35. Bas, Bugun, bu yerda uning uchun biron do‘st-madadkor yo‘qdir!
36. Va biron taom ham yo‘qdir! Faqat yiringdan bo‘lgan (bir «taom» borki),
37. Uni faqat (yo‘ldan adashgan (kofir)largina yerlar!
38-39-40. Bas, Men sizlar ko‘radigan narsalarga ham, sizlar ko‘ra olmaydigan narsalarga qasam ichurmanki, u (Qur’on) shak-shubhasiz ulug‘ Payg‘ambarning (Alloh dargohidan keltirgan) so‘zidir!
41. U biron shoirning so‘zi emasdir! Sizlar (ushbu Qur’on Allohning salomi ekanligiga) kamdan-kam iymon keltirursizlar!
42. Va biron kohin-folbinning so‘zi ham emasdir. Sizlar kamdan-kam pand-nasihat olursizlar!
43. (U) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil (Kitobdir).
44. Agar (Payg‘ambar) Bizning sha’nimizga (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida.
45-46. Albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik.
47. U holda sizlardan biron kishi undan (ya’ni payg‘ambardan halokatni) to‘sa olguvchi bo‘lmas edi. (Bas, Muhammad alayhis-salom Allohning kalomiga o‘z tomonidan biron so‘z qo‘shmagani, balki zimmasidagi omonat-payg‘ambarlikni halol ado qilib kelayotgani uchun ham sizlarning orangizda sog‘-omon hayot kechirmoqda, aks holda Alloh uni halok qilgan bo‘lur edi. Bu Muhammad alayhis-salomning haq payg‘ambar ekanliklarining yana bir yorqin dalilidir).
48. Albatta u (Qur’on) taqvodor zotlar uchun pand-nasihatdir.
49. Shak-shubhasiz Biz sizlarning orangizda (Qur’onni) yolg‘on deguvchilar ham bor ekanini aniq bilurmiz.
50. Albatta u (Qur’on) kofirlarga (ular Qiyomat kunida Qur’onga iymon keltirgan kishilarning savobga ega bo‘lganlarini ko‘rgan vaqtlarida) hasrat-nadomat bo‘lur.
51. Albatta u (Qur’on) aniq Haqiqatdir!
52. Bas, ulug‘ Parvardigoringizning nomini (mudom, barcha ayb-nuqsonlardan) pok tuting! MA’ORIJ SURASIBu sura Makkada nozil bo‘lgan. U qirq to‘rt oyatdir.
Sura kofirlarning tug‘yonga tushib, o‘zlari ogohlantirilgan oxirat azobini inkor etishlari haqida xabar berish bilan boshlanib, so‘ngra ular iymon keltirmayotgan Qiyomat kunida kofirlarga beriladigan haqli jazodan hech qanday to‘lov bilan qutulib bo‘lmasligi yana bir bor ta’kidlanadi.
Bu surada yana insonning xafachilikni ham, xursandchilikni ham ko‘tara olmaydigan ojiz vujud ekanligi uqtirilib, faqat taqvo va ezgu amalgina insonni bunday ojizlikdan omon saqlay olish mumkinligi aytiladi,
Sura nihoyasida kofirlarning jannatga kirish to‘g‘risida behuda-befoyda tama’ qilishlari bayon qilinib, so‘ngra payg‘ambar alayhis-salomga ularni to o‘zlariga va’da qilingan azobga yo‘liqishguncha tark qilish buyuriladi.
Sura nomlangan «Maorij» kalimasi asli «pog‘onalar» ma’nosida bo‘lib, bu surada «Osmon qavatlari» ma’nosida kelgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1-2-3. Bir so‘raguvchi kimsa (osmonlarning barcha) pog‘onalari-qavatlari sohibi bo‘lmish Alloh tomonidan kofirlarga tushguvchi, birov qaytara olmaydigan azobni (o‘z ustiga tushishini) so‘radi.I z o h.
Bu oyatlar mushriklardan Nazr ibn Xoris haqida nozil bo‘lgan. Payg‘ambar alayhis-salom kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan Alloh taoloning azobi bor ekanligini bildirib, ularni ogohlantirganlarida, Nazr turib: «Ey Xudo, agar mana shu (Qur’on) Sening dargohingdan kelgan haqiqat bo‘lsa, ustimizga samodan tosh yog‘dirgin, yoki bizlarga alamli azob keltirgin», deydi. Mana shu tilakning o‘zidan Nazr va u kabilarning kim ekanliklari ma’lumdir. Chunki ular Haq yo‘lga yurishni istagan kishilar bo‘lganlarida: «Ey Xudo, agar mana shu Qur’on Sening dargohingdan kelgan haqiqat bo‘lsa, bizlarni ham uning yo‘liga hidoyat qilgin», degan bo‘lur edilar.
Endi quyidagi oyatda barcha farishtalar Qiyomat kunida osmon qavatlarini bosib o‘tishib, Alloh huzuriga to‘planishlari zikr qilinadi. 4. Farishtalar va Ruh (ya’ni Jabroil) miqdori-uzunligi ellik ming bo‘lgan bir Kunda (ya’ni Qiyomat kunida) U zotning huzuriga ko‘tarilurlar.
5. Bas, (Ey Muhammad, kofirlarning ozor-aziyyatlariga) chiroyli sabr bilan sabr-toqat qiling!
6-7. Chunki ular u (Kun)ni uzoq deb bilurlar, Biz esa uning yaqinligini bilurmiz!
8. U Kunda osmon eritilgan mis kabi bo‘lib qolur.
9. Tog‘lar yung kabi (engil) bo‘lib qolurlar.
10. Va biron do‘st do‘stidan (hol-ahvol) so‘ramas.