Ahmad Hodiy Maqsudiy. Ibodati Islomiya  ( 270650 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 14 B


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:54:35

G’usl

- G’uslning ma’nosi nima?
- Butun badanni yuvish.
- G’usl qay tariqa qilinadi?
- 1. Avvalo, istinjo qilinadi.
2. So’ng qo’l yuviladi.
3. Tahorat qilinadi (bundan faqat oyoq yuvilishi mustasno).
4. Undan so’ng boshga, so’ngra o’ng yelkaga, so’ngra tanning boshqa a’zolariga suv yetkazilib, hamma joy yuviladi.
5. So’ng yana ikki marta shu tariqa yuviniladi.
6. Yakunda oyoq yuviladi.
- G’usl tahorat o’rniga o’tadimi?
- O’tadi.
- G’uslning farzi nechta?
- Uchta:
1. Og’izga suv solib g’arg’ara qilish.
2. Burun ichini yuvish.
3. Badanning hamma joyini yuvish.
- G’uslning sunnatlari nechta?
- O’nta:
1. Istinjo qilish.
2. Najas bor yerni yuvish.
3. Qo’lni yuvish.
4. O’n sakkizta sunnatga amal qilib tahorat qilish. Lekin oyoqlar yuvilmay turiladi.
5. Avval boshga, so’ng o’ng yelkaga, so’ng tanning qolgan barcha a’zolariga bir marotaba suv yetkazib yuvish.
6. Qo’l yetgan jami joylarni bir marotaba ishqalab yuvish.
7. Har bir a’zoga uch bora suv yetkazish.
8. O’ng tarafni chap tarafdan oldin yuvish.
9. Suvni keraklicha sarflash.
10. G’usl vaqti qiblaga oldini o’girmaslik, ya’ni ters turish lozim.
- Soch va soqolning har bir tolasiga suv yetkazish farzmi?
- Erkaklarga farz. Ammo ayollarning soch ostilariga suv yetsa, bas. O’rilgan sochlarni yoyish lozim emas.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:55:19

G’uslning sabablari

-­ G’usl qachon lozim bo’ladi?
­- Uch holda:
1. Junub bo’lganda.
2. Ayollarda hayz qoni kelganda.
3. Nifos qoni kelganda

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:55:35

Junub

- Junub deb qaysi holatga aytiladi?
- Jismoniy yaqinlik qilsa, uyqudan turgan kishi ko’rpasida yo libosida maniy yo maziy topsa, bu hol junub, deyiladi. Junubdagi kishining Qur’on o’qishi, yozishi, oyat yozilgan diniy kitoblarni ushlashi, masjidga kirishi yaxshi emas.
- Junub holatida ovqatlansa bo’ladimi?
- Qo’l, og’iz, burun yuvilsa, bo’ladi.
- Junubdan so’ng bir oz vaqt o’tkazib yuvinsa bo’ladimi?
- Tezroq yuvinish mustahab.
- Ikki-uch bor junubda bo’lib, bir bor yuvinsa bo’ladimi?
- Bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:55:53

Hayz va nifos

- Hayz nima?
- Balog’atdagi qizlar va ayollar bachadonidan har oyda keladigan qon.
- Bo’yga yetmagan qizdan, tug’mas ayoldan, homilador ayoldan kelgan qon hayz hisoblanadimi?
- Yo’q, ular istihoza qonidir.
- Hayz necha kun keladi?
- Har ayolda har xil. Ba’zilarida uch kun, ba’zilarida o’n kungacha.
- Nifos nima?
- Ayollar tuqqandan yoki bola tushgandan so’ng keladigan qon. Nifos xususida har ayolning mijozi har xil — ba’zilariniki bir soatda to’xtaydi, ba’zilariniki qirq kungacha davom etadi. Qirq kundan oshsa, u istihoza qonidir.
- Hayz va nifos ko’rgan ayollar hukmi qanday?
- Namoz o’qimaydilar, ro’za tutmaydilar, Qur’on o’qimaydilar, Qur’on va oyat yozilgan narsalarni ushlamaydilar, masjidga kirmaydilar, Ka’batullohni tavof qilmaydilar, kindikdan to tizzalarigacha joylaridan bahra olib bo’lmaydi. Qon tugagach, yuvinmoqlari farz.
- Hayz yo nifos ko’rgan ayollar Qur’onni muqovasidan yo jildidan ushlashlari va ham har xil duolar o’qishlari durust bo’ladimi?
- Durust bo’ladi.
- Istihozadagi ayollarga qanday hukm bor?
- Ular pok ayollar qiladigan jami amalni qilishga haqlidirlar.
- Hayz va nifosdagi ayollar namoz va ro’za qazosini keyinchalik bajaradilarmi?
- Namoz qazolari keyinchalik o’qilmaydi, lekin ro’za qazosi keyinchalik tutiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:56:09

Uzrli odam

-  Bir kishi xastaligi sababli namozning boshidan so’ngigacha tahoratini ushlab turolmasa, unga qanday hukm bo’ladi?
- U kishi har namoz o’qilishi oralig’ida bir bor tahorat qilishi lozim. Tahorat qilib, to namozga qadar o’zini tutib turolmasa, qayta tahorat qilmasa ham joiz.
- Uzrli kishilar kimlar?
- Burni doimo qonab yuruvchi, ko’zidan yiringli yosh doim keluvchi, oldidan doim siydik suvi keluvchi kishilar. Ularning ushbu a’zolaridan boshqa a’zolari tahoratni sindirsa, uzrga o’tmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:56:29

Tayammum

- Tahorat yoki g’uslga suv topa olmagan kishi nima qiladi?
- Tayammum qiladi. Tayammumning bayoni bunday: namoz o’qishga niyat qilinadi. Ikki qo’l kaftlari toza tuproqqa urilib, ishqalanadi, yuzga surtiladi. Xuddi suv bilan tahorat chog’idagiday ish tutiladi, hatto burun oralari, qoshning ostlariga ham mash tortiladi.
- Tahorat va g’uslning tayammumdan farqi bormi?
- Har ikkisining amali bir xildir.
- Tayammumda nechta amal bor?
- To’rtta:
1. Qilgan tayammumi bilan namoz o’qishni niyat qilmoq.
2. Qo’l ishqalangan narsa yer jinslaridan biri bo’lmog’i.
3. Yer jinsiga qo’lni urib, yuzga ishqalamog’i.
4. Bu holatlarni ikki martadan qaytarmog’i.
- Tayammumning sunnati nechta?
- Oltita:
1. «Bismillahir rohmanir rohim», demoq.
2. Barmoqlarni ochib kaftni urmoq.
3. Qo’l tuproqqa urilgach, bir oz muddat qo’lni tuproq uzra tutib turmoq.
4. Qo’llarni avval oldinga keltirib nazar tashlamoq, so’ng yuzga surtmoq.
5. Avval yuzga, so’ng o’ng qo’lga, so’ng chap qo’lga mash tortmoq.
6. Xuddi tahoratdagi singari bunda ham oraga boshqa amallarni qo’shmaslik.
- Suv bo’lsa ham, tayammumga qilishga qaysi holda ruxsat bor?
- Suv ikki chaqirim miqdorida yiroq bo’lsa; suv illatli bo’lsa yoki g’oyatda sovuq bo’lib, kasal qiladigan bo’lsa; suvga tahorat uchun boradigan taqdirda o’ziga yo mol-holiga xavf yaqin bo’lsa; suv olishga idishi bo’lmasa; musofirlikda bo’lib, suvi faqat ichishga mo’ljallangan bo’lsa — bu hollardagi tayammum tahorat, g’usl o’rnida o’tadi.
- Namoz vaqti boshlanib qolganda, tahoratga vaqt qolmay, tayammum qilinsa bo’ladimi?
- Yo’q. Chunki namoz vaqti o’tsa ham, uni qazo qilib o’qish mumkin.
- Yer jinsiga nimalar kiradi?
- O’tga tushsa, yonmaydigan, erimaydigan narsalar kiradi. Masalan, tuproq, chang, qum, tosh kabilar. Lekin ular toza holda bo’lmog’i lozim.
- Bir tayammum bilan ikki-uch vaqt namoz o’qish mumkinmi?
- Buzilguncha necha vaqt namoz kelsa, o’qilaverishi mumkin.
- Tayammumni qaysi amallar sindiradi?
- Tahoratni qaysi amal sindirsa, tayammumni ham o’sha amal sindiradi. Tahorat qilishga yetarli suv topilgach, qilingan tayammum ham sinadi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:56:47

Najosat

- Najaslar necha toifaga bo’linadi?
- Ikki toifaga. Biri — og’ir najaslar (najosati g’aliza), ikkinchisi — yengil najaslar (najosati xafifa) toifalaridir. Yengil najaslarga qarchig’ay, lochin kabi go’shti harom parrandalarning tezagi; ot, ho’kiz, qo’y kabi hayvonlarning siydigi kiradi. Og’ir najaslarga odamzot axlati va siydigi; go’shti halol hayvonlarning tezagi; go’shti harom hayvonlarning tezagi va siydigi; tezagi badbo’y bo’lgan parrandalar tezagi; qusuq, yiring, aroq, cho’chqa go’shti; shariatga nomuvofiq so’yilgan hayvonlarning go’shti va qoni kiradi.
- Tezagi badbo’y bo’lmagan qushlarning tezagi-chi?
- Najas emas.
- Sichqonning siydigi va tezagi-chi?
- Suvga tushsa, og’ir emas, libosga tegsa, yengil najas hisoblanadi.
- Baliq, burga qoni-chi?
- Najasga kirmaydi.
- O’lgan narsaning terisi, juni halolmi?- Cho’chqadan boshqa hayvonlarniki halol. Faqat u terilar oshlangan bo’lmog’i lozim. Shariatga muvofiq «Bismillah» deb so’yilgan bo’lsa, oshlanmasa ham, pokdir.
- Cho’chqa terisi-chi?
- Cho’chqa terisi tugul, butun badani najasdir. Hech bir amal bilan loaqal biror a’zosini ham tozalab bo’lmaydi.
- Odam terisi-chi?
- Inson muqaddas zotdir. Uning tani yoki terisini yemoq, saqlamoq gunoh.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:57:07

Poklanish

- Mahsi, etikka o’xshash charm poyafzallarga najas tekkan bo’lsa, qanday tozalanadi?
- Agar tezak qattiq bo’lsa, yerga ishqalanadi, suyuq bo’lsa, suvda yuviladi.
- Libosga maniy tekkan bo’lsa-chi?
- Qurigan bo’lsa, uqalanadi, suyuq bo’lsa, boshqa amallardagi kabi uch marta suvga chayiladi.
- Libosga najas tegib, uning qaerga tekkanligi bilinmay qolsa yoki xotiradan chalkashtirib qo’ysa, kishi nima qilishi kerak?
- Gumondagi joyni o’sha gumonning kattaligicha yuvilsa bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:57:29

Quduqning tozalanishi

- Agar quduqqa najas tushsa, qay tariqa tozalanadi?
- Quduqdagi jami suv olib tashlanadi.
- Agar hammasini olib bo’lmasa-chi?
- Quduqda jami suv miqdoricha suv olib tashlanadi, yerdan yangi sizib qo’shilgan suv hisobga kirmaydi.
- Agar quduqqa bir hayvon tushib o’lgan bo’lsa-chi?
- Agar hayvon jussasi qo’ynikidan katta bo’lsa, jami suv olib tashlanadi. Agar tovuq, g’oz singarilar bo’lsa, qirq paqir suv olib tashlanadi. Agar oltmish chelak suv olib tashlansa, mustahabdir. Agar chumchuq, musicha singarilar bo’lsa, yigirma paqir miqdorida suv olib tashlanadi, qo’shimcha yana o’n paqir olib tashlasa, mustahabdir. Paqirning kattaligi o’rtacha bo’lmog’i lozim.
- Agar quduqqa najas tushgan bo’lib, shu suvdan tahorat qilinsa, so’ngra suvning iflos ekanligi anglab qolinsa, nima qilmoq kerak?
- Qaytadan tahorat qilinib, qaytadan namoz o’qiladi. Yuvilgan joylar qaytadan yuviladi, mabodo suv ichilgan bo’lsa, istig’for aytiladi.
- Agar quduqda hayvon o’lgan bo’lsa-yu, qachon quduqqa tushib bo’kkanligi noaniq bo’lsa, suv qaysi kundan iflos deb taxminlanadi?
- Agar o’sha hayvon shishgan bo’lsa, quduq uch kecha-kunduzdan beri iflos deb, agar shishmagan bo’lsa, bir kecha-kunduz deb hukm qilinadi.

Qayd etilgan


Doniyor  13 Iyul 2006, 07:57:50

Istibro va istinjo

- Hojatxonaga qay tariqa kiriladi?
- Avval chap oyoq, so’ng o’ng oyoq qo’yiladi. Chiqqanda avval o’ng oyoqda chiqiladi. Hojatga o’tirganda qiblaga ro’baro’ o’tirilmaydi, ortini ham o’girmaydi, qiblaga chap yonni qilib o’tiriladi; avrati va axlatiga qaramaydi. Hojati bitgach, hojatxonani tezda tark etadi.
- Ochiq joyda qay tariqa o’tiriladi?
- Qiblaga, oftobga, oyga, shamolga qarab o’tirilmaydi.
- Cho’ntakda, sumkada diniy kitoblar bo’lsa, iloj yo’qligidan hojatxonaga birga olib kirilsa bo’ladimi?
- Olib kirilmasa, mustahab bo’ladi.
- Hojatdan so’ng nima qilinadi?
- Istinjo, ya’ni axlat chiqqan joy kesak yo tosh bilan artiladi, so’ng yuviladi. Bu amal sunnat va mustahabdir.
- Istinjo va istibro qaysi qo’l bilan qilinadi?
- Chap qo’l bilan. O’ng qo’lda qilish makruhdir.
- Suyak, hayvon tezagi yo qog’oz bilan istinjo qilish mumkinmi?
- Yo’q, makruhdir.
- Yuvilish tartibi qanday?
- Ko’ngil qaror topguncha yuvilsa kifoya. Avratdan yelning o’zi kelgan bo’lsa, yuvilmasa ham bo’ladi.

Qayd etilgan