Muallif Mavzu: Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 562059 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 10 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #540 : 10 Sentyabr 2006, 06:36:41 »


19. Allohga va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar — ana o‘shalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar (ya’ni juda rostgo‘y zotlar) va shahidlarning o‘zidirlar. Ular uchun (oxiratda) ajr-mukofotlari va (ularning yo‘llarini yoritib boradigan) nurlari bo‘lur. Kofir bo‘lgan va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar – ular do‘zax egalaridir!

20. Bilinglarki, bu hayoti dunyo faqat (bir nafaslik) o‘yin-kulgi, zeb-ziynat, o‘rtalaringizdagi o‘zaro maqtanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdir xolos. (U) xuddi bir yomg‘irga o‘xsharki, uning (yog‘ishi sababli unib chiqqan) o‘t-o‘lani kofirlarni hayratga solib (aqllarini band qilib qo‘yur). So‘ngra u qurir, bas uni sarg‘aygan holda ko‘rursiz. So‘ngra u quruq cho‘p bo‘lib qolur. (Hayoti dunyoning holi ham shundan o‘zga emasdir). Oxiratda esa (o‘sha to‘rt kunlik dunyoga aldanib qolganlar uchun) qattiq azob va (iymon-e’tiqod bilan o‘tganlar uchun) Alloh tomonidan mag‘firat va rizolik bordir. Hayoti dunyo esa faqat aldaguvchi matodir.

21. (Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga xamda Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz! Bu (ya’ni va’da qilingan mag‘firat va jannat) Allohning fazlu marhamati bo‘lib, uni O’zi xoxlagan kishilarga ato etur. Alloh ulug‘ fazlu marhamat sohibidir.

22. Na yerga va na o‘zlaringizga biron musibat yetmas, magar (etsa) Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta bu Allohga osondir.


I z o h. Ya’ni, hayotda sodir bo‘ladigan har bir yaxshi-yomon, katta-kichik voqea-hodisa albatta Alloh taoloning taqdiri azaliysida bitilgan bo‘ladi. Yaratganning amrisiz birovning badaniga bir tikan kirmaydi. Bu haqiqat bayon etilishiga sabab:

23. Toki sizlar qo‘llaringizdan ketgan narsaga qayg‘urmagaysizlar va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ketmagaysizlar. Alloh barcha kibr-havoli, maqtanchoq kimsalarni suymas.

24. Ular baxillik qiladigan va odamlarni ham baxil bo‘lishga buyuradigan-chaqiradigan kimsalardir. Kim (baxillik qilib infoq-ehson qilishdan) yuz o‘girib ketsa, u holda albatta Allohning O’zi (barcha olamdan) behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #541 : 10 Sentyabr 2006, 06:37:14 »


25. Qasamki, Biz O’z payg‘ambarlarimizni aniq hujjat-mo‘jizalar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon-tarozi tushirdik. Yana Biz temirni tushirdik-yaratdik. Unda kuch-quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir. Alloh g‘aybda (bandalari ko‘ziga ko‘rinmasdan) turgan holida O’ziga va payg‘ambarlariga (Alloh yo‘lida jihod qilish bilan) yordam beradigan kishilarni bilish uchun (temirni yaratdi). Albatta Alloh kuchli, qudratlidir.

I z o h . Ushbu oyati karimada jamiyat intizomi va kishilar osoyishtaligi uchun Allohning kitobi va adolat tarozisi bilan birga yana temir, ya’ni qurolli kuchga ham muhtoj bo‘linishiga ishora qilinmoqda.

26. Qasamki, Biz Nuh va Ibrohimni payg‘ambar qilib yubordik hamda payg‘ambarlik va Kitobni (ya’ni, Tavrot, Injil, Zabur va Qur’onni) ham ikkovining zurriyotlariga (ato) qildik. Bas, ularning (ya’ni Nuh va Ibrohim zurriyotlarining) orasida hidoyat topguvchi (kishilar) ham bor, (ammo) ularning orasida ko‘plari fosiq-itoatsizdirlar.

27. So‘ngra ularning izlaridan ketma-ket payg‘ambarlarimizni yubordik va Iyso binni Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil ato etdik hamda unga ergashgan zotlarning dillarida mehribonlik va rahm-shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga (rohib bo‘lishlarini) yozganimiz — buyurganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblikni odat) qildilar-u, so‘ng unga to‘g‘ri-to‘la rioya qila olmadilar. Bas, Biz ulardan iymon keltirgan zotlarga ajr-mukofotlarini ato etdik. (Ammo) ularning orasida ko‘plari fosiq-itoatsizdirlar.

28. Ey (Iysoga) iymon keltirgan zotlar, Allohdan qo‘rqinglar va Uning payg‘ambari (Muhammad alayhis-salom)ga ham iymon keltiringlar, (shunda) U zot sizlarga O’z rahmatidan ikki hissa ato etur va sizlar uchun (Qiyomat kunida oldilaringizda) yuradigan nur (paydo) qilur hamda sizlarni mag‘firat qilur. Alloh mag‘firatli, mehribondir.

29. Ahli kitob o‘zlari Allohning fazlu-marhamatidan biron narsaga (etishga) qodir bo‘la olmasliklarini va fazlu marhamat Allohning qo‘lida bo‘lib, uni faqat O’zi xohlagan kishilarga ato etishini bilishlari uchun (Alloh ularga yuqoridagi hukmlarni bayon qildi). Alloh ulug‘ fazlu marhamat sohibidir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #542 : 10 Sentyabr 2006, 06:37:57 »
YIGIRMA SAKKIZINCHI JUZ’
*************************



MUJODALA SURASI

Bu sura ham Madinada nozil qilingan bo‘lib, yigirma ikki oyatdir.

Sura avvalida bir ayol o‘z erining qilmishi to‘g‘risida shikoyat qilib kelib payg‘ambar alayhis-salom bilan munozara qilgani bayon etiladi. Suraning «Mujodala-Munozara» deb nomlanganining boisi shudir. So‘ngra o‘sha shikoyat qilib kelingan «Zihor» mas’alasining hukmi va zihor qilguvchi zimmasiga tushadigan kafforat-to‘lov haqida so‘z boradi.

Bu surada yaxudiy va munofiqlarning gunoh, zo‘ravonlik va payg‘ambarga itoatsizlik qilish to‘g‘risida o‘zaro shivir-shivir qilishib til biriktirishlari, ularning mo‘minlarga va xususan payg‘ambarimizga yetkazadigan ozor-aziyatlari hamda oxir-oqibat topajak azob-uqubatlari xususida xabar beriladi.

Shuningdek, bu surada mo‘minlarga ularning o‘zaro munosabatlarida va payg‘ambar alayhis-salom bilan qiladigan muomalalarida rioya etishlari lozim bo‘lgan odob-axloq borasida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladi.

Sura nihoyasida Alloh taologa va oxirat Kuniga iymon keltirgan kishilarning sifat-fazilatlari xususida so‘zlanib, ular erishajak baxt-saodat xabari beriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), darhaqiqat Alloh siz bilan o‘z jufti haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so‘zini eshitdi. Alloh sizlarning basti-javoblaringizni eshitur. Albatta Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchidir.

I z o h . Ushbu oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgandir: Sahobalardan Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa’laba ismli bir ayol payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: «Yo rasululloh, Avs meni zihor qildi», deb o‘z eridan shikoyat qiladi. «Zihor» iborasi arablarning istilohida kishi o‘z xotiniga: «Onamning badani kabi sening badaning ham menga harom», deyishini anglatadi. Islom dini kelishidan ilgari zihor qilingan xotin eri uchun onaga aylanib qolgan, demak taloq qilingan hisoblanar edi. (Bu xususda «Ahzob» surasining to‘rtinchi oyatida ham bayon qilingan). Shuning uchun mazkur ayol erining bu qilmishidan nolib, o‘rtalarida go‘dak bolalari borligi, agar er-xotin ajrashib ketsalar, o‘sha bolalarga jabr bo‘lishini aytib keladi. Lekin payg‘ambarimizga «Zihor» mas’alasi haqida Alloh taolo tomonidan hali biron hukm nozil qilinmagan edi. Shu sababdan u zot shikoyatchi ayolga: «Demak, sen eringga harom bo‘lib qolibsan», deb javob qiladilar. Ammo u ayol bu javobdan qanoatlanmay, yana o‘z so‘zlarini takrorlaydi. Rasululloh ham yana avvalgi javoblarini qaytaradilar. Ikkalalari shu tariqa basta-javob qilib turishlari asnosida, birdan payg‘ambar alayhis-salomga yuqoridagi va quyida keladigan oyatlar nozil bo‘ladi hamda ularda Alloh taolo «Zihor» mas’alasi xususida O’z xukmini bayon qiladi.

2. Oralaringizdagi o‘z xotinlarini zihor qiladigan kimsalarning (zihor qilingan xotinlari) ularning onalari emasdirlar. Faqat ularni tuqqan (ayol)largina ularning onalaridirlar. Shak-shubhasiz ular so‘zning nomaqbul va yolg‘onini ayturlar. (Lekin) Alloh shubhasiz afv etguvchi va mag‘firat qilguvchidir.

I z o h . Ya’ni, o‘sha o‘z xotinlarini onalariga o‘xshatishdek nomaqbul va yomon so‘z aytganlar o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lib tavba qilsalar, shak-shubhasiz Alloh taolo afv etguvchi, mag‘firat qilguvchidir. Ularning o‘rtasiga hech qanday taloq tushmaydi. Lekin o‘z xotinini zihor qilib, keyin unga qaytmoqchi bo‘lgan kimsa bu qilmishi uchun ma’lum miqdorda kafforat — to‘lov to‘lashi kerak. Endi quyidagi oyatlarda o‘sha kafforat miqdorlari bayon qilinadi.

3. O’z xotinlarini zihor qilib, so‘ngra aytgan so‘zlaridan qaytadigan kimsalar (zimmasida) (er-xotin) qo‘shilishlaridan ilgari bir qulni ozod qilish bordir. Bu sizlarga mav’iza-ibrat bo‘lgay. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

4. Endi kim (ozod qilish uchun qul) topa olmasa (uning zimmasida er-xotin) qo‘shilishlaridan ilgari paydar-pay ikki oy ro‘za tutish bordir. Endi kim (ro‘za tutishga) qodir bo‘lmasa (uning zimmasida) oltmishta bechora-miskinga taom berish bordir. Bu (hukmlar) sizlar Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltirishlaringiz uchun (nozil qilindi). Bular Allohning (belgilab qo‘ygan) hadlari — qonunlaridir. Va (bu qonunlarni inkor etguvchi) kofirlar uchun alamli azob bordir.

5. Albatta Alloh va Uning payg‘ambari chizgan chiziqdan chiqadigan kimsalar xuddi o‘zlaridan avvalgilar halok qilingani kabi halok qilinurlar. Darvoqe’ Biz ochiq-ravshan oyatlar nozil qildik (Mana shu oyatlarni inkor etguvchi) kofirlar uchun xor qilguvchi azob bordir.

6. (O’sha kofirlar azobga duchor qilinadigan) Kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (hayoti dunyoda) qilgan amallarining xabarini berur. U (amallar)ni Alloh hisoblab-bitib qo‘ydi, ular esa unutib yubordilar. Alloh barcha narsa ustida guvohdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #543 : 10 Sentyabr 2006, 06:38:25 »


7. Alloh osmonlardagi va yerdagi bor narsani aniq bilishini ko‘rmadingiz — bilmadingizmi! Uch kishining o‘zaro shivir-shivirlari bo‘lsa, albatta U zot ularning to‘rtinchisidir, besh kishining (o‘zaro shivir-shivirlari bo‘lsa), albatta U zot ularning oltinchisidir. (O’zaro sirlashayotgan kishilar) bundan oz bo‘ladimi, yo ko‘p bo‘ladimi, albatta U zot qaerda bo‘lsalar ham ular bilan birgadir. So‘ngra, Qiyomat kunida ularga qilgan amallarining xabarini berur. Albatta Alloh barcha narsani bilguvchidir.

8. (Ey Muhammad), o‘zaro shivir-shivirdan qaytarilganlaridan so‘ng yana o‘zlari qaytarilgan narsaga qaytadigan hamda gunoh, zo‘ravonlik va payg‘ambarga itoatsizlik qilish to‘g‘risida o‘zaro shivirlashadigan kimsalarni ko‘rmadingizmi? Qachon ular sizning oldingizga kelsalar, sizga bir ibora bilan salom berurlarki, Alloh sizga o‘sha (so‘z) bilan salom bermagan edi. Yana o‘zlaricha: «Nega aytayotgan so‘zimiz sababli Alloh bizlarni azoblamayapti? (Agar Muhammad haq payg‘ambar bo‘lganida, albatta Alloh bizlarni azobga giriftor qilgan bo‘lur edi)», derlar. Ularga o‘zlari kiradigan jahannam (azob to‘g‘risida) kifoya qilar! Bas, naqadar yomon oqibat (bu)!


I z o h. Ushbu oyat mo‘minlarni ko‘rganlarida bir-birlari bilan pichir-pichir va turli imo-ishoralar qilishib, ularga ozor beradigan yahudiy va munofiqlar haqidadir. Payg‘ambar alayhis-salom ularni bu qiliqlaridan qaytarganlaridan keyin ham ular o‘z visir-visirlaridan qaytmaydilar, balki hadlaridan oshib rasulullohga ro‘baro‘ bo‘lganlarida, «Assalomu alaykum», ya’ni «sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin», deyish o‘rniga «Assomu alaykum», ya’ni «sizlarga o‘lim bo‘lsin», deydilar. Shuning uchun Alloh taolo ularning jazolari jahannamga kirish ekanligi xususida xabar beradi.

9. Ey mo‘minlar, sizlar o‘zaro shivirlashib gaplashganlaringizda, gunoh va zo‘ravonlik va payg‘ambarga itoatsizlik qilish to‘g‘risida shivirlashmanglar, (balki) yaxshilik va taqvo haqida shivirlashinglar hamda sizlar huzuriga to‘planadigan zot Allohdan qo‘rqinglar!

10. (Yahudiy va munofiqlarning) o‘zaro shivir-shivirlari faqat shayton tomonidan bo‘lib, iymon keltirgan zotlarni g‘amgin qilish uchundir. (Lekin) u Allohning izni-irodasisiz ularga biron ziyon yetkaza olguvchi emasdir. Bas, mo‘minlar, yolg‘iz Allohgagina tavakkul qilsinlar — suyansinlar!

11. Ey mo‘minlar, qachon sizlarga (majlis-suhbatlarda do‘st-birodarlaringiz kelib: «Bizlarga ham shu majlisdan joy beringlar», deyilsa, darhol joy beringlar, Alloh sizlarga ham (O’z jannatidan) joy berur. Va qachon «(o‘rinlaringizdan) turinglar», deyilsa, darhol turinglar, Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.


I z o h. Bu oyati karimada mo‘minlarga majlis odoblari ta’lim berildi va ularni bag‘rikenglikka, ya’ni majlislariga kelib qo‘shilmoqni istagan do‘stlariga yonlaridan joy berishga va agar hamma joylar band bo‘lsa, keyin kelganlarga o‘z o‘rinlarini bo‘shatib berishga da’vat etildi. Yana bu oyatda ilmning fazilati alohida ta’kidlab o‘tildiki, bu borada payg‘ambar alayhis-salom tomonlaridan ham ko‘pdan-ko‘p hadislar rivoyat qilingan bo‘lib, ulardan biri mana bu hadisi sharifdir: «Olimning obid ustidagi fazilati xuddi to‘lin oyning boshqa yulduzlar ustidagi fazilati kabidir». Hukamolardan birining quyidagi so‘zlari ham ibratlidir: «Men ilm topa olmagan odam nima topganini, ilm topgan odam esa nima yo‘qotganini bilsam edi».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #544 : 10 Sentyabr 2006, 06:40:15 »


12. Ey mo‘minlar, qachon sizlar payg‘ambar bilan sirlashmoq — suhbatlashmoqni istasangizlar, suhbatlaringiz oldidan (kambag‘al-miskinlarga) biron xayr-sadaqa taqdim etinglar. Bu o‘zlaringiz uchun yaxshiroq va (gunohlaringizni) poklaguvchiroqdir. Endi agar (sadaqa qilgudek narsa) topa olmasangizlar, u holda albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir.

13. Suhbatlaringiz oldidan xayr-sadaqalar taqdim etishdan (kambag‘al bo‘lib qolamiz, deb) qo‘rqdinglarmi? Bas, sizlar (xayr-sadaqa) qilmagan ekansizlar va Alloh tavbalaringizni qabul qilgan ekan, endi namozni to‘kis ado etinglar va zakotni (haqdorlarga) ato etinglar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etinglar! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

14. (Ey Muhammad), Allohning g‘azabiga duchor bo‘lgan qavmni (yahudiylarni) do‘st tutgan kimsalarni (munofiqlarni) ko‘rmadingizmi? U (munofiqlar) sizlardan (ya’ni musulmonlardan) ham, ulardan (ya’ni yahudiylardan) ham emasdirlar! Yana ular (o‘zlarining munofiq ekanliklarini) bilib turgan hollarida, («Bizlar musulmonlarmiz», deb) qasam ham ichurlar.

15. Alloh ular uchun qattiq azobni tayyorlab qo‘ygandir! Darhaqiqat, ularning qilgan amallari naqadar yomondir!

16. Ular o‘zlarining (yolg‘on) qasamlarini qalqon qilib olishib, (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sdilar. Bas, ular uchun xor qilguvchi azob bordir!

17. Ularning mollari ham, bolalari ham Alloh tomonidan (bo‘ladigan) biron narsani-azobni ulardan daf’ qila olmas. Ular do‘zax egalaridir. Ular, o‘sha joyda mangu qolguvchidirlar!

18. U Kunda (ya’ni Qiyomatda) Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, ular xuddi sizlarga qasam ichayotganlaridek, U zotga ham qasam ichurlar va o‘zlarini (shu yolg‘on qasamlari sababli) biron (foyda) ustida deb hisoblarlar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta ular g‘irt yolg‘onchi kimsalardir!

19. Ularni shayton egallab olib, ularga Allohni eslashni unuttirdi. Ana o‘shalar shayton hizbi-guruhidirlar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta shayton hizbi (bo‘lgan kimsalargina) ziyon ko‘rguvchilardir.

20. Albatta Alloh va Uning payg‘ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar — ana o‘shalar eng xor kimsalar qatoridadirlar!

21. Alloh (Lavhu-Mahfuzga): «Shak-shubhasiz Men O’z payg‘ambarlarim bilan birga g‘olib bo‘lurman», deb yozib qo‘ygandir. Albatta Alloh kuchli, qudratlidir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #545 : 10 Sentyabr 2006, 06:43:08 »


22. Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan qavmning Alloh va Uning payg‘ambari chizgan chiziqdan chiqqan kimsalar bilan — garchi ular o‘zlarining otalari, yoki o‘g‘illari, yoki og‘a-inilari, yoki qarindosh-urug‘lari bo‘lsalar-da, do‘stlashayotganlarini topmassiz. Ana o‘shalarning dillariga (Alloh) iymonni bitib qo‘ygandir va ularni O’z tomonidan bo‘lgan Ruh – Qur’on bilan quvvatlantirgandir. U zot ularni ostidan daryolar oqib turadigan, ular mangu qoladigan jannatlarga kiritur. Alloh ulardan rozi bo‘ldi va ular ham (Allohdan — U zot bergan ajr-mukofotlardan) rozi bo‘ldilar. Ana o‘shalar Allohning xizbidirlar. Ogoh bo‘lingizkim, albatta Allohning hizbi (bo‘lgan zotlargina) najot topguvchidirlar!


HASHR SURASI

Yigirma to‘rt oyatdan iborat bu sura Madinada nozil qilingan.

Sura mehvari — o‘qi yahudiylardan Banu Naziyr nomli qabilaning xiyonatkorliklari sababli o‘z diyorlaridai surgun qilinishlarini va Islom tarixida «Banu Naziyr g‘azoti» nomi bilan qolgan g‘azot tafsilotini bayon qilish atrofida aylanadi. Shuning uchun ham bu sura «jamlab surgun qilish» degan ma’noni ifodalovchi «Hashr» nomi bilan atalgandir. Shuningdek, bu surada yahudiylarning hamtovoqlari bo‘lgan munofiqlarning kirdikorlari ochib tashlanadi va ular garchi ko‘rinishlarida bir-birlari bilan o‘zaro ittifoqdek ko‘rinsalar-da, dillaridagi g‘araz-maqsadlari tamoman turli-tuman ekanligi ta’kidlanadi.

Sura sahobayi kiromlarning ta’rif-tavsiflari va Qur’oni Karimning qadr-martabasi haqidagi oyatlarni ham o‘z ichiga olgandir.

Sura nihoyasida Alloh taoloning go‘zal ismlari va ilohiy sifatlari zikr etilib, mo‘minlarni yolg‘iz Allohdangina qo‘rqishga buyuriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytdi. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. U ahli kitoblardan (yahudiylardan) kofir bo‘lgan kimsalarni birinchi to‘plashdayoq o‘z diyorlaridan haydab chiqargan zotdir. (Ey mo‘minlar), sizlar ularning chiqib ketishlarini o‘ylagan ham emas edingiz. Ular ham o‘zlarining qo‘rg‘on-qal’alarini Alloh(ning azobidan) to‘sguvchi deb o‘ylagan edilar. Bas, Alloh(ning azobi) ular hisobga olmagan tomondan keldi va dillariga qo‘rqinch soldi. Ular uylarini o‘z qo‘llari va mo‘minlarning qo‘llari bilan buzurlar. Bas, ey aql egalari, (ularning ahvolidan) ibrat olingiz!


I z o h . Payg‘ambar alayhis-salom Makkayi Mukarramadan Madinayi Munavvaraga hijrat qilib kelganlaridan so‘ng, yahudiylarning Madina atrofida yashaydigan Banu Naziyr qabilasi u kishi bilan betaraflik to‘g‘risida sulh tuzgan edi Lekin musulmonlar Uhud jangida mag‘lubiyatga uchraganlaridan keyin Banu Naziyr yahudiylari o‘rtadagi sulhni buzishib, musulmonlar orasiga suqulib kirib olgan ayrim munofiq kimsalar bilan til biriktirishib, Makka kofirlarigi odam yuboradilar va Muhammad alayhis-salomga qarshi jang qilish uchun ular bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarshsh bildiradilar. Rasululloq bu xiyonatdan xabar topgach, yahudiylarning Makkaga yuborilgan elchilari Ka’b ibn Ashrafni qatl qilishga buyuradilar va o‘zlari qo‘shin bilan borib, Banu Naziyr qabilasini qamal qiladilar. Qamalning yigirma birinchi kunida dillariga qo‘rqinch tushgan yahudiylar payg‘ambarimizga qayta sulh tuzishni taklif qilishganida, u zot xoinlar bilan hech qanday sulh tuzilishi mumkin emasligini bildirib, ulardan ko‘targanlaricha narsa-matolarini olib darhol bu yurtdan chiqib ketishlarini talab qiladilar. Shunday qilib yahudiylar yashayotgan uylarining ustun-to‘sinlarigacha buzib, tuyalarga yuklashib hech qanday jang-jadalsiz o‘z diyorlaridan jo‘nab qoladilar.

3. Agar Alloh ularga surgunni yozmaganida, albatta ularni mana shu dunyoda (qatl qilish yoki asirlik bilan) azoblagan bo‘lur edi. Ular uchun oxiratda do‘zax azobi ham bordir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #546 : 10 Sentyabr 2006, 06:44:13 »


4. Bunga sabab, ularning Alloh va Uning payg‘ambariga qarshi turganlaridir. Kimki Allohga qarshi tursa, bas, albatta Allohning jazosi qattiqdir.

5. (Ey mo‘minlar), sizlar (Banu Naziyr xurmozorlaridan) biron xurmo daraxtini kesdinglarmi yoki uni o‘z poyasida turgan holida qoldirdinglarmi, bas (sizlar qilgan har bir ish) Allohning izni-irodasi bilan va u fosiq-itoatsiz kimsalarni rasvo qilish uchun (bo‘ldi).

6. Alloh O’z payg‘ambariga ulardan o‘lja qilib bergan narsalarning ustiga sizlar otu tuyalarni o‘ynatib-choptirib borganlaringiz yo‘q (ya’ni u o‘ljalarni sizlar qiynalib, mashaqqat chekib, jang-jadal bilan qo‘lga kiritganlaringiz yo‘q) lekin Alloh O’z payg‘ambarlarini O’zi xohlagan kimsalardan (mana shunday) ustun qilib qo‘yur. Alloh barcha narsaga qodirdir.

7. Alloh qishloq-shaharlarning (kofir) aholisidan O’z payg‘ambariga o‘lja qilib bergan narsalar — toki sizlardan boy-badavlat kishilar o‘rtasidagina aylanib yuraveradigan narsa bo‘lib qolmasin uchun — Allohniki, payg‘ambarniki va (payg‘ambarning) qarindosh-urug‘lari, yetimlar, bechora-miskinlar va yo‘lovchi-musofirlarnikidir. Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Allohning jazosi qattiqdir.

8. (U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan zotlar – kambag‘al muhojirlarnikidirki, ular Allohdan fazl-marhamat va rizolik istarlar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga yordam berurlar. Ana o‘shalar (iymonlarida) sodiq zotlardir.

9. Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madina) diyoriga o‘rnashgan va iymon-e’tiqodni (mahkam ushlagan) zotlar (ansorlar) esa o‘zlari(ning yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suyurlar va dillarida ularga (muhojirlarga) berilgan narsa-o‘ljalar sababli biron hasad tuymaslar hamda garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchi zotlardir.


I z o h . Mazkur oyatlarda o‘zlarining uy-joy va mol-mulklarini tark etib payg‘ambar alayhis-salom bilan Madinayi Munavvaraga hijrat qilib kelgan muhojirlarning orzu-niyatlari faqat Allohning rizoligini istash hamda Alloh va payg‘ambarga yordam qilish bo‘lganligi ta’kidlandi va g‘azotlardan tushadigan o‘ljalarning bir qismi o‘shalarning haqlari ekanligi uqtirildi. Shuningdek ularning yo‘llariga uy-joy va iymon-e’tiqod bilan peshvoz chiqqan ansorlar-yordamchilar (ular payg‘ambarimizga va boshqa muhojirlarga har bir ishda ko‘mak berganligi uchun mana shu nomga sazovor bo‘lganlar), va ularning bag‘rikengliklari, o‘z manfaatlaridan o‘zgalarning manfaatini ustun qo‘ya olishlari ta’riflandi.

Hukamolardan Abu Zaydning g‘oyat ibratli mana bu so‘zi xuddi o‘sha ansorlar haqida aytilgandek: «Balxlik bir yigit menga: «O’zlaringizning zuhd-taqvolaringiz haqida gapirib bergin», degan edi, men aytdim: «Topsak yeymiz, topmasak sabr qilamiz». Shunda u dedi: «Bizda Balxning itlari shunday qilishadi, biz esa topmasak sabr qilamiz, topsak o‘zimizdan muhtojroqlarga beramiz».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #547 : 10 Sentyabr 2006, 06:44:37 »


10. Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: «Parvardigoro, O’zing bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan o‘tgan zotlarni mag‘firat qilgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlar uchun biron g‘illi-g‘ash qilmagan. Parvardigoro, albatta Sen mehribon va rahmlidirsan».

11. (Ey Muhammad), munofiq kimsalar o‘zlarining ahli kitoblardan (yahudiylardan) bo‘lgan kofir birodarlariga: «Qasamki, agar sizlar (Madinadan) quvib chiqarilsangizlar, albatta bizlar ham sizlar bilan birga chiqib keturmiz va sizlar(ga qarshi urushish) to‘g‘risida hech qachon biron kimsaga itoat etmasmiz. Agar sizlarga qarshi jang qilinsa, albatta bizlar sizlarga yordam berurmiz», deyishlarini ko‘rmadingizmi? Alloh guvoxlik berur-ki, ular shak-shubhasiz yolg‘onchidirlar.

12. Qasamki, agar (yahudiylar o‘z diyorlaridan) quvib chiqarilsalar (munofiqlar) ular bilan birga chiqib ketmaslar, qasamki, agar (yahudiylarga qarshi) jang qilinsa (munofiqlar) ularga yordam ham bermaslar va agar (farazan) yordam bersalar ham, albatta yahudiylar (mo‘minlar tomonidan mag‘lub qilinishib) ortlariga qarab qochurlar va keyin ularga biron yordam berilmas.

13. (Ey mo‘minlar), aniqki, sizlar (munofiqlarning) dillarida Allohdan ko‘ra qo‘rqinchliroqdirsizlar. Bunga sabab, ular (Allohning qudratini) anglamaydigan qavm ekanliklaridir.

14. Ular (munofiq va yahudiylar) birlashgan hollarida sizlar bilan faqat qal’a-qo‘rg‘onli qishloqlar ichida (berkinib) yoki devorlar ortidagina jang qila olurlar, (ya’ni hech qachon sizlarga qarshi ochiq jangga chiqa olmaslar). Ular o‘z o‘rtalarida kuchli-quvvatlidirlar, (ya’ni, jang-jadal bo‘lmasdan turib o‘zaro kuch-qudratli ekanliklari haqida lof uraveradilar, ammo jang paytida ojiz-qo‘rqoqdirlar). (Og‘izlaridagi so‘zlaridan) ularni bir deb hisoblaysiz-u, (ammo) dillari xilma-xildir. Bunga sabab, ularning aqlsiz qavm ekanliklaridir.

15. (Ular) xuddi o‘zlaridan ozgina oldin o‘tgan, o‘z qilmishlarining ziyonini totgan kimsalarning (ya’ni Badr jangida yengilib sharmanda bo‘lgan mushriklarning) o‘xshashidirlar. Ular uchun (oxiratda ham) alamli azob bordir.

16. (Yahudiylarni mo‘minlarga qarshilik qilishga gij-gijlayotgan munofiqlar) xuddi shaytonning o‘xshashidirlar. Eslang, u insonga «Kofir bo‘l», degan edi. Endi qachonki (inson) kofir bo‘lgach, (shayton unga) «Albatta men sendan bezorman. Zero men barcha olamlar Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqurman», dedi.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #548 : 10 Sentyabr 2006, 06:45:50 »


17. Bas ikkisining (shayton va uning so‘ziga kirib, kofir bo‘lgan insonning) oqibati do‘zaxga kirib, unda mangu qolishlari bo‘ldi. Zolim kimsalarning jazosi shudir!

18. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va (har bir) jon erta (Qiyomat kuni) uchun nimani (ya’ni qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

19. Sizlar Allohni unutib qo‘ygan (ya’ni, U zotning amr-farmonlariga itoat etmagan), bas (shundan keyin Alloh) ularga o‘zlarini ham unuttirib qo‘ygan (ya’ni, o‘zlariga oxiratda foyda beradigan amallar qilishdan yuz o‘girgirib qo‘ygan) kimsalar kabi bo‘lmangiz! Ana o‘shalar fosiq-itoatsiz kimsalardir!

20. Do‘zax egalari bilan jannat egalari barobar bo‘lmas. Jannat egalari (baxt-saodatga) erishguvchi zotlardir.

21. Agar Biz ushbu Qur’onni biron tog‘ga nozil qilganimizda, albatta siz u (tog‘)ni Allohning qo‘rquvidan egilib yorilib ketgan holida ko‘rgan bo‘lur edingiz. (Lekin ayrim insonlarning dillari tog‘ning toshidan ham qattiqroq bo‘lgani sababli ularga Qur’on oyatlari ham ta’sir qilmas). Biz bu misollarni odamlar uchun, shoyad ular tafakkur qilsalar, deb keltirmoqdamiz.

22. U – Alloh, shunday zotdirki, hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. (U) g‘ayb va shahodatni (ya’ni yashirin va oshkora narsalarni) bilguvchidir. U mehribon va rahmlidir.

23. U – Alloh, shunday zotdirki, hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. U (yolg‘iz) podshohdir, (barcha ayb-nuqsondan) pokdir-salomatdir, (O’zi xoxlagan bandalarini dunyo balo-ofatlari va oxirat azobidan) omon qilguvchidir, (bandalarning amallarini) ko‘rib-kuzatib turguvchidir, qudrat sohibidir, bo‘ysundirguvchidir, (tanho) kibr egasidir. Alloh ularning (mushriklarning) shirklaridan pokdir.

24. U – Alloh yaratguvchidir, (yo‘qdan) bor qilguvchidir, (barcha narsaga) surat-shakl berguvchidir. Uning go‘zal ismlari bordir. Osmonlar va yerdagi bor narsa Unga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #549 : 10 Sentyabr 2006, 06:46:44 »


MUMTAHANA SURASI

Bu sura ham Madinada nozil qilingan bo‘lib, o‘n uch oyatdir.

U mo‘minlarga Allohning ham, o‘zlarining ham dushmanlari bo‘lgan mushriklar bilan do‘stlashmaslikni buyurish bilan boshlanib, so‘ngra bu haqda Ibrohim alayhis-salom, u zotning tobe’lari tarixida ibrat olsa arziydigan go‘zal namuna borligi ta’kidlanadi va shu bilan birga sura davomida musulmonlarga qarshi urushmayotgan hamda ularning ziyonlariga o‘zgalar bilan til biriktirmayotgan g‘ayridinlar bilan yaxshi aloqa-muomala tuzish durust ekanligi ham ma’lum qilinadi.

Bu surada mo‘minlarga mushriklarning qo‘llaridan qochib, Madinaga hijrat qilib kelgan va o‘zlarining mo‘mina ekanliklarini bildirgan ayollarning iymonlarini imtihon qilib ko‘rish buyuriladi. Suraning «Mumtahana» - «Imtihon qilinguvchi ayol», deb nomlanishining boisi shudir.

Sura mo‘minlarni Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lgan mushriklar bilan do‘st bo‘lmaslikka takroran da’vat qilish bilan xotima topadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey mo‘minlar, Mening dushmanim va sizlarning dushmanlaringiz (bo‘lgan mushriklar)ni do‘st tutmanglar! Sizlar ularga do‘stlik (haqida xat-xabar) yuborursizlar, holbuki ular sizlarga kelgan Haq (din va Qur’on)ga kofir bo‘lgandirlar! Ular payg‘ambarni ham, sizlarni ham Parvardigorlaringiz bo‘lmish Allohga iymon keltirganlaringiz sababli (o‘z diyorlaringizdan) haydab chiqarmoqdalar-ku! Agar sizlar Mening yo‘limda jihod qilish uchun va Mening roziligimni istab chiqqan bo‘lsangizlar (u holda mushrik-kofir kimsalarni do‘st tutmanglar)! Sizlar ularga pinhona do‘stlik qilmokdasizlar. Holbuki Men sizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham juda yaxshi bilguvchidirman! Sizlardan kim shu (ish)ni qilsa, bas, aniqki, u to‘g‘ri yo‘ldan ozibdi!

I z o h. Ushbu oyatning nozil qilinishiga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. Payg‘ambar alayhis-salom Makkani fath etish uchun tayyorgarlik ko‘rib yurgan kezlarida muhojir sahobalardan Xotib ibn abi-Bultaa bu haqida Makka zodagonlariga xat yozib ularga qarshi urushga hozirlik ko‘rilayotganining xabarini beradi va uni o‘sha tarafga ketayotgan bir ayoldan berib yuboradi. Shunda Jabroil farishta keltirgan vahiy orqali bu xufyona harakat rasulullohga ma’lum bo‘ladi va u zot ikki sahoba bilan hazrati Alini o‘sha ayolning izidan yuboradilar. Ular ayolni payg‘ambarimiz aytgan Madina yaqinidagi Ravzihoh degan joydan topib, undan xatni berishni talab qilganlarida u avval tonadi, lekin keyin elchilarning do‘q-po‘pisalaridan so‘ng sochlarining orasidan chiqarib beradi. Xat qo‘llariga kelib tekkach, payg‘ambar alayhis-salom Xotibni chaqirib, undan: «Bu qanday qiliq?»— deb so‘raganlarida u shunday javob qiladsh «Yo rasululloh, men Islomga kirganimdan buyon dindan qaytgan ham emasman, sizga xiyonat qilgan ham emasman. Lekin men xijrat qilib chiqar ekanman, bola-chaqalarim Makkada qolgandir. Boshqa muhojirlarning Makkada qolib ketgan bola-chaqa va mol-mulklarini o‘z himoyasi ostiga oladigan qarindosh-urug‘lari bor, ammo mening Makkada biron himoyachim yo‘qdir. Shu sababdan mana bu xatim Makka zodagonlarining qo‘llariga borib tegsa, ular ahli-oilamga homiylik qilishar, deb o‘ylagan edim. Men bu xatni dinimizga biron ziyon yetkazish uchun yozgan emasman». Bu holni ko‘rgan Umar: «Yo rasululloh, ruxsat bering, bu munofiqning boshini tanasidan judo qilay», deganida, payg‘ambarimiz shunday deydilar: «Yo‘q, u «Badr»ga guvoh bo‘lgan (ya’ni musulmonlar hali juda ozchilik va nochor holatdalik paytlarida ular bilan birga Badr jangida kofirlarga qarshi jang qilgan). Sen qaerdan bilursan, ey Umar, ehtimol Alloh taolo Badr jangida ishtirok etgan musulmonlarning barcha qilgan va qiladigan gunohlarini mag‘firat qilib yuborgandir». Mana shu paytda yuqoridagi oyati karima nozil bo‘ldi.

2. (Ey mo‘minlar), agar ular (mushriklar) sizlarga zafar topsalar, dushmanlaringiz bo‘lurlar va sizlarga qo‘l va tillarini yomonlik bilan cho‘zurlar (ya’ni sizlarni o‘ldirurlar, haqoratlar qilurlar). Ular sizlarning yana kofir bo‘lishlaringizni istarlar.

3. (Qiyomat kunida) sizlarga qarindosh-urug‘laringiz ham, bola-chaqalaringiz ham hargiz foyda bermas! Qiyomat kunida (Alloh) o‘rtalaringizni ajratib qo‘yur. (Bas, nechun o‘sha urug‘-avlodingizni himoya qilish uchun Allohga gunohkor bo‘lmoqdasizlar?!) Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.

4. Sizlar uchun Ibrohim va u bilan birga bo‘lgan kishilarda (ularning kofirlarga qilgan munosabatlarida) go‘zal namuna bordir. Eslangiz, ular o‘z qavmlariga: «Darhaqiqat, bizlar sizlardan va sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan butlaringizdan bezormiz. Bizlar sizlar (ishonib, "ibodat" qilayotgan but-sanamlar) ni inkor etdik. Toki sizlar yolg‘iz Allohga iymon keltirgunlaringizcha sizlar bilan bizning o‘rtamizda mangu adovat va yomon ko‘rish zohirdir», dedilar. Faqat Ibrohim o‘z(ining kofir bo‘lgan) otasiga: «Albatta men (Allohdan) sen uchun mag‘firat so‘rayman, (lekin) senga Alloh tomonidan bo‘ladigan biron narsani (azobni qaytarishga) molik emasman», (degan so‘zlarigina sizlarga namuna bo‘lmasin)!


I z o h . Ibrohim alayhis-salom otalarining iymonga kelishidan umidvor bo‘lib, unga Alloh taolodan mag‘firat so‘rash haqida va’da qilgan edilar. Ammo uning iymonga kelmasligi aniq ma’lum bo‘lgach, Ibrohim payg‘ambar undan yuz o‘girganlar. Bu haqda «Tavba» surasining 114-oyatida bayon qilingandir.

(Ibrohim va u bilan birga bo‘lgan mo‘minlar yana shunday duo qilgan edilar): «Parvardigoro, yolg‘iz O’zingga tavakkul qildik va O’zingga inobat-tavba qildik. Yolg‘iz Sengagina qaytishimiz bordir.

5. Parvardigoro, bizlarni bu kofir bo‘lgan kimsalarga maftun-aldanguvchi qilib qo‘ymagin, bizlarni(ng gunoxlarimizni) mag‘firat qilgin. Parvardigoro, albatta Sen O’zing qudrat va hikmat sohibidirsan».
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #550 : 10 Sentyabr 2006, 06:49:04 »


6. Darhaqiqat sizlar uchun — Alloh va oxirat Kunidan umidvor bo‘lgan kishilar uchun ularda (Ibrohim payg‘ambar va u zot bilan birga bo‘lgan mo‘minlarning tutgan yo‘llarida) go‘zal namuna bordir. Kim (Islomdan va mana shu pand-nasihatlardan) yuz o‘girib ketsa, u holda albatta Alloh (unday kimsalardan) behojat va maqtovga loyiq zotdir.

7. Ehtimol Alloh sizlar bilan (Makka kofirlari orasidagi) sizlar dushmanlashib yurgan kimsalar o‘rtasida — (ularni ham iymon va Islomga muvaffaq qilish bilan) — bir do‘stlikni paydo qilib qo‘yar. Alloh (barcha ishga) qodirdir. Alloh mag‘firatli, mehribondir.

8. Alloh sizlarni dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan — ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizda qaytarmas. Albatta Alloh adolat qilguvchilarni sevar.

9. Alloh sizlarni faqat dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushgan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalardan — ular  bilan do‘stlashishlaringizdan qaytarur. Kimki ular do‘stlashsa, bas, ana o‘shalar zolim kimsalarning o‘zidir.

10. Ey mo‘minlar, qachon sizlarga (Makka kofirlarining qo‘li ostida qolgan) mo‘minalar hijrat qilib kelsalar, sizlar ular(ning iymonlari)ni imtihon qilib ko‘ringlar (ya’ni ular o‘z erlarini yomon ko‘rib yoki sizlardan birontangizga ishqi tushib qolgani uchun emas, balki faqat dini Islom uchun hijrat qilganlari haqida sizlarga qasam ichsinlar. Alloh ularning (dillaridagi) iymonlarini (ham) juda yaxshi bilguvchidir. Bas, agar sizlar ularning (hahiqiy) mo‘mina ekanliklarini bilsangizlar, u holda ularni kofirlarga qaytarmanglar! U mo‘minalar (kofirlar) uchun ham halol emas va u (kofir)lar (mo‘mina)lar uchun halol emasdir, va ularga (ya’ni sizlarning oldingizda qolgan mo‘minalarning Makkada qolgan kofir erlariga mana shu xotinlari uchun) sarflagan mahrlarini (qaytarib) beringlar. Qachon sizlar u (mo‘minalarning er)lariga mahrlarini bersangizlar, sizlarga ularni nikohlaringizga olishda biron gunoh yo‘qdir. (Shuningdek) sizlar ham kofiralarning bilak-qo‘llaridan ushlamanglar (ya’ni, sizlarning xotinlaringiz kofira bo‘lgan hollarida kofirlar bilan qolishni istasa, sizlar ularning yo‘llarini to‘sib nikohlaringizda saqlamanglar, balki ularga uylanmoqchi bo‘lgan kofirlardan) o‘zlaringiz sarflagan mahrni talab qilinglar va ular ham (o‘zlarining nikohidan chiqqan va musulmonlarning oldiga hijrat qilib ketgan mo‘minalarga) talab qilsinlar. Bu Allohning hukmidir. U sizlarning o‘rtangizda hukm qilur. Alloh bilguvchi va hikmat sohibidir.

11. Agar juftlaringizdan birontasi kofirlar tomonga o‘tib ketsa-yu, (ammo ular o‘sha xotin uchun berilgan mahrni uning eriga qaytarib bermasalar) so‘ng sizlar o‘ch olsangizlar (ya’ni u kofirlar bilan urushib g‘alaba qilsangizlar va o‘ljalar olsangizlar) u holda (o‘sha o‘ljalardan) juftlari (kofirlar tomonga o‘tib) ketgan kishilarga ular sarflagan mahr miqdorini beringlar! Va o‘zlaringiz iymon keltirguvchi bo‘lgan — Allohdan qo‘rqinglar!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #551 : 10 Sentyabr 2006, 06:50:41 »


12. Ey payg‘ambar, qachon sizning oldingizga mo‘minalar kelishib, sizga o‘zlarining Allohga biron narsani sherik qilmasliklariga, o‘g‘irlik qilmasliklariga, zino qilmasliklariga, (kambag‘allik yoki sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib) o‘z bolalarini o‘ldirmasliklariga, va qo‘l-oyoqlari o‘rtasida to‘qib oladigan bo‘xtonni qilmasliklariga (ya’ni farzandsizlik sababli o‘z erlaridan ajralib qolmaslik uchun biron tashlandiq bolani topib, go‘yo u qo‘l-oyoqlari o‘rtasidan chiqqandek, ya’ni o‘zlari tuqqandek erlariga «Mana shu bola sendan bo‘ldi», deb bo‘hton qilmaslikka ) hamda biron yaxshi ishda sizga itoatsizlik qilmasliklariga qasamyod qilsalar, siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir.

13. Ey mo‘minlar, Allohning g‘azabiga duchor bo‘lgan qavm bilan do‘st bo‘lmanglar! Xuddi barcha kofirlar qabr egalari (ya’ni, o‘liklarning qayta tirilishlari)dan noumid bo‘lganlaridek ularning ham oxiratdan umidlari uzilgandir.



SAF SURASI

Madinada nozil bo‘lgan bu sura o‘n to‘rt oyatdir. U dastlab Alloh taologa tasbeh aytilganidan so‘ng, mo‘minlarga bergan va’dalarining ustidan chiqishlari lozim ekanligini uqtirish bilan boshlanadi.

So‘ngra Tangri taolo O’zining yo‘lida saf bo‘lib kurashadigan kishilarni suyishi ta’kidlanadiki, suraning «Saf» deb nomlanishiga shu sababdir.

Bu surada Muso va Iyso payg‘ambarlarning Bani Isroil qavmi tomonidan ko‘rgan ozor-aziyyatlari ham zikr qilingandir.

Sura mo‘minlarga Alloh va Uning payg‘ambari Muhammad alayhis-salomga iymon keltirganlaridan keyingi eng najotbaxsh amal – Allohning yo‘lida molu-jonlari bilan jihod qilishlari ekanligini uqtirib, ularni Tangri taoloning yordamchilari bo‘lishga da’vat qilish bilan yakunlanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytdi. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. Ey mo‘minlar, sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz deb) aytursizlar?!

3. Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz Alloh nazdida o‘ta manfur (ishdir).


I z o h. Bu ikki oyat ayrim sahobalar o‘zlaricha: «Alloh taologa eng suyukli bo‘lgan ishni bilsak edi, albatta o‘sha amalni qilgan bo‘lur edik», deb yurishib, so‘ngra o‘sha suyukli amal Alloh yo‘lida jihod qilish ekanligi haqida oyat nozil bo‘lgach esa, ularning ba’zi birlari sustkashlik qilganlarida nozil bo‘lgandir.

4. Albatta Alloh O’zining yo‘lida go‘yo tutash binolardek bir safga tizilgan hollarida jihod qiladigan zotlarni sevar.

5. Eslang, Muso o‘z qavmiga: «Ey qavmim, nega sizlar men Allohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambari ekanligimni bilgan hollaringizda menga ozor berursizlar?!» degan edi. Bas, qachonki ular (Haq yo‘lidan) og‘ishgach, Alloh ularning dillarini (hidoyatdan) og‘dirib qo‘ydi. (Zotan) Alloh fosiq-itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #552 : 10 Sentyabr 2006, 06:51:55 »


6. Eslang, Iyso binni Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta men Allohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambaridirman. (Men) o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va o‘zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg‘ambar haqida xushxabar berguvchi bo‘lgan holda (yuborildim)», degan edi. Bas qachonki (Iyso) ularga (o‘zining haq payg‘ambar ekanligiga) aniq-ravshan hujjat-mo‘‘jizalar keltirgach, ular: «Bu ochiq sehr», dedilar.

I z o h . Ushbu ikki oyat payg‘ambar alayhis-salomning salaflari hayotidan keltirilgan lavhalar bo‘lib, ular ham o‘z qavmlari tomonidan aziyyat tortib, yolg‘onchi qilinganlari bayon etildi va bu bilan Tangri taolo O’zining so‘nggi payg‘ambarini kofirlar tomonidan yetadigan ozorlarga o‘z salaflari kabi sabr-toqat qilishga da’vat etdi, Keyingi oyatdagi Ahmad — payg‘ambarimizning ismlari bo‘lib, Muhammad so‘zi bilan bir o‘zakdan chiqqandir. U o‘zak «hamd-maqtov» kalimasi bo‘lib, Ahmad – “Parvardigorga ko‘p va xo‘b hamd aytguvchi” ma’nosini ifodalasa, Muhammad — “dunyo va oxiratda maqtovga sazovor bo‘lguvchi” degan mazmunda keladi.

7. O’zi Islomga da’vat qilinayotgan holida, (u da’vatni qabul qilish o‘rniga) Alloh sha’niga («U zotning bolasi bor, sheriklari ham bor», deb, yoki Allohning oyat-mo‘jizalarini «Bu sehr», deb) yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Alloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas!

8. Ular Allohning nurini (ya’ni Islomni) og‘izlari (ya’ni behuda gaplari) bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar istamasalar-da, O’z nurini (ya’ni dinini) to‘la (ya’ni har tarafga) yoyguvchidir.

9. U (Alloh) O’z payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan – garchi mushriklar istamasalar-da — barcha dinlarga g‘olib qilish uchun yuborgan zotdir.

10. Ey mo‘minlar, sizlarga alamli azobdan najot beradigan bir «tijorat»ni ko‘rsataymi?

11. (O’sha «tijorat» mana budir)— Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltirursizlar va Alloh yo‘lida mol va jonlaringiz bilan jihod qilursizlar. Mana shu agar bilsangizlar o‘zlaringiz uchun eng yaxshi (ish)dir.

12. (Agar shunday qilsangizlar, Alloh) sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qilur hamda sizlarni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga va abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur. Bu esa ulug‘ baxtdir.

13. Va (Alloh sizlarga) yana boshqa sizlar suyadigan (bir ne’matni ham berurki, u) Alloh tomonidan bo‘lgan g‘alaba va yaqin(da ro‘y berguvchi Makka) fathidir. (Ey Muhammad), mo‘minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing! 

14. Ey mo‘minlar, sizlar ham xuddi (havoriylar kabi) Allohning yordamchilari bo‘lingiz!— Iyso binni Maryam havoriylarga: «Allohga (ya’ni Uning diniga da’vat qilishimda) kim mening yordamchim bo‘lur?» deganida, havoriylar aytdilar: «Biz Allohning (diniga) yordam berguvchilarmiz». Bas, Bani Isroildan bir toifa (odamlar Iysoga) iymon keltirdi va bir toifa kofir bo‘ldi. Bas, Biz iymon keltirgan zotlarni dushmanlaridan kuchli qilib, ular (kofirlar ustiga) g‘olib bo‘lib qoldilar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #553 : 10 Sentyabr 2006, 06:52:14 »


JUM’A SURASI

Bu sura ham Madina suralaridan bo‘lib, o‘n bir oyatdan tashkil topgandir.

Sura barcha insoniyatni jaholat-bilimsizlik botqog‘idan chiqarib, ularga Qur’on ta’limotini yetkazish uchun Muhammad alayhis-salomni payg‘ambar qilib yuborgan Alloh taologa tasbeh aytib, U zotni barcha aybu nuqsondan poklash bilan boshlanadi.

Shuningdek, bu surada o‘zlariga ato etilgan Tavrot ko‘rsatmalariga amal qilmagan yahudiylarni ustlariga kitob yuklangan eshaklarga tashbeh qilinib, ularning zolim qavm ekanliklari ta’kidlanadi.

So‘ngra Jum’a namozining ahkomlari bayon qilinib, mo‘minlarni hayoti dunyo matolariga uchmasdan Alloh taolo huzuridagi ajr-mukofot uchun amal qilishga da’vat etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa (yolg‘iz) podshoh, (barcha ayb-nuqsondan) pok, qudrat va hikmat sohibi bo‘lmish Allohga tasbeh aytur.

2. U (Alloh) omiylar (ya’ni ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilar) orasiga o‘zlarida bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob-Qur’on va Hikmat-Hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni Muhammad alayhis-salomni) yuborgan zotdir. Shak-shubhasiz ular (o‘zlariga payg‘ambar kelishdan) ilgari ochiq zalolatda edilar.

3. (Alloh bu payg‘ambarni) yana ulardan boshqalarga – ularga yeta olmagan (endi dunyoga keladigan barcha insonlarga ham yuborgandir). U qudrat va hikmat sohibidir.

4. Bu (ya’ni barcha insoniyatga payg‘ambar bo‘lish) Allohning fazlu marhamati bo‘lib, O’zi xohlagan kishilarga berur. Alloh ulug‘ fazlu marhamat sohibidir.

5. Tavrot yuklangan – berilgan, so‘ngra uni ko‘tara olmagan (ya’ni uning ko‘rsatmalariga amal qilmagan) kimsalar (yahudiylar)ning misoli xuddi kitoblarni ko‘tarib ketayotgan eshakka o‘xshaydi (ya’ni, uning vazminligidan charchab-toladilaru, ammo u Kitobning ichidagi narsalardan foydalanmaydilar). Allohning oyatlarini yolg‘on degan qavmning misoli naqadar yomondir. Alloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas!

6. (Ey Muhammad), ayting: «Ey yahudiylar, agar sizlar (boshqa) odamlarni emas, faqat o‘zlaringizni Allohning do‘stlari deb da’vo qilsangizlar — agar (mana shu da’volaringizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar — o‘limni orzu qilinglar-chi?

7. Ular qo‘llari (ya’ni o‘zlari) qilib qo‘ygan ishlari (ya’ni Tavrotda haq payg‘ambar ekanliklari zikr qilingan Muhammad alayhis-salomni yolg‘onchi qilganlari) sababli hech qachon (o‘limni) orzu qila olmaslar. Alloh zolim kimsalarni bilguvchidir.

8. Ayting: «Sizlar qochayotgan bu o‘lim albatta sizlarga yo‘liqquvchidir. So‘ngra sizlar g‘aybu-shahodatni (ya’ni, barcha yashirin va oshkora narsa-amallarni) bilguvchi (Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, U zot sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur!»
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #554 : 10 Sentyabr 2006, 06:52:43 »


9. Ey mo‘minlar, qachon Jum’a kunidagi namozga chorlansa (ya’ni azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar, mana shu (ya’ni Allohning zikriga — Jum’a namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir.

10. Endi qachon namoz ado qilingach, yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringlar. Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topursizlar.

11. (Ey Muhammad), qachon ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar.


I z o h . Rivoyat qilinishicha, bir Jum’a kunida payg‘ambar alayhis-salom minbarda xutba — va’z aytib turganlarida Madinaga savdogarlar karvoni kirib keladi. Shunda ayrim sahobalar rasulullohni minbarda qoldirib savdo-sotiq qilish uchun karvon tomoniga yugurishganida, musulmonlarga tanbeh bo‘lib ushbu oyat nozil qilinadi. Oyat davomida dunyoning foniy matolaridan Alloh taolo mo‘minlarga oxiratda ato etadigan narsalar yaxshiroq ekanligi ta’kidlanadi.

Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (iymon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!


MUNOFIQUN SURASI

O’n bir oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Madinada nozil qilingandir.

«Munofiqun — Munofiqlar» deb nomlangan bu sura ularning kirdikorlarini — tuban axloqlarini, yaramas sifatlarini, tillari bilan dillari boshqa-boshqa ekanligini va nihoyat ular ustlariga Islom to‘nini kiyib olishib, odamlarni Islomdan to‘sishlarini fosh etadi.

Sura nihoyasida mo‘minlarni dunyo ziynatlariga aldanib qolmaslikka va boshlariga o‘lim kelib qolishidan ilgari Alloh taolo ularga ato etgan narsalardan infoq-ehson qilishga buyuriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), qachon munofiqlar sizning oldingizga kelsalar: «Guvohlik beramizki, siz shak-shubhasiz Allohning payg‘ambaridirsiz» derlar. Alloh, darhaqiqat, siz O’zining payg‘ambari ekanligingizni bilur, yana Alloh u munofiqlarning shak-shubhasiz yolg‘onchi ekanliklariga ham guvohlik berur.

I z o h . Ya’ni, munofiqlar Muhammad alayhis-salomning haq payg‘ambar ekanliklariga chin dildan iymon keltirganlari yo‘q, balki faqat tillaridagina guvohlik berdilar, demak ularning bu guvohliklari yolg‘on guvohlikdir.

2. Ular o‘zlarining (musulmon ekanliklari haqida ichgan yolg‘on) qasamlarini qalqon qilishib olib, (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sdilar! Ularning qilguvchi bo‘lgan amallari naqadar yomondir!

3. Bunga sabab ularning (tillarida) iymon keltirib, so‘ngra (dillarida) kofir bo‘lganlaridir. Bas, ularning dillari muhrlab qo‘yildi. Endi ular (iymonning haqiqatini) anglay olmaslar!

4. Qachon siz ularga boqsangiz ularning jismlari (ko‘rinishlari, kiygan kiyimlari) sizni hayratga solur, so‘zlaganlarida esa so‘zlariga (ohangdor, fasohatli bo‘lgani uchun berilib) quloq solursiz. (Lekin ularning dillari iymon va yaxshilikdan xoli bo‘lgani uchun) ular go‘yo (devorga) yo‘lab qo‘yilgan (chirik) yog‘ochlarga o‘xshaydilar. Ular (yuraksizliklari sababli) har bir qichqiriq-ovozni ustlariga (tushayotgan biron balo-ofat deb) gumon qiladilar. Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot bo‘ling! Ularni Alloh la’natlagay! Qanday adashmoqdalar-a!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

 

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

Muallif Muhammad AminBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 621
Ko'rilgan: 430371
So'nggi javob 07 Iyun 2009, 02:24:43
muallifi AbdulAziz
Qur'oni karim tafsir va tarjimalari

Muallif AbdulAzizBo'lim Islom

Javoblar: 6
Ko'rilgan: 26513
So'nggi javob 30 Oktyabr 2009, 18:41:42
muallifi yoqimtoyqiz
Qur'oni karim oyatlari rasmlarda

Muallif MuhammadBo'lim Islomiy media

Javoblar: 36
Ko'rilgan: 26986
So'nggi javob 02 Yanvar 2009, 17:29:09
muallifi zuhrahon
Qur'oni Karim mo'jizalari

Muallif RobiyaBo'lim Islomiy media

Javoblar: 17
Ko'rilgan: 16389
So'nggi javob 13 Aprel 2008, 00:32:30
muallifi lolo
Qur'oni karim nomlari

Muallif Muhammad AminBo'lim Islom

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 4181
So'nggi javob 13 Noyabr 2007, 11:13:48
muallifi Muhammad Amin