Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 1466536 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 B


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:49:04



6. Darhaqiqat sizlar uchun — Alloh va oxirat Kunidan umidvor bo‘lgan kishilar uchun ularda (Ibrohim payg‘ambar va u zot bilan birga bo‘lgan mo‘minlarning tutgan yo‘llarida) go‘zal namuna bordir. Kim (Islomdan va mana shu pand-nasihatlardan) yuz o‘girib ketsa, u holda albatta Alloh (unday kimsalardan) behojat va maqtovga loyiq zotdir.

7. Ehtimol Alloh sizlar bilan (Makka kofirlari orasidagi) sizlar dushmanlashib yurgan kimsalar o‘rtasida — (ularni ham iymon va Islomga muvaffaq qilish bilan) — bir do‘stlikni paydo qilib qo‘yar. Alloh (barcha ishga) qodirdir. Alloh mag‘firatli, mehribondir.

8. Alloh sizlarni dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan — ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo‘lishlaringizda qaytarmas. Albatta Alloh adolat qilguvchilarni sevar.

9. Alloh sizlarni faqat dinlaringiz to‘g‘risida sizlar bilan urushgan va sizlarni o‘z diyorlaringizdan haydab chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalardan — ular  bilan do‘stlashishlaringizdan qaytarur. Kimki ular do‘stlashsa, bas, ana o‘shalar zolim kimsalarning o‘zidir.

10. Ey mo‘minlar, qachon sizlarga (Makka kofirlarining qo‘li ostida qolgan) mo‘minalar hijrat qilib kelsalar, sizlar ular(ning iymonlari)ni imtihon qilib ko‘ringlar (ya’ni ular o‘z erlarini yomon ko‘rib yoki sizlardan birontangizga ishqi tushib qolgani uchun emas, balki faqat dini Islom uchun hijrat qilganlari haqida sizlarga qasam ichsinlar. Alloh ularning (dillaridagi) iymonlarini (ham) juda yaxshi bilguvchidir. Bas, agar sizlar ularning (hahiqiy) mo‘mina ekanliklarini bilsangizlar, u holda ularni kofirlarga qaytarmanglar! U mo‘minalar (kofirlar) uchun ham halol emas va u (kofir)lar (mo‘mina)lar uchun halol emasdir, va ularga (ya’ni sizlarning oldingizda qolgan mo‘minalarning Makkada qolgan kofir erlariga mana shu xotinlari uchun) sarflagan mahrlarini (qaytarib) beringlar. Qachon sizlar u (mo‘minalarning er)lariga mahrlarini bersangizlar, sizlarga ularni nikohlaringizga olishda biron gunoh yo‘qdir. (Shuningdek) sizlar ham kofiralarning bilak-qo‘llaridan ushlamanglar (ya’ni, sizlarning xotinlaringiz kofira bo‘lgan hollarida kofirlar bilan qolishni istasa, sizlar ularning yo‘llarini to‘sib nikohlaringizda saqlamanglar, balki ularga uylanmoqchi bo‘lgan kofirlardan) o‘zlaringiz sarflagan mahrni talab qilinglar va ular ham (o‘zlarining nikohidan chiqqan va musulmonlarning oldiga hijrat qilib ketgan mo‘minalarga) talab qilsinlar. Bu Allohning hukmidir. U sizlarning o‘rtangizda hukm qilur. Alloh bilguvchi va hikmat sohibidir.

11. Agar juftlaringizdan birontasi kofirlar tomonga o‘tib ketsa-yu, (ammo ular o‘sha xotin uchun berilgan mahrni uning eriga qaytarib bermasalar) so‘ng sizlar o‘ch olsangizlar (ya’ni u kofirlar bilan urushib g‘alaba qilsangizlar va o‘ljalar olsangizlar) u holda (o‘sha o‘ljalardan) juftlari (kofirlar tomonga o‘tib) ketgan kishilarga ular sarflagan mahr miqdorini beringlar! Va o‘zlaringiz iymon keltirguvchi bo‘lgan — Allohdan qo‘rqinglar!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:50:41



12. Ey payg‘ambar, qachon sizning oldingizga mo‘minalar kelishib, sizga o‘zlarining Allohga biron narsani sherik qilmasliklariga, o‘g‘irlik qilmasliklariga, zino qilmasliklariga, (kambag‘allik yoki sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib) o‘z bolalarini o‘ldirmasliklariga, va qo‘l-oyoqlari o‘rtasida to‘qib oladigan bo‘xtonni qilmasliklariga (ya’ni farzandsizlik sababli o‘z erlaridan ajralib qolmaslik uchun biron tashlandiq bolani topib, go‘yo u qo‘l-oyoqlari o‘rtasidan chiqqandek, ya’ni o‘zlari tuqqandek erlariga «Mana shu bola sendan bo‘ldi», deb bo‘hton qilmaslikka ) hamda biron yaxshi ishda sizga itoatsizlik qilmasliklariga qasamyod qilsalar, siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir.

13. Ey mo‘minlar, Allohning g‘azabiga duchor bo‘lgan qavm bilan do‘st bo‘lmanglar! Xuddi barcha kofirlar qabr egalari (ya’ni, o‘liklarning qayta tirilishlari)dan noumid bo‘lganlaridek ularning ham oxiratdan umidlari uzilgandir.



SAF SURASI

Madinada nozil bo‘lgan bu sura o‘n to‘rt oyatdir. U dastlab Alloh taologa tasbeh aytilganidan so‘ng, mo‘minlarga bergan va’dalarining ustidan chiqishlari lozim ekanligini uqtirish bilan boshlanadi.

So‘ngra Tangri taolo O’zining yo‘lida saf bo‘lib kurashadigan kishilarni suyishi ta’kidlanadiki, suraning «Saf» deb nomlanishiga shu sababdir.

Bu surada Muso va Iyso payg‘ambarlarning Bani Isroil qavmi tomonidan ko‘rgan ozor-aziyyatlari ham zikr qilingandir.

Sura mo‘minlarga Alloh va Uning payg‘ambari Muhammad alayhis-salomga iymon keltirganlaridan keyingi eng najotbaxsh amal — Allohning yo‘lida molu-jonlari bilan jihod qilishlari ekanligini uqtirib, ularni Tangri taoloning yordamchilari bo‘lishga da’vat qilish bilan yakunlanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytdi. U qudrat va hikmat sohibidir.

2. Ey mo‘minlar, sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz deb) aytursizlar?!

3. Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishlaringiz Alloh nazdida o‘ta manfur (ishdir).


I z o h. Bu ikki oyat ayrim sahobalar o‘zlaricha: «Alloh taologa eng suyukli bo‘lgan ishni bilsak edi, albatta o‘sha amalni qilgan bo‘lur edik», deb yurishib, so‘ngra o‘sha suyukli amal Alloh yo‘lida jihod qilish ekanligi haqida oyat nozil bo‘lgach esa, ularning ba’zi birlari sustkashlik qilganlarida nozil bo‘lgandir.

4. Albatta Alloh O’zining yo‘lida go‘yo tutash binolardek bir safga tizilgan hollarida jihod qiladigan zotlarni sevar.

5. Eslang, Muso o‘z qavmiga: «Ey qavmim, nega sizlar men Allohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambari ekanligimni bilgan hollaringizda menga ozor berursizlar?!» degan edi. Bas, qachonki ular (Haq yo‘lidan) og‘ishgach, Alloh ularning dillarini (hidoyatdan) og‘dirib qo‘ydi. (Zotan) Alloh fosiq-itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:51:55



6. Eslang, Iyso binni Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta men Allohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambaridirman. (Men) o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va o‘zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg‘ambar haqida xushxabar berguvchi bo‘lgan holda (yuborildim)», degan edi. Bas qachonki (Iyso) ularga (o‘zining haq payg‘ambar ekanligiga) aniq-ravshan hujjat-mo‘‘jizalar keltirgach, ular: «Bu ochiq sehr», dedilar.

I z o h . Ushbu ikki oyat payg‘ambar alayhis-salomning salaflari hayotidan keltirilgan lavhalar bo‘lib, ular ham o‘z qavmlari tomonidan aziyyat tortib, yolg‘onchi qilinganlari bayon etildi va bu bilan Tangri taolo O’zining so‘nggi payg‘ambarini kofirlar tomonidan yetadigan ozorlarga o‘z salaflari kabi sabr-toqat qilishga da’vat etdi, Keyingi oyatdagi Ahmad — payg‘ambarimizning ismlari bo‘lib, Muhammad so‘zi bilan bir o‘zakdan chiqqandir. U o‘zak «hamd-maqtov» kalimasi bo‘lib, Ahmad — "œParvardigorga ko‘p va xo‘b hamd aytguvchi" ma’nosini ifodalasa, Muhammad — "œdunyo va oxiratda maqtovga sazovor bo‘lguvchi" degan mazmunda keladi.

7. O’zi Islomga da’vat qilinayotgan holida, (u da’vatni qabul qilish o‘rniga) Alloh sha’niga («U zotning bolasi bor, sheriklari ham bor», deb, yoki Allohning oyat-mo‘jizalarini «Bu sehr», deb) yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Alloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas!

8. Ular Allohning nurini (ya’ni Islomni) og‘izlari (ya’ni behuda gaplari) bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar istamasalar-da, O’z nurini (ya’ni dinini) to‘la (ya’ni har tarafga) yoyguvchidir.

9. U (Alloh) O’z payg‘ambarini hidoyat va haq din bilan — garchi mushriklar istamasalar-da — barcha dinlarga g‘olib qilish uchun yuborgan zotdir.

10. Ey mo‘minlar, sizlarga alamli azobdan najot beradigan bir «tijorat»ni ko‘rsataymi?

11. (O’sha «tijorat» mana budir)— Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltirursizlar va Alloh yo‘lida mol va jonlaringiz bilan jihod qilursizlar. Mana shu agar bilsangizlar o‘zlaringiz uchun eng yaxshi (ish)dir.

12. (Agar shunday qilsangizlar, Alloh) sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qilur hamda sizlarni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga va abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur. Bu esa ulug‘ baxtdir.

13. Va (Alloh sizlarga) yana boshqa sizlar suyadigan (bir ne’matni ham berurki, u) Alloh tomonidan bo‘lgan g‘alaba va yaqin(da ro‘y berguvchi Makka) fathidir. (Ey Muhammad), mo‘minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing! 

14. Ey mo‘minlar, sizlar ham xuddi (havoriylar kabi) Allohning yordamchilari bo‘lingiz!— Iyso binni Maryam havoriylarga: «Allohga (ya’ni Uning diniga da’vat qilishimda) kim mening yordamchim bo‘lur?» deganida, havoriylar aytdilar: «Biz Allohning (diniga) yordam berguvchilarmiz». Bas, Bani Isroildan bir toifa (odamlar Iysoga) iymon keltirdi va bir toifa kofir bo‘ldi. Bas, Biz iymon keltirgan zotlarni dushmanlaridan kuchli qilib, ular (kofirlar ustiga) g‘olib bo‘lib qoldilar.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:52:14



JUM’A SURASI

Bu sura ham Madina suralaridan bo‘lib, o‘n bir oyatdan tashkil topgandir.

Sura barcha insoniyatni jaholat-bilimsizlik botqog‘idan chiqarib, ularga Qur’on ta’limotini yetkazish uchun Muhammad alayhis-salomni payg‘ambar qilib yuborgan Alloh taologa tasbeh aytib, U zotni barcha aybu nuqsondan poklash bilan boshlanadi.

Shuningdek, bu surada o‘zlariga ato etilgan Tavrot ko‘rsatmalariga amal qilmagan yahudiylarni ustlariga kitob yuklangan eshaklarga tashbeh qilinib, ularning zolim qavm ekanliklari ta’kidlanadi.

So‘ngra Jum’a namozining ahkomlari bayon qilinib, mo‘minlarni hayoti dunyo matolariga uchmasdan Alloh taolo huzuridagi ajr-mukofot uchun amal qilishga da’vat etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa (yolg‘iz) podshoh, (barcha ayb-nuqsondan) pok, qudrat va hikmat sohibi bo‘lmish Allohga tasbeh aytur.

2. U (Alloh) omiylar (ya’ni ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilar) orasiga o‘zlarida bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob-Qur’on va Hikmat-Hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni Muhammad alayhis-salomni) yuborgan zotdir. Shak-shubhasiz ular (o‘zlariga payg‘ambar kelishdan) ilgari ochiq zalolatda edilar.

3. (Alloh bu payg‘ambarni) yana ulardan boshqalarga — ularga yeta olmagan (endi dunyoga keladigan barcha insonlarga ham yuborgandir). U qudrat va hikmat sohibidir.

4. Bu (ya’ni barcha insoniyatga payg‘ambar bo‘lish) Allohning fazlu marhamati bo‘lib, O’zi xohlagan kishilarga berur. Alloh ulug‘ fazlu marhamat sohibidir.

5. Tavrot yuklangan — berilgan, so‘ngra uni ko‘tara olmagan (ya’ni uning ko‘rsatmalariga amal qilmagan) kimsalar (yahudiylar)ning misoli xuddi kitoblarni ko‘tarib ketayotgan eshakka o‘xshaydi (ya’ni, uning vazminligidan charchab-toladilaru, ammo u Kitobning ichidagi narsalardan foydalanmaydilar). Allohning oyatlarini yolg‘on degan qavmning misoli naqadar yomondir. Alloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas!

6. (Ey Muhammad), ayting: «Ey yahudiylar, agar sizlar (boshqa) odamlarni emas, faqat o‘zlaringizni Allohning do‘stlari deb da’vo qilsangizlar — agar (mana shu da’volaringizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar — o‘limni orzu qilinglar-chi?

7. Ular qo‘llari (ya’ni o‘zlari) qilib qo‘ygan ishlari (ya’ni Tavrotda haq payg‘ambar ekanliklari zikr qilingan Muhammad alayhis-salomni yolg‘onchi qilganlari) sababli hech qachon (o‘limni) orzu qila olmaslar. Alloh zolim kimsalarni bilguvchidir.

8. Ayting: «Sizlar qochayotgan bu o‘lim albatta sizlarga yo‘liqquvchidir. So‘ngra sizlar g‘aybu-shahodatni (ya’ni, barcha yashirin va oshkora narsa-amallarni) bilguvchi (Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, U zot sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur!»

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:52:43



9. Ey mo‘minlar, qachon Jum’a kunidagi namozga chorlansa (ya’ni azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar, mana shu (ya’ni Allohning zikriga — Jum’a namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir.

10. Endi qachon namoz ado qilingach, yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringlar. Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topursizlar.

11. (Ey Muhammad), qachon ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar.


I z o h . Rivoyat qilinishicha, bir Jum’a kunida payg‘ambar alayhis-salom minbarda xutba — va’z aytib turganlarida Madinaga savdogarlar karvoni kirib keladi. Shunda ayrim sahobalar rasulullohni minbarda qoldirib savdo-sotiq qilish uchun karvon tomoniga yugurishganida, musulmonlarga tanbeh bo‘lib ushbu oyat nozil qilinadi. Oyat davomida dunyoning foniy matolaridan Alloh taolo mo‘minlarga oxiratda ato etadigan narsalar yaxshiroq ekanligi ta’kidlanadi.

Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (iymon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!


MUNOFIQUN SURASI

O’n bir oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Madinada nozil qilingandir.

«Munofiqun — Munofiqlar» deb nomlangan bu sura ularning kirdikorlarini — tuban axloqlarini, yaramas sifatlarini, tillari bilan dillari boshqa-boshqa ekanligini va nihoyat ular ustlariga Islom to‘nini kiyib olishib, odamlarni Islomdan to‘sishlarini fosh etadi.

Sura nihoyasida mo‘minlarni dunyo ziynatlariga aldanib qolmaslikka va boshlariga o‘lim kelib qolishidan ilgari Alloh taolo ularga ato etgan narsalardan infoq-ehson qilishga buyuriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), qachon munofiqlar sizning oldingizga kelsalar: «Guvohlik beramizki, siz shak-shubhasiz Allohning payg‘ambaridirsiz» derlar. Alloh, darhaqiqat, siz O’zining payg‘ambari ekanligingizni bilur, yana Alloh u munofiqlarning shak-shubhasiz yolg‘onchi ekanliklariga ham guvohlik berur.

I z o h . Ya’ni, munofiqlar Muhammad alayhis-salomning haq payg‘ambar ekanliklariga chin dildan iymon keltirganlari yo‘q, balki faqat tillaridagina guvohlik berdilar, demak ularning bu guvohliklari yolg‘on guvohlikdir.

2. Ular o‘zlarining (musulmon ekanliklari haqida ichgan yolg‘on) qasamlarini qalqon qilishib olib, (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sdilar! Ularning qilguvchi bo‘lgan amallari naqadar yomondir!

3. Bunga sabab ularning (tillarida) iymon keltirib, so‘ngra (dillarida) kofir bo‘lganlaridir. Bas, ularning dillari muhrlab qo‘yildi. Endi ular (iymonning haqiqatini) anglay olmaslar!

4. Qachon siz ularga boqsangiz ularning jismlari (ko‘rinishlari, kiygan kiyimlari) sizni hayratga solur, so‘zlaganlarida esa so‘zlariga (ohangdor, fasohatli bo‘lgani uchun berilib) quloq solursiz. (Lekin ularning dillari iymon va yaxshilikdan xoli bo‘lgani uchun) ular go‘yo (devorga) yo‘lab qo‘yilgan (chirik) yog‘ochlarga o‘xshaydilar. Ular (yuraksizliklari sababli) har bir qichqiriq-ovozni ustlariga (tushayotgan biron balo-ofat deb) gumon qiladilar. Ular dushmandirlar. Bas, ulardan ehtiyot bo‘ling! Ularni Alloh la’natlagay! Qanday adashmoqdalar-a!

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:56:14



5. Qachon ularga: «Kelinglar, Allohning payg‘ambari sizlar uchun mag‘firat so‘rar», deyilsa, albatta ular boshlarini burib keturlar va ularni kibr-havo qilgan hollarida yuz o‘girishlarini ko‘rursiz.

I z o h. Ushbu va quyidagi oyatlar munofiqlar boshlig‘i Abdulloh ibn Ubay ibn Salul haqida nozil bo‘lgandir. Voqea bunday bo‘lgan. Payg‘ambar alayhis-salom sahobalari bilan Banu Mustalaq qabilasiga qarshi jang qilib, g‘alaba qozonganlaridan so‘ng Madinaga qaytayotganlarida bir munofiq kimsa muhojir musulmonlardan biri bilan suv talashib janjallashib qoladilar. Shu payt o‘sha yerda hozir bo‘lgan Abdulloh ibn Ubay ibn Salul haligi muhojir va umuman barcha muhojir musulmonlar haqida nojo‘ya so‘zlar aytib, ularni haqorat qiladi va o‘z qavmiga qarab: «Bu kelgindilarga (ya’ni muhojirlarga) yordam va xayr-saxovat qilmanglar, toki ular Muhammadni tashlab o‘z yurtlariga qaytib ketsinlar. Hali Madinaga qaytganimizda, albatta kuchlilar (ya’ni bizlar) kuchsizlarni (ya’ni musulmonlarni) Madinadan quvib chiqarur», deydi. Ammo keyinroq, Payg‘ambar alayhis-salom bu voqeadan xabardor bo‘lganlaridan keyin undan: «Sen shu gaplarni aytdingmi?» deb so‘raganlarida esa, u qasam ichib, aytgan so‘zlaridan tonadi va yolg‘on qasamni qalqon qilib oladi. Endi, u va uning hamtovoqlari haqida oyatlar nozil bo‘lgach, ayrim kishilar unga: «Ey Abdulloh, sening xususingda qattiq oyatlar tushdi, sen Rasulullohning huzurlariga borib uzr so‘ragin, u kishi sening gunohlaringni mag‘firat qilishini so‘rab, Alloh taologa duo qilsinlar, shoyad Alloh mag‘firat qilsa», deyishganida u bundan bosh tortadi va: «Sizlar iymon keltir, dedinglar, iymon keltirdim; molingning zakotini ber, dedinglar, zakot berdim, endi bir kamim borib Muhammadga sajda qilish qoluvdi», deb javob beradi. Shunda yuqoridagi oyat nozil bo‘ladi va navbatdagi oyatda esa unday munofiq kimsalar haqida qilingan hech qanday duo-iltijo ijobat bo‘lmasligi uqtiriladi.

6. (Ey Muhammad), siz ular uchun mag‘firat so‘radingizmi yoki mag‘firat so‘ramadingizmi ularga barobardir — Alloh ularni hargiz mag‘firat qilmas! Albatta Alloh bunday fosiq-itoatsiz qavmni hidoyat qilmas.

7. Ular (o‘zlarining tobe’lariga): Allohning payg‘ambari huzuridagi kishilarga infoq-ehson qilmanglar, toki ular tarqalib ketsinlar», deydigan kimsalardir. Holbuki osmonlar va yer xazinalari yolg‘iz Allohnikidir. Lekin munofiqlar (buni) anglamaslar.

8. Ular: «Qasamki, agar Madinaga qaytsak, albatta kuchlilar kuchsizlarni undan quvib chiqarur», derlar. Holbuki kuch-qudrat Allohniki, Uning payg‘ambariniki va mo‘minlarnikidir. Lekin munofiqlar (buni) bilmaslar.

9. Ey mo‘minlar, na mol-dunyolaringiz va na bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan (ya’ni Allohga ibodat qilishdan) yuz o‘girtirib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchi kimsalardir!

10. Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelib, u: «Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, men xayr-sadaqa qilib, solih (banda)larda! bo‘lsam», deb qolishdan ilgari, Biz sizlarga rizq qilib berga narsalardan infoq-ehson qilingiz!

11. Alloh biron jonni ajal kelgan vaqtida (vafot etdirmasdan) qoldirmas. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:58:24



TAG’OBUN SURASI

Bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, o‘n sakkiz oyatdir. Sura Alloh taoloning qudrati ilohiyasiga dalolat qiladigan oyatlar bilan boshlanib, so‘ngra ilgari o‘tgan dinsiz kimsalar topgan oqibatlar va ular oxiratda giriftor bo‘ladigan alamli azob haqida xabar beriladi.

Bu surada o‘lgandan keyin qayta tirilish Kuni bor ekanligini inkor qilgan kofirlarning da’volari keskin rad etilib, Parvardigori olam nomiga qasam bilan u Kunning haq ekani ta’kidlanadi va uni «Tag‘obun», ya’ni «Bir-birlarini aldash-ziyon yetkazish» Kuni deb ataladi. Chunki bu dunyoda mo‘minlarni aldab, ularga ziyon yetkazish harakatida yurgan kofirlar u Kunda do‘zaxga giriftor qilinishlari bilan o‘zlarining ziyon tortib, aldanib qolganliklarini bilishib, nadomatlar qilurlar, mo‘minlar esa u Kunda jannat ne’matiga erishishlari bilan hayoti dunyoda kofirlarning vasvasa-aldovlariga uchmaganliklari sababli katta foyda ko‘rganliklarini bilurlar.

Sura oxirida mo‘minlarga topgan mol-mulk va bola-chaqalari ular uchun faqat bir imtihon ekanligi uqtirilib, ularni qo‘llaridan kelganicha taqvo bilan hayot kechirishga va Alloh yo‘lida bechora-miskinlarga xayr-ehson qilishga da’vat etiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytur. Egalik — podshohlik yolg‘iz Unikidir va hamdu sano yolg‘iz Uning uchundir. U barcha narsaga qodirdir.

2. U sizlarni yaratgan zotdir. Bas, sizlardan (ayrimlaringiz) kofir, sizlardan (ayrimlaringiz) mo‘mindir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.

3. U osmonlar va yerni Haq (qonun) bilan yaratdi va sizlarga surat-shakl berdi — suratlaringizni go‘zal qildi. Yolg‘iz Unga qaytish bordir.

4. U osmonlar va yerdagi bor narsani bilur va U sizlar yashiradigan narsani ham, oshkor qiladigan narsan ham bilur. Alloh dillardagi sirlarni bilguvchidir.

5. (Ey Makka kofirlari), sizlarga avvalgi kofir bo‘lishib, so‘ng (hayoti dunyodalik paytlaridayoq) o‘z ishlarining ziyonini totgan kimsalarning xabari keldimi? Yana ular uchun (oxiratdagi) alamli azob ham bordir.

6. Bunga sabab, ularga payg‘ambarlari (o‘zlarining haq payg‘ambar ekanliklarini bildiruvchi) hujjatlar bilan kelganlarida ular: «Bizlarni (o‘zimizga o‘xshagan) bashar (avlodlari) hidoyat qilurlarmi?!» deyishib, (u payg‘ambarlarga) kofir bo‘lganlari va (iymondan) yuz o‘girib ketganlaridir, (shunda) Alloh (ularni halok qilish bilan O’zi ularning iymonlaridan) behojat ekanligini ko‘rsatdi. Alloh behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir.

7. Kofir bo‘lgan kimsalar o‘zlarining hech qachon qayta tirilmasliklarini gumon-da’vo qildilar. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Yo‘q! Parvardigorimga qasamki, albatta qayta tirilursizlar, so‘ngra albatta sizlarga qilgan amallaringizning xabari berilur. Bu Allohga osondir».

8. Bas, sizlar Allohga, Uning payg‘ambariga va Biz nozil qilgan Nurga — Qur’onga iymon keltiringlar! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

9. (Alloh) sizlarni to‘playdigan to‘planish Kunini (eslangiz)! Bu (odamlar) bir-birlarini «aldab-ziyon yetkazadigan» Kundir (ya’ni, hayoti dunyoda iymon egalarini aldab-ziyon yetkazib yurgan kofirlar u Kunda do‘zax azobiga duchor qilinish bilan o‘zlarining aldangan kimsalar ekanliklarini bilib olurlar). Kim Allohga iymon keltirsa va yaxshi amal qilsa (Alloh) uning yomonlik-gunohlarini o‘chirur va uni ostidan daryolar oqib turadigan, (barcha jannat axli) abadul-abad qoladigan jannatlarga kiritur. Bu esa ulug‘ baxtdir.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:59:36



10. Kofir bo‘lgan va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar — ana o‘shalar do‘zax egalari bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolguvchidirlar. Naqadar yomon oqibat (bu)!

11. (Biron kimsaga) biron musibat yetmas, magar Allohning izni-irodasi bilangina (etur). Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilur. Alloh barcha narsani bilguvchidir.

12. Allohga itoat etingiz va payg‘ambarga bo‘ysuningiz! Endi agar (itoatdan) bosh tortsangaz, u holda (bilingizki), payg‘ambarimiz zimmasida faqat (Bizning vahiylarimizni sizlarga) ochiq-ravshan qilib yetkazish bor, xolos.

13. Alloh — hech qanday tangri yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. Bas, mo‘minlar yolg‘iz Allohga tavakkul qilsinlar — suyansinlar!

14. Ey mo‘minlar, albatta juftlaringiz va bolalaringizdan sizlar uchun dushman bo‘lganlari ham bordir. Bas, ulardan ehtiyot bo‘linglar! Agar sizlar ularni afv etsanglar, kechirib yuborsanglar va mag‘firat qilsanglar, u holda albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir.


I z o h. Rivoyat qilinishicha, Makka ahlidan bir guruh kishilar Islomni qabul qilishib, so‘ngra payg‘ambar alayhis-salom huzurlariga — Madinai munavvaraga hijrat qilmoqchi bo‘lganlarida ularning dinsiz bo‘lgan xotin va bola-chaqalari bu niyatlaridan to‘sishib: «Islomga kirganlaringizga sabr qildik, ammo bizlarni tashlab hijrat qilishlaringizga chiday olmaymiz», deyishgan ekan. Shunda ular bu gapga ko‘nishib, Makkada qolishgan va oradan ancha zamon o‘tib, Madinaga kelganlarida esa bu yerdagi musulmonlar diniy bilimlarni puxta egallab olganlarini ko‘rishib, ilgari o‘zlarining yo‘llarini to‘sgan xotin, bola-chaqalaridan o‘ch olmoqchi bo‘lganlarida yuqoridagi oyat nozil bo‘lgandir. Mufassirlar aytishlaricha, ushbu oyati karima Alloh taologa toat-ibodat qilishdan to‘sadigan xotinlar va bolalarning so‘zlariga kiradigan barcha kishilar uchun tanbehdir.

15. Sizlarning mol-mulklaringaz va bola-chaqalaringiz faqat bir fitna-imtihondir, xolos. Ulug‘ ajr-mukofot esa yolg‘iz Allohning huzuridadir.

16. Bas, kuchlaringiz yetganicha Allohdan qo‘rqinglar, (o‘zlaringizga qilinayotgan pand-nasihatga) quloq tutinglar va itoat etinglar hamda infoq-ehson qilinglar, (mana shu) o‘zlaringiz uchun yaxshiroq bo‘lur. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchidirlar.

17. Agar sizlar Allohga qarzi-hasana bersangizlar (ya’ni Uning miskin-bechora bandalariga infoq-ehson qilsangizlar) U zot sizlarga bir necha barobar qilib qaytarur va sizlarni(ng gunoxlaringizni) mag‘firat qilur. Alloh o‘ta shukr qilguvchi (ya’ni, ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato etguvchi) va halimdir.

18. (U) g‘aybu shahodatni (ya’ni barcha yashirin va oshkor ishlarni) bilguvchi, qudrat va hikmat sohibidir.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 06:59:57



TALOQ SURASI

Bu sura o‘n ikki oyatdan iborat bo‘lib, Madinada nozil qilingan.

Unda so‘z asosan oilaviy ahvolga taalluqli shariat hukmlaridan taloq va uning qonun-qoidalari ustida boradi. Shuning uchun u «Taloq» surasi deb nomlangandir.

Yana bu surada idda va uning turlari hamda iddadagi ayolni joy va nafaqa bilan ta’minlash tartiblari ham bayon etiladi.

Sura davomida er yo xotindan birortasiga zulm bo‘lmasligi uchun Allohdan qo‘rqishga bot-bot da’vat takrorlanib turadi.

Sura Qur’oni Karim nozil qilinishidan va Muhammad alayhis-salom payg‘ambar qilib yuborilishlaridan murod, mo‘minlarni jaholat zulmatlaridan iymon nuriga olib chiqish ekanini ta’kidlash hamda yetti osmonu, yetti zaminni yaratgan zot bo‘lmish Alloh taolo barcha narsani bilib, ihota qilib turguvchi zot ekanligini uqtirish bilan xotima topadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey Payg‘ambar, qachon sizlar (ya’ni mo‘minlar) ayollaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (ya’ni poklik paytlarida) taloq qilinglar va idda sananglar! Parvardigorlaringiz bo‘lmish Allohdan qo‘rqinglar! (To iddalari tugaguncha) ularni (o‘zlari yashab turgan) uylaridan haydab chiqarmanglar va ular o‘zlari ham chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh ishni (ya’ni buzuqlik yoki behayolik kabi qiliqlarni) qilsalargina, (yashab turgan uylaridan haydab chiqarilurlar). Bu Allohning qonun-chegaralaridir. Kimki Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o‘tsa, aniqki u o‘ziga zulm qilibdi. Siz bilmassiz, ehtimol Alloh bu (taloq)dan keyin biron ishni paydo qilar.

I z o h. Baqara surasining 228-oyatida aytilganidek, taloq qilingan ayollar uch hayz muddatida idda saqlab o‘zlarining homilador bo‘lgan-bo‘lmaganlarini kuzatadilar. Agar biron ayol hayz ko‘rish paytida taloq qilinsa, u mana shu hayzidan tashqari yana uch hayz idda saqlashi lozim bo‘ladiki, bu o‘sha ayolga zulm qilish demakdir. Chunki u idda muddati tugashi bilan boshqa er bilan turmush qurish huquqiga ega. Mazkur holatda esa taloq qilingan ayol yana ortiqcha bir hayz idda saqlashga majbur bo‘ladi. (Umuman oilasiz erkak va ayollarning ko‘payishi jamiyatda buzuqlik va nopoklikning avj olishiga sabab bo‘lgani uchun, Islom dini oilalarning buzilib ketishiga imkon qadar yo‘l bermaslikka, agar buzilgan chog‘da esa iloji boricha tezroq yarashishga yoki boshqa turmush qurishga da’vat etadi). Shuning uchun yuqoridagi oyatda taloq qilguvchilar xotinlarini idda saqlaydigan poklik paytlarida taloq qilishga hamda iddani aniq hisob-kitob qilib borishga buyuriladilar. Ushbu farmonning yana bir hikmati, ayol kishi hayz ko‘rish paytida odatda eri unga poklik paytidagidek rag‘bat qilmaydi, binobarin undan ajralish ham er uchun u qadar qiyin ish emasdek tuyulishi mumkin. Shu sababdan Qur’on erkaklarga, agar ular xotinlaridan ajralmoqchi bo‘lsalar, u ayollarni pok va marg‘uba bo‘lgan paytlarida taloq qilishlari mumkin ekanligini bildiradi. Bundan tashqari ushbu oyatda taloq qilingan ayollarni modomiki ular buzuqlik, behayolik qilmas ekanlar, to idda muddatlari tugamagunicha erlarining uylaridan chiqarib yuborish durust emasligi bayon qilindi. Bu hukmdan murod, birinchidan, idda saqlayotgan ayol mana shu idda muddati asnosida taloq qilgan erining hukmida ekanligini, ya’ni boshqa erga nikohlanishi durust emasligini bildirish bo‘lsa, ikkinchidan, agar u ayol uch taloq qilinmasdan bir yoki ikki taloq qilingan bo‘lsa, jahl ustida taloq qilib yuborgan eri har kuni uni ko‘rib turganligi sababli, "œmehr ko‘zda", deganlaridek, yana unga moyil bo‘lib, er-xotinning qaytadan yarashib ketishlari ham osonlashishidir. Shuning uchun ham oyat nihoyasida «Siz bilmassiz, ehtimol Alloh bu (taloq)dan keyin biron ishni paydo qilar», deyildi.

2. Endi qachon (taloq qilgan ayollaringizning idda) muddatlari bitib qolsa, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolinglar (ya’ni qayta nikohllaringizga olinglar) yoki yaxshilik bilan (ya’ni, haqqi mahrlarini berib) ajrashinglar. Va (yarashib olib qolayotgan yoki ajrashib ketayotgan chog‘laringda) o‘zlaringizdan (ya’ni, musulmonlardan) bo‘lgan ikki adolat sohibini guvoh qilinglar va (guvoh bo‘lguvchilar) guvohlikni Alloh uchun to‘kis ado qilinglar! Bu (hukm)dan faqat Allohga va oxirat Kuniga iymon keltirguvchi bo‘lgan kishi pand-ibrat olur. Kim Allohdan qo‘rqsa (ya’ni yuqorida mazkur bo‘lgan taloq qilish qonun-qoidalariga Allohdan qo‘rqqani uchun rioya etsa), U zot uning uchun (barch g‘am-kulfatlardan) chiqar yo‘lni (paydo) qilur.

3. Va uni o‘zi o‘ylamagan tomondan rizqlantirur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O’zi unga yetarlidir. Albatta Alloh O’zi (xohlagan) ishiga yetguvchidir. (Uning xohishiga qarshi turguvchi kimsa yo‘qdir). Darhaqiqat Alloh barcha narsa uchun miqdor-o‘lchov qilib qo‘ygandir (ya’ni, hayotda ro‘y beradigan har bir yaxshi-yomon voqea-hodisa yolg‘iz Alloh xoxlagan — belgilagan vaqt va o‘lchovda ro‘y beradi).

4. Ayollaringiz orasidagi (keksayib qolgani sababli) hayz ko‘rishdan umid uzganlari, agar sizlar (ularning iddalari qancha davom etishi xususida) shubhalansangizlar, bas (bilingiz-ki), ularning iddalari uch oydir, yana (hali-hanuz) hayz ko‘rmagan (ayollar)ning (iddalari ham uch oydir). Homilador (ayol)larning (idda) muddatlari homilalarini qo‘yishlari (ya’ni ko‘z yorishlaridir). Kim Allohdan qo‘rqsa (Alloh) uning ishini oson qilur.

5. Bu Allohning sizlarga nozil qilgan hukmidir. Kim Allohdan qo‘rqsa uning yomonlik-gunohlarini o‘chirur va uning ajr-mukofotini ulug‘ qilur.

Qayd etilgan


Muhammad  10 Sentyabr 2006, 07:00:30



6. Ularga (ya’ni taloq qilinib, idda saqlayotgan ayollaringizga) o‘zlaringiz maskan tutgan — qudratingiz yetgan joydan maskan beringlar va ularni (turgan joylaridan) qisib chiqarish uchun ularga ziyon yetkazmanglar. Agar ular homilador bo‘lsalar, u holda to homilalarini qo‘ygunlaricha ularga nafaqa berib turinglar! Endi agar (taloq qilgan ayollaringiz) sizlar uchun (bola) emizsalar (ya’ni o‘zlarining sizlardan bo‘lgan bolalarini emizsalar), u holda ularning (emizganliklari uchun) ajr-haqlarini beringlar! Va (emizish, hamda uning haqqi xususida) o‘zaro yaxshilik bilan kelishib olinglar! Agar (kelisha olmasdan) tang holga tushsangizlar, u holda (ota) uchun (bolasini) boshqa (bir ayol) emizur. (Ya’ni ota bolasini boshqa — begona ayolga emizdurur).

7. Boy-badavlat kishi o‘z boyligidan (ya’ni boyligiga yarashadigan) nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda Alloh o‘ziga ato etgan narsadan (ya’ni o‘z holiga yarasha) nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O’zi unga ato etgan (rizq-ro‘z) dan boshqa narsaga taklif qilmas (ya’ni har bir inson faqat Alloh o‘ziga ato etgan rizqdan infoq qilishga taklif qilinur). Alloh tanglik-kambag‘alliqdan keyin yengillik-boylikni ham (paydo) qilur.

8. Qanchadan-qancha qishloq-shaharlar borki, o‘z Parvardigorlari va Uning payg‘ambarlari amridan bosh tortgandirlar, bas, Biz ulardan qattiq hisob-kitob olganmiz va yomon azob bilan azoblaganmiz.

9. Bas, u (qishloq-shaharlarning axli) o‘z ish-qilmishlarining ziyonini totdilar va bu ishlarining oqibati ziyon tortish — halokat bo‘ldi.

10. Alloh ular uchun (oxiratda ham) qattiq azobni tayyorlab qo‘ygandir. Bas, ey iymon keltirgan aql egalari, Allohdan qo‘rqinglar! Darvoqe U zot sizlarga Eslatma — Qur’onni nozil qildi.

11. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga Allohning ochiq-ravshan oyatlarini tilovat qiladigan payg‘ambarni (Muhammad alayhis-salomni yubordi). Kim Allohga iymon keltirsa va yaxshi amal qilsa (Alloh) uni ostidan daryolar oqib turadigan, ular abadul-abad qoladigan jannatlarga kiritur. Darhahiqat Alloh uning uchun go‘zal rizq (ya’ni jannatning tuganmas rizqini ato) qildi.

12. Alloh yetti osmonni va yerdan ham o‘shalarning mislini (ya’ni yetti qavat yerni) yaratgan zotdir. (Allohning) amri farmoni ularning (ya’ni yetti qavat osmon va yetti qavat yerning) o‘rtasiga nozil bo‘lib-tarqalib turur. Toki sizlar Allohning barcha narsaga qodir ekanligini va Alloh barcha narsani (O’z) bilimi bilan ihota qilib olganini bilishlaringiz uchun (U zot sizlarga yuqorida zikr qilingan narsalar haqida xabar berdi).

Qayd etilgan