Muallif Mavzu: Qur'oni karim. Alouddin Mansur tarjima va sharhi  ( 609534 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 2 Mehmonlar ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #585 : 10 Sentyabr 2006, 07:27:12 »


ABASA SURASI

Qirq ikki oyatdan tashkil topgan bu sura ham Makkada nozil bo‘lgandir.

U huzurlariga kelgan ko‘zi ojiz bir kishiga ro‘yxush bermagan Payg‘ambar alayhis-salomga tanbeh berish bilan boshlanadi (shuning uchun ham bu sura «Abasa - Qosh chimirdi», deb nomlangandir) va u zotga zimmalaridagi vazifalari yana bir bor uqtirilib, so‘ngra Qur’on oyatlari Alloh taolo tomonidan pand-nasihat oladigan bandalar uchun yuborilgan bir eslatma ekanligi ta’kidlanadi.

Bu surada nihoyat ixcham suratda insonga o‘zining qaerdan kelganidan tortib, to qaerga borishi va keyingi holi nima kechishigacha bayon qilinib, so‘ngra inson uchun yaratilgan noz-ne’matlar sanab o‘tiladi va o‘rtaga bir haqqoniy savol tashlanadi: Hayot yo‘lini ko‘rsatib beradigan Qur’on ne’mati ham, yer yuzidagi odamlar rohat-farog‘atda yashashlari uchun ato etilgan barcha noz-ne’matlari ham aql egalarini yolg‘iz Yaratganga iymon keltirib, U zotga shukr qilishga da’vat etib turibdi-ku, bas, inson zotini bu qadar kufru tug‘yonga ketishga nima majbur qildi?!

Sura kishilar aniq ikki toifaga bo‘linib qoladigan Qiyomat kunida ro‘y beradigan dahshatli voqea-hodisalar haqida xabar berish bilan xotima topadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1-2. U (payg‘ambar alayhis-salom) o‘zining oldiga ko‘zi ojiz kishi kelgani uchun qosh chimirdi va (undan) yuz o‘girdi.

I z o h. Rivoyat qilinishicha, bir kuni Payg‘ambar alayhis-salom Quraysh zodagonlaridan bir guruhini Islomga da’vat qilib turganlarida, oldilariga Abdulloh ibn Ummi Maktum ismli ko‘zlari ojiz bir sahoba kelib, bir necha bor: «Yo rasululloh, menga Alloh sizga bildirgan narsalardan ta’lim bering», deb takrorladi. Chunki u kishi a’mo bo‘lganlari sababli Payg‘ambarimizning boshqalar bilan band ekanliklarini sezmagan edi. Payg‘ambar alayhis-salom haligi Quraysh kattalari Islomni qabul qilishsa, ularga ergashib orqalaridagi tobe’lari ham musulmon bo‘lib qoladi, degan umid bilan berilib so‘zlayotganlari sababli, mana shu paytda Abdulloh ibn Ummi Maktum kelib so‘zlarini bo‘lganidan achchig‘lanib, qovoq soldilar va u kishiga orqa o‘girib, Quraysh kattalari bilan so‘zlashishda davom etdilar. Shunda Payg‘ambarimizga tanbeh bo‘lib mazkur va quyidagi oyatlar nozil bo‘ldi.

Shu o‘rinda biz muhtaram o‘quvchi e’tiborini mazkur oyatlardagi ikki ibratli nuqtaga jalb etmoqchimiz.

Birinchidan, Alloh taolo O’zining habibi va so‘nggi payg‘ambariga tanbeh berar ekan, u kishiga bevosita xitob qilmadi, balki go‘yo uchinchi shaxs haqida gapirayotgandek tanbeh berdiki, bu Do‘st Do‘stga qiladigan muomalaning benazir namunasidir.

Ikkinchidan, agar bizda Alloh taoloning O’zi «Shak-shubhasiz siz ulug‘ Xulq ustidadirsiz», (Qalam surasi, 4-oyat) deb ta’riflagan Payg‘ambarimiz mazkur voqeada bir a’mo kishiga ozor berdilarmi, degan savol tug‘ilsa, bunday savolning javobi ham o‘sha voqeaning o‘zida mavjuddir, ya’ni yuqoridagi oyatlar guvohlik berishicha Payg‘ambar alayhis-salom u kishining diliga ozor beradigan biron qattiq so‘z aytganlari yo‘q, balki faqatgina qovoqlarini uyub, yuz o‘girdilar xoloski, bunday holatni ko‘zi ojiz odam ko‘ra olmagani uchun ozor topmasligi aniqdir.

Tangri taoloning tanbehidan so‘ng Rasululloh qachon Abdulloh ibn Ummi Maktumni ko‘rib qolsalar: «Marhabo, ey menga Parvardigorimdan dashnom olib bergan zot», deb u kishiga peshvoz chiqadigan bo‘lgan ekanlar.


3. (Ey Muhammad), siz qaerdan bilursiz, ehtimol u (sizdan o‘rganadigan ilmu ma’rifati yordamida o‘z gunohlaridan) poklanar.

4. Yoki pand-nasihat olar-da, so‘ng bu pand-nasihat unga foyda berar?!

5. Endi (o‘z mol-mulki bilan iymondan) istig‘no qilib turgan kimsaga kelsak,

6. Bas, siz o‘shanga iqbol qilib — yuzlanmoqdasiz!

7. Holbuki u (o‘zining kufridan) poklanmasligi sababli sizga biron ziyon yetmas!

8-9. Endi (Allohdan) qo‘rqqan holida oldingizga yugurib-elib qelgan zotga kelsak.

10. Bas, siz undan chalg‘ib — yuz o‘girib olmoqdasiz!

11. Yo‘q, (siz aslo bunday qilmang)! Albatta (Qur’on oyatlari) bir pand-nasihatdir.

12. Bas, kim xohlasa undan pand-nasihat olur.

13-14. (U oyatlar Alloh nazdida) azizu- mukarram, qadri baland, pokiza sahifalarga;

15-16. Ulug‘, itoatli mirzolar (ya’ni farishtalar) qo‘llari bilan (Lavhul-Mahfuzdan ko‘chirib bitilgandir).

17. Halok bo‘lgur inson-a! Bunchalar kofir bo‘lmasa!

18. (Alloh) uni qay narsadan yaratdi o‘zi?!

19. Uni bir (haqir) nutfadan yaratib, so‘ng uni(ng ona qornidagi rivojini va oy-kunini) belgilab qo‘ydi-ku!

20. So‘ngra unga (ona qornidan chiqish) yo‘lini oson qildi.

21. So‘ngra unga o‘lim berib, qabrga kiritdi (ya’ni boshqa hayvonlar singari uning jasadini yer yuzida qoldirib, yirtqichlarga yem qilib qo‘ygani yo‘q).

22. So‘ngra O’zi xohlagan vaqtida uni yana qayta tiriltirur.

23. Yo‘q, u (kofir kimsa Alloh) o‘ziga buyurgan biron narsani ado qilmadi.

24. Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan bir)qarab ko‘rsin-chi!

25. Biz (osmondan) suv-yomg‘irni quydirdik.

26. So‘ngra yerni (giyohlar bilan) yordik.

27-28-29-30-31-32. So‘ng Biz unda don-dunni, uzum va ko‘klarni, zaytun va hurmolarni, quyuq daraxtzor bog‘larni, meva-cheva-yu, o‘t-o‘lanlarni sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaat bo‘lsin deb undirib-o‘stirib qo‘ydik-ku!

33. Bas, qachon (quloqlarni) kar qilguvchi (dahshatli qichqiriq) kelganda (ya’ni sur ikkinchi marta chalinib, barcha xaloyiqqa qaytadan jon ato etilganda, har bir inson o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolur)!

34-35-36. U Kunda kishi o‘z og‘a-inisidan ham, onasi va otasidan ham, xotini-yu, bola-chaqasidan ham qochur!

37. (Chunki) ulardan har bir kishi uchun u Kunda o‘ziga yetarli tashvish bo‘lur!

38-39. U Kunda (mo‘minlarning) yuzlari yorug‘, kulguvchi va xurram bo‘lur.

40. Va u Kunda (kofirlarning) yuzlari ustida chang-g‘ubor bo‘lib,

41. U (yuz)larni qarolik qoplab olur!

42. Ana o‘shalar fisqu-fujur qilguvchi kofirlarning o‘zidir!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #586 : 10 Sentyabr 2006, 07:27:31 »


TAKVIR SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, yigirma to‘qqiz oyatdir.

U Qiyomat qoyim bo‘lganida butun Koinotda ro‘y beradigan dahshatli inqilob — o‘zgarishlar tasviri bilan boshlanib, ana o‘sha Kunda har bir jon o‘z hayotida qanday amallar qilib o‘tganini bilib, iqror bo‘lishi haqida xabar beriladi.

So‘ngra Alloh taolo O’zi yaratgan bir necha mavjudot nomiga qasam bilan Qur’oni Karim farishta Jabroil keltirgan Ilohiy so‘z ekanini va ushbu Kalomullohning biron oyatini qoldirmasdan insonlarga yetkazib berayotgan Muhammad alayhis-salom majnun emasliklarini ta’kidlaydi.

Sura davomida insonlarga xitob qilinib, ulardan qo‘llarida Haq yo‘lini ko‘rsatib turgan shunday buyuk Kitob mavjud bo‘la turib, o‘zlari uchun yana qanday yo‘l axtarib ketayotganlari so‘raladi.

Sura Qiyomat kunida butun yer yuzini yoritib va isitib turadigan quyosh ham o‘ralib, nursizlanib qolishi xususidagi oyat bilan boshlangani sababli «Takvir — O’ralish» deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Quyosh o‘ralib (nursizlanib) qolganida.

2. Yulduzlar ham (o‘z falaklaridan) to‘kilganida.

3. Tog‘lar ham (o‘z joylaridan) jildirilganida.

4. (Qornidagi bolasi) o‘n oylik bo‘lgan bo‘g‘oz tuyalar ham bo‘sh qo‘yib yuborilganida.

5. Vahshiy hayvonlar ham (bir joyga) to‘planib qolganida.

6. Dengizlar (tandir kabi) qizitilganida (va suv o‘rniga olov bilan to‘lganida).

7. Jonlar (qaytadan badanlarga) juftlanganida.

8-9. Tiriklay ko‘milgan (har bir) qizdan qanday gunoh sababli o‘ldirilgani so‘ralganida.

10. (Nomai a’mol) sahifalari ochilganida.

11. Osmon (erning ustidan) sidirib olinganida.

12. Do‘zax (kofirlar uchun) lovullatib yoqilganida.

13. Jannat (taqvodor zotlarga) yaqin qilinganida.

14. (ana o‘sha Kunda har bir) jon o‘zi (mana shu Kun uchun) hozirlab kelgan narsani (ya’ni barcha yaxshi-yomon amallarini) bilur!


I z o h . Mazkur oyatlarda Qiyomat kunida ro‘y beradigan o‘n ikki hodisa haqida xabar berildi. Demak, u Kunda kechayotgan dahshatning ziyodaligidan quyoshning nuri so‘nib, yulduzlar har yoqqa sochilib ketadi va tog‘lar ham joylaridan jildirilib, xuddi bulutlar kabi osmonda suzib yuradi. Sahro ahli juda avaylaydigan va ularning boy-badavlatliklari ramzi bo‘lgan — tug‘ish soati yaqinlashib qolgan bo‘g‘oz tuyalar ham egalarining yodidan ko‘tarilib, har kim o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoladi (ya’ni kishilar o‘zlarining eng ardoqli narsalarini ham unutadilar). Doimo bir-birlarining go‘shtlarini yeb tirikchilik o‘tkazadigan vahshiy hayvonlar ham qanday qilib bir joyga to‘planganlarini bilmay qoladilar, dengizlar esa suvlari qurib, xuddi tagidan olov yoqilayotgan qozonga aylanadilar (ming-ming yillik dengizlarning bugunga kelib quriy boshlagani o‘sha Kun yaqin qolganining alomati emasmikan?), insonlar o‘lishi bilan chiqib ketgan jonlari qayta o‘z badanlariga kiradi, shuningdek, u Kunda tiriklay ko‘mib yuborilgan mazluma qizlarning ham dodiga yetiladi (bu haqda «Nahl» surasining 59-oyatida batafsil izoh berilgan) va inson o‘lishi bilan yopilgan nomai a’moli qayta ochilib, hisob-kitob qilinadi, u Kunda yerning tomi bo‘lgan osmon ham ochib yuboriladi va nihoyat kofirlarga lovullab yonayotgan do‘zax, mo‘minlarga esa jannat yaqin qilinadi — mana shu voqea-hodisalar sodir bo‘ladigan Qiyomat kunida har bir jonning hayoti-dunyoda qilib o‘tgan yaxshi amallari o‘ng yoniga, yomon amallari chap yoniga keltirib qo‘yiladi va hech kim o‘z amalidan tona olmaydi! Demak o‘sha Kunning qiynoq-azobidan xalos bo‘lishni istagan har bir inson bugunini Islomiy e’tiqod va ezgu amal bilan o‘tkazmog‘i vojibdir!

15-16-17-18. Bas, Men (kunduzlari ko‘zdan) g‘oyib bo‘lguvchi, (kechalari ham) tez o‘tib (o‘z «uya»lari — burjlariga) yashiringuvchi (yulduz)larga, o‘z zulmati bilan kelib-ketayotgan kechaga va otayotgan tongga qasam ichurmanki,

19-20-21. Shak-shubhasiz u (Qur’on) bir ulug‘, quvvatli, Arshning sohibi (bo‘lmish Alloh) nazdida makon-martabali, u joyda (ya’ni osmonlarda farishtalar tomonidan) itoat etilguvchi, ishonchli elchining (ya’ni Jabroil farishtaning Alloh taolo tomonidan keltirgan) so‘zidir.

22. Va sizlarning sohibingiz (Muhammad alayhis-salom) majnun emasdir.

23. Darhaqiqat, u (Jabroilni) ochiq ufqda ko‘rdi.

24. U (Muhammad alayhis-salom) g‘aybga (ya’ni g‘aybdan kelgan vahiyga) baxil ham emasdir (U Alloh taolo tomonidan o‘ziga keladigan vahiylarni buzmasdan, to‘la-to‘kis holda sizlarga yetkazur).

25. Va u (Qur’on) quvilgan — mal’un shaytonning so‘zi emasdir.

26. Bas, sizlar (mana shu Qur’oni Karim ko‘rsatgan Haq yo‘lni inkor etib) qayon ketmoqdasizlar?!

27-28. U (Qur’on) hech shak-shubhasiz butun olamlar uchun — sizlarning orangizdagi To‘g‘ri yo‘lda bo‘lmoqni xoxlagan kishilar uchun bir eslatmadir.

29. Sizlar faqat butun olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh xoxlasagina (To‘g‘ri yo‘lda bo‘lishni) xoxlarsizlar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #587 : 10 Sentyabr 2006, 07:27:52 »


INFITOR SURASI

O’n to‘qqiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura ham Makkada nozil qilingandir.

U ham Qiyomat kunining dahshatli manzaralarini chizish bilan boshlanadi va insonga xitob qilinib, uni yo‘qdan bor qilgan va unga shunday go‘zal surat berib qo‘ygan Parvardigoriga ibodat qilishdan uni — insonni nima to‘sib turgani so‘raladi.

So‘ngra jazo Kuni haq ekanligi aytilib, har bir kishining qilgan amalini yozib turadigan ulug‘ farishtalar biron ishni qoldirmasdan nomai a’mol sahifalarini to‘ldirib borayotganliklari yana bir bor uqtirib o‘tiladi.

Sura oxirida jazo kuni qanday kun ekanini yolg‘iz Allohdan o‘zga hech kim bila olmasligi va u Kunda barcha hukm yolg‘iz Alloh taoloning qudrat qo‘lida bo‘lishi haqida xabar beriladi.

Sura Qiyomat kunida osmon yorilib — ochilib qolishi xususidagi oyat bilan boshlangani uchun uni «Infitor — Yorilish», deb ataladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmon yorilganida,

2. Yulduzlar (har tomonga) sochilganida,

3. Daryo-dengizlar (o‘rtasidagi to‘siq-to‘g‘onlar) ochilganida,

4. Qabrlar to‘nkarib qo‘yilganida (ya’ni ularning ichidagi insonlarga jon ato etilib yer yuziga chiqarilganlarida),

5. (Ana o‘sha Kunda har bir) jon o‘zi (hayoti dunyodalik chog‘ida) qilib o‘tgan va (o‘zidan keyin) qoldirgan (barcha) narsalarni (ya’ni yaxshi-yomon amallarini) bilur!

6. Ey inson, nima seni ulug‘ Parvardigoring haqida (Unga ibodat qilmasang ham bo‘laveradi, deb) aldab qo‘ydi?!

7. U seni yaratib, so‘ng (barcha a’zolaringni) tiklab, so‘ng (qomatingni ham) raso qilib, qo‘ygan zot-ku!

8. U seni O’zi qay suratni xohlagan bo‘lsa (o‘sha surat — shaklda) tarkib toptirdi — ijod qildi-ku!


I z o h. Ushbu oyatlarda Alloh taolo insonga o‘zining kim tomonidan yaratilib, bunday aql-hush, mavzun qomat va go‘zal suratga ega bo‘lganini uqtirmoqda va undan o‘zini boshqa barcha maxluqotlardai ajratib shunday azizu mukarram qilib yaratgan ulug‘ Parvardigoriga nega qulluq — ibodat qilmayotganini so‘rab tanbeh bermoqda. Darhaqiqat, inson vujudidagi qay bir a’zoga ibrat ko‘zi bilan qaralsa — undagi mukammallikni ko‘rib, Yaratganning buyuk qudratiga, bilim va hikmatiga qulluq qilmasdan iloj qolmaydi.

Endi quyidagi oyatlarda dinsiz kimsalar Alloh taoloning amriga itoat etmasliklarining sababi nima ekanligi zikr qilinadi.


9. Yo‘q, balki sizlar jazo (Qiyomat kunini) yolg‘on dersizlar (shuning uchun ham Alloh buyurgan ezgu amallarni qilmaysizlar va U zot qaytargan yomon amallardan qaytmaysizlar)!

10-11. Holbuki, shak-shubhasiz sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir.

12. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar.

13. Shak-shubhasiz, yaxshilar (ya’ni mo‘minlar) jannat ne’matlaridadirlar.

14. Shak-shubhasiz, fisq-fujur qilguvchi kimsalar (ya’ni Qur’on va payg‘ambarni yolg‘onchi qilguvchi, jazo Kuni va qayta tirilishni inkor qilguvchi kimsalar) do‘zaxdadirlar!

15. Ular (do‘zax)ga jazo (qiyomat) kunida kirurlar!

16. Va ular (do‘zaxdan) g‘oyib bo‘lguvchi (ya’ni xalos bo‘lguvchi emasdirlar!

17. (Ey inson), sen jazo Kuni nima ekanini qaerdan ham bilursan?!

18. So‘ngra (yana takror aytamanki), sen jazo Kuni nima ekanini qaerdan ham bilursan?!

19. U Kunda hech bir jon (boshqa) bir jonga biron narsa qilishga (ya’ni biron foyda yetkazishga yoki undan biron ziyonni ketkazishga) ega bo‘lmas! U Kunda barcha ish yolg‘iz Allohniki bo‘lur!



MUTAFFIFIN SURASI

Bu sura o‘ttiz olti oyat bo‘lib, Makka suralaridandir.

U dastlab oxirat hisob-kitobidan qo‘rqmaganlari uchun birovning haqidan hazar qilmaydigan kimsalar Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishlari to‘g‘risida xabar berguvchi oyatlar bilan boshlanadi.

Bu sura hayotlarini fisqu-fujur bilan o‘tkazadigan iymonsiz kimsalar topadigan dahshatli oqibat — do‘zax azobi haqida ogohlantirguvchi oyatlar ham, bu to‘rt kunlik dunyodan Haq yo‘lini mahkam tutib o‘tadigan ahli iymon uchun tayyorlab qo‘yilgan saodati abadiyya — jannat ne’matlari zikr qilingan oyatlar ham mavjuddir.

Suraning nomi bo‘lmish «Mutoffifun» kalimasi «(Birovlarning haqlaridan) urib qolguvchilar» degan ma’noni anglatadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (O’lchov va tarozidan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay!

2-3. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir.

4-5-6. Ular o‘zlarining ulug‘ bir Kunda — barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan Qiyomat) Kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #588 : 10 Sentyabr 2006, 07:28:10 »


7. Yo‘q, (birovlarning haqlaridan urib qolishdan hazar qilinglar)! Chunki (bunday) fisq-fujur qilguvchi kimsalarning nomai a’mollari albatta Sijjiynda bo‘lur!

8. (Ey Muhammad), siz Sijjiyn nima ekanini qaerdan ham bilursiz?

9. (U) bitilgan kitobdir.


I z o h. Sijjiyn — ulamolarning ta’kidlashicha, yetti qavat yer ostida turguvchi, insu jindan bo‘lgan kofirlarning nomai a’mollari bitib qo‘yiladigan bir kitobdir.

10. U Kunda yolg‘on deguvchilarga halokat bo‘lgay!

11. Ular jazo (qiyomat) Kunini yolg‘on deydigan kimsalardir!

12. U (Kun)ni faqat barcha gunohga botgan tajovuzkorgina yolg‘on der!

13. Qachon (unday kimsaga) Bizning oyatlarimiz tilovat qilinsa, u: «(Bu) avvalgilardan (qolgan) afsonalar», der.

14. Yo‘q, (undoq emas)! Balki ularning dillarini o‘zlari kasb qilguvchi bo‘lgan gunohlari qoplab olgandir!


I z o h . Ya’ni ularning dillarini o‘zlarining doimiy kasb-korlari bo‘lgan gunoh va jinoyat zanglari bosib qolgani sababli ular Ilohiy Haqiqatni afsonadan ajrata olmaslar.

15. Hech shak-shubha yo‘qki, ular o‘sha (Qiyomat) Kunida Parvardigorlaridan to‘silguvchidirlar. (Ya’ni Parvardigorning diydoriga yetish ularga hech nasib qilmagay)!

16. So‘ngra shak-shubhasiz ular do‘zaxga kirguvchidirlar.

17. So‘ngra (ularga): «Mana shu sizlar yolg‘on deb yurgan narsa — azobdir», deyilur.

18. Darhaqiqat, yaxshilarning nomai a’mollari shak-shubhasiz Illiyyundadir.

19. (Ey Muhammad), siz Illiyyun nima ekanini qaerdan ham bilursiz.

20. (U) bitilgan kitobdirki.

21. Unga (Allohning) yaqin (farishta)lari guvoh bo‘lurlar.


I z o h . Illiyyun — Payg‘ambar alayhis-salomdan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilishicha, yettinchi osmonda Alloh taoloning arshi a’losi ostidagi bir makon bo‘lib, insu jindan bo‘lmish mo‘minlarning nomai a’mollari bitilgan kitob o‘sha makonda saqlanadi.

22. Shak-shubhasiz yaxshilar (ya’ni mo‘minlar jannat) ne’matlaridadirlar.

23. Ular so‘rilarda (Alloh taolo o‘zlariga ato etgan ne’matlarga) boqib (o‘tirurlar).

24. Siz ularning yuzlarida ne’matlarning jilvasini tanirsiz — ko‘rursiz.

25. Ular (jannatda) muhrlangan maydan sug‘orilurlarki,

26. U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, baxslashguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) baslashsinlar.

27. U mayning mizoji – aralashmasi tasnimdandir.

28. (Tasnim Allohning) yaqin (banda)lari ichadigan bir chashmadir.

29. Darvoqe jinoyatkor — kofir kimsalar iymon keltirgan zotlardan (masxara qilib) kulguvchi bo‘ldilar.

30. Qachon (mo‘minlar) ularning oldidan o‘tsalar, ular bir-birlariga ko‘z qisishib, imo-ishoralar qilardilar.

31. Qachon uylariga qaytsalar (mo‘minlarni masxara qilib ozor berganlaridan) rohatlanib qaytardilar.

32. Qachon (mo‘minlarni) ko‘rsalar «Ana ular shak-shubhasiz yo‘ldan ozguvchi kimsalardir», derdilar.

33. Holbuki, ular (mo‘minlarning) ustiga qo‘riqchi qilib yuborilgan emasdilar.

34. Endi bu (Qiyomat) Kunida iymon keltirgan zotlar kofirlardan kulurlar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #589 : 10 Sentyabr 2006, 07:28:37 »


35. Ular (jannatdagi) so‘rilarda (kofirlarning azoblanishiga) boqib (o‘tirurlar).

36. Kofirlar o‘zlari qilib o‘tgan qilmishlarining jazosini oldilarmi? (Albatta oldilar).



INSHIQOQ SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura yigirma besh oyatdan tashkil topgandir.

Sura avvalida Qiyomat qoyim bo‘lgan kuni samo yorilib, zamin esa yoyilib, tep-tekis bo‘lib qolishi bayon etiladi. Shuning uchun ham bu sura «Inshiqoq — Yorilish» deb nomlangan.

Bu surada inson zoti dunyoga kelgan vaqtidan tortib, o‘zi bilsa-bilmasa, xohlasa-xohlamasa Parvardigor tomonga, ya’ni o‘lim degan – dunyo bilan oxirat o‘rtasiga o‘rnatib qo‘yilgan ko‘prik orqali Parvardigorning odil hisob-kitobi sari intilib borishi ta’kidlanadi.

So‘ngra o‘sha jazo Kunida qanday kishilarning hisob-kitobi oson bo‘lishi va qanday kimsalar mangu azobga yo‘liqishlari haqida xabar beriladi.

Sura nihoyasida Alloh taolo qasam bilan barcha insonlar o‘lgandan keyin o‘zlariga va’da qilinayotgan dahshatli holatlarga bosqichma-bosqich yo‘liqishlarini ta’kidlab, so‘ng iymon keltirmagan kimsalarning hollariga taassuf bildiriladi va ularga alamli azob (xushxabari), mo‘minlarga esa bitmas ajr-mukofot mujdasi beriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilai (boshlayman).

1-2. Osmon yorilgan va u Parvardigori(ning yorilish to‘g‘risidagi amri)ga quloq tutgan — (mana shu amrga) loyiq topilgan vaqtda;

3-4-5. Yer yoyilgan (tep-tekis bo‘lgan) va o‘z ichidagi (jasadlarni ustiga) chiqarib tashlab, bo‘shanib olgan va u Parvardigori(ning yoyilib, tep-tekis bo‘lish to‘g‘risidagi amri)ga quloq tutgan — (mana shu amrga) loyiq topilgan vaqtda (ana o‘sha Qiyomat kunida har bir inson o‘zi qilib o‘tgan amallariga ro‘baro‘ bo‘lur)!

6. Ey inson, albatta sen mehnat-mashaqqat chekib Parvardigoringga (ya’ni Uning mukofot yoki jazosiga) borguvchisan, bas, (bu hayoti dunyodan o‘tganingdan so‘ng) U zotga yo‘liqquvchisan.

7. Ana endi kimning nomai a’moli o‘ng tomonidan berilsa.

8. Bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak,

9. Va o‘z(ining jannatdagi) axli-oilasiga shodu-xurram holda qaytajak.

10. Endi kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa.

11. Bas, u o‘limini chaqirib qolajak.

12. Va do‘zaxga kirajak!

13. Darvoqe u (hayoti-dunyodalik paytida) axli oilasida (o‘z kufru isyoni bilan) shodu-xurram edi.

14. Albatta u o‘zining hech qachon (Parvardigori huzuriga) qaytmasligiga ishonar edi.

15. Yo‘q, Parvardigori uni shubhasiz ko‘rib turguvchi edi.

16-17-18. Bas, Men (quyosh botayotgan paytda butun ufqni qoplab oladigan) shafaqqa, kecha va u qamrab olgan (barcha) narsaga hamda to‘la bo‘lgan vaqtidagi oyga (ya’ni to‘lin oyga) qasam ichurmanki,

19. Albatta sizlar (ey insonlar), tabaqadan tabaqaga minursizlar (ya’ni bir holdan ikkinchi holga ko‘chib turursizlar).


I z o h . Ushbu oyatlarda Alloh taoloning ilohiy qalami bilan har bir insonning hayot-mamotidagi bir holdan ikkinchi holga ko‘chishi to‘g‘risida betakror manzara chizib berildi. Darhaqiqat, xuddi ufqni qon yig‘latib kun botib, so‘ng atrofni tun zulmati qoplab, keyin samoga balqib chiqqan to‘lin oy kechani bamisoli kunduzga aylantirib, agar yerga igna tushsa topilgudek yorug‘ qilib yuborgani kabi har bir inson ham o‘z hayotining shomida ustida turgan yaqinlarini qon yig‘latib, o‘lim deb atalgan ostonadan hatlaydi. Endi u yosh tamoman boshqa bir holat — xuddi tun qorong‘uligi yanglig‘ qabr zulmati. Lekin bu aslo so‘nggi holat emas, balki kishi boshidagi holatlar zanjirining bir halqasi xolos. Navdatdagi holat Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda ro‘y beradi. U Kunda xuddi to‘lin oy tun qorong‘uligida yashirinib yotgan barcha narsani oshkor qilganidek, har bir kishining qorong‘u o‘tmishi ibtidosidan intihosigacha, ipidan-ignasigacha yoritilib, hisob-kitob qilinadi va navbat keyingi holatlarga keladi. Ular endi abadiy saodat yoki mangu azobdir! Shundoq ekan...

20. Bas, nega ular iymon keltirmaydilar?!

21. Ularga Qur’on qiroat qilingan vaqtida esa (unga iymon keltirishib, Yaratganga) sajda qilmaydilar?!


I z o h. Bu oyati karima navbatdagi sajda oyati bo‘lib, u tilovat qilinganida o‘quvchiga ham, tinglovchiga ham bir marta Allohga sajda qilish vojib bo‘ladi.

22. Yo‘q, ular (Qur’onni ham, Qiyomat kuni qayta tirilishni ham) yolg‘on derlar!

23. Alloh esa ular ichlariga solib yashirayotgan narsalarini (ya’ni kufrlarini, iymonsizliklarini) juda yaxshi bilguvchidir!

24. Bas, (ey Muhammad), siz ularga alamli azob «xushxabari»ni bering!

25. Faqatgina iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun bitmas-tuganmas ajr-mukofot bordir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #590 : 10 Sentyabr 2006, 07:29:08 »


BURUJ SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, yigirma ikki oyatdir.

U boshidan oxirigacha iymon-e’tiqod mavzusini yoritguvchi sura bo‘lib, avval uzoq o‘tmishda mo‘minlarni faqat Alloh taologa iymon keltirganlari uchun azoblab o‘ldirgan bir to‘da zolim kimsalar halokatga duchor qilinganlari haqida xabar beriladi va barcha zamonlardagi ahli iymonni fitnaga solib, ularga zulm qiladigan kimsalar do‘zax azobiga giriftor bo‘lishlari ta’kidlanadi.

So‘ngra Yaratganning qudrati naqadar buyuk ekanligiga dalolat qiladigan oyatlar zikr qilingach, sura nihoyasida Qur’oni Majid hech qachon biron harfi o‘zgarmaydigan — buzulmaydigan Kitob ekani uqtiriladi. Bu suraning nomi «Buruj» bo‘lib, «(Osmondagi) burjlar», degan ma’noni anglatadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan  (boshlayman).

1. Burjlar egasi bo‘lmish osmonga qasam,

2. Va’da qilinmish (Qiyomat) Kuniga qasam.

3. (O’sha Kunda) guvoh bo‘lguvchi (barcha xaloyiqqa) va guvoh bo‘linguvchi (barcha voqea-hodisalar)ga qasam-ki,

4-5. (O’ziga itqitilgan odamlarning tanalaridan iborat bo‘lgan) «o‘tin»li olov - (o‘sha olov lovullab yonayotgan) choh egalari la’nat qilingaylar!

6.O’shanda ular o‘sha (choh)ning ustida o‘tirib olgan,

7. Va mo‘minlarga qilayotgan ishlariga o‘zlari guvoh bo‘lgan edilar.


I z o h. Ushbu oyatlarda qadimda o‘tgan bir zolim podshoh va uning malaylari mo‘minlarni Alloh taologa bo‘lgan iymon-e’tiqodlaridan qaytarish uchun qo‘llagan mudhish choralari va oqibat-natijada o‘zlari qazigan chohga o‘zlari qulab halok bo‘lganlari haqida xabar berildi. O’shanda ular mo‘minlarni tashlab yoqib yuborish uchun uzun va chuqur choh kavlashib, har bir mo‘minni o‘sha choh yoqasiga keltirishgach, agar iymonidan qaytmasa, mana shu lovullab yonib turgan chuqurga itqitilishini aytishganida, biron mo‘min iymonsiz yashashni iymon bilan shahid bo‘lishdan ortiq bilmagan ekan. Lekin ular o‘sha chuqurga otilgan paytlarida hali olov badanlariga tegmasidan Alloh taolo ularning jonlarini O’z huzuri oliysiga chorlagan, mo‘minlarning jasadlarini kuydirishdan or qilgan olov esa yuqoriga o‘rlab, choh yoqasida tomoshabin bo‘lib o‘tirgan kofirlarni kuydirib halok qilgan ekan. Bu qissadan hissa shuki, mangu saodatga eltguvchi Iymon yo‘li oson yo‘l emas, balki barcha zamonlardagi nosoz tuzum va buzuq jamiyatlarda ahli iymon boshiga ana shunday og‘ir sinov tushishi mumkin. Ana o‘sha paytda iymon imtihonidan garchi shahid bo‘lish barobariga bo‘lsa-da, o‘ta olgan mo‘minlar najot topgan bo‘lurlar. Ularga zulmu-sitam ko‘rsatgan mustabid hokimlar esa shak-shubhasiz halokatga mahkumdirlar.

8-9. Ular (mo‘minlardan) faqat u (mo‘min)lar qudrat va maqtov egasi bo‘lgan Allohga — osmonlar va yerning podshohligi O’ziniki bo‘lgan zotga iymon keltirganlari uchungina o‘ch oldilar! Alloh barcha narsaga guvohdir!

10. Albatta mo‘min va mo‘minalarni fitnaga solib, (bu qilmishlaridan) tavba qilmagan kimsalar uchun jahannam azobi bordir va ular uchun o‘t azobi bordir!

11. Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun ostidan daryolar oqib turadigan jannatlar bordir. Mana shu katta baxtdir.

12. (Ey Muhammad), shak-shubhasiz Parvardigoringizning (kofirlarni azob bilan) ushlashi qattiqdir.

13. Albatta Uning O’zi boshlar (ya’ni boshlab yo‘qdan bor qilur) va qaytarur (ya’ni xaloyiqni o‘lganlaridan keyin qayta tiriltirur).

14. U (mo‘minlarga) mag‘firatli muhabbatli zotdir.

15. (U) arsh sohibi bo‘lmish buyuk zotdir.

16. (U) istagan narsasini amalga oshirguvchidir.

17-18. (Ey Muhammad), sizga qo‘shinlarning — Fir’avn (va uning odamlarining) hamda Samud (qabilasining) xabari keldimi?


I z o h. Ya’ni ular kofir bo‘lganlari sababli halokatga duchor bo‘ldilar-ku! Bas, Qur’onga va Muhammad alayhis-salomga iymon keltirmaganlar ham xuddi o‘shalar kabi halok bo‘lurlar!

19. Yo‘q, kofir bo‘lgan kimsalar (o‘zlaridan avval o‘tgan dinsiz kimsalar yo‘liqqan azob-halokatlardan ibrat olmay, hali ham Qur’onni) yolg‘on deyishda (oyoq tirab turibdilar!)

20. Holbuki, Alloh ularning ortida (barcha narsani bilib) ihota qilib turguvchidir.

21-22. Yo‘q, (ular yolg‘on deyishayotgan narsa) Lavhul-Mahfuzdagi (ya’ni har qanday buzilish va o‘zgarishdan saqlangan - himoyalangan Lavhdagi) Buyuk Qur’ondir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #591 : 10 Sentyabr 2006, 07:29:22 »


TORIQ SURASI 

Bu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, o‘n yetti oyatdir.

Bu sura har bir insonning qilgan amallari maxsus farishtalar tomonidan muntazam yozilib borilishi; Qiyomat kunida jamiyki xaloyiq qayta tirilishi haq ekanligi; Qur’oni Karimning haq bilan botilni ajratguvchi So‘z ekanligi va Alloh taolo buyurgan dinga qarshi turli hiyla-nayranglar qilish ko‘chasiga kirgan kimsalar bir oz muhlatdan so‘ng o‘z qilmishlariga yarasha jazo olishlari muqarrarligi haqidagi mavzular atrofida so‘z boradi.

Suraning nomi bo‘lmish «Toriq», so‘zi «Tungi yo‘lchi — ya’ni, yulduz» ma’nosida kelgandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Osmonga qasam, tungi yo‘lchiga qasamki,

2. (Ey Muhammad), siz tungi yo‘lchi nima ekanini qaerdan ham bilar edingiz.

3. (U) uchar yulduzdir.

4. Har bir jonning ustida (uning qilgan barcha amallarini) yod olguvchi (farishta) bordir.

5. Endi inson o‘zining nimadan yaralganiga bir boqsin!

6-7. U (erkakning) beli bilan (ayolning) ko‘krak qafasi o‘rtasidan otilib chiquvchi bir suvdan yaralgan-ku!

8-9. Shak-shubhasiz (Alloh) uni sizlar fosh qilinadigan (Qiyomat) Kunida qayta tiriltirishga qodirdir.

10. Bas, (u Kunda inson) uchun (Allohning azobini qaytarguvchi) biron kuch ham, biron yordamchi ham bo‘lmas!


I z o h. Demak har bir inson o‘zini bir tomchi suvdan yaratishga qodir bo‘lgan Alloh uni Qiyomat kuni qayta tiriltirishga ham qodir ekanini o‘ylab, kuch-quvvatining borida imon-e’tiqod va yaxshi amal bilan o‘sha Kunga hozirlik ko‘rsin.

Mazkur oyatlarda Qiyomat haqida xabar berilgach, endi mana shu xabar kelgan Qur’oni Karim qanday kitob ekani bayon qilinadi.


11. Qayta-qayta tushguvchi (yomg‘ir) egasi bo‘lmish osmonga qasam;

12. (O’sha yomg‘ir sababli) yorib chiqquvchi (don-dun, o‘t-o‘lan) egasi bo‘lmish yerga qasamki,

13. Shak-shubhasiz u (Qur’on haq bilan botilni) ajratguvchi So‘zdir.

14. U hazil (ya’ni, asossiz, behuda so‘z) emasdir.

15. Albatta (kofirlar Muhammad alayhis-salomga qarshi turli) hiyla-nayrang qilurlar.

16. Men ham bir hiyla qilurman (ya’ni ularning hiyla-nayranglariga munosib jazo berurman).

17. Bas, (ey Muhammad), siz ularga ozgina vaqt-muhlat bering (ya’ni siz bir oz shoshmay turing, mayli ular bugun dinu iymonga qarshi qo‘llaridan kelganini qilsinlar, ertaga Qiyomat qoyim bo‘lganida, albatta, qilmishlariga yarasha jazolarini olurlar)!



A’LO SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura o‘n to‘qqiz oyatdir.

Sura avvalida barcha narsadan oliy va yuksak bo‘lgan zot — Alloh taoloning nomini pok tutishga amr etiladi. Bu suraning «A’lo» — «Eng oliy zot», deb nomlanishining boisi ham shudir.

So‘ngra Tangri taolo o‘z payg‘ambariga nozil qiladigan oyatlarini u kishining qalbiga hech qachon o‘chmaydigan qilib muhrlab qo‘yishi haqida bashorat beradi. Bu surada faqat Yaratgandan qo‘rqadigan kishilargina pand-nasihatni qabul qilib foydalanishlari, ammo do‘zaxi badbaxtlar esa nasihat eshitishdan qochishlari bayon qilinadi. Sura nihoyasida o‘zini pok tutib, Parvardigorini yod etib, namoz — ibodatini kanda qilmaydigan har bir kishi najot topishi haqida xabar beriladi va bu so‘zlar avval o‘tgan Ibrohim va Muso payg‘ambarlarga nozil qilingan sahifalarda ham bor ekanligi uqtiriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), eng oliy zot bo‘lmish Parvardigoringizning nomini (har qanday ayb-nuqsondan) poklang!

2. U (barcha narsani) yaratib, raso qilib qo‘ygan zotdir.

3. U (har bir narsa uchun munosib yo‘lni) belgilab, (U narsani o‘sha yo‘lga) hidoyat qilib qo‘ygan zotdir.

4-5. U o‘t-o‘lanni undirib chiqarib, so‘ng uni qoramtir xas-xashak qilib qo‘ygan zotdir.

6-7. (Ey Muhammad), Biz sizni (Jabroil farishta vositasida Qur’on) qiroat qildirurmiz. Bas, siz Allohning O’zi (unutishingizni) xoxlagan oyatlardan boshqa (biron oyat)ni unutmassiz. Albatta U zot oshkora (so‘z va ishlar)ni ham, yashirin narsalarni ham bilib turur.

8. Biz sizni oson (dinga) muvaffaq qilurmiz.


I z o h . Darhaqiqat, Shariati Islomiyya dinlarning ichida eng oson va yengilidir. U buyurgan barcha ahkomlarni har bir aqli raso kishi hech qiynalmasdan ado etishi mumkin. Faqat yolg‘iz Allohga va U zot yuborgan Qur’onga sidqidildan iymon keltirgan bo‘lsa, bas.

9. Bas, agar pand-nasihat foyda bersa (kishilarga) pand-nasihat qiling! (Ya’ni nasihat kor qilmaydigan kimsalarga so‘zingizni isrof qilmang!

10. (Allohdan) qo‘rqadigan kishi pand-nasihat olajak.

11-12. Katta o‘tga (do‘zaxga) kiradigan badbaxt kimsa esa o‘zini u (nasihat) dan chetga olur.

13. So‘ngra u joyda na o‘la olur va na yashay olur!

14-15. Darhaqiqat, (kufru isyondan) pok bo‘lgan va Parvardigorining nomini yod etib namoz o‘qigan (har bir) kishi najot topgandir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #592 : 10 Sentyabr 2006, 07:29:36 »


16. Yo‘q, sizlar (ey kofirlar), hayoti dunyoni ustun qo‘yursizlar!

17. Holbuki oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir.

18-19.Darvoqe’, bu (surada mazkur bo‘lgan pand-nasihatlar) avvalgi (payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan) sahifalarda – Ibrohim va Muso sahifalarida ham bordir.



G’OSHIYA SURASI

Bu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, yigirma olti oyatdir.

U barcha xaloyiqni o‘z dahshati bilan o‘rab oladigan Qiyomat kuni ro‘y beradigan voqea-hodisalarni bayon qilish bilan boshlanadi. Shuning uchun bu sura «G’oshiya»—«O’rab olguvchi» deb nomlangandir.

Bu surada yeru osmondagi har bir mavjudot yagona Yaratguvchining – Alloh taoloning borligiga dalolat qilib turishi ta’kidlanadi.

Sura nihoyasida payg‘ambar alayhis-salomning zimmalaridagi vazifa faqat pand-nasihat bilan Haq yo‘liga da’vat qilish ekanligi uqtirilib, pand-nasihatga quloq tutmagan kimsalar Alloh taoloning huzuriga borganlarida o‘z qilmishlariga yarasha jazo olishlari haqida xabar beriladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), sizga o‘rab olguvchi (Qiyomat kuni) haqidaga xabar keldimi?

2. U Kunda (kofirlarning) yuzlari egilib qolguvchi.

3. (Bo‘yin va qo‘l-oyoqlari kishan va zanjirlarni sudrash bilan) mehnat-mashaqqat chekkuvchidir.

4. (Ular) qizigan do‘zaxga kirur!

5. Qaynab turgan buloqdan sug‘orilur!

6-7. Ular uchun biron taom bo‘lmas, (ularning yemishlari) faqat (egan kimsani) semirtirmaydigan va ochliqdan xalos qilmaydigan zoriy’dan (zaharli va badbo‘y tikansimon o‘simlik) bo‘lur!

8. (Mo‘minlarning) yuzlari esa u Kunda (o‘zlariga ato etilgan noz-ne’matlardan) shod-xurram;

9. (Hayoti-dunyoda Alloh yo‘lida qilgan) sa’y-harakatlaridan rozi bo‘lur.

10. (Ular) oliy jannatda bo‘lib;

11. U joyda biron behuda so‘z eshitmaslar.

12. U joyda oqar buloq bordir.

13. U joyda baland so‘rilar;

14. Va (buloq bo‘yiga) qo‘yib qo‘yilgan qadahlar.

15. Tizib qo‘yilgan yostiqlar.

16. Va to‘shalgan gilamlar bordir.


I z o h. Yuqoridagi oyatlarda kofirlar tushadigan do‘zax azobi va mo‘minlar yetadigan jannat ne’matlari tasvirlandi. Oxirat hayotidan keltirilgan bu jonli lavhalar kishilar ibrat olishlari uchun edi. Endi insonlar ko‘rib ibrat olishlari va Yaratganning borligini, birligini bilib iymon keltirishlari uchun ular har kun, har soatda ro‘baro‘ keladigan to‘rt narsa misol tariqasida keltirildi.

17-18-19-20. Axir ular tuyaning qanday yaratilganiga, osmonning qanday ko‘tarib qo‘yilganiga; tog‘larning qanday tiklanganiga va yerning qanday yoyib-tekislab qo‘yilganiga (ibrat nazari bilan) boqmaydilarmi?!

I z o h. Ushbu oyatlarda kishilarning nazari avvalo hayvonot olamidan «Sahro kemasi» deb nom olgan tuyaga qaratilmoqda. Darhaqiqat, saxro ahli uchun tuya ham aloqa vositasi, ham og‘ir yuklarni tashuvchi va og‘ir vazifalarii bajaruvchi xizmatkor, uning yungi kiyim bo‘lsa, suti to‘yimli va suyumli taom. U o‘zi bahaybat va nihoyat darajada baqquvvat bo‘lishiga qaramasdan yosh go‘dak yetaklasa ham bo‘ysunib ketaveradi. Unga minish yoki vazmin yuklarni ortish o‘ta qulay: bir ishora bilan oldingizga cho‘kib, go‘yo bir xarsang toshdek qilt etmasdan turadi, minib olgach esa yana bir ishora bilan u «xarsang tosh» o‘rnidan ko‘chib, istalgan tarafga ravona bo‘ladi. Bular tuyaning tashqaridan kuzatilgan paytda ko‘zga tashlanadigan jihatlaridir. Endi uning vujudiga ibrat nazari bilan qaralsa u oylab ovqatsiz, suvsiz yura olishidan tortib, uning badanidagi har bir a’zo naqadar saxroga moslab yaratilganini ko‘rib Yaratganning qudratiga tan bermay iloj yo‘q.

Endi yana ko‘rib, ibrat olishimiz lozim bo‘lgan mavjudotlardan biri ustimizda «tom» bo‘lib, bizlarni boshqa sayyoralar va boshqa olamlardan yetishi mumkin bo‘lgan ziyon zahmatdan saqlab turguvchi osmon bo‘lsa, yana biri «erning qoziqlari» bo‘lgan tog‘lardirki, ular o‘zlarining atrofidagi iqlimni mudom mo‘‘tadillashtirib turishlaridan tashqari ichlarida insonlar uchun zarur bo‘lgan xazinalarni ham asrab beradilar. Endi tog‘lardan yerga tushadigan bo‘lsak, u ham bizlar yashashimiz, uy-joylar bino qilishimiz va ekinzorlar, bog‘-rog‘lar barpo etishimiz uchun qulay-tekis qilib qo‘yilibdi. Xo‘sh, bularning barchasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib, shunday aniq va hikmatli tartib-intizomga kelib qoldilarmi? Yoki bu mavjudotlarning har birini odamlar o‘z qo‘llari bilan yaratib, mana shunday joylashtirib qo‘ydilarmikin? Bu ikki taxminning ham to‘g‘ri emasligini bilish uchun katta ilmning hojati yo‘q, faqat toza, zaharlanmagan fikr va ozgina insof bo‘lsa bas, mazkur mavjudotlarni yaratish faqat barcha olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh taoloning qudrat qo‘lidan kelishi ma’lum bo‘ladi – qoladi. Shuning uchun ham yuqoridagi oyatlarda barcha insonlar yeru osmondagi narsalarga xolis ko‘z bilan, ibrat olish uchun nazar solishga da’vat qilindilar.

Quyidagi oyatlarda payg‘ambar alayhis-salomga kishilarni Islomga da’vat etishda mana shunday ibratli misollar bilan pand-nasihat qilish yo‘lini tutmoq amr etildi.


21. Bas, (ey Muhammad), siz pand-nasihat qiling! Zotan siz faqat bir pand-nasihat qilguvchidirsiz, xolos.

22. Siz ularning ustida zo‘ravonlik bilan hukm yurgizguvchi emassiz.

23. Illo kim (bu pand-nasihatdan) yuz o‘girib, kofir bo‘lsa;

24. U holda Alloh uni eng katta azob bilan azoblar!

25. Zero yolg‘iz O’zimizga qaytishlari bordir!

26. So‘ngra ularni hisob-kitob qilish (jazo berish) ham yolg‘iz Bizning zimmamizdadir!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #593 : 10 Sentyabr 2006, 07:29:56 »


FAJR SURASI

Bu sura ham Makka suralaridan bo‘lib, o‘ttiz oyatdan iboratdir.

Bu surada so‘z avval uzoq o‘tmishda o‘tgan va Alloh taoloning payg‘ambarlarini yolg‘onchi qilganlari sababli halokatga duchor bo‘lgan ba’zi bir qavmlar haqida, so‘ngra Tangri taolo bandalarini boylik bilan ham, kambag‘al-faqirlik bilan ham imtihon qilishi xususida va sura nihoyasida esa Qiyomat kuni ro‘y beradigan dahshatli hodisalar va dunyodagi hayotini iymonu e’tiqodda ustivor bo‘lib o‘tkazgan jonlar u Kunda jannat ne’matlariga erishishlari to‘g‘risida boradi.

Sura o‘zining ilk oyati bilan «Va-l-Fajr — Tongga qasam», deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Tongga qasam.

1. (Zul-hijja oyidagi avvalgi) o‘n kechaga qasam.

3. Juft va toq (rakaatli namozlar)ga qasam. 

4. O’tib borayotgan kechaga qasamki, (albatta kofirlar azobga giriftor bo‘lurlar)!

5. Mana shu (qasam ichilgan narsalarda) aql egasi uchun (etarli) qasam bordir?!

6-7-8. (Ey Muhammad), Parvardigoringiz (boshqa) yurtlarda o‘xshashi yaratilmagan, baland ustun(li qasr)lar egasi bo‘lgan Irom (shahridagi) Od (qabilasi)ni qanday (halokatga duchor) qilganini ko‘rmadingizmi?

9. (Quro) vodiysida xarsang toshlarni kes(ib o‘zlariga uylar solib ol)gan kimsalar bo‘lmish Samud (qabilasini qanday halokatga duchor qilganini-chi)?

10. Qoziqlar (ya’ni yerga qoziqdek qoqilgan baland ehromlar va qasrlar) egasi bo‘lgan Fir’avnni (qanday halokatga duchor qilganini-chi)?

11-12. Ular yurtlarida hadlaridan oshib, u joylarda buzg‘unchilikni ko‘paytirib yuborgan edilar.

13. Bas, Parvardigoringiz ularning ustiga turli azob-ofatni yog‘dirdi!

14. Shak-shubhasiz Parvardigoringiz (barcha narsani) kuzatib turguvchidir.

I z o h. Yuqoridagi oyatlarda kufru isyonlari sababli halokatga duchor bo‘lgan qavm va qabilalar zikri o‘tgach, endi baxt-saodatni mol-dunyo bilan o‘lchaydigan kofir kimsalar haqida xabar beriladi.

15. Bas, endi inson — qachon Parvardigori uni imtihon qilib, aziz qilib qo‘ysa va unga ne’mat ato etsa darhol: «Parvardigorim (izzat-hurmatga loyiq bo‘lganim uchun) meni aziz qildi», der.

16. Endi qachon (Parvardigori) uni imtihon qilib, rizqini tang kilib qo‘ysa, darhol: «Parvardigorim meni xor qildi», der.

17. Yo‘q, (sizlar gumon qilganlaringizdek izzat-ikrom boylik bilan, xor-zor qilish — kambag‘allik bilan bo‘lmas)!


I z o h . Alloh taolo birovni yaxshi ko‘rgani uchun boy qilib, yoki boshqa birovni yomon ko‘rgani uchun kambag‘al qilib qo‘ymaydi. Umuman, agar Alloh nazdida mol-dunyoning pashshaning qanoticha hurmati bo‘lganida, kofirga undan bir chaqa ham bermagan bo‘lur edi. Lekin Alloh taolo insonlarni shukr qiladilarmi-yo‘qmi sinovdan o‘tkazish uchun rizqlarini tang qilib qo‘yadi. Demak insonning boylik bilan suyunib, kambag‘allik bilan kuyinib ketishi noto‘g‘ridir.

Oyatning davomida endi Makka kofirlariga xitob qilinib, ularning o‘ta ochko‘z va xisis kimsalar ekanliklari, birovning haqqidan hazar qilmasliklari va halol-haromning farqiga bormasliklari fosh qilinadi.


Yo‘q, sizlar yetimni izzat-ikrom qilmassizlar!

18. Miskin-bechoraga taom berishga ham bir-birlaringni targ‘ib qilmassizlar!

19. Merosni esa (o‘zlaringizning ulushingizga o‘zgalarnikini ham) qo‘shib yeyish bilan yeyaverursizlar!

20. Yana mol-dunyoni qattiq muhabbat bilan yaxshi ko‘rursizlar!

21. Yo‘q, (bunday kirdikorlaringizdan qaytingiz)! Qachon yer (zilzilaga tushib, barcha narsa) chilparchin qilinganda,

22. Parvardigoringiz(ning hukmi) va farishtalar saf-saf bo‘lib kelganda,

23. (Kofirlar ko‘rishlari uchun) o‘sha Kunda jahannamni ham (yaqin) keltirib qo‘yilganda — ana o‘sha Kunda inson (bu ko‘rganlaridan) eslatma-ibrat olur! (Ammo u Kunda) bu eslatma-ibratning foydasi) qayoqdan tegsin?!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #594 : 10 Sentyabr 2006, 07:31:02 »


24. U: «Eh, koshki edi men hayot vaqtimda (yaxshi amallar) qilib o‘tgan bo‘lsam», deb qolur!

25. U Kundagi (Allohning) azobi kabi hech kim azoblay olmas!

26. Va U zotning (kishan va zanjirlar bilan) bog‘lashi kabi hech kim bog‘lay olmas!

27. (U Kunda hayoti dunyodan Alloh taoloning va’dasiga ishonib iymon va ezgu amallar bilan o‘tgan mo‘minlarga xitob qilinib, deyilur): «Ey xotirjam-sokin jon,

28. Sen (Alloh ato etgan ne’matlardan) rozi bo‘lgan (va Alloh taolo tomonidan sening amallaringdan) rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuri)ga qayt!

29. Bas, (solih) bandalarim qatoriga kirgin,

30. Va Mening jannatimga kirgin!»



BALAD SURASI

Makkada nozil qilingan bu sura yigirma oyatdan tashkil topgandir.

Sura avvalida Alloh taolo O’zining necha-necha payg‘ambarlari tug‘ilib o‘sgan va xususan so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis-salomning ona maskanlari bo‘lgan ulug‘ shahar - Makkai Mukarramaga va barcha insonlarning haqlariga qasamyod qilish bilan – inson zoti bu dunyoga mehnat – mashaqqat chekish uchun kelishi haqida xabar beradi. Bu sura «Balad – Shahar» deb nomlanishining boisi shudir.

So‘ngra qo‘llaridagi mol-mulklarini xo‘jako‘rsinga sovurib, maqtanib yuradigan kimsalar ogohlantirilib, faqat iymon-e’tiqod bilan Alloh taolo buyurgan joylarga beriyo sarf-xarajat qilish bilangina oxirat baxt-saodatiga erishish mumkinligi, Alloh taoloning oyatlariga kofir bo‘lgan kimsalar esa shak-shubhasiz do‘zaxi badbaxtlar ekanliklari ta’kidlanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman)

1-2-3. (Ey Muhammad), mana shu shaharga — holbuki siz ham mana shu shaharda yashaysiz — hamda ota va undan bo‘lgan bolalarga (ya’ni Odam alayhis-salom va uning barcha zurriyotlariga) qasamyod qilurmanki.

4. Darhaqiqat, Biz insonni mehnat-mashaqqatga yaratdik.


I z o h. Ya’ni, inson o‘ziga jon ato etilganidan to o‘sha jon badanini tark qilib chiqib ketgunicha mehnat-mashaqqatda hayot kechiradi. Bu borada musulmon ham, kofir ham bir-biriga o‘xshagan mehnat-mashaqqatlarni boshdan o‘tkazadilar. Lekin musulmon kishi Yaratuvchi buyurgan ish-amallarda jon kuydiradi, o‘zining kuch-g‘ayratini imkon qadar savobli ishlarga sarflaydi va kerak bo‘lsa Haq yo‘lida jonini qurbon qilib, oxiratdagi mangu rohat-farog‘atga erishadi. Ammo kofir, e’tiqodsiz kimsalar esa arzon hoyu- havaslar va o‘zlariga ham, o‘zgalarga ham befoyda-bevafo bo‘lgan pufak orzu-xayollarga yetish yo‘lida jonlarini jabborga berib, oqibatda bu dunyodagi mehnat-mashaqqatlaridan tashqari u dunyodagi do‘zax azobi-mashaqqatiga ham giriftor bo‘ladilar. Quyidagi oyatlarda ana shunday topgan mol-dunyosi ba kuch-quvvati bilan mag‘rurlanib, Payg‘ambar alayhis-salomga va boshqa mo‘minlarga dilozorlik qilib yuradigan bir kimsa haqida hikoya qilinadi.

5. U o‘ziga hech kimning kuchi yetmaydi, deb o‘ylarmi?!

6. U (maqtanib): «Juda ko‘p mol-dunyoni (sarflab) yo‘q qildim», der.

7. U o‘zini (riyokorlik bilan mol-dunyo sovurayotgan paytida) hech kim ko‘rmagan, deb o‘ylarmi?! (Yo‘q, Alloh taolo har vaqt, har narsani ko‘rib-bilib turur!)

8-9. Axir Biz unga ikki ko‘z, til va ikki lab (ato) qilmadikmi?!

10. Va Biz uni ikki balandlikka yo‘llab qo‘ydik-ku!


I z o h. Ya’ni, Alloh taolo insonni yaratib, yaxshilik yo‘liga yurishga ham, yomonlik yo‘liga yurishga ham ixtiyor berib qo‘ydi. Bu ikki yo‘l ham balandlikdir. Demak ikkisiga chiqish uchun ham ter to‘kish, mashaqqat chekish lozim bo‘ladi. Lekin yaxshilik balandligiga chiqish uchun sa’y-harakat qilib dovondan o‘tgan kishi jannat ne’matlariga yetsa, yomonlik balandligiga chiqqan kimsa uning ortidagi do‘zax jarligiga qulaydi.

11. Bas, u (maqtanchoq kimsa yaxshilik) dovonini oshib o‘tmadi!

12. (Ey Muhammad), dovon (oshishi) nima ekanini siz qaerdan bilar edingiz?

13. (U bir qul) bo‘ynini (qullikdan) ozod qilmoq,

14-15-16. Yoki ocharchilik kunida biron qardosh yetimga yo muhtoj bechora-miskinga taom bermoqdir.

17. So‘ngra u (maqtanchoq kimsa) iymon keltirgan va bir-birlariga (toat-ibodatini ado etishdagi mashaqqatlarga) sabr-qanoat qilishni tavsiya etgan, bir-birlariga (Allohning bandalariga) mehr-muruvvat ko‘rgazishni tavsiya etgan zotlardan bo‘lmadi!

18. Ana o‘sha (ya’ni yuqoridagi fazilatlarga ega bo‘lgan) zotlar o‘ng tomon egalaridir (ya’ni oxirat Kunida ishlari o‘ngdan kelguvchi saodatmand kishilardir).

19. Bizning oyatlarimizga kofir bo‘lgan kimsalar esa chap tomon egalaridir!

20. Ularning ustida qoplanib qolguvchi olov-do‘zax bo‘lur!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #595 : 10 Sentyabr 2006, 07:31:38 »


SHAMS SURASI

Bu sura ham Makkada nozil bo‘lgan.  U o‘n besh oyatdir. 

Bu surada Alloh taolo O’zi yaratgan bir qancha mavjudotga va O’z zotiga qasam bilan o‘z jonini iymon bilan pok tutgan kishi najot topishi, uni kufr bilan xor qilgan kimsa esa nomurod bo‘lishi haqida xabar beradi.

So‘ngra ana shunday halokatga uchragan qavmlardan Samud qabilasi misol qilib keltiriladi.

Sura o‘zining ilk oyati bilap «Vash-Shams — Quyoshga qasam», deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Quyosh va uning yog‘dusiga qasam.

2. U (quyosh)ning ortidan kelgan oyga qasam.

3. U (quyoshni olamga) oshkor qilgan kunduzga qasam.

4. U (quyoshni o‘z zulmati bilan) o‘rab-yashirgan kechaga qasam.

5. Osmonga va uni bino qilgan zotga qasam.

6. Yerga va uni yoyib-tekis qilib qo‘ygan zotga qasam.

7-8. Jonga va uni raso qilib-yaratib unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib - o‘rgatib qo‘ygan zotga qasamki.

9. Darhaqiqat uni (ya’ni o‘z nafsini - jonini iymon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi.

10. Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi.


I z o h . Sahobalardan Abdulloh ibn Abbos tomonidan (Alloh u kishilardan rozi bo‘lsin) rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar alayhis-salom qachon yuqoridagi oyatlarni tilovat qilsalar, bir to‘xtab Tangri taologa bunday duo qilar ekanlar: «Allohim, O’zing nafsimga — jonimga taqvo ato etgin, o‘zing uning egasi — hojasisan va O’zing uni eng yaxshi poklaguvchisan».

Endi quyidagi oyatlarda Samud qabilasining kirdikorlari bayon qilinadi. Ular o‘zlariga yuborilgan Payg‘ambar Solih alayhis-salomni yolg‘onchi qilishib, u zotdan mo‘‘jiza talab qilganlarida Solih alayhis-salom Alloh taoloning qudrati bilan bir xarsang toshni tirik tuyaga aylantirib qo‘yadilar va Samud qabilasining odamlariga u tuyaga biron ziyon-zahmat yetkazmasdan, navbati kelganda, sug‘orib turishni buyuradilar va aks holda halokatga uchrashlari haqida ogohlantiradilar. Lekin u kofirlar Payg‘ambarning ustidan kulishib, tuyani so‘yib tashlaydilar va oqibatda barchalari halok bo‘ladilar. (Biz bu hodisa haqida avvalgi suralarning izohlarida ham aytib o‘tgan edik).


11. Samud (qabilasi) haddan oshganlari sababli (o‘z payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilishdi.

12. Eslang, ularning eng badbaxtlari (tuyani so‘yish uchun) qo‘zg‘alganlarida,

13. Allohning payg‘ambari (Solih alayhis-salom) ularga: «Allohning tuyasi(ni so‘yib yuborish)dan va uni sug‘orish(ga to‘siq bo‘lish)dan saqlaninglar!» dedi.

14. Bas, ular (Payg‘ambarni) yolg‘onchi qilishib, u (tuya)ni so‘yib yuborgan edilar, Parvardigorlari o‘zlarining gunoxlari sababli ustlariga qirg‘in yuborib, uni (qirg‘inni barchalariga) barobar qildi.

15. (Zotan Alloh taolo bu ishining) oqibatidan qo‘rqmas!


I z o h. Ya’ni yeru osmonlardagi barcha mavjudot Alloh taoloning O’z mulki bo‘lgani sababli U zot O’z mulkini o‘zi xohlagandek tasarruf qiladi va bu tasarrufi xususida hech kimning oldida hisob-kitob bermaydi. Aksincha, butun borliq U zotning huzurida hisob-kitob beradi.


LAYL SURASI

Yigirma bir oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan.

Unda so‘z insonlarning turish-turmushlari ham, sa’yu-harakatlari ham turli-tuman ekani xususida borib, oxirat Kunidagi mukofotga iymon keltirib, taqvo va muhtojlarga xayru saxovat bilan umrlarini o‘tkazadigan kishilarga ato etiladigan jannat va baxillik, iymonsizlik bilan tirikchilik qilib o‘tadigan kimsalarning borar joylari bo‘lgan do‘zax azobi to‘g‘risida xabar beriladi.

Sura nihoyasida yolg‘iz Allohning rizoligini ko‘zlab qilingan ezgu amallargagina ajr-savob berilishi ta’kidlanadi.

Bu sura ham o‘zining ilm oyati bilan «Val-Layl — Kechaga qasam» deb nomlangan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Borliqni o‘z zulmati bilan) o‘rab kelayotgan kechaga qasam.

2. Yorishib-ko‘ringan kunduzga qasam.

3. Erkak va ayolni yaratgan zotga qasamki.

4. Shak-shubhasiz sizlarning sa’yu- harakatlaringiz xilma-xildir. Ana endi kim (o‘z mol-davlatidagi kambag‘al-bechoralarga berilishi lozim bo‘lgan zakot va boshqa sadaqotlarni) ato etsa va (Allohdan) qo‘rqsa.

6. Hamda go‘zal oqibatni (ya’ni jannat bor ekanini) tasdiq etsa.

7. Bas, Biz uni oson yo‘lga muyassar qilurmiz.


I z o h. Ushbu oyatlardan ma’lum bo‘liishcha, kim dunyo va oxiratda baxtli-saodatli hayot kechirishi uchun oson yo‘l izlasa, u kishi uch xislatga ega bo‘lishi lozim ekan: o‘z zimmasidagi Alloh taolo buyurgan xayr-ehsonni kambag‘al bechoralarga ato etish, mudom taqvo bilan, yolg‘iz Allohdan qo‘rqib yashash va yaxshi amal uchun go‘zal mukofot – jannat bo‘lishini chin dildan tasdiq etish. Tangri taolo ana shu uch xislatga ega bo‘lgan kishilarga jannat yo‘lini oson qilishga va’da berdi. Endi quyidagi oyatlarda yuqoridagi xislatlarning ziddiga mubtalo bo‘lgan kimsalar va ular topajak oqibat haqida so‘z yuritiladi.

8. Endi kim (Alloh yo‘lida xayr-saxovat ko‘rsatishdan) baxillik qilsa va (o‘zini Alloh huzuridagi ajr-mukofotlardan) behojat bilsa.

9. Hamda go‘zal oqibatni (ya’ni Alloh va’da qilgan jannatni) yolg‘on desa.

10. Bas, Biz uni (dunyo va oxiratda baxtsiz bo‘ladigan) og‘ir yo‘lga «muyassar» qilurmiz!

11. Va u (do‘zaxda) halok bo‘lgan vaqtida molu- dunyosi unga foyda bermas!

12. Shak-shubhasiz hidoyat (ya’ni insonlarni To‘g‘ri yo‘lga yo‘llash) yolg‘iz Bizning zimmamizdadir.

13. Shak-shubhasiz oxirat ham, dunyo ham yolg‘iz Biznikidir.


I z o h. Ya’ni dunyoning ham, oxiratning ham yakkayu yagona haqiqiy podshohi — egasi yolg‘iz Alloh taolodir. Bas kimki Allohdan o‘zga biron kimsaga bosh egsa, Allohdan o‘zga biron kimsadan hidoyat yoki baxt-saodat so‘rasa, u ochiq gumrohdir.

14. Bas, (ey insonlar), Men sizlarni lovullab yonib turgan olovdan — do‘zaxdan ogohlantirdim.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #596 : 10 Sentyabr 2006, 07:31:59 »


15-16. Unga faqat (Haqni) yolg‘on degan va (iymon-e’tiqoddan) yuz o‘girgan badbaxt kimsagina kirur!

17-18. O’zi poqdomon bo‘lib, mol-davlatini (yaxshilik yo‘lida) sarf qiladigan taqvodor zot u (do‘zax)dan yiroq qilinur.

19. U (taqvodor zot) huzurida — zimmasida biron kimsaga qaytariladigan ne’mat yo‘qdir. (Ya’ni, u biron kimsaning o‘ziga o‘tkazib qo‘ygan yaxshiligini qaytarish uchun xayr-saxovat ko‘rsatmaydi).

20. U faqat eng oliy zot bo‘lmish Parvardigorining yuzini — rizoligini istab (mol-davlatini sarf qilur).

21. Va yaqinda (Parvardigori unga ato etadigan mukofot — jannat ne’matlaridan) rozi bo‘lur.



ZUHO SURASI

Makkada nozil qilingan bu sura o‘n bir oyatdan iboratdir.

U Payg‘ambar alayhis-salom shaxsiyatlariga xos bir sura bo‘lib, unda Alloh taolo O’zining so‘nggi payg‘ambariga nasbatan bo‘lgan mehr-muhabbati va rahm-shafqati haqida xabar beradi. So‘ngra u kishiga ilohiy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatiladi.

Sura o‘zining ilk oyati bilan «Vaz-Zuho — Choshgoh vaqtiga qasam», deb nomlangan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Choshgoh vaqtiga qasam.

2. (O’z zulmati bilan chor-atrofni) qoplab-o‘rab olgan kechaga qasamki,

3. (Ey Muhammad), Parvardigoringiz sizni tark etgani ham yo‘q, yomon ko‘rib qolgani ham yo‘qdir.


I z o h. Ushbu oyatlar Payg‘ambarimizga vahiy kelishi bir necha muddat to‘xtab qolgan va ayrim mushriklar «Mana Muhammadni Parvardigori tashlab ketdi», deb gap tarqatgan vaqtlarida nozil bo‘lgandir. Alloh taolo O’zi yaratgan choshgoh (yorug‘lik) va kecha (qorong‘ulik) haqiga qasam bilan Muhammad alayhis-salomni tark etmagani va yomon ko‘rib qolmagani haqida xabar berish orqali go‘yo oyning (vahiy kelmay qolgan) o‘n beshi qorong‘u bo‘lgan bo‘lsa, qolgan o‘n beshi yorug‘ bo‘lishiga ishora qilayotgandek.

4. Albatta oxirat siz uchun dunyodan yaxshiroqdir.

5. Yaqinda Parvardigoringiz sizga (shunday ne’matlar) ato eturki, siz (u ilohiy marhamatlardan) rozi bo‘lursiz.

6. (Ey Muhammad, Parvardigoringiz) sizni yetim holda topgach, boshpana bermadimi?


I z o h. Bu o‘rinda Payg‘ambar alayhis-salom yosh go‘daklik chog‘larida yetim bo‘lib qolganlarida avval bobolari Abdulmuttalib, so‘ngra amakilari Abu Tolib qaramog‘larida tarbiya topganlariga ishora qilinmoqda.

7. U zot sizni gumroh-g‘ofil holda topib, (Haq yo‘liga) hidoyat qilib qo‘ydi-ku!

8. U zot sizni kambag‘al holda topib, boy qilib qo‘ydi-ku!

9. Bas, endi siz ham yetimga qahr qilmang!

10. So‘rovchi gadoni esa (biron narsa bermasdan) haydamang!

11. Parvardigoringozning (sizga ato etgan payg‘ambarlik va boshqa barcha) ne’mati haqida bo‘lsa, (kishilarga doimo) so‘zlang!


I z o h . Ushbu ilohiy yo‘l-yo‘riqlar faqat Payg‘ambar alayhis-salomning o‘zlariga taalluqli bo‘lmay, balki u zotning barcha ummatlariga ham aloqadordir. Zero har bir iymon-e’tiqodli kishining burchi o‘zi fazlu marhamatiga muhtoj bo‘lgan eng oliy zot Alloh taoloning unga ato etgan behisob noz-ne’matlarini eslab, o‘ziga muhtoj bo‘lgan yetim-bechoralarga zulm qilmay, aksincha ularga qo‘lidan kelganicha yordam berib yurmoqdir.


SHARH SURASI

Bu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, sakkiz oyatdir.

U ham o‘zidan avvalgi sura kabi boshidan oxirigacha Payg‘ambar alayhis-salomga xitob bo‘lib, Tangri taolo tomonidan u zotga ato etilgan fazl-marhamatlar zikr qilinadi va u zotni mashaqqatlarga sabr-toqat qilishga hamda Alloh taoloning ibodatiga mudom rag‘bat ko‘rsatishga da’vat etiladi.

Suraning nomi bo‘lmish «Sharx» kalimasi «Ochmoq, keng qilmoq» degan ma’noni anglatadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad), Biz sizning qalbingizni (iymon va Qur’on nuri bilan) keng-munavvar qilib qo‘ymadikmi?

2-3. Va Biz sizdan yelkangizni ezib turgan og‘ir yukingizni olib qo‘ydik.


I z o h . Mazkur og‘ir yukdan murod Payg‘ambar alayhis-salom yo‘l qo‘ygan va yo‘l qo‘yadigan — munofiqlarning jihodga chiqmasliklariga izn berishlari, oldilariga kelgan ko‘zi ojiz sahobaga qovoq uyganlari kabi kichik xatolar ediki, bular mudom og‘ir yuk bo‘lib Payg‘ambarimizning yelkalarini ezib turar edi. Ushbu oyatlar bilan Alloh taolo O’zining habibi va so‘nggi payg‘ambariga u kishining bu yanglig‘ kichik xatolari afv etilgani xususida xabar bermoqda. Endi quyidagi oyatda Rasulullohga ato etilgan yana bir fazli ilohiy haqida so‘z boradi.

4.  Va Biz sizning zikringizni  (ya’ni martabangizni) baland qilib qo‘ydik.

I z o h . Darhaqiqat har bir mo‘min-musulmon qaerda Allox taoloning nomini yod etib, U zotni ulug‘lasa, albatta U zot bilan birga payg‘ambari Muhammad alayhis-salomning nomlarini ham zikr qilib, u kishiga salavot va salom aytadiki, bu martabayi oliya Payg‘ambarimizdan o‘zga hech kimga nasib etgan emas.

5.   Bas,  albatta har bir og‘irlik-mashaqqat bilan birga bir yengillik ham bordir.

6. Albatta har bir og‘irlik-mashaqqat bilan birga bir yengillik ham bordir.


I z o h. Agar muhtaram o‘quvchi e’tibor bergan bo‘lsa, yuqoridagi oyatlarda har bir mashaqqatdan keyin emas, balki ayni o‘sha mashaqqat bilan birga yengillik borligi ikki bor ta’kidlanadi. Buni ikki xil ma’noda tushunish mumkin: Birinchisi — har bir qiyinchilikdan keyin shu qadar tez osonlik keladiki, go‘yo ular ikkisi birga, yonma-yon turgandek bo‘ladi. Bas, demak, qiyinchilikka ro‘baru kelganda, noumidlikka tushishning aslo hojati yo‘q. Ikkinchi ma’no – bir kishining boshiga iymon, e’tiqodi sababli biron og‘irlik tushsa, u kishi hargiz bundan ranjimasligi lozim. Zero u oxiratdagi osonlikka — mangu saodatga ayni mana shu dunyoda tortayotgan qiyinchiligi sharofati bilan, ya’ni mana shu qiyinchilikka sabr-toqat qilgani sababli erishishi mumkin. Demak u kishi tortayotgan muvaqqat mashaqqatning o‘zida uning uchun mangu baxt-saodat bor ekan.

7. Bas, (ey Muhammad), qachon siz (kishilarni Haq yo‘liga da’vat qilishdan) forig‘ bo‘lsangiz (o‘rningizdan) turing.

8. Va yolg‘iz Parvardigoringizga yuzingizni buring!
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #597 : 10 Sentyabr 2006, 07:32:23 »


TIYN SURASI

Bu sura sakkiz oyatdan tashkil topgan bo‘lib, Makkada nozil qilingan.

Unda Alloh taolo yaratgan eng go‘zal va mukammal xilqat inson ekanligi, lekin ayrim kimsalar kufru-isyon botqog‘iga botib, pastlarning pastiga aylanib qolishlari, bu hayoti-dunyodan iymon va ezgu amallar bilan yashab o‘tgan insonlar esa beadoq ajr-mukofotlarga ega bo‘lishlari haqida so‘z boradi.

Sura o‘zining ilk oyati bilan «Va-t-Tiyn — Anjir mevasiga qasam», deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Anjirga qasam, zaytunga qasam.

2. (Alloh taolo Muso payg‘ambar bilan bevosita so‘zlashgan) Sino tog‘iga qasam.

3. Mana shu tinch-osoyishta shahar (Makkai mukarrama)ga qasamki.

4. Darhaqiqat Biz insonni eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratdik.

5. So‘ngra (u Biz ato etgan shunday go‘zal surat va mukammal xilqatning shukrini qilmasdan, kufru tug‘yon yo‘liga ketgach), uni asfala-sofilinga (ya’ni eng tuban do‘zaxga) qaytardik.

6. Faqat (qay) bir zotlar iymon keltirsalar va yaxshi amallar qilsalar, ana o‘shalar uchun bitmas-tuganmas ajr-mukofot bordir.

7. Bas, (ey inson), endi (ya’ni Alloh taoloning barcha narsaga qodir zot ekanligini bilganingdan so‘ng) nima seni (Qiyomat kunida bandalarning qilib o‘tgan amallariga beriladigan) jazoni yolg‘on deyishga majbur qilur?!

8. Axir Alloh hukm qilguvchilarning eng adolatlisi emasmi?! (Darhaqiqat Alloh taolo Qiyomat kunida eng odil hukm qilguvchidir).



ALAQ SURASI

Makkada nozil bo‘lgan bu sura o‘n to‘qqiz oyatdan iboratdir.

Suraning o‘qib-o‘rganishga va Yaratganning qanday zot ekanini, insonning nimadan yaratilganini anglashga da’vat etuvchi avvalgi besh oyati zaminni osmon bilan bog‘lab turguvchi Kalomullohning, barcha insonlar uchun ilohiy dasturul-amal bo‘lmish Qur’oni Karimning ilk oyatlaridir, Alloh taoloning so‘nggi payg‘ambari Muhammad alayhis-salomga qilgan ilk ilohiy xitobidir.

Suraning keyin nozil bo‘lgan oyatlarida inson tabiatidagi bir qusur — o‘zini boy-behojat ko‘rishi bilan tug‘yonga tushishi to‘g‘risida so‘z yuritilib, ana shunday hadlaridan oshgan kimsalar hali Parvardigor dargohiga qaytib, hisob-kitob berishi borligi haqida ogohlantiriladilar.

So‘ngra o‘shalardan biri, o‘zining mol-dunyosi va hamtovoqlarining ko‘pligiga ishonib haddidan oshgan va Payg‘ambarimizga tinimsiz ozor-aziyatlar yetkazgan Abu Jahl (Jaholat otasi) laqabli bir mal’un kofirning kirdikorlari keltirilib, agar u o‘zining kufru tug‘yonidan qaytmasa, oxir-oqibat duchor bo‘ladigan halokati haqida xabar beriladi.

Bu surada inson quyuq – laxta qondan yaratilgani to‘g‘risida ilk bora aytilgani sababli, uni «Alaq — Laxta qon» deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. (Ey Muhammad, barcha mavjudotni) yaratgan zot bo‘lmish Parpardigoringiz nomi bilan (boshlab) o‘qing!

2. U insonni laxta qondan yaratgan (zotdir).

3-4. O’qing! Sizning Parvardigoringiz (insoniyatga) qalamni (ya’ni yozishni — xatni) o‘rgatgan o‘ta karamli zotdir.

5. U zot insonga uning bilmagan narsalarini o‘rgatdi.


I z o h . Ushbu oyatlar insoniyat hayotiga yangi ilohiy ta’limot va to qiyomat buzilmay saqlanib qoladigan, Alloh taolo yuborgan dinlarning eng so‘nggisi bo‘lgan mukammal bir din — Islom kirib kelgani haqidagi ilk xabarlar edi. Ushbu ilk oyatlardanoq Islom dini insonlarni jaholat-xurofotga emas, balki ilm-ma’rifatga chorlashi va faqat o‘qish-o‘rganish bilan Yaratgan rozi bo‘ladigan Hidoyat yo‘lini topishga da’vat etishi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhis-salom «Ilm istash har bir muslim va muslima uchun farzdir», deb marhamat qilganlar.

Endi quyidagi oyatlarda dinsiz kimsalarni mol-dunyo va mansab-martabalar qanday ko‘ylarga solishi haqida xabarlar beriladi.


6-7. Darhaqiqat (kofir) inson o‘zini boy-behojat ko‘rgach, albatta tug‘yonga tushar - haddidan oshar.

8. (Ey inson), albatta yolg‘iz Parvardigoringga qaytishing bordir! (O’shanda bu tug‘yonlaring uchun hisob-kitob qilinib, jazolanishing aniqdir)!

9-10. (Ey inson), bir bandani (ya’ni Muhammad alayhis-salomni) namoz o‘qigan vaqtida (namozidan) to‘sadigan kimsani ko‘rdingmi?!

11-12. Xabar bergin-chi, agar u (namoz o‘qiguvchi) o‘zi To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, yoki (o‘zgalarni) taqvoga (Allohdan qo‘rqishga) buyursa (uni namozdan va taqvodan to‘sgan kimsa halok bo‘lmasmi)?

13-14. Xabar bergin-chi, agar u (namozdan to‘sguvchi kimsa Allohning kitobini) yolg‘on, desa va (u Kitobga iymon keltirishdan) yuz o‘girsa, albatta Alloh (uning barcha qilmishlarini) ko‘rib turishini bilmasmi?!


I z o h . Bu oyatlar Quraysh zodagonlaridan bo‘lgan Abu Jahl laqabli ashaddiy kofir bir kimsa haqida nozil bo‘lgandir. U Payg‘ambarimizni Masjid-al-Xaromda namoz o‘qishlaridan to‘sib: «Agar Muhammad yana shu yerga kelib namoz o‘qiydigan bo‘lsa, uning bo‘ynini ezib, yuzini tuproqqa belayman», deb o‘zining butlari nomiga qasam ichadi. Yuqoridagi oyatlarda bu kofirning barcha qilmishlarini Alloh taolo ko‘rib turgani aytilgach, endi quyida agar u bunday bema’niliklarini to‘xtatmasa, qanday azobga giriftor bo‘lishi haqida xabar beriladi:

15-16. Yo‘q! Qasamki, agar u (bunday gumrohlikdan) to‘xtamasa, albatta Biz uning peshona sochidan — o‘sha yolg‘onchi, adashgan peshona sochidan tutarmiz-da, (jahannamga oturmiz)!

17. Bas, u o‘zining jamoasini (yordamga) chaqiraversin!

18. Biz esa azob farishtalarini chaqirajakmiz!

19. Yo‘q! (Ey Muhammad), siz unga itoat etmang va (yolg‘iz) Allohga sajda-ibodat qilib, (U zotga) yaqin bo‘ling!


I z o h . Ushbu oyati karima Qur’ondagi so‘nggi sajda oyati bo‘lib, bu oyatni o‘qigan yoki eshitgan kishi bir marta Alloh taologa sajda qilishi vojib bo‘ladi. Bu oyatdagi xitob garchi payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salomga qaratilgan bo‘lsa-da, uning hukmi barcha musulmonlar uchun umumiy bo‘lgan hukmdir. Binobarin, Yaratganga ibodat qilishdan to‘sadigan biron kimsaga itoat etmasdan, yolg‘iz Alloh taologagina sajda qilish har bir musulmon uchun farzdir.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #598 : 10 Sentyabr 2006, 07:32:42 »


QADR SURASI

Bu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, besh oyatdan iboratdir. 

Unda so‘z insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan bir kecha haqida — insonlarga bu hayoti-dunyodan chin insoniy hayot kechirib o‘tish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib beradigan so‘nggi mukammal ilohiy dasturul-amal bo‘lmish Qur’oni Karim nozil bo‘la boshlagan nihoyat qadrli bir Kecha va uning fazilatlari haqida boradi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Albatta Biz u (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik.

2. (Ey Muhammad), Qadr kechasi nima ekanligini siz qaerdan bilar edingiz?

3. Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir.


I z o h . Demak u kechada qilingan toat-ibodat ham ming oylik ibodatdan yaxshiroq bo‘ladi. Biz bu kechaning barakoti haqida «Duxon» surasining 2-5 oyatlari tarjimasi va izohida aytib o‘tgan edik. Ko‘pchilik ulamolarning aytishlaricha, Qadr kechasi ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir.

4. U (kecha)da farishtalar va Ruh (ya’ni Jabroil alayhis-salom) Parvardigorlarining izni-ixtiyori ila (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar bilan (osmondan zaminga) tushurlar.

5. U (kecha) to tong otgunicha tinchlik-omonlikdir.



BAYYINA SURASI

Bu sura Madinada nozil qilingan. U sakkiz oyatdir.

Bu surada so‘z ahli kitoblardan bo‘lgan yahudiy va nasroniylarning hamda mushriklarning kirdikorlari haqida; yolg‘iz Alloh taoloning O’ziga ixlos bilan ibodat qilish lozimligi to‘g‘risida va oxiratda kofirlar duchor bo‘ladigan azob hamda iymon va yaxshi amal bilan o‘tgan zotlarga muyassar qilinadigan mangu baxt xususida boradi. Suradan Payg‘ambar alayhis-salom Alloh taolo tomonidan yuborilgan aniq hujjat ekanliklari haqidagi oyatlar ham o‘rin olgani sababli bu sura «Bayyina — Aniq hujjat», deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Axli kitobdan va mushriklardan bo‘lgan kofir kimsalar to ularga ochiq hujjat kelgunicha (kufrdan) ajraguvchi bo‘lmadilar.

2-3. (U ochiq hujjat) Alloh tomonidan (yuborilgan) bir payg‘ambar (ya’ni Muhammad alayhis-salom bo‘lib, ularga) ichida eng to‘g‘ri yozuvlar – hukmlar bo‘lgan pokiza sahifalarni (ya’ni Qur’onni) tilovat qilur.


I z o h. Alloh taoloning so‘nggi, mukammal dini bo‘lmish Islom dini kelishi arafasida Tavrot, Injil kabi avval nozil qilingan kitoblar berilgan yahudiy va nasroniylar ham, butparast mushriklar ham kufr botqog‘iga botib qolishgan, ahli kitoblar Tavrot va Injilda kelishi aytilgan bir payg‘ambarga ko‘z tutayotgan edilar. Qachonki ular kutgan hujjat — payg‘ambar alayhis-salom tillarida Allohning kalomi Qur’on bilan kelganlarida esa...

4. Kitob ato etilgan kimsalar faqat ularga ochiq hujjat — payg‘ambar kelganidan keyingina bo‘linib ketdilar (ya’ni ayrimlari o‘sha o‘zlari kutgan payg‘ambarga iymon keltirdilar, ayrimlari esa unga kofir bo‘ldilar)!

5. Holbuki ular faqat yagona Allohga, u zot uchun dinni xolis qilgan, To‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldagi (millatning) dinidir.

6. Albatta ahli kitobdan va mushriklardan bo‘lgan kofir kimsalar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar! Ana o‘shalar eng yomon maxluqdirlar.

7. Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar — ana o‘shalar yaralmish jonzotlarning eng yaxshisidirlar.
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

Muhammad

  • Mega Member
  • *******
  • Rahmat
  • -aytdi: 0
  • -oldi: 24
  • Xabarlar: 3879
  • Jins: Erkak
  • Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!!!
Re: QUR'ONI KARIM. Alovuddin Mansur tafsiri
« Javob #599 : 10 Sentyabr 2006, 07:33:04 »


8. Parvardigorlari huzuridagi ularning jazo-mukofotlari – ostidan daryolar oqib turadigan mangu jannatlardir. Ular o‘sha joyda abadul-abad qolguvchidirlar. Alloh ulardan rozi bo‘ldi, ular xam (Allohdan) rozi bo‘ldilar. Bu (mukofot) Parvardigoridan qo‘rqqan kishi uchundir.


ZALZALA SURASI

Sakkiz oyatdan iborat bu sura ham Madinada nozil bo‘lgandir. «Zalzala» (Zilzila) deb nomlangan bu sura dastlab Qiyomat qoyim bo‘lgan kunda zamin zilzilaga tushib, titrab-yorilib, tilga kirishi haqida hikoya qiladi.

So‘ngra u Kunda hayoti-dunyoda qilib o‘tilgan bir zarra misoli yaxshilik ham, yomonlik ham bejazo qolmasligi bayon qilinadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Qachon yer o‘zining (eng dahshatli) zilzilasi bilan larzaga tushganida.

2. Va yer (o‘z bag‘ridagi xazinayu-dafinalardan va inson jasadlaridan iborat) «yuk»larini (yuzaga) chiqarib tashlaganida.

3. Va (hayotlik paytida qayta tirilishni inkor qilguvchi bo‘lgan) inson (qayta tirilganidan dahshatga tushib: «Yerga» nima bo‘ldi o‘zi?) deb qolganida,

4-5.Ana o‘sha Kunda yer, Parvardigoringiz unga vahiy qil(ib, so‘zlashga buyur)gani sababli o‘z xabarlarini so‘zlar!


I z o h. Sahobalardan Abu Hurayra (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhis-salom yerning xabarlari nima ekanligi haqida so‘zlab: «Yerning xabarlari — har bir erkagu-ayol uning ustida qanday amal qilgan bo‘lsa, barchasini Alloh taolo huzurida so‘zlab, guvohlik berishidir», degan ekanlar.

6. O’sha Kunda odamlar, ularga (qilib o‘tgan amallari)ning jazo yoki mukofotlari ko‘rsatilishi uchun to‘da-to‘da bo‘lib chiqib kelurlar!

7. Bas, kim (hayoti-dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (Qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur.

8. Kim zarra misqolichalik yomonlik qilsa, uni ham ko‘rur!



ODIYOT SURASI

Makkada nozil qilingan bu sura o‘n bir oyatdan iboratdir.

Bu surada Alloh taolo yo‘lida jihod qilguvchi zotlar jangga minib boradigan uchqur otlarga qasamyod qilish bilan dinsiz-e’tiqodsiz insonlar albatta Yaratgan o‘zlariga ato etgan ne’matlarga noshukurlik qilguvchi, ashaddiy dunyoparast bo‘lishlari ta’kidlanadi va Tangri taolo barcha ishlardan xabardor bo‘lib turishi, demak biron yomonlikni bejazo qoldirmasligi uqtiriladi.

Sura o‘zining ilk oyati bilan «Val-Odiyat — Chopqir otlarga qasam», deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan  (boshlayman).

1-2-3-4-5. (Alloh yo‘lida) xarsillab chopadigan, (chopgan paytida tuyoqlaridan) chaqmoqlar chaqadigan, tong paytida (yov ustiga) bostirib boradigan, bas, o‘shanda chang-to‘zon ko‘tarib, shu (chang-to‘zon) bilan (dushman) jamoasining o‘rtasiga kirib keladigan (ot)larga qasamki.

6. Shak-shubhasiz (kofir) inson Parvardigori (unga ato etgan ne’matlar)ga ko‘rnamaklik qilguvchidir.

7. Va shak-shubhasiz u bunga (o‘zining bu noshukurligiga) guvohdir.

8. Va shak-shubhasiz u mol-dunyo muhabbatiga juda qattiq (berilguvchi)dir.

9. Axir u bilmasmiki, (Qiyomat qoyim bo‘lib), qabrlarning ichidagi narsalar (jasadlarga qayta jon ato etilib, tashqariga) chiqarilganida,
Alloh huzuridagi eng maqbul din - Islomdir! Qur'oni karimdan.

 

Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi

Muallif Muhammad AminBo'lim Islomiy kitoblar

Javoblar: 621
Ko'rilgan: 466029
So'nggi javob 07 Iyun 2009, 02:24:43
muallifi AbdulAziz
Qur'oni karim tafsir va tarjimalari

Muallif AbdulAzizBo'lim Islom

Javoblar: 6
Ko'rilgan: 28629
So'nggi javob 30 Oktyabr 2009, 18:41:42
muallifi yoqimtoyqiz
Qur'oni karim oyatlari rasmlarda

Muallif MuhammadBo'lim Islomiy media

Javoblar: 36
Ko'rilgan: 28429
So'nggi javob 02 Yanvar 2009, 17:29:09
muallifi zuhrahon
Qur'oni Karim mo'jizalari

Muallif RobiyaBo'lim Islomiy media

Javoblar: 17
Ko'rilgan: 17255
So'nggi javob 13 Aprel 2008, 00:32:30
muallifi lolo
Qur'oni karim nomlari

Muallif Muhammad AminBo'lim Islom

Javoblar: 1
Ko'rilgan: 4527
So'nggi javob 13 Noyabr 2007, 11:13:48
muallifi Muhammad Amin