Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 177569 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:19:29

Masjid va jamoat

- Besh vaqt namozni jamoat bilan o’qish savoblimi yoki tanho o’qish savoblimi?
- Albatta, jamoat bilan o’qish savoblidir. Jamoat bilan o’qilgan namozning savobi yolg’iz o’qilgan namozdan yigirma yetti daraja ziyodadir. Payg’ambarimiz (s.a.v.) jamoatni tark etgan kishilarga dashnom berar edilar, shu sababdan namozni jamoat bilan o’qish sunnati muakkadadir.
- Jamoat hisoblanishi uchun necha kishi bo’lishi kerak?
- Imomdan boshqa bir kishi bo’lsa, jamoat bo’ladi. Lekin jamoat qancha ko’p bo’lsa, savobi shuncha ziyoda bo’ladi.
- Masjid bo’lmasa ham jamoat bo’ladimi?
- Imom bilan o’qilsa, qaysi yerda o’qilsa ham jamoat bo’laveradi.
- Namozni masjidga borib o’qish zarurmi?
- Albatta, g’oyatda zarurdir. Uzr bo’lmagan holda har namozni masjidga borib o’qishga harakat qilmoq kerak.
- Masjidga kirganda va chiqqanda qaysi oyoqni avval qo’yish lozim?
- Masjidga kirganda avval o’ng oyoqni, chiqqanda esa chap oyoqni qo’yish kerak.
- Masjidga kirganda nima deb duo qilinadi?
«Allohumma iftahli abvaba rohmatik», deb duo qilinadi.
Ma’nosi: «Ey Alloh, menga rahmating eshiklarini ochgin».

- Masjiddan chiqqanda nima deb duo qilinadi?
«Allohumma inni as’aluka min fazlikal ‘azim», deb duo qilinadi.
Ma’nosi: «Ey Alloh, albatta men Sendan ulug’ fazlingni talab qilaman».

- Masjidga kirganda nima qilmoq kerak?
- Masjidga kirganda sunnat namozini va «Tahiyyatil masjid» (masjid haqiga), deb nomlangan namozni o’qish lozim.
- Masjid ichida qanday o’tirish kerak?
- G’oyatda odob va tavoze’ bilan o’tirish kerak. Dunyoviy hech bir ish qilmaslik, dunyoviy so’zlarni so’zlamaslik, o’ynamaslik va kulmaslik kerak. Aksincha, mumkin qadar zikrda, tasbehda, duoda bo’lish, Qur’on o’qib o’tirish yo nafl namozga mashg’ul bo’lish lozim. Masjid ichida tuflamaslik va burunni qoqmaslik, masjid Allohga ibodat qiladigan joy, deb g’oyatda sidqidildan e’tiqod qilib o’tirish lozim. Sarimsoqpiyozga o’xshash badbo’y narsalarni yeb masjidga kirish makruhdir.
- Imom bomdod namozining farzini o’qiyotganda yetishgan kimsa ikki rakat sunnatni o’qiydimi yoki o’qimaydimi?
- Farzning oxirgi rakatiga yetishish mumkin bo’lsa, masjidning bir tarafida sunnatni tezroq o’qib, undan so’ngra imomga ergashgan ma’qul. Agar sunnatni o’qigan holda farzning oxirgi rakatiga yetishmaydigan bo’lsa, sunnatni o’qimaydi, balki tezlik bilan imomga ergashadi.
- U qolgan ikki rakat sunnatni farzni o’qigandan keyin qazo qiladimi?
- Qazo qilmaydi, qolgan holicha qoladi.
- Imom peshin namozining farziga kirishgan paytda yetishgan kishi nima qiladi?
- Tezlik bilan imomga ergashadi, sunnatga mashg’ul bo’lmaydi.
- Farzni o’qigandan so’ng to’rt rakat sunnatni qazo qiladimi?
- Farzdan so’ng o’sha to’rt rakat sunnatni qazo qiladi, keyin ikki rakat o’qiydi.
- Bir kishi masjidga kirib peshin namozining to’rt rakat sunnatini o’qishga kirishganda muazzin iqomat aytib takbir tushirsa va imom farzni o’qishni boshlasa, u kishi nima qiladi?
- Boshlangan namozni ikki rakat qilib salom berib, naflga qoldirib, tezlik bilan imomga ergashadi. Imom bilan farzni o’qigandan so’ng to’rt rakat sunnatni avval qazo sifatida o’qib, so’ng ikki rakatni o’qiydi.
- Peshin namozining to’rt rakat sunnatidan uch rakatini o’qigandan so’ng muazzin iqomat aytsa, nima qiladi?
- U vaqtda to’rt rakatni tamom qilib, imomga ergashadi. Farzdan so’ng to’rt rakat sunnatni qazo qilish lozim emas.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:19:53

Qazo namozi

— Bir kishi bir namozni uzr sababli o’z vaqtida o’qimasa, nima qiladi?
— So’ngra qazo qilib o’qiydi.
— Bir kishining bir namozi qazo bo’lib, ikkinchi namozning vaqti kirib qolsa, u kishi qaysi namozni o’qiydi, ya’ni avval qazo namozni o’qiydimi yoki vaqti kirgan namozni o’qiydimi? Masalan, peshin namozi qazo bo’lib, hanuz qazosini o’qimay, asr namozining vaqti kirib qolsa, avval peshin namozining qazosini o’qiydimi yoki asrni o’qiydimi?
— Umrida namozlarni besh martadan ortiq qazo qilmagan kishi bo’lsa, avval qazo bo’lgan namozni o’qib, undan so’ng vaqti kirgan namozni o’qishi farzdir. Qazo bo’lgan namozni o’qimasdan vaqti kirgan namozni o’qishi durust emas. Ammo umri davomida besh namozdan ortiq qazo qilgan kishidan bu tartib soqitdir. Ya’ni, unga tartib farz emas, u tartib egasi emas. Demak, u kishi xohlasa, qazo bo’lgan namozni avval o’qiydi.
— Tartib soqit bo’lmagan kishi qazo namozni esdan chiqarib, vaqti kirgan namozni o’qisa, namozi tamom bo’lmasdan qazo bo’lgan namozi esiga tushsa, o’qib turgan namozi buziladimi?
— Buziladi.
Vaqti kirgan namozni o’qib tamom qilgandan so’ngra qazo qilgan namozi esiga tushsa, o’qilgan namozi durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi, boshqatdan o’qish lozim emas.
Qazo bo’lgan namozga mashg’ul bo’lsa, keyingi namozning vaqti chiqib ketish xavfi bo’lsa, avval qaysi namozni o’qiydi?
— Avval vaqti kirgan namozni o’qiydi, qazo namozni undan keyin o’qiydi.
Uzrsiz biror namozni o’z vaqtida o’qimasdan qazoga qoldirish durust bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi, nihoyatda ulug’ gunohlardandir.
Bir kunning besh vaqt namozi qazo bo’lsa, avval qaysini qazo qiladi?
— Bomdod namozidan boshlab to xufton namozigacha o’z tartibida qazo qiladi.
Qazo bo’lgan namozning faqat farzini o’qiydimi yoki sunnatni ham o’qiydimi?
— Faqat farzini o’qiydi, sunnatini o’qimaydi, lekin bomdod namozi qazo bo’lgan bo’lsa, peshin vaqti kirmasdan qazosini o’qisa, u vaqtda bomdodning sunnatini ham qazo qiladi.
Vitr namozi vaqtida o’qilmasa qazo qilinadimi?
— Qazo qilinadi.
Juma va hayit namozlari-chi?
— Qazo qilinmaydi. Jumani o’qimay qolgan kishi o’rniga peshin namozini o’qiydi. Ammo hayit namozini qazo ham qilmaydi va o’rniga o’qiladigan namoz ham yo’q.
Bomdod namozi, shom namozi va xufton namozi qazo qilinganda avvalgi ikki rakatlar ovoz chiqarib o’qiladimi yoki ichida o’qiladimi?
— Ushbu namozlar jamoat bilan qazo qilinsa, ovoz chiqarib o’qish imomga vojibdir. Yolg’iz qazo qiluvchiga ichda o’qish vojibdir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:20:17

Sajdai sahv
(Xatoni tuzatadigan sajda)


— Bir kishi namozda unutib biror farzni qoldirsa, namozi durust bo’ladimi?
— Durust bo’lmaydi.
— Agar namozda unutib biror vojibni qoldirsa, namozi buziladimi?
— Buzilmaydi, lekin u kishi namoz oxirida sajdai sahv (xatoni tuzatadigan sajda), degan sajdani qilishi aojib bo’ladi.
— Sajdai sahv qanday ado qilinadi?
— Sajdai sahv qiladigan kishi oxirgi qa’dada o’tirganda tashahhuddan so’ng salovot duosini o’qimaydi. Yolg’iz o’qiydigan kishi bo’lsa, ikki tarafga salom beradi. Imom bo’lib o’qiydigan kishi bo’lsa, bir tarafga salom beradi. Salom bergandan keyin namozning sajdasiga o’xshash ikki martaba sajda qilib, har sajdada kamida uch martaba «Subhana robbial ‘ala», deydi va qa’daga o’tirib tashahhud, salovot va duoni o’qib, ikki tarafga salom berib namozni tamom qiladi.
— Imom nima uchun bir tarafga salom beradi?
— Imom ikki tarafga salom bersa, ortida ergashuvchilar namoz tamom bo’ldi, deb o’rinlaridan qo’zg’alib qolishlari mumkin. Shuning oldini olish uchun.
— Imom unutib biror vojibni o’qimasa, ergashuvchi ham imomga bo’ysunib sajda qilishi vojibmi?
— Vojib bo’ladi.
— Imom sajdai sahv qilsa, masbuq ham sajdai sahv qiladimi?
— Imomga tobe’ bo’lib sajdai sahv qilgandan so’ng qolgan rakatlarni o’qiydi, shuning uchun masbuq imomning salomini kutib turishi lozim.
— Ergashuvchi unutib namozning biror vojibini tashlab ketsa, sajdai sahv vojib bo’ladimi?
— Imomga ham, ergashuvchiga ham vojib bo’lmaydi. Imom sajda qilmagan holda ergashuvchi tanho o’zi, albatta, sajda qilmaydi.
— Bir kishi vojibni qasddan, o’z ixtiyori bilan tashlab ketsa, sajdai sahv vojib bo’ladimi?
— Vojib bo’lmaydi, lekin vojibni tark qilgani uchun gunohkor bo’ladi.
— Bir kishi namozda sunnat yoki mustahablardan birini tashlab ketsa, sajdai sahv vojib bo’ladimi?
— Vojib bo’lmaydi.
— Unutib ikki-uch vojibni tashlab ketsa, necha marta sajdai sahv qiladi?
— Necha vojib tashlab ketilgan bo’lsa ham, bir marta sajdai sahv qiladi.
— Unutib qaysi ishlarni qilsa, sajdai sahv vojib bo’ladi?
— Ushbu o’n to’rt tur ishning birini qilsa, sajdai sahv vojib bo’ladi:
1) farz namozining avvalgi birinchi rakatida Fotiha surasini o’qimasdan boshqa bir sura o’qisa;
2) avvalgi ikki rakatda Fotiha surasidan so’ng biror sura yoki biror uzun oyat o’qimasa;
3) uch rakatli yoki to’rt rakatli namozlarda avvalgi qa’dada o’tirmasa;
4) biror qa’dada tashahhud o’qimasa;
5) avvalgi qa’dada tashahhuddan so’ng salovot o’qisa;
6) avvalgi qa’dada salom berib qo’ysa;
7) ovoz chiqarib o’qiydigan namozlarni ichida o’qib qo’ysa;
8) ichida o’qiladigan namozlarni ovoz chiqarib o’qisa;
9) vitr namozida Qunut duosini o’qimasa;
10) qiroatdan ilgari ruku’ qilsa;
11) ikki marta ruku’ qilsa;
12) uch marta sajda qilsa;
13) oxirgi qa’dadan qiyomga turib ketsa;
14) tashahhuddan so’ng qaysi rakat, nechanchi rakat ekanini o’ylab qolib, salom berishni cho’zib yuborsa.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:20:44

Namozda unutmoq

— Bir kishi to’rt rakatli namozda avvalgi qa’dada o’tirmay, qiyomga tura boshlasa, shu orada xato qilganligi xotiraga kelsa, nima qiladi?
— Agar tizzalarini to’g’rilab qiyom holiga yaqinlashmagan bo’lsa, ya’ni tizzalari bukilgan holicha turgan bo’lsa, qaytib qa’daga o’tiradi. Namoz oxirida sajdai sahv qilishi vojib bo’lmaydi. Agar tizzalari to’g’rilanib qiyomga yaqinlashgan bo’lsa, qaytib qa’daga o’tirmaydi. Balki qiyomga turib ketadi va bu holda sajdai sahv vojib bo’ladi.
— Bir kishi oxirgi qa’daga o’tirmay, qiyomga turib ketsa, undan so’ng xato qilganligi xotirasiga kelsa, nima qiladi?
— Xato qilgani xatoga yo’l qo’ygan rakatda sajda qilishdan oldin xotirasiga kelib qolsa, tezlik bilan qaytib qa’daga o’tirib tashahhud o’qib, salom berib, sajdai sahv qiladi. Agar xato qilingan rakatning sajdasini qilsa, namozi farzlikdan chiqib, nafl hisobiga o’tadi. Xohlasa, bir rakatiga yana bir rakat qo’shib ikki rakat qiladi, xohlasa, salom berib o’sha namozdan chiqib, farzni boshqatdan o’qiydi.
— Bir kishi oxirgi qa’dani avvalgi qa’da, deb gumon qilib, tashahhud o’qib qiyomga turib ketsa, nima qiladi?
— Qolgan rakatning sajdasini qilmasdan xato qilganini bilib qolsa, tezlik bilan qaytib qa’daga o’tirib, salom berib, sajdai sahv qilib, namozni tamom qiladi. Agar xato qilgan rakatning sajdasini qilib qo’ysa, u vaqt avval boshlagan farz namozi tamom bo’ladi, xato bilan boshlagan bir rakatga yana bir rakat qo’shib, namoz oxirida sajdai sahv qiladi.
— Xato qilinib o’qilgandan so’nggi ikki rakat qanaqa namoz bo’ladi?
— Nafl namoz bo’ladi.
— Uch rakatli yoki to’rt rakatli namozlarda unutib namoz tamom bo’ldi, deb ikki tarafga salom berib qo’ysa, nima bo’ladi?
— Salom bergandan so’ng namozni buzadigan biror ish qilmagan bo’lsa, tezlik ila qiyomga turib qolgan rakatni o’qib, namozni tamom qiladi, lekin namoz oxirida sajdai sahv qiladi. Ammo salom bergandan so’ng namozni buzadigan biror ish qilib qo’ygan bo’lsa, o’qigan namozi nafl bo’ladi, farzni boshqatdan o’qimog’i lozim.
— Bir kishi namozda necha rakat o’qiganini unutsa, hozir necha rakat bo’lganini ham bilmasa, u kishi nima qiladi?
— Agar umrida birinchi unutishi bo’lsa, o’qib turgan namozdan chiqib, namozni boshqatdan o’qiydi.
— Namozdan qay tariqa chiqadi?
— Qiyomda bo’lsa, qiyomda bo’lgan holicha, qa’dada bo’lsa, qa’dada bo’lgan holicha ikki tarafga salom berib namozdan chiqadi.
— Agar bir kishi ko’p namozda shu tariqa necha rakat o’qiganini unutgan bo’lsa va namozi necha rakat bo’lganini yana unutsa, nima bo’ladi?
— Dilida necha rakat o’qigani yaqinroq bo’lsa, shuni e’tiborga olib, ushbu hisob ila namozni tamom qiladi.
— Diliga hech bir tarafi yaqinroq bo’lmasa, balki bir tarafga ehtimol bo’lsa, nima qiladi?
— O’zini oz rakat o’qigan hisob qilib namozini tamom qiladi. Masalan, o’qib turgan rakatning birinchi rakatmi yoki ikkinchi rakatmi, deb shubhaga tushsa, avvalgi rakat hisob qilib namozini davom ettiradi. Ikkinchi rakatmi yoki uchinchi rakatmi, deb shubhaga tushsa, ikkinchi rakat hisob qilib namozini davom ettiradi. Uchinchi rakatmi yoki to’rtinchi rakatmi, deb shubhaga tushsa, uchinchi rakat hisob qilib namozini davom ettiradi.
— Ushbu tariqa shubha qilgan namozda oxirgi rakatga turguncha nima qilmoq lozim?
— Tashahhudni o’qish miqdoricha qa’dada o’tirib turmoq lozimdir.
— Nima uchun bunday qilmoq lozim?
— Chunki o’sha rakatning faqat oxirgi rakat bo’lmog’ining ehtimoli bor. Agar voqean u rakat oxirgi rakat bo’lsa, unda qa’daga o’tirmoq farzdir. Shu farzni tark qilmaslik uchun u rakatda ham qa’daga o’tirib turish lozim.
— Shu tariqa o’qilgan namozning oxirida sajdai sahv qilish lozim bo’ladimi?
— Lozim bo’ladi, chunki bunda salomni ta’xir qilgan ehtimoli bordir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:21:07

Tilovat sajdasi

— Tilovat sajdasi qanday sajda?
— Qur’ondagi sajda oyatlarining birini o’qigan va eshitgan kishining qilishi vojib bo’lgan sajdadir.
— Qur’onning necha yerida sajda oyati bor?
— 1) «A’rof»;
2) «Ra’d»;
3) «Nahl»;
4) «Isroil»;
5) «Maryam»;
6) «Haj»;
7) «Furqon»;
8 ) «Naml»;
9) «Sajda»;
10) «Sod»;
11) «Fussilat;
12) «Najm»;
13) «Inshiqoq»;
14) «Alaq» suralaridadir.
— Bir kishi ushbu sajda oyatlaridan birini bir o’tirishda ikki yoki uch marotaba o’qisa, necha marta sajda qilmog’i vojib bo’ladi?
— Bir o’tirishda bir oyatni necha marta o’qisa ham, bir sajda vojib bo’ladi.
— Bir o’tirishda bir yoki ikki suradagi sajda oyatini o’qisa, necha sajda vojib bo’ladi?
— Necha suradagini o’qisa, shuncha sajda qilmog’i vojib bo’ladi. Masalan, ikki suradagi sajda oyatini o’qisa, ikki sajda vojib bo’ladi. Uch suradagi sajda oyatini o’qisa, uch marta sajda qilishi vojib bo’ladi.
— Bir sajda oyatini avval bir o’tirganda bir marotaba o’qisa, undan so’ng ikkinchi o’tirishda o’qisa, necha marta sajda qilishi vojib bo’ladi?
— Necha o’tirishda o’qisa, shuncha sajda qilmog’i vojib bo’ladi.
— Bir sajda oyatini ikki marta eshitsa, necha marta sajda qilmog’i vojib bo’ladi?
— Eshitish ham o’qiganga o’xshashdir. Bir o’tirishda necha marta eshitsa ham, bir marotaba sajda qilmog’i vojib bo’ladi. Ikki o’tirishda eshitsa, ikki marotaba sajda qilmog’i vojib bo’ladi.
— Qur’on o’qiganda sajda oyatining faqat o’zini tashlab o’qish durustmi?
— Durust emas, makruhdir. Sajda oyatini tashlab o’qish lozim bo’lsa, boshqa bir-ikki oyatni qo’shib tashlasa, makruh bo’lmaydi.
— Sajda oyatini ovozni baland qilib o’qish lozimmi yoki ichda o’qiladimi?
— Kishi eshitadigan bo’lsa, ichda o’qish mustahabdir.
— Tilovat sajdasi qay tariqa qilinadi?
— Sajda qiluvchi qiblaga turib «Tilovat sajdasini qilaman», deb niyat qiladi va takbir aytib sajda qiladi. Sajdada uch marotaba «Subhana robbiyal ‘ala», deydi. So’ng takbir aytib qiyomga turadigan kishidek tizzani biroz ko’tarib, yana qaytib qa’daga o’tiradi va ushbu duoni o’qiydi:
«Sajadtu lir-rohman va amantu bir-rohman fag’firli zunubi ya rohman. Sami’na va ato’na g’ufronaka robbana va ilaykal masiyr».
Ma’nosi: «Alloh uchun sajda qildim va ul Allohga imon keltirdim, bas, mening gunohlarimni avf qilgin, ey rahmat qiluvchi Alloh. Ey Parvardigorimiz, biz Sening avf qilmog’ingni eshitdik va ham Senga itoat qildik va oxiratda ham Sening hukmingga roje’ bo’lib va Unga qayturmiz».

— Ushbu sajdaning nechta sharti bor?
— Yettita.
— Ular qaysilar?
— Namozda bo’lgandek tahoratda bo’lish; badan, libos va o’rinning pok bo’lishi; avrat berkitilgan bo’lishi; qiblaga qarab turish; niyat qilish.
— Tilovat sajdasida qo’l ko’tarib takbir aytish va ruku’ qilish lozim bo’ladimi?
— Takbirda qo’l ko’tarish va ruku’ qilish lozim emas, balki qiyomda turib yoki o’tirib niyat qilish ila to’g’ri sajdaga ketish lozimdir.
— Namozning sajdasiga o’xshash bu sajda ham ikki marta qilinadimi?
— Bir marta qilinadi.
— Bu sajda qay vaqt qilinadi?
— Sajda oyatini o’qiganda. Namoz o’qish makruh bo’lmagan vaqtlarda durust bo’ladi.
— Sajda oyati o’qilgach, sajdani shu kun yo shu soatda qilmasdan keyin qilsa, durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi, lekin sajda oyatini o’qigan vaqtda tezlik ila qilsa, savobliroqdir.
— Bir kishi sajda oyatlaridan birini namoz ichida o’qisa, nima qiladi?
— Sajda oyatini o’qib turib to’xtamasdan ruku’ qilsa, sajda o’rniga o’tadi. Boshqa sajda qilishi lozim emas. Agar sajda oyatini o’qigan holda ruku’ qilmoqchi, ammo ruku’gacha yana bir necha oyat o’qimoqchi bo’lsa, unda sajda oyatini o’qigan vaqt takbir aytib sajdaga boradi-da, bir sajda qilib yana qiyomga qaytadi. So’ng ruku’ qilguncha o’qimoqchi bo’lgan oyatlarni o’qib, ruku’ qiladi.
— Imom sajda tilovatini qilganida imomga ergashgan kishi va masbuq (namozga kech kirgan kishi) ham sajda qiladimi?
— Ular ham imomga ergashgan bo’lib sajda qiladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:21:24

Muqim va musofir

— Muqim qanday kishidir?
— O’z shahrida turuvchi, musofir bo’lmagan kishilardir.
— Musofir qanday kishidir?
— O’rta yurish ila uch kunda yetarlik masofadagi biror shahar yoki qishloqqa borishni niyat qilib yo’lga chiqqan kishidir.
— Yo’lga chiqqach, qaysi yerdan musofirlik boshlanadi?
— O’zi turadigan shahar yoki qishloqning imoratli joylaridan uzoq bo’lgandan so’ng boshlanadi.
— O’sha kishi qaysi zamongacha musofir sanaladi?
— Toki o’z shahriga qaytib kirgunga qadar. Yoki boshqa yerda o’n besh kungacha turishni niyat qilganlar ham musofir sanaladi.
— O’rta yurish qanday yurishdir?
— Qo’riq yerda bo’lganda piyoda va tuyada yurishga o’xshash yurishdir. Daryoda bo’lganda kemaning o’rta shamol bilan yurishidir.
— Musofir sanalishi uchun eng kamida necha chaqirimlik yerga borishni niyat qilgan bo’lishi kerak?
— Eng kami to’qson chaqirimlik joyga borishni niyat qilishi lozim.
— O’sha yerda turgan vaqti musofirlikka kiradimi yoki muqimlikka kiradimi?
— Musofirlikka kiradi.
— Bir yerga musofir bo’lib borib yetgandan so’ngra o’sha yerda o’n besh kun turishni niyat qilsa, musofirlikdan chiqadimi?
— Albatta, musofirlikdan chiqadi. Go’yoki uyiga qaytib kelgan kishidek muqim hukmida bo’ladi.
— Bir yerga musofir bo’lib borib yetgandan keyin o’n besh kun turishni niyat qilmasa, bir-ikki kundan yoki o’n to’rt kundan so’ng bu yerdan ketmoqchi bo’lsa, o’sha yerda turgan vaqti musofir bo’ladimi yoki muqim bo’ladimi?
— Musofir bo’ladi.
— Avvaldan u yerda o’n besh kun turishni niyat qilmasdan, biror ish chiqib qolgani sababli yoki biror xabarga muntazir bo’lganligi sababli o’n besh kunga qadar yoki ziyodroq turib qolsa, muqim bo’ladimi yo musofir bo’ladimi?
— Hamon musofirligi saqlanadi.
— Bir necha kun turgandan so’ngra o’n besh kun turishni niyat qilsa, musofirlikdan chiqadimi?
— Albatta chiqadi.
— Bir kishi borgan yerida avvaldan o’n besh kun turishni niyat qilib, muqim hukmida bo’lsa, lekin bir necha kun turib (o’n besh kun turolmasdan) o’z shahriga qaytsa yoki boshqa bir safarga chiqsa, muqim bo’ladimi, musofirmi?
— Muqimligi tamom bo’lib, yana musofir hukmiga o’tadi.
— Bir yerga borib yetgandan so’ng o’n besh kun turishni niyat qilib, bir kun turgach, o’n besh kun to’lguncha u yerdan ketishni niyat qilsa, muqim bo’ladimi yoki musofir bo’ladimi?
— Musofir bo’ladi.
— Bir kishining ikki shaharda hovlisi bo’lsa, u shaharlarning orasi uch kunlik yo’l bo’lsa, bir hovlidan ikkinchi hovliga borganda musofir bo’ladimi?
— Qaysisiga borsa ham, yo’lda musofir bo’ladi, ammo hovli bor shaharga borib kirishligi bilan musofirligi tamom bo’lib, muqim bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:21:43

Musofirlarning hukmlari

— Musofir kishiga nima lozim bo’ladi?
— To’rt rakatli namozlarni, masalan, peshinni, asrni, xuftonni qisqa (qasr) qilib, ikki rakatdan o’qishi lozim. Shom va vitr namozini qisqartirmaydi.
— To’rt rakatli sunnatlarni qisqa qiladimi?
— Yo’q.
— Musofirlarga nechuk ishlarni qilish durust bo’ladi?
— Mahsiga yoki etikka uch kecha-kunduzgacha mash tortish ham, qattiq mashaqqatli bo’lgan taqdirda namozning sunnatlarini o’qimasa, ramazon oyida ro’zani tutmasdan qazoga qoldirsa ham bo’ladi.
— To’rt rakatli namozda musofir kishi muqim kishiga imom bo’lsa, durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi.
— Bu holda namozni necha rakat qilib o’qiydilar?
— Musofir ikki rakat o’qib salom berib, namozni tamom qiladi. Orqasidan ergashgan kishi tashahhudni o’qiydi, ammo salovot va duoni o’qimay, imom bo’lgan musofirning salom berishini kutib turadi. Musofir salom bergandan keyin muqimlar qiyomga turadilar va qolgan ikki rakatni o’qib, namozlarini tamom qiladilar.
— To’rt rakatli namozda musofir kishining muqimga ergashishi durust bo’ladimi?
— Qazo namoz bo’lsa, durust bo’lmaydi, ammo vaqtida ado qilinadigan namoz bo’lsa, durust bo’ladi.
— Bu holda musofir necha rakat o’qiydi?
— Imomga tobe’ bo’lib to’rt rakat o’qiydi.
— Musofir kishi to’rt rakatli namozni ikki rakat o’qimay, to’rt rakat qilib to’la o’qisa, namozi durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi, lekin ikki rakat o’qimay, to’rt rakat o’qigani uchun gunohkor bo’ladi.
— Musofir kishi o’z shahrida o’qilmay, qazoga qolgan to’rt rakatli namozni safarda qazo qilmoqchi bo’lsa, necha rakat qilib qazo o’qiydi?
— To’rt rakat qilib qazo o’qiydi.
— Bir musofir safardalik chog’ida to’rt rakatli namozi qazoga qolgan bo’lsa, o’z shahriga qaytib kelgandan keyin necha rakat qilib qazo o’qiydi?
— Safarda bo’lgan vaqtidagidek ikki rakat qilib qazo o’qiydi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:22:01

Juma namozi

— Juma namozi qanday namozdir?
— Juma kuni peshin namozining o’rniga o’qiladigan namozdir.
— Juma namozining vaqti qay vaqtdir?
— Juma namozining vaqti peshin namozining vaqtidir, ya’ni kun qiyomdan oqqandan boshlab asr namozining vaqti kirgunchadir.
— Juma namozining farz bo’lishi uchun necha shart bor?
— Olti shart bor:
1. Balog’atga yetgan er kishi bo’lmog’i;
2. Ixtiyorli kishi bo’lmog’i;
3. Salomat kishi bo’lmog’i;
4. Oyoqlari yurishga kifoya qiladigan kishi bo’lmog’i;
5. Muqim kishi bo’lmog’i;
6. Ikki ko’zi sog’ bo’lmog’i;
Xotinlarga (yosh bolali), sabiylarga, zindondagi kishilarga, uxlash ixtiyori o’zida bo’lmagan kishilarga, qudrati yetmagan betob kishiga, musofir kishilarga, ikki ko’zi ko’r bo’lgan kishilarga, oyoqsiz kishilarga juma namozi farz bo’lmaydi, u kishilar uzrli kishilardir.
Bu uzrli kishilar juma kuni masjidga borib juma namozini o’qisalar, peshin namozini o’qimasalar ham, durust bo’ladi, o’qigan juma namozlari peshin o’rniga o’tadi.
— Juma namozining ado qilinmog’iga necha shart bor?
— Yana olti shart bor:
1. Shahar, deb ataladigan yerda bo’lmog’i;
2. Har kim kirishi uchun ruxsat berilgan jome’ masjidi bo’lmog’i;
3. Juma namoziga imom bo’ladigan kishi mamlakatning podshohi yoki qozisi tarafidan ijozat olgan bo’lmog’i;
4. Jamoat bo’lmoq uchun imomdan boshqa loaqal uch kishi bo’lmog’i;
5. Peshin namozining vaqti kirmog’i;
6. Juma namozining ikki rakat farzidan ilgari imom xutba o’qimog’i;
— Qanday joylar shaharga hisob qilinadi?
— Bu xususda ixtilof ko’p, ammo ayrim ulamolarning so’zlariga qaraganda, hamma masjidlardan katta bo’lgan masjid, ya’ni jami odamlari sig’maydigan bo’lsa, qishloq nomida bo’lsa ham, shahar hisob qilinadi.
— Shaharning atrofida shaharga kerakli yerlarda, masalan, o’q otish, ot choptirish va askar jam o’tishi, o’lik dafn etish kabi zarur ishlar bo’ladigan yerlarda juma namozi o’qish durust bo’ladimi?
— Durust bo’ladi, chunki shaharning atrofi hukmi ham shahar hukmidadir.
— Bir kishi juma namoziga oxirida kelib yetishsa, nima qiladi?
— Tezlik bilan imomga ergashishi kerak. Imom salom berganidan so’ng boshqa namozlardan qolgan rakatlarini masbuqqa o’xshab o’zi tamom qiladi.
— Bir kishi bir uzr sababli yoki uzrsiz juma namoziga yetolmasa, ya’ni kishi masjidga kelganda imom salom bergan bo’lsa, nima qiladi?
— Peshin namozini o’qiydi.
— Bir kishi biror uzr sababli masjidga borolmay qolsa, nima qiladi?
— Peshin namozini o’qiydi. Agar hech bir uzrsiz xushyoqmaslik qilib bormasa, jumaga bormaganligi uchun gunohkor bo’ladi. Agar peshinni ham o’qimasa, ziyodaroq gunohkor bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:22:20

Jumaning xutbalari

— Juma namozining xutbasi qaysi vaqtda o’qiladi?
— Jumaning to’rt rakat sunnati o’qilgandan so’ng o’qiladi.
— Xutba qay tariqa boshlanadi?
— Muazzin minbar to’g’risiga kelib, xutba asosini qo’liga ushlab, «Uskutu rahimakumulloh», deydi (ma’nosi: «Ey jamoat, xatibning xutbasiga quloq solib sukut qilib turingizlar. Alloh taolo sizlarni rahmat qilsin»). Undan so’ng xatib minbar yoniga kelib, minbarning uchinchi zinasiga chiqib, muazzinga to’g’ri bo’lib o’tiradi. Undan so’ng muazzin xatibga ro’para turib azon aytadi. Azon tamom bo’lgach, imom-xatib o’rnidan turib, minbar ustida masjiddagi odamlarga qarab xutba o’qishga kirishadi.
— Imom nechta xutba o’qiydi?
— Ikki xutba o’qiydi. Ikki xutbaning orasida Allohga hamd aytadi, kalimai shahodatni o’qiydi. Payg’ambar Muhammad (a.s.)ga salovot aytadi, to’rt ulug’ sahoba va boshqa sahobalarni madh qiladi, Qur’ondan bir-ikki va’z o’qiydi, hamma odamlarga zarur bo’ladigan va’z-nasihatlarni qiladi hamda barcha musulmonlarni xayrli duo qiladi.
— Xutba tamom bo’lgandan keyin nima qiladi?
— Muazzin iqomat aytib takbir tushiradi, imom mehrob tarafga borib juma namozining ikki rakat farzini o’qishga kirishadi, jamoat imomga ergashadi.
— Juma namozining farzi qay tariqa o’qiladi?
— Ovoz chiqarib o’qiladi.
— Farz tamom bo’lgandan so’ng nima qiladi?
— Juma namozining to’rt rakat sunnati o’qiladi.
— Undan so’ng-chi?
— Undan so’ng imom va jamoat — hammalari fotihaga qo’l ko’tarib duo qilib, masjiddan chiqadilar.
— Imom minbarda xutba o’qib turganda masjiddagi odamlarga so’zlashish va xutbaga quloq solmay o’tirish durust bo’ladimi?
— Aslo durust bo’lmaydi. Bunday qilishlik haromdir.
— Zikr yo tasbeh aytish yoki Qur’on tilovat qilish yoxud nafl va sunnat namozlarini o’qib o’tirish durust bo’ladimi?
— Ushbularning hech biri durust bo’lmaydi. Har kim xatibning xutbadagi so’zlarini ixlos ila eshitib, anglab, ibratlanib o’tirishi lozim.
— Xutba qaysi tilda o’qiladi?
— Arab tilida o’qiladi.
— Arabchani bilmagan kishilar xutbadagi va’z va nasihatlarni qanday anglaydilar?
— Har bir musulmon kishi arab tilini bilishga harakat qilishi lozim. Agar jumaga kelgan jamoatning ko’prog’i arab tilini bilmasa, xatib xutbada o’qilgan va’z va nasihat so’zlarini xutba oxirida mahalliy tillarda ham anglatmog’i savobliroqdir.
— Bir kishi jome’ masjidga imom minbarga chiqib xutba o’qib turgan vaqtida kelib kirsa, nima qiladi?
— Kirgan vaqtidan boshlab quloq solib o’tiradi. Tahiyyati masjidni va juma namozining to’rt rakat sunnatini o’qimaydi.
— Bularni farzdan so’ngra o’qiydimi?
— To’rt rakat sunnatni o’qiydi, ammo tahiyyati masjid o’qilmagan holicha qoladi.
— Bir kishi tahiyyati masjidni yoki jumaning to’rt rakat sunnatini o’qishni boshlagan vaqtda imom minbarga chiqib xutba boshlasa, nima qiladi?
— Boshlagan namozni tamom qiladi (to’xtatadi).

Qayd etilgan


Doniyor  14 Iyul 2006, 07:22:38

Hayit kunlari

— Hayit kuni qanday kundir?
— Shodlik va xursandlik kunidir.
— Islom ahliga bir yilda necha hayit kuni bor?
— Ikki hayit kuni bordir: birisi — fitr iydi (ramazon hayiti), ikkinchisi — qurbon hayitidir.
— Fitr hayitining ma’nosi nima?
— Ro’zadan chiqish bayramidir.
— Qurbon hayitining ma’nosi nima?
— Qurbonlik qilinadigan bayramdir.
— Fitr hayiti qaysi kunda bo’ladi?
— Ramazon oyi tamom bo’lgandan so’ng shavvolning birinchi kunida bo’ladi.
— Qurbon hayiti qaysi kunda bo’ladi?
— Zulhijja oyining 10-kunida bo’ladi.
— Hayit kunlari nima uchun Islom ahliga xursandlik bo’ladi?
— Chunki bu kunlarni ulug’ ko’rib, faqirlarga sadaqa bergan kishilarning, ixlos bilan tavba va istig’for qilgan kishilarning gunohlarini avf qilmoqlik va’da qilingan.
— Hayit kunlarida qanday ishlarni qilish sunnatdir?
— Fitr hayiti kunida tong otgandan so’ng hayit namozini o’qimasdan ilgari fitr sadaqasini berish; Qurbon hayiti kunida tong otgandan so’ng qurbon namozini ado qilguncha ro’zador kishiga o’xshab hech bir taom yoki sharob yemasdan-ichmasdan turish va namozdan so’ng qurbonlik go’shti, sho’rvasi yoki biror shirin taom yeyish kabilar sunnatdir. Qurbon hayiti namoziga borishda yo’lda ovoz chiqarib takbir aytish savoblidir. Har hayitda tong otgandan so’ng turib g’usl qilish, misvok ila og’izni poklash, yaxshi liboslar kiyish, xushbo’y narsalar sepish, namoz o’qiladigan yerga piyoda borish, borar-qaytarda faqir va miskinlarga sadaqa berish, ko’p jamoat hayit namoziga to’plangan vaqtda qiyomat kunini va mahshar kunlarini xotiraga tushirish, astoydil tavba va istig’for qilish, harom ishlarni aralashtirmasdan hayit bayramini shodlik bilan o’tkazish kabi amallar sunnatdir.

Qayd etilgan