Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202550 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 ... 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:13:32

6. MOSHAALLOH!

— Shoshmang, shu yerda to‘xtang, Saida,— dedim sab-rim chidamay. Men bir narsalarni anglagandek, o‘sha Adolatpeshaniyu uning Bonusini tanigandek edim; bu anuv ko‘hlik juvon — erining gunohini so‘rab kelgan poshsha kelin emasmi axir? Va shosha-pisha o‘rnimdan tura boshladim:
— Oyim yotib qolmadilarmikan?
— Voy, adasi, allamahal bo‘lib ketdi-ku. — dedi xotinim
— Shuncha voqealar o‘tib, oyim bilmaydilarmi! Bilishlari kerak. So‘rab borgan u juvonni ham, erini ham! — deb uydan chiqaverdim.
Chiqsam... oyimning uylarida chiroqlari yonuq. Ba’zan shunaqa yarim kechalarda turib ko‘zoynakni qiyshiqroq taqqancha, otinoyilaridan qolgan Qur’onni hij o‘tirguvchi edilar. Hozir ham... borib qarasam, o‘sha kitobga chippa yopishib o‘tiribdilar. Men esam, eshikni ocharimni ham, qaytib ketarimni ham bilmasdim. Ochay desam, chalg‘itishdan xijolatdaman, ochmay desam, ichim g‘urmishlab yotibdi. Nahot o‘sha yarimta odam o‘zi qolib — birovlarning tashvishi bilan yashay olsa? Buning ustiga Sultonmurod akamning nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa?! Muddaosi nima? Jilla qursa, oyim bilsalar kerak bu tarixlarni?
Nogoh qayrilaturib, oyog‘im ostonadagi jomga tegib ketdi. U esa daranglab zinaga, undan hovliga tushib, dumalab ketdiyu bir yerga yetganda o‘nglanib, lapanglay-lapanglay tindi. Tingani ham bor bo‘lsin, shovqini yetti mahallani tutgan edi.
Ichkaridan oyimning ovozlari chiqdi:
— Kim, kelinposhsha?
— Men, oyi, — deb ovoz berib kirib bordim. — Yotganiz yo‘qmidi?
— Kel, tinchlikmi? — deb u kishi ko‘zoynaklarini olib, kitob betini yopdilar.
Men ko‘rpacha ustiga tiz bukdim.
— Esingizdami, oyi, Sultonmurod qaytibdi, falonchini unday qipti, pistonchini bunday qipti, degan gaplar chiqqan-u, ammo o‘zi qorasini ham ko‘rsatmab edi? — dedim.
Oyim kitobni jildiga sola turib, ilkis qaradilar, qo‘llari jild ichida qotdi:
— Nima, chindan o‘zi ekanmi?
— Qayoqda! Tamomi boshqa birov, aytsam ishonmaysiz, — dedim hamon hayratimni ichimga sig‘dirolmay.
— Qo‘y-e, shunga ishonib o‘tiribsanmi? Kim yurak yutib u ishlarga bosh qo‘sharkan, — deya o‘tirgan joylaridan uzalib, jildni tokchaga qo‘ydilar.
— Esingizdami, bir ko‘hlik juvon erining gunohini so‘rab kelib edi, eski uyimizda?
— Qachon? — Oyim xotirlay olmay, yuzimga tikildilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:13:42

— Akam shu yerdaligida. Bahriddin oshnasining qotillarini topib, jazosini berib yurgan kezlari.
— Parpini aytasanmi? Uning xotinidan bo‘lak kim kepti?
— O‘sha-o‘sha, otning qashqasiday tanish o‘g‘ri. Topdiz, oyi.
— Yo‘g‘-e, yarimta holiga-ya? Akang uni qay holga solib, Bahriddinning janozasiga olib borganini ko‘rmaganmisan?
— Ko‘rganman, — dedim men.
— Qaytib, qanday odam bo‘pqopti? Asta’firullohil azim, qayoqdagi gapni gapirasan? — Oyim ko‘ksilariga tuf-tuflab qo‘ydilar.
— Shuni ayting, hamma Sultonmurod qaytibdi, deb o‘tirsa, u ekan...
— Sen qaydan bila qolding? Uyga kirib o‘tirib qolgan, deb eshitardik-ku uni.
— Yana nima deb eshitar edingiz, oyi? Qaerda turishardi? — Men sandalga ko‘ksimni berib, qistay boshladim. Keyin kirib kelgan Saida ham bu gaplardan esi og‘ibroq bir chekkaga cho‘kdi.
— Qaerda bo‘lardi, o‘sha tepaning ortidagi ko‘cha ichida-da. O‘rikzorga yetmasdan edimikan. Lekin birov o‘shandan beri ostona hatlab, ko‘chaga chiqqanini ko‘rgan emas, bolam. Hatto mushtipar onasi qazo qilganda ham bel bog‘lab turolmagan, holi ma’lum-ku. Faqat eshik-derazalariga parda tortig‘liq bir chillaxonaga o‘xshagan uyda kitob ko‘rib o‘tiradi emush.
— Qanaqa kitob, balki Qur’ondir? — dedim tusmollarim to‘g‘ri chiqayotganidan hovliqib.
— Balkim. Shayxim qori aka kelib, ibodatga tushirib ketipti, savobga qopti, degan gapni ham eshitganmiz. Qiyin-qiyin — o‘sha ko‘hlik xotiniga qiyin bo‘lgan. Ayol boshi bilan o‘sha yarimta erni shuncha yil oq yuvib-oq tarab kelyapti.
— Keyin-chi, oyi, keyin nima bo‘lgan?
— Nima keyin?
— Zilziladan keyin-da, qayoqqa ko‘chishgan?
— Qurbaqaobodga bo‘lsa kerak, — oyim yaxshi eslay olmay yuzlarini siypab qo‘ydilar, keyin xotirlab qolib, tushuntirdilar, — Ha, darvoqe, ko‘chishga qudrati yetmay do‘mga chiqqanakan, eski oshnalari eshitib, uchastkasini bitirib berishganmush. Ko‘chganmi-ko‘chmaganmi, bilolmadim.
— Ko‘chgan bo‘lsa, qaerda bo‘ladiyu, ko‘chmagan bo‘lsa qaerda, oyi? — dedim ichim yorishib kelib. Men uning izini topgandek, topayotgandek edim.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:13:53

— Bilmadim, bolam. O‘tirib qolgan odam ertasini o‘ylasa, uchastkaga ketsa kerak. Do‘m yoqib qolmagandur. Sen yaxshisi pochchadan so‘ra, bilishlari kerak. Hammalari o‘sha tomonga ko‘chishdi-ku.
— Yaxshi aytdiz, surishtirib ko‘raman, — dedim-u, boshqa yangilikni — o‘sha yarimta odam Mahfuz kennoyimni chaqirtirib, ba’zi narsalarni surishtirganiyu akamning ayolini o‘z himoyasiga olmoqchi bo‘lganlarini aytolmay turibman. Yo o‘zlari bilarmikanlar?
Tepamizdagi chiroq hamma yotib bo‘lgan bir kechada yana ham yorug‘ tortib, oppoq nurini ayamay sochar, jimjit kechada nur o‘lchagichmi, nimadir shig‘illab aylanar edi. Tashqarida esa, uyqu bilmas ko‘klam shamoli huvillab, bo‘g‘otlarga urilar, hovlidagi yalang‘och shotutlaru gilos tuplarini chayqatib, o‘pib o‘tar edi.
— U kishi bir sira bizga-da hamiyat qilmoqchi bo‘lgan ekan, Mahfuz kennoyim shu yerdaligida, eshitganmisiz?
Oyim bosh to‘lg‘adilar:
— Xabarim yo‘q. Lekin anuv baloginaga yo‘liqqur Akmal cho‘loq tirg‘alib yurgan kezlari shunga o‘xshash bir voqealar bo‘lganmidikan?
— Eslang, oyi, eslang, o‘sha qanday voqea edi? — dedim qistab.
— Kimdirmi, kimlardirmi juvonnimargning o‘zini Tepamasjidning tovutxonasiga qamab ketgandi. Men akangni yigitlarimi, deb o‘tirardim. Shuncha voqealar o‘tib bizga miq etib qo‘ymagan kennoying o‘sha kezda... shaharga tushib chiqaman, deb yo‘q bo‘lib qolib edi-da, bolam.
Oyim shu gaplarni aytayaptilar-u, men ichim toshib o‘tirgancha goh Saidaga im qoqib, goh aytavuraymi, deb shivirlayman. U bo‘lsa, bir menga, bir oyimlarga qarab, yelka qisadi.
Axiyri o‘zlari sezib qoldilar:
— Ha, Maqsudxo‘jam, nima gap? Nimani aytolmay turibsizlar?
— Rost, aytolmay o‘tiribman, — dedim yorilib, — suyunchi bering, o‘sha keliniz topildi!
— Moshaalloh! Qaerda ekan? — dedilar oyim bir yerga yetib. — Otasining yurtiga o‘tib ketgan ekanmi?
— Yo‘q, oyi, shu yerda, qo‘l uzatsa yetgudek joyda ekan! Ishonasizmi?
— Qanday? Kimni qora tortib borib qolibdi?
— Akamning hov bir oshnasi bo‘lardi, pochchanikida turganda topishgan, Chaman degan...
— Anavinda senga xat tashlab ketganmi?
— Ha, o‘sha. O‘shanikiga borib, turib qolgan ekan.
— Uni qaydan bilibdi? Qanday topib boribdi?
— Bilmasam, — dedim hammasini aytib, yuraklarini yorib yuborgim kelmay, — Qolaversa, anuv kungi bolakay — shirintoy uning o‘g‘li edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:14:03

— Voy, o‘lmasam! — dedilar oyim yuzlarini kaftlari orasiga olib. — O‘g‘li deysanmi?
— Ha, oyi, ularnikida boloxonada turishadi ekan.
— Akang Sultonmurod... biladimi shularni?
— Bilmadim, oyi, bilmadim, — dedim u xo‘rlikmi, nima, menga ham yuqa boshlab.
— Oshnasi-chi? — dedilar anchadan keyin o‘zlarini hiyla bosib olib, — xatida nima debdi ekan?
— Akamning daragini topganmish, shunga jo‘nab ketibdi ekan, — dedim bo‘shashibroq.
— Voy, qancha bo‘ldi-ku?! Kelmadimi haliyam?
Men yerga qaradim: ichimda nimagayam aytdim, deb afsus chekardim:
— O‘sha ketgancha ketib boryapti.
— Ilohim, yaxshi xabarlar bilan kelsin bu yoqda Mahfuz kelinuvzaning daragi chiqqan bir kezda. Ilo-oy, O‘zing shularga ham xotirjamlik ato eta qolgin. Tup qo‘yib, palak yozishlariga imkon bera qolgin.
U kishi duo qilyaptilar-u, men kaft ochgancha ignaning ustida o‘tiribman. Duo yaxshi. Lekin u yog‘ini so‘rab qolsalar-chi, nima deyman?
Nihoyat, turdik. Ular ham mamnun edilar, biz ham.
Yaxshiyam u kishi o‘zi qaerda, deb so‘rab qolmadilar.
Yaxshiyam: shoshma, jujug‘i-chi, jujug‘i qaerda, nega sen olib kelgan joyda yana olib ketishdi, demadilar.
Yaxshiyam Olim o‘zi nimaga kepti, u qaerdan paydo bo‘lib qoldi? Akasi Sultonmurodning qaerdaliginiyu mana bu to‘zib qolgan oilasini bilmaydimi, deb qolmadilar.
Yaxshiyam sen o‘zing qanaqa jigarsan, shunday gazetalarda ishlab Tangritog‘dek bir yurtlarga chiqolmasang, akaginangning daragini o‘zing izlamasang, seni kim aytadi Ulug‘xo‘jaboylar avlodidan deb, past-balandni tushungan deb! O‘zingga en bo‘lolmaysanu bosh-qaga qanday yeng bo‘lasan, deb qolmadilar.
Shunday deganlarida, miq etib og‘iz ocha olarmidim?
Yaxshiyam bu gaplarni keyinga qoldirdilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:14:37

7. OSHIYONIDAN AYRILGAN QUSHLAR

1


O‘z uying — o‘lan to‘shaging. Saharga yaqin yotib ham bir mizg‘ib olsang olam-jahon orom topib, tiniqib turasan. Sa’valarmi, sariq yoxud qizilbosh jimit qushchalarmi, biri olib, biri qo‘yib, derazamiz ortidagi ko‘ksulton tepasida (balki o‘rikdadir) chiv-chivlab chuldirishar, men tepamga ko‘chib kelgan qushlar bozoridan uyg‘onib ketgan edim.
Voh, ko‘klam nafasi bu mitti qushchalarning barini mast etib, daraxtlarning oftob ingan shoxchala- ri — qir uchiga o‘tkazib ulguribdimi! Ular qorin g‘amini tamom unutib, bir-birlariga roz aytisharmidi, sayrab-quvnasharmidi yoxud ko‘klamga yetkazgan Allohga o‘z tillarida tasbehotu hamd aytisharmidi, ajratib bo‘lmasdi. (Balki har ikkisi hamdir). Olam shunchalar munavvar, chah-chahlarga to‘la ediki, daf’atan qay oshyondamiz — eski hovlimizdami, yangisidami, anglay olmay qolgan edim.
Turib, azza-bazza ko‘chaga boqdim. Yangisida ekanmiz. Oftob ko‘ksultonning yarmiga qadar tushib qolganiga qaramay hali bolakaylar uy-uylaridan chiqib, g‘o‘ra qoqishga tushishmagan edi. Tushishsami, bu jimit qushchalar qayga ham qochishar ekan?! Ungacha yayrab olmoqda edilar. Faqat darvozamiz tagida yilt yangi— qora olxo‘ridan ham qoraroq bir mashina turibdi. Men uning orqa yarminigina ko‘rdim xolos. Olam shunday go‘zal va shodumon, ruhim ham shunday tiniq va yengil ediki, qanot chiqarib uchib ketsam-da mumkin edi. Hatto mashina kimniki ekanini o‘ylab qo‘yish xayolimga kelmasdi.
Yuvinib-taranib kelib, salom bergani oyimlarning oldilariga kirsam, voh, kim o‘tiribdi deng?! Bir vaqtlar akamning Bo‘zsuvdagi qarorgohiga osmondan oyog‘ini uzatib tushganlar alam-achchiq ustida ushlab ketgan kichkina akam — Olim akam o‘tiribdi!
— Ie, o‘zizmi? Voy, sizni, — deya bir ko‘rinib yo‘qolib qolgan xolavachchamni quchoqlab oldim. — Xabar bermaganizzi qarang!
Eshikning tagidagi yilt yangi g‘irotni ko‘rib ham(!) payqamaganimni qarang!
— Ey, mirzo, seni ham tutar kun, topar vaqt bor ekan-ku! — deb Olim akam ham kuraklarimni silar, quchog‘idan qo‘yib yubormas edi. So‘zlari bir samimiy, ichining tub-tubidan otilib chiqmoqda edi. Tavba, u ham samimiy bo‘la olar ekan-a! Jigarlarning qadri endi bilinibdimi?! Qolaversa, men uning quchog‘ida o‘zimni jimit bolakaydek his etar, yo‘q bo‘lib ketgandek edim. U bo‘lsa, o‘sha qiltiriq Olim akam bo‘lsa, yillar o‘tib, Sultonmurod akamdek norg‘ul tortib ketgan, katta kishi nusxi urib tog‘alarimizga o‘xshab qolgan, hammadan ham burun undan bir turlik — eng yaqin jigarlarning hidi ufurib, men dovdirab qolgan edim.
— Nechuk-nechuk, qarang, qanday yarashib turibdi.
— Mana, izlay-izlay, surishtira-surishtira... topib keldim — dedi u ham to‘liqib.
— Shunaqa, zilzilalar «sharofati» bilan sochilib ketdik har yoqlarga.
— Tag‘inam tariqday sochvormabdi, do‘mlarga chiqarvorsa, nima qilardingiz? Bizga o‘xshaganlar qaysi toshqo‘rg‘onning qaysi katalagidan topardi?! Bir parcha bo‘lsa ham hovli-joy nasib etibdi-ku. Uzoqqa tushmabsizlar-ku tug‘ilib o‘sgan diyorlarimizdan.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:14:48

Ich-ichimdan hayratga tushaman: shu Olim akammi, a? O‘sha jigarimizmi, a? Odam shunchalar o‘zgarib keta olar ekanmi? Yo bular hammasi vaqtincha, sinashta bo‘lib ketgunchami? Unday desam, oyim ham chippa-chin ishonib, mutaassirlanib o‘tiriptilar. Ro‘mollarining uchini damba-dam mijjalariga bosib, bizga qarab-qarab qo‘yayaptilar. Kamiga shivirlab duolar qilyaptilar: Iloy, hech kimni bizchalik uzilishtirmagin deb.
O‘tirdik. Oyim duo qildilar.
— Ilohim, ot aylanib qozig‘ini topgani rost bo‘laqolsin. Akaginang ham qaytib, bag‘irlaring to‘laqolsin, o‘z diyorlaringda otalaringni chirog‘ini yoqib o‘tiradirgan kunlar ham kelaqolsin. Qanday odamlarning farzandi edingiz — Olloh Sizlarga ham bir qo‘nim beraqolsin. O‘zi to‘zim ato etsin. Omin.
— Ollohu akbar, — deya yuzlarimizga fotiha tortdik. Nazarimizda oyimning duolariga hamma xolalarimu tog‘alarim qo‘shilishib turgandek edilar. O‘zimni bir yengil his etardim, bir yengil his etardim...
Suhbatimizga o‘z-o‘zidan fayz kirib, mehrlarimiz iyib kelmoqda edi.
— O‘shandan beri qo‘ng‘irog‘ingni kutaman, daraging yo‘q, mirzo,— dedi Olim akam gina qilib, ginasi sa-mimiy ham beg‘ubor edi.— Axiyri o‘zim kelaverdim.
— Undan gina yo‘q, akasi, ishiga tuzukroq joylashib olsin, bormay qayoqqa boradi. Borsa-kelsa, oqibat ulanadi-da, — deb jonimga oro kirdilar oyim.
— Uzr, chindan alahsib ketibman, xizmatchilik, — deb uzrimni qalashtirdim. Ammo keyingi voqealardan (kennoyimning topilishiyu Yodgorni bexavotirroq joyga olib ketishlari, Chaman akamning omonati, hali u yoqqa o‘tishim zarurligidan) og‘iz ochmadim. (Ochganimda ham nima derdim, unga aytadigan gaplarmi?!)
Olim akam siporishladi:
— Yolg‘izlik Allohga yarashadi, bu dunyoda hamma bir-biriga suyanib yashaydi, derdilar adam rahmatli, endi bilinyapti, — Olim akamning ovozida allaqanday mahzunlik bor edi. (Aytmoqchi, u o‘shanda yolg‘izman, devdi).
Men choy uzatib, dasturxonga qistadim. Oyim esa hech narsadan xabarlari yo‘q, astoydil ginaxonlik qilar edilar:
— Bir yo‘la kelinni, bolalarni opkelavurmabsan-da, tanishib olishardi. Sizlar kelardinglar, bular borishardi. Bu dunyoning ziynati shu-da.
Olim akamning tomog‘iga o‘ksuqqa o‘xshash bir narsa kelib-tiqilib, chuqur tin oldi:
— Ey, xola-ya! Mening bu yurishim, bu savlatlarimga ishonmang, — dedi chapanilarcha qo‘l silkib, — xizmatchilik deb yuraveribmiz yurtma-yurt, buyurgan mamlakatiga ko‘chib. Ko‘ch ham nima — ikkita jomadonu sariq xotinning sariq-suruq bolalari! Hammasini samolyotga o‘tkazib, chiqqan shahriga jo‘natvorganman, xola. U befotiha, benikoh orttirganlarimni. Yurganakanmiz bizam musulmonmiz deb...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:15:02

Oyim yuzlarini ushlagancha, tillarini tishlab qoldilar, o‘rtaga hech gap sig‘maydigan bir jimlik cho‘kkan edi. Axiyri o‘zlari yumshatdilar:
— Voy, xolang aylansin, shunday ekan, ha, kelavurmaysanmi? Sig‘magan joyingmi?
Olim akam xijolatomuz jilmaydi:
— Unchalik deb tushunmang, xola. Judayam ko‘chada qolganim yo‘q. Ishxonam, og‘aynilar bir xonali uy to‘g‘rilatib berishdi. O‘shatdaman.
Oyim ko‘nmadilar:
— Baribir-da. Erkak kishining yotari bor, turari bor. Qolaversa, sochingga oq oralaganda salti-svoy yurishing yaxshimi! Haliyam bo‘lsa, kel. Qancha uylar huvillab yotibdi.
— Himmatizga rahmat, xolajon. Hali hamma narsadan voz kechib, tarki dunyo qilib qo‘yganimcha yo‘q. Niyatlarim katta, — dedi u gapni yarim hazil-yarim chinga burib.
— Ha-a, ana endi esing kiribdi, — dedilar oyim ayab o‘tirmay. — Shariatni nimaga chiqargan?! Ko‘chadan topgan-xotun bo‘lmas, xotun bo‘lsayam-zotun bilmas, deganlar. Tag‘in sen kimlarning farzandisan-a! Vaqtida qutulibsan. Hay-hay, falokating aribdi. Haliyam kechamas. Topilar o‘zingga yarashasi. Olloh rozi bo‘ladirgan turmush qaydayu halol-haromni ajratmaydigani qayda! O‘zim bosh bo‘lib topganim bo‘lsin.
Olim akam xijolatlarga botib qizarindi, to‘lg‘ondi, axiyri «hay-hay»lashga tushdi.
— Hay-hay, xolajon. Indamasam, to‘yni ham boshlab yuborasiz shekilli, — dedi hazilga yo‘yib.
Oyim bo‘sh kelmadilar:
— O‘zing pushmondamasmisan, ishqilib?
— Nimadan, xola?
— O‘sha sarig‘-moshagingni jo‘natvorganingga-da.
— He-he! Yelkamni chuquri ko‘rsin. Umrning egovini...
— Shuginami? — dedilar oyim.
— O‘z diningda bo‘lmagandan keyin... mahliqosi ham tatimaskan.
— Ha-a, ana bu gaping doda gap bo‘ldi! Qaysi qavm-ga yaqin yursang, o‘sha qavmdan bo‘lib ketasan, deb bekorga aytmaganlar. Bollaring-chi, ular ham onasiga tortganmidi?
Olim akamning boshi solinib ketdi:
— Sekinroq aytasizmi?..
Oyim yomon to‘g‘riso‘zlar-da: ayab o‘tirmasdilar, mehmon-ku demasdilar:
— O‘zingniyam ko‘zing qayoqdaydi, aqling qayoqdaydi? Shayton tuzog‘iga ilinibam sezmadingmi? O‘sasan desalar, qilaveribsan-da buyurganlarini? Qoshdan qovoq qaytarmay?
Olim akam qorayib qora-qizil tortib ketdi, oyimning betlariga qaray olmasdi. U hurpayib olgan, nazarimda mana hozir portlar, portlab: «O‘zlariz me- ni qaerga joylab qo‘yib edingiz? Kim qilmoqchi edinglar?!» deb yuboradigandek edi-yu, yorila qolmasdi. Axiyri ham... yorilmadi. Ichiga yutib, mardlik qil-di.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:15:12

— Nima bo‘lsa-bo‘ldi, bo‘yog‘i yitdi, xola, — dedi bo‘g‘iq ovozda.— Ko‘rgulik ekan — ko‘rdik, kami bo‘lsa... chidaymiz.
Qarangki, men uni... shu turishi, shu gapi uchun... yaxshi ko‘rib ketdim. Uni shunday deb... ayblarini mardona tan ola biladi, deb (!)... hech o‘ylamagan ekanman. Shu hurpayib o‘tirishida hammadan ko‘ra ko‘proq Sultonmurod akamga o‘xshab ketgan edi. Balki men adashayotgandirman, navbatdagi ustamonligi, hiylasi, artistligidir bu. Lekin menga boyagiday tuyulib, yoqib qola boshlagandi. Balki bu akamni judayam sog‘inganimdan, unga hech kimni o‘xshata olmay yurganimdandir. Hozir uning anuv gaplarini (xatida tayinlaganlarini!) haliga qadar bunga aytmaganimni eslab, ochig‘i, bir g‘alati tortdim. U omonat gaplar xususida chindanam og‘iz ochish mavridi endi kelgan, kelayotgan edi. Ammo Xudoning xohlashini qarangki, bunga hojat qolmaganini ko‘rib turardim, ko‘rganim-sezganim sari yengil tortib borardim. Ilohim, hojat qolmagani rost bo‘lsin!
Olim akam esa, ich-ichida oyimning hukmlarinimi, nimani kutar, u kishiga zimdan qarab-qarab qo‘yar (chindan-da, maslahat solib, qora tortib keladigan yana kimi bor?! Qo‘ldosh tog‘amlarning tergashlaridan bezganmi, u kishini uncha hushlamaydi, harqalay borganini eshitganim yo‘q), jim edi.
Oyim sezgir edilar, uni alqab kuragini silab qo‘ydilar:
— Umringdan baraka top, to‘g‘ri qilasan. Bunaqa vaqtda sabrdan chiroylisi yo‘q. Sabr Ollohga ham xush keladi. Lekin sen endi maslahatga ham quloq sol. Bunday yurtma-yurt yurishlaringni qo‘y. Qavatimizga qayt. Uy qilsang, joy qilsang, bir mo‘minaga uylantirib qo‘ysak, otalaringni chirog‘ini yoqib o‘tirsang qanday yaxshi!
Olim akam «hov, mening eski dardlarimni, yaralarimni qo‘zg‘ab nima qilasiz, hamma siz o‘ylagancha bo‘lsa, qani edi!» degandek oyimlarga qarab qolgan edi. So‘ng sovub qolgan, qahrabodek choyni bir sipqorib, piyolani kaftida tutgancha o‘zi sezmagan holda tizzasini ezg‘ilashga tushdi.
— Uni demasang, ana, narigi ko‘chalarda nechta joy bo‘sh turibdi, shaharga chiqsang berishar. Shuncha joylaringizni tortib olgan hukumat bir parcha yer bersa beribdi, haqi ketmas. Butun olam — o‘risam, chulchutam Toshkandga kelib yotganda, nima, sizlarga mumkinamasmi? Haqsiz degan joyi bormi yo?
Rosti, oyimlardan qozi chiqsami, olam-guliston bo‘lib ketar edi. Olim akamning yuziga nur yugurib, o‘zingiz zo‘rsiz-da, xolajon, deganday suyib tikildi.
— Bo‘lmasa, harakat qil. Nimadan uyalib qisinasan? Ular uyalib qisinsin, kim-kim — Sizlarni unutib qoldirganiga. Joy ajratmaganiga, — dedilar oyim hovurlaridan tushmay. — Endi Xudodan qo‘rqmaydiganlarning zamoni bo‘pqoptimi? Shoshmay tursin, Olloh ham ko‘rsatib qo‘yar. Yo Ollohga qiyin ekanmi, ularning o‘rniga boshqasini keltirib qo‘yish?!.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:15:22

Olim akam u kishini yumshatishga urinib uzandi, kiftlariga qoqib «xolajon»lagan bo‘ldi. O‘zi esa, oyimning bu hollaridan ich-ichidan zavqlanib ora-orada menga himo qilib qo‘yar, «qara, qanday xolam, oying borlar» demoqchi bo‘lar edi.
— Siz nima desangiz — shu, xolajon, — deb yubordi axiyri iyib ketib. — O‘zimam odamlarga o‘xshab qo‘nim topib, urug‘im deb, aymog‘im deb, bordi-keldilar qilib, yashashni sog‘inganman. Yetar, shuncha tentiraganlarim. Shuncha topib-topib — nima ko‘rdim? Qolgani o‘sha ko‘chadagi moshinmi? Sotsam, yetib qolar bir boshpana qilib olarga?
— Mashinangni qo‘y, — deb urishib berdilar oyim.— U ham bu dunyoni ziynati. Sen bir uy tiklayman, vatan tutaman deysan-u, qarindoshlar qarab turarkanmi! Hashar bilanam tiklab berishadi. Ana, Usmon tog‘ang, binoyi o‘tiribdilar. O‘zlariga qolsa, bir g‘isht qo‘ya olarmidilar! Undan ko‘ra, sen kirib, duolarini olib chiq. Keyin hamma ishing o‘ngidan kelib, yurishib ketaveradi. Duoda gap ko‘p.
Olim akam u kishining tanbehlarini olib, bosh silkigan bo‘ldi, so‘ng qo‘lini ochib, izn so‘ragancha qaradi:
— Endi duo qiling, xola. Men Maqsudxo‘jangizni bir yetga opketgani kelganman. Buniz vaqti ziq odam, hali ishga boramanga tushib qoladi.
— Mana shunaqa-da, kelmaslaringdan ketamanga tushib qolasanlar, — oyim azza-bazza xafa bo‘lib, ters qaradilar.— Ha, kelin bitta ovqat solsin, tuzuk-quruq dasturxon yozsin...
— Kecha jujur edim, shoshadigan joyim yo‘q, — dedim men manzirat uchun bo‘lsa-da. Aslida boradigan yerlarim qalashib turibdi!
Olim akam qo‘lini tushirmasdi:
— Qaytaga yaxshi. Qaytib kelamiz. Osh dam yeguncha qaytishga harakat qilamiz, — deb qistadi.
— Kelasan-a, kelmay qolmaysizlar-a?.. — u kishi obdan ishongach, javob berib, duo qilishga tushdilar. Undan ko‘ra qayoqqa borasanlar deb tergasalar-chi, so‘rasalar-chi, menga shu avloroq edi. Negaki, men vaqtimni qizg‘anib, ichim halak, lekin mezbonlik nomim bor — andesha saqlab, inday olmayotirman. Hali qayoqdagi sayru sayohatga yo bo‘lmasa arxivgami, surishtir-surishtirgami, boshlamasa edi. O‘zim boradigan yerlarim kamday. Qani aytolsam...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:15:37

2

Xayrlashib chiqib, Ovruponing uchqur, ammo bizning ko‘chalarga xayf «Volva»siga o‘tirdik ham, (tavba, ular bu nomni bizdan ko‘chirganmi yo biz ulardan? O‘xshashligini! Volva-Volga! Egizak-ku!) ko‘chamiz bolakaylarining ko‘zini o‘ynatib g‘uvillatib ketdik ham Olim akam qayoqqa otlanganimiz haqda og‘iz ochib qo‘ymasdi. Ichimni toza pishirmoqchimi, tushirmoqchimi, bilib bo‘lmaydi. Buning kasbi-da, o‘ziyam shunaqa ichimdagini top xilidan. Boshqa odam allazamon sir berib, gullab qo‘yardi.
Men ham atay so‘ramayapman. U qani parvo qilsa, qora qirg‘iyini ta’rifini keltirish bilan ovora:
— Ho‘, o‘sha yoqning kaftdek yo‘llarida bu o‘qdik uchsin-da. Yuz saksondayam qilt etmaydi!
— Suv tekinga olmagandirsiz, axir? Bizning ko‘chalarni bila turib? — dedim.
U og‘zini bir ajoyib to‘ldirib, tilini «toqil»latdi.
— Qayoqda! U yoqda suv tekin. Hamma qimmatchilik bizda. Qolaversa, shundan boshqa nima qopti menga? Hammasini shipirib ketdi-ku anuv yuxo.
— Nechuk bunga indamadi, tishi o‘tmadimi? — dedim kulib.
Olim akam chekayotgan bir ajoyib sigaretini chapanichasiga nazokat bilan (jimjilog‘i uchi ila) oynadan chertib yubordi.
— Qayoqda! Payqamay qoldi olganimni! Orqamdan yetib kelarini bilsa, yamlamay yutardi-ku.
— Siznimi, mashinanimi? — dedim hazil aralash.
Akamga bu xush yoqib o‘tirgan yerida irg‘ishlab qo‘ydi:
— Topding, mirzo, naq ikkimizniyam yutib ortidan chiqavorardi.
— Tirik yuxo ekan-da, unda?
Olim akam qosh uchirdi:
— Ha, barakalla. Olim akangga ham oson tutma sen. Ana o‘shanaqa jodugarlarining qo‘lidan omon chiqib kelib turibdi. Bilding.
So‘ng... bir ajoyib o‘yinqaroqlik ila (go‘yo barcha o‘sha noxushliklarni) «Volva» oynasidan chirt etkazib tupurib tashlab, qo‘shib qo‘ydi:
— Bu g‘irotu qolgan umr — foydaga qolib turibdi-ku.
— Buyursin, — dedim.

Qayd etilgan