Sukunatni buzgan hashtak va ertak
12.06.2006 17:50
Futbolchilar, murabbiylar, jurnalistlar, mutaxassislar, mutasaddilar, VIP-mehmonlar, ayniqsa, muxlislar, xullas, butun dunyo orziqib kutgan damlar yetib keldi. To‘rt yillik sukunatni Germaniya — Kosta Rika o‘yinini boshqargan hakamning hushtagi buzdi. Bu narsa jahon chempionati timsollari — Goleo va Pilleni ham quvontirdi. O‘ziga xos sarguzashtlarni boshdan kechirgan ikki qahramon ham endi boshÂqalar qatori maza qilib futbol tomosha qilishadi-da. Ularning tanishuv tarixini juda qiziq deyishadi. Bu so‘zlarga biz ham bir quloq tutib ko‘raylik-chi.
Goleo hamda Pille oldingi jahon chempionatlarining belgilaridan farqÂli o‘laroq, reklama uchun xizmat qilishdan tashÂqari o‘zlarining bosib o‘tgan ertaknamo hayot yo‘llariga ham ega. Har holda nemis ertaknavislari shunday yozishadi. Ularning hikoya qilishlaricha, shervachcha va koptok mazkur darajaga yetishishlari uchun ko‘p voqeliklarni boshdan kechirishgan. Ularning sarguzashtlarini ertaklarning odatiy kirish so‘zlari bilan boshlashga to‘g‘ri keladi.
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Afrika degan tomonda Goleo ismli shervachcha o‘z oilasi bilan baxtli hayot kechirar ekan. 1985 yil 5 iyunda tug‘ilgan hayvonlarning bo‘lajak qiroli tabiat qo‘ynida sayr qilishni juda yoqtirarkan. Kunlardan birida u uyidan ancha uzoqda aylanib yurganida, ovchilarning tuzog‘iga tushib qolibdi. U quloqsizligi uchun shu ko‘yga tushganini anglabdi. Ovchilar uni sohilda turgan kemalardan biridagi savdogarga pullashibdi. Goleo o‘sha payt o‘zi uchun notanish bo‘lgan so‘zlarni birinchi bor eshitgandi: "œShervachchani hayvonot bog‘i yoki tsirkka katta pul evaziga sotamiz". Ammo yo‘lda sherni kema kapitani qandaydir sabab bilan ozod qilib yuborgach, u juda xursand bo‘libdi, ammo xavotir olmasliklari uchun bu haqda uyidagilarga xabar berishni unutibdi. Shundan so‘ng cheksiz suv kengliklaridagi hayot boshlanibdi.
Unda quruqlikka qaytish fikri faqatgina Gamburg degan shaharga kelib tushgan damda paydo bo‘lgan edi. Bu joy nimasi bilandir unga yoqqandi. Bir necha yil u Germaniyada yashadi, futbol degan o‘yinga qiziqib, oxir-oqibat uning ashaddiy ishqiboziga aylandi. Hatto Portugaliyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida Germaniyaga muxlislik qilish uchun bordi. O‘sha yerda u Pille ismli gapiruvchi to‘p bilan tanishib qoldi. Pille 2003 yili 22 avgust kuni Adidas firmasida tikilib, g‘aroyib gazga to‘ldirilgandan keyin, g‘ayritabiiy koptokka aylangandi. U dunyoga kelganda, gapirishni bilar va ixtiyoriy yo‘nalishda harakatlanishi mumkin edi. ChemÂpionatning 1/4 finalida Angliya Portugaliya bilan to‘qnash kelganida, o‘ynalayotgan koptok uzoqqa, maydondan tashqariga uchib ketgani uchun oddiy to‘p bo‘la olish qobiliyati bor Pille futbolchilarga yordamga keldi. Uni uzoq o‘ynashdi. Uchrashuv g‘olibi penalti tepish bilan aniqlanadigan bo‘ldi. Pille inglizlarga yon bosardi. Uni o‘n bir metrlik nuqtaga Devid Bekxem o‘rnatganda, jamoa sardoriga ko‘pchilik qatori u ham bir hadik bilan qarab qo‘ygandi. Baxtga qarshi, Devid to‘pni bor kuchi bilan yuqori tribunaga tepib yubordi. Avvaliga biroz o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Pille biroz vaqt o‘tib, hammasini tushundi — Angliya yutqazgandi. Shu payt u alamdanmi yoki ruhiy tushkunlik ta’siridanmi, bo‘lajak do‘sti Goleoning qo‘liga tushib qolganinin ham sezmagandi. Qo‘liga to‘p tushganidan o‘zida yo‘q xursand Goleo esa dumaloq narsaning joni borligini bilmasdi ham. U stadionga chiptasiz kirib kelganini ham, Germaniyaning sharmandali muvaffaqiyatsizligini ham unutib, qiyqirardi. To‘p esa birov yig‘lasa, boshqasi kulishi mumkinligini shu payt angÂlab yetgandi. Keyinroq hamrohining so‘zlay olishini sezgan shervachcha ham, sherigining sarguzashtlarini eshitgan Pille ham bir-birlari bilan o‘rtoq bo‘lib qolishdi. Ularni taqdir uchrashtirib, omadsizlik yaqinlashtirgan edi. O‘shandan beri Goleo va Pille birga. Hatto 2006 yilgi JChga ramz tanlash uchun e’lon qilingan timsollar tanlovida ham birga ishtirok etishdi. Ikki do‘st hakamlarni o‘zlarining chiroyli harakatlari bilan lol qilishgandi. Pille gravitatsiya qonunlariga qaramasdan o‘ziga xos xususiyatlari bilan san’atini namoyish etgan bo‘lsa, Goleo o‘zining chiroyli "œo‘kirishi" bilan raqiblarini tanlovni o‘z ixtiyorlari bilan tark etishga majbur etgan edi. Shundan so‘ng "œJCh—2006 timsollari"œ degan ulug‘ nomga ega bo‘lgan sher va koptoksiz muhim sport tadbirlari boshlanmaydigan, mashhur sportchilar va siyosatchilar bilan uchrashuvlar ularsiz tashkil etilmaydigan bo‘ldi. Doim mag‘rur va o‘ziga ishonib yuradigan Goleo ayni paytda qirol, unga endi rim raqamlari bilan bezalgan chiroyli ism berilgan. Sherga shohlar nomi —"œGoleo VI" yoki "œhazrati oliylari" deya murojaat qilish yoqmaydi deysizmi? Qirol sherning ayni paytdagi bo‘yi 230 sm., og‘irligi esa 220 kg. U hali ham sayr qilishni yoqtiradi. Uning ustiga qo‘lida g‘aroyib gazga to‘yintirilgan koptogi bor. Bolalikning achchiq xotiralariga qaramasdan, u odamlar bilan doim muloyimlik bilan gaplashadi, kichiklar va kuchsizlarga yordam berishga harakat qiladi, ayollar bilan doim shirinso‘zlik bilan suhbatlashadi. Har qanday tuzoq, qopqon va jonivorlarni qiynaydigan boshqa vositalarni juda yomon ko‘radi. U doim "œ06" raqamli futbolka kiyadi. Ammo raqamli futbolkasi raqamsiz shimiga mos tushmagan. Bu hol aslida ham e’tiborga arzimaydi. U oilasini ham yodidan chiqarmagan. Yaqin orada ota-onasini Yevropaga ko‘chirib olib kelishni mo‘ljallayapti. Ikkinchi qahramon — Pille (sher burji) esa jim turishni yoqtirmaydi, gapirish uning jonu dili. Ayniqsa, teleshoularda boshlovchilardan qolishmay sayrashni yaxshi ko‘radi. Goleo kabi futbol muxlisi, havoda parvoz qilish, uchish — xobbisi. Pille, shuningdek, 1966 yilgi jahon chempionatida ingliz futbolchisi Jeff Xerst nemislar darvozasi tomon tepgan to‘pning ashaddiy fanati. Sababi o‘shanda koptok darvoza to‘siniga tegib, qaytishida gol chizig‘ining ichkarisiga tushib (arbitrning xulosasi shunday bo‘lgan) so‘ngra maydonga qaytgandi. "œGapiruvchi shar"œning bir nuqsoni bor. U yo‘qolib qolish, daryoga yiqilib tushish va noma’lum tomonga qarab suzib yoki oqib ketish kasaliga chalingan. Shuning uchun Goleo VI uni hamisha o‘zi bilan olib yurishga ont ichgan. Hozircha ularning biografiyasidan shular joy olgan. Ertakchilarning fikricha, ikki do‘stning sarguzashtlari hali davom etadi. Endi ular Germaniyada boshlangan va bir oyda tugab qoladigan qiziqarli o‘yinlarni tomosha qilish bilan bandlar.
Bu ertakni sizga aytib berishimizning o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Yuqorida aytib o‘tilganidek, tashkilotchilar ijodkorlar yordamida bu galgi chempionat timsollarining o‘ziga xos hayot yo‘lini ishlab chiqdilar. Bu esa birinchi navbatda yosh futbolchilar, umuman, yosh avlod tomonidan katta xursandchilik va hayrat bilan kutib olindi. Ertak ularning esida uzoq vaqt saqlanib qolsa, ajab emas. Bu esa bolakaylarning futbolga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttiradi.
Yangilikning xaridori har qanday vaziyatda topiladi. Mashhur multfilmning qahramonlari — pahlavon Shrek va uning do‘sti Eshakni eslatib yuboruvchi Goleo va Pille ham moddiy tomondan katta foyda keltirishi kutilmoqda. Sher hamda koptok gollivudlik akalari singari mudom biri-birlari bilan tortishib turishadi, janjallashishadi, asablarini buzishadi, ammo Âqiyin vaziyatlar kelganda bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishadi, bir-birini qo‘llashadi. Ikki urushqoq, aslida ahil do‘stlarni o‘yinchoq shaklida ishlab chiqarish ham allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, ishlab chiqaruvchi — Nici AG kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Goleo o‘yinchoqlari bozorda 19,95 yevro narx bilan paydo bo‘ldi. Ammo shuni aytib o‘tish kerakki, Germaniyada sher timsoli unchalik mashÂhur emas, nemislar millatning tarixiy ramzi bo‘lmish qushlar qiroli — burgutga ko‘proq hurmat nigohi bilan qarashadi. Aftidan, Goleoni burgutga aylantirish uchun uning biografiyasi mualliflarining dunyoqarashi biroz torlik qilgan ko‘rinadi, Pille koptok bo‘lgani uchun unga bunday xavflar tahdid sola olmaydi. Ammo tashkilotchilarning fikricha, qizg‘in va shiddatkor matchlar Goleoning bu boradagi obro‘sini yanada ko‘tarib yuboradi. Qolaversa, futbol sehri timsolning sher yoki burgut ekanligi bilan belgilanmaydi. Sizlarning futbolga bo‘lgan ishtiyoqingizni badiiy va yangicha uslubdagi ertak hamda timsollar bilan chalg‘ita olmaganimizga ishonchimiz komil. Bunday mashaqqatli, haqiqatan esa amalga oshirib bo‘lmaydigan yumushni hatto Goleo yoki Shrekka aylanib qolganimizda ham bo‘ynimizga olishni istamasligimiz aniq. Chunki biz ham ko‘pchilik qatori jozibador o‘yinning muxlisimiz, uning ustiga sabr bilan kutgan jahon chempionatini qoldirmay, gollar, fintlar, xavfli vaziyatlar va o‘yingohdagi "œsan’at asarlari"ni o‘zgacha lazzat tuyib, havas bilan tomosha qilishni istaymiz.
S.MAXSUMOV tayyorladi.