‘ydi.

11. Unda (turli-tuman) meva-cheva va gulkosali xurmo daraxtlari bor.

12. Yana somonli don-dun va xushbo‘y (gullar) bor.

13. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya (ya’ni inkor qila) olursizlar?!

14. U zot insonni (yani Odam alayhis-salomni) sopol kabi qurigan qora loydan yaratdi.

15. Jinlarni esa alanga-olovdan yaratdi.

16. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:32:31



17. (Alloh) ikki sharqning (ya’ni kun va oy botadigan joylarning) ham Parvardigoridir.

18. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

19. U zot ikki dengiz-daryoni bir-birlari bilan uchrashadigan hollarida (yonma-yon) oqizib qo‘ydi.

20. (Ammo) u ikkisining o‘rtalarida bir to‘siq bo‘lib, ular (o‘sha to‘siqdan) oshib o‘tmaslar.


I z o h. Ma’lumki, dengiz qa’ri ham, daryo tubi ham suv bemalol sizib o‘ta oladigan qumloq yoki tuproqdir. Ko‘p hollarda sho‘r suvli dengiz bilan chuchuk suvli daryo yoki ko‘l shundoq yonma-yon joylashib ham qoladi. Lekin Alloh taoloning qudrati bilan ulardan birining sho‘ri ikkinchisiga urib ketmaydi.

21. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

22. U ikkisidan (biri bo‘lmish dengizdan) marvarid va marjonlar chiqur.

23. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

24. Dengizdagi tog‘lar kabi baland ko‘tarilgan qatnovchilar (ya’ni yelkanli kemalar) ham yolg‘iz U zotnikidir.

25. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

26. (Yer) yuzidagi barcha jonzot foniydir.

27. Buyuklik va karam sohibi bo‘lgan Parvardigoringizning yuzi — O’zigina boqiy mangu qolur.

28. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

29. Osmonlar va yerdagi (barcha) jonzot (Unga muhtojdir va bor tilak-maqsadlarini yolg‘iz) Undan so‘rar. U zot har kuni ish-amaldadir.


I z o h. Ushbu oyati karima o‘zi mo‘‘jaz bo‘lishiga qaramasdan Islomiy aqidaning asosiy ruknlaridan birini to‘la ifodalagandir. Ya’ni, yeru osmonda Alloh taologa muhtoj bo‘lmagan va Undan madad-yordam tilamagan biron jonzot yo‘qdir. U zot har kuni, har soat, har lahzada O’zi yaratgan koinotdagi barcha jon zotni boshqarib-parvarish qilib turadigan Parvardigordir. Bu oyat, «Alloh taolo borliq va undagi narsalarni yaratgach, ularni o‘z holiga tashlab qo‘ygan», deydigan ayrim faylasuflarga ochiq raddiyadir.

30. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

31. Yaqinda (Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda) sizlar(ni hisob-kitob qilish) uchun forig‘ bo‘lajakmiz, ey insu jinlar!


I z o h . Ya’ni, ozgina fursat o‘tgach, hayoti dunyo tugab, undagi ish-amal bitar va Alloh taolo barcha insonlar va jinlarning hayotlarida qilib o‘tgan amallarini hisob-kitob qilish va munosib mukofot-jazo berish uchun forig‘ bo‘lur. U Kunda Tangri taoloning odil jazosidan hech kim qochib qutula olmas. Quyidagi oyatlarda so‘z shu haqda boradi.

32. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

33. Ey jin va ins jamoasi! Agar sizlar (Allohning jazosidan qochib) osmonlar va yer chegaralaridan o‘tib ketishga qodir bo‘lsangizlar, u holda o‘tib ketaveringlar! Sizlar faqat kuch-qudrat bilangina o‘ta olursizlar, (lekin u Kunda sizlarda hech qanday kuch-qudrat bo‘lmas)!

34. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

35. (U Kunda) sizlarning ustingizga olovdan bir alanga va tutun yuborilurki, sizlar (undan hargiz) qutula olmassizlar!

36. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

37. Endi qachon (Qiyomat qoyim bo‘lgach) osmon yorilib, (jahannam haroratidan qizib ketgan) teri kabi qizarib qolganida,

38. Bas, (ey insonlar va jinlar). Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

39. Ana o‘sha Kunda na bir ins va na bir jin (qilib o‘tgan) gunohidan so‘ralmas!

40. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:32:53



41. (Chunki u Kunda) jinoyatchi-osiy kimsalar siymo-belgilaridan tanilib, peshona va oyoqlaridan olinurlar (va jahannamga otilurlar)!

42. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

43. Jinoyatchi-osiy kimsalar yolg‘on deydigan jahannam mana shudir!

44. Ular o‘sha (jahannam) bilan o‘ta qaynoq suv o‘rtasida aylanaverurlar!


I z o h . Ya’ni, hayoti-dunyodan kufru-isyon bilan o‘tgan kimsalar oxiratda do‘zax o‘tida kuyar ekanlar, do‘zax xodimlari bo‘lmish farishtalardan biron qultum suv berishni so‘rarlar. Shunda ularga qaynoq suv berilib, yana do‘zaxga otilurlar va bu hol abadul-abad davom etur.

Mazkur oyatlarda kofirlar duchor bo‘lajak azob-uqubatlar bayon etildi. Endi quyida keladigan oyatlarda iymon egalariga ko‘z tutib turgan go‘zal oqibat — jannatdagi mangu saodatli hayot qilinadi.


45. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning kaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

46. Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni o‘zining Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishdan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir.

47. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

48. (U ikki jannat son-sanoqsiz) shoh-novdalar egasidirlar, (ya’ni, sermeva va soya-salqindirlar).

49. Bas, (ey insonlar va jinlar). Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

50. U ikkisida ikki oqar chashma bordir.

51. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

52. U ikkisida barcha mevadan ikki navi bordir.

53. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

54. (Ahli jannat) astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar). U jannatlarning mevasi yaqin bo‘lguvchidir (ya’ni jannat axli qaybir mevani yeyishni istasa, o‘sha mevaning o‘zi ularga egilib, yaqin kelur).

55. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

56. U (jannat)larda shunday ko‘zlarini (begona erkaklarga qarashdan) tiyguvchi (qiz)lar borki, ularga (jannat axlidan) ilgari na bir ins va na bir jin tegingandir.

57. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

58. Ular (soflik va oqlikda) go‘yoki yoqut va marjondirlar.

59. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

60. Ehson-yaxshilikning jazosi-mukofoti faqat yaxshiliqdir.


I z o h . Ya’ni, hayoti-dunyodan iymon va ezgu amallar bilan o‘tgan kishining oxiratdagi mukofoti jannatdir. Ehson kalimasining lug‘aviy ma’nosi — chiroyli amal qilmoqlikdir, Payg‘ambar alayhis-salomdan «Ehson nimadir?» deb so‘ralganida, u kishi shunday javob qilgan ekanlar: «Ehson — Alloh taologa go‘yo Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishingdir. Zotan, sen U zotni ko‘rmasang-da, U zot shak-shubhasiz seni ko‘rib turguvchidir».

61. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

62. U ikki (jannat)dan quyiroqda yana ikki jannat bordir.

63. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

64. (U ikki jannat) sersuv va seryaproqlikdan qoramtirdirlar.

65. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

66. U ikkisida tinmay otilib turguvchi ikki chashma bordir.

67. Bas, (insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:33:12



68. U ikkisida meva, xurmo va anorlar bordir.

69. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

70. U (jannat)larda xushxulq va go‘zal yuzli (ayol)lar bordir.

71. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

72. (Ular) chodirlarda asralgan hurlardir.

73. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

74. Ularga (jannat axlidan) ilgari na bir ins va na bir jin tegingandir.

75. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

76. (Jannat ahli u jannatlarda) yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar).

77. Bas, (ey insonlar va jinlar), Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!

78. Buyuklik va karam sohibi bo‘lgan Parvardigoringizning nomi barakotli — muborakdir.

 

VOQEA SURASI

To‘qson olti oyatdan tashkil topgan bu sura Makkada nozil bo‘lgan.

Bu surada Qiyomat qoyim bo‘lishi va o‘sha paytda ro‘y beradigan dahshatli voqea-hodisalar hamda u Kunda kishilar uch toifaga bo‘linib qolishlari haqida xabar beriladi va sura davomida har bir toifaning topajak oqibatlari bayon qilinadi. Shuning uchun ham u «Voqea»— «Voqe’ bo‘lguvchi» (Qiyomat) deb nomlangandir.

Shuningdek, bu surada do‘zax dahshatlari va jannat manzaralari batafsil tasvirlanadi hamda oxirat hayotini inkor etguvchi kimsalarga hech rad qilib bo‘lmaydigan hujjatlar bilan javob beriladi.

Sura xotimasida yuqorida zikr qilingan har bir xabar aniq haqiqat ekanligi yana bir bor ta’kidlanib, barcha mo‘min-musulmonlarni Ulug‘ Parvardigor nomini poklab-tasbeh aytishga amr etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. Qachon Voqea — Qiyomat voqe’ bo‘lsa, u voqe’ bo‘lgan chog‘da biron yolg‘on so‘zlaguvchi bo‘lmas.

I z o h . Ya’ni, aniq tushguvchi bo‘lgan Qiyomat soati kelganida, hayoti dunyoda Alloh taolo sha’niga yolg‘on to‘qib yurgan kimsalardan birontasi yolg‘on so‘zlay olmay qoladi.

3-4-5-6-7. Yer (qattiq) larzaga kelgan, tog‘lar titilib, chang-to‘zonga aylangan va sizlar uch sinf-toifa bo‘lib qolgan chog‘da (Qiyomat kofirlarni do‘zaxga duchor etish bilan) past qilguvchi, (mo‘minlarni esa jannatga kiritish bilan) baland qilguvchidir.

I z o h. Ya’ni, bu dunyoda nafslari istagan xirsu havaslarga mukkadan ketib, mol-davlat va saltanatlari bilan havolanib yurgan dinsiz-iymonsiz kimsalarni Qiyomat eng tuban do‘zaxga tashlash bilan past qilib qo‘yar, ammo bu hayoti dunyoda mudom ro‘y berib turadigan zulmu sitam va haqsizlik azobidan ezilib yursalar-da, o‘z iymon-e’tiqodlarida ustivor bo‘lgan mo‘min-musulmonlarni esa jannatlardagi baland maqomlarga ko‘tarur. 

Endi   yuqorida   zikr   qilingan   uch   toifa   kimlar   ekanligi bayon etiladi.


8. Bas, (u uch toifadan birinchisi) o‘ng tomon egalaridir. O’ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir!

9. (Ikkinchi toifa) shum-chap tomon egalaridir. Shum-chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik)dir!


I z o h . O’ng tomon egalari hayoti - dunyodan iymon-e’tiqod bilan o‘tganlari sababli Qiyomat kunida nomai-a’mollari o‘ng tomonlaridan berilib, jannat ne’matlariga sazovor bo‘lgan saodatmand kishilardir. Chap tomon egalari esa hayoti dunyodan kufru isyon bilan o‘tganlari sababli Qiyomat kunida nomai-a’mollari chap tomonlaridan berilib, do‘zaxga giriftor bo‘lgan badbaxt kimsalardir.

10. (Uchinchi toifa bo‘lmish barcha yaxshi amallarga) peshqadam bo‘lguvchi zotlar (jannat ne’matlariga erishishida ham) peshqadam bo‘lguvchi zotlardir!

11-12. Ana o‘shalar noz-ne’mat bog‘larida (Alloh taologa) yaqin qilinguvchilardir.

13-14. (U peshqadamlar) avvalgi (ummat)lardan ko‘pchilik, keyingilardan (ya’ni Muhammad alayhis-salom ummatlaridan) esa ozdir.


I z o h. Ya’ni, Odam alayhis-salomdan tortib, to Muhammad alayhis-salomgacha, o‘tgan barcha payg‘ambarlarga iymon keltirgan va ularning yonlarida turib Alloh taolo buyurgan dinga da’vat qilishda yordamchi bo‘lgan avvalgi ummatlar orasidagi peshqadam zotlarning sanoqlariga nisbatan Muhammad alayhis-salom ummatlari o‘rtasidagi peshqadam zotlarning sonlari ozdir.

15-16. (Ular oltindan) to‘qilgan so‘rilarda yastangan hollarida bir-birlariga ro‘baro‘ bo‘lib (o‘ltirurlar).

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:33:38



17-18. Ustlarida esa mangu yosh (ya’ni hech qarimaydigan) bolalar oqar chashmadan (mayli) qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar.

19. U (may)lardan ularning boshlari ham og‘rimas, mast ham bo‘lmaslar.

20-21. Yana o‘zlari tanlab oladigan meva-cheva hamda ishtahalari tortgan qush go‘shtlari ham (aylantirib turilur).

22-23. Yana (ular uchun) xuddi yashirib qo‘yilgan marvarid misol ohu ko‘z hurlar bordir.

24. (Bu) ular (hayoti dunyoda) qilib o‘tgan amallarining mukofotidir.

25-26. Ular u joyda biron behuda va gunoh-yolg‘on (so‘z)ni eshitmaslar, faqat «Salom-salom», deyilganinigina (eshiturlar).

27. O’ng tomon egalari... O’ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir!

28. (Ular) tikansiz butazorlarda.

29. Tizilgan bananzorlarda.

30. Yoyilgan soya (osti)da.

31. Oqizib qo‘yilgan suv (usti)da.

32-33. Tugab qolmaydigan va man’ etilmaydigan ko‘pdan-ko‘p (turli tuman) meva-cheva (osti)da.

34. Baland ko‘tarilgan ko‘rpachalar (usti)dadirlar.

35. Darvoqe’, Biz ularni (oxu ko‘z hurlarni) daf’atan paydo qildik (ya’ni ular onadan tug‘ilmadilar, balki Allohning qudrati bilan daf’atan paydo bo‘ldilar).

36-37-38. So‘ng ularni o‘ng tomon egalari uchun (yoshda ham, husnu jamol va qaddu qomatda ham) biri-biriga teng, ehtirosli bokira qizlar qilib qo‘ydik.

39-40. (O’ng tomon egalari bo‘lmish saodatmand kishilar) avvalgi (ummat)lardan ham ko‘pchilik, keyingilardan (ya’ni Muhammad alayhis-salom ummatlaridan) ham ko‘pchiliqdir.

41. Chap tomon egalari... Chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik)dir!

42. (Ular do‘zaxdan tinimsiz esib turadigan, badanlarni ilma-teshik qilib yuboruvchi) Samum (shamoli) va qaynoq suv ichida;

43-44. va na salqin, na foydali bo‘lmagan qora tutundan iborat «soya» (osti)dadirlar.

45. Darvoqe’ ular bundan ilgari (ya’ni hayoti dunyoda hirsu xavasga mukkadan ketgan) boyonlar edilar.

46. Ular ulug‘ gunoh (ya’ni shirk) ustida oyoq tirab turar edilar.

47-48. Va: «Bizlar o‘lib, tuproq va suyaklarga aylangach, rostdan xam qayta tirilguvchimizmi, avvalgi ota-bobolarimiz ham-a?!» deb (masxara qilar) edilar.

49-50. (Ey Muhammad, siz ularga) ayting: «Albatta avvalgilar ham, keyingilar xam ma’lum Kundagi belgilangan vaqtga shak-shubxasiz to‘planguvchidirlar.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:33:58



51. So‘ngra albatta sizlar, ey (qayta tirilishni) yolg‘on deguvchi gumroxlar,

52-53. Shak-shubhasiz (jahannamning o‘rtasida o‘sadigan) Zaqqum daraxtidan yeguvchi — undan qorinlaringizni to‘ldirguvchidirsizlar.

54-55. So‘ng uning ustiga qaynoq suvdan ichguvchi, (ichganda xam) tashna-to‘ymas tuyalar kabi ichguvchidirsizlar!

56. Mana shu ularning jazo (qiyomat) Kunidagi "œziyofatlaridir"!

57. (Ey insonlar), sizlarni Biz O’zimiz yaratdik-ku! Endi sizlar (oxiratda yana qayta yaratishga qodir ekanligimizni) tasdiq etmaysizlarmi?!

I z o h. Ya’ni, yo‘qdan bor qilishga qodir bo‘lgan zot qayta yaratishga ham shak-shubhasiz qodirdir. Endi quyidagi oyatlarda Tangri taolo O’zining qayta yaratishga qodir ekanligiga to‘rt narsani, ya’ni insonni yaratganini, nabotot (ekin-o‘simliklar)ni yaratganini, suvni yaratganini va o‘t-olovni yaratganini dalil qilib keltiradi.

58. Sizlar (xotinlaringizning bachadoniga) to‘kadigan maniy-urug‘ haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?

59. Uni sizlar (komil inson qilib) yaraturmisizlar yoki Biz yaratguvchimizmi?.


I z o h. Darhaqiqat, bu inson ko‘z o‘ngida doimo takrorlanib turganligi sababli e’tibor berilmaydigan buyuk bir mo‘jizadir: nahotki kishi badanidan ajralib chiqib turadigan ter, ko‘z yoshi kabi bo‘lgan bir tomchi suvdan — maniydan — ozgina muddat o‘tgach, o‘z-o‘zidan erkak yo ayol jinsiga mansub, eshitguvchi, ko‘rguvchi bir inson paydo bo‘lib qolsa. Tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan bu ish qanday sodir bo‘ldi? Axir bu inson o‘zining suyaklari, go‘shti va terisi bilan tomirlari-yu, tuk va tirnoqlari bilan hamda faqat o‘zigagina xos  bo‘lgan xulqi-tabiati bilan qaerga yashirinib olgan edi?! Qaysi bir dono odam bir tomchi suv o‘z-o‘zidan mana shunday insonga aylangan deya oladi? Hech kim! Chunki maniy ona bachadoniga tushishi bilanoq er-xotinning ish-amali bitgan: ular o‘sha bir tomchi suvdan homila paydo bo‘ladimi-yo‘qmi bilishga qodir emaslar, endi bu yog‘i yolg‘iz Yaratganning xohishiga havola. Agar U zot xohlasa, O’z qudrati bilan bir xil xujayradan iborat bo‘lgan o‘sha maniydan insonning jamiyki a’zolarining har biri o‘ziga xos bo‘lgan ming-minglab hujayralarini paydo qiladi va har bir a’zoning hujayrasiga o‘z vazifasini paydo qiladi va unga jon kiritadi... Darhaqiqat, bu ilohiy mo‘jizada aql yuritguvchi kishilar uchun yetarli ibrat bordir.

60-61. Sizlarning o‘rtangizdagi o‘limni ham Biz belgilab qo‘ygandirmiz (ya’ni sizlarga hayotni ham, o‘limni ham Biz berurmiz). Va Biz (sizlarni vafot topdirib, o‘rninglarga) sizlarga o‘xshaganlarni almashtirib qo‘yishga hamda sizlarni o‘zlaringiz bilmaydigan holat-suratda qayta paydo qilishga ham ojiz emasdirmiz.

62. Darvoqe’ sizlar dastlabki paydo bo‘lishlaringiz (qanday bo‘lgani)ni bildinglar-ku! Bas, eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!

63. Sizlar ekayotgan ziroatlaringiz haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?

64. Uni sizlar undirib-o‘stirurmisizlar yoki Biz undirguvchimizmi?!

65. Agar Biz xoxlasak, albatta uni quruq cho‘p qilib qo‘ygan bo‘lur edik, bas, sizlar ajablangan hollaringizda.

66. «Shak-shubhasiz bizlar ziyon ko‘rguvchilarmiz.

67. Yo‘q, bizlar (barcha rizqu-ro‘zdan) mahrum bo‘lguvchilarmiz», (deb nadomat qilib qolgan bo‘lur edingazlar).

68. Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?

69. Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdinglarmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi?!

70. Agar Biz xoxlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?!

71. Sizlar yoqadigan o‘t-olov haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?

72. Uning daraxtini sizlar paydo qildinglarmi yoki Biz paydo qilguvchimizmi?!

73. Biz uni (jahannam o‘tidan) bir eslatma va (sahrolarda yuradigan) musofir-yo‘lovchilar uchun foydalanadigan narsa qilib qo‘ydik.

74. Bas, (ey Muhammad), ulug‘ Parvardigoringizning nomini (har qanday ayb-nuqsondan) poklab-tasbeh ayting!

75-76-77-78. Men yulduzlarning botar joylariga qasam ichurmanki, Holbuki bu (qasam) agar bilsangizlar shak-shubhasiz ulug‘-katta qasamdir — albatta u (Qur’on sehr yoki uydirma emas, balki) asralgan Kitobdagi (Lavhul-Mahfuzdagi) Ulug‘ Qur’ondir!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:34:17



79. Uni faqat tahoratli — pok kishilargina ushlarlar.

80. (U) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir.

81. Bas (ey kofirlar), sizlar mana shu So‘z — Qur’onga beparvolik qilurmisizlar (ya’ni sizlar shunday ulug‘ Kitobni nazarlaringizga ilmasdan inkor qilmoqdasizlarmi)?!

82. Va sizlar (Qur’onni) yolg‘on deyish(dek badbaxtlik)ni o‘zlaringizning rizq-nasibalaringiz qilib olursizlarmi?!

83-84-85-86-87. Bas, qachon (vafot qilayotgan kishining joni) xalqumiga yetganida — xolbuki o‘sha vaqtda sizlar qarab turursizlar va Biz unga sizlardan ko‘ra yaqinroq bulurmiz, lekin sizlar (buni) kurmaysizlar (bilmaysizlar) Bas, agar sizlar egasiz bo‘lsangizlar, (va o‘zlaringizning: «Hech qanday ega — Parvardigor ham, qayta tirilish ham yuq», degan so‘zlaringizda) rostgo‘y bulsangizlar o‘sha (jonni yana jasadga) qaytara olsangizlar edi! (Yuq, hech qachon qaytara olmassizlar).

88-89. Endi agar o‘sha (vafot qilguvchi kishi Allohga yaqin qilingan (peshqadam)lardan bulsa, u holda (uning uchun) rohat-farog‘at, go‘zal rizq va noz-ne’matli jannat bordir!

90-91. Endi agar u o‘ng tomon egalaridan bo‘lsa, u xolda (ey saodatmand bandam), senga o‘ng tomon egalaridan salom bo‘lgay!

92-93-94. Endi agar u (qayta tirilishni) yolg‘on deguvchi gumroxlardan (ya’ni chap tomon egalaridan) bo‘lsa, u xolda qaynoq suvdan iborat «ziyofat» va do‘zaxga kiritilish bordir!

95. Shak-shubxasiz (ushbu surada zikr qilingan narsalar) ayni haqiqatning o‘zidir!

96. Bas, ulug‘ Parvardigoringizning nomini (xar qanday ayb-nuqsondan) poklab-tasbeh ayting!

 

HADID SURASI

Yigirma to‘qqiz oyatdan tashkil topgan bu sura Madinada nozil bo‘lgan.

U borliqdagi barcha narsa mudom Yaratganga tasbeh aytib, ulug‘lab turishi haqida xabar berish bilan boshlanadi. Shundan keyin Alloh taoloning ilohiy sifatlari bayon qilinadi.

Bu suradan mo‘minlarni Alloh ularga ato etgan narsalardan xayr-saxovat qilishga chorlagan oyatlar ham o‘rin olgandir.

Sura mo‘minlar bilan munofiqlarning oxiratdagi ahvoli to‘g‘risida xabar berib, u joyda munofiqlar dunyodagi kabi mo‘minlar orasiga qo‘shilib keta olmasdan, ajralib qolishlarini uqtiradi va bu hayoti dunyoning o‘tkinchi ekanligini bahor yomg‘iri ostida to‘rt kun barq urib ochilib, so‘ng yoz issig‘iga bardosh bera olmay qurib, qovjirab qoladigan chechaklarga tashbeh qilinadi. Sura Iyso payg‘ambar yo‘llariga ergashgan ahli kitoblarni Allohdan qo‘rqishga va U zotning so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis-salomga iymon keltirishga da’vat qilish bilan xotima topadi.

Bu surada kishilarning tinchlik-osoyishtalik kunlarida ham, harbu-zarblarida ham birdek zarur va foydali bo‘lgan temir moddasi haqida zikr qilingani uchun u «Hadid»— «Temir» surasi deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlar va yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytdi. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. Osmonlar va yer Uning mulkidir. U hayot va o‘lim berur. U barcha narsaga qodirdir.

3. Avval ham, oxir ham, zohir ham, botin ham Uning O’zidir. U barcha narsani bilguvchidir.


I z o h. Ushbu oyati karimada har bir mo‘min Alloh taoloning bor va birligiga iymon keltirish bilan birga e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan to‘rt ilohiy sifati bayon etildi: Alloh avvaldir, ya’ni U azaliy zot bo‘lib, Undan avval biron zamon o‘tgan emas; Alloh, oxirdir, ya’ni U abadiy-mangu zot bo‘lib, barcha narsa yo‘q bo‘lur, lekin Uning intihosi yo‘qdir; Alloh zohirdir, ya’ni koinotdagi har bir narsa Uning borligiga ochiq-zohir dalolat qilib turadi; Alloh botin-maxfiydir, ya’ni Uning zotini ko‘z bilan idrok etib bo‘lmas va Uning mohiyat-haqiqatiga aql bilan yetib bo‘lmas.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:35:11



4. U osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra O’z arshiga o‘rnashgan zotdir. U yerga kiradigan (yomg‘ir-qor suvi xazinayu-dafina va jasadlar kabi) narsalarni ham, undan chiqadigan (o‘t-o‘lan, nabotot va buloq suvlari kabi narsalarni ham, samodan tushadigan (rizqu nasiba, hayru baraka kabi) narsalarni ham, unga (samoga) ko‘tariladigan (ya’ni amal va duo-iltijo kabi) narsalarni ham bilur. Sizlar qaerda bo‘lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.

5. Osmonlar va yer Uning mulkidir. Barcha ishlar yolg‘iz Allohga qaytarilur.

6. U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur. U dillardagi sirlarni bilguvchidir.

7. (Ey insonlar), Allohga va Uning payg‘ambari (Muhammad alayhis-salom)ga iymon keltiringlar hamda U zot sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan (ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarning qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan) infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir.

8. Agar sizlar iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar — payg‘ambar (oralaringizda) sizlarni Parvardigoringizga iymon keltirishga da’vat qilib turgani holda (Alloh esa sizlarning ruhlaringizni yaratgan paytidayoq, iymon keltirish haqidagi) ahdu-paymoningizni olgani holda nega sizlar (Allohga) iymon keltirmayapsizlar?

9. U O’z bandasi (Muhammad alayhis-salom)ga toki u sizlarni (kufr) zulmatlaridan (iymon) nuriga olib chiqish uchun aniq-ravshan oyatlarni (ya’ni Qur’oni Karimni) nozil qiladigan zotdir. Albatta Alloh sizlarga mehribon va rahmlidir.

10. Nega sizlar Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmayapsizlar?! Holbuki osmonlar va yerning vorisligi yolg‘iz Allohniki-ku (ya’ni oz kunda sizlar bu olamdan o‘tib ketib, qo‘llaringizdagi barcha mol-dunyolaringiz Allohga meros bo‘lib qoladi-ku)! Sizlardan (Makka) fath bo‘lishidan ilgari infoq-ehson qilgan va (rasululloh bilan birga kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (Makka fathidan keyin infoq-ehson qilgan va urushgan kishilar bilan) barobar bo‘lmas. Ular keyin infoq-ehson qilgan va urushgan kishilardan ulug‘roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go‘zal (oqibat-jannat) va’da qilgandir. Alloh kilayotgan amallaringizdan xabardordir.

11. Allohga qarzi xasana (ixtiyoriy qarz, ya’ni Uning yo‘lida xayru saxovat) qiladigan kim bor? Bas, U zot o‘sha (kishi)ga bir necha xissa qilib qaytarur va uning uchun ulug‘ ajr-mukofot bo‘lur.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:35:31



12. Mo‘min va mo‘minalarning oldilarida va o‘ng tomonlarida nurlari (ya’ni qilgan yaxshi amallari va nomai a’mollari yo‘llarini yoritib) ketayotganini ko‘radigan Kunni (eslang)! (O’sha Kunda ularga deyilur): «Sizlar uchun Bugungi xushxabar — ostidan daryolar oqib turadigan, (sizlar) mangu qoladigan jannatlardir. Bu ulug‘ baxtning o‘zidir!»

13. U Kunda munofiq va munofiqalar iymon keltirgan zotlarga: «Bizga qarab turinglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik», desalar, (ularga) «Ortinglarga qaytib nur istayveringlar», deyilur. So‘ng ular (bilan mo‘minlar)ning o‘rtasiga darvozali bir devor urilurki, uning ichida rahmat-jannat, tashqarisida-oldida esa azob-do‘zax bo‘lur.

14. Ular (mo‘minlarga) «Biz (hayoti dunyoda) sizlar bilan birga emasmidik», deb nido qilganlarida, (mo‘minlar) derlar: «Ha, (ko‘rinishda biz bilan birga edinglar), lekin sizlar (munofiqlik bilan) o‘zlaringizni fitnaga duchor qildinglar va (bizlarga balo-ofatlar yetishiga) ko‘z tutdinglar hamda (Islomning haq «din ekanligi to‘g‘risida) shubhalandinglar va to Allohning amri (ya’ni o‘lim) kelgunicha sizlarni (hali umr uzoq ekanligi, Alloh har qanday gunohni kechib yuboraverishi kabi) xomxayollar aldadi. Sizlarni Alloh haqida (U zotning karami keng, hech qachon O’zi yaratgan bandalarni azobga giriftor qilmaydi, deb) aldaguvchi (shayton) aldab qo‘ydi».

15. Mana Bugun sizlardan ham, (ey munofiqlar), kofir bo‘lgan kimsalardan ham (do‘zax azobidan qutulishlaringiz uchun) biron to‘lov olinmas. Joylaringiz do‘zaxdir! U sizlarga eng munosib joydir! Naqadar yomon oqibat (bu)!


I z o h . Mazkur oyatlarda zohirlari mo‘min-u, botinlari munofiq bo‘lgan kimsalarning oxiratda duchor bo‘ladigan oqibatlari bayon qilindi. Endi mo‘minlarga murojaat qilinib, ularni o‘zlaridan avval o‘tgan ahli kitoblar kabi dillari qotib, fosiq-itoatsiz bo‘lib ketmasdan ko‘ngillarini Allohning zikriga va Qur’on tilovatiga moyil qilishga da’vat etiladi.

16. Iymon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo‘lgan Haq-Qur’onga moyil bo‘lish (vaqti) kelmadimi? (Shuningdek ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so‘ng (ular bilan payg‘ambarlari o‘rtasidagi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya’ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo‘lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)? Ulardan (yahudiy va nasroniylardan) ko‘plari fosiq-itoatsizdirlar!

17. (Ey mo‘minlar), bilinglarki, albatta Alloh o‘lgan yerni tiriltirur (ya’ni Alloh qurib-qaqshab yotgan yerni yomg‘ir bilan «tiriltirgani» kabi sizlarning dillaringizni ham Allohning zikri va Qur’on tilovati bilan yumshatur). Mana Biz aql yurgizishlaringiz uchun sizlarga (O’z qudrati ilohiyyamizga dalolat qiladigan) oyatlarni batafsil bayon qildik.

18. Albatta sadaqa qilguvchi erkaklar va sadaqa qilguvchi ayollar hamda Allohga qarzi xasana berganlar uchun (bergan xayru sadaqalari) bir necha hissa qilib qaytarilur va ular uchun ulug‘ ajr-mukofot bordir.

Qayd etilgan