Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202421 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 ... 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:11:21

— Mana, hozir, tog‘ang aylansin. — O‘zi esa bu yoqqa o‘girilib hamsoyasi Akmal bandiga uning ustidan ming‘irlagan bo‘ldi. — Bular shunaqa: chekkani ham qo‘ymaydi. — So‘ng uvol ketmasin, deb uni tuf-tuflab o‘chirishga tutindi-da, tamaki hidini gurkiratib kelib, tirsagidan yetakladi: — Yuraqoling, mehmon janoblari, sizni so‘roqlayotganmishlar.
Yechsa yechvora qolmaydimi bu dardisarini!
Uning bilagini bilagiga matab tashlagan tizimcha ensasini bir qotirsa, shu qo‘llari bilan ko‘zidagi narsani olib tashlay olmayotgani battar alamini qistatar edi.
Chaqirsa — avval manavi matoxini olmaydimi ko‘zidan, deb taysallayotgan ham ediki, haligi chaqirgan yigitning o‘zi kelib, bu tirsagidan tutdi.
— Bo‘la qoling, ildam-ildam yura qolinglar, — deb shoshirdi.
Zinaga yetib-etmay norozilanib to‘xtadi:
— Iya, tog‘a, boyatdan beri nima qilayotuvdingiz? Yechib-netmabsiz-ku akamni. Taqsirlarning oldiga shu ahvolda... opkiramizmi?
— Mana, hozir-da, jiyanlari. Jazasi bitta tig‘-da, — deb engashdiyu etigi qo‘njidan bir nima olib, uchini bilagi o‘rtasiga to‘g‘rilab edi, tig‘ning bir beti bilagiga tegib, Akmal demaganlar junjikib ketdi. Tig‘-tig‘-da, tok urgandek seskantirib yuborgandi.
Va shu tob u bir siltovdayoq tizimchani uzib tushib, bo‘shaldi-qoldi.
— Shumi? — dedi Azlar tog‘a o‘zining chapdastligidan o‘zi faxrlanib. — Endi peshonasidaginimi?
Xuddi birov peshonasiga tig‘ olib borayotgandek... Akmal cho‘loq demaganlar tisarilib ketdi.
— Hay, hay, esing joyidami? — Tog‘a qiqirlab kuldi: — Jon bordir bizdayam. Qolaversa, shariatimizda yo‘q bu ish. Tig‘ o‘qtalish. Qo‘rqma.
Shu tob bir qo‘liminan kallasi ortidagi bog‘ichni turtibmi-netib yuborib edi, sirilib yotgan bog‘ich bo‘shalsa-ketsa!
Voh! Shu qorong‘u kechada ular haybatli bir ayvon tagida unga chiqib boriladigan keng taxta zina ro‘ba-ro‘sida turishar, tepada — haligi ikki yoni ochiq keng ayvonning mehrobsimon tokchasida esa yolg‘iz sham yonib turar, uning sirli nuriyu tokcha devorlarining soya-sida ayvon shiftiyu to‘sinlariyu toqilari undanam sirli ko‘rinar, bu yoqda zinadan chiqaverishda kovshandoz, kovshandozning qibla tomonida esa ikki tavaqali o‘ymakorim eshik ko‘zga tashlanar, u nimochiqqa o‘xshardi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:11:32

Akmal garangsib qolgan edi. Ichida hadeb:
— «O‘rda deydi, qaysi boyning tashqisi... shekilli?», — derdi boyagi tasavvuridagi joyga hech o‘xshatolmay. Balki ko‘zi yorug‘ga o‘rganolmay — adashayotgandir? Unday desa...
— Qadamizzi dadilroq tashlayvering, bu zina, — dedi o‘ng tirsagidan tutgan navkar yigit. Akmal cho‘loq ularni navkar deyishni ham, mulozim deyishni ham bilmasdi. Hammasi namat chakmon kiyib, yo‘g‘on qayish kamarmi, naganmi, yana bir balolar taqib olishibdi. Lekin boshlarida do‘ppiyu ustidan shohi qiyiq tang‘ib olganlar. Kasbi boyo‘g‘lidek tunda izg‘ish-u, peshonalarini shohi qiyiq bilan tang‘iganlariga o‘lasizmi! Bu orada u qaerga kelib qolishganini fahmlab olguncha, zina tepasiga chiqib borishdi. So‘ng chapdagi haligi qo‘sh tavaqali eshik ochilib, unga yo‘l berishdi:
— Qani, kira qolsinlar, janoblari. Keldiz.
Ne-ne idoralarning eshigini oyog‘ining uchi bilan tepib kirib yurgan odam... shu eski gulchin eshik oldida tovsillab qolgan edi.
Uni nimaga bu yerga opkelishdi ekan? Opkelganda ham oyog‘ini yerga tekkizmay... avrab keltirishdi. Demak, bekorgamas. Bular Sultonmuroddan ham o‘tadilar shekilli? Yo uning o‘zi sho‘ttamikan?
Jon shirin ekan, yuragi daf’atan o‘ynab ketdi: go‘yo yuragi o‘rnida bir qush boru u jon qushi potirlab-potirlab, porillab-porillab xalqumiga kelar, shunda havo ham yetmay qola boshlar edi. Kallasiga esa bir-biridan xunuk xayollar yopirilib kelmoqda...
«Qaytgani... rost shekilli?.. Avvalgi gal Kattabog‘dan quvib solgan odam endi omon qoldirarmikan?! Hammasidanam anuv gapi qulog‘iga chalingan bo‘lsami, o‘ldim deyaver!»
Oyog‘ining ostidan yer qochgandek, ko‘z oldi tinib ketdi. Haytovur, ikki yonida tirsagidan tutgan tunqorovullar bor, bo‘lmasa, guppa qulab, yo jon achchig‘ida orqasiga urib ketib... qutularmi edi.
Qutulgani, bu so‘roqxonaga kirmay qo‘ya qolgani avloroq edi. Lekin... biron narsa nasha qilganda Azlar tog‘aning o‘ziga o‘zi gapirinadigan odati bor ekan:
— Kir, kiraver, Sultonmurod joningni olgur, muncha taysallading? Nomi-daragidan shuncha titraysan, o‘zini ko‘rsang, nima qilarkansan?! — degani... xushini uchirgan edi.
Tog‘a irshayib, sherigiga tushuntirardi:
— Bu kishim shu holiga uning ojizasiga ishqibozlik qiptilar. Ko‘nglizzi ko‘chasiga qo‘tir jomashshov!..

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:11:44

Ana, xolos! Gap bu yoqda ekan-ku! Nimaga chaqirishibdi, deb o‘tiribdi!
Ostona oshdilar.
Keng, qo‘sh deraza, qo‘sh taxmonli, tokchalari baland-baland toqili uyning to‘rida dor, o‘rtasida esa quchoq yetmas to‘singa osig‘liq fonar chiroq, chiroqning chor-atrofida esa ko‘tarib qo‘yilgan oq bir nima — pashshaxona desa, pashshaxona emas, o‘tov desa, o‘tovmas, ishqilib, oq surp mato ko‘zga chalinar, uning o‘rtasidan tushib kelgan fonar-chiroq takkinasida xontaxtaning uch yonini yolg‘iz-yolg‘iz egallagan sallali-sallasiz kishilar o‘tirishar, chiroq ularning soyalarini yerga qapishtirib, o‘zlarini nurga chulg‘ab tashlagan, bunga sari yuz-boshlari nurlidan nurli ko‘rinar edi. Taqsirlar deyishganicha bor edi. Sallalariyu, mursaklariyu, savlat to‘kib o‘tirishlaridan kirgan odamni sir bosmay iloj yo‘q, faqat to‘rdagi jun chakmonga o‘ralgan anuv qiltiriqqina xumbosh odam... (kim ekan) kaftdekkina yuzlaridan ajabtovur, sariq ipak rangidan ham sariqroq bir nur yog‘iladi. Uning oldida bu mo‘ysafidlar rangparroq, oddiyroq, desa bo‘lar.
Uni ko‘rib hammalari yalt etib qarashdi.
Ko‘z-ko‘zga tushib, Akmal cho‘loq bu ikki sallalini aniq-taniq tanidi: din peshvolari-ku. Biri shu odamning ketida namoz o‘qidimmi, gunohga botib... deb masjidga ham chiqmay, kulbasida yolg‘iz toat-ibodat qilib yotadigan anuv mumsik Qurbon hojim bo‘lsa, ikkinchisi — u ilmsiz deb ataguvchi imomning o‘zginasi edi. Oddiy kunda bir-birini ko‘rolmaydigan ikki odam hozir ro‘parama-ro‘para o‘tirib, unga hazar qilgandek qarab turishar edi.
Faqat unisi — jun chakmonlisi kim bo‘ldi? Xum boshimi, qoshimi — allaqaeri tanish-u, lekin jussasi, nega bunchalar kichik, yo‘qdek? Nima bo‘lgan bu odamga? Yuzidan odam siyohi bor-u, jussasidan juda g‘alati... Qolaversa, anuv shiftga ko‘tarib qo‘yilgan narsa nima?..
Azlar tog‘ami, kim, biqiniga sekin nuqidi.
— Qarz salomingni yeb qo‘yganmisan, nima balo?
U esa ko‘zi ila boshqa odamni izlar, qilg‘iliqni qilib, uni avrab otiga o‘ngarib kelgan valdirvosning o‘zi tugul, qorasi ko‘rinmasdi. Yana qanday topshiriq olib, dab bo‘lgan?
— Mana, taqsirim, opkelishdi... oyog‘ini yerga tekkizmay, — O‘ng yonidagi navkar yigit o‘tirganlardan kimgadir murojaat etib, zo‘r berib to‘nining yengidan tortar va shivirlardi: — Tiz buk, joningdan umiding bo‘lsa...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:11:56

Akmal cho‘loq qaerga opkirilgani va qanday javob berarini to‘la anglab yetmagan edi, dovdiradi, shu dovdiragani ko‘yi kovshandoz qirrasiga tiz buka boshladi. Ammo shu tob u kutgan odam to‘rdagi parda ortidan chiqib kelmayin ham... tokcha tagida chakmonga o‘ralib, kamiga qo‘sha-qo‘sha bolishu yostiqlarga ko‘milgancha mushtdek bo‘lib o‘tirgan (yarimta bo‘lib yarimta emas, bola bo‘lib bola) odam (balki qarib, bola tortib qolgandir?) ajab g‘imirladi:
— Qo‘y, Sa’dulla, rasmiyatchilikni. Bu yer tiz cho‘kib, gunohlar so‘rab olinadigan joy emas. Buning uchun chaqirgan emasbiz.
Asta’firulloh! Ovozi tanishmi? Kim bo‘lsa ekan? Lekin talaffuzimi — nimasi, muloyimdan muloyim, xuddi halim chollarniki kabi edi. Shularning katta-si — shu ekanmi? Shu, to‘ridan go‘ri yaqin odam-a? Unda nega hamma qolib, bu yarimta odam boshlamasiga gap qo‘shmoqda? U bo‘lsa, Sultonmurodnimi — kimni kutmoqda edi. Balki keyin... kirib kelar?
Tanchaning ikki yonini egallagan manavi oq salla, ko‘k do‘ppili taqvodorlar-chi? Nimaga o‘tirishibdi? Kishi ko‘zigami? Kimning yuzini qilib, fatvo berishlarini koshki hech kim bilmasa, g‘art og‘machi- lar — shular-ku.
Shu mahal, qiroati zo‘r-u, ammo o‘zi bidirlabroq gapiradigan, gapirganda har kim ham tushunavermaydigan arab bashara odam — Cho‘lpon ota masjidining imomi tunqorovullarga bir narsalar deb valdiradi. Uning qo‘lu yuz harakatlaridan bir narsa uqmasa, so‘zidan anglash amri-mahol edi.
Ammo unga Azlar tog‘aning ixlosi zo‘r ekan, labiga qarab turib nima deyayotganini uqib oldi va:
— Hozir-da, taqsir. Bajo qilamiz-da, taqsir, — deb shunday kovshandoz labiga yalangqavat ko‘rpacha yozib yubordi.
Cho‘kdilar. Qurbon hojim fotiha qildi.
— Qani, omin, qadam yetdi, balo yetmasin,— yana kimgadir tekkizib qo‘shib qo‘ydi, — hech bandani o‘zi adashtirmasin. Allohu akbar.
Yuzga fotiha tortdilar va tepadagi (boyaqish bo‘-lib boyaqish emas,) yarimta odamdan izn kutib qaradilar.
Boyagi siru salovat bosishlardan hiyla o‘ziga kelib qolgan Akmal cho‘loq uning yuziga tikilib turib, bu majruh odamning shu qadar xotirjamligidan hayron qoldi. U bular kirmasdan oldin qay holatda bo‘lsa, hozir ham o‘shandek edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:12:07

— Taqsirlar, biz sizni bu yerga chorlashimizdan murod, uzr, bemahalda bezovta etdik, bir bandai mo‘’minaning sha’niga aloqador gap o‘tgan. Gapki, uni o‘z nomi ila atasak, birovning pardai ismatdagi ayoliga nisbatan shul vaqtga qadar ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir tuhmat, ya’ni ul pokiza ayolga yetisholmaslik orqasida ojizaga malomat, malomatki, suyuqoyoqlikda ayblov sodir bo‘lgan. Ojiza bul gap-so‘zlarga chidolmay, turgan go‘shasini tark etib, Yakkabog‘imizdan bosh olib chiqib ketgan. Biz surishtirib boshlab edik, poyoniga yetgunimizga qadar o‘zi bunday qilib ketibdi, sizlarni shuning hukmiga chorlatganmiz. Toki, Alloh nomidan, uning Kitobi ila ish ko‘rarkanmiz — shariat so‘zi ustivor bo‘lsin, deya sizlarni so‘ratduk. Ana, bir ojizaga nisbatan malomat chohini kavlab, tuhmat olovini yoqqan kishi qarshingizda o‘tiribdi. Biz esa ul ojiza nomidan da’vogarmiz. Siz nima hukm qilgaysiz — jazosi o‘sha bo‘lgay.
Tavba, ovozi o‘sha-o‘sha ediyu, yarimta bo‘lib ko‘rpachayu chakmonga singishib o‘tirishi g‘alati edi. Nahotki bu o‘sha — bir vaqtlargi o‘g‘riboshi bo‘lsa? Akmal cho‘loqning aqli lol, o‘zi karaxt edi. Hozir o‘sha jabrdiydaning og‘zidan tamomila boshqa so‘zlar chiqmoqda, so‘ksa-netsa, pastkashdan olib, pastkashga solsa, chapanichasiga haqoratlar yog‘dirsa, chidasa mumkin edi, ammo mana bu bosiq-xotirjam so‘zlariga chidab bo‘lmas edi. Nima rost — shu rost. Salomxon kennoynikida paydo bo‘lgan anavi kelinchakka iqi tushgani, suykalib borgani, jiyanining qavatiga tortib, unga yetishmoq pa-yida yurganlari, kechasilari uyqusi qochib ketib, o‘sha xonadon atrofida girdikapalak bo‘lganlari — barcha-barchasi rost. Ammo u Sultonmurodga tegishli ekanini bilgan bo‘lsa o‘lsin agar. Bilganida, kech bo‘lgan edi. Bo‘yida bo‘pqopti, degan gap chiqib ketib bo‘lgan edi.
Qurbon hoji qon talashgandek o‘ng betidagi norini qashlab, tomoq qirdi (u g‘ayri tabiiy, qora soqol ostidan ajabtovur ko‘rinar edi).
— Kimning ojizasi, dedingiz?
Da’vogar dabdurustdan aytolmay, aylantirib aytdi:
— Taniysiz, taqsirim. Tepaning pastida turishadi. Hakimbek amakining nokzori qarshisida. Yangi qo‘shnilar.
Hoji ro‘parasidagi imomga qaradi:
— Kim? Saynab domlamdan o‘tgandami?
— Bor-bor, o‘tganda yangi xonadonlar bor. Xudoyiga borganimiz bor. Nusrat xo‘jakalarga qarashli, — dedi qotma imom qayta qo‘ndoqdek cho‘kkalab.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:12:18

— O‘shalarga tegishli kelin, — dedi o‘zini da’vogar sanayotgan yarimta odam — bularning valene’mati.
Qurbon hoji — yuzini soqol bosgan (o‘zi ham naq ko‘ksiga tushar), ustiga-ustak suyagi yo‘g‘on basavlat odam emasmi, chordana qurib, hurpayib o‘tirar, o‘sib, yelkasiga tushgan sochlaridan ham burun chaqchaygan ukki ko‘zlaridan qo‘rqqulik edi. Akmal cho‘loq tojik domla deb nom chiqargan bu xonanishin odamni ayni tush qizig‘ida bir-ikki Izza yo‘lida tuyqus uchratib, otiyu o‘zi bir xurkkanicha bor. Uzun oq ko‘ylagu ishtonini xalviratib, bir devday odam kelaversa, es-pesi chiqib ketibdi. Oti ham tisarilib, kishnab yuborib edi. Bu esa, uning betiga qarab ham qo‘ymay o‘tib ketaverdi. Shu-shu nomini eshitsa, etiga titroq kiradi. Kelib-kelib ishi shunga tushibdi. Yana bunday ahvolda!..
Sochli domla tomoq qirdi. Ovozi ham allaqanday guldiragan, qiroatluv edi:
— El-yurt buning kimligini biladi-ku, hukm chikora?! — dedi u.
— Chikora-chikora, — deb tasdiqladi bidirlagan imom ham.
Bir burda odam xumday boshini to‘lg‘adi:
— Azizlar, azizlar. Uni biz ham bilamiz. Biz sizdan shariat hukmini so‘rayotirmiz. Toki gunohiga yarasha odil jazosini olsin va biz ham ertaga tongla mahsharda Tangri taolo huzurida zulmkor suvratida turib qolmaylik. Maymun1 qiyofasida tirilmaylik. Usiz ham gunohlarimiz ko‘p.
— Hukm, — dedi o‘sha-o‘sha beso‘naqay kaftiga yo‘talib, tomoq qirib,sochli domla, — shariat hukmi ma’lum bu toifaga. Ayniqsa, birovning pardai ismatdagi qizi yoxud ayoliga tuhmat etgan kishiga sakson darra urilgay, kam ham emas, ko‘p ham.
— Shunday, shunday. Shariat buyurgani shu. Taqsirim, adashmadilar, — deb bidirladi imom va Qur’ondan oyat o‘qidi.
— Demak, bu kishimga ham?.. — dedi qaddini zo‘r-bazo‘r ko‘tarib yarimta odam. U birovning yordamisiz o‘rnidan turolmasa ham kerak edi. Harqalay, shunday taassurot qoldirardi. Ammo uning hukm yuritishi, quvvayi hofizasi hayron qolarli tiniq ham aniq edi, tavba.
Sochli domlaning yelkasi bilan bitta sochlari to‘l-g‘andi:
— Bu shariatning o‘zgarmas hukmi. Qiyomatga dovur ketadigan. Ammo u kuchga kirmog‘i uchun da’vogar kerak, jabrlanuvchini eshitmoq lozim. Usiz hukm — hukm emas, — dedi u kesib-kesib.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:12:29

Akmal cho‘loqqa jon bitib, iqi suyib, domlaga ko‘z tashladi: ajabki, uning yuzi nurligina, o‘zi binoyidek odam edi. Xayolidan kechdi: boshiga qilich kelsa-da, to‘g‘risini so‘zlaguvchi emish.
 Yarimta odamning ayollarnikidek nozik ham oq qo‘li xontaxta ustida ko‘rindi.
— O‘zizga ma’lum sabablarga ko‘ra, jabrlanuvchi Yakkabog‘dan bosh olib chiqib ketib ulguribdi. Lekin biz bir marta surishtirgan joyimiz bor. Shu bois da’vogarlikni zimmamizga olib turibmiz. Qolaversa, Salompa borlar. biz u kishini bilamiz-ishonamiz va ular tarafdan da’vogar bo‘lib turibmiz.
Yelkani qoplagan soch, norozi to‘lg‘andi:
— Biz eshitmaduk. Eshitmagan odam bir nima demog‘i qiyin.
— Shunday-shunday. Biz borimizda chaqirmog‘ingiz lozim edi, — dedi imom ham.
— Bemahalda ayol kishini chaqirib keltirish — o‘ng‘aysiz. Tushunarsizlar, deb o‘ylayman,— dedi to‘r-dagi odam.— O‘zidan so‘rasangiz, inkor etolsa — etsin.
Shu barobar birov uning biqiniga nuqidi. Qarasa, Azlar tog‘a. Kamiga qulog‘iga shipshir edi:
— Odamni uyat-malomatlarga qoldirmay gapir. Seni deb... bo‘lgani rostmi shu gaplar?
— Zo‘rlamang, tog‘a. Belda belbog‘i bo‘lsa, aytadi rostini, qistamasangiz ham, — dedi kutilmaganda bularning valene’mati, o‘sha sharti ketib, parti qolgan odam. Yana uning xontaxlit so‘roqlariga o‘lasanmi!..
— O‘z og‘zi bilan aytsin, gunohini bo‘yniga olib,— bidirladi imom buning betiga qarashni ham o‘ziga or bilib. Ana, pokdomonlik! Hammalari alag‘da — u nima derkin deb. Yolg‘iz sochli domla hurpayib o‘tiribdi. Hamon o‘z fikrida sobit. Hatto ko‘z qirini ham tashlab qo‘ymaydi. Unga osmondan tushgan anuv kitobning aytgani muhim, o‘sha — qonun. So‘zi so‘ziga, sharti shartiga to‘g‘ri kelishi kerak. Likillamaydi mana bunisiga o‘xshab. O‘ldirsa ham shunday bir so‘zlilar o‘l-dirgani...
Akmal cho‘loqni birdan vahm bosdi. Gunohi aniq, suykalib borgani rost. Lekin bunchalik og‘ir gunohga bosh suqayotgani tushiga ham kirmagan bo‘lsa-chi, jazolayveradilarmi? Bilib turib qilgan bilan, bilmay qilganning farqi bordir, axir? Bular bilmasa, Xudo bor-ku, biladi-ku. O‘zi asrar manavi johil, muta-assib bandalaridan?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:12:42

— Nima qilib qo‘yganini o‘zi bilmaydi shekil, bu Xudo bexabar, — dedi imom ko‘k do‘ppisini boshida aylantirib qo‘yib va ham bilag‘onlik qilib.
— Nega bilmaydi, baloni biladi bu enag‘ar, — deb so‘z qo‘shdi Azlar tog‘a irshayib: uning do‘st-dushmanligini ajratib bo‘lmay qolgan edi.
— Bilsa, allaqachon yer o‘pib, kechirim so‘rashi keragiydi-ku, — dedi imom.
Sochli domla imomga o‘tli nigohini tashlab, norozilik bildirdi:
— Bizga uning tavbasi nega kerak? Tavbani Allohga qiladi. Kechirguvchi ham O‘zi, jazo berguvchi ham O‘zi. Biz kim bo‘pmiz?! — dedi ovozi guldirab.
Akmal cho‘loqning nazarida allaqayoqdan kun chiqib kelayotgandek, hozir unga javob bergizib yuborishadigandek edi: zo‘r ekan-ku, bu sochli domla deganlari! Qolaversa, nega hamma unga yopishib qoldi? Kecha unisi, bugun bular? Agar hammalari adolat taraf bo‘lsalar nega undan so‘ramayaptilar? Kecha seni kim hafa qildi, g‘assolni taxtasiga tortib ketdi deb? Qozilik shularga qolgan bo‘lsa, nega u nobakorni topib keltirmaydilar? Mana bu yerda tikka qilmaydilar?
Shu asno baland kelmoqchi bo‘ldi:
— Olamni buzgan karnaychiyu baloga qolgan surnaychimi? Menga kechagisi ham yetib ortadi, — dedi to‘rsayib, kamiga qo‘shdi, — sen boyaqishni kim o‘sha alpozga soldi, demayapsizlar-ku. Qozi bo‘lsanglar, baravar odil bo‘linglar-da.
— Nima gap, darvoqe? Nega biz bexabarmiz? — deb sheriklariga alangladi sochli domla.
Kulishni ham, kulmasini ham bilmay, kechagi voqeani tushuntirgan bo‘lishdi.
— Qotirib ketibdi-ku, azamat. Hech kimning tushiga kirmaydigan tarzda. E, jiyan, o‘lganlarimiz yaxshi bu kunimizdan, — deb chistonga olib, yarasiga tuz sepdi Azlar tog‘a.
— U shovvozniyam chaqirtirmabsizlar-da shu yerga. Toza bo‘lardi hangoma! — deb kuldi navkar yigit, o‘sha Sa’dulla deganlari.
— Kerak bo‘lsa chaqirtiramiz ham, — dedi bularning valene’mati, — ammo bu kishining foydalariga bo‘lmaydimi, deb qo‘rqaman. Qolaversa, shunaqa bejo harakatlarizzi evaziga olgansiz sazoyu jazoni.
— Men e’tiroz bildiraman, — dedi kutilmaganida Akmal cho‘loq «somon parchasi»ga yopishib, — sizkim, adolatli qozi bo‘lsangiz, ayting: kishi gunohiga necha qayta jazolanmog‘i mumkin? Shariatda bormi shu?
— Yo‘q, — dedi sochli domla turqini buzmay, — bir jinoyat yolg‘iz jazoni taqozo etadi, ortig‘i ortiq.
— Menga ham kechagisi bir umrga yetadi, — dedi Akmal cho‘loq. U nazarida adolat tarozusini o‘z tarafiga og‘dirolgandek edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:12:54

Uy ichida birdan g‘ovur qo‘pib, kim hayratini, kim nafratini yashirolmay qoldi. Shu asno valene’mat atalmish haligi odam xontaxtaga shappalab:
— Shoshmang, taqsirlar, — dedi va shu bir og‘iz so‘zi ila hammani tinchlantira oldi. — Bizning bu kishiga savolimiz bor: marhamat etib aytsinlar. Yo behuda chaqirilgan, deb o‘ylayotirlarmi?
Akmal cho‘loq noiloj qoldi:
— Yo‘q.
U yana ajab bir bamaylixotirlik bilan davom etdi:
— Demak, o‘zingizni oq-oppoq deb ham bilmagaysiz?
— Yo‘q.
— Yaxshi. Endi bizga ayting-chi, — dedi u yana, — o‘z qizingiz yo jufti halolingizni o‘sha mushfiqaning o‘rniga qo‘yib ko‘rganmisiz hech?
U bo‘lak javob topa olmadi:
— Yo‘q.
— Uning otasi yoxud jufti haloli o‘rniga-chi? — dedi u.
Akmal cho‘loqning boshi tag‘in-da, tushib ketdi.
— Xo‘p, mayli, adashibsiz,— dedi u o‘sha-o‘sha sokin xotirjamlik ila,— bilmay, gunoh ko‘chasiga kiribsiz. Lekin shular uchun bir kun kelib so‘ralishingizni, Bosh qoziga ro‘baro‘ bo‘lishingizni bilmaysizmi?
— Kimga?! — dedi Akmal cho‘loq tushunolmay.
Yarimta odamning yupqa labiyu oftob ko‘rmagan yuzida achinish alomatlari zohir bo‘ldi:
— Demak... demak, Bosh qozi mavjudligidan tamom bexabarsiz?
— U kim, qaerda?
Cho‘kkalab olgan imomning ham yuzlari allaqanday qorayib ketgan, sochli domlaning esa boshlari tushib ketgan edi. O‘rtaga cho‘kkan sovuq jimlikni o‘sha yarimta odamning o‘zi buzdi:
— Taqsirlar, kechirasizlar, bu javobdan keyin mening yig‘lagisim keladir. O‘zini hoynahoy musulmon sanab yurgan bir odam erta birisi kun o‘larini, shu o‘lgancha nomai a’moli berkilib, qiyomatda tirilarini, Mahshargohda esa hamma qatori Bosh qoziga ro‘baro‘ bo‘larini unutgan. Barcha qilmishlari uchun javob beradigan kun borligini hech kim esiga solmagan. Biz qanday qilib uni hukm eta olamiz? Uni Ollohning o‘ziga havola etmakdan bo‘lak qanday choramiz bor?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:13:08

— Bor, — dedi kutilmaganda ovozi guldirab sochli domla, — Ollohning Kitobi ila hukm etamiz. Pokiza bir mo‘’minaga tuhmat qilgani uchun sakson darra urmoq joiz. Ana shunda Ollohni taniydi, — dedi u.
— Shariat ustivorligi uchun ham joiz, — deb bidirladi imom.
— Isboti-chi? — deb yubordi jon achchig‘ida Akmal cho‘loq turib ketgudek bo‘lib. Nazarida, hoziroq opchiqib, darra ostiga yotqizishadigandek edi.
— Yuzlashtirilur, — dedi imom.
— Topib kelsinlar, o‘sha da’vogarni, — deb yul-qindi Akmal cho‘loq. U endi esini ham yo‘qotayozgan edi.
— Yaxshi, — dedi kutilmaganda to‘rdagi haligi chakmonga o‘ralib, yostiqlarga ko‘milib o‘tirgan bedavo kimsa, kaftini xontaxtadan tushirib. Tizzasiga oldimi desa, tizzasi chakmon barlari ostida bilinib-bilinmas edi. Shunaqa kichkina tortib ketibdi, — Tan olmasa, olmay tursin. Hech kim zo‘rlab tan oldirmoqchi emas. Lekin gunohini, hukmini bildirib qo‘ymoqdamiz. To‘g‘ri yursa — yurdi, bo‘lmasa, qaltis qadam bosgan kuni oyog‘ini yerga tekkizmay bir karra tutib keltirmog‘imiz va shu kungi hukmni ijro etmog‘imiz ta-yin. Qolaversa, ul ojizaning xasmi, pushti panohi Sultonmurod qaytmoqda degan gaplar bor. Jazoni o‘ziga qoldiramiz.
Akmal cho‘loqning boshidan olov chiqib ketdi.
— Sulton? Qachon, qaerdan? — deb yubordi o‘zi bilmagan holda.
U tiz cho‘kib o‘tirgan joyidan sapchib ketganmidi, boshqami, vujudini bir yomon, to‘xtatib bo‘lmas titroq bosib kelmoqda edi.
Unga hech kim javob bermadi.

Qayd etilgan