Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 149583 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:54:48

Hazilmi, axir! Sulton akam qiblagohim o‘rnida qiblagoh edi. Yolg‘iz ungagina suyanardim! Uningdek bo‘lishni, er yetishni o‘ylab, kechalari to‘lg‘onib chiqardim. Keyin ham uningdek mard, tanti insonni uchratmadim! Uchratsam ham unga o‘xshata olmasdim! Endi qavmimizni himoya eta oladigan kishi qolmagandek edi. Hatto Qo‘ldosh tog‘amning ham endi ilgarigidek shahdlari yo‘q. Pochcha-ku, qarib, xassaga suyanib qoldilar. Ularning o‘rnini bosadigan kim bor? Shuning uchun ham zilzila bahona jannatdek joylarimizni tortib olishdi! (Miq etolmadik!)... Bog‘larimizni payhon etib, biz ko‘z ochib ko‘rgan u ma’vodan hech vaqo qoldirmay buzib yotishibdi! (Damimiz ichimizda!)... O‘zimizni esa ko‘chirib yuborishdi (Hech kim g‘ing deya olmadi. Ko‘rsatgan joylariga qarab ketaverdik). Akam, akajonim bo‘l-ganida qarab turarmidi! Buzgani qo‘yarmidi! Ana shunday. (El uchun boshini tikadigan, qayg‘uradigan odamlar tugab bitgan ekan, hijrat etib bo‘lgan ekan undaylar!) Qayg‘uradigan bir jon, bir mard qolmasa-ya!
Ana shu Tangritog‘ tomonlarga bosh olib ketganlar ichidan akajonimni so‘nggi bor ko‘rgan (bir bo‘lsa Chaman aka), bir bo‘lsa, Mahfuz kennoyim edi. Uni ham yo‘qotib qo‘yib, qalbim bir g‘alati huvillab qolgan edi. Mana endi ustma-ust mujdalar chiqib, shoshib qolgandekman. Zoraki, uni topib, bor haqiqatni bilolsam: nega xesh-aqrabolari yolg‘izdan-yolg‘iz yosh bir kelinchakni kimgadir qo‘shib, ota yurtga jo‘natib yubordilar-u, o‘zlari xabar olmadilar? Qaylig‘i — akam-chi?! Nega o‘tib kelolmadi?! Boshiga qanday mushkul ishlar tushib, o‘sha yoqlarda qolib ketdi? O‘zi omonmikan ishqilib?..
Men bu tarixning bir chekkasinigina chala-yarim eshitganim bor. Og‘ir yaralanib, jang maydonida yiqilib qolgan akamni birodarlaridan kimdir shu yaqin oradagi bir qo‘rg‘onga ortmoqlab olib borganmish. Qo‘rg‘on egalari esa ola-g‘ovur yillari o‘sha yoqqa qochib, Tangritog‘ tomonlardan panoh topgan kishilar ekan. Ular yerto‘lalariga yashirib, qaray boshlashibdi. Ammo... o‘sha akamni ortmoqlab borgan birodarining o‘zi juda ko‘p qon yo‘qotgan ekan, xushiga kelib-kelmay qazo qilibdimish. Unga aza ochib, dafn etibdilaru elda Sulton Botur shahid bo‘pti, degan xabar tarqab ketibdi. Qo‘rg‘on egalari balki bu yaxshilikkadir, deb damlari ichida, dim-dim qolaverishibdi. Lekin ko‘zimizning oqu qorasi — kenja qizimiz betob, deb kunora tabib chaqirishar, o‘sha tabib har borganida bostirmaga tushib, bir yo‘la musofirni ham ko‘rib qo‘yar ekan-u, birovga miq etishmas ekan.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:54:57

Kunlar o‘tib qiz «sog‘ayib»di. Tabibnikiga o‘zi qatnaydigan bo‘libdi. Shu borishida u tabibdan musofirga ham malham olib kelar, uning yaralariga bog‘lashar ekan. Shunday qilib, «o‘ldi»ga chiqarilgan Botur qirq kun deganda bostirma ostonasidan oyoq bosib chiqibdi. Ularning o‘rtalarida nima o‘tgan, qanday yaqinlik paydo bo‘lgan — men bilmayman. Lekin qo‘rg‘on egalari Botur kimning zuryodi ekanini eshitib, uning ustida aylanib-o‘rgilib qolishibdi. Toza sog‘aymaguncha qo‘rg‘ondan jildirmay, o‘rtoqlariga ham daragini bildirmay olib o‘ltirishibdi. Keyin nima bo‘lgan, ichkuyov qilishganmi, joy qilib berishganmi, bilmayman. Tangritog‘da inqilob yengilib, surishtir-surishtir, qoch-qoch boshlangach esa, kennoyimni ishonchli odamga qo‘shib, bu yoqqa jo‘natishibdi. Akam chegaradan o‘zim o‘tib boraman, degan ekan. Nimaga kelolmadi yo bir og‘izgina xabar berdirmadi, hech tushunuksiz. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin.
Mahfuz kennoyimdan chala-chulpa eshitganimiz shular. Oyim ham kennoyimga taskin berganlari-bergan edi: «Qarab turing, bir kun emas, bir kun o‘zi kirib keladi. U bo‘ladi-yu, sizni bu yoqqa tashlab qo‘yadimi?! Har qandoq bo‘lganda ham bir bosh suqib ketadi», derdilar. Xuddi aytganlaridek, qishning oxirlari, ko‘klamning boshlarida, ayni oy kechikib chiqib, tongga yaqin bo‘zarib-qizarib botadigan kezlari Kattabog‘da gap tarqadi: nima deysan, Sultonmurodlar qaytib keptimish, nalogchilaru o‘g‘ri-kazzoblarning adabchasini berayotgan emish. Bag‘rimizga shamol tegadigan bo‘pti, urush tugabam tinchimovdik, Xudoyimning o‘zi g‘amxo‘r, uni yetkazibdi, deyishardi odamlar. Bir gal o‘zimam shunaqa voqeaning ustidan chiqib qoldim! Sharifa kennoyining eshigida tumonat odam. Eshak aravada esa, so‘yib qo‘yilgan, lekin kalla-pochaga ajratib ulgurilmagan targ‘il sigir yotar, chakkasi mo‘mataloq o‘g‘ribashara bir odam Xudoning zorini qilib, mol egalaridan uzr so‘rardi. Keyin bilsak: «Egasini rozi qilsang-qilding, bo‘lmasa, o‘n bosh to‘laysan! Bo‘yin tovlab ko‘r — moling talonda, o‘zing badarg‘a!..» deb shart qo‘yishibdi.
Shartning qattiqligidan akamning isi kelardi. O‘pkamni qo‘ltiqlab uyga chopdim. Qayoqda!.. Kelmabdiyam, kirmabdiyam. Oyim eshitib:
— Yo‘q, umas, bolam. Sultonmurod keladi-yu, kirmaydimi? Shundan shu yoqqa kelgan odam o‘z uyiga bosh suqmaydimi! Yana bilmadim, kennoyingdan so‘rab ko‘r,— dedilar.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:55:08

Kennoyim ichkarida ekan. Supadan o‘tib, qiya ochiq derazadan ko‘rsam, dahlizdagi tancha chetida qatim tortib, do‘ppi tepchib o‘tiribdi. Ammo xayoli allaqayoqlarga qochgan, ko‘zlari ham bir g‘alati g‘iltillaydi, shu holiga nimani ko‘rib, qanday tepchiyapti — tushunolmaysiz. Akam kelsa, shunday o‘tiradimi?! Achinganimdan og‘iz ham ocha olmadim. Bekor aytmagan ekanman. Aytsam, umidini uzmay o‘tira turarmidi...
Bu orada dalada ishlar qizib, uni chopiqqa chaqirib ketishdi. Tegirmon tepasidagi yerda lavlagi chopiqda yurgan odam kutilmaganda bir hafta-o‘n kun uyda o‘tirib qoldi-yu, keyin kunlardan birida:
— Men shaharga, opog‘oyumlarnikuga tushib chiqay, bir yo‘la do‘ppularni tashlab, yangi ish opkelaman, — deb ketgancha... bizni dog‘da qoldirib ketdi.
Oyposhsha xolamlarnikiga surishtirib borib ham na izini, na daragini topdik. Borganida xolam yo‘q ekanlar, do‘ppiyu tepchiq1larni Muhabbat kennoyida qoldirib:
— Do‘ppu bozorga tushub chiqay,— debdiyu shu ketgancha qaytib kirmabdi.
Oyim ikki kecha xolamlarnikida turib qoldilar.
— Odam igna emaski, yurib turib yo‘qolib qolsa! Surishtirib ko‘ring, pochcha. Sultonmuroddan uyatga qolmayluk, — derdilar oyim.
Pochcha — taniqli, aytuvli odam, yonlariga meni olib, bormagan-kirmagan joylari qolmadi. Bozorga tushib, shang‘illagan bozor qorovullariyu supuruqchilar oldigacha borib keldilar. Har ehtimolga qarshi uyg‘ur mahallaga ham o‘tdilar. Kallaxonadan surishtirdilar. Na do‘ppido‘z, na ipakfurushlar bilardi. Axiyri, milisaxonaga kirmoqchi bo‘ldilar-u, o‘sha Zokir badbaxtga uchragilari kelmadimi:
— Sen ang-shanglab so‘ra-chi, Tangritog‘dan o‘tgansan deb ushlab, qamab qo‘ymadimikan, badbaxtlar? — deb bir tanishlarini kiritdilar. — Balki ularni ushlash haqda ko‘rsatma-po‘rsatma bordir...
Haligi odam yarim soatlarda chiqdi. Biz esa bo‘larimiz bo‘lib, turibmiz: ketib ketolmaymiz, umidimizni uzib uzolmaymiz. Yo‘q, unaqa ko‘rsatmayam yo‘qmish, bu kecha hech kimni ushlabam qolishmabdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:55:16

Pochcha «haytovur-haytovur»lab orqaga qaytdilar.
— Milisaga tushmabdi, jin urmaydi. Hali-zamon eshikdan o‘zi kirib kelib qoladi. Bozor shunaqa joy. Tog‘-tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan topishadi. Bironta qarindoshi uchragan. Inshaalloh, daragi ham chiqib qolgay, — deb bizlarni tinchitmoqchi bo‘ldilar.
Lekin na o‘sha kuni, na ertasiga eshikdan birov kirib keldi. Noiloj, oyimlar bilan Kattaboqqa qaytib ketdik. Biz birov tashlab ketgan omonatni oldirib qo‘yib, egasiga nima deb javob qilarini bilmagan odamlarga o‘xshab qolgandik. Egasi esa, koshki begona bo‘lsa! Jondan aziz akajonim edi...
Mana, shuncha yil o‘tib qaerda ekan! Akamning jonajon oshnasinikidan daragi chiqib turibdi! Bu orada shirindan-shirin farzandli bo‘pti, og‘ir dardga chalinib, kasalxonaga tushibdi. Lekin miq etmagani, burnimizning tekkinasida, xolamlarnikidan qo‘l uzatsa yetgudek joyda yashab turib, bir og‘iz bildirib qo‘ymagani g‘alati edi. Nimadan uyaldi, istihola etdi ekan? Turmush qurib (qurganmikan o‘zi?), farzand ko‘rganidanmi? Ko‘rgan bo‘lsa, nega unga Yodgormurod deb ot qo‘ydi-yu, u jujug‘i Chaman akamni «amaqu» deyapti? (Bu yerda bir sir bor-u, men hech tagiga yetolmasdim. O‘zidan so‘ramaguncha yetolmasam ham kerak!)
O‘ziga o‘zi shuncha tashvish sotib olgan ekanmi? Qolaversa, o‘zini shunchalar gunohkor sanaydimi?
Men uning oldiga quruqdan-quruq, o‘pkamni qo‘ltiqlab bora olmasdim. Eski Jo‘vaning ilikuzildida ham sarxil mevalar arimaydigan (Olloh baraka yog‘dirgan) bozoriga tushib, kennoyim xush ko‘radigan tansiq narsalardan: ozgina qovunqoqi, bir qismgina sho‘rdanak, jindek Madina xurmosi xarid qildim. Bir shirinzabon kampirsho turgan sari sarg‘ayib, asal boylab ketgan Toshkanni toshnokidan yarim xaltacha opchiqqan ekan. Shundan to‘rt donagina oldim. Alqab-alqab xaltamga solib berdi:
— O‘luk yesa, tiriltiradi, jon bolam. Jannatni mevasi-ya, bu, — deya boshimni ko‘kka yetkazdi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:55:39

Jonu jahonim yorishib ketdi. Chindan jannatning isi keladirgan bunday narsalar kimni xushhol etmabdi! Zora shu narsalar, mening yo‘qlab borishim sabab bo‘lib, oyoqqa turib ketsa, musofirgina. Xudodan bo‘lib — Xudoyim meni sababchi etib, shifoi komillar bersayu yaxshi bir kunda uni o‘sha shifoxonadan yetaklab olib chiqsamu, «Oyi, mana, qochqoq keliniyiz», deb uyimizga boshlab borsam...
O‘lay agar, niyatim xolis edi. Akamdan ajraganimiz ajragan, kennoyimning bedarak yo‘qolishi bizga bir armon bo‘lib qolib edi. Bir kunmas bir kun akam eshigimizdan qirib kelsayu, qani u Tangritog‘lik keliniyiz, deb qolsa, nima deymiz? (Sultonmurod akam bo‘ladiyu kirib kelmaydimi! Tegirmonga tushsa butun chiqadigan odam-a! Qaytib kelishiga ishonamiz biz!) Nima degan odam bo‘lamiz o‘shanda?!
Kun qaytib qolganiga ham qaramay, jahd qilib qidirib kelayotganim shundan edi. Yaxshiyam jahd qilganim, shom tushmasidan (kun hali ufqda yangi tushgan tandirdek qizarib turardi) shifoxonaga yetib bordim. U Qibray tomonda — bahavo joylarga yaqin yerda ekan. Ilgari qaysi bir kattaning bog‘i bo‘lgan shekilli, hozir ham shinam, yog‘ tushsa yalagudek edi. Balki hukumatga qarashlidir hali ham.
O‘ylaganimcha bor ekan, kiraverish — qorovulxonadagi muomaladanoq bilindi:
— Keling, opovsi. Kimni so‘rab keluvdiz? — deb ko‘k xalatli xurshro‘ygina ayol peshvoz chiqdi oldimga. Men nomlarini aytdim:
— Shu yerga tushib qolgan ekanlar, kelinoyimiz...
U oyna tagidagi ro‘yxatni ikki sidra qarab chiqibam men aytgan ismni topolmay boshini ko‘tardi.
— Balki familiyalarini bilarsiz? — dedi umidvor etib.
— Familiyalari... — Akamning familiyasini eslab aytdim, — Abdurahimova bo‘lsa kerak.
Lekin ro‘yxatda bunday familiyali odam ham yo‘q edi.
Birdan Chaman akaning omonat xati yodimga tushib, kissamdan uni izlab qoldim.
— Shoshmang-chi, mana bu yerda yozgan bo‘lishlari kerak.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:55:56

Xat-qog‘ozni olib, o‘zim hayratda qoldim. Chaman aka uning bir chekkasiga, to‘g‘rirog‘i, xatning ortiga (Yodgormurod olib bergan kezda nimaga ko‘rmadim ekan?) yozgan edi: «Darvoqe, uni Marg‘uba Ubaydulloh qizi deb so‘rab borgil. Bo‘lmasa, topib berolmagaylar!»
«Marg‘uba? Nima bu? Shunchaki tasodifmi yo o‘sha birinchi kennoyimga mengzab, o‘shanday baxtini topsin deb... qo‘yganmi, Chaman akam? Unda nega Ubaydulloh qizi? O‘zining familiyasiga olibdimi?! Qanday oladi birovning xasmini?! Yana jonajon oshnasining qaylig‘ini?! Esi joyidami?! Mahfuz kennoyim-chi?! Akam uchun hamma abru balolarga, jabru jafolarga rozi bo‘lib, bu yoqlarda tentirab yurgan kennoyim-chi? Qanday rozi bo‘la qolibdi bu ishga, birovning nomiga o‘tkazishlariga?! (Balki nikohiga o‘tkazib ham olgandir?!) Xayolimga urilgan ana shu o‘ydan o‘zimga kelolmay turarkanman, darbon ayol (holimga achinibmi?) atrofimda girgitton bo‘lib qolgan edi:
— O‘tiring, voy, opovsi. Birpas nafasizzi rostlang. Hech qisi yo‘q, shundan shu yoqqa kelganingizda — xijolat bo‘lmang, topiladi, topilmaydigan narsa bormi? Manavi choydan bir ho‘plang, zora eslab qolsangiz...
— Yo‘q, topdim, — dedim o‘zimni tutib olib. — Mana, Marg‘uba Ubaydulloh qizi ekan. Qaramagan ekanman.
— Ie, anuv tili bir shirin, ko‘hlik ayol bo‘lmasin tag‘in. So‘zlari sal ketib-ketib qolayatuvdi. Og‘acha kelinmi? — Haliyam yuzining jonoqi olmadek qizilligi qolmagan ayol ro‘yxat ustiga engasharkan, yuragim orziqib tushdi.
— Shunday bo‘lishi kerak, Tangritog‘ tomonlardan tushishgan, — dedim.
— Kelin bo‘lib-a? — dedi ayol bir qiyo qarab qo‘yib.
Men (yuragim uvushib!) nima deyarimniyu qanday tushuntirarimni bilmay... (Koshki bu tarixni ochib bo‘lsa hammaga!) noiloj, bosh irg‘adim.
— Bizam shundaymi, deb o‘ylovdik boyaqishginani,— deb turib, quvonib ketdi. — Ha, mana — aytgan odamiz, Ubaydulloh qizi. Hammaga qanchalab odamlar kelganda bu ayolni hech kim yo‘qlamasdi. Savob ham kerak deb yo‘qlab chiqarduk. Yaxshi kepsiz, opovsi. — Ayol bir nozik gapi bor odamdek ichkaridan aylanib, chiqib keldi. — Kechirasiz, so‘raganning aybi yo‘q, kimlari bo‘lasiz?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:56:07

— Qaynilari, — dedim u o‘zini yaqin olib bir narsa demoqchiligini anglagandek bo‘lib. — Nima edi?
— Unday bo‘lsa, sizga xolis bir gap-da, — deya azza-bazza qo‘ltig‘imdan olib, bir chetga boshladi, — boyaqish musofirgina ekan, qolaversa, qiz boladek narsa: jarrohlar qo‘liga tashlab qo‘ymanglar bunday. Ruxsat bermanglar.
— Nimaga ruxsat, qanday ruxsat? — dedim nima gapligini anglab-anglamay.
Ayol ko‘zlarimga iltijoli boqdi:
— Tushuning siz, jarrohlarga nima! Kesadilar — qutuladilar-da. Lekin jabr-jabr kimga bo‘ladi — unga bo‘ladi. Ayol narsaga. Rozilik bermang. «Joyidanam» bo‘ladi ba’zan bunaqa narsalar... Irimini qilsa, san ko‘r-man ko‘r bo‘lib, oyoqqa turib ketar-midi...
Men yuragim hapriqdi:
— Oyoqlariga nima bo‘lgan?..
— Aytmoqchi, hali Siz bilmaysiz-a. Boyaqish tahorat yangilayman deb vannaxonaga kirgan ekan: tiyg‘onib tizzasini urib olibdi. O‘sha — do‘ngalakdek shishib ketib, yurolmay ham, turolmay ham qolsa deng. Bo‘lmasa, namozini o‘qib, bir chiroyli yuruvdi. Ranglari ham yaxshi bo‘p qoluvdi.
Men qaytarib so‘radim:
— «Bir chiroyli yuruvdi?» — Nazarimda, boshqa birov bilan chalg‘itayotgandek edi.
— Ha, opovsi, tashqariga ham sekin-asta chiqayotgan edi. Faqat manavi falokat — oyog‘i ostidan chiqib, yomon bo‘ldi. Shuning uchunam kasali «joyi»danmikan, deyman. Eskichadan xabari bor Hoziq tabibga ko‘rsatish kerakmidi. U kishi xorijdan kelganlar, shu shah-rimizdalar. Birov birovga sababchi bo‘ladi-da, opovsi.
Boshda xushro‘yginayu iymanchoqqina ko‘ringan qishloq ayolining birpasda shuncha gapni gapirib tashlaganigami yo kennoyim haqida hech narsa bilmay yurib, birdan shuncha narsadan xabar topganimgami, boshim aylaniblar ketgan edi:
— Maslahatingiz-chun rahmat. Ko‘rib chiqay-chi, avval, — deb men qo‘zg‘olib, ichkari o‘tishga chog‘lan-dim. — Qaysi xonadan... so‘rayman?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:56:17

— Iloy, Xudoyim Sizni o‘zi yetkazgan bo‘lsin, — eshikbon opa oldimga tushib, girgitton bo‘lib yo‘l ko‘rsata boshladi. — Mana, shu teraklar tagi bilan borib, huv, anavi oldi peshayvonli binoga o‘tasiz. Derazasi shu yoqqa qaragan kunjakdagi xona. Hamshiralardan so‘rab, kirib boravurasiz.
— Rahmat.
— Faqat boyagi gapni unutmang-a?
— Yaxshi, opajon, — men tashakkur aytib, yog‘ tushsa yalagudek yo‘lkadan azamat teraklar tagi bilan yura ketdim. Ular hali quv yalang‘och bo‘lsalar-da, bir go‘zal saf tortgan edilar. Kechki oftobda uchlari yonib ketgudek zarhallanib turar, ammo mening butun fikri-zikrim shu yo‘lka adog‘idagi peshayvonli binoda edi. Ko‘zlarimni uning shu yoqqa qaragan eng chekka derazasidan uzolmasdim. Nimaga ichim qurib, hapriqayotir, desam, kennoyim bu ahvolda yotgan ekanlar-da. Bizni bir ko‘rishga ilhaq bo‘lib? Shu kunlarga tushib? Chaman akam bejiz tayinlamagan ekan. Oyog‘ini qachon urib olibdi, u ketgunchami yo undan keyin? Bechora kenno-yim, shu ko‘rgiliklari ham bor ekanmi musofirligi ustiga?
Huzuriga kirib boryapmanu ichim yonib, bo‘g‘zimga zoldirdek qaynoq bir narsa tiqilib kelyapti. Yuragimni bir nima timdalaydi. Undan nimtalab tashlagani ma’qul edi. Yengil tortarmidim... Qayni bo‘lib, bizdan nima ko‘rdi? Shu holga tushgunchayam qidirib topmabmiz! Holidan xabar olmabmiz! Akamning, akajonimning hurmati shumi edi?!
Qalbimning eng chuqur, eng ingichka yerlarida tushunuksiz, (o‘z-o‘zimdan shekilli!) bir norozilik ul-g‘ayib, bir hayqiriq qaynab kelayotir. Uyat! Qanday uyatli hol!... Ko‘ksim xuddi mijmarga, ha-ha, o‘t tutashgan ko‘ksga o‘xshab kuymoqda go‘yo, dudi ichimga sig‘may ketayotir.
Dimog‘imga bir g‘alati hid va dudlar uriladi. Go‘yo birov shu yaqin atrofda mijmar atalmish idishda mushk-anbar tutatayotgan kabi. U shu atrofdan gupurib kelyaptimi, ich-ichimdanmi — o‘zim bilmayman: Mana, sizga oqibat! Tag‘in biz jigarmishmiz! Jigarimizning jigariga jigar bo‘lolmabmiz-ku! Akam kelganda oldiga qaysi yuz bilan «Voy jigarim»lab boramiz? Bag‘riga o‘zimizni tashlaymiz?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:56:32

Uyat, xijolatpazlik, shuncha vaqtdan beri holidan xabar ololmaganimiz — barcha-barchasi qo‘shilib, bir tarafdan ichimni tirnab borayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan nihoyat daragini topib, eng mushkul kunda oldiga yetib kelayotganimdan, mana hozir meni ko‘rib qay alpozga tushuvidan yana bir hayajondaman. Xushi uchib, esi og‘ib qolmasa koshki edi! Balki avval xabar berib, keyin kirib borishim lozimmidi?
Qibrayning oq yuz, tim qora ko‘zli qishloq qizlari hamshira bo‘lib ishlashar ekan.
— Keling, kimga kelib ediyiz? — deb xayoligina iymanib, o‘rnilaridan qo‘zg‘olishdi.
Men aytdim-u, shu ondayoq yuzlarida g‘alati jiddiylik ko‘rib, qo‘rqib ketdim:
— O‘zlari... yaxshimilar ishqilib?
Hamshiralardan biri xuddi «Siz so‘ragandan beri!» demoqchidek yuz burib, ishga chalg‘idi. Va shu asno sherigiga buyurdi:
— O‘zing boshlab kira qol, Dil!
Uning bu muomalasi menga ayil botdi: «Sadqai qarindosh keting», deb yuzimga solgandek edi. Ko‘ksimda bir nima simillab, tilib o‘tdi. Shu asno ikkinchi sherigi o‘sma qo‘ygandek qora qoshi bir chimirilib, oldimga tushdi:
— Yuring.
Javobi ham zardalikkina edi uning. Yuragim shuv etdi: chindan og‘irlashib qoptilarmi, kennoyim?
Qadamimni tezlatib, hamshiraga yetib olishga shoshildim. (Uning ikki o‘rim sochi uzunligidan taqimini o‘pay-o‘pay der, o‘zi oq xalat ustida qo‘sh ilondek to‘lg‘onar edi, tavba.)
— Hoy, singlim, — dedim yurak yutib, ham shivirlab, — nima bo‘lgan u kishiga? Biz endi xabar topib kelyapbiz, — men o‘zimni oqlashga urinarmidim yo ahvolini bilishga oshiqarmidim, ajrata olmasdim. Harqa-lay ikkisi ham bo‘lsa kerak.
U o‘girilib, tanbehnamo boqdi:
— Shovqinlasangiz, kiritmayin qo‘yaqolishadi, — dedi sekin, — bilmaysizmi, bizda qanday nozuv kasallar yotishini?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:56:51

— Bilaman, bilaman, — dedim shivirlab, ham nafasim ichimga tushib. Axir shundan shu yoqqa topib kelganimda kiritmay qo‘ysalar, kimga zarar! — O‘sha chekkadagi xonadalarmi? — dedim yalingannamo.
— O‘sha, faqat ko‘p qolib, toliqtirib qo‘ymaysiz. Kuni bilan mijja qoqmadalar, — dedi u kennoyimga achinib. — Qo‘lingizdan kelsa, yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngillarini ko‘taring. Balki Sizning qadamingiz sharofati bilan... operatsiaga rozilik berib qolarlar.
Xayriyat! Hali rozilik bermagan ekanlar-ku! Yuragim gurs-gurs urib, bo‘g‘zimga bir nimalar tiqiladi. Go‘yo ko‘ksim to‘la kaptarlar potir-potur uchib yotibdilar. O‘zim esa nuqul titrab-qaqshayman. Hatto eshikni qoqishga... holim yo‘q. Nihoyat... zo‘rg‘a, sekin qoqdim. O‘zimga ovoz bitganiga o‘zim hayronman:
— Mumkinmi?
Karavotning tag simi ingranib-g‘ijirladi, ammo ichkaridan hech ovoz chiqmasdi. Hamon yuragim potirlab, xalqumimga tiqilib kelyapti. Nahot topdim deganda, kechikdim? Balki ko‘zi ilinib, eshitmagan chiqar? Eshikni qiya ochsam, to‘rdagi karavotda bir burdadek bo‘lib, yuzi bo‘zdek oqargan birov ko‘zlari javdirab yotibdi. Hayhot, bu ko‘zlar juda tanish, faqat uni mung aralash yolqinidangina tanib olmoq mumkin edi!
— Ie, kennoyijon! Nima bo‘ldi? — Men otilib kirib borib, yonlariga cho‘kmoqqa chog‘landim.
— Kim? — u javdirab turib, ovozimdanmi, nimadan tanib qoldi. — Voy, Maqsudxon, sizmusiz? — deya tirsaklariga tiralib bosh ko‘targan joyida... qay bir yeridagi og‘riqning zo‘ridan lablarini qimtib jim qoldiyu... — kechirasiz, — deya benajot boshini qayta yostiqqa tashladi.
— Urinmang, qimirlamang siz, kennoyijon. Menman, Maqsudman. Mana, topib keldim. Endi hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz.

Qayd etilgan