Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 149815 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 52 B


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:57:07

O‘zim unga taskin beryapman-u, kipriklari ostidan sizib chiqayotgan, nozik-ado ajinlarini yuvib tusha boshlagan ko‘zyoshlarini nima qilarimni bilmay... (artib qo‘yarga esa jur’atim yetmay) piqirlab qolyapman. Bo‘g‘zimga nimadir tiqilib kelib, sho‘rtang bir nimalar lablarim chetidan sizib kirayotganday. Ko‘z oldim tumanlanib, hech narsa ilg‘ay olmayotirman. Ko‘rolmayapman-u, kennoyimning pinqillagan ovozidan ho‘ngrab yuborgudekman. Lekin o‘zimni bosmasam bo‘ladimi, bosdim:
— Men Sizga zo‘r xabarlar olib kelganman, kennoyijon. Zo‘r tabiblar, xorijdan kelgan tabiblarni topib qo‘yganman, — deb tasallilar bera ketdim. — Hali otday bo‘lib ketasiz... ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Men Sizni bu yerlarda yotqizib qo‘ymayman, o‘z oyog‘iz bilan yurgizib olib chiqib ketaman, — derdim, va’dalar berardim. Ostonada birov turgandek tuyulib, o‘girilib qarasam, boyagi hamshira: lablari uchib-uchib turgan ekan, eshikni sekin yopdi. Men uyalganimdan o‘zimni tutib, turib o‘tirdim-da, go‘yo hech gap o‘tmagandek, yana yangiliklarga tushdim:
— Sizga Oyto‘ra buvi salom aytdilar. Yodgormurodiz so‘rab-so‘rab qoldi: «Ayajonumni sog‘undum, har ikkala ko‘zlarim ila sog‘undum», deydi.
Vo ajab! Og‘riqning zo‘ridan ingrab yotgan odam ko‘zlari yaraqlab ochilib ketsa bo‘ladimi! Yuzlariga ichdan bir ajoyib oq-qirmizi (boshqacha o‘xshata olmadim!) rang yugurdi.
— Yodgortoyum-a? Menu murodum-a? — dedi to‘liqqan bir tovushda. — O‘zu qanday? Ichikib qolmabdimu? Qiyun bo‘ldu bolam boyaqishga. Qiyun bo‘lgandan o‘shanga bo‘ldu.
— Yo‘q, unday demang. Bir aqlli, bir mo‘mintoy bola bo‘libdi Yodgormurodingiz. U meni Sizlar turgan boloxonalarga opchiqdi. Olmagulli jimit choynaklariz ichidan amaqusining omonatlarini olib berdi, — dedim kennoyijonimning chiroyini ochay, o‘zini xursand etay, deb.
— Shunaqamu? Katta yigit bo‘lib-a?
— Bo‘lganda-chi! Hali qarab turasiz! Anvar mir-zoday bir yigit bo‘lsinki, kelinlikka Ra’no qizlarni izlab yuring! — deb yuboribman. O‘zimning gapimdan o‘zimni olovim chiqib ketdi. Ammo bu gap kenno-yimga yoqqan, mahzun jilmaygancha qo‘lini duoga ochgan edi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:57:32

— O‘sha kunlarga yetkazsun, ilohum, — dedi yuziga qo‘l uchlarini surtib. So‘ng mening oldimda cho‘zilib yotishga o‘ng‘aysizlanibmi, boshini ko‘tarib, jilla qursa, turib o‘tirishga unnaldi. Ammo o‘sha oyog‘imi, nimadir qaddini ko‘tarishga qo‘ymas, u labini tishlagancha qolgan edi. Men shoshib:
— Qimirlamang, urinmang Siz, — deb yelkasidan bosib, yostiqlarini to‘g‘rilagan bo‘ldim.
Kennoyim shu yillar ichida o‘zini ancha oldirgan, yuz-ko‘zlaridagi o‘sha ma’sumlikni demasa, og‘ir dardga chalingan boshqa birovga o‘xshatib, tanimaslik ham mumkin edi daf’atan. Lekin tovshi, so‘zlari, uni ko‘ksidan chiqarib, Tangritog‘ tomonlilarga o‘xshab, bir chiroyli talaffuz etishi o‘sha-o‘sha edi, boqishlari o‘sha-o‘sha muloyim, o‘zgarmagan edi. Faqat ko‘z qarashlarida mahzunlikmi, munis siniqlikmi ko‘paygandek. Balki manavi dard ham, yolg‘izlik ham yengib qo‘ygandir, qiynab, benajot qoldirgandir. Axir musofirlik osonmi, yolg‘iz ayol boshiga?.
— Baxay, kennoyijon, bu yerlarga tushib qolibsiz? Nima bo‘ldi? Nima lozim? Ayting, tabib desangiz tabiblarga olib boray. Do‘xtir desangiz do‘xtirlarga. Faqat bunday yig‘lamang. Esingizdami, siz meni naqd o‘limdan olib qolgan edingiz. Shunday kunda endi men yaramasam, qachon yarayman! — deb yer tizzalab olgan, go‘yo poylariga bosh urib turar edim.
U esa ko‘zlarida yosh, bir og‘iz bir narsa deya olmay, yig‘isini qult-qult yutgancha yotibdi. Faqat ko‘zlarini uzmaydi, ora-sira kaftlari ila mijjalarini artib, o‘sha qo‘llari-la boshimni silaydi, sochlarimni to‘g‘rilagan bo‘ladi. Ko‘zlaridan olam-jahon minnatdorchilik, rahmatlar o‘qiyman. Shugina menga taskin berib turibdi. Bo‘lmasa, o‘zimni tutolmasligim aniq. Axir men kennoyijonimni shu alpozda topaman, deb o‘ylabmi edim?! Qani u go‘zal xilqat? Olloh akam uchun yaratib, pardai ismatida asragan farishtasi? Marg‘ubaning o‘rniga bergan mahbubasi? Shunday imtihonlariga ro‘baro‘ etibdimi bu suygan bandasini?..

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:57:52

— Rahmat, qaynujonum. Mana, kepsiz, shuning o‘zi yetadi menga, — dedi u to‘liqib. — Boshim osmonga yetdi. Shu kecha tushlarimga Hizrdek oppoq bir qariya, nurludan nurlu bir mo‘ysafid kirib yuribdu. Kitob-larda ko‘rganumiz, she’rlarini yod olganumiz o‘sha hazrat Navoiygami, kimga o‘xshab ketadu, tavba. «Qizim, ko‘pam qayg‘urmang, dardingizning davosi bor, inshaalloh, Sizni yo‘qlab kelishgay. Meni qidirib topsinlar», deydu. Ertalabdan beri hayron edum nima ekan deb. Mana, najot farishtasudek o‘ziz kirib keldungiz. Endi qo‘rqmayman. Sizni Xudoyimning o‘zi yetkazdu, — deb qo‘llarimni tavof etib, barmoqlarimning uchini o‘pib qo‘yar, hov bir vaqtdagidek ma’sum-ma’sum jilmayar edi.
Uning bu ishidan jonu jahonim yorishib, o‘rnimdan turib olgim, bozorliqlarimni ochib, o‘sha ilingan narsalarimdan jilla qursa, ikki donagina nokniyu Oyto‘ra buvi berib yuborgan qalampirmunchoqni qo‘llariga tutqazgim kelardi. Axiyri olib:
— Mana, men Sizga nimalar olib keldim, qarang,— dedim.
— Voy, halim nokmu? — kennoyim azza-bazza boshini ko‘tarib, tirsagiga tiraldi. — Hidinu qarang, asal tortub ketipti-ku!..
Darhaqiqat, undan asal hidi gurkirab, o‘zi sariq ipakdek jilvalanar edi.
— Bir kampirshodan oldim bu jannatning mevasini. Duo qilib yeyar ekansiz.
— Rahmat, — dedi u chiroyli kiprik qoqib. (Aftidan mutaassirlanib, og‘riqlariyu qayg‘ularini bir zumgina unutgan edi.) — Bunisu qalampirmunchoq-ku. Rahmat. Shundan shu yoqqa ilinub... ko‘tarub yurubsiz,— dedi u.
— Uni buvi berib yubordilar. Hidlab turarkansiz, g‘uboringizni olarkan.
— Voy, shundaymu? Baraka topsunlar. Menga yaxshilik sog‘inganlarnu Alloh qo‘llasun, o‘zi aziz qilsun, — dedi u yana ham ta’sirlanib. Ko‘zlari chaqnab, yoshmi — nima yiltilladi. — Qani edu, tushlarum o‘ngudan kela qolsa.
— Inshaalloh, o‘shal ko‘ringan odamni-da, topgaymiz. Bekorga belgi bermagan,— dedim eshikbon ayolning gaplari rost kelayotganidan o‘zim ham hayratlanib.
— Valloh, farishtalar omin deb turgan bo‘lsun. — U mijjalariga qalqib chiqqan yoshlarni artib, boyagidek minnatdor tikildi. — O‘sha-o‘shasuz-a, qaynujonum, kichikoyumlarning, kattabog‘liklarning hidinu tuydum, rahmat.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:58:05

— Shoshmay turing, yana o‘shoqlarga opchiqib ketaman. Axir Siz qang‘liliksiz, — dedim men.
— Qaniydu, Kattabog‘nu qaytub bir ko‘rsam, Sizlarnukuga chiqsam. Anuv Olmazorimiznu bir aylan-sam — armonim yo‘q edu. Padaribuzrukvorimiznu, volidai mukarrama onamiznu ko‘rgandek bo‘lar edum. Ular yetisholmagan joyga men yetar edum, — dedi to‘liqib va yana ko‘zlari qayta namlanib kela boshladi.
— Ulguramiz-ulguramiz. Hali hammasini buzib, qo‘porib bitirishganicha yo‘q. Olmazor shunday turibdi, egasiz bog‘day, — dedim.
— Qanday? Hali u tomonlarnu ham buzishyaptimu? Shaharga qo‘shib yuborishyaptimu? — dedi u tashvishlanib.
— Qo‘shib bo‘lishdi hisob. Hech vaqo qolmadi Kattabog‘imizdan.
— Sizlarnukuni hammu? O‘shal qo‘rg‘on, o‘shal uylarnu-ya? Bir nishon qoldurmayin-a? — dedi u sarosimaga tushib. O‘zi azza-bazza turishga unnaldi-yu, ammo turolmadi. Men uning ustida girgitton bo‘lib, tasalli berishga urinardim:
— Yo‘q-yo‘q, bog‘imiz turibdi. Faqat tomni ochib, ko‘chib ketdik, xolos. Surib yuborishganicha yo‘q hali.
U ko‘zlarini yumib, bir muddat jim qoldi, so‘ng «O‘zingga shukr, Allohum, sharmisor etmabsan», deya shivirladi...
Nihoyat, xasrat to‘la ko‘zlarini ochib:
— Ishqilub... o‘shal biz turgan paxsalu uy... omonmu? — dedi allaqanday termulib.
Shu topda bir og‘iz bemavrid so‘z bilan uning ko‘nglini chil-chil qilib qo‘yishim mumkin edi: tilim zo‘rg‘a aylandi:
— Omonligi shuki, tomi ochuq, yolg‘iz devorlari qolgan...
Kennoyim yengil tin oldi:
— Shunisigayam shukr. Surib tashlashsa nima qilardum?! — dedi u. Keyin menga termulib, o‘tina ket- di: — Yaxshiyam kelubsiz. Endi sizdan iltimos, qaynujonum. Tez borgaysiz, surib yubormaslaridan borgaysiz. O‘shal uyda — bilasiz-ku, men turgan uyni — o‘sha katta uyda bir narsa qoldurib edum. Akangizga atalgan narsalar... Tushunyapsizmu, omonat edu. Qachondan beri ich-etimnu yeyar edum. O‘shanu olmoq lozum.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:58:15

U nima o‘zi, qanday omonat? Turibdimi, yo‘qmi hali? Qaerida edi? So‘ragim kelib ketyapti-yu, qani tilim aylansa! Aylanmayapti, tanglayimga yopishib qolgan. O‘zidan ko‘z uzolmay yutoqaman nuqul: nima u, ayta qolsa-chi?!
— O‘rtadagi tokchanu bilasiz-a?.. O‘sha yerda edu.
— Tokchadami? — dedim hech nimaga aqlim yetmay: tokchada narsa qoptimi? Ship-shiydonini chiqarib ko‘chganmiz-ku?..
— Yo‘q, tushunmaduz: taginu urib ko‘ring, po‘killaydu. O‘sha yeruda. Ochsanguz olasiz u bitiklarnu.
— Bitiklar? — dedim hayratga tushib. Ammo daftarmi, nima, deb so‘rolmasdim. Ichim toshib bormoqdaydi.
— Ha, qaynujonum, — dedi u. — Odamlar nima deb o‘ylasalar-o‘ylasunlar, lekin men Alloh shohid, akangiz oldularida pokman. Uyatlu emasman hech. Jilla qursa, mana shu bitiklar — bizning qissamiz guvoh bo‘lsun! Jon qaynum, mumkin bo‘lsa, olib qo‘ying. Shu qog‘oz, shu daftarlarnu! U kishini qaytub ko‘rish... nasib etmasa... — U ichi to‘lib kelib, azza-bazza yuzini burib oldi,— berarsiz bir kun.— Ammo ko‘rib turibman: ko‘zlaridan duvillab oqqan yoshlar... yuzlarini yuvishdan uyalgan kabi pastga chopqillab yostiqqa oshiqar va unga singib yo‘qolar edilar.
U qancha, necha daftar — so‘ragim-bilgim bor-u, so‘ray olmasdim. Darvoqe, ularning ayriliq qissalari qanchalar uzun — nimadan boshlanib, nima bilan tugaydi, men qaerdan ham bilardim...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:58:46

3. KIMLAR KIRAR MUSHFIQANING TUSHIGA?..

Nihoyat, men turar bo‘ldim. Oqshom cho‘kib, qaytar mahalim yaqinlashgani sayin ichim g‘urmishlab bormoqda edi: Nima qilsam ekan? Avval qayoqqa o‘tsam? Eski hovlimizgami yo anavi «Opovsi» opa aytgan joyga? Qay biriga ulguraman? Opa aytgan, Mahfuz kennoyimning tushlariga kirib, belgi berayotgan tabibni desam, eski uyimiz qolyapti, uni desam bunisi. Biri-biridan zarur — muhim. Ayniqsa, anavi bitiklarga ichim tushib boryapti. (Hozir o‘tsam, hozir topib oladigandekman, u «mahfuz» xatlarni! Ammo keyinga qoldirsam... bir umrga yo‘qotib, ajrab qolsam-chi? Axir xaroba joyni kim tutib turardi?! Bugun bor, ertaga surib tashlamasliklariga kim kafolat bera oladi?! Keyin qaysi tuproq ostidan izlaysan?!)
Men eski uyimizga o‘tib, maktubni izlab yursam-u, bu yoqda jarrohlar kennoyimning oyog‘ini kesishga qaror qilib qo‘ysalar-chi? Yo‘q, shuncha yotgan qog‘ozlar yota turadi, tabib zarurroq! «Tushlarimga Hizrdek oppoq bir qariya, nurludan nurlu bir mo‘ysafid kirib yuribdu» deydi. Bejizmas shekilli. Nimadan belgi berayotibdi ekan u?..
Kun ketib borar, ammo o‘zim qay biriga ulgurarimni bilmasdim. Axiyri qo‘zg‘oldim.
— Xo‘p kennoyijon, men endi boraqolay, — dedim ruxsat so‘rab. Ammo o‘zim hech ketgim yo‘q. Hatto turishga ko‘nglim bo‘lmay... imillagandan imillayap- man. — O‘sha belgi berayotgan tabibni... surishtirib ko‘rayin-chi?
Bechora kennoyiginam!.. Men uning ko‘ngliga qarab tepasidan jilolmayotganimdan bir mutaassirlansa (ko‘rib turibman: qora oludek ko‘zlari yoshlanib-yoshlanib kelmoqda, lekin mijjalaridan oqib tushishiga hayosimi — nimasidir qo‘ymayapti), tushlariga kirguchi tabibdan og‘iz ochib meni tashvishga qo‘yganidan ming xijolatda...
— O‘zingizga qarang, tushga nimalar kirmaydu, axir...
— Anavi Opa ham aytayaptilar: «joy»dan bo‘lsa, armon bo‘lib qolmasin deb. U kishi qaerda turishini biladikanlar. Boraveray, zora nafi tegsa.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:58:56

Kennoyim ich-ichidan rozi-yu, o‘zi o‘sha tabibga umid tutib yotibdi-ku... sezdirgisi, meni tashvishga qo‘ygisi kelmasdi. Chalg‘itibmi, hadeb bo‘lak narsalardan og‘iz ochardi:
— Darvoqe, u yoqda kichigoyum qalaylar? Kelinposhsha-chi? Duolarini olub o‘tiribdularmu? Salom aytub, so‘rab qo‘yasiz. Biz uyatlularni... kechirolsalar kechirsunlar, kichigoyim. Xudoyumning xohlashu ekan, shunaqa ishlar bo‘lub kettu.
Men o‘zim turib olganman-u, yana taskin-tasalli beraman:
— Hechqisi yo‘q. Mana, daraklariz chiqib, o‘zizni topdik-ku. Hali eshitib, bir yerga yetadilar. Balki qistab qo‘ymasalar, olib ham kelarman.
Kennoyim yotgan yerida bir g‘alati — iltijoli tikildi.
— Unda... unda aytmay tura qolung, jon Maqsudxo‘jam... Menu bu ahvolda ko‘rub, kuymasunlar. Sal o‘zumga kelub olay, xo‘p?
— Mayli-mayli, — dedim ich-ichimdan bosib kelayotgan xo‘rliklarni yutib. Unga biron narsa deyay deyman-u, bo‘g‘zimdan hech so‘z chiqmayotir. Ammo o‘zim tepasiga kelib, yonginasiga tiz cho‘kib olganman. Mijjalarining chetidan duvillab oqib borayotgan, nori ustidan chopqillab o‘tib, quloq yumshog‘i tagiga, undan yostiqqa singib ketayotgan yoshlarni kaftim ila sidirib to‘xtatib qolmoqchi, artmoqchi bo‘laman-u, qani eplay olsam, jur’at etolsam. Yig‘lamang, kennoyijon, u kishiga aytish qochmaydi, avval tuzalib oling demoqchiman-u, aytolmayapman. Bo‘g‘zimdagi o‘sha narsa, o‘sha xo‘rliklar bir bo‘lib, qo‘ymayapti. Boyaqish, kennoyiginam. Akamni deb kelib, shuncha tashvishlarga qolgan ekanmi?
Alammi — nima, shuncha xo‘rliklarni qult etib yutib yuborishga qo‘ymas, imkon bermas edi, nihoyat bir yutunib — yengil tortdimu:
— Xo‘p, kennoyijon, xo‘p, — dedim. — Siz aytgancha bo‘lsin. Ammo ishoning, sizni bu ahvolda tashlab qo‘ymaymiz. Albatta, tuzatib olib chiqib ketamiz. Qarab turing, o‘z oyoqlariz bilan yurib chiqib ketasiz. Opchiqib, yangi joylarimizga olib boraman. Yana o‘zimiz bilan turasiz. Xuddi ilgarigi vaqtlardagidek. Bu yoqdan Yodgortoyni opchiqamiz. Odamlar ko‘rib qo‘yishsin, bularning qanday jujug‘i borakan deb...

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:59:09

Voh!.. Shu yerga kelganda tilimni tishlab qoldim: men ovsar, men haftafahm, nimalar deb valdirayapman, o‘zim bilmay qayoqlarga o‘tlab ketyapman?! Koshki bir nimani bilaqolsam!..
Haytovur, kennoyim anglamay qoldi. Fahmlab qolsami, bilmadim, qay alpozga tushar edim.
U bo‘lsa, mijjalariyu ko‘z yoshlarini artib, jilmayishga urinar, mutaassir bir holatda:
— Inshaalloh deng, Maqsudxo‘ja, farishtalar ham omin desunlar... — deb shivirlaru o‘ziga kelolmasdi.
— Inshaalloh, inshaalloh, — derdim men qayta va qayta, — yo‘q yerdan daragingizni chiqargan Ollohim bu yog‘ini ham o‘nglaydi. Qo‘llaydi. Siz mahkam bo‘lavering faqat, — deb daldalar berardim.
So‘ng xayrlasha boshladik. Qaytish taraddudiga tushganimni ko‘rib, u birdan o‘zgarib qoldi. Ko‘zlari javdirab, bir nimalar demoqchi bo‘ladi-yu, aytolmaydi. Istiholaga tushib, dardini ichiga yutyapti. Qaytdim. Kelib, jur’at etib-etmaygina yostiqlarini to‘g‘rilashga tutindim. Ammo o‘zimning ich-ichimdan ham bir turlik xo‘rlikmi — nima bosib kelyaptiki, qo‘llarim, barmoqlarim titrab boryaptilar.
— Yana biron gapingiz bo‘lsa, tortinmang, — dedim zo‘rg‘a, — ertaga kelishimda...
Uning mijjalariga ikki tomchi yosh qalqib chiqdi.
— Ertaga menu... menu topolmay qolasizmu deb... qo‘rqamen.
Men shoshib qoldim. Ichimdan o‘t chiqib ketdi!
— Nega unaqa deyapsiz, kennoyijon? Axir, kelishdik-ku, men tabib topib keladigan bo‘ldim-ku. — Men yana uning yoniga cho‘kib olgan edim: — Unaqa xayollarni... boshingizdan chiqarib tashlang...
Kennoyim sochlarimni silab, mahzun yutindi:
— Sarson bo‘lib qolmang deb... aytayotirman.
— Sarsoniz nimasi?
— Gap shundaki... Ertaga ko‘chirishmoqchu... boshqa bir yoqqa.
— Nega, bu yer-chi?

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:59:21

U boyagidek to‘liqib yutindi:
— Kesmasalar bo‘lmas emush... Biron boshqa kasalxonada.
— Siz... Siz rozilik berdingizmi? — dedim titrab. — Axir tushingizga kirgan, kirib yurgan odam-chi? Bekorga belgi berayotirmi?
Kennoyim mungligina mung‘aydi:
— Rozilik bermaganumda... u kishinu topishnu ayting. Kim so‘roqlaydi-yu, kim topib keladu?
— Mana, men-chi? — dedim sidqidildan, — sizni topib kelganda, uni topolmaymanmi?
Uning ko‘zlari yonib, yuzlari yorishib keldi:
— Siz... Siz nimaga ishonub, bunday deyapsiz?
Men darvozadagi xushro‘y ayol — «Opovsi» opani eslatdim.
— O‘sha ayol ham kasalingizni «joy»idan deyapti. Siz bir-ikki kun rozilik bermay turing.
— Voy, u kishi aytdularmi? Taniyman-taniy- man, — dedi kennoyim jonlanib. — Kun ora kirib, so‘rab-surishtirub, tansuq-tansuq narsalar ko‘tarib kelub, odamni bir hijolatlarga qo‘yadular.
— Xo‘p desangiz, o‘sha opa aytayotgan tabibni izlab ko‘ramiz. Yo oyimlarga aytaymi?
— Qaydam... yana Sizni tashvishga qo‘yib-a? Tushga nimalar kirmaydu, axir.
Endi men unamadim:
— Bu yog‘ini menga qo‘yib bering. Topib kelaman dedimmi, topaman!
Nazarimda men izlasamoq, bas edi, Xudoyim o‘zi qo‘llaydigandek, o‘sha tabibni yo‘liqtiradigandek edi. Nimadan bu — o‘zim bilmayman. Balki kelinoyimga azbaroyi bir yaxshilik qilgim kelib ketayotganidandir, u yog‘ini o‘zim bilmasdim.
— Xo‘p, men qaytdim, — dedim axiyri eshik tomon yurib, — Siz duo qilib yoting.
— Maylu, yaxshu boring. Yaxshu daraklar ila qaytung, ilohum, — dedi u.
Kennoyim men ketayotganimni ko‘rib, jilla qur-sa, tirsagiga tiralib turmoqqa, turib xayrlashmoq-qa chog‘landi-yu... shu chog‘ nimadir bo‘lib, daf’atan ingrab yubordi. Va «ix» degancha lablarini tishlab qoldi.

Qayd etilgan


shoir  26 Sentyabr 2007, 13:59:31

Yugurib bordim:
— Sizga nima bo‘ldi, nima qildi, kennoyijon? Aytaqoling, — deb o‘tinardim. Qo‘rqib ketganim shunchalik!
U sal uzanib ingrandi, o‘shal alpozda tizzasini silashgami, uqalashga tutindi. Men nima qilarimni, ustini ochib tashlab, oyoqlariga qarashni ham, yordamlashib yuborishni ham bilmasdim. O‘zlaridanmi, kimdan izn kutib javdirardim. Kennoyim esa, rangi qum o‘chib, mijjalarining tagidan tirqirab yosh chiqqancha qolgan edi. Nihoyat, qimtilgan lablariga jon bitib:
— Ayting, qarab yuborishsin... — dedi.
Shundagina hamshira chaqirish xayolimga kepti. O‘pkamni qo‘ltiqlab, yo‘lakka chopdim:
— Hoy, qizlar, qaerdasiz?..
Mening shovqinimga o‘rtadagi xonadan oq xalatli qizlar yugurib chiqishdi:
— Nima gap, nima bo‘ldi?
— Qaray qolinglar, iltimos. — Ular kirishdiyam, men o‘zimga kelolmasdim, hatto kirib borolmasdim: Bechora, shunday dard chekib yotgan ekanmi hali? Boshiga tushgan shuncha ko‘rgiliklar kam ekanmi?
Qizlardan biri qaytib chiqib, jonsaraklik ila jomu bint ko‘tarib hatto kirib ketdi. Nimaga ekan, hech aqlim yetmasdi. O‘zim ostonadan o‘tolmay turibman. Kirib borishga yuzim chidamayapti. Ustilarini ochib qo‘yishgan bo‘lsa, nima deb ham kirdim? Qolaversa, vujudim quloqqa aylangan. Ichkarida tiq etgan tovushga ilhaq turibman. Faqat kennoyijonim sal yengil tortsalar, bas, o‘zlariga kelganlarini bilsam, bas.
Hamshira qizlar qanaqa epaqasiz ekanlar, hamon kalovlanib bir-birlarini shoshirishar, «bo‘l, opke, ko‘tar»dan nari o‘tisholmasdi. Axiyri bir nima jo‘mrakdan oqqandek jomga shovullab tusha boshladiyu kennoyim ingrab yubordi.
Hamshiralar esa ustida aylanib-o‘rgilib, taskin berardilar:
— Hozir, opajon, oqib bitadiyu orom olasiz, qutilasiz. Hammasi shu patosniki, shuning og‘rig‘i...

Qayd etilgan