Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202428 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:20:44

— Shunaqa og‘irmidi kasali? Nima bo‘lgan edi? — Qariyaning o‘zi titray boshlagan edi. Lekin titragan qo‘llari bilan-da bolaning kuraklarini silashdan to‘xtamasdi.
Bola bo‘ynini qisdi:
— Bilmasam...
Hali xorijdan kelgan mujda xat ta’siridan qutulmagan qariya tusmollashga tushgan edi:
— Ancha bo‘lib edimi, ko‘pdan yotarmidi?
— Ko‘pdan edi, — dedi mehmon bola birdan unga qo‘shilib. — Yodgor sog‘iniblar ketgandi.
Qariyaning ojiz yuragimi — nima, titramoqqa boshlagan edi:
— Oyoqqinasiga-chi, nima bo‘lib edi, bo‘tam?
— Kimni?— deb durustdan tushunolmadi Saritoy.
— O‘sha opoqingni-da. Yodgorni ayasini? — dedi qariya kalavaning uchini topgandek bo‘lib.
Bola ko‘zini yumib eslashga urindi va sakrab-o‘ynoqladi:
— To‘g‘ri-to‘g‘ri, bir yara chiqqan ekan. Opoqbuvim ko‘zyara deb edilar. Keyin oqadi ekanmi?
— Subhanalloh, — deb shivirladi qariya ko‘zlarini yumgancha, yaxshiyam mehmon bolani quchog‘idan qo‘ymay turgani, orqasiga ketsa, nima tutib qolardi. So‘ng o‘zini o‘nglab, o‘rnidan turdi. Eshik kesakisiga orqa qilib, uni o‘ziga tortdi:
— Oti-chi, oti, nima edi? Eslay bilasanmi, bo‘tam?
— Kimni... oti? — anglay olmadi bolakay. — Kimni aytasiz?
— O‘sha... Yodgortoyni ayasini-da? Marg‘ubamidi, Mahfuza edimi? — deya oldi qariya.
Bola chindan bilmasmidi, boyagidek yelka qisib, jim qolgan, bilmaganidan o‘zi xijolatga tusha boshlagan edi.
Qariya tin olib, nafas rostladi: savolni bu gal boshqacharoq qildi:
— Esla, bolam, uni qanday chorlashur edi? Masalan, o‘sha opoqbuving? — deya yana kuraklarini silay boshladi.
U esladi:
— Ha, kunposhshamu, oyposhsham derdilar.
— Yana? Yana-chi, qanday atardilar?
— Yana Marg‘u kelinim — mangu kelinib derdilar. Nima edi, buva?
Eshik kesakisiga suyanib turgan buva esa bu vaqt holsizlana-holsizlana pastlab bormoqda, bo‘yi bolakayning bo‘yiga tenglashib kelmoqda edi.
So‘nggida u eshik kesakisiga suyangancha o‘tirib qola qoldi...
Ertasiga Mirzaxo‘ja hoji ular bilan jo‘narini e’lon etdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:21:00

9. SILSILADAGI OQ HALQA
yoxud dorussalom


Biz shajara qog‘ozni yana o‘ziday etib, (men tekislab turar, akam o‘ziga tortib — nay etib) o‘rar ekanmiz, (uning g‘ilofidan chiqib qolgan bir enlikkina qismi — oftob urgandek sarg‘arib ketgan edi) ana shundan mening vahmim kelib, vujudimni tushunuksiz bir majhul kayfiyat o‘rab kelar edi: nima bu — o‘tmish qa’riga ketgan zamon nusximi yo havoning ishi? Axir nur tushgan emas-ku unga, oftob urgan-da desak? Ochiq qolgan qismigagina yetgan. Demak, biz istaymizmi-yo‘qmi, hamma narsa sarg‘arib, unniqib, chirib-to‘kilib, yemirilib boravuradi. Titilib, to‘kilib tushaveradi. Boqiy qoladigan narsa yo‘q. Narsa borki, zax tortib quriydi. Qurib qovjiraydi, qovjirab sarg‘aradi, sarg‘arib yupqalashadi, yupqalashib to‘kiladi. Va yo‘qlikka ketadi. Xuddi uydan chakka o‘tganidek, qadrli-qimmatli narsalarga nam tepchib, zax urib, mog‘or bosib, alohal chirib tushgani kabi, kuni bitgani kabi... Bu olamda boqiy nima bor? Hatto shajara qog‘ozdan allatovur bir hid ufurmoqda edi. Xuddi qipiq hidiga o‘xshash... Bular ham zamonlar kechishi bilan qipiqqa, qipiqdan bo‘lgan narsa yana qipiqqa aylanib borayotgandek...
Meni ana shunaqa mubham kayfiyat bosib kelmoqdaydi, undan o‘zimni olib qocholmasdim, chalg‘itolmasdim. Nimaga — tushuna olmasdim. Aftidan yo xayollarimni zamon qa’riga olib qochgan mana bu shajara qog‘oz, yo anavi eshigi qiya ochiq hujradan ufurib chiqayotgan mog‘or aralash eski kitoblar hidi meni bu holga solmoqdaydi. Necha yil tuproq ostida yotgan kitoblarmi va yo uning egalarining taqdirimi xayolimni o‘g‘irlab, band etgan edilar.
Sutchi (darvoqe, u hamma ko‘chib, guzardan putur ketib, obkash yelkalashni bas qila boshlagan, endi uni sutchi deb emas, kitob jinnisi deb atash to‘g‘riroq edi), ishqilib chol:
— Men hozir, — deganicha o‘sha hech yerga ishonmaydigan kitoblari taxlangan hujraga kirib ketdiyu, yana nimani izlab qoldi — bilmadim, chiqa qolmas edi. Mendan ham kamgap bo‘lib qolgan Olim akam esa, o‘raydiganini tezroq o‘ray qolmas, xuddi shajara qog‘ozdagi yozuvlardan bir narsa tushunadigandek ora-oradagi bir joylariga tikilib turib qolmoqdaydi. Xat taniydi shekilli deb... zehn solsam, yo‘q, nuqul bo‘sh — oq halqalarini sanamoqda.
Darvoqe, u nimasi? Nega bo‘sh qoldirilgan? Sutchidan nega so‘ramadik? So‘rasak bo‘larmidi...

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:21:15

Atay o‘ramni bo‘shatdim, u tubi ila taqir namatni o‘pib, uzala tushdi. Akam sezib yuzimga qaradi. Menga ham shu kerak edi:
— Nimasini sanayapsiz? — dedim.
Olim akam (jiyan tog‘aga tortadi degani haq rost ekan!) Qo‘ldosh tog‘amlarga o‘xshab, labini yoyib, sassiz kuldi. Uni «obbo sen-ey, shuniyam nazardan qochirmadingmi, uzoqqa borasan sen, uzoqqa» deganday ham, «aqling yetmagan narsaga burningni tiqmasang kimni ko‘ngli qoluvdi» deb ham tushunish mumkin edi. Ammo tog‘am hech maynaomuz kulmasdilar. Bunikida ham... yo‘qday, ishqilib tikilib turib ham sezmadim.
— Qiziq, — dedi u yelka qisib ham ovozini bir qadar pastlatib, — bular hammasi o‘tgan zamonning o‘tib ketgan ulug‘lari bo‘lsa, o‘zi ham bundan ellik yil burun to‘ldirilgan bo‘lsa, yonidagi bo‘sh o‘rinlar nimaga ekan? Shunisi g‘alati.
— Nimani aytasiz, anuv ochiq halqalarnimi? — dedim men ham yutoqib Ajab, fikrimiz bir yerdan chiqayotib edi? Nima, ular — unutib qoldirilgan zotlarmi yo kelajakda chiqadiganlari?.. Shu tob hovlining etagidami va yo undan ham naridami (narisi — devorning orti anhor, anhorning ortida chivig‘iga ham birov tegmagan lager bor edi!) haqquqush sayrab, unga boshqasi boshqa tomondan — Qozoqmozor deb ataluvchi qayrag‘ochzordan javob qila boshladi. Kuppa-kunduzi quyuq daraxtlarning qay bir shoxidadir (albatta, in qo‘yib, uya qurgan joylariga yaqin bir yerda o‘tirvolib) roz aytishlari, bir-birlarini chaqirib-chorlashlari g‘alati edi. Odatda ular kechalari allamahalga dovur chorlab, kechaning siriga sir qo‘shguvchi edilar. Bular esa, vaqt hisobini adashtirib qo‘ygandek kuppa-kunduzi qo‘shiluv-ko‘payuv oyatini tilovat etishar edi. Balki hamdu sanolari, tasbehotlari shundaydir. Harqalay hozir bularning bir-birlarini qo‘msab chaqiruvlari, chorlab-zorlanishlari, «sen qayda, men bunda»lashlari, kuppa-kunduzi qaro tunda adashgan jigargo‘shalar singari ovoz berishlari menga yoqib tushmoqda edi.
Ammo, manavi diyoridan adashgan akalarim nega bir-birlarini izlamaydilar, chorlab chaqirmaydilar? Shu zabonsiz qushlarki, bir-birlarisiz turolmay o‘z tillarida zori-nola qilganda nega ular jim, dunyoni ostin-ustun qilib bo‘lsa-da, bir-birini zor-intizor izlamaydilar? Yo buning yuzi shuvit, kechirilmas gunohlari bormiki?... Balki biz bilmaydigan narsalarni ham bilar — shuning uchun jimdir?..
— Sen nima deb o‘ylaysan?
— Nimani? — dedim daf’atan anglab yetmay.
U endi tog‘amlarga o‘xshab beozor, (nega beozor, meni xuddi erkalagandek) miyig‘ida kuldi:
— Mashi bo‘sh qolgan joylarni-da?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:21:25

— Keyin chiqadigan zotlarga atab qoldirilgan, deysizmi?
Olim akamning ko‘zlari chaqnab ketdi:
— Voh, balosan-ku! — deb yubordi. — Topding-a! Mening nazarimda ham shunday! Atay qoldirishganov.
Yuragim dukurlab ketdi, o‘zimning fikrimdan o‘zim qo‘rqib ketgan edim:
— Bashorat qilib-a?
Esim teskari bo‘lib borayotir edi. Chindan ham unday zotlar otilib-netib, badarg‘ayu surgun qilinib bo‘lgan kezda qay bir tupkaning tagidan anqoning urug‘ini topsa mumkindir-u, bularni topish amri mahol kunda — bu g‘alati edi! Aql bovar qilmas gap og‘zimning bir chetidan chiqib ketgan, endi o‘zimning vahmim kelib, peshonamni sovuq ter bosib bormoqda edi! Ularning o‘zi qanday to‘zib yuribdi-ku, men bashorat qilib qayoqdagi gapni gapiryapman?.. Balki manavi eski turish-turmushi, bola-chaqasidan kechib, yakka-yolg‘iz yashayotgan, hukumatga o‘tkazib qo‘ygan xizmatlari ham qolib, obkash ko‘tarib, sutchilik qilib yurgan, o‘zini ibodatgayu eski kitoblarga urgan kishidan so‘rab boqish kerakdir. U kishi bilar haqiqatini?..
— Menam shundaymi, deb o‘ylayman. Ilgarigilar ko‘p narsa bilishgan. «Bashorat» kitoblarini o‘qishgan. Biz nima bilamiz, — dedi Olim akam tan berib va asta boyagi ishida davom etib. Qo‘limizdagi qog‘oz shildirab o‘ralar va shu barobar dimog‘imizga mog‘or aralash moziy hidi ufurayotgandek bo‘laverardi.
— Harqalay so‘rab boqish kerak, — dedim men boyagi bilag‘onligimdan xijolat chekib.
— Ustozdanmi? — dedi u.
Men sergak tortdim: bu odam unga qanaqasiga ustoz bo‘lsin? Yo ilgaridan biladimikan?
Men bir qarorga kelib ulgurmay hujradan sutchining o‘zi chiqib kela boshladi. Uning qo‘lida naycha qilib o‘ralib, ikki tomonidan qisqich qog‘oz bilan o‘rab-chirmalgan bir narsa bor edi.
— Uzr, sizlarni kuttirib qo‘ydim. Qaerga qo‘yganimni faromush etib, ey izlovdim tunov kuniyam. Turgan ekan, Bobur hazratlarining ortlarida, u kishining «Voqeotnomalari»ga esh bo‘lib, — dedi sutchi, u «oltin sopli pichog‘i»ni topganidan og‘zi qulog‘ida edi.
Bunisi chinakam shajaramiz ekanmi?! Chindan mening ichim tushib borarkan, Olim akam entikdi:
— Bu ham o‘sha sandiqdanmi, ustoz?
Sutchi muloyim bosh chayqadi:
— Yo‘q, buni manavi mirzom, Maqsudxo‘jaga ilindim. U sultonlar kechmishiyu saltanatlar tarixiga qiziqadi. Bir kun kelib Qodiriyga o‘xshab, biror kitob-mitob yozib qolsa, asqotar, deb olib qo‘yib edim. Shunaqa siyoqi ham bor buning, — deb meni xijolatlarga qoldirdi: azbaroyi ikki yuzimu quloqlarim lov-lov yonardi. Lekin bu gap shu tobning o‘zida bir chekkasi menga moydek yoqib turibdi. Rostini aytsam, choli tushmagur topdi «kasalim»ni. Boshqacha aytsam, mendek «gap o‘g‘risi»ni o‘g‘irlik ustida tutgan edi u. Ikki yuzim cho‘g‘ bo‘lib yonishi shundan edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:21:37

— Biz esa, bu yoqda Sizdan bir narsa so‘rashga ilhaq bo‘lib o‘tiribmiz, — dedi Olim akam hayratlanib.
— Shunaqami? Bilsam jonim bilan, jonu jahonim ila, — deganicha u biz tomon yuraverdi, — shu burhon qog‘ozdanmi? Qoziyu quzzotlar muhri bosilgan narsadan-a?..
Men tilim lol, ammo unisiniyam, bunisiniyam bilgim kelib ichim tushib turibdi, lekin qani og‘iz ocha olsam. Tag‘inam Olim akam dadil ekan:
— Manashi oq halqalarni aytamiz? Nega bo‘sh qoldirilgan? Egalarini aniqlay olishmaganmi yokim?..— dedi tusmollab.
— Ha-a, bumi? — dedi qariya, so‘ng jiddiy tortib qo‘shdi, — Bunda ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q. Hatto kemtigi bor, deb o‘ylashga qo‘rqadi odam. O‘shal bo‘sh joylar-da bexosiyat emas. Mening nazarimda qiyomatgacha chiqadigan avliyo zotlar uchun qoldirilgan. Hatto mana, qarang, Eshon pochchamdan keyin ham bitta bo‘sh o‘rin turibdi. Demak, sizlarning qay bir pushtingizdan yana bir ulug‘ zot chiqqay. U kim bo‘ladi, yolg‘iz Alloh bilgay.
Qariya shajara qog‘ozni siypab, ko‘ziga surtgudek bo‘lib gapiryaptiyu nazarimda u biz bilgan oddiy sutchi emas, jandaga o‘xshash jun chakmonga o‘ralvolgan darvesh ham emas, juda ko‘p narsalarni bilgich olim kabi haybatimi, salobatimi ortib borar, «mana, nega bu odam halimdan halim, nurlidan nurli!» derdim ichimda. Hatto shu narsalarni bildi-ya! Bu atrofda unga teng keladirgan kim bor?
Bunga sari savol xaltam ochilay-ochilib ketay deb boryapti. O‘zimni zo‘rg‘a tiyib turibman.
Axiyri chiday olmay so‘radim:
— Bunday avliyolar... har yuz yilda bir chiqqaymi?
Qariya ajablanganini yashirmay men tomon o‘girildi:
— Nimaga asoslanib... aytayapsiz, eshon bola?
Men g‘udranib qoldim:
— Shunday gaplar yuradi-ku, axir.
— Yuradi-yuradi, — dedi u bosh silkib. — Qolaversa, Allohning va’dasi bor: vaqti-vaqti bilan o‘z dinini yangulab, quvvatlantirib turguvchi kishilar yuborib turilgay. Har qavmning o‘z ichidan.
— Payg‘ambarlarmi? — dedim men hayron qolib. Negaki...
Qariya yumshoq jilmaydi:
— Bilasiz ekan. Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin payg‘ambar kelishi to‘xtagan bo‘l- sa-da, valiylar silsilasi to qiyomatga qadar uzulmagay.
— Qanday? — dedim aqlimga sig‘dirolmay, — axir borlari ham...
— Ha, borlari ham otib bitirildi, badarg‘a etib yo‘qotildi, lekin, — deb sekin o‘z o‘rniga — boyagi fotiha qilgan joyiga qarab yuraverdi, — lekin bu asrdagina shunday bo‘ldi, baloning qattig‘i o‘shalarga tushdi. Bu ham Allohning xohlashi, imtihoni. Lekin bu ular qirilib bitdi, orqasi kesak degani emas. Poshsholik poshshosiz qolmaganidek, bu silsila ham bardavom etavergay.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:21:51

— Qanday? — Men hamon tushunib yetolmasdim.
— Juda oson, — dedi sutchi o‘z o‘rniga cho‘kib.
— Alloh Muhammad alayhissalomning ruhi- poklari bilan barcha ummatlarini tanishtirganida kimning ko‘zi ul zotning muborak ko‘kraklariga tushgan bo‘lsa, olim, ulamo, kimning ko‘zi boshlariga tushgan bo‘lsa, saltanatdor — podsho bo‘lgan, — qariya mayindan-mayin ham muloyim jilmaydi, — mana, sizning ko‘zingiz ul zoti sharifning o‘ng qo‘l barmoqlariga tushganki, kotib-mirzo, qalam egasi bo‘lib turibsiz. Shunga o‘xshab, hamma ham bir narsaga ega bo‘lgan o‘sha taqdirul azalda. Avliyolar sirasi ham uzulmasligi shundan.
Men nihoyatda hayratda edim. So‘ramoqchi bo‘lgan narsamni cheki-chegarasi yo‘q, ammo o‘zim lolman. Bo‘lmasa, so‘rasam yana so‘ragudekman: nega hamma muborak boshlariyu ko‘kraklariga qaramagan? Betavfiq o‘g‘ri-kazzoblar-chi? Ularning ruhi qayoqqa qaragan? Osongina dindan qaytguvchi munofiqlar-chi? Qotillar-chi, jallodlar-chi? U zotga qaramaganmi? Bilgim keladiki, u yog‘i yo‘q.
Bu orada akam silsilai sharifni o‘rab, jildiga ham joylab ulgurgan, biz o‘z-o‘zidan ilgarigi joyimizni egallab, qariyaning og‘ziga tikilgan edik. Hammadan ham men uning horg‘in, biroz qoni qochgan, ammo tag-tagidan yoqimtoy bir nur tepchib turgan betidan, o‘ziga yarashiqli mayda ajinlar bosgan qaboqlariyu qisiq ko‘zlaridan nigohimni uza olmasdim.
— Shuning uchun ham har kim poshsho bo‘lavermas, har kuni avliyo tug‘ilavermas, bo‘tam, — dedi u qo‘lidagi qog‘ozni deraza tokchasining bir chetiga qo‘yib. Demak, hali-beri berish niyati yo‘q. Qancha pisandayu nasihatlar bilan tutqazsa kerak qaytayotganimizda. Hoziroq bera qolsa nima qipti, ichimni tushirmay? Ammo mehmonmiz, o‘z izzatimizni bilishimiz kerak. Men Olim akam bo‘lsamki, tilyog‘lamaliklar bilan bo‘lsa-da, ichim qurigan narsani so‘rab olsam. Men unaqamasman, tortinchoqning tortinchog‘iman. Mendan muxbir chiqishi ham dargumon, yana kim biladi. Axir Lavhul-Mahfuzda bitilgani bo‘ladi emish-ku.
Qolaversa, men Olim akamning qozon-tovoqqa unnagani chiqishini kutib yotibman. Yolg‘iz qolsam, o‘zim bilardim, sutchi amakidan nimalarni so‘rashni: Siz bu akamni qaydan bilasiz? Faqat otalari — Eshon buvani tanirmidingiz yokim ilgaridan salom-aligingiz bormi? Nega ustoz deyapti? Bir idorada ishlaganmisizlar? U bir qancha yil bedarak ketib, qancha mamlakatlarda «o‘ynab kelgani»ni, hozir chulchut xotinidan qochib, so‘qqabosh yashab yurganini-chi, bilasizmi? O‘ziz-chi, o‘ziz? Shuncha ilmingiz, xizmatlaringiz bilan nega hamma qatori yuribsiz? Nega qariganingizda birovning tashqisida turib, sutchilik qilyapsiz? Tarki dunyo qilgan odamlardek? Axir issig‘ingiz bor, sovug‘ingiz, (issiq jon!) yotib-netib qolishingiz bor?
So‘rayversam — so‘raydiganlarim adoqsiz. Lekin Olim akamning oldida tilim tushovliq — miq etib og‘iz ocholmayapman. Undan istihola qilganimdanmas, yo‘q, ba’zan unga ishonmay, shubhalarga tushib ketaman: ko‘zimga ilgarigi Olim akamdan ham quvroq, undan o‘n chandon o‘tadiganroq bo‘lib ko‘rinib ketadi. Nega shunaqa — o‘zim tushunolmayman. Yana bir qarasang bib-binoyi — hammaning ustida o‘lib-qutiladigan odam bo‘lib qoladi. Mana, hozir ham:
— Aytmoqchi, ustoz, oshni xarajatini qip kelgandik, go‘shtni ari talamasidan qozonga olov yoqvora qolay-a? Palovxonto‘radan keyin suhbatizzi olarmiz, maylimi? — deb qoldi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:22:04

— Iya, hali shunaqami? Sizlarning sharofatingiz bilan qora qo‘chqorning yog‘ida bo‘lgan palov yerkanmiz-da? Nasib-nasib. Savzi-taxtayu pichoqlarni olishvoray unda, — dedi sutchi o‘rnidan turishga unnalib.
— Yo‘q-yo‘q, siz urinmang, o‘zim topib olaman. Faqat muxbir-mirzongiz oloviga qarashvorsa, bas, — dedi akam bejirim tufligini kiya-kiya.
Men noiloj qo‘zg‘ola boshlab edim, qariya bilagim ustiga yumshoq kaftini qo‘yib, «Siz boshlay turing, hozir chiqadi mirzom», deb qutqarib qoldi. Boshim osmonda, qaytib cho‘kdim. Akam esa, «yaxshi-yaxshi»lab chiqdi.
Sutchi hali bilagimni qo‘yib yubormagan, men esam u momiqdayin narsaning xush taftidan bolakayday erib borar edim. Qariya o‘zini yana ham yaqin olib, bilagimni asta-asta silarkan, ko‘zlarimga tikilib qolgan edi. Nihoyat, akamni uzoqlatib:
— O‘bba, Maqsudxo‘ja mirzom-ey, shunaqqib Far-g‘onalardan ko‘chib kelib oldinglarmi, — deb qoldi. — Bir chiroyli ish bo‘pti, o‘z yutlarizga qaytib olganiz. Salompam bardam-baquvvatginamilar? Uylarni bitirib, joylashib ketdinglarmi? Qizchalarimiz, kelin qalaylar?
Men javob berib ulgurmasdim:
— To‘ng‘ichimizning tili chiqib, keyingisi yurib ketdi. Oyim o‘shalarminan andarmonlar. O‘tiribmiz: boshimizda boshpanamiz bor, qora qozonimiz qaynab turibdi, shukr.
— Barakalla, obkash ko‘tarib, sutchilik qilib, oqliqni orqasidan o‘qitgan edilar. Ilohim, o‘sha zahmatlarning rohatini ham ko‘rsinlar. Tup qo‘yib, palak yoyingu shu mirzolikda qoqilmay-suqilmay Allohning roziligini toping, — deb duo qila ketdi, so‘ng hech kutilmaganda:
— Aytmoqchi, so‘rayman deyman, so‘ray olmayman,— deb qoldi, — buning akasidan — anuv yoqlarda qolgan qarindoshingiz — kim edi, o‘shandan darak bormi?
Ha-a, mana, nimaga olib qolgan ekan?! Yuragim dukirlab:
— Sultonmurod akamni... aytasizmi? — dedim vujudimga bir titroq tushib.
Qariya im qoqdi:
— U sho‘ttamish degan gaplar yuribdi?
— Yuribdi, lekin o‘zimas. Quruq mish-mishlarga o‘xshaydi, — dedim bosh chayqab. Ammo Chaman akam uni izlab ketganicha badar ketib borayotganini aytib bo‘-larmidi!
— Ketganlar kelib bo‘ldi-ku?
— Chegaradan o‘tolmagan. O‘tolsa, kennoyimni tashlab qo‘ymasdi bunday, — dedim. O‘zim ham hayronman. Mulohazalarim o‘qday-o‘qday edi, qariyadan yotsiramay aytib yuborayotgan edim.
Ammo kaftining ustidagi ko‘k ipakdek tomirlarini siypab, xayolga berilib ketgan sutchi shoshmas, maqsadini ocha qolmas, bunga sari mening gumonu taxminlarim toshib borar, uning dilidagini o‘zim sug‘urib olgim kelaverardi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:22:22

— Nimaga edi, amaki?
Qariya o‘ziga kelib, iymanibgina qaradi:
— Harna qilsa, eshon buvani ko‘rib qolganmiz, suhbatlarini olganmiz. Shunday odamning bolalari to‘zib yursa, achinadi-da, kishi.
— Nimasini aytasiz.
— Ular to‘zigani to‘zigan, bular qo‘nim topa qolsa bo‘lardi. Arvohlarini shod etib.
— Qo‘yisharmikan shunga?
Sutchi tushunib, yuzimga qarab qo‘ydi:
— Lekin bu dunyoda kishi o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib yuraverishi ham yaxshi emas. Murosai madora ham lozim.
Men tok urgandek bir sapchib tushdim: akam bo‘ladi-ku, shu gapga ko‘narkanmi?! Nusrat pochchaning gaplarini olmagan, bu gapni olarkanmi?!
Biroq tilim hech aylana qolmasdi. Bunday qarasa, hamma gaplari to‘g‘ri. Lekin akam — akam-da! Hamma u bo‘la olsin-chi!
— Men uni bilaman-ku, — dedim.
Qariya xotirjam orqasiga suyandi. Ko‘zlarimga o‘sha-o‘sha nasihatomuz (xuddi men — men emas, akamday! Meni akam o‘rniga qo‘yib!) muloyim boqdi: go‘yo men ko‘nsam, u ham ko‘nib qoladigandek:
— Menam bularga azbaroyi yaxshilik sog‘inganimdan aytayotibman. Avvalo, o‘zi biladi, lekin qachon Allohning xohlaganimas, bandasining aytgani bo‘libdi? Uning kitobiga suyanmagan odam hamisha dog‘da qolavergan.
— Qanday? — deb yuboribman.
— Hamma narsa uning kitobida bitig‘liq, — dedi qariya ma’noli jilmayib. — Do‘ppisini olib qo‘yib o‘ylasin tanasiga. Dunyo — dunyo bo‘lgandan beri qancha fir’avnlar o‘tdi, Iskandaru Nushiravonlar ketdi. Nega hech kim adolatli davlat qurolmadi? Xalifaliklar o‘tdi, Andalusiyada Abdurrahmonlar davr surdi, dorulmamlakat qurdik, deb. Lekin nega hech biri asri saodatga o‘xshab kelmadi? Bormi odil hukumat qurib, davron surgan biron kimsa, bu jahon ayvonida? O‘ylab boqmaydimi, darbadar kezguncha, mamlakatma-mamlakat oshguncha? Hijrat uzilgan-ku. Qo‘nim topsa bo‘lardi, yoshi ham o‘ttizni qoralab borayotgandir, axir?
— Shunday, — dedim men Sutchining (sutchi desam, olim ekan-ku!) ko‘zlariga qaray olmay.
— Gap shu, mirzom, — dedi u boshqa e’tirozu gap-so‘zlarga o‘rin qoldirmay. — Ayoli sho‘tta bo‘lsa, daragiyam chiqib qolar. Bir bosh suqmay iloji yo‘q. Eshon pochchamning tegirmonga tushsa butun chiqadigan o‘sha o‘g‘illariga ilingan bir narsam bor, — deb deraza tokchasidagi boyagi naycha qilib o‘ralgan qog‘ozni ola boshladi. — Daragi chiqishi bilan mana shuni yetkazasiz. Bu mening so‘zlarimmas. Davlat qurgan, qurgandayam qotirib qurgan odam — Hoziq to‘ramning «vasi-yat»lari. Xohlasin, nasihat deb qabul qilsin, xohlasin, o‘zidan uch-to‘rt ko‘ylak ko‘p yirtgan odamning xulosai umuri mujohid deb bilsin. Mana, ko‘chirib oling-da, yetkazarsiz vaqti bilan.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:22:37

— Ko‘chirib olib? — men hayronu lol qolgan edim. (Boyagi gaplari — kishi ko‘ziga ekan-da! Olim akamning oldida aytolmagan ekan-da?) Lekin nega o‘zini bera qolmayapti — mana shunisi tushunarsiz edi. Jur’at etib-etmay so‘radim: — O‘zi-chi, mumkin emasmi?
Sutchi im qoqdi:
— Shunisi ma’qul. — Keyin qo‘shib qo‘ydi. — Qolaversa, buni yolg‘iz o‘zizga ishondim. Birov bilmagani ma’qul.
— Xo‘p, xo‘p. Omonatdek ekan.
— Bo‘lmasa, men turdim, unga qarashib yubora qolay. Siz ko‘chirib bo‘lib chiqarsiz. — Sutchi sandalga suyanib turdi-da, kovshandozga tushib, oyog‘iga bir nima ila boshladi, so‘ng Hizr nusxi urgan chollar kabi ma-yin jilmayib qo‘yib, qo‘lining orqasini beliga tashlab, enkaygancha ostonaga qarab yuraverdi. Men esam titrab-qaqshab naychaxatni ochishga unnalardim. Ne umidla ochsam... qay ko‘z bilan ko‘rayki (mana, nechanchidir marta!) o‘sha o‘ngdan chapga boshlanadigan alif, lom, mimli xat. Zammayu kasrayu fatxalaridan, dumaloq sukunlaridan ko‘zim tinib ketdi. Bu belgilarni taniganim bilan men boyaqish koshki o‘sha belgilarni harakatlantirolsam, ochqichini topolsam.
Mana, nechanchidir marta ichim sidirilib, o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilib turibman. O‘sha narsa ichimdagi necha yillik armonlarni qo‘zg‘ab, uni alamgami, alam qorishiq yig‘igami aylantirib, tomog‘imni g‘ip bo‘g‘ganicha bo‘g‘zimga qadalib olgan edi. Na qaytib ketadi, na toshib, otilib chiqa oladi. Chiqsa, yengil tortarmidim. Tag‘in men ziyoliman! Oldi mirzo, maqtovli bitikchiman! Holim esa bu! Otalarimiz xatini o‘qiy olmasam! Nechanchidir marta tarjimon izlashga majbur bo‘lsam. Aytishga-da, uyalasan. O‘rnimdan turarimni ham, sutchiga aytarimni ham bilmasdim. Shunday narsa qo‘lga tushganda bunday o‘tirishim... alamli, ham ayanchli edi. O‘zimni nochordan nochor his etib ketdim. Va shu tob... bir nima qitirlab, derazaning bir tavaqasi ochila boshladiyu Sutchi ko‘rindi:
— Aytmoqchi, mirzom, tokchada qog‘oz bor, — degan joyda yuzimga ko‘zi tushib, holu ahvolimni bir ko‘rgandayoq fahmlab qayta boshladi. — Ie, ie, uzr-uzr, mirzom. Men qariyani ma’zur tutasiz. Xat eski yozuvimizda-ku. Mendan o‘tibdi. Faromushxotirlik qursin. Aytib tursam ham bo‘ladi-ku.
U meni bir chekkasi xijolatlarga qoldirib, bir chekkasi boshimni osmonga yetkazib kirib keldiyu boyagi joyiga cho‘kib buyira ketdi:
— Anavi tokchada qog‘oz ham, qalam ham bor. Olavering, tortinmang. Qo‘y bersang, arqoni bilan ber, deganlar. Savobi to‘liqroq bo‘ladi, — deb kuldi. O‘zi esa naycha qilib o‘ralgan qog‘ozni qo‘liga ola boshlagan edi. Uni qarang, shu muomalalardan keyin boyagi alam- armon, xijolatpazliklardan hech nima qolmagan, hammasi ko‘tarilib bitgan edi. Men dikka turib, aytilgan narsalarni olib keldim-da, boshladik.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:22:49

Mana shu Ilhom domla aytib turib, men hovliqibu yuraklarim hapriqib ko‘chirib olgan o‘girma. Asli u kishida qoldi. O‘zi esa, Hoziq to‘ramning qalamlariga mansubmish. Sutchi Maskov uchun o‘girib bera turib, o‘zi uchun shunigina atay, yomon ko‘zlardan yashirib, ming andishayu istihola ila ko‘chirib olgan ekan. Vaqti kelib, Sultonmurod akamga ilinibdi. Xudoning xohishini qarang. Go‘yoki, Hoziq to‘ram Maskov tergovchilari uchun emas, Sultonmurod akam uchun yozgandeklar. O‘qing-a, Siz ham...
«Ey bor Xudoyo, endi bu satrlarni yozg‘uvchi g‘arib qulingni kechirgaysan. Rahmon va rahim sifating-la mendan o‘tgan aybu gunohlarni o‘chirgaysan. Majburlik orqasida neki imonimga zid bir ish qilarga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, o‘zing shohidu xabardorsan, hammasini dinim uchun, uni kaftimda laxcha cho‘g‘dek tutib asramoq uchun qilib erdim. Sening roziligingni topdimmi-yo‘qmi, yolg‘iz o‘zingga ma’lum. Mendan so‘rab-ista-yotgan narsalarini chin-rost holida yozishga majburman. Ular Yerning temir o‘qlari bo‘lmish tog‘lar oralig‘idagi bu mamlakatda biz qanday inqilob qilganimizni, shariatga asoslangan va ham zamonaviy mo‘minlar davlatini qurganimizni, uning tarixini miridan sirigacha yozib bermakni qistamoqdalar.
Men uni daqiq-daqiqiga qadar, biron narsa qoldirmay, hatto bizni yanchib tashlash uchun tog‘ ortiga kelib tushgan o‘n ming chog‘li yog‘iy lashkarini qanday yengganimizgacha yozib berdim. Albatta, nusrat sen tomondan edi. Ammo ular buni qaydan ham bilsin- lar, qaydan tushunsinlar! Bo‘lmasa, bola-baqrasi, ayolu zaifalari bilan toqqa ko‘tarilgan xalq har biri bittadan gulxan yoqqan taqdirda ham agar bir ovozdan takbir aytib, sendan nusrat istamasa, jonidan kechib yog‘iy tomon talpinmasa, dushman qocharmidi! Mujohidlar qalbiga nusrat ishtiyoqini solib, dushman yuragiga g‘ulg‘ula yuborgan o‘zingsan-ku, Ollohim. Bu qudratni bular qaydan ham bilsinlar, onglab yetsinlar!
Shunday deyman-u, bu tarixni chinligicha yozib berib, gunohim ustiga gunoh sotib olmayotirmanmi degan-da o‘ylarga ham boraman. Bir tur shubhalarga tushib ketaman. Lekin na qilay: kuygan ko‘ksim shuni tilab1-da turgan bo‘lsa?!
Yana chin gaplardan kelar bo‘lsam, bu kuygan o‘tlug‘ ko‘ksumdagi armonlarimni to‘kar bo‘lsam, bu munglug‘ ko‘nglumdan qo‘zg‘olgan qayg‘ularim qaynar suvdek bo‘lib ikki ko‘zimdan oqqani turgan esalar-da, endi haq so‘zni aytar paytim keldi. Biz orzulardik. Mo‘minlarga saodat asridagidek bir jamiyat qursak, Olloh rizoligini topib yashasak, ibodatlar etsak deb. Birovga og‘irligimiz tushmasa derdik. Biz qo‘shnilarga tegmasak, ular ham bizga tegmasalar, urush-so‘qishlarga aralashmasak, zulmni, zabt etuvlarni esdan chiqarsak, unutsak derdik. Chiroyli amallar bilan, sadaqotlar qilib, savoblar topib o‘tsak, hammani sening qaytarganingdan qaytib, buyurganingni ado etib yashashga rozi qilolsak derdik.

Qayd etilgan