Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 177383 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:16:23

Namoz sunnatlari

Namozda yigirma beshta sunnat bor:
- farz namozini jamoat bilan o’qish;
- farz namozi uchun azon aytish;
- farz namozidan oldin takbir aytish;
- farz namozidan oldin qo’lni quloqqa yetkazish;
- ayollarning qo’llarini ko’krakkacha ko’tarishlari;
- qiyomda turganda qo’lni bog’lash;
- takbirdan so’ng namoz boshida Sano aytish;
- Sanodan so’ng «A’uzubillah»ni aytish;
- Fotiha surasidan so’ng «Omin», deyish;
- ruku’ga borganda va undan qaytganda hamda sajdaga borganda «Allohu akbar», deyish;
- ruku’da uch marta tasbeh aytish;
- sajdada uch marta tasbeh aytish;
- ruku’dan qaytilganda imom bilan yoki yolg’iz o’quvchi «Sami’allohu liman hamidah», deyishi;
- so’ng «Robbana lakal hamd», deyish;
- ikkinchi qa’dada salovotni oxirigacha o’qish;
- ikkinchi qa’dada salovotdan so’ng oyat o’qish;
- takror salom, ya’ni o’ng va so’l tarafga salom berish;
- niyat salomini berish;
- takbirni, tasmiyani, salomni baland ovozda aytish;
- imom bilan namoz o’qiganda har amalni tengma-teng bajarish.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:16:44

Namoz mustahablari

Namoz mustahablari yigirmata:
- namozga kirishayotib qo’l ko’targanda barmoqlar orasini ochiq tutish;
- bosh barmoqlar quloq yumshog’iga tekkizilishi;
- tik turgan paytda ikki oyoq orasining sal ochiq turishi;
- qo’l bog’langanda chap qo’lning kaft bo’g’inini o’ng qo’lning bosh barmog’i va chinchalog’i bilan bog’lab ushlash;
- sura va zikrlarni burro-burro o’qish;
- bomdod va peshinda Fotiha surasidan keyin uzunroq suralarni o’qish;
- asr va xufton namozida o’rtacha uzunlikdagi suralarni o’qish;
- shom namozida qisqa suralarni o’qish;
- avval uzun, keyin kalta suralarni o’qish;
- sajda chog’i bosh barmoq quloq yonida bo’lishi;
- sajdada qo’l barmoqlari bir-biriga tegib turishi;
- sajdada oyoq barmoqlari yerga tegib, tovon ko’tarilib turishi;
- qo’l va oyoq barmoqlari qiblaga qarab turishi;
- qa’dada qo’l barmoqlarini past qilib turmasdan o’z holicha son ustiga qo’yish;
- ruku’ va sajdada tasbehlarni toq aytib, uchdan ziyoda aytish;
- uch va to’rt rakatli farz namozlarining ikki rakatidan so’nggi rakatlarida Fotiha surasini o’qish, ammo sunnat, vojib va nafl namozlarida Fotiha surasidan so’ng bir sura qo’shib o’qish;
- namoz ichida yo’talmaslik, esnamaslik, tavoze’lik, salom berganda orqadagi kishini ko’rar darajada yuzni burish.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:16:59

Namoz paytidagi makruh holatlar

Ular oltmish bitta:
- uzrsiz yo’talish;
- qiroatga xalal beruvchi narsani og’izda saqlash;
- ruku’ holatida bosh yelkadan baland turishi;
- no’xot kattaligida taom yeyish;
- oyat va tasbehlarni barmoq bilan sanash;
- sunnatlardan birortasini qasddan tark etish;
- qiroatni ruku’da tamom qilish;
- ikki ko’zni yumib turish;
- namoz tugamay, peshonasini artish;
- namoz payti libosni tekislash;
- harakat qilish;
- tuflash;
- yechinish;
- qasddan bir oyatni yarmida to’xtatib, boshqasini boshlash;
- kerishish;
- peshonani yerga tekkizmay, sallani tekkizish;
- jamoatga odam qo’shilganda imom ovozini pasaytirishi;
- namozni imom cho’zib yuborishi;
- yeng tirsakkacha chiqishi, burun qoqish;
- takbirni takror aytish;
- uzrsiz devorga yoki ustunga suyanish;
- mehrob ichiga butunlay kirib olib namoz o’qish;
- barmoqlari bilan biror so’zni yozib ko’rsatish;
- bosh yo qosh bilan biron so’zni ishora qilish;
- tahorat tang bo’lib turganda namoz o’qish;
- qabrga yo najasga qarab namoz o’qish;
- oldinda joy bo’lsa-da, ortda namoz o’qish;
- boshyalang namoz o’qish — bularning bari namoz chog’i qilinsa, makruhdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:17:12

Namozni buzuvchi amallar

Namozni ushbu yigirma ikki amal buzadi:
- so’zlashish;
- qasddan bir kishiga salom berish;
- qasddan alik olish;
- duoda odamlardan narsa talab qilish;
- dunyo ishi uchun ovoz chiqarib yig’lash;
- kam bo’lsa-da, taom yeyish;
- mast holda bo’lish;
- sharob ichish;
- ish qilish, ya’ni libos kiyish, qashinish;
- Qur’onning ma’nosini buzib o’qish;
- imomdan ilgari turish;
- oftob chiqayotganda bomdod o’qish;
- farz amallarining birortasini tark qilish;
- libosining yoki o’zining bulg’anishi va shu kabilar namozni buzuvchi amallardir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:17:27

Namozning muboh amallari

- Yuz o’girmay, ko’z qiri bilan nazar tashlash;
- ilon yo chayon o’ldirish;
- nafl namozda bir rakatga bir surani ikki marta o’qish;
- nafl namozda devor yo ustunga suyanish;
- imomning vojib harakatini bilish uchun yondagi kishiga nazar solish.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:17:40

Namoz paytida tahoratning buzilishi

- Burun qonasa yo shunga o’xshash xunuk hodisa bo’lsa, ibodatdagi kishining namozi buziladimi?
- Ha. Bunday holda kishi tahoratini yangilab, boshdan yoki to’xtagan joyidan o’qishi lozim. Bu paytda imom namozni tugatgan bo’lsa, u kishi yolg’iz o’qiydi.
- Namoz o’qib turgan kishining oldidan kesib o’tsa bo’ladimi?
- Yo’q, bu holat makruhdir. Ancha naridan bo’lsa, joiz. Namoz o’qiyotgan kishi o’zini bildirishi uchun «Subhanalloh» deb qo’ysa bo’ladi yoki bir gaz oldinga tayoqcha suqub qo’yadi. Jamoat bo’lib o’qilsa ham, oldindagi yo’lakni berkitmaslik uchun tayoqcha tiqib qo’yiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:17:54

Zaif va nogiron kishilar bayoni

- Zaif va nogiron kishilarning namozda hukmi qanday?
- Kishi zaifligi sababli qiyomga turolmasa, o’tirib o’qiydi. O’tirgan holicha bukilib ruku’ qiladi, sajdada esa el qatori boshini yerga tekkizib o’qiydi. Agar ruku’ va sajdaga holi kelmasa, o’tirgan ko’yi ruku’ va sajdaga bir oz egilib, ishora qilib o’qisa ham bo’ladi. Agar o’tirishga ham quvvati yetmasa, oyoqlarini qibla tarafga uzatib, chalqancha yotib, boshi bilan ishora qilib o’qiydi. Agar bunga ham quvvati kelmasa, u zotga ma’zurdir. Qachon quvvatga kirsa, qazosini o’qish niyati bilan keyinga qoldiradi.
- Namozni uzrsiz o’tirib o’qisa bo’ladimi?
- Suvda, kemada kelayotganlarga mumkin.
- Sunnat va nafl namozini otda turib o’qisa bo’ladimi?
- Bo’ladi.
- Otda o’qilsa, qaysi tarafga qarab o’qiladi?
- Ot ketayotgan tarafga qarab.
- Qariligi yoki g’oyatda sovuqligi tufayli tili Qur’onni to’g’ri talaffuz qila olmaydiganlar namozni qanday o’qigani ma’qul?
- Unday kishilar imomga iqtido qilsin. Yolg’iz bo’lsa, bilgan oyatini bir necha bor takrorlab o’qiydi.
- Bir kishi sabab bilan hushidan ketib yotib qolsa, o’qilmay qolgan namozni nima qiladi?
- Hushsizlik 24 soat ichida bo’lsa, har bir namozni qazo qilib o’qiydi, agar 24 soatdan oshsa, u holda yangi kunning namozlariga kirishadi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:18:13

*****************
TO'RTINCHI QISM

Jamoat bayoni

- Namozni imom va jamoat bilan o’qimoq yolg’iz va tanho o’qimoqdan yigirma yetti daraja ortiq savoblidir.
- Ikki, uch va undan ziyoda kishi farz namozini qanday holda o’qisin?
- Ularning orasidan bir kishi imom bo’lib, qolganlari unga ergashib (iqtido qilib) o’qimoqlari sunnatdir.
- Jamoat bilan o’qiladigan namoz qanday holda o’qiladi?
- Imom bosh bo’lib, qolgan kishilar namozga ergashib o’qiydilar. Namozning har rukni va har amalini imomdan keyin yoki imom bilan barobar bajaradilar, hech bir amalni imomdan ilgari qilmaydilar.
- Imomga ergashuvchilar (muqtadiylar) namoz ichida bo’lgan hamma zikrlarni o’qiydilarmi?
- Yo’q, hammasini emas, balki qiyomda takbiri tahrimadan so’ngra faqat Sanoni o’qiydi. «A’uzu billah», «Bismillah»ni va suralarni o’qimaydi, balki sukut qiladi. Ruku’dan qiyomga qaytganda imom «Sami’allohu liman hamidah»ning o’zinigina aytadi. Orqadagilar «Robbana lakal hamd»ni aytadilar, «Sami’allohu liman hamidah»ni aytmaslar. Boshqa zikrlarni imom ham aytadi, ergashuvchilar ham aytadilar. Ammo imom takbirlarni va «Sami’alloh»ni, salomni ovoz chiqarib aytadi. ergashuvchilar zikrlarni ichda aytadilar. Ovoz chiqarib o’qiladigan namozlarda Fotiha surasi tamom bo’lgandan so’ng ergashuvchilar ichlarida «Omin», deydilar.
- Ergashuvchi bir kishi bo’lgan vaqtda imomning qaysi tarafida turadi?
- Imomning o’ng tarafida. Imomga shu qadar yaqin turadiki, ergashuvchining oyoq barmoqlari imomning tovoniga barobar turadi. Imomning chap tarafida va orqasida tursa ham joizdir, lekin sunnatga xilof bo’ladi.
- Ergashuvchining qadami imomning qadami bilan barobar bo’lsa yoki imomdan keyinroq bo’lsa, ammo o’tirgan holda tizzasi imomning tizzasidan ilgari o’tib tursa, zarari bormi?
- Zarari yo’qdir, qadam mo’tabardir.
- Balog’atga yetgan katta kishilar bilan yosh bolalar qo’shilib bir imomga ergashsalar, qanday holda saf oladilar?
- Yosh bolalar ulug’ kishilar safida emas, o’zlari ortda saf bo’lib turadilar.
- Yosh bola ulug’ kishilar safida turib namoz o’qisa, ulug’ kishilarning namoziga zarari bormi?
- Ulug’ kishilarning namoziga zarari yo’q. Lekin sunnatga xilof bo’ladi.
- Xotinlar erkak kishiga ergashib namoz o’qimoqlari durustmi?
- Durust, lekin bunda imom xotinlarga imom bo’lmoqni qabul qilmog’i va niyat etmog’i shart. Agar imom xotinlarga imom bo’lmoqni niyat qilmagan bo’lsa yoki imom bo’lmaslikni niyat qilgan bo’lsa, u xotinlarning namozi durust bo’lmaydi.
- Xotinlar qaysi safda turadilar?
- Hammadan oxirgi safda turadilar, bolalardan ham keyingi safda turadilar.
- Agar xotin kishi erkak kishilar safiga kirib, erkaklarga barobar tursa, erkaklarning namoziga zarari bormi?
- Agar imom xotinlarga imom bo’lmoqni niyat qilgan bo’lsa, erkaklarning namozi buziladi, agar xotinlarga imom bo’lmoqni niyat qilmagan bo’lsa, xotinlarning namozi buzilishi shu suratda bo’ladiki, erkak bilan xotin kishi bir namoz uchun taxmira boylagan bo’lsalar-u ikkovlarining o’qigan namozlari ado namozi bo’lsa.
- Xotinlarning jamoat uchun masjidlarga chiqishlari durust bo’ladimi?
- Yosh xotinlarning har qaysi namoz uchun jamoatga chiqishlari makruhdir. Ammo qarigan xotinlarning faqat peshin va asr namoziga jamoatga chiqishlari makruhdir. Undan boshqa namozlarga qarigan xotinlarning chiqishi makruh emasdir.
- Balog’atga yetgan kishilar yosh bola va xotin kishilarga ergashib jamoat bilan namoz o’qisalar, durust bo’ladimi?
- Durust bo’lmas.
- Bir yosh bolaga boshqa yosh bola ergashib jamoat bilan namoz o’qimog’i durust bo’ladimi?
- Durust bo’ladi.
- Bir xotin boshqa xotinga ergashib jamoat bilan namoz o’qimog’i durust bo’ladimi?
- Namoz durust bo’ladi, lekin makruhdir.
- Xotinlar o’zlari jamoat bo’lib namoz o’qishni xohlasalar, imomi qay yerda turadi?
- Erkaklar imomidek butkul ilgari o’tib, qavmdan ajrab turmas, balki saf o’rtasida turar, lekin sezilmas qadar oldinroqda turishi yaxshiroq.
- Imom orqasida turadigan ergashuvchilarning qay tariqa turmoqlari sunnat?
- Har bir ergashuvchi safni to’g’ri olishi uchun oralarida biror kishi sig’arlik yo undan ham kamroq bo’sh joy qoldirmaslikka g’oyatda qattiq e’tibor berish sunnatdir.
- Uzrsiz kishi uzrli kishiga ergashishi durust bo’ladimi? Masalan, bir kishining jarohati bo’lsa, o’sha jarohatdan hamma vaqt qon va yiring kelib tursa, biror namozning vaqti qadar zamon pok turmasa, shu kishiga bunaqa holda pok kishining ergashishi durust bo’ladimi?
- Durust bo’lmaydi.
- Farz namoz o’qiydigan kishiga nafl namoz o’qiydigan kishining ergashishi durust bo’ladimi?
- Asr namozi va shom namozidan boshqa namozlarda durust bo’ladi. Ammo asr namozidan so’ngra nafl namoz o’qish makruh bo’lgani sababli va nafl namozni uch rakatli qilib o’qish durust bo’lmagani sababli bu ikki namozga nafl niyati bilan ergashib o’qish durust bo’lmas.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:18:27

Imomlikka haqli kishilar

- Jamoat bilan namoz o’qimoqchi bo’lsalar, qanday kishi imom bo’lsa, yaxshiroq?
- Qay biri olimroq bo’lsa, o’sha imomlikka o’tadi. Agar ilmda barobar bo’lsa, qay birining qiroati yaxshiroq va tajvidga muvofiqroq bo’lsa, o’sha kishi imom bo’ladi. Agar qiroatda ham barobar bo’lsalar, eng taqvoligi imom bo’ladi. Agar taqvoda ham bir xil bo’lsalar, xulqi yaxshirog’i imom bo’ladi. Agar xulqda ham barobar bo’lsalar, xushro’y va chiroylirog’i imom bo’ladi. Agar xushro’ylikda ham barobar bo’lsalar, qay birining nasli va nasabi pokizaroq bo’lsa, o’sha imomlikka o’tadi. Ammo har vajhdan barobar bo’lsalar, har qaysisining imom bo’lmog’i durust bo’ladi.
- Qanday kishilarning imom bo’lishi makruh?
- G’oyatda ilmsiz kishining, ko’r kishining, e’tiqodi buzuq kishining va zinodan tug’ilgan kishining imom bo’lishlari makruhdir.
- Ushbu kishilarga iqtido qilib o’qilgan namoz durust bo’ladimi?
- Durust bo’ladi, lekin makruhdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:19:06

Mudrik va masbuq

- Imomga avvalgi rakatda ergashgan (iqtido qilgan) kishi nima deyiladi?
- «Mudrik» deyiladi.
- Imomga avvalgi rakatda ergasholmay, so’nggi rakatlarda ergashgan kishi nima deyiladi?
 — «Masbuq» deyiladi.
— Rakatning qaysi yeriga yetib ergashgan bo’lsa o’sha rakat topganga hisob qilinadi?
— Ruku’ga yetib ergashsa, o’sha rakat ham hisobga o’tadi.
— Birinchi rakatning ruku’siga yetib ergashsa, mudrik bo’ladimi yoki masbuq bo’ladimi?
— Mudrik bo’ladi.
— Agar bir kishi to’rt rakatli namozning oxiridagi to’rtinchi rakatni topsa, imomdan keyin necha rakat qazo qiladi?
— Uch rakat qazo qiladi. Qolgan uch rakat namozdan bir rakat o’qib, qa’daga o’tirib tashahhud aytib, tashahhuddan keyin yana qiyomga turib, ikki rakat o’qib tamom qiladi.
— Shu uch rakatning qaysilarida Fotiha surasidan so’ng sura qo’shiladi?
— O’sha uch rakatning avvalgi ikki rakatida zam sura qiladi, so’nggidagi bir rakatda zam sura qilmaydi.
— Bir kishi oxirgi rakatning ruku’siga yetishmasa, imomga ergashadimi yoki yo’qmi?
— Albatta, imomga ergashadi. Xoh oxirgi sajdasi bo’lsin, xoh qa’dasida bo’lsin, tezlik bilan imomga ergashib, jamoat savobini topishga harakat qilishi lozim.
— Bunday holda u odam imomdan keyin necha rakat qazo o’qiydi?
— Necha rakatli namoz bo’lsa, shuncha rakatni yolg’iz namoz o’qigan kishidek qazo qilib o’qiydi.
— Shom namoziga o’xshash uch rakatli namozning oxirgi rakatini topsa, imomdan so’ngra necha rakatni qazo qilib o’qiydi?
— Ikki rakatni.
— Shu ikki rakatning avvalgi rakatida sajdadan keyin qa’da qiladimi yoki qiyomga turadimi?
— Qa’daga o’tirib tashahhud o’qib, keyin qiyomga turadi va oxirgi rakatni o’qib, namozni tamom qiladi.   
— Bir kishi ikki rakatli namozning avvalgi rakatiga ulgurmasa, balki imom sajda qilgan vaqtda yetishsa, nima qiladi?
— Tezlik bilan imomga ergashadi va imom qaysi amalni qilsa, u ham o’sha amalni qila boshlaydi. Masalan, sajda qilgan zamonda yetishsa, tezlik bilan sajda qila boshlaydi.
— Shu kishi mudrik bo’ladimi, masbuq bo’ladimi?
— Mudrik bo’lmaydi, masbuq bo’ladi.
— Endi u kishi qolgan bir rakatni nima qiladi?
— Imom oxirgi qa’daga o’tirganda u kishi ham o’tiradi. «At-tahiyyat»ni o’qib, ammo salovot va duoni o’qimasdan sukut saqlab, imom salom bergunicha qarab turadi. Imom salom berganidan so’ngra turib qolgan bir rakatni o’qiydi.

Qayd etilgan