— Balki narigi sandiqdan u ham chiqib qolar. Lekin bu... undanam ulug‘ narsa: silsilai sharif! — dedi chol o‘rta barmog‘ini ko‘kka allatovur nuqib. — Tushundiz?!.
Olim akam yelka qisib, bosh to‘lg‘adi va xijolatga botib dedi:
— Biz omilar nima — sharif, nima — ulug‘ — qaydan bilaylik! Sizdan eshitib turibmiz.
— Eshitib, ko‘rib turganiz — shuning o‘zi katta davlat. Bilmay o‘tayotganlar qancha, g‘ofil yurganlar qancha. Shukr qilinglar Ollohgaki, ko‘rsatibdi, bildiribdi. Balki Sizu bizni to‘zitib qo‘ygani, o‘rnimizga tamomi boshqa qavm kelib vatan tutayotgani, yolg‘iz mozorotlarimiz ustidan-da yo‘llar tushib, unda-bunda mana bunday xazinalar, hikmat kitoblari chiqib qolayotgani bejizmasdir. O‘ziga yarasha hikmati bordir bularning ham, — dedi chol va xayoli bir yoqlarga qochib borayotganidan o‘zi ham ta’sirlanib, bosh to‘lg‘ab qo‘ydi-da, maqsadga ko‘chdi. — Ha, darvoqe, mana bu ulug‘ halqada kim turganini bilarmisiz? Albatta, bilmagaysiz. Yaqinroq kelinglar, — deb u mening tirsagimdan tutib, o‘zi tomon tortib qo‘ydi. Chindan silsilai sharif deb atalmish narsaning boshlanishi ajoyib edi: o‘rtada katta halqa, undan to‘rt yoqqa to‘rt chiziq chiqib, to‘rt halqaga borib tutashgan, go‘yo o‘rtadagi tengsiz quyoshu chor tarafida to‘rt to‘lin oy undan nur olib turgandek edi. Usiz bular hechdek, u bilan tirikdek edi. Ana shu ikki chekkadagi halqalardan ikki yonga qarab, chiziqlaru halqalar tushib borgan va behisob halqalarga ulanib ketgan edi. Bu nimasi, yolg‘iz sutchi bilmasa, biz angrayib turar- dik. Xuddi gung-soqovdek, Ollohning omi bandalaridek...
— Hammasi mana shu zotdan boshlanadi. U Ollohning so‘nggi rasuli va elchisi, bizning payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdurlar. Bular choryorlari, bunisi Hazrat Ali kuyovlari, bunisi Abu Bakr qaynotalaridir. Bu tarafdagilar u kishidan tarqagan zoti shariflar, bunisi esa Hazrat Ali karramallohu vajhahu zuryodlaridan chiqqan ulamoi shariflar, avliyolardir. Shu bois silsilai sharif atalgay. O‘sha asri saodatdan buyon shu ulug‘ shajaradan o‘tgan kubro zotlar, valiylar, karamli shariflar kiritilgan ekan bu silsilaga. Ne baxtki, unda men o‘zim ko‘rgan bir zotning tabarruk nomlarini ham topdim, o‘qidim. U kishi bu silsilaning so‘nggi halqalarini to‘ldirib turibdilar, vallohi a’lam. U zot Sizning padari buzrukvoringiz Abdurahim eshon pochcham erurlar, ukam, — dedi u ovozi allatovur o‘zgarib kelib, ham ko‘zlari bir g‘alati tusga kirib. Aftidan sutchining ko‘zlarida yosh halqalanib borar, qiyiq ko‘zi yoxud kipriklari qilt etsayoq u tomchiga aylanib, duv to‘kilgudek edi.
— Yo rabbiy, — dedi akam o‘zini tamom unutib, — shunday ekanmi?! Bor ekanlarmi?! Qani, qaerida, bir ko‘rsating, ustoz. Biz gumrohlar-da ko‘rib qo‘yaylik, bilib qo‘yaylik, — deya iltijo etishga tushdi, o‘zi ixtiyorsiz ravishda shajara qog‘ozni-da o‘rashga, cholga qo‘shilib o‘sha halqani topishga oshiqardi.