Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 180761 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 B


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:45:16

Nafl sadaqa

— Nafl sadaqa qanaqa sadaqadir?
— Zakot, ushur, fitr sadaqasi, fidya va kafforatlardan boshqa, kishiga farz yo vojib yoki lozim bo’lmagan sadaqadir.
— Nafl sadaqa bermak lozimmi?
— Farz yo vojib emas, lekin g’oyatda savobli, mustahab amaldir. Gunohlarning avf qilinishiga, balolardan saqlanishga sabab bo’ladi.
— Faqirligi sababidan sadaqa so’ragan kishiga qanaqa muomala qilinadi?
— Oz bo’lsa-da, biror narsa berib yuborishga harakat qilish kerak. Bermaganda ham unga qattiq so’z aytmay, berganini minnat qilmay, yumshoq so’z bilan ko’nglini ko’tarib yuborish lozim. «Har ikkimizga Alloh taolo xayrli davlat bersin», deb duo qilgan yaxshi.
— Sadaqa olgan kishi sadaqa bergan kishini nima deb duo qiladi?
— Ushbu duo birla duo qiladi:
«Allohumma ihfaz sohiba hazihis-sodaqoti anil ofoti val baliyyati vag’fir zunubahu va akid iymanahu va vaffiqhu ‘ala xoyri maqosiduhu».
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, ushbu sadaqa qiluvchi kishini har turli ofat va balolardan saqlagin va ham uning imonini qutlug’ qilgin va ham uning mollarini ko’p qilgin va ham uni xayrli maqsadlariga yetkazgin».

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:45:31

Qurbonlik

— Qurbon ma’nosi nima?
— Alloh taolo uchun bo’g’izlanadigan hayvondir.
— Qurbonlik qanday kishiga vojibdir?
— O’z hojatidan ortiq kumush nisobi miqdoricha moli bor bo’lgan boy kishiga vojib bo’ladi.
— Qurbonlik qaysi vaqt so’yiladi?
— Qurbon hayiti kuni, ya’ni zulhijja oyining o’ninchi kunida qurbon hayiti namozi o’qilgan so’ng so’yiladi.
— U kunda so’yilmay qolsa, nima qiladi?
— O’n birinchi yoki o’n ikkinchi zulhijjada so’yilsa ham durust bo’ladi.
— O’n uchinchi kuni so’yilsa-chi?
— Durust bo’lmaydi, chunki o’n ikkinchi zulhijjada quyosh botgandan keyin qurbonlik so’yishning vaqti chiqadi.
— Qurbonlikni kechasi so’ysa bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi, makruh bo’ladi.
— Bir kishi o’n birinchi va o’n ikkinchi zulhijjada qurbonlikni so’ya olmay qolsa, nima qiladi?
— Qurbonlik uchun olgan hayvonni yoki o’sha hayvon bahosi miqdoricha aqchani sadaqa qiladi.
— Qurbonlikka qanday hayvonlarni so’ysa bo’ladi?
— Qo’y, echki, sigir, tuya kabi tuyog’i yoriq hayvonlarni qurbonlikka so’yish durust.
— Tovuq, g’oz va otga o’xshash hayvonlardan qurbonlik qilsa bo’lmaydimi?
— Durust bo’lmaydi.
— Qo’y, echki necha kishi uchun qurbonlikka kifoya qiladi?
— Har biri bir kishi uchun kifoya qiladi.
— Sigir, tuya necha kishi uchun qurbonlikka kifoya qiladi?
— Har birisi bir kishidan to yetti kishigacha kifoya qiladi.
— Yetti kishi jam bo’lib bir sigirni qurbonlik qilsalar, go’shtini qay tariqa bo’lib oladilar?
— Tarozi bilan o’lchab oladilar.
— Qurbonlikning terisi nima qilinadi?
— Faqirlarga beriladi yoki sotib puli faqirlarga sadaqa qilinadi.
— Terini masjid imomiga bersa bo’ladimi?
— Agar faqir bo’lsa, bersa bo’ladi.
— Qurbonlik qilgan kishi qurbonligining go’shtini nima qiladi?
— Faqirlarga ulashadi va ziyofat qiladi hamda o’zining oila a’zolariga ulashadi.
— Qurbonlikni kim bo’g’izlaydi?
— Qurbonlik qilgan kishi bo’g’izlashni yaxshi bilsa, o’zi bo’g’izlaydi, bilmasa, boshqa bir kishiga bo’g’izlatib, o’zi ustida duo qilib turadi.
— Qurbonlik qilinadigan qo’y yoki echki necha yoshli bo’lishi kerak?
— Bir yashar bo’lishi kerak.
— Olti oylik qo’yni qurbonlik qilsa, durust bo’ladimi?
— Agar o’sha qo’y semiz va jussasi bir yashar qo’yning jussasidek katta bo’lsa, durust bo’ladi.
— Qurbonlik bo’ladigan sigir va yo ho’kiz necha yashar bo’lmog’i kerak?
— Ikki yashar bo’lmog’i lozim.
— Tuya necha yashar bo’lmog’i lozim?
— Besh yashar bo’lmog’i lozim.
— Devona, qo’tir, qirchang’i, shoxsiz, axta qilingan hayvonlar qurbonlikka yaraydimi?
— Qurbonlikka yaraydi.
— Qanday hayvonlar qurbonlikka yaramaydi?
— Nihoyatda oriq, yurolmaydigan, oqsoq, qulog’ining yo dumining uchdan biridan ortiqrog’i kesik bo’lgan hayvonlar, bir yo ikki ko’zi ko’r, og’zida hech bir tishi qolmagan hayvonlar qurbonlikka yaramaydi.
— Qurbonlik uchun qaysi hayvonlar afzalroq?
— Oq yoki ko’k rangli katta shoxli, a’zosi salomat, semiz qo’chqor afzaldir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:45:48

Qurbonlik so’yishning yo’li

— Qurbonlik qay tariqa so’yiladi?
— Atalgan hayvon yumshoqlik, muloyimlik va shafqat ila so’yiladigan joyga keltiriladi hamda pichoqni hayvonga ko’rsatmasdan qayrab, o’tkir qilib, qiblaga to’g’rilab, chap tarafi bilan yotqizib so’yiladi, tamom joni chiqmasdan terisi ajratilmaydi.
— Qurbonlikni so’yadigan kishi so’yadigan vaqtda qaysi duoni o’qiydi?
— Ushbu duoni o’qiydi:
«Allohumma inna solati va nusuki va mahyai va mamoti lillahi robbil alamiyn la sharika lahu va bi zalika umirtu va ana avvallul muslimiyn».
Ya’ni: «Yo Rabb, mening namozim va ibodatlarim va tirikligim va o’lmakligim barcha olamning egasi bo’lgan va zotida hech sherigi yo’q Alloh taolo uchundir va ushbu qurbonlik qilmakka buyurilibdurman, ul amal xususida ishonguvchi va itoat qiluvchilardandurman».
— Qurbonlikning kimdan atalgani qay tariqa bilinadi?
— Qurbonlik egasi yoki qurbonlikni so’yadigan kishi o’zi tilida: «Ey Alloh taolo, ushbu qurbonlikni falon-falon o’g’lidan yo falon-falon qizidan qabul qilgin», deydi. Shundan keyin «Bismillahu Allohu akbar» deb bo’g’izlaydi.
— Qurbonlik qiladigan kishi sochini oldirsa va tirnog’ini olsa, durust bo’ladimi?
— Hojilarga o’xshash uchun qurbon oyi kirgandan so’ng qurbonlik qilguncha sochini oldirmasdan va tirnog’ini olmasdan turishi mustahabdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:46:11

Nazr va aqiqa

— Agar bir kishi falon maqsadim hosil bo’lsa, jonliq so’yaman, deb aytsa, so’ymoq lozim bo’ladimi?
— Maqsadim hosil bo’lsa, jonliq so’yib go’shtini va terisini faqirlarga sadaqa qilib beraman, desa, lozim bo’ladi va agar go’shtini va terisini sadaqa qilishni niyat qilmasa, lozim bo’lmaydi.
— Shu kishi nazr qilgan hayvonni bo’g’izlasa, keyin nima qiladi?
— Nazri bo’yicha go’shtini va terisini faqirlarga sadaqa qiladi.
— Aqiqa nima?
— Bola tug’ilgandan so’ng yettinchi kuni jonliq so’ymoqdir.
— Bola tug’ilganda necha jonliq bo’g’izlanadi?
— O’g’il bolalar uchun ikki qo’y, qiz bolalar uchun bir qo’y bo’g’izlanadi.
— Aqiqa kimga beriladi?
— Ustixonlarini sindirmasdan bo’laklab pishirib yoki pishirmasdan bola doyasiga va ham boshqa faqirlarga beriladi.
— Aqiqa qilish sunnatmi yo mustahabmi?
— Mustahabdir, lekin ba’zi ulamolar sunnat, demishlar va ba’zilari makruh demishlar.
— Xudodan boshqaga nazr qilish nechukdir?
— Masalan, «Hazrati G’avsil A’zamga bir qo’y va yoki o’n bir tanga nazr qildim» va yoki «Hazrati Bahouddinga yetti tanga nazr qildim» va yoki «Ushbu o’g’limning boshini hazrati Zangi otaga nazr qildim» va shunga o’xshash iboralar avom odamlar o’rtalarida ko’p uchraydi. Chunonchi, bir kishi biror eshonga inobat qilib ziyoratiga borganda biror narsa olib borsa, uni nazr ismi bilan atab, ushbu narsa sizga nazrdur, deydi. Bunga o’xshash gap-so’zlarni ba’zi ulamolardan ham eshitsa bo’ladi. Bu tariqa nazrlari aslo joiz ham, durust ham emas. Shu tariqa nazr qilgan kishilar gunohkor bo’ladilar. Hatto, ba’zilar buni kufrga nisbat berganlar. Ushbu narsani menga nazr qilgan ekan, deb olgan kishiga ham halol emas. Hadya yo sadaqa deb berilsa, olsa bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:46:46

Haj

— Islom dinida farz bo’lgan amal va ibodatlarning beshinchisi Makkai Mukarramaga borib haj qilmakdir.
— Haj qilmoq qanday kishiga farz bo’ladi?
— Oqil va bolig’, a’zosi salomat bo’lib, Makkai Mukarramaga borib qaytguncha kifoya qilgudek yo’l xarajati va ham borib qaytib kelguncha uyida oila a’zolarining nafaqalariga ham kifoya qigudek moli bo’lgan boy kishiga farzdir. Devona kishiga, voyaga yetmagan bolaga, faqir kishiga, betob kishiga va ko’r kishiga haj qilish farz bo’lmas.
— Makkai Mukarramaning o’zida va yaqin atrofida bo’lgan faqir kishilarga haj qilish farz bo’ladimi?
— Albatta, farz bo’ladi, chunki ularga yo’l xarajati kerak emas, shu sababdan faqir bo’lsalar ham, boy kishilarning hukmidadirlar.
— Makkai Mukarramadan uzoq yerda bo’lgan bir faqir kishi jiddu jahd ila mashaqqatlar chekib Makkai Mukarramaga yetib borsa, shu faqir kishiga haj farz bo’ladimi?
— Makkai Mukarramaga yaqinlashguncha farz bo’lmaydi. Yaqinlashgandan keyin faqir bo’lsa-da, haj qilish mumkin bo’lib tursa, haj qilish farz bo’ladi.
— Haj qilishning sharti nima?
— Makkai Mukarramaga borguncha yo’lda har turli ofat va zararlardan tinch va omonlikda bo’lish.
— Xotinlarga haj qilish farzmi?
— Davlati va salomatligi bo’lib, o’zi bilan hamroh borishga eri yoki biror mahram qarindoshi bo’lsa, farz bo’ladi, yolg’iz o’zi bormaydi.
— Umr ichida necha marta haj qilish farzdir?
— Bir marta haj qilish farz, ikkinchi marta haj qilmoqlik nafl ibodatdir.
— Gardanida haj qilish farz bo’lgan kishi shu yilda haj qilolmasdan keyingi yilga qoldirishi durust bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi, yo’l xavfsiz va eminlik bo’lganda tezlik bilan hajni ado qilmog’i lozim.
— Yo’l notinch bo’lganda qoldirsa-chi?
— Tinchlik bo’lguncha qoldirib tursa, durust bo’ladi. Bir kishiga haj farz bo’lib vaqtida ado qilolmasa, undan so’ngra yo’l yurishga qudrati yetmaydigan darajada zaif va notavon, quvvatsiz bo’lib qolsa, u kishi o’z o’rniga boshqa kishini yuborib haj qildirishi lozim bo’ladi. 
— O’zidan boshqa kishini yuborib, haj soqit bo’lib, ikkinchi marta o’ziga hajga borish lozim emasmi?
— Notavonlik, bequvvatlik bilan o’lib ketsa, haj gardanidan soqit bo’ladi, haj qilgan kishining hukmida ketadi. Ammo bir kishini yuborib haj qildirgandan so’ng sog’ayib, quvvatlanib ketsa, o’sha vaqtda davlati bo’lsa, ikkinchi haj qilish unga farzdir.
— O’sha notavon kishi o’zi hayot vaqtida boshqa kishini yuborib haj qildirmasdan vafot etib ketsa, nima bo’ladi?
— Haj qildiringlar, deb vasiyat qilgan bo’lsa, qolgan molining uchdan biridan vorislari haj qildiradilar, haji haj badalidadir.
— Haj amallari qaysi oyda qilinadi?
— Zulhijja oyida qilinadi.
— Hajning farzi nechta?
— Hajning farzi uchta:
birinchisi — ehrom, ya’ni hajni dili bilan niyat qilish;
ikkinchisi — Makkai Mukarramadan tashqarida joylashgan Arafot degan tog’da to’xtab zikru duoda bo’lib turish; uchinchisi — Makkai Mukarramada Ka’ba nomli muborak uyni tavof qilish, ya’ni aylanish.
Tanbeh: aksar avom odamlar ehrom, deb niyat qilgan holatda bog’laydigan lungini aytadilar. Bu xatodir. Chunki «ehrom»ning ma’nosi niyat qilmoqdir va u lungi hojilarning ehromda bo’lgan holatdagi liboslari, xolos.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:47:02

Haj amallari
 
— Haj amallari nimalardan boshlanadi?
— Ehrom (niyat) qilmoqdan boshlanadi.
— Qaysi joydan ehrom qilinadi?
— Makkai Mukarramaga yetmasdan «Miyqot» deb ataladigan joylar bor. O’sha joylarning birida ehrom qilinadi.
— Hojilar qay tariqa ehrom qiladilar?
— Miyqotga borib yetgandan so’ng mo’ylablarini qisqa qiladilar, tirnoqlarini oladilar, odatda kiyadigan liboslarini tashlaydilar, g’usl qilib, ehrom libosini kiyadilar.
— Ehrom libosi qanaqa libos?
— Ehrom liboslari ikki bo’lak matodan iborat. Biri «izor» deb ataladi va beldan quyisi o’raladi, ikkinchisi «rido» deb ataladi va beldan yuqorisi o’raladi.
— Keyin nima qilinadi?
— Ikki rakat namoz o’qiladi, undan so’ng:
«Allohumma inni uriydul hajja fayassirhu va taqobbalhu minni», deb hajni niyat qiladi. Ma’nosi: «E Rabb, men albatta haj qilmoqni niyat qilaman, uni menga yengil qilgin va ham hajni mendan qabul qilgin».
— So’ngra nima qiladi?
— Talbiya aytadi:
«Labbaykallohumma labbayk, labbayka la sharika laka labbayk. Innal hamda van-ne’mata laka val mulk la sharika lak», deb takrorlay boshlaydi.
Ma’nosi: «Yo Rabb, chaqirig’ingga binoan labbay, deb keldim. Senga hech sherik yo’qdir. Hamma yaxshilik va hamma maqtov va har bir ne’mat Senga maxsusdir va xojalik Sengadur. Senga hech sherik yo’qdir».
— Ushbu talbiya aytilgandan so’ng nima qilinadi?
— Ushbu talbiya bilan haj amaliga kirish qismi tamom bo’ladi. Endi u kishi Qurbon hayiti kunlarida ehromdan chiqquncha «muhrim» deb ataladi. Muhrim — ehromli kishi, demakdir. Va u muhrim holicha Makkai Mukarramaga boradi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:47:18

Ehromli kishi

— Muhrim kishi qaysi ishlarni qilishi va qaysi ishlardan saqlanishi lozim?
— Odobdan tashqari so’z so’zlash, xotini bilan yaqinlik qilish, gunoh ishlarga qo’l urish, bir-biri bilan qichqirishib-g’ijillashishdan saqlanishi lozim. Muhrim kishi quruq yerlardagi hayvonlarni o’ldirmaydi, igna bilan tikilgan libosni kiymaydi, oyog’iga mahsi, etik va paypoq kiymaydi. Yuzini va boshini biror narsa bilan berkitmaydi, xushbo’y narsa surtmaydi, tirnog’ini, sochini va boshqa mo’ylarini oldirmaydi, soch-soqolini taramaydi va ham moylamaydi, haj amallari tugaguncha yalangbosh, yalangoyoq, oq ehrom libosi bilan yuradi. Talbiya o’qiladigan har bir yerda talbiya aytadi.
— Ehromda bo’lgan holda qilishi durust bo’lmagan biror ishni qilib qo’ysa, nima bo’ladi?
— Haj kitoblarida bayon qilingan tariqada u kishiga bir hayvon so’yish yoki sadaqa qilish lozim bo’ladi.
— Muhrim kishi qaysi ishlarni qilsa, durust bo’ladi?
— Yeyishi, ichishi, uxlashi, tahorat qilishi, g’usl qilishi, beliga aqcha solinadigan kamarni bog’lashi, soyabon bilan soyalanishi, oyog’iga qisqa yozlik kavush kiyishi mumkin.
— Haj amallarida xotinlarning erkaklardan farqi bormi?
— Bor. Haj amallarida xotinlar erkak kishidan ushbu olti tur amallarda farqlanadilar:
1. Ehrom libosini kiymaydilar, balki o’z liboslarida yuradilar.
2. Igna bilan tikilgan liboslarni ham kiyadilar.
3. Boshlari ochiq yurmaydilar.
4. Talbiyani ichda aytadilar.
5. Ehromdan chiqqanda sochlarini oldirmaydilar va qisqa ham qildirmaydilar.
6. Agar hayzli bo’lsalar, hayzdan pok bo’lguncha farz tavofni qilmaydilar, pok bo’lgandan so’ng qazosini qiladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:47:36

Hojilar Makkai Mukarramada qiladigan amallar

— Hojilar Makkai Mukarramaga yetganda nima qiladilar?
— Avval to’g’ri Ka’ba masjidiga boradilar. Kaba’i muazzamani ko’rgan on takbir va tahlil aytadilar. Ka’baning devoridagi Hajarul asvad (Qora tosh) ismli muborak toshni o’pib barakotlanadilar, Ka’bani yetti marta aylanib, sunnat bo’lmish tavofni ado qiladilar.
— Undan so’ng nima qiladilar?
— «Ibrohim maqomi» degan yerda Ka’baga qarab ikki rakat namoz o’qiydilar.
— Undan so’ng-chi?
— Ulug’ zam-zamga borib suv ichadilar, yuzlariga, boshlari va badanlariga sepadilar.
— Ulug’ zam-zam suvini qay tariqa ichadilar?
— Zam-zam ustida hamisha izdihom bo’lib turgani uchun tik turgan holicha qiblaga to’g’ri bo’lib, uch yutum qilib ichadi.
— Zam-zam suvini ichganda nima deb duo qiladilar?
— Ushbu duoni o’qiydilar:
«Allohumma inni as’aluka rizqon vosi’an va ‘ilman nafi’an va shifoan min kulli doin».
Ma’nosi: «Ey Parvardigorim, men Sendan keng rizq va foydali ilm va har illatdan saqlamoqni talab qilaman».
— Undan so’ng nima qiladilar?
— Masjiddan chiqib Safo va Marva degan yerlarning orasida u yoq-bu yoqqa yetti marta yuguradilar.
— Undan keyin-chi?
— Zulhijjaning sakkizinchi kunigacha Makkada turib muborak joylarni ziyorat etib, xohlaganlaricha nafl tavof qiladilar.
— Undan so’ng nima qiladilar?
— Sakkizinchi zulhijjada hamma hojilar Mino ismli bir joyga boradilar. Arafa kuni, ya’ni zulhijjaning to’qqizinchi kunida Arafot tog’iga boradilar. Arafotda peshin namozining vaqti kirgandan so’ng haj imomi xutba o’qiydi. So’ng ushbu vaqtda peshin namozi ila asr namozi o’qiladi. Avval azon va iqomat ila peshin namozi o’qiladi. So’ng faqat iqomat ila asr namozi o’qiladi. G’usl qilib, Arafot tog’ining o’rtasida to’xtab, zikr va talbiya aytib (vuquf) oyoqda tik turadilar. Xohlagan duolar va talablarni qiladilar. Oftob botgandan keyin Muzdalifa degan joyga borib, u yerda shom vaqtida shom namozini o’qimasdan turib, xufton vaqti kirgandan so’ng avval shom namozini, undan keyin xufton namozini o’qiydilar. Kechasini Muzdalifada o’tkazib, tong otib xo’b oqarguncha Muzdalifada bir tog’ yonida vuquf qilib, talbiya aytib turadilar, maqsadlarini talab qilib duolar aytadilar. Tong tamom oqarganda yana Minoga borib, maxsus joyda yetti marotaba jamra toshlarini otadilar, har bir toshni otganda takbir aytadilar va ham o’sha yerda qurbonliklarini bo’g’izlab, go’shtini va terisini sadaqa qiladilar. So’ng sochlarini oldirib yoki qisqa qildirib Makkai Mukarramaga qaytadilar. Makkai Mukarramada tavof farzini ado qilib, ehromdan tamom chiqadilar. Ehromdan chiqqandan keyin o’zlarining rasmiy liboslarini kiyadilar.
— Hojilar hayit namozini qaysi yerda o’qiydilar?
— Minodan Makkaga borib yetishsalar, Makkada o’qiydilar, yetishmasalar, o’qimagan hollaricha qoladilar. Musofir hojilarga hayit namozini o’qish vojib ham emas.
— Farz tavofni ado etganlar keyin nima qiladilar?
— Yana Minoga borib, o’n birinchi, o’n ikkinchi va o’n uchinchi zulhijjada har kun maxsus joylarda otiladigan jamra toshlarini otadilar.
— Undan keyin-chi?
— Yana Makkai Mukarramaga qaytib, vido tavofini qiladilar. Zam-zam suvidan ichadilar. Boshlariga va yuzlariga sepadilar. Ka’bai muazzama ostonasini bo’sa qiladilar. Ka’ba eshigi bilan Hajarul asvad orasidagi «Multazam» degan joyga yuzlarini va siynalarini surtib muboraklanadilar. Ka’baning pardasini tutib yuzlariga surtadilar, xonai Ka’badan va boshqa muborak joylardan judo bo’ladilar, g’oyatda ixlos ila xohlagan maqsudlarini tilab duo qiladilar, undan so’ng Ka’baga yuzlangan hollaricha orqalari bilan yurib Ka’badan chiqadilar. So’ngra Makkai Mukarramadan chiqib qaytishga tayyor bo’ladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:47:54

Madinai Munavvaraga borish

— Hojilarga Madinai Munavvaraga borib Payg’ambarimiz hazrati Rasuli akram (s.a.v.)ning sharafli qabrlarini — ravzai mutohharalarini ziyorat qilish farzmi?
— Farz emas. Lekin farz bo’lmasa ham, g’oyatda zarur mustahab amaldir, chunki hazrati Rasuli akram (s.a.v.): «Men vafot qilganimdan so’ng har kim qabrimni ziyorat qilsa, go’yo o’zimni tirik holimda ziyorat qilgan hukmidadir, men u kishini qiyomatda shafoat qilaman», deb va’da etganlar.
Tanbeh: haj amallarini qilishda va ham Madinai Munavvarada muborak joylarni va qabrlarni ziyorat qilishda rioya etish zarur bo’lgan ko’p odoblar va o’qiladigan duolar bor. Ularning hammasini bu kitobda bayon qilishning imkoni yo’q. Hajga boradigan kishilar «Hajnoma» va «Manosiki haj» nomli kitoblarni biror martaba o’qib chiqishi va haj mavsumida o’zi bilan hamroh qilib, ko’rib yurishi lozim. Bunday kitoblar duolarni ta’lim beradi va ham ziyorat qilishning odoblarini bildiradi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:48:11

Bola tug’ilganda qilinadigan amallar va o’qiladigan duolar

— Bola tug’ilganda nima qilinadi?
— Ushbu duo o’qiladi:
«Allohumma aja’lhu kabbaron va inbithu fil islam nabatan hasanan».
«Yo Rabb, ushbu bolani solih qilgin va ham yaxshi o’smoq birla Islom dinida o’stirgin».
Undan so’ng bolaning o’ng qulog’iga azon, chap qulog’iga iqomat aytiladi, undan so’ng xurmo bilan yo biror shirin narsaning ta’mi bilan bola oziqlantiriladi. Bola tuqqandan so’ng ona hammadan ilgari xurmo yesa, yaxshi bo’ladi. Yettinchi kuni bolaga biror yaxshi ism qo’yiladi. Sochini olib, sochi vaznicha oltin yoki kumush sadaqa qilinadi va ushbu kunda o’g’il bola bo’lsa, ikki qo’y, qiz bola bo’lsa, bir qo’y aqiqa qilinadi.
— Bolani kim emizadi?
— Albatta onasi emizadi, bolaga onasining suti nihoyatda foydalidir. Boshqa xotin emizsa ham, durust bo’ladi, lekin tani sihat, xushxulqli va xushtabiat xotin bo’lishi lozim. Chunki sut bergan xotinning xulqi va tabiati emgan bolaga ta’sir qiladi.
— Bola necha yoshgacha emiziladi?
— Ikki yoshga to’lguncha emiziladi.
— Qaysi vaqtda xatna qilinadi?
— Yetti kundan boshlab yetti yoshgacha qaysi vaqtda xatna qilsa bo’laveradi. Undan keyin qilsa ham bo’ladi.

Qayd etilgan