48. Endi oqlovchilarning oqlovi ularga foyda bermas! I z o h.
Ya’ni Qiyomat kunida hayoti-dunyodan kofir bo‘lib o‘tgan kimsalar o‘zlari uchun biron oqlovchi topa olmaslar va agar farazan yer yuzidagi barcha odamlar ularni oqlagan taqdirda ham bu oqlov ularga foyda bermas! Yuqoridagi oyatlarda kofirlar topadigan oqibat zikr qilindi. Endi quyidagi oyatlarda ularning Haqdan yuz o‘girishlari to‘g‘risida bir ibratli misol keltiriladi: 49-50-51. Nega ular xuddi sherdan qochgan yovvoyi eshaklarga o‘xshab, bu Eslatmadan — Qur’ondan yuz o‘giradilar-a?!
52. Yo‘q, (ular hech qachon Qur’on oyatlariga quloq tutmaslar, balki) ulardan har bir kimsa o‘ziga ochiq sahifalar berilishini istar! I z o h.
Makka mushriklari Muhammad alayhis-salomga: «Toki sen bizlarning har birimizga osmondan alohida sahifa keltirmaguningcha va bu sahifada har birimizga Alloh tomonidan senga ergashish buyurilganini o‘qib ko‘rmagunimizcha, senga iymon keltirmaymiz», deganlarida, ushbu oyati karima nozil bo‘ldi. 53. Yo‘q, (ularning kofir bo‘lishlariga sabab, aslo ularga ochiq sahifalar berilmagani emas), balki ular oxirat(ga iymon keltirmaydilar va unda bo‘ladigan azob-uqubat)dan qo‘rqmaslar (va shu sababdan Qur’ondan yuz o‘girurlar).
54. Ha, albatta u (Qur’on) bir eslatmadir.
55. Bas, xohlagan kishi undan eslatma-ibrat olur.
56. Ular yolg‘iz Alloh xohlaganidagina (Qur’ondan) eslatma-ibrat olurlar. U (Alloh) taqvo egasidir (ya’ni bandalari Undan taqvo qilishlari — qo‘rqishlari lozimdir) va (U Alloh taqvo qilguvchi bandalari uchun) mag‘firat egasidir. QIYOMAT SURASIBu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, qirq oyatdan iboratdir.
Suraning nomidan ma’lum bo‘lib turganidek, unda so‘z asosan Qiyomat kuni hamda qayta tirilish xususida boradi. Dastlabki oyatlarda Alloh taolo nainki har bir insonning suyaklarini yig‘ib to‘plashga, balki uning barmoqlarigacha tiklab but qilishga qodir ekani uqtirilganidan so‘ng, ana o‘sha Qiyomat kunining alomatlari zikr qilinadi va u Kun kelgach, biron inson Tangri taoloning odil jazosidan qocharga joy topa olmay qolishi haqida xabar beriladi.
Shuningdek, bu surada payg‘ambar alayhis-salomga nozil bo‘layotgan vahiyni qanday qabul qilib olishlari lozimligiii ta’lim beradigan oyatlar mavjuddir.
Sura davomida dunyo maishatiga mukkasidan ketib, oxiratni unutayotgan kimsalarga dashnom berilib, u Kunda insonlar ikki toifaga — Parvardigorning diydoriga musharraf bo‘lgan saodatmandlarga va yuzlari qaro badbaxtlarga bo‘lishlari to‘g‘risida ogohlantiriladi hamda ajal yetib, o‘lim soati kelgan vaqtida jon taslim qilayotgan kishi ro‘baro‘ bo‘ladigan dahshatlar bayon etiladi.
Sura qayta tirilish haq ekanligi to‘g‘risida bir ibratli aqliy dalil keltirish bilan xotima topadi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Men Qiyomat kuniga qasam ichurman.
2. Va Men malomatgo‘y nafsga qasam ichurmanki, (hech shak-shubhasiz qayta tirilib, hisob-kitob qilinursizlar)! I z o h.
Ushbu oyati karimadagi «malomatgo‘y nafs» o‘z egasi Tangri taologa ibodat qilishda qosirlik-beparvolik qilsa malomat qiladigan nafsdir. Umuman, Qur’onda nafs kalimasi uch xil sifat bilan keladi: 1. Nafsi ammora (Yomonlik-gunohga) buyurguvchi nafs (Yusuf surasi, 53-oyat), 2. Malomatgo‘y nafs, 3. Xotirjam-sokin nafs (Fajr surasi, 27-oyat). 3. Inson Bizni uning (chirib, tuproqqa aylanib ketgan) suyaklarini hargiz to‘play olmas, deb gumon qilurmi?!
4. Yo‘q, Biz uning barmoqlarini (ham) tiklab joyiga keltirishga qodir bo‘lgan zotdirmiz! I z o h.
Alloh taolo Qiyomat kunida har bir insonning barmoqlarigacha tiklab — asl holiga keltirishi haqidagi xabardan ikki narsani uqish mumkin: Birinchidan, shunday kichik nozik barmoqlarni tiklashga qodir bo‘lgan zot boshqa suyak-so‘ngaklarni ham tiklay olishi shubhasizdir. Ikkinchidan, Qiyomat qoyim bo‘lganida har bir banda hayoti-dunyoda qilib o‘tgan barcha yaxshi-yomon amallariga javob berar ekan, uning barmoqlari butun bo‘lishi o‘ta muhimdir. Chunki dunyodagi hech bir kishining barmoq izi ikkinchi kishining barmoq iziga o‘xshamaydi. (Bu haqiqatni ilm-fan o‘rganib, isbotlashidan necha asr ilgari Qur’oni Karim bir og‘iz so‘z bilan aytib qo‘yganining o‘zi barcha insonni har bir barmog‘igacha yaratgan ham, ushbu aziz Kitobni yuborgan ham yolg‘iz Alloh ekaniga ochiq dalolatdir)! Binobarin, qilingan barcha ezgulik ham, yomonlik ham adolat tarozusida tortilib, o‘zining mukofot yoki jazosini oladigan Kunda har bir barmoq o‘z egasining hayoti-dunyoda qilib o‘tgan qilmishlariga jonli guvoh bo‘lishi shubhasizdir. 5-6. Balki inson oldinda (kelgusi hayotida ham) fisq-fujur (gunoh amallarni) qilmoqni istab: «Qiyomat kuni qachon o‘zi?» deb so‘rar?! I z o h.[i Iymonsiz kimsalarni yomon amallar qilishdan qaytarilsa, ular o‘zlari o‘rganib qolgan fisq-fujurlaridan ajralgilari kelmasdan «Qiyomatgacha hali juda uzoq, keksayganimizda qilgan gunohlarimizga tavba-tazarru qilib olamiz», deydilar, (Xuddi qo‘llarida to keksayib, tavba qilgunlaricha o‘lmaslik haqida vasiqalari bordek)! Quyidagi oyatlarda ana shunday kimsalarning Qiyomat kunidagi ahvoli tasvirlanadi.[/I]
7-8-9-10. Bas, (ko‘rgan dahshatlaridan) ko‘z qamashib, (osmondagi) oy ham tutilgan holda quyosh va oy birlashtirilgan vaqtda — ana o‘sha Kunda u inson «(u balo-ofatlardan) qaerga qochib-qutulish mumkin?» deb qolur!
11. Yo‘q! (Ey inson, Allohning azobidan qochib qutuladigan) biron boshpana yo‘qdir!
12. U Kunda yolg‘iz Parvardigoring (hukm qilgan joy)ga qaror topishgina bordir!
13. U Kunda insonga (hayoti-dunyodalik chog‘ida) qilib o‘tgan va (o‘zidan keyin) qoldirgan (barcha) narsalarning (ya’ni yaxshi-yomon amallarning) xabari berilur.
14-15. Balki (U Kunda) inson, garchi o‘z uzr-bahonalarini (o‘rtaga) tashlasa — keltirsa-da, (uning barcha a’zolari) o‘zining ziyoniga guvohlik berguvchidir! I z o h.
Ya’ni inson hayoti-dunyodalik paytida har qanday hakamni o‘z tili-nutqi bilan aldab ketishi mumkin, ammo Qiyomat kunida — yolg‘iz Alloh taolo hakam bo‘lgan paytida insonning notiqligi bekor-befoyda bo‘lib qoladi. Chunki u Kunda inson o‘zini oqlash uchun qanday sabab-bahonalar topmasin, Tangri taolo tomonidan uning badanidagi barcha a’zolariga til ato etilib, ular o‘z egalarining qilib o‘tgan gunohlariga guvohlik beradilar.
Mazkur oyatlarda Qiyomat kuni va insonning u Kundagi ahvoli tasvirlangach, endi so‘z Qur’onga va uning oyatlarini Jabroil farishtadan qabul qilib olish tariqasiga ko‘chadi.
Payg‘ambar alayhis-salom o‘zlariga vahiy nozil bo‘layotgan paytda biron kalima yodlaridan chiqib qolmasligi uchun lablarini qimirlatib — takrorlab turar edilar. Ushbu oyatlarda u zotga bunday qilishning hojati yo‘q ekanligi uqtirildi. 16. (Ey Muhammad, Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling.
17. Zero uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir.
18. Bas, qachon Biz (ya’ni Jabroil farishta) uni (ya’ni har bir vahiyni) o‘qib bitganimizdan so‘nggina siz ham uni o‘qishga ergashing!
19. So‘ngra uni — Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir. I z o h.
Ya’ni, Alloh taolo O’z kalomidagi tushunib yetish mushkul bo‘lgan ayrim oyatlarni payg‘ambar alayhis-salomga anglatish kafolatini ham O’z zimmasiga olib, payg‘ambarimizni xotirjam qilmoqda. Mana shu oyatlar kelgach, rasululloh vahiy nozil bo‘layotgan vaqtda boshlarini quyi solib, xomush o‘tiradigan va qachonki vahiy keltirgan Jabroil alayhis-salom ketganlaridan so‘nggina nozil qilingan oyatlarni o‘qiydigan bo‘ldilar.
Quyidagi oyatlarda so‘z yana Qiyomat kunini yolg‘on deguvchi kimsalarga va u Kunning ahvolini tasvirlashga qaytadi.