— Halloq de, Halloq de, Salomxon, — deya xolam u kishining kuraklariga qoqdilar.
Oyim o‘sha bir og‘iz so‘zni aytishlari bilan tinchiy qoldilar. So‘ng ko‘zlaridan tirqirab chiqqan yoshni artib, pochchaga qaradilar:
— Yo‘q, meni boshqa narsa qalqitdi: rostdan... o‘zi so‘roqlab keldimi?
— Ha, shunday bo‘ldi, Ollohning qudrati bilan shunday bo‘ldi, — dedilar pochcha, — o‘zing ayt, Sanobar...
— Uch hafta bo‘ldimikan, daladan endi ko‘chib tushgan edik, — dedilar xolam yoruqqa orqa o‘girib, oyimga qarab. Kechalari hadeb do‘ppi tepchiyverganlaridan xolam yoruqqa qaray olmas edilar. Shuning uchun hozir ko‘zlarini yorug‘dan qochirib so‘zlar edilar. — Oxunguzarlimi, qaerli bir odam pochchangni so‘rab keldi. Endi asr namoziga takbir tushirayapgan edilar. Eshik orqasida turib aytsam, unda manam qazo qilmay o‘qib ola qolay, kennoyi, dedi. Kira qoling, tepadagi uydalar, deb chetga o‘tib turdim. Shoshib borib, qavatlariga kirib namoz o‘tadi. So‘ng salom berib turishgach, o‘zini tanitibdi.
— Ha-ha, baraka topkur, ko‘p iymonli odam ekan,— deb tasdiqladilar pochcha. — O‘sha yoqdan qo‘shvorishgancha qizim, deb chegaradan o‘tkazib kepti, aytilgan odamlarni toza izlab, so‘roqlapti. Topolmagach, daraklab biznikiga kelgan joyi ekan. Uyat bo‘lsayam, keldim, ma’zur tutasiz, deydi.
— Kim qo‘shib yuboribdi? Sultonmurodmi yo buni otalari? — dedilar oyim sabrlari yetmay.
— Yo‘q, munikidagilar, — dedilar xolam, — to‘s-to‘sda shu yoqqi qochira qolishibdi. Harna qilsa, Toshkan tinch, deb.
— Qanaqa to‘s-to‘s? Urushmi? — dedilar oyim.
— Urush ham gapmi, qirg‘in, Salomxon, qirg‘in, — dedilar pochcha qo‘l to‘lg‘ab. — Ularning boshiga tushganini Xudoyim hech kimga ko‘rsatmasin. — Pochcha uchli gilam do‘ppilarini olib, ustarada qirdirishga kep-qolgan sochlarini silashga tushdilar-da, yana bosh to‘lg‘ab qo‘ydilar. — Biz-ku, bir kunimizni ko‘rib, Xudo-oblo deb o‘tiribmiz. Ammo u tomonlarda yomon bo‘bdi, yomon! Avvaliga ro‘shnolik berib, keyiniga qonga botirishibdi.
— Yo‘g‘-e, u yoqda ham inqilop bo‘lgan ekanmi? — dedilar oyim hayratga tushib.