Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202604 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 ... 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:15:48

— Rahmat, — deb minnatdor qarab qo‘ydi u. — Le-kin rostini aytsam, ko‘zlari kuyib ortimda hiqillab yurgan ko‘zirchalar ham allaqancha. Bilmaydiki...
— Soting debmi?..
— Ha-da, dardi xarina deganday...
— Chindan ko‘z qiymaydigan xili ekan, — dedim.
— Qiymaganda nima, bir temir-da, — dedi meni hayron qoldirib.
— Unda, nega «loylab» yubora qolmaysiz?
Olim akam quvlik ila kulib qo‘ydi:
— Menam anoyilardan bo‘lib qolmoqchimasman.
— Tushunmadim.
U endi sharaqlab kuldi:
— Hozircha bozorga solyapman! Ko‘z-ko‘z qilib, tarang qilib yurippan. Obdan ko‘zlari kuyib, o‘pkalari shishsin, ana undan keyin... pul topib, aql topmagan bir laqmasiga o‘tkazvoraman.
— Ie, hozir nima devotuvdiz? Shundan boshqa nimam bor deb... — Men halitdan ichim achib, mashinaning momiqdan-momiq o‘rindiqlariga, yilt yangi (ular chindan bu olamniki emasday edi!) anjomlariga qarab qo‘ydim. O‘ziyam poshshoi mashina ekan, yurgan sari bir lazzat topasiz. Bizning shu almisoq yo‘llardaki bir tovus, bir erka kiyikday suzib boryaptimi, u yog‘ini qo‘yavering!...
Akam xo‘rsindi:
— Ochig‘i, xolam haqlar. Dunyoga kelib, bir oshiyon tiklamagan, boshiga bir boshpana qurib, bir yerni vatan tutmagan odam — odammi! Men hov ilgariyoq niyat qilib qo‘yganman, eson-omon qaytsam, Yakkabog‘dagi qo‘rg‘onimizdek bir qo‘rg‘on solay, joy qilay, deb. Nomimiz qolmasayam, nishonimiz qolsin, avlodlarimiz qolsin! Qolaversa, otam rahmatli yurtga qaytinglar, yurtni vatan tutinglar, jigarlardan ajramanglar deb... vasiyat etganlar.
Ikkimiz ham jim qoldik.
Mashina katta tuproq yo‘lda ortidan bir olam oq to‘zon qoldirib, o‘zi o‘sha to‘zondan qochgancha g‘izillab borarkan, akamni bilmayman-u, mening ko‘zlarim yoshlanib kelib, ichim ostin-ustun bo‘lib ketdi. Ko‘z oldimda esa, o‘sha o‘zim bilgan, bolalikdan tanish vayro- na — xolamgilarning Yakkabog‘dagi valongor qo‘rg‘onlari — tomlari ochiq, devorlari qor-yomg‘irlarda nurab-emirilib tugayozgan o‘sha uylar turardilar. Bu ular tashlab ketgan oshiyon edi...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:16:00

Ochig‘i, sabrim yetmadi.
— Qayoqqa boryapmiz, o‘zi? — deb yuborganimni sezmay qoldim.
Olim akam o‘girilib qarab, jilmayib qo‘ydi. Lekin javobga oshiqmasdi. Top-chi, topolmadingmi, shahar berasanmi, deb hazillashadigan bir alpozda edi.
Men esam, ichim qizib, shahar berishga-da, tayyor edim.
U tushundi:
— Avval anuv — ko‘chaga tushgan qayrag‘ochli yolg‘iz mozorga, so‘ng sutchinikiga o‘tamiz. Zo‘r yangiliklar bormish.
— Qaysi, bog‘laringiz pastidagi o‘sha qayrag‘ochzorgami? — dedim yuragim bir orziqib, — shuncha joy turib... o‘sha yo‘lga tushibdimi?!.
— Kimdan xafa bo‘lasan, dudi-fig‘oning chiqib? Balo kelsa ho‘lu quruq barobar yongay, bu yer mozor, bu yer bozor deb o‘tirmagay hech kim. Xudoning xohlashi. Qolaversa, dunyo ko‘rsang — bilasan, bu yerning mozor o‘tmagan biror joyi qoptimi? — dedi u.
Men uni tushungim kelmay qizishdim:
— Qanday xalq edik? Kim bo‘lib boryapmiz?! Otalarimiz non ushoq tushgan yerni o‘rab, mozorot etib, oyoq bostirmagan xalqning bolalari... bugun kim bo‘lib o‘tiribmiz! Tomoshabinga o‘xshab?..
Olim akam o‘girilib, yuzimga sinchkov boqdi:
— Tuzuksanu, — dedi, — gazetangga ham shunday deb yozavurasanmi, o‘tkazishadimi?
— Bilaman, o‘tkazishmaydi, — dedim to‘ng‘illab, lekin tilimning uchidagini yuta olmadim, — Indamas ekan deb... toptayveradilarmi... aziz joylarni?
— Nimasini aytasan, bu yerning yetti qavatigacha aziz-ku, teginib bo‘lmas joylar-ku, — dedi u ham.
— Ular esa, xor qilib kavlab yotiptilar, kimlargadir shahar qurib...
U yo‘ldan ko‘zini uzmay allatovur xo‘rsindi:
— Adam rahmatlining har gaplari bir hikmat ekan. Bu yerga kelib, manavi alg‘ov-dalg‘ov qurilishlarni ko‘rib, tushunganday bo‘lyapman. Avliyo ekanlar.
— Shu haqdayam... gapirib edilarmi?
— Bashorat qilgan ekanlar, tavba, — dedi u hamon menga qaramay.
— Nimani? Shu zilzila, buzilish-ko‘chishlarni-ya?
— Ha-da. Ollohdan qo‘rqish kerak, qo‘rqmay qo‘yganlarning o‘rniga butunlay boshqa qavmni keltirib qo‘yishi hech gapmas. Bizning ham to‘zib ketganimiz bejizmas, o‘g‘lim, der edilar, tavba...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:16:14

Bo‘ladi-ku shunday mahal: o‘rtaga hech gap-so‘z, yurakka esa qil sig‘maydigan kezlar — hozir shunday bir holga tushgan edik.
Allavaqt jim qoldik. Bu orada mashinamiz ko‘cha yoqasida omon qolgan katta bir sadaqayrag‘och (nimaning kasofati urgan — u qurib qolgan, changaldaraxt kabi turardi) tagiga kelib, sekinladiyu o‘z to‘zonida qolib ketdi. Bu oppoq to‘zon xuddi qiyomat belgisiday birpasda bizni kulrang soyasi bilan o‘rab, bir mav-humot olamida qoldirgan, hatto quyosh yuzini to‘sib qo‘ygan edi. Ol-a, yilt yangi mashinasi o‘ldi desangiz-chi! O‘n kun yuvganda o‘z holiga kelmas. Yana uni sotarmish. Bu yo‘llardan uch marta o‘tsin, keyin kimga sotarkin!..
To‘zon tarqab, qulrang soya ham ustimizdan ko‘tarildi.
Bor ekan-ku yorug‘ olam!..
— Sen o‘tirib tur, men hozir, — degancha Olim akam mashinasidan tushib, qayrag‘och tagida baqqolsupa qurib olgan odam tomonga keta boshladi. Sigareti tugabdimi deb o‘ylab, men tushmay qo‘ya qoldim. Ko‘rib turibman, u hech narsa olgani yo‘q, lekin ikki og‘izgina bir narsa so‘radi yoxud iltimos etdi. Chol ham ko‘na qoldi. Qayrag‘och tagidagi ariqdan hatlab o‘ti-boq qaybir yangi uyning handag‘i yoqasiga borib cho‘n-qayishdi. Baqqol yuziga fotiha tortdi-da, nimadir o‘qiy boshladi: bildimki, tilovat qilyapti. Etlarim o‘z-o‘zidan jimirlashib kela boshladilar! Olim akam o‘z qo‘rg‘onlari o‘rnini bosib o‘tib ketolmay... otalari haqqiga bir kalima Qur’on tiloat qildirmoqda edi. Shunchalik eslaganiga shukr, insof berganiga shukr, yodga olib qo‘ymaydiganlar qancha-ku...
Keyin cholga qo‘yarda-qo‘ymay qog‘ozga o‘ralgan bir narsa tutqazib qaytarkan, u Olim akamni alqab duo qilib qoldi. «Eshonpochchamning arvohlari qo‘llasin... Sen siylabsan, Alloh siylasin seni» degani yarim-yorti eshitildi.
U eshikni keng ochib, joyiga yengil o‘tirdi va mashinasiga kalit solaturib:
— Tanidingmi? — dedi allaqanday kamgap tortib.
— Sho‘tmi? — dedim men ham yuragim jig‘ etib.
— Sho‘t, — dedi u qo‘porib, handaqlardan bir chetga surib tashlangancha na arralab olingan, na kesib joylangan daraxtlar mozorotiga o‘kinchla qarab (Qoralari o‘rik, kumushranglari bahaybat yong‘oq tuplari ekani shu yerdanoq bilinib turar edi!).
— Esiz yong‘oqzorlar, — dedi keyin, — biz bolaligimizda shundoq edi, ekilganiga qancha bo‘lgan ekan?
Men bu yong‘oqzor oralab o‘tgan anhor yoqalaridan qo‘ziqorin terganlarimni eslab, g‘alati bo‘lib ketdim: hammasi ko‘z o‘ngimizda yo‘qlikka ko‘chib bormoqda edilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:16:25

— Qo‘rg‘onlarizniyam... surib tashlab bo‘ptilarmi?— yodga soladigan hech narsa qolibmadimi, demoqchi bo‘ldim.
U sassiz-nesiz bosh silkidi, lekin o‘zi o‘sha yoqdan ko‘z uzolmasdi (axir ko‘z ochib ko‘rgan-tanigan vatanining suvratini kishi ko‘z o‘ngi — xotirasidan o‘chirib tashlab bo‘larkanmi! Bir tuman ortida bo‘lsa-da, turavergay-ku o‘ziga chorlab!)
— Hatto anhorni ham-a? Ko‘mib yuborishibdimi?— dedim men azza-bazza tushishga intilib.
— Yetti avliyoning yettita mozoridan bittasi qolmabdi-ku, — dedi u.
— Shoshmang, — dedim men uning yelkasidan silkilab, — o‘sha bog‘ingiz pastidagi yolg‘iz mozor, qayrag‘ochli mozor yetti avliyoning biriniki edimi? Unda kitoblar-chi, eshon buvamning kitoblari-chi? Chiqmabdimi? Anuv gaplar... bekor ekanmi?
Olim akam mening soddaligimdan kuldi. Mashinasiga o‘t oldirib:
— Men seni nimaga opketyapman?! O‘sha xazinani ko‘rsatgani-da! Qolaversa, Tozi tog‘a chaqirganlar, — dedi iljayib.
— Qanday tog‘a? — dedim tushunolmay.
— Tozilarning tozisi, o‘zing bilgan sutchi, — dedi u «Volva»sini jildirib.
Mening kallam aylanib, esim teskari bo‘layozdi: qanday tozilarning tozisiyu qanday sutchi? Kimni aytyapti u? Anqovsirab qolibman.
U xatosini fahmlab, shoshib siporishladi:
— He, biz tog‘ani shunday ataymiz. Azbaroyi suyib! Xizmatlariga besh ketib!.. U kishiga yetadigani yo‘q bizda. Hozir pensaga chiqib, paqir kishi panada deganlaridek sutchilik qilib yuribdilar-da.
— O‘sha odam-a? Ilhom sutchi-ya? — dedim tasavvur eta olmay.
Olim akam ochilib kuldi:
— Sen u odamning odamoviligiyu kigiz shineliga ishonma. Birovlarga tarki dunyo qilib, oqliqdan topganiga yashab yurgan darvesh bo‘lib ko‘rinar. Lekin u asli — zo‘r odam. Olim odam. Shu miq etmay g‘imirlab yurishida ham qilgan ishlarini ko‘rsang edi. Hech kimning xayoliga kelmagan, hatto olimlarning tushiga kirmagan ishni qilib, bir uy kitob yig‘ib qo‘yibdi.
— Kitob? — Kitob mening jonim-ku, hayratlanib qaradim.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:16:37

— Ha-da. Har biri gavharga tong nodiru noyob kitoblar... Tillaga alishmaydigan xillari.
— Yo‘g‘-e, kitobfurushlik ham qiladilar ekanmi?— dedim xayolim qochib.
— Aytdim-ku, bu odam butun bir institut olimlari qiladigan ishni ado etib qo‘yibdi. Shu ko‘ch-ko‘chlarda chiqqan eski kitoblarni so‘rab olib, sotib olib, qidirib topib, bir yerga yig‘ibdi. Tirnoqlab de-ganday... Ishonasanmi, bir uy gavhar yig‘ib qo‘yibdi!
Endi mening ichim g‘urmishlab kela boshladi:
— «Quv-quv», «berkit-berkit»da devor ichiyu toqilar ustiga yashirvorilgan, kigizga o‘rab ko‘mib tashlangan kitoblarni-ya? Unda... unda Sizlarning kitob-laringiz-chi? — dedim vujudimga tushunuksiz bir titroq tushib. Nazarimda shuning daragi bilan kelganday ko‘rinardi Olim akam.
— Bo‘lmasa-chi! O‘shalaram Qang‘lidan topilgan-da. Kitob to‘la sandiq chiqqanini xabar qilishgandayoq borib sotib opti. Sandiqlarimizni ko‘rdim, kitob-larimizniyam. Qilt etmabdi. Bir qavat namati to‘kilib tushibdi-yu, o‘ziga jin ham urmabdi.
— Qaerdan chiqibdi? O‘sha yolg‘iz mozorotdanmi?
— Ha-da, Olloh shuncha yil o‘sha mozorotda saqlagan ekan. Gard yuqtirmay.
Shu tob Sultonmurod akamning xo‘v anuv xati, menga tayinlagan gapi beixtiyor yodimga tushib, g‘alati tortib ketdim: e, voh, toza g‘aflat bosgan ekan-ku bizni! Axir ko‘milgan kitoblar qaerdaligini yozgan edi-ku akam. Men bilardim-ku! Uylar buzilib, hamma ko‘cha boshlagach, o‘rniga do‘mlar tusha boshlagach ham nega g‘ulg‘ulaga tushmadim? Tamom unutdim? Nima bo‘ldi menga? Nima chalg‘itdi? Qaysi shayton yozg‘irdi meni? Omonatlar bir yoqda qolib, qay o‘tkinchi ishlar, hoyu havaslar ketida chopib yuribman? Aslida uni topish mendan lozim emasmidi? Im-m...
Menga alam qilardi. Yo‘q, uni qayoqdagi bir sutchi chol, ishiga puxta chol topgani emas, qarab turib, burnimning tagidagi narsani oldirib yuborganim, u xazina birovlarning qo‘liga tushib ketgani, o‘zim mas’uliyatsiz odam bo‘lib chiqqanim alam qilar edi.
Tag‘inam Xudo asrabdi. Iymonli bir odamning qo‘liga tushibdi. Bizning iymonimiz shunchalar sust ekanmi?
— Undanam burun sen zo‘r yangilikni eshit. U kishi shajara qog‘ozimizni topib qo‘yganmish. Yetti pushtimiz bitilgan narsani, — deb u qalay, mirzo ukam, deganday qarab qo‘ydi.
— Tog‘am aytganlaricha borakanmi, — deb yubordim men, — yo‘qolib bitmagan, birovlarga o‘tib ketmagan ekanmi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:16:51

— Yana kelsangiz ko‘rasiz, ko‘p narsalarni aniqlab qo‘ydim deyayapti. Shunga ketyapmiz, — dedi Olim akam maqtanib. Chindan u g‘ururlansa, maqtansa arzirdi. Men uni xushlamay yuribman, eski qilmishlarini eslab, necha vaqt yo‘q bo‘lib ketganidan hadiksirab... U bo‘lsa, toza omadi chopgan chiqib qoldi-ku!
— So‘radizmi, u bizning o‘sha Ulug‘xo‘ja buvamizdan qolib kelayotgan shajara ekanmi? Qozilar muhrlari bosilgan, hujjat o‘rniga o‘tadigani ekanmi? Yoki?.. — dedim ijikilab.
Olim akam bir narsadan shodumon bo‘lgan kezlari yo‘lga qaramay qo‘yadigan, hali yonidagi odamning yelkasiga qo‘lini tashlab, hali mashinasining g‘ir-g‘ir shabada urib yotgan oynasiga yastanib olib, gap sotishga tushadigan odati bor ekan, hozir ham shu holga tushib borar edi.
U tilini bir ajoyib toqillatdi:
— Yoq, so‘ramadim. Borsagoq ko‘ramiz. Balki o‘shadir, balki boshqa. Lekin shajara qog‘ozlarmish, bir-biriga ulanaverib, yopishtirilaverib sarg‘ayib ketgan.
— Qaytarib beradi ekanmi? — dedim ichim qurib.
Olim akamning yuziga bir nima soya tashlab, so‘nikib qoldi. O‘zi chuqur tin olib:
— He, — dedi allaqanday o‘ksik tarzda, qolaversa, o‘z ustidan kulganday. — Koshki biz o‘sha narsalarning chin qadrini bilsak. Bugun quvonib, ertaga unutib yubormasak. Tayin oshiyoni yo‘q menday odamning qo‘lida yo‘qolib-netib ketganidan o‘shanaqa fidoyilar qo‘lida bo‘lgani ham tuzuk. Nima deding?
— Nega, oborsak oyim yeru ko‘kka ishonmay asrab berar edilar, — dedim izlaganimiz topilganda qo‘ldan chiqib borayotganiga yuragim achib.
— Ha, darvoqe, bu gaping ham to‘g‘ri, boraveraylik-chi. Lekin chol osonlikcha bera qolmas. U shunaqa ko‘hna narsalarning jinnisi bo‘pqopti pensaga chiqib, — dedi u nimagadir xayoli qochinqirab.
Bu orada ilgarigi fayzining urvog‘i ham qolmagan Cho‘lpon ota guzariga yetib borgan edik. Mastuba opaning do‘koni ochiq, tol tagidagiyu anhor bo‘yidagi choyxonalar, bozor joyida, baqqolu attorliklar yopilmagan, faqat hech zog‘ ko‘rinmasdi. Kimsasizlikdan hatto soyalar mudrardi. Faqat daraxtlar uzra g‘uvlab uchgan asalarilarga tashlab ketilgandek edi bu guzar. Na egasiz bir it, na adashgan bir kimsani uchratardik. Rastalar ostida yolg‘iz musichalargina (go‘l bo‘lib!) rizq izlab yurishibdi. Hatto bir vaqtgi bozorgohga o‘rgangan gala chumchuqlaru so‘fito‘rg‘aylar ham guzarni tashlab ketgan edilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:17:02

— Ie, — dedi Olim akam xushi birdan joyiga kelib, — men oshning xarajatini shu yerdan olaman deb yuribman, bu yerda guzar o‘lib bo‘lgan-ku.
Esiz, ilgarigi guzar deb o‘ylagan-da. Chindan ham ilgari bu yerda uchta choyxona bo‘lib, uchalasiga uch toifa odamlar yig‘ilishar edi. Mirto‘xta amakinikiga qariyalar kirib, qaymoqxo‘rlik, naxotsho‘rakxo‘rlik qilib, gaplashib o‘tirib ketishsa, anhor bo‘yidagi choyxonaga satta ziyolilar, shahardan chiqqan mehmon-izlomlar kirishardi. Qodir boyvachchaning choyxonasiga esa tamomi oshxo‘rlar, norinxo‘rlaru xasipxo‘rlar to‘planib, ertadan kechgacha anuv shayton suvini xush ko‘rguvchilar arimasdi. O‘sha shayton suvlarning kasofati urdimi yo boshqa voqea sodir bo‘lganmi (anig‘ini hech kim bilmaydi!) bir kecha shu choyxonada xizmat qilib yurgan yugurdak bola devday odam — choyxonachi Qodir polvonni uxlab yotgan joyida chopib tashlab, o‘zi gum bo‘pti. Nima olgan, nima qaysi bo‘lgan — hech kim bilmaydi. Jinqarcha o‘spirin shunday ishga qanday dov etgan, qaysi yurak bilan jazm etgan — aql bovar qilmaydi. Lekin ertalab kelishsa, polvon chopiqliq, bolta ham o‘sha yerda yotganmish. Shu-shu choyxonadan fayz ketuvdi. Endi bu ahvol...
— G‘izza Novzaga o‘tib kela qolayluk? — dedim.
— Yur, o‘tsak o‘tib kelayluk, ikki birdek odam sho‘ppayib kirib boormayluk qariyanikiga, — dedi u ham.
Ketdik. Endi uning bir qariyaning ko‘nglini olaman deb oshning masallig‘ini izlab yurishi, hamma tashvishlarini (yolg‘izligini ham, bevatan-beoshiyon ekanini ham) unutib, o‘tganlarning shajarasini izlab qolgani meni ajablantirmoqda edi: Tavba, tiriklar turib, nechuk bu o‘tgan ajdodlari bilan qiziqib qopti? U qog‘oz unga nimaga kerakki, vaqtini ham, yilt yangi «Volva»sini ham ayamay manavi o‘ydim-chuqur yo‘llarga solib yuribdi? Undan ko‘ra, yolg‘iz jiga- ring — akangni surishtir! Oshnalari, tovkasidagilarini top! Kimi bor, kimi yo‘q, jilla qursa, mendan so‘ra! Yuzing kuyuk, tiling bog‘liq bo‘lsa ham... Chindan-da, nega g‘iq etmaydi u haqda? So‘rab qo‘ymaydi?
Mening esa, qanday gap ocharni bilmay — ichim toshib boryapti, gupirib boryapti. Gapning mavridi ham, qalovi ham kela qolmaydiki, o‘zim so‘z ochsam... Kallamda nuqul bir so‘z, bir hikmat aylangani aylangan (qaerdan keldi bilmayman): shajarangni ulug‘ligidan g‘ururlanguncha, ularga nima bo‘lgan — bilsang-chi, kim qoldi, kim yitti — surishtirsang-chi, ulasang-chi rishtalaringni!
Men ba’zan o‘zim hayron qolaman, yoshi bir yerga yetgan qariyalarga o‘xshab, (xuddi Nusrat pochchadek!) mushohada qila boshlayman. Go‘yo ichimda oq-oppoq, mitti bir mo‘ysafid o‘tirgandek, voqealarga u hukm chiqarayotgandek. Hushim joyiga kelib, ba’zan etlarim jimirlab ketadi: nahot ruhim shunchalar qari?..

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:17:20

3

Etni oldik, o‘sha temir mezanali tepaning orqasidagi yolg‘iz xonadonga yetib bordik ham men bu haqda so‘z ocholmasdim. Rosti, andishadan ham burun nomus kuchlilik qilmoqda: bu-shunday akangizga xiyonat qilib, o‘zingiz qayoqlarda yurib edingiz, degan bilan barobardek tuyular edi. Koshki o‘sha tarixlarni bilmasam!
Sutchi jigarlarini ko‘rgandek, boshi bir yerga yetib (!) azbaroyi to‘lqinlanganidan kalovlanib qoldi.
— Ey-y eshon bolalar, xush kepsizlar, xush kepsizlar, bizning kulbai vayronamizga, — deb quchoq ochdi, so‘ng bizni qo‘yib, oyimlarni so‘ray ketdi. — O, u Yakkabog‘u Kattabog‘ning xonadonlari. Hamma har yoqlarga ko‘chib, Cho‘lpon otaning sut bozorlari o‘lub, men ne eski mijozlarimni yo‘qottum! Kim qayoqqa tushti — qaerda oshiyon tutti — bilmasman! Bizni bozor birlashtirib turgan ekan, oqlik rishta bo‘lib turgan ekan! Dalalar o‘ldi, soylar ko‘mildiyu ne-ne govmushlar sotilib, so‘yilib rishtalar uzildi, oqibat ketdi, vodarig‘! Shu sut, shu otliq qancha xalqni bog‘lab turib edi-ya. O‘rtaga qaerdan shu zilzila tushdi, qay gunohlarimizga Olloh u kunlarni ko‘p ko‘rdi, xotirjamlikni o‘rtadan ko‘tardi? Shuning o‘zi bo‘lsa koshki edi: o‘rnimizga kimlarni opkelmoqda, qanday qavm kelmoqda? O‘z yerimizda o‘zimiz begona bo‘lib qolmasak edi!
Qariya (yoki mening ko‘zimga shunday ko‘rinmoqdadir) ilgarigidan xiyla cho‘kkanday, cho‘kkan sari xushro‘y tortib, nurli bo‘lib qolgandek edi. Ammo qani uning ilgarigi davrlari — jun chakmonu jun qalpoqda, yelkada obkash, obkashning ikki ilgi to‘la qo‘sha-qo‘sha sut bonkalar, ularni ko‘rdim demay yurganlari! Yillar u haybat, u salobatni olib, o‘rniga oq yaktakli xushro‘y bir qariyani qoldirib ketgandek edi. Umr shunaqa ekanmi?
U duoi fotihadan ham burun to‘rdagi qoziqda Qur’on jildi bilan osig‘liq turgan allaqanday yo‘l-yo‘l matoga kiydirilgan naysimon bir narsani (surnay desam, tekis tesha dastadek, boshqa narsa desam, bir tomoni puchqoq) kursi ustiga olib qo‘ydi-da, biz qistab qo‘ymagach, o‘z o‘rniga cho‘kdi. Duosi ham qadam yetdi, balo yetmasin qavlida, qisqa bo‘ldi. So‘ng:
— Yaxshi, keldinglarmi? Yo‘llar ochilib qopti-mi?— dedi hol-ahvol so‘rab.
— Ochishibdi-ochishibdi, bu gal tepadan o‘tib yalang-da qoldirdim, hech kim tegmaydigan joyda, — dedi Olim akam.
Qariya tinchib, ma’qullagan bo‘ldi.
— Haytovur-haytovur, qanday o‘tasizlar, qanday ketasizlar, deb xavotirda edim. — So‘ng haligi olgan narsasining siqma bog‘ichini bo‘shata boshladi. — Taniyapsizmi, eshon bola, mana bu mato, mana bu tabarruk narsani?.. Ko‘zingizga issiq ko‘rinmayaptimi? — dedi Olim akamga quv nigoh tashlab.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:17:30

Olim akam ko‘zi chaqnab (shu ekanmi, degandek), ichi hapriqib qarab turibdi-yu, bir nima deya olmayapti.
— Eslay... olmadim,— dedi nihoyat xijolat chekib.
— Balkim-balkim...— dedi qariya taskin berib, — u paytlari yosh bo‘lgansiz.
Olim akam yutindi:
— U kishi rahmatlini olib ketishganda... men oyimlarning qo‘llarida ekanman. Bu narsalarni... o‘sha voqeadan bir kun oldin ko‘mib kelishgan ekan.
— Olloh hafiz-da, dunyo necha aylanib, qancha joylar tekislanib bitdi. O‘zi saqlayman degan narsasi qilt etmay turibdi! Va’dasi haq-da Ollohning. Qur’on kitoblaru tafsirlarning orasiga qo‘yvorilgan ekan, bir chekkasi sal ezilganini demasa... mana, torting Maqsudxo‘jam.
Men bir boshidan tortib boryapman, uzun uyning taxmoniga yetdi ham (o‘rtadagi shaldiroq qog‘oz har varog‘i bir-biriga shunaqa tekis ulangan, shunaqa nozik sirachlangan ediki, sanab adog‘iga yetolmasdim) tuganmas, hali yarmi sutchining qo‘lida nayga o‘xshab turardi. U ko‘rdiki, bu bilan ish bitmaydi.
— Yo rabbim, — deya o‘rnidan turib, Olim akamga buyurdi, — endi siz bu yoqqa qarab torting, hovliga tushavering-chi.
Akam eshikni ochib yuborib, hovliga tushib bordi va ulkan quroq varraklardan qolishmaydigan, lekin bir-biriga tutash, hammasi ikki yon boshidan tushgan chiziqlaru gir aylanachalar bilan, jimjima yozuvlar ila to‘lgan narsani ocha ketdi. Ular orasida bo‘sh halqalar ham, tugamagan chiziqlar ham ko‘rinar, bu nimasi — aqlimiz yetmasdi biz gumrohlarning.
Sutchi esa kovshandoz tepasida o‘ng qo‘li belida, o‘zi yarim bukchaygancha Olim akamga:
— Ha, torting, ehtiyot bo‘lib torting. Quruqshagan narsa bu, yirtilib-netmasin, hiyla ko‘taring, — deb buyurib turardi.
Nihoyat shajaraning boshi ham chiqdi. Uning avvali akamning qo‘lida, adog‘i menda edi. Olim akam hovli o‘rtasida, barra piyozmi, bir narsa sepilgan gulxonaning bir chekkasida majhul alpozda turibdi. Hayratining adog‘i yo‘q. Men esam, ikki taxmon o‘rtasidagi tokchaga tiralib, qo‘limizda salqi matodek lopillab turgan narsaga, uning bir-biriga ulanib ketgan halqalariyu bitiklariga qadalgancha qolganman. Qarab turib, vahm bosib kelyapti: shular bari — pushtimizdan o‘tganlar ekanmi? Kelib-kelib endi bizga qadalibdimi? Biz ham shulardek yo‘qlikka qarab ketguvchilar, o‘tib bitguvchilarmizmi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:17:47

Shajaraning adog‘idagi bo‘sh qog‘ozni ushlab turgan qo‘llarimdan bir g‘alati jimirlov-titroq turib kelyapti: shu yo‘qlikka ketish uchun chopib-uloqib... yelib-yugurib yuribmizmi? Bu dunyoga kelishmizdan murod nima ediyu nimalarga bino qo‘yib yuribmiz? Maqsad shu shajarani to‘ldirish — halqani davom ettirish xolosmi yo o‘tganlarga tenglashish, bir qarich-to‘rt enlik bo‘lsa-da ulardan ilgarilash, bu hayoti dunyoga kelib-ketuvning ma’nosini anglashmi? Nega kelib-ket- moqdamiz — shuni anglab yetmoqmi? O‘zi o‘tganlarning tirnog‘iga arzirmikanmiz? Nogohon shu savoldan — titrablar ketdim. Qulog‘im ham tom bitgan ekan, ochilib — atrof-javonib, dunyoning turfa ovozlaridan shang‘illab ketdi!
— Hoy, Maqsudxo‘jam — Salompamning yolg‘iz toylari, esingiz og‘masin. Vahm ham bosmasin, — derdi sutchi qo‘lini sermab, meni imlab. — Bu sizlarning shajaramas, necha pushtingiz ham emas. Bu yoqqa keling, men tushuntiray, namatning ustiga tashlab ke-lavering, — derdi u o‘zi kovshandozdagi kavshini ilib, ostonadan bir amallab, shajara qog‘ozga teginmay o‘tishga chog‘lanarkan, menga nimanidir ilinmoqdaydi.
«Tavba, — deyman o‘zimdan o‘zim xavfsirab, — bu bizning shajara qog‘ozimiz bo‘lmasa, u bizni nimaga chaqirtirdi? Olim akamni nimaga hovliqtirdi? Nimaga kelib o‘tiribmiz?»
Men borib qariyaning qo‘ltig‘idan olgunimcha, o‘zi ostonadan o‘tib, zinaga tushib bordi. Keyin akamning oldiga qarab yurdik. Chol o‘zida yo‘q darajada ochilib ketgan, kaftlari-la sarg‘ayinqiragan, shirachu mog‘oru qadim kitoblar hidi o‘tirib qolgan qog‘ozni tekislab, uni o‘pib-tavof qilgudek bir holatda akam tomon oshiqarkan, hammadan burun uning qo‘lidagi — bosh qog‘ozdagi narsani tushuntirmoqqa shoshardi. Sandiqdagi ulug‘ kitoblar orasidan chiqqan bu narsa — Eshon pochcha, u kishining muridlari yomon ko‘zlardan asrab, kigizlarga o‘rab berkitgan narsa — bizning shajaramiz bo‘lmasa, nima ekan? Nimaga azizlab yashirishdi ekan? So‘ragim kelib, tilimning uchida turibdi, lekin cholning haybatimi, nimasi bosib, tashimga chiqara olmayotirman. Uning mana shu o‘ngdan chapga qarab o‘qiladigan, ochqichi hammaga ham nasib etavermaydigan yotiq harflarni ham o‘qiy olishidan, eskichaga katta olim ekanidan hayiqibmi, tortinib turibman. Uning oldida menday muxbir odamning ham tili tushovlanib qolgan edi. Ammo akam mendan oldinroq o‘ziga kelib ulgurgan ekan:
— Ajab gapni aytdiz-ku, taqsir? — dedi endi u ham qariyaning shunchaki tarjimon emas, katta olim ekanini tan ola boshlab.
— Ajablanmang, bo‘tam. Bu undan ulug‘roq narsa, — dedi chol qosh qoqib. Uning qoshlari o‘sib dikkaya borganini va unga-da oq oralaganini yaqqol ko‘rdim.
— Uzr, biz o‘zimizga tegishli deb... — dedi Olim akam u yog‘ini ayta olmay.

Qayd etilgan