Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202292 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:46:56

— Uylari!.. — dedi ayol «Nimaydi?!» degan kabi. Tavba, ayol kishi ham shunaqa chars bo‘larkanmi! Iloji boricha yumshoq so‘rashga unnaldim:
— Kechirasiz, opoy. — Men uni boshqa millatdan deb o‘ylab, qovun tushiribman.
— «Opoy»izga balo bormi?! Gapiravuring gapizzi?! — deb jerkib berdi u.
— Kechiras, — Damim ichimga tushib ketgan, tezroq kimligimni aytmasam, gaplashmay qo‘yaqolishi ham mumkin edi. — Chaman aka tunov kuni so‘rab borganakanlar. Men Maqsudman, og‘aynilarining ukasi, — dedim.
Ammo ayol yumshash tugul, voy, shunaqami, deb qo‘ymasdi. Bunga sari yuragim po‘killab, dedim:
— Eshityapsizmi, men...
— Eshityapman, — dedi u «kar emasman!», degan kabi. — Topib kelalasizmi?
— Borolaman. Ammo o‘zlari, qattalar?
Ayol gapni kalta qildi:
— Kelsangiz — bilasiz.
Vo-oh, ana sizga opoqu!.. U gaplashgichni ildi-qo‘ydi. Faqat bolakayning «Kim, opoqu? Adamlani o‘rtoqlarimu?», degani chala-yarim eshitilib qoldi.
Bechora, har bitta qo‘ng‘iroqqa chopib borayotgani, «aluyo, kimsuz»lab ijikilayotgani... shundanmi ekan? Adajonisini ichikib kutayotgan u toychoq — kimning erkasi ekan?..
Kalkovuz yoqasidagi qator tollar qiyg‘os sochpopuk chiqarib yuborgan edilar. Shamol bu yerda ham ular ustida quvlashmachoq o‘ynab charchamas, hali novdalariga osilib halinchak uchar, hali allaqayoqlarga izg‘ib ketar edi. Jaladan keyingidek bo‘tana suv qirg‘oqlargayu tollarning yo‘g‘on qora ildizlariga bosh urib haloplardi. Shaharning ichida, yana jinko‘chalaru tomi-tomiga tutashib ketgan mahallalar oralab shunday katta suv oqib yotganiga aqlim bovar qilmay anhor yoqalab, aytilgan joyni izlab borardim. Yonginamdan tandirdan yangi uzilgan non hidini anqitib, velosipedli bolakay o‘tib ketdi. Oldida non savati — bozorligiyu ko‘zi tomda, varrak sog‘ayotgan bolakaylarda. O‘zi esa shuvillab boryapti. Qoyil! Osmoni-haftimdan dardaraklari darillab varrak ovozi keladi, ammo o‘zini ilg‘ab bo‘psiz!

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:47:11

Bolakaylar olamni unutib, qiyqirishardi:
Shamo-ol, bag‘ring kamo-ol,
Varragimni osmoningga o-ol.

Yashavor! Bular ipni bo‘shatgani sari osmon varrakni yutib boryapti...
Ko‘cha oxirlab, Kalkovuz allaqanday tashlandiq bog‘-maydonga kirib boradigan joyda esa... asta’firulloh, uni qarang! Chaqmoq uribmi, yonibmi, batamom ku-yib tushgan, bahaybat yolg‘iz daraxt ko‘rinar, u yong‘oq desam yong‘oqqa, qayrag‘och desam, qayrag‘ochga o‘xshamasdi. Shunaqa abgorki, kuyib ko‘mir bo‘pqopti.
Men qaerga kelganimni bilolmay garangsib turarkanman, yakka tavaqali eshik ortidan ayol kishining o‘qday ovozi yangrab qoldi:
— Akbar-uv, baloginaga yo‘liqqur-uv?!.
— Ketvotman. — Tol tagida ko‘ringan  bola chelagini ko‘tarolmay inqillab, ikki egilib kelardi.
— Hu, qirilibgina ketkur! Man nimaga yuboruvdim, otginang o‘chgur? — Ayolning o‘zi ko‘rinmasa ham qarg‘ishi qiya ochiq eshikdan o‘qday chiqar edi.
— Mana, opkevotman.
— Hu, opkemay ket. Samovar erib bitdi-ku.
Bola suv to‘la paqirni u qo‘lidan bu qo‘liga olgan sari o‘sha tomonga obkashdek egilar, har qadamida paqir to‘pig‘iga urilib, suv chayqalar, chayqalgani mayli, ishtonining yoni shalabbo bo‘lib borardi. Qadamimni tezlatdim:
— Qani, menga bering-chi, saritoy.
Yuzlariga sepkil toshib, shu sepkili o‘ziga yarashib tushgan bolakay qaddini rostlab, aftimga tikildi. Kemshik tishi uni yana ham beg‘ubor qilib ko‘rsatardi.
— Bizanikiga kevotsizmi? — dedi qiziqsinib.
— Shunaqaga o‘xshaydimi? — dedim jilmayib.
— Rostizzi ayting. — Kemshiktoy endi bu tomonimdan aylanib o‘tdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:47:20

Men chelakni olib, unga ergashaverdim:
— Yaxshisi, o‘zingdan so‘rab qo‘yaqolay: sen Chaman amakini taniysanmi?
— Nega amaki bo‘larkanlar?!. Tog‘amla-ku!.. He-hey, Sizni qarang-u! — U oldimga tushib o‘ynoqladi.
— Tog‘ang? — Men hayratlanib qaradim unga. Bolaning sap-sariq yuzida qilcha ham o‘xshashlik... ko‘rinmasdi. — Rostingni ayt?
U boyagidek irg‘ishladi:
— Bizanikiga kevotganakansiz-ku... — So‘ng haligi yakka tavaqali eshikka qarab chopdi. — Oyi, bizanikiga kelishvotti, bizanikiga...
Bu orada men ostonasiga katta xarsangtosh yotqizilgan eshikka yetib qolgan edim. Qiya ochiq eshik ortida esa, bir qo‘li tizzasida, bir qo‘li bilan hovli supurayotgan qora nimchali, rangpar juvon ko‘rinardi. U ham ko‘zi menga tushib, chimirilib qaddini rostladiyu supurgini yo‘lga tashlab, burilib keta boshladi. Yupqa lablari xunuk qimtilib ketdimi-ey. «Ko‘zim uchib turuvdi o‘zimam» degandek. Men to‘xtab qolgan joyimda... noiloj bolaga ergashdim.
Eshik almisoqdan qolgan, oftobda o‘ngib-oqarib ketgani bilan hovli juda katta, yuqoridagi boloxonali uzun uyga borguncha ishkom tagilab allaqancha yurish kerak edi. Hali toki ochilmagan ishkomlar necha qator bo‘lib, bir yoni haligi tashlandiq maydonga tutashib ketgan. Tepada gir atrofini qari qora tollar o‘ragan ovloq hovuz ham ko‘rinyapti. Tagida qorashaqshaqlar uchib-qo‘nib, ora-chira bir chiroyli shaqillab-sayrab qo‘yadilar.
— Endi bera qoling, — dedi bolakay ostonadan o‘tishimiz ila paqirning bandidan tutib.
— Sen shoshma, — dedim men uni ayab.
Biz poyadan ko‘tarilgan so‘ri tagi bilan pastak oshxona tomon yurdik. U yerda ikkita g‘isht ustida qo‘nqaygan samovar burqsib, o‘txonasi jizillar edi. Kemshiktoy chopib borib, samovar karnayini olib tashladi-yu, qopqog‘ini ocha turib, qo‘li kuyib «otib» yubordi.
— Hazir bo‘l. — Men suvni solib, qopqog‘ini yopib berdim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:47:34

Shungacha ham boyagi chimirilgan ayol ko‘rina qolmasdi. U tepadagi uyga kirib ketgancha... ketib borardi. Elakishib bo‘lgan bola qo‘limdan tortqilab, qistay boshladi:
— Siz yuravuring, u yoqda opoqbuvimla borla. Kirmasayiz xafa bo‘ladila.
— Kim deding?
— Oyto‘ra buvimla...
— Shunaqami? — dedim ichim yorishib kelib. — Shoshma, sening oting... Akbarmidi?
U ajablanib tikildi:
— Qayoqdan bilasiz?
— Yodgormurod-chi, u qaerda? — dedim battar hayratga solib.
— He, sizni — aldoqchi, bizanikiga kevotganakansiz-ku, hammovzani bilarkansiz-ku, — deb u beg‘ubor iljaydi, so‘ng yana qistashga tushdi. — U o‘shatta, opoqbuvimlaga qarab o‘tiribdi.
— Obbo, toy bolalar-ey, katta yigit bo‘lib, qarab o‘tiribdi degin? — Men ularni alqab qo‘yib, o‘smoqchiladim: — U seni ukachangmi yo?.. — O‘zim esa bu ayolga qolgan bolalarning sho‘ri qursin, deb o‘ylardim. Tanimagan odamga shuncha dimog‘-firoq, bularni nima qilmaskan? Chayonning o‘zi-ku?
Hovlining o‘rtasiga borib qolganimizda katta uyning eshigi ochilib, haligi juvon ko‘rindi. U kovshandozda kalishini kiyarkan, yelkasidan qora ilondek sirg‘alab tushavergan sochini zarda ila orqasiga otib, menga qarab yurdi. Qo‘lida bir parcha qog‘oz.
Men beizn kirib kelayotganimdan xijolatga tushib, to‘xtab qoldim: to‘xtamasam, chaqib olishi ham tayindek edi. Ammo u chimirilib kelib, qarshimda to‘xtadi-yu, tomdan tarasha tushgandek qilib:
— Mana, shunga kelganmisiz? — dedi qo‘lidagini uzatib.
Men taxta bo‘lib qolgandim. Qog‘ozni qanday olganimni ham bilmayman.
— U yog‘ini o‘zingiz bilarkansiz! — Juvon mensimaganday burnini bir jiyirib qo‘yib, boya supurgisini tashlab kelgan joyga qarab yuraverdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:47:44

Ol-a, xo‘p odamiga uchrabman-ku! Na salom bor, na alik, na mulozamat... Men xatchani o‘qishimni ham, ketishimni ham bilmay ang-shang qolgan edim. Ko‘z oldimdan esa, boyagi qop-qora daraxt ketmasdi, tavba.
Bir mahal qarasam, Kemshiktoy tirsagimdan tortqilab, qulog‘imga shivirlayapti:
— Siz yuravuring, opoqbuvimlaning oldilariga kiravuring. — U ko‘z qisib, nimadir demoqchi bo‘-lardi.
Noiloj ergashdim. Shundayam haligi ayoldan xavfsirab turibman. Nazarimda, hozir undan eshitadiganimni eshitib oladigandekman. Nihoyat, boloxonaga chiqiladigan yog‘och zinaning yonginasidagi katalakday bir uyga burildik. Uning kovshandozi ham ichkarisida edi.
Men xolamgilarnikida turib, o‘qib yurgan kezlarim shu atrofdagi ko‘p uylarga kirganman. Bosh suq-ganingizdanoq gup etib, ming yillik zax tuproq hidi dimog‘ingizga urilaveradi. Necha qayta tezlab ham undan qutulisha olmaydi. Kovshandoz chetiga qirrasi bilan terib chiqilgan musulmon g‘ishtlar ham bu uy qadimdan qolganidan darak berib turar, ammo undan tanish zax hidiga qo‘shilib, yana allaqanday mushk-anbar hidlari ham ufurardi.
Men mo‘’jaz xonaga kiriboq uning to‘ridagi xonlar zamonidan qolgan qubbali ruh karavotda oppoq choyshablar o‘rtasida o‘tirgan halimdekkina kampirshoga hayratlanib tikilib qolibman. U qiblaga qarab tasbeh o‘girib o‘tirar edi. Qo‘lim o‘z-o‘zidan ko‘ksimga qarab ketib:
— Assalomu alaykum, xolamoyi, — dedim.
Men o‘zimni yaqin olganimcha bor edi: ajinlariyam bir ajabtovur nur bilan to‘lgan kampirsho chindan ham xolalarimgami, kimgadir o‘xshab ketar edi. U kishi tasbeh o‘girishdan to‘xtab, bosh silkidilar:
— Vaalaykum, keling, bolam. O‘ta qoling.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:47:56

Derazaga yaqin yerdagi sandalning ko‘rpayu govra-po‘shlari hali yig‘ilmagan, o‘rtadagi bo‘yradekkina namat ustida bir bolakay daxanini mushtchasiga tirab yotvolgancha, rasmli kitob varaqlab, oyoqchalarini o‘ynatib qo‘yar edi.
U bizni ko‘ra sakrab turdiyu menga osmondan tushgan odamga tikilganday tikildi-qoldi. U yuz-ko‘zlari judayam tanish, hatto shu indamay turishidayam allaqanday yoqimtoy edi.
— Voy, keldizmu? — dedi u chapak chalib.
Tanidim, u men bilan simda gaplashgan bolakayning o‘zginasi edi. Ovoziyam, o‘ziyam — shirin bolalar bo‘ladi-ku, o‘shanaqa edi.
U jilmayib, qo‘lchasini uzatdi.
— Man Yodgorman. Siz.... Siz telefunda chaqirub ediza? Topdimmu? — dedi u sakrab-quvnab.
— Topding, — dedim uning qo‘lchasini kaftlarim orasiga olib, keyin o‘zini bag‘rimga tortdim-da, peshonasidan o‘pib qo‘ydim. — Chindan asaltoy ekansan.
— Yo‘q, men Yodgortoyman. Ayam qo‘yganlar, — dedi u maqtanib.
— Ayang chiroyli ot topgan ekanlar, — dedim men.
— Nega toy bo‘larkansan? Yodgormurodsan, — dedi meni boshlab kirgan kemshiktoy.
— Ha-ha, u Saritoy. Men esam, Yodgormurodman! — tan olib quchog‘imda o‘ynoqladi bola.
— Yana ham yaxshi,— deb boshiyu yelkalarini siladim.
— Chiqib o‘tiring. Chaqirmaysanmi, bo‘tam, — dedi kampir tasbehini yig‘ishtirib, yoniga qo‘yarkan. Lekin o‘zi oq choyshab ichidagi oyoqlarini (yig‘olmasmi) o‘sha-o‘sha uzatib o‘tirar, allaqanday o‘ngarilolmas edi.         Karavotning bosh tomonida ulug‘ kitob solingan           jild bilan yo‘l-yo‘l matodan tikilgan naysimon bir narsa osig‘lik. Unisi tushunarli, lekin yonidagisi nima ekan, bilolmay, tancha yoniga cho‘kkaladim. Buvi o‘sha o‘tirgan ko‘yi momiqday oppoq qo‘llarini duoga ochdilar:
— Iloho omin, siylab kepsiz, sizni Ollohimning o‘zi siylasin. G‘animat dunyoda oqibatlilar qatorida qilsin, Ollohu akbar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:48:07

Kampir oppog‘oyimlarni esga solib, ko‘nglim iyib keldi. Beixtiyor bularning duolarini olib qolish katta davlat ekanini o‘ylab, u kishining yuzlariga tikildim. Tikilardimu o‘ylardim.
Yuzlaridan taralayotgan bu tarovatli nur qaerdan chiqib, hech ado bo‘lmayapti? Bu joylarning qadim zax hidlarini ham unuttirib, uni mushk-anbar bo‘ylariga to‘latib o‘tirgan ham balki shu oq-oppoq kampirshoning o‘zidir?
— Yaxshi keldizmi, o‘g‘lim? Uy ichilariz bilan yaxshimisizlar? Oyiz, kelinim omonmilar? — Kampir xuddi qarindoshlardek yaqin olib, tavoze ila hol-ahvol so‘rar edi. Men esam hamon iyib borayotirman bu mulozamat, bu so‘rashishlardan. Bir lazzat olayotirmanki, qo‘yaverasiz.
— Rahmat, o‘ziz bardam-baquvvatginamisiz?
— O‘ziga ming qatla shukr. Ko‘rsatganiga shukr. Turolmasam ham, mana, o‘tiribman-ku: eplagancha ibodatlarimni ado etib... namozlarimni o‘qib... Har odamlar bor-boshini bir ko‘tarishga zor, qo‘lini qimirlatishga, o‘ngarilishga intiq. O‘shandan asrasin. Hech bandani ibodatdan qo‘ymasin. So‘nggi nafasigacha chiroyli amallarga hamroh etsin, ilohim.
— Nima, oyog‘izmi?.. — deya oldim men.
— Bumi, bir yog‘i qarichilik, qolaversa, ko‘rgilik ekan: ko‘p bo‘ldi o‘tirib qolganimga. Savil, ikkalasi ham ketgan, jonsiz, — dedi buvi choyshab ustidan o‘sha jonsiz narsani siypab qo‘yib. — Shunisigayam shukr. Qo‘l-oyog‘imni birdan olganida nima qilardim? Buyam bo‘lsa, Xudoyimning marhamati. Manavi jujuqlarning baxtigami, boshqagami — meni tirik ushlab turibdi. Bo‘lmasa, bular kimning qo‘lida qolardiyu kim bularning boshini silardi! Bilmadim, mendan keyin bularning holi nima kechadi? Chamanning yurishi unday, Asalning fe’li bunday... Onasi boyaqishning-ku, peshonasi sho‘rdan-sho‘r ekan. Menga suyanib qolishdi bular. O‘zim esa yolg‘iz Ollohga suyanguliman. — Buvi ovozi o‘zgarib, ko‘zlarida yosh aylandi. So‘ng shishin-qiragan barmoqlarini o‘pib, uchayotgan ko‘zlariga surtarkan, Oyto‘ra buvi hamd aytib shivirladi: — Al-hamdulilloh, alhamdulilloh: ishqilib, yaxshilikka bo‘l-sin.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:48:24

Men esam dardim boshqa yoqda: Chaman akamni so‘ray olmay dog‘daman. Qachon qaytadilar degim bor-u, kampirning dardini yangilab qo‘yishdan istihola etib turibman. Nihoyat, u kishi qayrilib so‘radilar:
— Asal opchiqib berdimi Chamanimning omonatini? Yo gaplashgisi ham kelmay...
— Berdilar, — dedim boyagi qog‘oz yodimga tushib.
— Nima debdi, ko‘rdingizmi?
— Yo‘q, hali, — men cho‘ntagimni kavlashtirdim.
— O‘qung-o‘qung, — deb qistab, o‘tirgan yerimda yelkalarimga suykaldi Yodgormurod, — Opoqbuvimam eshitsunla.
— Sen tinch o‘tir, Yodgor. Uyat bo‘ladi: mehmonga shunday yopishadilarmi? — dedi tanbeh berib u kishi.
— Hechqisi yo‘q, ukachamday gap, — dedim men.
Lekin Yodgormurod bir og‘iz so‘zdan:
— Xo‘p, opoqbuvijon, xo‘p, — deb yonimga qo‘ndoqdek bo‘lib o‘tirib olgan edi.
Men xatchani topib, qatini yozdim. U ikki enlikkina edi-yu, ichi to‘la jumboq edi. Xuddi Chaman akaning o‘zidek:
«Maqsud, kutdim-kutdim, kelmading, — deb yozgan edi u. — Bir rijoyim: oyimlarga uchramay ketma! Xudoning xohlashi shunday ekan, ko‘risholmadik. No-          umid bo‘lma, g‘aflatdayam qolma. Kennoyingni senga, seni Xudoga topshirdim. Qolgan gaplarni aytishadi. Chaman akang».
«Qanaqa kennoyim? Kimni aytyapti?...» Nima gapligiga aqlim yetmay boshimni ko‘tarsam, buvi yarim qayrilgancha yuzimga tikilib turibdilar:
— Siz Sultonmurod oshnasining kimi bo‘lasiz?— Aftidan, akamga o‘xshatolmay turar edilar.
— Xolavachchamiz... — dedim to‘g‘risiga ko‘chib.
— Ha-a... — deb bosh silkidilar-da, Yodgormurodga yuzlandilar: — Aytmoqchi, anuv kungi xatni nima qilding?  Ehtiyotlab qo‘yganmisan?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:48:35

— Qaysu? Anuv berganizmu? Turibdu mimit choynukda, — dedi bola pildirab kovshandozga tusharkan.
— Optushaqol, bolam. Shoshma, — deb to‘xtatdilar-da, menga qaradilar. — O‘zingiz birga chiqa qoling. Bolaga ish buyur, ketidan o‘zing yugur bo‘lmasin.
— Yaxshi, — men turib Yodgorga ergashdim-u, ammo o‘zimning ichim qurib boryapti. Chaman aka ham qiziq: aytadiganini mana shu xatda aytib qo‘ya qolmaydimi! Kimdan yashiradi? Anuv chirsillagan zaqqumoydanmi?
Bu orada biz tashqari chiqib, almisoqdan qolgan yog‘och zina bilan ko‘tarila boshladik. Opoqbuvining shirin nevarasi — Yodgormurod zinani to‘pillatib chiqib borayotib, dam-badam orqasiga qayrilib, meni qistaydi:
— Yuravuring, faqat ehtiyot bo‘lung, boshizzi urvolas...
Men uning shirinligidan ham burun aqliga besh ketib borayotibman: mana, kimni pakana pari desa bo‘ladi! Qolaversa, yuzi buncha issiq, buncha tanish? O‘g‘il bola ham shunchalik ko‘hlik bo‘larkanmi? Har gapiga bir tegishgim kelardi.
— Urvolsam-chi? — dedim atay.
— G‘urra bo‘ladu, — dedi u qayrilib, so‘ng o‘sha g‘urrani tasavvur etib, qiqirlab kuldi.
— G‘urra ham ko‘rk, — dedim hazillashib.
— Bo‘lmasa, urvola qolung, — yana qiqir-qiqir kulgancha zinani to‘pillatib chiqib keta boshladi.         Rostdan boshimni urib oladigandek engasharkanman, so‘radim:
— Sizlar shu boloxonada turasizlarmi?
Yodgor qayrilib to‘xtadi:
— Siz bilmaysiz-de. Zo‘r bu yer!
— Yo‘g‘-e...
— Ko‘rmagansiz-de, Kalkovuzning oqishinu... bog‘larimiznu... Bu yoqdan ko‘rsangizmu!..
— Tomga chiqvolib, degin?
— Ha-de. Siz chiqung avval, — u eshikni ochib, kalishchasini chechib qoldirdi, — kelung-kelavuring.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:48:43

Men pastak eshikdan engashib o‘tib, mo‘’jazgina xonaga oyoq qo‘ydimu hovliga qaragan deraza pastida u aytganidan ham faraxli bir manzaraga ko‘zim tushib, «voh», deb yubordim: chindan zo‘r-ku!..
Rostdan boloxonamisan, boloxona edi. Bu yerdan hovli bir ajoyib ko‘rinardi! Zebolanib desammi, kaftda turgandek desammi, ishqilib, ta’riflasa, ta’riflagudek edi. Hali toklari ko‘tarilmagan yalang‘och ishkomlaru boyagi ko‘chadagi sochpopuk chiqarib yuborib endi barg yozib kelayotgan qator tollaru uning tagida sarig‘ ilondek to‘lg‘onib oqqan Kalkovuzgacha — bari-bari ajoyib, bir jonli suvratga o‘xshar edi. Ularning bariga soatlab tikilib o‘tirmoq mumkin edi. Bu yerdan hatto anuv kuygan daraxt ham bor bo‘yi-la ko‘rinib tursa-da, lekin ajabki, boyagidek yomon taassurot qoldirmas edi. Nega, tushuna olmadim.
— Joyni xo‘b topgan ekansizlar-ku!
— Yoqdimu sizga?
— Yoqqanda-chi! — Shunday deb o‘girildimu nogahon ko‘zim uyning to‘ridagi devorga tushib, qotib qoldim. U yerda hozir ko‘rganlarimdan yuz chandon chiroyliroq narsa osig‘liq turar edi.
— Iya, Marg‘u kennoyim-ku!.. — deb yuboribman.
Men yo‘qotib qo‘ygan kishisini uchratgan odamdek gangib qolgan edim.
— Kim deysuz?
— U kishi-ku! Kennoyimlar-ku! Bu suvratni... qaerdan olgansizlar? — dedim hech narsaga tushunolmay. O‘sha oy desa, oy degudek, suluv desa suluvlardan o‘tgudek, kim malak deb atagan, kim parilar mamlakatidan deb ta’riflab esi ketgan... xusnu jamol egasi... Kattabog‘ go‘zali, mening aziz kennoyimning suvrati bu yerda nima qilib turibdi? Qanday kelib qolibdi bularnikiga? Hech aqlim bovar qilmasdi.
— Manu ayamlar-ku bu... — dedi Yodgor iljayib.
— Sening ayang? — Mening esim joyiga kela boshlagandek edi.
— Bo‘lmasa, kim ekanlar, mening ayam bo‘lmay?
— Chiningni ayt? — dedim darvoqe deyish o‘rniga.

Qayd etilgan