Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202642 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:48:57

— Siz yaxshilab qarang... — dedi u. So‘ng bolalarcha qiqirlab kula boshladi. Uning kulgusi shunday beg‘ubor ediki, tavba, men tan bersamoq u sakrab-quvnab ketadigandek edi. Yo Olloh, yana adashganimni qarang. Men suvratga qayta qarab, ichim jizillab ketdi. Chindanam uning quloq yumshog‘i ostida tirnoq yuzidek, nozikdan-nozik nori bor edi:
— Darvoqe, bu kennoyimiz-ku! — deb yubordim. Qarang-a, u biznikida birozgina turib, keyin izsiz yo‘qolgan Mahfuz kennoyimning katta qilib oldirilgan suvrati edi! Oyim hali-hali kuyinadilar: qaerlarga sig‘di ekan, yo vataniga qaytib ketdimikan, deb. U bo‘lsa... Men xuddi shunday jajji yuzni yana qaerdadir ko‘rganimni eslab, yalt etib bolaga qaradimu hamma narsa op-oydin bo‘la qoldi! Men omi nega bu bolaning husni bunchalar o‘tkir, deb o‘tiribman! Gap bu yoqda ekan-ku!
— Sen... sen hali? — dedim dilimdagini tilimga chiqara olmay va asta borib cho‘kkalaganimcha ikki tirsagidan tutib, bag‘rimga tortdim.
— Siz rostdanam... taniysizmu ayajonimlarnu? — dedi u shodlanib.
— Ho‘-ho‘, taniganda qandoq! — dedim uning yelkasiga qoqib ham erkalab. Va devordagi o‘sha ayajonisiga qarab, battar tong qoldim. Yo tavba! Tushimmi-o‘ngimmi? Boyagi suvrat o‘rnida endi... tamomila bo‘lak siymo yuz ochgan edi. Suvratdan...
Ajab hol! Hatto ko‘zlarimni ishqab qo‘ydim. Yo‘q, o‘sha-o‘sha: devordagi oynavand gardish ichidan («yo subhonolloh, qanday mo‘’jiza bu?») men sog‘inib, ichikish darajasiga borgan odam — Sultonmurod akam (!) qarab turardi. Nima bu, sarobmi, jodu? Esim og‘ib, bolaga qaradim.
U issiq jilmaydi:
— Siz hayron qolmang, bu o‘zu shunaqa! Shunaqa ishlungan!..
— Qanaqa... ish-langan? — Men hech narsa tushunmayotgan edim, hatto boshimni to‘lg‘ab-to‘lg‘ab qo‘yar edim.
— Shunaqa-shunaqa, — dedi u sakrab-quvnab, men tushunolmayotganimdan qiqirlab kulib, — bir qarasangiz ayam, bir qarasangiz u kishu, yana bir qarasangiz amaqum ko‘rinadular.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:49:07

— Qaysi amaking?
— Voy, Siznu qarang-uv. Turing-turing. Bu yoqdan qarang,— deb u qistashga, tirsagimdan tortqilab, uyning bu chekkasiga boshlashga tushdi. — Siz o‘ziz ko‘rung.
Men u aytgan tomonga o‘tib (yo qudratingdan!) suvratda tamomila boshqa odam — Chaman akani ko‘rib, battar hayratda qoldim: bir suvratgardish ichidan uch kishi uch holatda ko‘rinar edilar! Tag‘in hech bekami-ko‘st! Bir-biriga quralashib ham ketmagan! Xalaqit ham etmaydi! Daf’atan, ajinalarning ishi emasmi, degan xayollarga borib qolasan kishi. Ammo bu «o‘zi shunaqa ishlangan»mish! Tavba, kim ishlatadi? Chaman akami yo Mahfuz kennoyimning o‘zi? Unda... unda buning oti nega Yodgormurod? Kimdan yodgor? Nahot o‘sha... ivir-sivir gaplar hammasi rost?
— Ayang?.. — dedim-u, u yog‘ini so‘rashga holim ham, majolim ham kelmay, ammo ich-ichimdan bir titroqmi, nimadir turib, bolaning ko‘zlariga tikildim. Ayang qaerdalar deyishga qani tilim aylana qolsa! Aylanmasdi. Ammo u tushundi. Tushunib, ko‘zlarini oldiyu, mung‘ayib bilagini silay boshladi.
— Yotub qoldula, — dedi ovozi o‘zgarib, — Manu... Manu yuborishmayaptu.
— Qaerda, shu Toshkentdamilar, axir?
U ko‘ngli to‘lib, chetga qaradi:
— Hm...
— Voy seniyu, boyadan beri aytmaysanmi?!— Sekin qarshisiga cho‘kkalab boyagidek yelkayu tirsaklarini             siladim. — Qaerda ekanliklarini bilasanmi o‘zing?
Yodgormurod bosh to‘lg‘ab tisarildi va qo‘limdan bir alpozda sirg‘alib chiqdi-da, to‘g‘ri tokcha tomon borib boya o‘zi aytgan olma gulli jimit choynak ichini timirskilashga tushdi. Undan ikki buklog‘liq bir qog‘oz oldi.
— Mana, ko‘rung.
— Hammasi shunda aytilganmi?
— Bilmasam...
— Ha, darvoqe, bu buving aytgan omonatlari-ya?..— dedim o‘zimga kelib. So‘ng shoshib qog‘oz qatini yozdim.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:49:21

«Maqsud, mening sendan bo‘lak ishonganim yo‘q, — deb bitilgan edi xatda. — Akangning daragini eshitib, jo‘nab ketyapman. O‘zing tushunasan-ku, uning menga kimligini! Sen bizning boshimizga tushgan ko‘rguliklarni bilmay eshikdan qaytib ketmagin, deb (Asal opamga qolsa, shunday qilishdan ham toymaydi!),              oyimlarga uchragin, deb tayinlab edim.
Mahfuzdan ko‘nglim tinch emas. U og‘ir dardga chalinib qoldi. Zo‘rg‘a statsionarga joyladim. Lekin u yoqqa bormasam ham bo‘lmaydi. To‘g‘risi, hozir bormasam, bir umr armonda qolishim mumkin. Akangning daragi chiqib qoldi. Ammo sen unga zinhor bildira ko‘rma! Yuragi chiqib, ko‘tara olmay qolmasin. Asal opamga-ku, isini ham sezdirma. Sezsa, ishni buzadi u jodugar.
Sendan o‘tinib-o‘tinib-o‘tinib so‘rayman! Mahfuz kennoyingni yolg‘iz qo‘yma. Yonidan jilma. Va buni, (kennoying biznikida ekanini ham) hech kimga ayta ko‘rma! Men qaytgunimcha pochchadan ham, oyinglardan ham yashirib tur.
Shunday qilish kerak! Qaytgach hammasini o‘zim tushuntirib beraman. Akangning unga (Mahfuzga) atalgan maktublari bor, ko‘rsataman. O‘shanda senga hamma narsa ayon bo‘lgay.
Yolg‘iz o‘zingga ishondim. Mendan bemaslahat yoxud beruxsat biron ishga qo‘l ura ko‘rma. Yodgor onasini sog‘inib, juda-juda ichikkan. Xarxasha qilsa, yana ko‘rsatgani olib borib yurma.Undan ko‘ra, o‘zinglarnikiga — dalaga olib ket. Shu yaxshiroq: ham ovunadi, ham bexavotir. (Oyimlarga tayinlaganman, biladilar.) Ishqilib, ularni senga, seni Xudoga topshirdim. Mening yo‘qligimni bilintirma. Iloji boricha tez qaytishga harakat etaman. Chamang akang».
Ana, xolos! Yolg‘iz o‘zimga shuncha omonat! Faqat bir narsaga hech aqlim yetmasdi. Bu suqsurday bolakayni nimaga ayasining oldiga olib bormaslik kerak? Ahvoli og‘irligi uchunmi yo boshqa sababdanmi? Agar kennoyimning o‘zi so‘rab qo‘ymasa-chi? O‘shandayammi? Hammasidan «o‘tinib-o‘tinib-o‘tinib so‘rashi» qiziq edi. Nega bunchalik qattiq tayinlayapti? Nimaning oshkor bo‘lib qolishidan cho‘chiydi? Bolanimi yo Mahfuz kennoyimni? Hech tushunuksiz. Xuddi sir oshkor bo‘lib qolsa, falokat ustiga falokat yog‘iladigandek, ulardan ajrab qoladigandek... yozibdi xatni.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:49:30

Sekin ko‘z qirimni tashlasam, bolakay intiqib tikilib turibdi. Bir og‘iz so‘zimdan sakrab-o‘ynoq-labam ketishi, yig‘labam yuborishi mumkindek. Chin-danam ayajonisini ichikar darajada sog‘inibdi. Bir og‘iz so‘zimga mushtoq. Yur desam, chopib ketgudek! Ammo Chaman akadan beruxsat nima ham qila olardim?!
— Nima deptular, amaqum?
— Seni dalaga, biznikiga olib ketarkanman.
— Ur-re, talaga ketarkanmuz! O‘ynagani borarkanmuz!— Yodgormurod bir ajib quvnab, qo‘zichoqday sakrab o‘ynoqlay ketdi. Shodligi shunchalik: gir aylanib chopadimi-ey, ikki yoniga shatta urib, shataloqlar otadimi-ey. — He-hey, talalarga chiqarkanmuz, chuchmo‘malar terarkanmuz...
Keyin tizzamni quchib, qo‘llarimdan tortqilab, bir nimalarni ijikilashga tushib ketdi-ku...
— Siz talada turasizmu? Sizlarda ham varraklar bormu?
— Bizda uchirishsin-da! Ka-atta-kon quroqlar kechasiminan darillab chiqsin-da!
— Vu-uy, kechasuman deng? — Uning kipriklari uzun-uzun, ko‘zlari javdirab yonardi.
— Kechasiminan.
— Ipiniyam uzmaydimu?
— Uzmaydi.
— Birov tegmaydiyammu?
— Tegmaydiyam.
— Qanday yaxshu, — dedi u chapak urib.
— Bir uchirishgancha uch kunlab uchib yotadi, — dedim men.
U aqliga sig‘dira olmay aftimga termuldi:
— Uch kunlab?.. Vu-uy...
— Ha-da, u shunchaki varrak emas-da, — men qulochimni yoydim. — Mana bunday kelar-ov. Uni tushirib olish o‘zimas. — U aftimga termulgancha qolgan edi. — Ipini uzgan quroqlarni ho‘v qayoqlardan topib kelishadi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:49:40

— Qaerdan topib kelishadu? — qaytarib so‘radi u.
— Qaysinisini soyning narigi yog‘idan, qaysinisini yong‘oqzordan. Nimalarga ilinib-urilib, dabdalasi chiqib ketgan bo‘ladi. Qaytadan yasashadi.
— Zo‘r ekan, — dedi u besh ketib, ham chiroyli bosh silkib. Keyin yana boyagiday tirsagimga tarmashib, shoshirdi. — Otlar-chi, otlaram bormu?
— Bor, — dedi men uning ko‘ngliga qarab.
— Minishadimu bolalar?
— Minishadi. Istasang seni ham mindirishadi. Bedapoyalarga opchiqishadi. Soylarga optushishadi.
— Yana nimalar bor, ayting, ayta qoling, — deb qistardi u.
— Ariq bo‘ylaridan yalpizlar, binafshalar teradilar. Tepalardan esa qo‘ziqorinlar.
— Qo‘ziqorun? Nima u?
— Ho‘, uni o‘tga toblab yemabsan, bu dunyoga kelmabsan. Borsang, ko‘rasan.
— Borganum bo‘lsun, borganum bo‘lsun, — deb o‘ynoqladi u. So‘ng pastga oshiqa turib, qayrildi: — Hozur-la ketamuzmu?
— Ketamuz, — dedim men uning shirin tiliga meng-zab, — faqat opoqbuvinglardan so‘rayluk.
— So‘raymuz, so‘raymuz, — dedi u oshiqib.
Men esam, bu sirli go‘sha — boloxonadan tushish lozimligini, bu xonadonning duogo‘yi bo‘lib o‘tirgan anavu oq-oppoq kampirshodan ijozatu duolar olib ketishimiz lozimligini bilib tursam-da, qo‘zg‘ola olmas, to‘g‘rirog‘i, devordagi boyagi antiqa suvratdan ko‘z uzolmas edim.
Suvratdan esa o‘n to‘rt kunlik oyday balqib, Xudo husnidan qismay baxtdan qisgan kichik kennoyim qarab turar, negadir ko‘zlari yoshlanib-yoshlanib kelayotgandek tuyulaverar edi menga.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:49:49

— Juring, so‘raymuz, — Yodgormurod qaytib, qo‘llarimdan tortqilamoqqa tushdi-yu, men unga ergasharkanman, kennoyimning ruxsori lip etib ko‘z o‘ngimdan g‘oyib bo‘lib, shu zahoti uning o‘rnida boshqa aziz qiyofa — men qachonlardan beri yo‘qotib qo‘ygan Sultonmurod akam suvratda yuz ochib, jilolmayin ham qoldim: yana bir qadam bossam, u ham yo‘qolib, Chaman akam chiqishi tayin edi.
Men esam, bu ajib suvratda faqat akamu Mahfuz kennoyim ko‘rinishlarini istardim.
Ammo shu tob boyagi kirgan joyimizdan ayol kishining qattiq-qattiq ovozlari kelib, to‘xtab qola qoldik. Asal opa uyni boshiga ko‘tarib, shang‘illar edi:
— Itniyam, bitniyam qo‘yavering. Nima, bu karvonsaroymi sizga?! Ana, bittasi shuncha turib, nima karomat ko‘rsatdi? Yetimini tashlab ketadi hali! Itdan bo‘lgan qurvonliqqa yaramas...
— Hay, sekinroq, uyalgin, axir, — o‘tinardi kampir.
— Nimadan uyalaman? Nega uyalaman? O‘z uyimda ham uyalaymi?!
— Hoy, Xudodan qo‘rqmagan, hoy, odam isi yoqmagan! Chaman eshitsa, nima deydi?! Jilla qursa, mendan uyal. O‘z onangdan uyal.
— Nima, Chamaniz? Birovning xotinini o‘z uyiga obkeb o‘tirgan u kishi pokdomon-u, men qora bo‘ldimmi? Men yomon bo‘ldimmi?
— O‘chir, — dedi ona, — hammani o‘ldirib, sil qilib, bezdirib, o‘zing so‘ppayib qolmoqchimisan bu uylarda? Xudodan qo‘rq! Shu fe’ling bilan-ku, hech yerga sig‘mading. Tirnoqqa zor o‘tib boryapsan. Yana odam isini yoqtirmay qaerga sig‘moqchisan? Qachon odam bo‘lasan?
— Bo‘lmayman! — dedi Asal, ostona xatlab ulgurmagan asrandisining ketiga tarsaki tushirib.
— Bo‘lmasang, bo‘lmay o‘t!

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:53:25

Titrab ketdim. Va beixtiyor bolakayni bag‘rimga tortdim. Shunchalik bo‘lib ketgan ekanmi u jodugar? O‘shanday xokisor onaning yuziga tik qaragan inson... bularning boshiga nima kunlarni solmayapti ekan? Qanday sig‘dilar ekan boyaqishlar bu uyga? Opketganim bo‘lsin bu do‘zaxdan! Qutqarganim bo‘lsin bu azob «farishtasi»dan! Va o‘zim yoqa ushladim: Bu qanday go‘shaki, manzil-mavozeki, bir yonda oq-oppoq bo‘lib, yuzlaridan nur, so‘zlaridan duo yog‘ilib, rahmat farishtasiday oq kampir o‘tirsa-yu, bir yoqda har so‘zidan chak-chak zahar tomib, chirsillab anavi «farishta» hukmini o‘tkazib yursa! Yaxshiyam, kampir bor, shirin so‘zi, duolari bor! Undan keyin nima bo‘ladi bu xonadon? Bular topgan manavi boshpana? To‘zib bitadimi? Bekorga kasalxonaga tushmagan ekan Mahfuz kenno-yim! Bechora, qanday chidadi ekan bu egovga, Xudoning bu boshli-ko‘zli balosiga? Uning zahar-zaqqum so‘zlariga? Chayondek chaqishlariga? O‘zining yozuqlari, boshiga tushgan musibatlar kam ekanmi?
Ko‘zim yoshlanib kelib, hamma narsa chaplashib ketdi. Bola ham, pastga ketgan zina ham, oyoqlarim osti ham... Faqat ko‘z oldimda bo‘yi baravar kuyib ketgan anuv qora daraxt turar edi!..
Biz ne alpozda, hatto miq etmayin zinadan bir-bir tushib bordik. Ming istiholayu andishaga botib o‘tirgan kampir bizni ko‘ra jonlanib, shoshib qoldilar:
— Voy, tushdingizlarmi, bolam. Topoldingizmi omonatini? Sizniyam tashvishga qo‘ydik, — derdilar ikkala kaftlarini o‘sha jonsiz tizzalaridan uzmay.
— Tashvishi bormi, mana, optushdik. Endi javob bersangiz... — deb yamlandim men.
— Kiring, o‘tiring, bir piyolagina choy olib kelsin. Shundayin ketasizmi, bolam, — deb Yodgorga yuzlandilar u kishi. — Sen nima qilib jim turibsan, opkir akangni...
Bola ham birdan jonlandi:
— Opoqbuvi-chi, opoqbuvi! Bilasizmu, biz qaerga ketyapmuz! — deb o‘zini buvining tizzalariga otib bijirlay ketdi. — Talaga ketmoqchimuz. Rostakam varraklar uchirishadugan yerlarga. Bilasizmu, kim aytub ketibdu?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:53:36

— Bilaman, bolaginam, bilaman, — dedi buvi uning kuraklarini silab-erkalab. — Amaking tayinlagan. Sen zerikib qolmagin degan-da.
— Nega aytmaduz? Yashurub ekansuz, — arazlashga, sakrab karavotni lopillatishga tushdi bolakay. — Aldab ekansuz!..
Buvi uning kuragiga qoqib, peshonasidan o‘pdi.
— Har narsaning mavrudi bor, bolam. Vaqti bilan chiqasizlar ham. — Bolakay mung‘ayib qolgan, najot kutib, aftimga termulardi. — Avval ayangdan xabar olsinlar. Keyin opketgani keladilar. Tuzukmi, toychog‘im?
Bu gapdan men ham, Yodgormurod ham inday olmay qolgandik. Hatto men jindek mulzam tortib:
— To‘g‘ri aytadilar. Sen otlanib tur. Ertaga o‘tib, indinga opketgani kelaman, — dedim yupatib. — Bo‘p-timi?
Yodgormurod mo‘min ekan, arazini tashlab, ochila qoldi:
— Indinigamu?
— Indinga, — deb men ham qaytish taraddudiga tusha boshladim.
Buni ko‘rib, buvi o‘tirgan joylarida jonsarak alangladilar:
— Boradurgan bo‘lsangiz... biron nima berib yuborsam bo‘lardi? Shoshmang, — u kishi o‘girilib, yonlaridagi tokchadan eski chiyduxoba jildni oldilar-da, uning yonchig‘ini kavlashtirib, bir nima izlay boshladilar. — Mana, jilla qursa, shuni ola keting, vaqti-vaqti bilan hidlab tursa ham ruhi yengil tortadi.
Nima ekan, desam, u kishining oppoq kaftlarida bir ajoyib bo‘y taratib qalampirmunchoq shodasi turabdi. Uni olarkanman, bo‘yidan o‘zim ham g‘alati bo‘lib ketdim. Men go‘yo bolalik davrlarimga qaytib, qalampirmunchoq bo‘yining sirli olamiga tushib qolgandek edim. Shunday yengil edimki, kuragimdan qanot o‘sib chiqayotgandek edi...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:53:48

Keyin Oyto‘ra kampir bilan qanday xayrlashdim, yalang‘och ishkomu so‘rilar tagidan o‘tib, xayhotdek hovlidan qanday chiqib bordim, yakka tavaqali eshikdan qanday o‘tib, Kalkovuz bo‘yidagi ko‘chaga tushdim — bilmayman. Xayolim joyida emasdi go‘yo. Faqat oq kampirning istihola bilan «Kelib turing, bolam, yo‘q bo‘lib ketmang, Yodgormurodimni o‘ksitib», degani aylanib-aylanib kelishini aytmasam, boshqa hech nimani eslay olmasdim.
Ancha nari borib, o‘girilib qarasam, meni boloxonaga boshlab chiqqan o‘sha shirin, o‘ksik bolakay yakka tavaqali eshik ostonasida oyog‘ini salanglatib o‘tirar, to‘xtab qayrilishimni kutar, jindak imo qilsamoq, uchib keladigandek, men bilan ketvoradigandek edi. Shamol ham endi tollar ustidan tushib, uni olib ket, olib ket, degan kabi nuqul huvillab yuzlarimga urilardi, yurgani qo‘ymasdi. Mening esa ich-ichimdan bir yig‘i bosib kelyapti. Nima balo, er yetib, bo‘y tortib ham bundan qutulolmasam?! Yetimlarning ko‘ngli o‘zi shunaqa o‘ksik bo‘ladimi, o‘sha buloqning ko‘zlari sal narsaga ochilaveradimi, o‘zimni tutolmasdim. Qaerdanam Chaman akani bu xonadonga izlab keldim? Yodgormurodni, Oyto‘ra buvini ko‘rdim? Boloxonaga chiqdim? Mahfuza kennoyim — (o‘sha Kattabog‘dagi hovlimizda yarim yilgina turib, keyin dom-daraksiz ketgan, biz izini ham topolmagan o‘sha tangritog‘lik kelin) so‘nggi paytda panoh topgan joyga kira qoldim? Mash’um taqdiridan xabar topdim? Devordagi u ajib suvratga ko‘zim tushdi? U nima edi? Nega uch yondan uch kishi ko‘rinib turardi?.. U ro‘yomidi yo Mahfuz kennoyimning o‘zi ishlatganmidi atay? Hech aqlim yetmasdi. Chin desam chinga, ro‘yo desam ro‘yoga o‘xshamasdi bu tarix, bu taqdir. Yaqinroq keling, men bu firoq qissasini, taqdir atalmish buyuk imtihon tog‘idan toymay, tiy-g‘onchiq yo‘llariga kirmay o‘tib borayturgan akalarim, kennoyilarim tarixini Sizga ilindim. Olloh ularni ne mushkul-mushkulotlarga soldi va oltinday toblantirib chiqardi — o‘zingiz bir ko‘ring. Shoyad ibrat olsak, o‘shalardek yashay bilsak...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:54:10

2. AYRILIQ KUNLARIDAN YoDGOR BITIKLAR
yoxud
«VOY, SIZMU, QAYNUJONUM?»

Mayindan-mayin — ukpar shamollar ufurib kelib, yuzlarimni o‘pib qochar edilar...
«Moshaalloh! Ko‘klam ham kepqopti-ya!», deb edilar kecha oyim...
Dalalarning erka yellari bugun shahargacha yetib kelib, jin ko‘chalarni-da, tavof etib, ifor sochib yurar edilar...
Yo mening kayfim chog‘, yo bugungi mujdalardan boshim osmonda! (Hazilmi, axir! Men kimning daragini topdim! Aziz kennoyijonimning qaerdaliklarini bilib turibman-ku!) Atrof-javonibdagi zig‘irdek o‘zgarish, yilt etgan nur ham manavi epkinlardek xush yoqib turibdi menga. Ifordek hidlagim, buloq suvlaridek simirgim keladi barcha-barchasini! Omonliq-somonliqqa o‘xshaydi bu ko‘klam nasimlari ham!...
O‘zi ham ajib bodroq islarini taratib o‘tayotir. Ich-ichimdan bir bahoriy hislar toshib kelmoqdaki... Va men sizga aytsam, miyamning eng olis, eng ovloq qopqalarigacha «jing-jing» ochilgandan ochilib, ichim yorishgandan yorishib, Xasti Imomdan Eski Jo‘vaga tushib kelmoqdaman.
Olamda mendan xushnud kimsa yo‘q. Hamma narsa, hatto yo‘lka bo‘ylab (oldimga tushvolib), pildirab borayturgan anuv likildoq qushcha-chittak ham biram zebo, biram yoqimtoyki, yaqin orada bunday xushhol bo‘lmaganman.
Hammasi o‘sha boloxonaga chiqishimizdan, olmagulli jajji choynakdagi omonatni olishimizdan, devordagi anuv suvratni ko‘rishimdan boshlanmadimi?! O‘shandan beri ularni yodga tushiruvchi har bitta narsa meni larzaga solyapti, yutoqib yopishyapman. Xuddi necha yil burun yo‘qotgan azizlarimni topib olgandekman. Ha-ha, ertak kitobini yoxud jajji qalamtaroshini topib olgan bolakay ham menchalik holga tushmas.
Chindan ham akamni so‘nggi marta ko‘rgan, u haqda bir olam g‘aroyib narsalarni aytib bera olguvchi kishini qayta topib olganimdan, uni ko‘rgani ketayotganimdan o‘zimda yo‘qman.

Qayd etilgan